AMALIY GEOGRAFIK TADQIQOTLAR
Reja:
1. Agrogeografik tadqiqotlar va yer kadastri
2. Muhandis-geografik tadqiqotlar
3. Tibbiy-geografik tadqiqotlar
Geografiya serqirra fan bo’lib, uni o’rganish jarayonida juda ko’plab sohalar,
kasblar, mutaxassisliklar bilan tanishish imkoni bo’ladi. Amaliy geografiya fani
ko’plab tadqiqot usullarini o’z ichiga oladi va ishlab chiqarish faoliyatining ko’plab
sohalarida amaliy geografiya ishtirok etadi. Amaliy geografiyaning asosiy tadqiqot
yo’nalishlari: agrogeografik, muhandis-geografik, tibbiy-geografik, yo’nalishlardan
iborat, quyida ular haqida bilib olasiz.
Agrogeografik ( “agro” – yunoncha so’z bo’lib, dala ma’nosini bildiradi)
tadqiqotlar natijasida yer resurslari qishloq xo’jalik maqsadlari nuqtayi nazaridan
baholanadi. Agrogeografik tadqiqotlar davomida olingan ma’lumotlar asosida har
bir hudud uchun yerdan foydalanishning aniq chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.
Qishloq xo’jalik yerlariga ekin ekiladigan yerlar, bo’z yerlar, ko’p yillik
daraxtzorlar, pichanzor va yaylovlar kiradi. Qishloq xo’jalik ekinlarini
joylashtirishda relyef va uni tashkil qilgan yotqiziqlar muhim ahamiyatga ega.
Joyning relyefi hududning tuproq, grunt suvlari va yer usti suvlari me’yorini,
o’simlik qoplami va iqlim xususiyatlarini belgilaydi. Madaniy ekinlar ham joy
relyefiga mos ravishda tabaqalashtiriladi. Masalan, daryolarning (Sirdaryo,
Amudaryo, Qoradaryo, Norin, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon va h.k.) yuqori
terrasalari sug’oriladigan yerlardan iborat bo’lib, ularda paxta, g’alla, yem-xashak
ekinlari yetishtiriladi. Daryolarning quyi terrasalarida (I – II) sholi va boshqa suvni
ko’p talab qiladigan ekinlar yetishtiriladi. Adirlarda, o’rtacha balandlikdagi
tog’larning yonbag’irlarida lalmi ekinlar, cho’llrda va tog’ yonbag’irlarida yaylov
va pichanzorlar joylashgan.
Shunga ko’ra, O’zbekistondagi yerlar terrasali, deltali, yoyilmali, adirli, tog’
yonbag’irli yerlarga ajratilishi mumkin.
Ma’lum bir davlat, viloyat, tuman yoki hududda yer resurslari bo’yicha
muntazam ravishda o’tkaziladigan kuzatishlar natijasida yig’ilgan ma’lumotlarning
jamlanmasi kadastr deyiladi. Kadastr yer, suv, qazilma boylik, yaylov, o’rmon va
boshqalar bo’yicha ham tuzilishi mumkin.
Davlat ter kadastri quyidagi ma’lumotlarni o’z ichiga oladi: yerning kimga
qarashli ekanligi; uning miqdor va sifat xususiyatlari; tuproq bonitirovkasi; yerning
iqtisodiy baholanish natijalari.
Yer kadastri mamlakat bo’yicha yagona tizimga ega bo’lib, unda yerning aniq
maydoni va sifati, xo’jalik va huquqiy holati to’g’risida to’liq ma’lumot bo’ladi.
Yer kadastri asosini tuproq bonitirovka tashkil qiladi. Yer resurslarini sifat jihatdan
qiyosiy baholash tuproq bonitirovkasi deb ataladi. Tuproq bonitirovkasi tuproq
hosildorligiga qarab belgilanadi va odatda 100 balli shkala asosida amalga
oshiriladi.
