ATMOSFERA UYURMALARI. SIKLON VA ANTISIKLON
Atmosferadagi eng notinch sohalar hisoblangan havo massalarining
chegaralarida ko’pincha katta uyurmalar vujudga keladi. Bu uyurmalar bizdagi ob-
havoning tinmay o’zgarib turishiga sabab bo’ladi. Endi ana shu atmosfera uyurmalari -
siklon va antisiklonlar bilan tanishib o’taylik.
Siklon. Agar turli zichlikka ega bo’lgan sovuq va iliq havo massalari front
bo’ylab qarama-qarshi tomonga surilsa, front chizig’i egiladi va unda atmosfera
to’lqinlari hosil bo’ladi. Bunda iliq havo sovuq havo ustiga chiqa boshlaydi. Sovuq
havo esa iliq havo ostiga kira boshlaydi. Natijada doiraviy havo harakati -uyurma
hosil bo’ladi. Bunday uyurma markazida iliq va sovuq frontning bir qismi joylashgan
bo’ladi. Havo bosimi markazida minimal qiymatiga ega bo’lib, chekkasiga qarab ortib
boradigan uyurmaga siklon («siklon» - doiraviy) deyiladi (46-rasm).
Siklonlar
Siklonning markazida havo bosimi past bo’lganligi uchun uning
chekkalaridagi havo to’ppa-to’g’ri uning markaziga qarab intilishi kerak edi.
Lekin Yerning o’z o’qi atrofida aylanishi tufayli vujudga keluvchi kuch
ta’sirida shimoliy yarim sharda harakatlanuvchi hamma jismlar o’ngga
buriladi. Bunga misol qilib, daryolarning o’ng qirg’oqlarining shu sababga
ko’ra ko’proq yuvilib ketishi, temiryo’llarning o’ng tomondagi relslarining
tezroq yeyilib siyqalanishini keltirish mumkin. Xuddi shunday hodisa
siklonda ham ro’y beradi, ya’ni shamol o’ngga buriladi. Natijada, siklon
markaziga yo’nalgan havo markaz tevaragida soat millariga qarshi
yo’nalishda aylanuvchi uyurmalarni hosil qiladi.
Siklon diametrining kattaligi har xil bo’ladi. Ba’zan siklon diametri
bor-yo’g’i bir necha yuz kilometr bo’lsa, ba’zan 4000 - 5000 km keladigan
maydonni - butun bir materikni egallashi mumkin (47-rasm).
47-rasm. 2004-yil 26-martda kuzatilgan janubiy Atlantikadagi
Katarina sikloni.
O’rta Osiyoga keladigan janubiy Kaspiy va Murg’ob siklonlari
Yevropaga, jumladan, Rossiyaning Yevropa qismiga janubdan va janubi
g’arbdan kelayotgan siklonlardan diametrining kichikligi, jadallik
darajasining pastligi bilan ajralib turadi.
Siklonda iliq va sovuq front bo’lganligi sababli uning hamma joyida bir
xil bulutlar paydo bo’lmaydi. Sovuq front iliq frontdan tezroq harakat qilishi
sababli ikki front oralig’idagi siklonning iliq havo egallagan sektori asta-
sekin toraya boradi. Nihoyat siklonning sovuq hamda iliq frontlari bir-biriga
qo’sxilib ketadi, ya’ni okklyuziya fronti hosil bo’ladi.
Siklonlar havo massalari chegarasida qayta-qayta hosil bo’ladi. Bir
siklon so’nayotganda ikkinchi siklon yaxshi rivoj-langan, uchinchi siklon esa
vujudga kela boshlagan bo’ladi. Sik-lon-lar 5 - 6 kun yashaydilar va shu vaqt
ichida g’oyat katta ma-sofani bosib o’ta oladilar. Siklon bizga
yaqinlashganda, bosim pasaya boradi, shamol kuchayadi. Oldin bizga
siklonning iliq fronti yaqinlashgani uchun bulutlar paydo bo’ladi, ayrim
paytlari yomg’ir yog’a boshlaydi. Iliq front, ya’ni keyin siklon-ning iliq
sektori keladi, harorat ko’tariladi, bosimning pasayishi deyarli to’xtaydi.
Siklonning sovuq fronti yaqinlashganda esa baland paxta xirmonlariga
o’xshash yomg’irli to’p-to’p bulutlar hosil bo’ladi va kuchli yog’in yog’a
boshlaydi. Harorat keskin pasayib, bosim orta boradi. Siklonning turli
sektorida ob-havo har xil bo’ladi. Siklonlar bizga ko’pincha yog’inli ob-
havoni olib keladi.
Siklonlar bizning hududimizga ko’pincha janubi-g’arbdan, kamroq
g’arbdan keladi. O’rta Osiyoda yirik siklonlar kamdan-kam uchraydi. Siklon
olib keladigan shamollar kuchli bo’lsa ham, uncha zarar yetkazmaydi.
Shuni ham aytib o’tish kerakki, kuzatiladigan siklonlarning 57% i O’rta
Osiyo hududidan o’tadi, 37% i esa shu yerda tashkil topadi va bor-yo’g’i 6% i
tarqalib ketadi .
O’rta Osiyoda kuzatiladigan siklonlarning o’rtacha yillik tezligi soatiga
31 km (10 yillik kuzatish natijasiga asosan) ga teng. Ayrim vaqtlarda
siklonlarning tezligi soatiga 70 - 80 km ham bo’ladi.
Antisiklon. Markazida havo bosimi maksimal qiymatga ega bo’lib,
chekkasiga qarab asta-sekin kamayib boradigan uyurmaga antisiklon deyiladi.
Shuning uchun ham havo uyurma markazidan chetga qarab harakat
qiladi. Uning o’rnini yuqoriroq qatlamdagi havo massasi egallay boshlaydi.
Havo pastga tushganda qisiladi va buning natijasida isiydi, undagi bulutlar
asta-sekin tarqaladi. Shuning uchun ham antisiklonlar bizning hududimizdan
o’tayotganda yozda ochiq va issiq, qishda esa sovuq havoni olib keladi.
O’rta Osiyo hududida kuzatiladigan antisiklonlarning 70% i shu
hududdan o’tib ketadi, 22% i shu yerda tashkil topadi va bor-yo’g’i 8% i shu
hudud ustida yo’qolib ketadi .