“Adabiyotshunoslikka kirish” fanining ob’ekti va predmeti
Reja:
1. Fanning maqsadi va vazifalari
2. Adabiyotshunoslikning obyekti va predmeti
3. Badiiy adabiyot va uning san’atning bir turi ekanligi
Tayanch tushunchalar: Adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot, san’atning
turlari, adabiyotshunoslik nazariyasi
1. Fanning maqsadi va vazifalari. Adabiyotshunoslik nazariyasi – adabiyot
ilmiga oid eng umumiy qoidalar, adabiy jarayonning nazariy masalalari, badiiy ijod
falsafasi va psixologiyasi va boshqa nazariy muammolarni oʻrganuvchi fandir.
Adabiyotshunoslik nima, degan savolga hozirga qadar qisqa tarzda “badiiy
adabiyot haqidagi fan” deb javob berib kelingan. Bu, ixcham va ta’rif bo‘lishi bilan
birga yetarli emas. Chunki bugungi kunda adabiyotshunoslik ilmining ko‘lami shu
qadar kengayganki, uning tarkibida biz an’anaviy tartibda sanaydigan “asosiy” va
“yordamchi” fanlar doirasida cheklash mumkin emas.
Adabiyotshunoslik – badiiy adabiyotning vujudga kelishi, tarixiy taraqqiyoti,
mohiyati va aloqalarini ko‘p tarmoqlar orqali har tomonlama o‘rganuvchi qadimgi
filologik fanlardan biridir. Adabiyotshunoslik o‘ziga xos fan sifatida amaliyotda
o‘z obyekti – so‘z san’atidan uzoqlashmagan holda uning qonuniyatlari asosida
badiiy matnni tadqiq qiladi. Adabiyotshunoslik ko‘lami keng bo‘lib, badiiy
tafakkur spetsifikasi haqidagi bilimlar, adabiy ijod genezisi, tarkibi va vazifalari;
adabiy jarayonning umumiy qoidalari va boshqalarni ham o‘rganadi. Tor ma’noda
esa badiiy adabiyot va ijodiy jarayonning tamoyillarini o‘rganuvchi fandir.
Adabiyotshunoslik nazariyasi fanining maqsadi ushbu fanga oid istiloh
(atama) qamrovi va ma’nosini bilish ularni adabiy tahlil jarayonida qo‘llay olish va
mohiyatini anglab yetish, umuman olganda, adabiyotshunoslik fanining barcha
jabhalari uchun boshlang‘ich ma’lumotlarga ega bo‘lishlikdan iborat. Fanning
asosiy maqsadidan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilanadi:
1. Adabiyotshunoslikda faol iste’molda bo‘lgan tushuncha va atamalar
mohiyatini anglash;
2. Badiiy asar tahliliga kirishish va unda zarur adabiy tur va janrlar haqida
ma’lumotga ega bo‘lish;
3. Badiiy adabiyotni san’atning bir turi sifatida tushunish, qabul qilish;
4. Adabiy jarayon masalalarini yozuvchi va kitobxon munosabatidan kelib
chiqib anglash;
5. Ilmiy tizimda ishtirok etayotgan har bir fanning mohiyati va ilmiy tizimdagi
o‘rnini belgilashdan iborat.
Adabiyotshunoslikning obyekti sifatida badiiy asar, kengroq ma’noda esa
badiiy adabiyot tushuniladi. Badiiy adabiyot haqidagi har qanday ilmiy qarashlar
ma’lum ma’noda adabiyotshunoslikni ilmiy tizim sifatida o‘rganishga yordam
beradi. Bu o‘rinda adabiyot “odobi kulliyot”, “adabiyotshunoslik badiiy adabiyot
haqidagi fan” degan qarashlar istiloh qilinib, ular ilmiy jihatdan to‘ldiriladi.
Fanning predmeti uchun esa adabiy nazariy qarashlar asos qilib olinadi.
Adabiyotshunoslik yoki biz o‘rganayotgan fanning obyekti, badiiy adabiyot
san’atning bir turi sifatida ma’lumot berish, xabar tarqatish, fikr aytish bilan birga
o‘quvchilarga hissiy tarbiya berish, ularning tuyg‘ular olamini boyitish, ruhiy
tushunchalarini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Lev Tolstoy: “Agar kishilar til
orqali o‘zaro fikr almashsalar, san’at esa tuyg’ulararo muloqotdan iboratdir”.