O’zbekiston bonitirovkasi asosini paxta hosili tashkil qiladi. Paxtadan
gektariga 40 sentner hosil beradigan yerlar 100 balli bonitetga teng deb olinadi.
O’zbekistonda eroziyaga uchramagan tipik va bo’z tuproqlar yuqori bonitetga (80 –
100 ball), deltalardagi sho’rlangan, sug’oriladigan o’tloq tuproqlar o’rtacha
bonitetga (40 – 60 ball), kuchli sho’rlangan, toshloq, taqirli va gilli tuproqlar past
bonitetga (10 – 39 ball) ega.
Sho’rlanish, shamol va suv eroziyasi tuproq unumdorligining pasayib
ketishiga kuchli ta’sir etadi. Yer osti suvlari sathi ko’tarilib ketgan joylarda
tuproqlarning sho’rlanishi kuzatiladi. Sho’rlanishning oldini olish uchun quritish
melioratsiyasi amalga oshiriladi (“melioratsiya” so’zi – lotin tilidan olingan bo’lib,
“yaxshilash” degan ma’noni bildiradi), buning uchun zovurlar qaziladi. Masalan,
Mirzacho’l, Qarshi cho’llarida yerlarning zaxini qochirish uchun zovurlar 2,5 – 3,5
m chuqurlikda qaziladi. Bu esa ikki zovur oralig’ida yer osti suvlarining chuqurligi
2 – 3 m bo’lishini ta’minlaydi. Yer osti suvlari sathi qanchalik chuqur bo’lsa,
bug’lanish shuncha kam bo’ladi va tuproqlar sho’rlanmaydi.
Yer osti suvlarining sathi yer yuzasiga juda yaqin joylashgan hududkarda
tuproqlarning sho’rlanishi juda kuchli bo’ladi. Uning oldini olish uchun har yili
qishda tuproqlarning sho’ri yuvilib turadi (Xorazm, Qoraqalpog’iston, Buxoro,
Sherobod, Mirzacho’l, Qarshi vohalari).
Shamol kuchli esadigan hududlarda (Markaziy Farg’ona, Mirzacho’l,
Dalvarzin, Qarshi, Sherobod cho’llarida) tuproqning ustki qismi eroziyaga
uchraydi, oqibatda tuproqning unumdor chirindili qatlami uchib ketadi.
Shamol eroziyasining oldini olish uchun, shamolning yo’nalishiga ko’ndalang
tarzda ihota daraxtzorlari tashkil qilinadi.Ihota daraxtzorlari shamolning kuchini
kamaytiradi va tuproqdagi namni uzoqroq ushlab turishga imkon beradi.
Sug’orish jarayonida nishab yerlar suv eroziyasiga uchraydi. Bunday eroziya
sug’orish (irrigatsiya) eroziyasi deb ataladi. Sug’orish eroziyasining oldini olish
uchun nishab yerlarni haydash va sug’orishni ko’ndalangiga amalgam oshirish
lozim.Bunday suv nishab joylarda tuproqni o’yib ketmaydi va bir tekis oqadi.
2. Muhandis-geografik tadqiqotlar
Muhandislik geografiyasi inson bilan tabiat o’rtasidagi o’zaro ta’sir
natijasida vujudga kelishi mumkin bo’lgan oqibatlarni baholash va bashorat qilish
hamda ularning oldini olish muammolari bilan shug’ullanadi.
Muhandis-geografik tadqiqotlar qurilish loyihalarini amalga oshirishda asos
bo’lib xixmat qiladi. Muhandis-geografik tadqiqotlar asosan sanoat korxonalarini
joylashtirishda, gidrotexnik inshootlarni (kanallar, to’g’onlar, suv omborlari va
h.k.), yo’llarni loyihalashda, foydali qazilma konlarini qidirishda olib boriladi.
