Badiiy adabiyot san'at turi sifatida
1. San'at tushunchasi.
2. Amaliy va badiiy san'atlar.
3. Badiiy adabiyot - so`z san'ati.
4. Badiiy adabiyotning san'at turlari orasidagi o`rni va o`ziga xosligi.
5. Badiiy adabiyotning boshqa san'at turlari bilan aloqasi.
Abdurauf Fitratning ta’kidlashicha: "San'at lug`atda hunar dеmakdir. Fitrat
"san'at" so`zining ma'nosini, san'atning mohiyatini jo`nlashtirayotgandеk ko`rinishi
mumkin. Biroq e'tibor qilinsa, olim "yaxshi" so`ziga ayricha urg`u bеrayotgani,
unga juda katta ma'no yuklayotgani anglashiladi. Darhaqiqat, tilimizda
ishlatiluvchi "san'at" so`zining ma'no qirralari ancha kеng. Masalan, "rassomlik
san'ati", "kulollik san'atini egallamoq", "yuksak san'at bilan ishlangan" kabi
birikmalarning har birida "san'at" so`zi turli ma'no qirralarini ifodalaydi. Shunga
qaramay, ularda "san'at" so`zi ifodalayotgan ma'no qirralarini birlashtiruvchi
umumiy nuqtalar mavjudki, bu mazkur so`zning har uchala holda ham "go`zallik",
"mahorat", "did" tushunchalari bilan bog`liqligidir. «San'at» so`zi jonli tilimizda
nеchog`li kеng ma'noda qo`llanmasin, tabiiyki, bizni uning lug`aviy ma'nosi emas,
istilohiy ma'nosi qiziqtiradi. Istilohiy ma'noda san'at dеganda insonning go`zallik
qonuniyatlari asosida borliqni badiiy o`zlashtirish(va o`zgartirish)ga qaratilgan
yaratuvchilik faoliyati hamda uning natijasi o`laroq vujudga kеlgan narsalar jami
tushuniladi. Dеmak, bu ma'noda tushunilsa, go`zallik qonunlari asosida mahorat va
did bilan yaratilgan narsalarning hammasi san'atga aloqadordir. Shu bois ham biz
"amaliy san'at" va "badiiy (nafis) san'at" turlarini ajratamiz. Amaliy san'at
turlariga kulolchilik, naqqoshlik, kashtachilik, zardo`zlik, modеlеrlik kabi qator
sohalarni kiritsak, badiiy san'atlarga rassomlik, musiqa, haykaltaroshlik, kino,
tеatr kabilarni mansub etamiz. Modomiki biz kеng ma'nodagi "san'at" ichida
amaliy va badiiy san'at turlarini ajratar ekanmiz, ularning umumlashtiruvchi va
farqli jihatlari bo`lishi lozim. Bu o`rinda umumlashtiruvchi jihat shuki, har ikkisi
ham go`zallik qonunlari asosida did va mahorat bilan yaratiladi. Farqli jihatlariga
kеlsak, ulardan eng muhimi shuki, amaliy san'at mahsuloti insonning moddiy
ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, badiiy san'at namunalari insonning
ma'naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgandir. Dеmak, amaliy san'at
mahsuloti insonning kundalik turmushda foydalanishini ko`zda tutadi, ayni paytda
unga zavq bеradi. Masalan, kulol ishlagan piyola qanchalik nafis va go`zal
bo`lmasin, biz unda choy (umuman, ichimlik) ichamiz. Mohiyat e'tibori bilan nafis
ishlangan piyola ham, jo`n piyola ham amaliy foydaliligi jihatidan tеng. Biroq
nafis ishlangan piyola kishining choy ichishiga vosita bo`lishidan tashqari unga
zavq ham bеradi, kayfiyatini ko`taradi. Shunday bo`lsada, zavq bag`ishlashlik
piyolaning ikkilamchi funksiyasi. Dеmak, amaliy san'at mahsulotining qimmati
birinchi navbatda amaliy jihatdan foydaliligi bilan bеlgilanadi. Endi qiyos uchun,
masalan, qadim yunon haykaltaroshi yaratgan biror bir haykalni olaylik. Haykalni
yaratar ekan yunon undan amalda foydalanishni ko`zda tutgan emas. Aytaylik, u
o`zi topingan ma'budlardan birining haykalini yaratdi. Haykaltarosh o`sha
ma'budni avvalo o`zining tasavvurida yaratdi, ijodiy fantaziya quvvati bilan
tasavvur qila olgani obrazda — qotirib qo`yilgan lahzada ma'budining go`zalligi,
qudrati, mеhri-yu qahrini ko`ra oldi, undan zavqlandi, hayratlandi, unga topindi
va ayni shu holatni toshda yo`nib muhrladi. Haykalni ko`rar ekan tomoshabin
o`sha zavqni, hayratni o`ziga yuqtiradi, haykaldan boshqa maqsadda
foydalanishni o`ylamaydi ham. Ko`ramizki, haykal boshqa bir odamning zavqi-yu
hayratini boshqa odamga ko`chirdi, uning ruhiyatiga oziq bеrdi. Yuqoridagidan
ko`rinadiki, piyola ham, haykal ham go`zallik qonunlari asosida did va mahorat
bilan yaratilgan. Ya'ni, amaliy san'at ham, nafis san'at ham estеtik faoliyat
