ABDULLA AVLONIY IJODI VA BOLALAR KITOBXONLIGI
Reja:
1. Avloniy – pedagog, jamoat arbobi, yozuvchi.
2. Xalq pedagogikasida (o‘sha davr) Abdulla Avloniyning o‘rni.
3. Avloniy tashkil qilgan maktab va gazeta haqida Avloniyning tarjimonlik
faoliyati.
4. Avloniyning pedagogika sohasida amalga oshirgan ishlari.
Tayanch so‘z va iboralar. O‘sha davr xalq pedagogikasida Avloniyning
o‘rni, “Birinchi muallim”, “Alifbo”, “Ikkinchi muallim”, “O‘qish kitobi”, “Maktab
she’ri”, “Turkiy Guliston yohud axloq”, “Maktab Gulistoni”.
Dars maqsadi: Abdulla Avloniyning hayoti va adabiy faoliyati, xalq
pedagogikasidagi o‘rni, tashkil qilgan maktab va gazeta haqida hamda tarjimonlik
faoliyati to‘g‘risida talabalarga ma’lumot berish.
Dars vositalari: Abdulla Avloniyning nashr etilgan asarlari, slaydlar, izohli
lug‘atlar.
Dars mеtodi: Dars mazmunini tushuntirish, matn bilan tanishtirish,
shoirning asarlari tahlili, suhbat, savol-javob.
Zaruriy adabiyotlar:
1. Karimov I. O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat. –T.”Ma’naviyat”, 1992.
2. Jumaboev M. Bolalar adabiyoti. –T.: “O‘qituvchi”, 1994.
3. Avloniy A. “Turkiy Guliston yohud axloq”. –www. Ziyouz.com
kutubxonasi.
Internet manbalari:
1. www.pedagog.uz
2. www.ZiyoNET.uz
3.www.edu.uz
Dars mazmuni:
O‘zbek madaniyatining ulkan vakillaridan biri, pedagog, jamoat arbobi va
yozuvchi Abdulla Avloniy 1878-yilda Toshkent shahrida to‘quvchi oilasida
dunyoga keladi.
Abdulla Avloniy boshlang‘ich diniy maktabda va madrassada o‘qidi, ilm-
fanga ixlos qo‘ydi. O‘zbek va boshqa Sharq xalqlari adabiyotini berilib o‘rgandi.
Abdulla Avloniy 14 yoshidan boshlaboq she’rlar yozishni mashq qila boshladi.
Uning bu davrda yozgan ilk she’rlari o‘sha davr vaqtli matbuot sahifalarida bosilib
turadi.
Abdulla Avloniy xalqni ilm-fan nurlaridan bahramand qilishni o‘zining
birdan-bir burchi deb biladi va 1904-yilda o‘zi yashab turgan joyda, Mirobodda
maktab ochadi.
Abdulla Avloniy maktab har tomonlama bolani o‘ziga tortishi uchun harakat
qildi. Uning qo‘lidan duradgorlik ishlari ham kelar edi. Shuning uchun u yozuv
taxtasi, parta yasab, barcha o‘quv jihozlarini o‘zgartiradi. Bu erda o‘qiydigan
bolalarning katta-ko‘pchiligini kambag‘allarning bolalari tashkil etganligi sababli
muallim boy-badavlat do‘stlarining ko‘magida “Jamiyati hayriya” tashkil etadi. Bu
bilan bolalarga kiyim-bosh, oziq-ovqat, daftar, qalam bepul bo‘lishini ta’minlaydi.
Avloniy ochgan maktabning shuhrati tobora ortib, o‘quvchilarning soni
ko‘payib boradi.
Abdulla Avloniy o‘zi tashkil qilgan maktabda bolalar diqqatini asosiy
fanlarga jalb etib, ularning tezda savodini chiqarishga va aniq fanlardan bahramand
bo‘lishga harakat qildi. U bolalarga jug‘rofiya, tarix, adabiyot, til, hisob, handasa,
hikmat (fizika) kabi fanlardan ma’lumotlar beradi.
1907-yilda “Shuhrat” deb nomlangan ro‘znoma tashkil etadi va uning
sahifalarida mehnatkash xalq manfaatlarini himoya qilishga doir fikrlarni targ‘ib
etadi. Jumladan, ro‘znomaning birinchi sonida: “Matbuot har insonga o‘z holini
ko‘rsatuvchi, ahvol olamdan xabar beruvchi, qorong‘u kunlarni yorituvchi, xalq
orasida fikr tarqatuvchi, ilm, ittifoq, himmat g‘oyalarini yoyuvchidir” deb yozgan
edi.
A.Avloniy “Adabiyot yohud milliy she’rlar” deb nomlangan to‘rt qismdan
iborat bo‘lgan darsligida maorif-madaniyatga chorlaydi, yaramas xulq-odatlarni
esa tanqid qiladi.
O‘sha davr xalq pedagogikasida Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” –
“Alifbe”, “Ikkinchi muallim” – “O‘qish” kitoblari katta rol o‘ynaydi.
Bu kitoblarda Avloniy o‘tmish adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini
davom ettirdi, ilm va ma’rifatning ahamiyatini yangichasiga talqin etdi. “Birinchi
muallim” – “Alifbe”, “Ikkinchi muallim” esa “O‘qish kitobi” rolini bajardi.