Sanoat korxonalarini joylashtirishda muhandis-geografik tadqiqotlar ikki
bosqichda o’tkaziladi. Birinchi bosqichda korxona qanday xomashyo asosida
mahsulot ishlab chiqarishi va atrof-muhitga qanday chiqindilar tashlashi
aniqlanadi. Ikkinchi bosqichda korxona uchun joy tanlanadi va mazkur joyning
tabiiy-geografik sharoitining asosiy xususiyatlari aniqlanadi (geologic tuzilishi,
relyefi, iqlimi, suvlari, tuorog’i, o’simlik va hayvonot dunyosi, aholisi, xo’jaligi).
Sanoat korxonasi zararli chiqindilarni ko’proq chiqaradigan bo’lsa (ko’mir asosida
ishlaydigan issiqlik elektrostsnsiyalari, sement, kimyo zavodlari), ularni aholi
manzilgohlaridan olisda, shamol yo’nalishiga teskari bo’lgan hududlarga
joylashtirish zarur. Masalan, Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor neftni qayta
ishlash zavodi, Qashqadaryo viloyatidagi Sho’rtang gazni qayta ishlash zavodi
cho’lda, ya’ni aholi zich yashaydigan hududlardan ancha olisda joylashgan,
shuning uchun ularning tabiat va insonga ta’siri kam.
Gidrotexnik inshootlarni loyihalashda muhandis-geografik tadqiqotlar olib
borishda quyidagilarga e’tibor beriladi: suv inshooti va tabiiy muhit o’zaro
ta’sirining asosiy qirralari, suvning kirish-chiqishi, sho’rlanganlik darajasi,
loyqaligi, bug’lanishi, to’lqinlar ta’sirida qirg’oqlarning yemirilishi, suvning
shimilishi va suv inshootining samaradorligi, botqoqlanish, tuz to’planishi,
o’simlik va tuproq qoplamining o’zgarishi kabilar aniqlanadi, ayrim noxush
hodisalarning oldini olish bo’yicha choralar ishlab chiqiladi. Masalan, Amudaryo
suvi loyqa bo’lganligi (1 kub m da 3500 g loyqa bor) sababli, undan suv oladigan
Amu-Buxoro, Qarshi, Shovot, Toshsoqa, Qizketken va boshqa kanallarda “o’tirib”
qoladigan loyqa nasoslar yordamida qirg’oqqa chiqarib tashlanadi.
Yo’l qurilishini loyihalashda muhandis-geografik tadqiqotlar, asosan
relyefning tahliliga yo’naltirilgan bo’ladi. Chunki ko’p hollarda loyihalanayotgan
yo’lning yo’nalishini, uzunligini, kengligini, arzon-qimmatligini relyef sharoiti
belgilab beradi. Shuning uchun yo’llarni loyihalashda relyefning qiyaligi, qanday
tog’ jinslaridan tashkil topganligi, mutlaq balandligi birinchi navbatda tahlil
qilinadi. Avtomobil yo’llarining qiyaligi 12 – 15 gradusdan oshmasligi lozim.
Baland va qiyaligi yuqori bo’lgan joylarda yo’llar yer osti tunnellari orqali
o’tkaziladi. Masalan, Toshkent – Andijon avtomobil yo’lining Kamchiq dovonida
uzunligi 2,5 km li tunnel qazilgan.
Bundan tashqari, yo’llarni loyihalashda surilmalar, sellar, qor ko’chkilari,
daryo toshqinlari ham hisobga olinadi.
Foydali qazilma konlarini qidirish davomida muhandis-geografik tadqiqotlar
ikki yo’nalishda olib boriladi. Birinchi yo’nalishda kon joylashgan hududning
tabiiy va iqtisodiy-geografik sharoiti o’rganiladi va baholanadi. Ikkinchi
yo’nalishda foydali qazilma konini qazib olish jarayonida atrof-muhitda ro’y
beradigan o’zgarishlar bashorat qilinadi.