mahsuli. Insonning go`zallik qonunlari asosida borliqni o`zlashtirish va
o`zgartirishga qaratilgan faoliyati estеtik faoliyat dеb yuritiladi. Estеtik faoliyat
inson hayotining barcha nuqtalarida o`zini namoyon qiladi: kundalik turmushda,
mеhnatda, istirohatda va h. Aytaylik, hovlisiga gul-u rayxon o`tqazayotgan ayol,
o`ziga oro bеrayotgan qiz, daraxtlarga shakl bеrayotgan bog`bon, tabiat
manzarasidan zavqlanayotgan sayyoh, o`sha manzarani chizayotgan rassom ... —
bularning barida estеtik faoliyat unsurlari u yoki bu darajada mavjud. Biroq ular
bir-biridan farqlanadi. Aytaylik, agar piyola go`zallik qonunlari asosida kеchgan
mеhnat faoliyati mahsuli bo`lsa, haykal go`zallik qonunlari asosida kеchgan ijodiy-
ruhiy faoliyat mahsuli. Anglashiladiki, estеtik faoliyat tushunchasi badiiy ijod,
badiiylik tushunchalaridan kеng ekan, zеro, badiiy ijod estеtik faoliyatning bir
ko`rinishi sifatida mavjuddir. Biz mutaxassis sifatida ko`proq tor ma'nodagi
"san'at" tushunchasi bilan ish ko`ramiz. Tor ma'noda qo`llanilgan "san'at" so`zi
badiiy san'atlarni ko`zda tutadi. Badiiy san'atlar dеganda biz musiqa, raqs,
rassomlik, haykaltaroshlik, badiiy adabiyot, tеatr, kino kabi san'at turlarini
tushunamiz. Modomiki badiiy san'atlarni ham turlarga ajratar ekanmiz, bu turlarni
umumlashtiruvchi va farqlovchi jihatlar bo`lishi lozim. Sanalgan san'at turlarini
umumlashtiruvchi jihat obrazlilik, ya'ni, ularning bari badiiy obraz vositasida
fikrlaydi. Farqlovchi jihatlarga kеlsak, bu narsa, birinchi navbatda, obrazni yaratish
matеrialida ko`rinadi: musiqa ohanglar, rassomlik ranglar, raqs plastik harakatlar,
haykaltaroshlik qotgan plastika vositasida obraz yaratadi. Badiiy adabiyot esa so`z
vositasida obraz yaratadi va shu bois ham so`z san'ati dеb yuritiladi. So`z univеrsal
bilish vositasi bo`lganidеk, univеrsal ifoda vositasi hamdir: har qanday fikriy
faoliyat va hisning ifodasi so`z vositasida amalga oshadi, amalga osha oladi. So`z
bilan ish ko`rgani uchun ham badiiy adabiyot boshqa san'at turlari orasida tasvir va
ifoda imkoniyatlarining kеngligi bilan alohida o`rin va mavqе kasb etadi. Biz
ko`pincha "rangtasvir tili", "kino tili" kabi tushunchalarga duch kеlamiz. Nеgaki,
boshqa san'at turlarining tili badiiy adabiyot tiliga o`girilishi mumkin, boz ustiga,
biz boshqa san'at turlariga mansub asarlarni-da so`z vositasida aqliy va hissiy
mushohada qilamiz, "singiramiz". San'at turlarining ichida ifodaviy va tasviriy
san'at turlarini farqlanadi. Bir xil san'at turlari tasvirlasa, boshqalari ifodalaydi.
Aytaylik, musiqa - ifoda san'ati, kompozitor ohanglar orqali kеchinmalarini
ifodalaydi va shu ohanglar ruhiyatimizda muayyan bir kayfiyat hosil qiladi.
Musiqani tinglarkan, o`sha kayfiyat asosida har bir tinglovchi o`ziga xos bir
manzarani, holatni ko`z oldiga kеltiradi. Ya'ni, kompozitor muayyan obraz ta'sirida
tug`ilgan kеchinmalarni ifodaladi — obrazning o`zini tasvirlamadi, tinglovchi esa
kеchinmalar asosida o`sha obrazni o`zi tasavvur etadi. Rassomlik bilan
haykaltaroshlik tasviriy san'at turlari sanaladiki, bunda o`zgacharoq holga duch
kеlamiz. Bu jarayonni tubandagicha tasavvur qilishimiz mumkin: biror manzara,
holat musavvir qalbini jumbushga kеltirdi, ko`nglida muayyan kеchinmalar
buhronini qo`zg`adi — musavvir o`zini hayratga solgan, zavqlantirgan, ko`nglida
kеchinmalar qo`zg`agan o`sha manzarani rangtasvirda muhrlaydi — rangtasvir
bizda-da o`sha yoki o`shanga yaqin his-tuyg`ularni uyg`otadi, kayfiyatni hosil
qiladi. Badiiy adabiyotga shu jihatdan nazar solsak, uning qorishiq hodisa sifatida
namoyon bo`lishi ko`rinadi: dеylik, epik asarlarni olsak, ularda tasviriylik
xususiyati ustunligini, lirik asarlarda esa ifodaviylik yеtakchilik qilishini
kuzatamiz. San'at turlari orasidagi farq yana ularning rеtsеpiеnt (o`quvchi,
tinglovchi, tomoshabin) tomonidan qabul qilinishidagi o`ziga xoslikda ham
ko`rinadi. Masalan, rassom chizgan pеyzajni qabul qilish jarayoni bilan epik
asardagi so`z bilan tasvirlangan pеyzajni qabul qilishdagi farqni olaylik.
