DAVLAT BOSHQARUVINING MA'MURIY-HUQUQIY SHAKLLARI
1. Ma'muriy huquqiy shakllar tushunchasi. Nohuquqiy shakllar.
2. Ma'muriy shartnomalar.
Ma'muriy huquqiy shakllar tushunchasi. Nohuquqiy shakllar.
Har qanday faoliyat singari davlat boshqaruvi faoliyati ham ma'lum bir
shakllarda ifodalanadi. Davlat boshqaruvi shunday jarayonki, unda ko'pgina
shaxslar, tashkilot va organlar ishtirok etadi. Bu jarayonda ijro hokimiyati
organlarining (boshqaruv faoliyati asosiy sub'ektining) vazifalari, funktsiyalari va
vakolatlari amalga oshirilganligi sababli, birinchi navbatda, mazkur hokimiyat
sub'ektlari faoliyati shakllarining muammosi vujudga keladi. Ushbu faoliyatning
shakllarini aniqlash orqali davlat-boshqaruv faoliyatining mazmunini chuqurroq
anglash mumkin.
Ma'muriy-huquqiy shakl - amaldagi huquq normalari asosida qabul qilingan
boshqaruv akti yoki yuridik ahamiyatga ega bo'lgan harakatdir.
Yodda tuting!
Boshqaruv shakli davlat organi, uning tarkibiy bo'linmalari va mansabdor
shaxslar faoliyatining ma'lum bir qismi hisoblanadi. Boshqaruvning shakli aniq
sub'ektlar tomonidan amalga oshiriladigan ma'lum bir harakatlarda ifodalanib,
boshqaruv faoliyatining, boshqaruv ta'sirining mazmunini yoritib beradi. Boshqaruv
shakllari huquqiy mazmunga ega, ya'ni normativ huquqiy AKT orqali o'rnatiladi.
Ba'zi hollarda boshqaruv shakllari normativ o'rnatilmagan bo'lishi ham mumkin va
bularni boshqaruvning huquqiy shakllari jumlasiga kiritish mumkin emas.
Boshqaruvning maqsadiga erishish uchun boshqaruv shakllari boshqaruv
funktsiyalarini amalga oshirish vositasi sifatida namoyon bo'ladi.
Davlat boshqaruvi faoliyatining tashqi ko'rinishlari turli xil bo'lganligi sababli
uni har xil asoslarga ko'ra tasniflash mumkin.
Boshqaruv faoliyatining (boshqaruv harakatlarining) asosiy ikki shaklini
ko'rsatib o'tish mumkin:
1) boshqaruv faoliyatining (boshqaruv harakatlarining) huquqiy shakllari, ya'ni
ma'lum bir yuridik mazmunga ega bo'lgan va yuridik oqibatlarni keltirib
chiqaradigan shakllar. Mazkur shakllar boshqaruv organlari faoliyatining asosiy
shakllari bo'lib, davlat vazifa va funktsiyalarini maqsadga muvofiq va samarali
amalga oshirilishini ta'minlaydi. Huquqiy shakllar o'z navbatida bir necha turlarga
bo'linadi:
Ø huquqiy (normativ va individual) aktlarni qabul qilish;
Ø ma'muriy huquqiy shartnomalarni tuzish;
Ø yuridik ahamiyatli boshqa harakatlarni amalga oshirish;
2) boshqaruv faoliyatining (boshqaruv harakatlarining) nohuquqiy shakllari,
ya'ni boshqaruvning huquqiy shakllariga asoslanuvchi va ularning amalga
oshirilishiga xizmat qiluvchi shakllar bo'lib, tashkiliy va moddiy-texnik tadbirlar
orqali namoyon bo'ladi.
Boshqaruv faoliyatida ijro hokimiyati organlari yoki mansabdor shaxslar
tomonidan amalga oshiriladigan barcha harakatlarni ham huquqiy aktlarni qabul
qilish yoki ma'muriy-huquqiy shartnomalarni tuzishga (ya'ni huquqiy shakllarga)
kiritish mumkin emas. Boshqaruv faoliyatida amalga oshiriladigan ko'pdan-ko'p
harakatlar (nohuquqiy shakllar) mavjudki, ular huquqiy shakllarning amalga
oshirilishida xizmat qiladi.
Boshqaruv faoliyatining nohuquqiy shakllari ijro hokimiyati organlarining
davlat-hokimiyat vakolatlarini amalga oshirish bilan bog'liq emas. Bunday
shakllarni qo'llash yuridik oqibatlarni keltirib chiqarmaydi, ma'muriy-huquqiy
munosabatlarni vujudga keltirmaydi yoki ularni o'zgartirmaydi. Shu sababli ham bu
shakllar "nohuquqiy" deb ataladi. Nohuquqiy shakl huquqqa (qonunga) xilof shakl
degani emas, balki biron-bir huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydigan shakllardir.
