ASAR BADIIY TAHLILI YO’NALISHLARI
REJA:
1. Tahlil yo’nalishi tushunchasining mohiyati va mazmuni.
2. Badiiy matnni o’rganishda tahlil yo’nalishini to‘g‘ri belgilash.
3. Genetik va tipologik yo’nalishga xos xususiyatlar.
4. Funksional va falsafiy yo’nalish sifatlari
5. Tahlilning psixologik va filologik yo’nalishi.
Tayanch tushunchalar:
Tayanch yo’nalishi , Genetik yo’nalish , Tipologik yo’nalish, Funksional
yo’nalish, Falsafiy yo’nalish , Psixologik yo’nalish , Filologik yo’nalish.
Foydalaniladigan adabiyotlar ro’yxati:
1. Q. Yo‘ldoshev, M. Yo‘ldosheva. Badiiy tahlil asoslari. O‘quv qo‘llanma. T.
Kamalak. 2016.
2. Arastu. Poetika. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2004 yil
3. O. Sharafuddinov. Ijodni anglash baxti. – Toshkent: Sharq, 2004 yil
4. B. Karimov. Abdulla Qodiriy. – Toshkent: Fan, 2003 yil
5. U. Jo’raqulov. Hududsnz jilva. – Toshkent: Fan, 2006 yil
6. Ginzburg L. O psigologicheskoy proze. – M.,1974
7. A. Rasulov. Tanqid, talqin, baholash. – T., 1983 yil
Badiiy tahlilda qat'iy ilmiy tartibga rioya etgan holda so’zdan obrazga,
obrazdan g‘oyaga qarab boriladi va tahlilning barcha bosqichlarida badiiy so’zning
estetik jozibasi diqqat markazida turadi. Tahlil etilayotgan asarni qaysi jihatdan
o’rganish, tadqiq etish lozimligini belgilash uning yo’nalishini tayin etadi. Badiiy
asar tahlilning to’laqonli bo’lishi, ko’p jihatdan tahlilchining matnni qanday
yo’nalishda tekshirishni aniq bilishiga bog‘liqdir. Adabiy asar tahlili bilan maxsus
shug‘ullangan mutaxassislarning ko’rsatishlaricha, amaliyotda badiiy tahlil genetik,
tipologik, funksional, falsafiy, psixologik va filologik singari olti yo’nalishda
amalga oshiriladi. Albatta, bu xildagi tasniflar juda shartli qabul etilishi lozim.
Negaki, odatda badiiy tahlil jarayonida bu yo’nalishlardan biri ustuvor o‘rin tutishi
mumkin bo’lsa-da, deyarli hech qachon bittasi sof holda qo’llanilmaydi. Chunki
o’rganilayotgan asarga har jihatdan qarash zaruriyati hamisha saqlanib qoladi.
Badiiy asarni genetik yo’nalishda tahlil etishda asarning yuzaga kelish jarayoni,
variantlari, yozilish sabablari tadqiq etilishi ko’zda tutiladi. Bu yo’nalishdagi
tahlilda muayyan asarni yuzaga keltirgan omillarning ko’rsatilishiga alohida e'tibor
qaratilgan. Tipologik yo’nalishda esa, asar muallifi bilan adiblar orasidagi ijodiy
ta'sir, badiiy vorislik, asarni yuzaga keltirgan badiiy yoki hayotiy manbalar, tahlil
etilayotgan asarning o’sha davrda yaratilgan boshqa asarlarga o’xshash hamda
farqli jihatlari singari jihatlarga e'tibor qaratilishi lozim. Funksional yo’nalishda
amalga oshirilgan tahlilda tekshirilayotgan asarning ijtimoiy ta'sir kuchiga alohida
diqqat qaratiladi. Unda o’rganilayotgan asarning muayyan millat va insoniyat
ma'naviyatiga ko’rsatgan ta'siri tekshiriladi. Tahlillanayotgan asarning milliy
adabiy jarayonda tutgan o’rni, uning yaratilgan zamondagi odamlar yoki
tekshirilayotgan davr kishilari tafakkuriga ta'siri o’rganilishi lozim. Asarda qanday
ijtimoiy qonuniyat qaysi obraz orqali ochilganini tekshirishi zarur. Keyingi vaqtda
o’zbek adabiyotshunosligida ham Botish estetikasida har doim ustuvor maqomga
ega bo’lgan funksional yo’nalishdagi tahlil keng yoyilgan va bu hol bir qator ijobiy
xususiyatlar bilan birgalikda tendensiozlik, biryoqlamalik, matnning badiiy
jozibasini e'tibordan qochirish singari salbiy holatlarni ham keltirib chiqaradi.
Falsafiy yo’nalishda yozuvchi dunyoqarashining xususiyatlari va tahlil etilayotgan
asarda adib e'tiqodining: olamni ko’rish, anglash, tushuntirish hamda aks ettirish
tarzining namoyon bo’lishi tekshiriladi. Lekin bunday tahlil badiiy matndan ayri
falsafiy mushohadalardangina iborat bo’lib qolmasligiga e'tibor qilinishi kerak.
Chunonchi, badiiy matnga bog‘lanmagan, ijodkorning ayni o’rganilayotgan
asaridan kelib chiqmaydigan har qanday "chuqur ma'noli" xulosa tahlil uchun