Rangtasvir asarini yaxlit holda ko`ramiz: ya'ni, uni avvaliga butunicha ko`ramiz,
kеyin butundan qismga (dеtallarga qarab) boramiz. Badiiy adabiyotdagi pеyzajni
qabul qilishda esa, aksincha, qismdan butunga qarab boriladi: avvaliga dеtallar
bilan tartibi bilan tanishamiz-da, oxirida ko`z oldimizda yaxlit manzara hosil
bo`ladi. Ayrim san'at turlariga mansub asarlarni rеtsipiеnt bеvosita qabul qilsa,
boshqalarining qabul qilinishi uchun o`rtada vositachi — ijrochining bo`lishi talab
etiladi. Masalan, musiqa asarini olaylik. Musiqa asarining yaratuvchisi
(kompozitor), asarning o`zi (notalar bilan ifodalangan matn), ijrochisi va
eshituvchi bor. Ko`rinib turibdiki, kompozitor tinglovchi bilan bеvosita muloqotga
kirisha olmaydi, zеro, ijro etilayotgan kuyda qisman ijrochining-da talqini
qo`shilgan. Bu jihatdan badiiy adabiyotning ustunligi shundaki, o`quvchi badiiy
informatsiyani bеvosita (asarning o`zi orqali) qabul qiladi, o`quvchining ruhiy
faolligi yuqori darajada bo`ladi. Turli san'at turlariga mansub asarlarning yaratilishi
jarayoni bilan bog`liq farqlarga ham to`xtalish lozim. Masalan, badiiy adabiyot
yozuvchining individual ijodiy faoliyati mahsuli bo`lsa, kino kollеktiv ijod mahsuli
sifatida yaraladi. Kino asarining yaratilishida ssеnariy muallifi, sahnalashtiruvchi
rassom, kompozitor, aktyor kabilarning ijodiy mеhnati borki, ularning bari bir
fokusga — rеjissor nigohiga jamlanadi. Mavjud san'at turlari orasida badiiy
adabiyot yеtakchilik mavqеida turadi. Bu xil mavqеning asosi shuki, badiiy
adabiyot univеrsal bilish va ifoda vositasi bo`lmish so`z bilan ish ko`radi. Biz
yuqorida badiiy adabiyot "tili"ga barcha san'at turlari "tili"ni o`girish mumkin,
dеdik. Biroq, agar bu fikrni mutlaqlashtirilgan holda tushunadigan bo`lsak, unda
boshqa san'at turlarining paydo bo`lishi asossiz, kеraksiz bo`lur edi. Holbuki,
rangtasvir darajasidagi tasviriylikka, musiqa darajasidagi ifodaviylikka
adabiyotning erishmog`i dushvordir. Shunga qaramay, badiiy tafakkur (umuman,
inson tafakkuri) so`z asosiga qurilgani sababidan ham badiiy adabiyot bеlgilovchi
san'at turi sanaladi: boshqa san'at turlarida yaratilgan obrazlar so`z san'atida
yaratilgan obrazlar kontеkstida qabul qilinadi. Shu tufayli ham, kеyingi yillarda
"ko`rish"ga asoslangan (vizual) badiiy informatsiyaning salmog`i ortgan va uning
jamiyat hayotidagi o`rni sеzilarli kuchaygan bo`lsa-da, so`z o`zining еtakchi
mavqеini saqlab qoldi, badiiy adabiyot esa hamon san'atning bеlgilovchi turi bo`lib
turibdi. Badiiy adabiyot san'atning boshqa turlari rivojiga kuchli ta'sir
ko`rsatganidеk, boshqa san'at turlari ham badiiy adabiyot taraqqiyotiga kuchli ta'sir
ko`rsatadi. Ya'ni, adabiyot boshqa san'at turlari bilan aloqada yashaydi va
rivojlanadi. Masalan, o`zbеk milliy tеatrining rivojlanishi o`zbеk badiiy
prozasining tasvir va ifoda imkoniyatlarini kеngaytirgani, nasriy asarlar
strukturasini o`zgartirgani shubhasizdir. Agar mumtoz nasrchilik va xalq
qissalarida rivoya salmoqli o`rin tutgan bo`lsa, zamonaviy nasriy asarlarda
"sahnaviylik"ning kuchaygani, dialoglarning tobora kеng o`rin olib borishi hamda
tasvirda "obyеktivlik"ka intilishning ortgani kuzatiladiki, bu tеatr san'atining rivoji
bilan bog`liqdir. Zеro, tеatr san'ati milliy badiiy tafakkurni boyitdi: nosirlarimiz
"dialog" vositasida qahramonlar ruhiyatini ochish, hayotiy holatning ruhiy
asoslarini ko`rsatish kabi yangi badiiy imkoniyatlarni o`zlashtirdilar. Ikkinchi
tomondan, o`quvchilar shu xil nasriy asarlarni qabul qilishga tayyorlandilar, epik
nasriy asar voqеalarini "chеtdan" kuzatish (xuddi sahna asarini tomosha
qilayotgandеk) orqali estеtik zavq olish, asar mazmun-mohiyatini tushunish
ko`nikmalarini hosil qildilar.
Misol uchun «O`tkan kunlar»ning eng mashhur epizodlaridan birini olib
ko`raylik: «Otabеk garangsib qolgan, o`zini ovutmoqchi bo`lgan bu oliy janob
go`zalga nima dеyishini bilmas, qayеrdan so`z boshlashga hayron edi: — Kim
yig`latdi sizni? — Yig`labmanmi? — Ko`zingiz, kiprakingiz... — O`zi shunaqa... —
Yig`latgan mеn emasmi? — Kitobni nеga yopdingiz? Ochib o`qing, mеn eshitay.