“Birinchi muallim”da Avloniy dastavval 32 harfning yolg‘iz yoziladigan
shakllarini bir sahifada alifbo tartibida bergan. Shu sahifada alifning so‘zning
boshida, o‘rtasida va oxirida yozilishini ko‘rsatgach, so‘ng alifni barcha “bosh
harflar”ga qo‘shib bo‘g‘inlar hosil qilgan.
“Ikkinchi muallim”da bolalarning axloq, odobiga doir, halollik va poklikka
oid turli she’rlar, hikoya, masal va ertaklar jamlangan, rang-barang allegorik
obrazlardan ustalik bilan foydalanilgan.
Kitob “Maktab” she’ri bilan boshlanadi. Unda kimki maktabga borsa, o‘qisa,
savodxon bo‘lsa, juda ko‘p narsalarga erishajagi chiroyli ta’riflanadi:
Maktab duru gavhar sochar,
Maktab sizga jannat ochar,
Maktab jaholatdan qochar,
G‘ayrat qilib o‘qing, o‘g‘lon!
Maktab sizni inson qilur,
Maktab hayo ehson qilur,
Maktab g‘ami vayron qilur,
G‘ayrat qilib o‘qing, o‘g‘lon!
Darslikda ibratomuz she’r, hikoya va ertaklar bir talay.
Abdulla Avloniy 1904-yildan umrining oxiriga qadar o‘qituvchi bo‘lib
ishladi. U o‘nlab she’rlar, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yohud ahloq” kabi
darsliklari bilan hozirga zamon o‘zbek bolalar adabiyotining poydevorini qo‘ygan
edi. Uzoq yillar qayta-qayta nashr etilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” Yusuf
Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosir Xusravning “Saodatnoma”, Sa’diyning
“Guliston” va “Bo‘ston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub ul-
qulub”, Donishning “Farzandlarga vasiyat” tipidagi o‘ziga xos tarbiyaviy asardir.
Unda Abdulla Avloniy o‘zining ijtimoiy va axloqiy qarashlarini yoritadi. Asarning
so‘z boshida muallif bu haqda shunday yozadi: “Men bu asarimni
maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug‘ adabiyot
muhiblari – axloq havaskorlarining e’tiborlariga taqdim qildim”.
Darslikdagi har bir bo‘lim ta’lim-tarbiyaning muhim bir masalasiga
bag‘ishlangan bo‘lib, ularning biri ikkinchisini to‘ldiradi, takomillashtiradi. Har bir
bo‘limda kichik hajmli, ibratli hikoyalar keltiriladi, she’riy parchalarda yoki
hikmatli so‘zlarda “qissadan hissa” chiqariladi. Yozuvchi bu asarda xalq og‘zaki
ijodidan keng foydalangan.
Abdulla Avloniyning “Bahor keldi”, “Bulbul”, “Bola ila gul”, “Yolg‘onchi
cho‘pon”, “Tulki ila qarg‘a” kabi juda ko‘p she’rlari maktabgacha tarbiya
yoshidagi bolalarga bag‘ishlangan.
“Maktab bolasi” she’ri boshlang‘ich sinf o‘quvchilari hayotidan olib
yozilgan. Asarda ishyoqmas, dangasa bolaning qalbida o‘qishga muhabbat
uyg‘onishi umumiy yo‘sinda bayon etiladi:
Yo‘lga soldi til ila yo‘ldoshin,
Maktabga moyil ayladi boshin.
Soldi o‘rtog‘ining so‘zina qulog‘,
Bosdi ul ham o‘quv yo‘lina oyog‘.
Ikkisi birga bo‘ldilar mullo,
Chiqdi xatu savod ham imlo.
Shu tariqa shoir qissadan hissa chiqarar ekan, “yaxshi bilan yursang yetasan
murodga” g‘oyasini ilgari suradi.
Abdulla Avloniy o‘zbek adabiyotida drama janrining rivojlanishiga ham
katta hissa qo‘shdi. Uning “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, “Biz va siz” peysalari
adabiyotimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Abdulla Avloniy 1934-yilda vafot etgan. U ma’rifatchi shoir, dramaturg,
jurnalist, rejissyor, tarjimon, aktyor, jamoatchi muallim sifatida xalqimiz qalbida
mangu saqlanib qoladi.
NAZORAT SAVOLLARI
1. A.Avloniy ilm to‘g‘risida qanday fikrlarni ilgari suradi?
2. A.Avloniy odob-axloq haqida qaysi asarlarida fikr yuritgan?
3. A.Avloniyning qanoat to‘g‘risida qanday fikrlarni ilgari suradi?
4. A.Avloniy sabr haqida nima degan?
5. A.Avloniyning vatan va vatanparvarlik haqidagi qanday she’rlarini
bilasiz?
6. “Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodir”,-deb A.Avloniy qaysi
asarida yozgan?
7. A.Avloniy “Turkiy guliston yohud Axloq” asarini har bir bobida
berilayotgan axloqiy tushunchalarni kimlarning fikrlari bilan dalillab boradi?
8. “Turkiy guliston yohud Axloq” asarida boblar qanday yakunlanadi?