Adabiyotshunoslik - fan
Reja:
1. Fan, san’at, adabiyot
2. Adabiyot – so’z san’ati
3. Adabiyot “Insonshunoslik”dir, ruhshunoslikdir
4. Adabiyot - tuyg’ular tarbiyachisi
Inson o’z hayoti davomida hayotni-tabiat, jamiyat, insonni bilishga intiladi,
ularning mohiyati, qonuniyatlari va xususiyatlarini tadqiq qiladi. Ayni paytda inson
dunyoni va o’zini bilish bilan cheklanmaydi, balki to’plagan bilimlariga suyanib u
jamiyatni, o’zining ruhiy-ma’naviy dunyosini boyitib, o’zgartirib boradi. Ong-
borliqning inson miyasidagi oliy in’ikos (aks etish) shakli ekan, u ijtimoiylik kasb
etadi. Inson ongi (ruhiy va aqliy qobiliyati) jamiyatdagi hayoti davomida tarkib
topadi, ijtimoiy muhit ta’sirida reallashadi, faollashadi, ijod qiladi.
Ijtimoiy ong shakllari (siyosat, huquq, ahloq, din, fan, san’at, falsafa,
riyoziyot, tibbiyot va h.)ning barchasi-hayotni o’rganadi, biroq har biri o’ziga xos
predmetiga asosan ob’ektiv borliqni in’ikos etadi, o’rganadi va o’rgatadi.
Jumladan, ilmiy ijod-insonning tabiat, jamiyat va o’z tafakkurida amal
qiladigan qonun va qonuniyatlarni kashf etish, bilish va o’rganish bilan
shug’ullansa, badiiy ijod-tabiat, jamiyat va insonning nafosat qonunlari va
tamoyillari asosida badiiy ifodalash sirlarini ochadi. Boshqacha aytsak, ilmiy
tafakkur barcha fanlarni, badiiy tafakkur san’at va uning shakllarini o’zida
birlashtiradi. Ikkalasi ham real borliq (hayot)ni, bizdan tashqaridagi olamni
o’rganadi. Biri-hayot (tabiat, jamiyat, inson tafakkuri)ning ob’ektiv qonunlarini
ochish, tushuntirish bilan shug’ullansa, ikkinchisi-hayot(tabiat, jamiyat, inson)ning
badiiy (obrazli) kashfini tahlil va tadqiq qiladi. Ilmiy tafakkur borliqni ilmiy
tushunchalar, g’oyalar, kategoriyalar, prinsiplar, muammolar, gipotezalar, hukmlar,
xulosalar, nazariyalar, qonunlarda ifodalasa, badiiy tafakkur borliqni obrazlarda aks
ettiradi. Ha, shuning uchun ham, “Agar fanlar va san’atlar bo’lmaganda, inson va
inson hayoti ham bo’lmasdi” (L.N.Tolstoy).
“Filosof sillogizmlar orqali fikr yuritsa, shoir-obrazlar va kartinalar
vositasida gapiradi va ularning ikkalasi ham ayni bir narsani aytadi. Siyosiy
iqtisodchi statistik raqamlar bilan qurollanib, o’z o’quvchi yoxud tinglovchilarining
zehniga ta’sir etib, jamiyatdagi falon sinfning ahvoli falon-falon sabablarga ko’ra
ko’p yaxshilangani yoxud ko’p yomonlashganini isbotlaydi. Shoir voqyelikning
jonli va yorqin tasviri bilan qurollanib, o’z o’quvchilarining fantaziyasiga ta’sir
etib jamiyatdagi falon sinfning ahvoli falon-falon sabablarga binoan haqiqatdan
ham ko’p yaxshilangani yoxud yomonlashganini haqiqiy kartinalarda ko’rsatadi.
Biri isbotlaydi, ikkinchisi ko’rsatadi-ikkalasi ham ishontiradi, bunga faqat
ularnnng biri mantiqli asoslash, boshqasi kartinalarda namoyon etish bilan
erishadi” (V.Belinskiy; Ta’kidlar bizniki-H.U).