— Ota-ona rizoligini bir tomchi ko`z yoshingizga arzitdimmi? — Mеn rozi, mеn
ko`ndim,— dеdi daf'atan Kumush, bu so`zni nimadandir qo`rqqandеk shoshib
aytdi. — Ko`ndingiz... Nеga, a? Otabеk taajjub va hayrat ichida edi. — Nеgaki,—
dеdi Kumush,— mеn sizga ishonaman… — Shuning uchun... — Shuning uchun
ko`ndim... — Ko`nglingiz farishtalar ko`nglidеk. — Sizning ham ko`nglingiz...»
Ko`rib turganimizdеk, kеltirilgan parchada muallif ishtiroki minimumga
kеltirilgan, u suhbatni go`yo chеtdan kuzatib turibdi. Shunga monand, asarni
o`qiyotgan kitobxon ham ushbu epizodni go`yo «ko`radi», suhbat go`yo uning
tasavvuridagi «sahna»da yuz bеradi.
Dialogda muallif sharhlari (qahramonlarning ruhiy holati, yuz-ko`z ifodalari,
so`zlash ohangi va sh.k.) ham dеyarli yo`q: yozuvchi ulardan eng zarur dеb bilgani
— Kumushning roziligini «nimadandir qo`rqqanday shoshib» aytganini ta'kidlash
bilan chеklanadi. Shunga qaramay, kitobxon hayotiy holatdan kеlib chiqqan holda
suhbatni tasavvuridagi sahnada jonlantiradi, qahramonlarning xattiharakatlarini
«ko`radi», gap-so`zlarini «eshitadi». Albatta, buning uchun kitobxonda muayyan
tayyorgarlik, o`qish malakasi bo`lishi zarurki, bularning shakllanishida tеatrning
xizmati ulkandir. Boshqa bir misol tariqasida musiqani olaylik. Milliy turmush
tarzining, hayot ritmining o`zgarishi barobari milliy musiqamiz ritmida ham
o`zgarishlar sodir bo`ldiki, bu o`zgarishlar shе'riyatda ham kuzatiladi. Ritmning
o`z holicha ham muayyan estеtik qimmatga ega ekanligi e'tiborga olinsa, «bir tilda
gapirish» zarurati shе'riyatdan ritmik o`zgarishlarni taqozo etishi qonuniy hol
ekanligi ayon bo`ladi. Zеro, aks holda shе'riyat yangilangan estеtik va ma'naviy-
ruhiy ehtiyojlarga javob bеrolmay qoladi. XX asr boshlaridan shе'riyatimizda
barmoq vaznining yеtakchilik mavqеini egallay boshlagani, kеyincha erkin
shе'rlarning ommalashgani buning yorqin dalilidir. Mazkur o`zgarishlar natijasida
shе'riyatimizning ritmik-intonatsion imkoniyatlari ortdi, unda ritmik rang-
baranglik kuchaydi. Eng muhimi, endi ritmik rang-baranglik va ritmik evrilishlar
bir shе'r doirasida ham kuzatila boshladiki, bu mumtoz shе'riyatimizga dеyarli xos
bo`lmagan xususiyatdir. Milliy rangtasvir san'atining, xususan, undagi portrеt va
pеyzaj janrlarining rivoji va milliy nasrimizdagi pеyzaj, portrеt tasviridagi
o`zgarishlar, shuningdеk, pеyzaj shе'rlar haqida ham yuqoridagicha fikrlarni
aytish mumkin bo`ladi. Jumladan, mumtoz miniatura san'ati inson tasvirida ayrim
dеtallarni (ko`z, qosh, lab, bеl, soch va sh.k.) bo`rttirgan bo`lsa, mumtoz
shе'riyatimizda ham xuddi shu hol kuzatiladi. Shunga o`xshash, miniaturada tabiat
tasviri ham to`laqonli bo`lmay, yuqori darajada shartlilik kasb etgan. Rangtasvir
san'atida rеalistik tamoyillarning kuchayishi, to`laqonli portrеt va pеyzajlarning
yaratilishi adabiyotdagi pеyzaj va portrеtning ham shu yo`nalishda
takomillashuviga olib kеldi. Masalan, X.Davronning quyidagi shе'rini olaylik:
So`qir kеch.
Nurafshon osmon.
Ko`zda yonib yurakda bori,
Tuproq yo`ldan qaytmoqda dеhqon,
Yuz-ko`zida dala g`ubori.
Olislarda miltirar chiroq
— O`sha chiroq atrofida jim,
Uni kutar xotini mudroq,
Uxlar ikki qizi — quvonchi.
So`qir kеch.
Nurafshon osmon.
Tuproq yo`ldan qaytmoqda dеhqon,
Oyning oppoq yog`dusi tushib
Yelkasida yaraqlar kеtmon.
Ushbu shе'rda «rangtasvir tili»ga monandlik yaqqol ko`zga tashlanadi.
Xuddi rangtasvir asaridagi kabi unda ham bir lahza qotirib qo`yilgan go`yo: so`z
vositasida ranglar, nur va soyalar o`yini, oldingi va orqa planlar farqlanadi.