San’atning asosiy turlari: raqs, musiqa, rang-tasvir, haykaltaroshlik, me’morchilik
va badiiy adabiyotdan iborat. Mana bu ilk san’at turlari asosida keyinchalik,
san’atning boshqa hosila turlari vujudga kelgan va asrlar davomida ular taraqqiy
etib kelgan.
Adabiyotshunoslik professional istilohga ko‘ra, XIX asr boshlarida vujudga
kelgan bo‘lsa ham, uning ildizi ilk mifik tafakkur namunalariga borib taqaladi.
Mifologik talqin yaratilishining o‘zi adabiyotshunoslikning qadimdan mavjudligini
isbotlaydi. Adabiyotshunoslik. dastlabki bosqichda (Gomer asarlariga bo‘lgan
munosabatda va Gomergacha bo‘lgan davrda) baholovchi xarakterda yashagan
bo‘lsa, ellinizm davrida filologiyaning bir qismi sifatida, falsafiy taraqqiyot
davomida (Aflotundan Gegelga qadar) falsafaning tarkibida qaralib kelindi.
Nihoyat, Gerder ta’limoti orqali adabiyotshunoslik. tarixiy tizimga ega bo‘lgan
mustaqil fan sifatida nomlanib (poetika, ritorika, estetika deb emas), o‘z nomi bilan
ataladigan bo‘ldi.
Adabiyotshunoslik fan sifatida ilmiy faoliyat sohiblari b-n ijodkorlar olamini
o‘zaro bog‘lab, ijodiy yutuqlardan ilm taraqqiyoti uchun foydalanar ekan, u ish
ko‘rayotgan tushuncha va istilohlarda har xillik kuzatilishi mumkin.
Adabiyotshunoslikdagi terminologik chalkashliklarning oldini olish, tushuncha va
istiloh-larni identifikatsiya qilish, adabiy tahlil va jarayondagi eng zarur va ijtimoiy
ahamiyatli hodisalarga tayanib ish ko‘rish bugungi adabiyot ilmining vazifalaridan.
Adabiyotshunoslikni bugungi kunda mafkuraviy tazyiq, sotsrealizm kabi
metodologik siquv va yuqoridan boshqarilish jihatlaridan xoli bo‘lgan, estetika,
lingvistika, falsafa, tarix, ruhshunoslikdan tashqari kibernetika, semiotika,
sinergetika v.b. fanlar bilan erkin aloqaga kirishadi. Lekin mifopoetikani ustuvor
qo‘yish, postmodernizm sharoitida “adabiy o‘yin nazariyasi”ga aylanish,
postfreydizmdagi “panseksualizm”, ommaviy adabiyot kabi salbiy holatlarni
adabiyotshunoslik nazariy jihatdan oqlashni o‘z zimmasiga olmagan.
Adabiyotshunoslik lugʻatida shunday tanishtirilgan: “Adabiyotshunoslik –
badiiy adabiyotning kelib chiqishi, mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy
aloqalarini o‘rganuvchi fan. Adabiyotshunoslikning ob’ekti bo‘lmish badiiy
adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko‘lami – predmeti juda keng. Ularning bir
qismi umumestetik (ya’ni badiiy san’at sohalarining barchasiga taalluqli, mas.:
badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va
badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni
xususiyatlari va b.) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof
Adabiyotshunoslik muammolari sanaladi… Zamonaviy adabiyotshunoslik fani
uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy
tanqid. Mazkur sohalarning har biri badiiy adabiyot bilan bog‘liq muayyan
masalalar majmuini o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan
holda o‘rganadi. Ayni chog‘da, bu sohalar o‘zaro mustahkam aloqada bo‘lib, bir-
birini to‘ldiradi, bir-biriga manba yaratadi, asos bo‘lib xizmat qiladi va shu tarzda
yagona bir tizimga birikadi. Bulardan tashqari, Adabiyotshunoslikning
matnshunoslik, manbashunoslik, bibliografiya singari yordamchi sohalari ham
mavjud”1.
Adabiyotshunoslik asoslari – badiiy adabiyotni o‘rganish, tahlil va talqin
etishda dastlabki ma’lumotlar, istilohlar mohiyati, nazariy qonuniyatlarni amalda
tahlil jarayoniga tatbiq qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi soha. Badiiy
adabiyot tez o‘zgaruvchan san’at turi ekani hisobga olingan holda, o‘zgarayotgan
jarayondagi adabiy hodisalarni o‘rganish uchun ham yo‘llanma beriladi.
1 Quronov D. va b. Adabiyotshunoslik lugʻati. T.: Akademnashr, 2010.