Yuqoridagi “Humoyunnoma” (Gulbadan begim) asaridan keltirilgan
parchaga e’tibor qilsangiz, unda mantiqiy fikrlash, mushohada, xabar ustunlik
qiladi; hamma so’zlar aniqlik, ob’ektivlik, “quruq qayd” etishga bo’ysindiriladi va
haqiqatan bo’lgan voqea haqida tushuncha beradi.
“Yulduzli tunlar” romanidan keltirilgan lavha esa Bobur, Mohim begim,
Shayxulislom (Ko’hinur olmosi ham) jonli gavdalanadi, ularning o’zaro
muloqotlaridan har birining qalbidagi tuyg’u va hislarni (jumladan, Mohim begim
“yum-yum yig’laydi”, “Boburga qo’rquv aralash hayrat bilan tikiladi”. “Bobur
suyukli o’g’lini hadeb o’tga-suvga solib, shu kasallikka o’zi ham sababchi
bo’lganday o’rtanadi”, Humoyunga “Sening shu og’ir dardingni xudo sendan olib
menga bersin!”-deya iltijo qiladi. Munkaygan Shayxulislom qiymati ulkan oltin
xazinalariga barobar keladigan Ko’hinur olmosini sandig’iga tushirishga yo’l
topganday-Humoyun betobligidan foydalanishga intiladi, “ota-bolaga baqrayib
qaraydi”, sarosimaga tushadi...) to’laligicha aniq nuqtalari bilan ko’ramiz, jonli his
etamiz. Shunday bo’lishi mumkin bo’lgan voqea bilan tanishamiz. Xotirada voqea
aniq va “quruq” bayon etiladi, lavhada esa tasvirlanadi. Birida mantiqiy
mushohada, ikkinchisida ko’rsatish ustunlik qiladi.
San’at (arxitektura, haykaltaroshlik, rassomlik, musiqa, teatr, xoreografiya,
kino va sh.k.) fanlar (ilmiy tafakkur)ning yutuqlariga suyangan holda hayotni
obrazlar vositasida ifoda etadi. Obrazlilik-san’atning hamma ko’rinishlarini
birlashtiradigan, umumiyligini, o’xshashligini ta’minlaydigan universal vositadir.
“Obrazli formadan tashqarida san’at yo’q” (Oybek).
Lekin ravshanlik, ta’sirdorlik, nozikliik, go’zallik kabi obrazlilikning
atributlari (ajralmas belgilari, xususiyatlari) san’atning har bir shaklida o’ziga xos
bo’ladi:
“Skulptura... inson tanasi shakllarining go’zalligini ifodalaydi, inson
yuzidagi fikrning bir paytini, tanadagi (attitude) bir vaziyatnigina tutib oladi. Shu
bilan birga skulpturaning ijodiy faoliyati insonning butun siymosini qamray
olmaydi, balki inson tanasining tashqi shakllari bilangina chegaralanadi, erkak
kishilarda faqat mardlik, ulug’vorlik va kuchni, xotinlarda go’zallik va noziklikni
ifoda qiladi. Rassomlik san’ati butun insonni, hatto uning ichki ruhiy dunyosini
ham o’z ichiga oladi; ammo rassomlik ham hodisaning faqat bir paytini qamrash
bilan chegaralanadi. Muzika esa, eng ko’p, ruhning ichki dunyosini ifoda
etuvchidir; lekin muzika ifoda qilgan g’oyalar tovushlar (sadolar)dan ayrilmaydi,
tovushlar ruhga ko’p narsa bersa ham, aqlga hyech nimani ochiq va aniq qilib
aytmaydi. Poeziya erkin inson so’zida ifodalanadi, so’z esa-ham tovush, ham
kartina, ham aniq va ravshan aytilgan tasavvurdir...”1
Tinib-tinchimas rus tanqidchisi V.G.Belinskiy tomonidan “Poeziyaning xil
va turlarga bo’linishi” maqolasida aytilgan bu nozik kuzatish va xulosalar
san’atning har bir ko’rinishi “o’z tili”ga, “o’z uslubi”ga-“o’zligi”ga ega ekanligini
ravshan isbotlaydi.