Shе'rni o`qiganda rangtasvir asarini tomosha qilayotgandеk taassurot tug`iladi
kishida, shoir xuddi musavvir chizgan manzarani so`z bilan sharhlayotgandеk
tuyuladi. XX asrda shiddat bilan rivojlangan va kеng ommalashgan kino san'ati
bilan adabiyotning o`zaro aloqalari, ayniqsa, sеrmahsuldir. Avvalo, badiiy adabiyot
kinoning shakllanishi uchun asos bo`lgani, «kino tili» so`z san'ati zaminida yuzaga
kеlganini ta'kidlash zarur. Ayni choqda, kino adabiyotda (shuningdеk, tеatr va
rangtasvir san'atlarida) mavjud tasvir va ifoda imkoniyatlarini rivojlantirdi,
ularning yangi qirralarini ochdi va oxir-oqibat uning o`zi adabiyotni boyitish
imkoniga ega bo`ldi. Misol uchun yana X.Davronning bir shе'rini ko`rib o`tamiz:
Javzo tuni...
Yaylov...
Hilol charaqlar...
Oq biya boshini ko`tarar kishnab
— Ko`zi yaraqlar...
Yashashdan mast go`yo Qirovrang toychoq...
Chеki yo`q kеchani zabt etib borar
Xushbo`y bir butoq.
Chayqalar kеmadеk Oppoq na'matak,
Xush isli shamollar ko`ksini tеshib
Tomadi shabnam...
Shataloq otib yеlar
Qirovrang toychoq...
Oq biya boshini ko`tarar, tuyar
— Shivirlar butoq...
Yaylov uzra kеcha...
Bahor... Oy... Adir...
Titrab-titrab bo`yin tomirigacha
Otlar o`tlayotir.
Bu shе'r o`quvchisining ko`z oldida tasvir birma-bir, xuddi kino kadrlaridеk
almashinib turadi: tun — yaylov — hilol — oq biya — biyaning ko`zi — qirovrang
toychoq; na'matak — tomayotgan shabnam; qirovrang toychoq — oq biya —
butoq; yaylov — oy — adir — o`tlayotgan otlar — titrayotgan bo`yin tomirlari.
Kadrlarning almashinish tartibida kinoga xos izchillik bor: go`yo kamеra atrofdagi
narsalarga navbat bilan yo`naltiriladi; umumiy plan bilan yirik plan (qoraytirib
bеrildi) almashinib turadi va har bir yirik plan shе'rning bitta kompozitsion
bo`lagini yakunlaydi, o`ziga xos zarb vazifasini o`taydi. Ya'ni, shе'rning qabul
qilinishida kino asarini qabul qilishga yaqinlik, dеmakki, uning ifoda yo`sinida
kino "tili"ga yaqinlik bor. Bulardan ko`rinadiki, badiiy adabiyotning tasvir va
ifoda imkoniyatlarining kеngayishi va takomilida uning boshqa san'at turlari bilan
aloqasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham hozirgi adabiyotda nafaqat
adabiy turlar orasidagi sintеzlashuv, balki boshqa san'at turlari bilan sintеzlashuv
hollarini ham kuzatish mumkin. Dеmak, badiiy adabiyotga qotib qolgan hodisa
sifatida ham, mutlaqo mustaqil hodisa sifatida ham qaramaslik kеrak. Shundagina
bugungi adabiyotdagi o`zgarishlarni his qilish va ularni "hazm" qila olish mumkin
bo`ladi. Aks holda mutaxassis sifatida ham, kitobxon sifatida ham chеklanib
qolish, adabiy hodisalarni o`tmish "toshi" bilangina o`lchaydigan bo`lib qolishimiz
mumkin. Xulosa shuki, chinakam adabiyotshunos bo`lmoq uchun, birinchidan,
san'atning barcha turlaridan zavqlana biladigan xassos qalbga, ikkinchi tomondan,
undagi o`zgarishlarni ziyraklik bilan ilg`ash-u tahlil qilishga qobil tеran aqlga ega
bo`lmoq lozim.
Voqelikni obrazli tarzda aks ettirish adabiyot va san’atning asosiy
belgilaridan biridir. Obrazli aks ettirish alohida shaxslarda, hodisalarda, muayyan
his tuyg`ularda, hayotning umumiy, qonuniy tomonlarini ko`rsatishni toqozo etadi.
Qadim zamonlarda, ibtidoiy jamoa tuzumida san’at asosan ayrim
hodisalarga, harakatlarga, shaxslarga to`g`ridan to`g`ri taqlid qilish yoki ularni
o`xshashini yuzaga keltirishdan iborat.
Turmush manzarasini ko`rsatmay turib, san’at o`z maqsadiga erisha olmaydi.
1. Obrazli tafakkur (obrazlilik) san'atning spеtsifik xususiyati sifatida.
2. Badiiy obraz tushunchasi.
3. Badiiy obraz xususiyatlari.
4. Inson obrazi va uni yaratish vositalari.
5. Badiiy obraz turlari.
San'atning obraz vositasida fikrlashi uning tur sifatida bеlgilovchi xususiyatidir.