Boshqaruv faoliyati (harakatlari)ning nohuquqiy shakllari misollar bilan:
1) tashkiliy harakatlar yoki tadbirlarni amalga oshirish (masalan, majlislar
o'tkazish, ilg'or va namunali tajribani, boshqaruvning salbiy holatlari to'g'risidagi
ma'lumotlarni tarqatish); uslubiy ko'rsatmalarni tayyorlash; joylarda ijrochilarga
ko'maklashish va boshqalardan iborat.
Tashkiliy harakatlar yoki tadbirlar boshqaruv faoliyati jarayonida qo'llanilib,
huquqiy munosabatlarni vujudga keltirmaydi, o'zgartirmaydi yoki bekor qilmaydi.
Ular boshqaruv funktsiyalarini amalga oshirmaydi.
2) moddiy-texnik harakatlar, ya'ni masalan, davlat-xizmat faoliyati
samaradorligini ta'minlashga qaratilgan va ish yuritish, ro'yxatga olish,
rasmiylashtirish, hujjatlar, ma'lumotlar, materiallarni ko'paytirish va yuborish,
axborotlar bilan ishlash, analitik hisobni yuritish, moddiy-texnik ta'minlash bilan
bog'liq bo'lgan boshqaruv faoliyatining shakllari.
Boshqaruv faoliyatining bu shaklini amalga oshirish nafaqat xodimlarning
yuqori tayyorgarlikka ega bo'lishiga, balki davlat boshqaruvi organlarining ma'lum
bir texnika bilan jihozlanganligiga ham bog'liqdir.
Ma'muriy huquq nazariyasida boshqaruv huquqiy akti instituti alohida
ahamiyatga ega bo'lib, uning doirasida davlat boshqaruvining eng muhim
funktsiyalari amalga oshiriladi. Tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslarning
qarorlari va harakatlari qoida bo'yicha normativ yoki normativ bo'lmagan huquqiy
aktlar ko'rinishida rasmiylashtiriladi.
Boshqaruvning huquqiy aktlari ommaviy boshqaruv oldida turgan maqsad va
vazifalarga erishish uchun boshqaruv harakatlarini amalga oshirishning muhim
huquqiy shakli sifatida namoyon bo'ladi.
Yodda tuting!
Huquqiy aktlar boshqaruv qarorlarining yuridik ko'rinishi hisoblanadi. Ijro
hokimiyati organi (mansabdor shaxs) vakolat doirasida huquqiy AKT qabul qilish
orqali umumiy (normativ) yoki individual (yakka, ma'muriy) ahamiyatdagi
masalalarni hal etadi.
Boshqaruv akti bu boshqaruv qarorlarining huquqiy ko'rinishi bo'lib, ma'muriy
huquqning tegishli sub'ekti (ijro hokimiyati organi, korxona va muassasa
ma'muriyati, mansabdor shaxs) tomonidan bir tomonlama tartibda erkni ifodalash
aktidir; qonunchilikda ko'rsatilgan shaklga ega bo'lgan va ijro hokimiyati sohasida
vazifa va funktsiyalarning amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida ma'muriy-
huquqiy normalarni o'rnatish hamda ma'muriy-huquqiy munosabatlarni vujudga
keltirish, o'zgartirish va bekor qilishga qaratilgan aktdir.
Ma'muriy-huquqiy shartnoma
Ma'muriy-huquqiy shartnoma – bu ommaviy boshqaruv organining o'ziga
berilgan qonuniy vakolatlari doirasida ularni samarali amalga oshirish, jamiyatning
qonuniy huquq va manfaatlarini ruyobga chiqarish maqsadida turli mulkchilik
shakllaridagi yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnomasi bo'lib,
ularga o'z funktsiyalari va vakolatlariga oid ayrim boshqaruv bilan bog'liq bo'lgan
ustunliklarning ta'minlashi tushuniladi.
Ommaviy boshqaruv organlari faoliyatida boshqaruvning ma'muriy-huquqiy
shartnoma shakli O'zbekiston huquq tizimi uchun nisbatan yangi shakl bo'lib,
bugungi kunda amaliyotda kam uchraydigan va etarli darajada ilmiy tadqiq
etilmagan qismidir. Ammo, ta'kidlash kerakki, shunday bo'lsa da O'zbekiston
Respublikasi
ijro
hokimiyati
organlari
tizimida
ham
ma'muriy-huquqiy
shartnomalardan foydalangan holdagi boshqaruv shakli mavjudligini, faqat ular
etarli darajada ilmiy tadqiq etilmaganligini kuzatish mumkin. Ma'muriy-huquqiy
shartnomalar nazariy jihatdan sub'ektlariga ko'ra ikkita guruhga bo'linadi.
Bular:
• yuridik shaxslar bilan tuziladigan ma'muriy-huquqiy shartnomalar;
• jismoniy shaxslar bilan tuziladigan ma'muriy-huquqiy shartnomalar.
Muddatiga ko'ra:
- ma'lum muddatga tuziladigan ma'muriy-huquqiy shartnomalar;
- noma'lum muddatga tuziladigan ma'muriy-huquqiy shartnomalar.