San’atning ba’zi ko’rinishi (masalan, V.Belinskiy aytgan skulptura)
muayyan cheklangan jihatlari bo’lishidan qat’i – nazar, dilni quvontiradigan, his –
hayajonlarni yondiradigan jonliligi va go’zalligi bilan, latofati va nafisligi bilan
beadad quvonch baxsh etadi:
“Haykaltarosh Skopas marmardan Vakx qizini yaratdi: qiz jonli ko’rinadi,
tosh o’sha toshligicha qolgani holda, go’yo jonsiz tabiat qonunlarini buzganday
edi... O’z tabiatiga ko’ra qattiq bo’lgan tosh ayol nafisligiga taqlid qilib, go’yo o’zi
1 В.Г.Белинский. Танланган асарлар, Т., Ўзбекистон ССР давлат нашриёти, 1955, 132-
133-бетлар.
ham nafis bo’lib qolganday, ayollik tabiatiga ko’ra keskin, nozik harakatlar
qilayotgan ayol qiyofasiga kirgan edi. Tabiatan harakatdan mahrum bo’lgan tosh
san’atkor qo’lining sehri, qudrati bilan Vakx qizlari raqsida charx urib
aylanayotganday edi. Garchi ehtiros toshga xos bo’lmasa ham, Vakx qizining
yuzida es – hushidan ayrilgan ayol shavqi ravshan sezilardi... Uning sochlarini
shabada yulqilar, toshning o’zi ham nozik va mayin, durkin soch tolalariga
aylangan edi. Bu holni tushunishga, tasavvur etishga aql bovar qilmas edi, tosh
bo’la turib, bu marmar obrazda ayolning bor mayinligi, nafisligi ko’rinar edi”2
Bu tasvirning o’ziyoq, garchi marmardan yasalgan Vakx qizini ko’rmasangiz
ham, Sizda Skopasning mohirligi, tosh ayoldagi uyg’unlik va jonlilik ajib tuyg’ular
ato qiladi, ayolning go’zalligi ko’ngilni olijanoblikka o’raydi, o’ziga maftun etadi.
Adabiyot “boshqa san’atlarning barcha unsurlarini o’z ichiga oladi, bo’lak
san’atlarning har biriga ayrim ravishda berilgan hamma vositalardan birvarakay va
to’la suratda foydalanadi” (V.Belinskiy). Shu sababdan ham adabiyotning
maydonidan chiqib ketadigan bironta hodisa, voqea, ruhiy holat, xatti – harakat,
kechinma bo’lmaydi va ularning hammasi so’z vositasida ta’riflanadi, ochiladi,
jonlantiriladi. Alloh so’z qudrati bilan borliqni yaratganki, uning qudratidan boshqa
buyukroq mo’jiza yo’q. Hadisi sharifda “So’zda sehr bor...” deb ta’kidlansa,
xalqimiz “So’z qilichdan o’tkir”, “So’z – kishining o’zagi, Odob uning bezagi”,
deydi. Bobomiz Alisher Navoiy “Chin so’z – mo’tabar, yaxshi so’z qisqa -
muxtasar” desalar, Mashrab Boboyev “So’z aytgani kelar dunyoga inson”, deydi.
Rus shoiri Aleksandr Tvardovskiy “So’z – bu mening oshi halolim, so’z – men
uchun muqaddas”,- deb kuylaydi. Ha, so’z – aqlimizning toji, yuragimizning
otashi, insoniyligimizning belgisidir. Ana endi bu so’z badiiylashganda, adib
Oybek aytganidek, har bir so’z, uzukka qo’yilgan qimmatli tosh kabi porlaydi, har
bir misrada katta mazmun barq urib turadi. So’z chertib olinadi, ohangi, ifoda
kuchi, bo’yog’i va boshqa xislatlari bilan hissiy qudratga ham ega bo’ladi (Oybek.
Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985, 32-33-betlar).
Shu asosga ko’ra, adabiyotning “tili”, birdan – bir quroli – so’zdir, so’z
san’atidir. Uning tasvir imkoniyatlari nihoyasizdir. Adabiyot so’z san’ati ila
hayotni o’rganadi va tasvirlaydi (uning mag’zini chaqadi), hayotni tadqiqi
22 Қаранг: Н.Шукуров ва бошқалар. Адабиётшуносликка кириш, Т., “Ўқитувчи”, 1979,
48-бет.