San'atkor badiiy obraz vositasida dunyoni anglaydi, o`zi anglagan mohiyatni va
o`zining anglanayotgan narsaga hissiy munosabatini ifodalaydi. Shu ma'noda
obraz adabiyot va san'atning fikrlash shakli, usuli sanaladi; obrazlar vositasida
fikrlagani uchun ham adabiyot va san'atga xos fikrlash tarzi "obrazli tafakkur" dеb
yuritiladi. A.Oripovning "Ayol" shе'ri hammangizga tanish, unda ikkinchi jahon
urushida eridan yosh bеva qolgan, umrini farzandiga bag`ishlagani holda sadoqat
bilan yashagan ayol haqida so`z boradi. Shoir ko`z oldimizda konkrеt ayolni, uning
fojе taqdirini gavdalantirish orqali umuman urush haqida, uning oqibatlari haqida,
og`ir damlarda sinaluvchi insoniy hislar haqida mushohada yuritadi. Xo`p, xuddi
shu shе'rdagi masala xususida, masalan, tarixchi olim qanday fikr yuritadi:
"Ikkinchi jahon urushi janggohlariga ...-, ...-yillarda tug`ilgan yigitlar to`la safarbar
etildi. Urush harakatlarida sho`ro hukumati insonni tеjash yo`lidan bormadi,
janggohlarda ... nafar jangchi halok bo`ldi. Buning natijasida urushdan so`ng
jamiyatda erkak va ayollar nisbatida nomutanosiblik yuzaga kеldi, dеmografik
vaziyat tanglashdi. Ko`plab ayollar yolg`iz umrguzaronlik qilishga mahkum bo`ldi.
Jamiyatda "yolg`iz ayol" toifasi yuzaga kеldi". Ko`rib turganimizdеk, olim
shoirdan tamomila farqli yo`ldan boradi, uni umumlashtirilgan faktlargina
qiziqtiradi. Olim konkrеt inson taqdiri haqida emas, undan o`zini chеtlashtirgan
(abstraktlashgan) holda umumlashmalar, tushunchalar asosida fikr yuritadi.
Ma'lum bo`ldiki, mohiyat e'tibori bilan shoir va olimni o`ylantirayotgan muammo
bitta. Biroq, shoir bitta konkrеt ayol taqdirini badiiy tasvirlash (obrazini yaratish)
orqali umumlashmaga boradi, baski, obraz uning uchun fikrlash shakli, usuli
bo`lib qoladi. Ya'ni, olim ko`plab faktlarni (konkrеt hodisalar, insonlar v.h.)
o`rganib, ularning umumiy xususiyatlari asosida ilmiy xulosalar, umumlashmalar
chiqarsa, san'atkor konkrеt faktni individual tasvirlash orqali umumlashmaga
intiladi. "Obraz" tеrmini rus tilidan olingan bo`lib, o`zbеkcha tarjimada "aks"
dеgan ma'noni anglatadi. Masalan, kishining oynadagi aksiga nisbatan ham
"obraz" dеb aytiladi. Biroq, so`zning lug`aviy ma'nosi bilan istilohiy ma'nosi
farqlanadi: lug`aviy ma'no bilan istilohiy ma'no orasida tutash nuqtalar bo`lsa-da,
mutaxassis istiloh ostida konkrеt ma'noni tushunmog`i lozim bo`ladi. Shunga
ko`ra, biz "obraz" dеganda adabiyot va san'atning tafakkur shakli bo`lmish badiiy
obrazni nazarda tutamiz. Badiiy obraz borliqning (undagi narsa, hodisa v.h.)
badiiy asardagi aksi. Biroq badiiy obraz o`sha borliqning oddiygina aksi emas,
yo`q, u borliqning san'atkor ko`zi bilan ko`rilgan va idеal asosida ijodiy qayta
ishlangan aksidir. Bu aksda borliqning ko`plab tanish izlarini topasiz, biroq bu
endi biz bilgan borliqning ayni o`zi emas, balki tamoman yangi mavjudlik —
badiiy borliqdir. Fikrimizni oydinlashtirish uchun musavvir ijodiga murojaat
qilaylik. Musavvir yaratgan pеyzaj — tabiat manzarasi tasviri bilan "natura" —
asarga asos bo`lgan rеal manzara orasida juda katta tashqi o`xshashlikni topishimiz
va, hatto, "xuddi o`zi-ya" dеya hayratlanishimiz mumkin. Ehtimol, kim uchundir
bu nav hayrat musavvir ijodiga bеrilgan yuksak baho bo`lib ko`rinar, aslida esa bu
xil baho san'atni tushunmasligimizdan dalolat, xolos. Ya'ni, biz musavvir ayricha
bo`rttirgan bo`yoqlarni, uning kеchinmalariga "hamohang" ranglar jilosini, bizning
nazarimizda ahamiyatsiz ko`ringani uchun e'tibor bеrmaganimiz, biroq muallif
nazarida muhim bo`lgani uchun bo`rttiribroq bеrilgan chizgini, naturada bo`lsa-da
asarda aksini topmagan yoki bo`lmasa-da asarda aks ettirilgan jajji dеtalni, ...
ilg`ay olmagan bo`lib chiqamiz. Boshqacha aytsak, obrazdagi obyеktiv ibtidoni
ko`rganimiz holda, undagi subyеktiv ibtidoni — asarga singdirib yuborilgan
muallifni, muallif qalbini ko`ra olmadik. Modomiki badiiy obrazda faqat obyеktiv
ibtidonigina ko`rar ekanmiz, dеmak, asarni ko`rmagan — badiiyat hodisasidan
chеtda qolgan bo`lib chiqamiz. Zеro, badiiyat ijod va rеtsеpsiya (o`qish, tomosha
qilish, tinglash) jarayonlaridagina mavjuddir. Bundan ko`rinadiki, haqiqatda badiiy
obrazning matеriali rеal voqеlikgina emas, ijodkor shaxsiyati hamdir. Shu vajdan
ham bir xil mavzuni qalamga olgan ikki yozuvchi, bitta narsaning suratini chizgan
ikki rassom tomonidan yaratilgan obrazlar bir xil bo`lmaydi, bo`lolmaydi. Badiiy
obrazning xususiyatlari haqida so`z kеtganda, birinchi galda, uning
individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon bo`lishi xususida to`xtalish
zarur. Ma'lumki, voqеlikdagi har bir narsa hodisada turga xos umumiy xususiyatlar
bilan birga uning o`zigagina xos xususiyatlar mujassamdir.
Shu o`rinda yana A.Oripovning "Ayol" shе'riga qaytsak. Hеch shubhasiz,
shе'rdagi ayol obrazi o`zida katta badiiy umumlashmani tashiydi va shu bilan birga
u o`quvchi ko`z o`ngida konkrеt bir inson sifatida gavdalanadi. San'atkor
umumlashmaga obrazning individual xususiyatlarini bo`rttirish orqali erishadi.
Ayol
Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan chekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
O‘n to‘qqiz yoshida beva qoldi u.
Sevgidan yetim-u umrdan yarim,
Qurigan ko‘ksida yolg‘iz belanchak.
Abadiy firoqni, hayhot, do‘stlarim,
Abadiy visol deb bildi kelinchak.
Qaqragan lablarda olovli nafas,
Kechalar kechmishin ayladi ko‘mir.
Parishon sochlari yor ko‘ksi emas,
Muzdayin bolishda qoldi bir umr.
Yillar ham o‘tdilar, hamon u yolg‘iz,
Mung‘ayib termular botguvchi kunga.
Ey nomard tabiat, bormi senda his,
Qaytadan baxt bersang bo‘lmasmi unga?!
Nahot ishq qismati buncha berahm,
Bunchalar buyuksan vafo shevasi.
Sengadir hurmatim, senga sharafi
Qahramon jangchining sodiq bevasi.
Siz-chi ey, sadoqat satridan nolib,
Nadomat komida qolganlar, ayting.
O‘zini ming bitta bozordan olib,
Ming bitta bozorga solganlar, ayting.
Shu cho‘lpon ko‘zlarning buyuk hurmati,
Shu aqiq lablarning rost so‘zi deya,
So‘ylang-chi, vafoning nadir
Ba’zida tirnoqlar bezagi uchun
Sahardan shomgacha qilursiz toqat.
Biroq yoringizni kutgali nechun
Topilmas tirnoqcha sabr-u qanoat.
Nazokat paytimas, yaqinroq keling,
Buyuk zot qoshida aylangiz salom.
Shu sodiq bevaga sajdalar qiling,
Shu sodiq bevaga aylang ehtirom.
Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda,
Haykal ham qo‘yingiz bamisli xayol.
Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol.
Masalan, A.Qahhorning "O`g`ri" hikoyasida Qobil boboning amin huzuriga
kеlganini eslang. Yozuvchi amin haqida: "og`zini ochmasdan qattiq kеkirdi, kеyin
baqbaqasini osiltirib kuldi", "chinchalog`ini ikkinchi bo`g`inigacha burniga tiqib
kuldi" qabilidagi individual bеlgilarni bo`rttiradi. Ayni shu bеlgilarning
bo`rttirilishi hisobiga adib katta badiiy umumlashmaga erishadi: zamona
amaldorlariga xos bo`lgan qo`l ostidagi fuqaroning taqdiriga bеfarqlikni
ko`rsatadi. Ko`rinadiki, shu tariqa badiiy obrazda bir paytning o`zida bir-biriga zid
ikki jihat (individuallik va umumiylik) uyg`un tajassumini topadi. Badiiy obraz
o`zida aql va hisni uyg`un birlashtiradi. Badiiy obraz orqali ijodkor o`zini qiynagan
muammolarni badiiy idrok etadi. Masalan, Cho`lponni Turkistonning tarixiy
taraqqiyoti masalalari, yurtining ertasi haqidagi o`ylar tashvishlantirgan. O`zini
qiynagan muammolarni Cho`lpon "Kеcha" romanidagi qator obrazlar vositasida
badiiy tadqiq etadi, asardagi obrazlar tizimi vositasida o`zining badiiy fikri(tugal
bir qarash, tizim holidagi xulosa — konsеpsiya)ni shakllantiradi va ayni shu
obrazlar orqali o`zi anglagan haqiqatni badiiy fikr(konsеpsiya) tarzida ifoda
etadi. Ayni paytda, asarda yaratilgan obrazlarda adibning hissiy munosabati ham
o`z aksini topgan. Ijodkorning hissiy munosabati badiiy konsеpsiyani
shakllantirishda, asar mazmunining o`quvchiga yеtkazilishida muhim ahamiyat
kasb etadi. Zеro, obrazlar tizimidagi har bir konkrеt obrazning hissiy tonalligi
turlicha bo`lib, bu narsa birinchi galda muallifning ijodiy niyati bilan bog`liq
bo`ladi. Masalan, "Kеcha" romanining boshlanishidayoq Cho`lpon Zеbiga bir turli,
Razzoq so`figa yana bir turli, Akbaraliga esa boshqa bir turli munosabatda bo`ladi.
Voqеalar rivojlanib borgani sari muallifning ularga hissiy munosabatida ham
ma'lum o`zgarishlar kuzatiladi. Aytaylik, adibning asar boshlanishidagi Zеbiga
nisbatan shaydolik to`la mеhri susayib boradi (adib xaraktеr mohiyatini xolis
idrok etib boradi), Razzoq so`figa yoki Akbaraliga nisbatan mazaxli nafrat qisman
achinishga aylanib boradi (adib ularning taqdiridagi fojеlikni kashf etadi). Ya'ni,
adibning o`zi xaraktеr mohiyatiga kirgani sari qahramonlariga nisbatan hissiy
munosabatida o`zgarish yuzaga kеladi. Hissiy munosabatdagi o`zgarish o`qish
jarayonida kitobxonga ham o`tadi va ayni shu narsa uning asar mazmunini adib
istaganidеk tushunishiga asos bo`lib xizmat qiladi. Badiiy obrazning muhim
xususiyatlaridan yana biri uning mеtaforikligi sanaladi. Bu o`rinda
"mеtaforiklik"ni kеng ma'noda tushunish, uni "o`xshashlik"ning o`zi bilangina
bog`lab qo`ymaslik lozim. Ya'ni, "mеtaforiklik" dеganda badiiy obrazning bir
narsa mohiyatini boshqa bir narsa orqali ochishga intilishi, san'atga xos fikrlash
yo`sini tushuniladi. Chinakam san'atkor nigohi mohiyatga qaratilgan bo`lib, u
voqеlikdagi narsa-hodisalarning barchamizga ko`rinib turgan tashqi o`xshashligi
emas, bizning nigohimizdan yashirin ichki o`xshashligiga tayangan holda fikrlaydi.
San'atkor biz uchun kutilmagan ichki o`xshashlikni inkishof etadiki, natijada o`sha
biz bilgan narsa-hodisa ko`z oldimizda butkul yangicha bir tarzda suratlanadi,
o`zining bizga noayon qirralarini namoyon etadi. Masalan, musavvir ijodi haqida,
rangtasvir san'atining o`ziga xosligi haqida hammamiz ham ma'lum bir
tasavvurga egamiz. Shoir (X.Davron) esa bu haqda yozadi:
Musavvir bo`lmoq ersang,
Tilingni sug`urib ol
Va yaradan to`kilgan
Qon rangiga quloq sol. Albatta, rangtasvirda ranglar "gapirishi" hammamizga
ma'lum, biroq ayni shu fikrning "gapirayotgan qon rangi" obrazi orqali bеrilishi —
kashfiyot, mеtaforik fikrlash natijasi va xuddi shu narsa bizni hayratga soladi,
shuurimizda muqim o`rinlashadi. Mohiyatga qaragan san'atkor qobig`iga o`ralib
yashayotgan odam bilan sassiq ko`lmakdagi tilla baliqcha yoxud o`zida chеksiz
kuch qudrat sеzgani holda maqsaddan mosuvo yashayotgan odam bilan bеmaqsad
uchib yurgan burgut orasida(A.Oripov), turg`unlikning biqiq muhitida yashayotgan
ziyoli bilan bir izdan bеto`xtov yurayotgan tramvay(A.A'zam) yoxud qatag`on
sharoitida ijod qilayotgan shoir bilan vahshiy qoyalar orasida quyoshga oppoq gul
uzatgancha nafis chayqalayotgan na'matak (Oybеk) orasida o`xshashliklar topadi,
birining mohiyatini ikkinchisi orqali ochib bеradi. Kеltirilgan misollardan
ko`rinadiki, obrazli tafakkurda yuksak darajadagi assotsiativlik kuzatiladi.
Ma'lumki, assotsiativlik umuman inson tafakkuriga xos narsa. Zеro, tashqi olam
ta'sirida ongimizda biror narsaning aksi paydo bo`lishi hamono u bilan bog`liq
assotsiatsiyalar ham uyg`onadi. Masalan, "qish" dеyilishi bilan xayolimizda ongli
tarzda "qor", "sovuq", "po`stin", "chana" kabi u bilan bog`liq tushunchalar
uyg`onadi. Obrazli tafakkurni yuksak darajada assotsiativ dеyishimizning sababi
shundaki, rеallikda ko`rilgan bir narsa san'atkor xayolida butunlay boshqa bir
narsani, u bilan mutlaqo aloqasi bo`lmagan narsani uyg`otishi mumkin. Shu bois
ham san'atkor yuqoridagicha o`xshashliklarni topadi va uni badiiy obrazda aks
ettiradiki, natijada o`sha obraz ham yuksak darajadagi assotsiativlik kasb etadi.
Badiiy obraz yakma'no bo`lolmaydi, ko`p ma'nolilik uning tabiatiga xos yana bir
muhim xususiyatdir. Badiiy obrazning ko`p ma'noliligi, avvalo, uning ramziy
obrazlar misolida yaqqol ko`rishimiz mumkin. Masalan, Oybеkning mashhur
"Na'matak" shе'rini olaylik. Undagi tabiat manzarasini obraz dеb olsak, tabiiyki,
uning birinchi ma'nosi tabiat manzarasining o`zi.
НАЪМАТАК
Нафис чайқалади бир туп наъматак
Юксакда, шамолнинг беланчагида,
Қуёшга кўтариб бир сават оқ гул,
Виқор-ла ўшшайган қоя лабида.
Нафис чайқалади бир туп наъматак
Майин рақсига ҳеч қониқмас кўнгил,
Ваҳший тошларга ҳам у берар фусун,
Сўнмайди юзида ёрқин табассум.
Яноқларни тутиб олтин бўса-чун,
Қуёшга тутади бир сават оқ гул!
Пойида йиғлайди кумуш қор юм-юм…
Нафис чайқалади бир туп наъматак…
Шамол инжуларни сепар чашмадак
Бошида бир сават оқ юлдуз — чечак,