BADIIY ASARNING BIOGRAFIK TAHLILI
REJA:
1. Badiiy asar va matnni tahlil etish yo’llari taraqqiyoti
2. Qadimgi Sharq adabiyotida badiiy asar va muallif masalasi
3. Badiiy asar va ijodkor shaxsiyati muammosi
4. Badiiy ijod va ijodkor labaratoriyasi masalasi
5. Badiiy asarni biografik tahlil etish usuli
6. Ijod va ijodkor olami masalasi
7. Badiiy biografik asarlar tahlili
8. Biografik tahlilning tayanch omillari
9. Shoir shaxsiyati, muallif. Maishiy hayot. Turmush-tarz. Falsafiy qarash. Intim
hayot…
Tayanch tushunchalar:
Badiiy asar. Matn tahlili. Biografik tahlil. Shoir shaxsiyati. Ijodkor labaratoriyasi.
Muallif va badiiy asar. Ijod va ijodkor dunyosi. Biografiya. Avtobiografiya.Hasbu-
hol. Biografik asarlar. Ijodkor hayoti. Badiiy qahramon va ijodkor. Muhit va ijod.
Davr va ijodkor. Hayot va adabiyot. Maishiy hayot. Ijtimoiy kelib chiqish. Ruhiyat.
Falsafiy qarash. Intim hayot.
ADABIYOTLAR:
1. Q. Yo‘ldoshev, M. Yo‘ldosheva. Badiiy tahlil asoslari. O‘quv qo‘llanma. T.
Kamalak. 2016.
2. Йўлдошев Қ. Ёниқ сўз. –Т.: «Янги аср авлоди», 2006.
4. Karimov B. Ruhiyat alifbosi. – T.: G‘.G‘ulom nimidagi nashryot matbaa-ijodiy
uyi , 2018.
5. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – T.: “O`zbekioston”, 2000.
6. Mustaqillik davri adabiyoti, – T.: “G`.G`ulom nomidagi matbaa ijodiy
uyi”,2006.
7. Jo`raqulovU. Hududsiz jilva. – T.: “Fan”, 2006.
8. KarimovB. Abdulla Qodiriy. – T.: “Fan”, 2003.
9. Ibrohim Haqqul. She`riyat ruhiy munosabat. “G`.G`ulom nomidagi adabiyot va
san`at nashryoti”,
10. Rasulov A. Tanqid, talqin, baholash.– T., fan. 2006.
Badiiy ijod namunasini biografik o’rganish yo’lidagi ilk qadamlar XIX asrning
birinchi yarmi fransuz ilmiy-adabiy muhitida ko’zga tashlanadi. Yevropa ijtimoiy
muhitiga Uyg’onish davridan meros o’laroq shakllangan gumanizm konsepsiyasi
inson shaxsiyatining ekssentrik tadqiq obyekti maqomini egallashiga olibkeldi.
Borliq va mavjudlik, voqelik va harakat, makon va zamon kabi global hodisalar
inson va uning shaxsiyati negizida talqin etila boshladiki, mohiyatan ularning
barchasini qamrab olish qudratiga ega bo’lgan badiiy ijod muammosi ayni
jarayondan chetda qolishi mumkin emas edi. Jahon adabiyoshunoslari tomonidan
biografik metodning asoschisi deb e’tirof etilgan SharlSent-Byov (1804-1869)
1821 yili Burbon nomidagi kollejda ta’lim olar ekan, falsafa o’qituvchisi Damiron
o’z shogirdlariga har qanday ijod namunasi muallif shaxsiyati bilan bir butunlikda
o’rganilishi lozim, degan fikrni uqtirar edi. Damiron ma’ruzalariga asos bo’lgan
«Fransuz falsafasi tarixi» talaba Sharlning eng sevimli kitobiga aylanadi. Uning
dastlabki ilmiy tadqiqoti ham aynan falsafiy mavzuda bo’lib, «Barhayot ruh
haqida» deb nomlanadi. Kollejda va keying ta’lim jarayonlarida tabiat, fiziologiya,
ximiya, medisina, mantiq, til va adabiyot ilmlarini mukammal o’rgangan Sent-
Byov uchun Damiron fikrlari tayanch konsepsiya bo’lib qoladi.1825 yilda Parijda
nashr etila boshlagan, Pushkin, Karamzin, Stendal kabi mashhur yozuvchilar
asarlari chop qilingan «Glob» gazetasi nafaqat u davr fransuz ziyolilarining, balki
umumevropa ziyoli qatlamining ilg’or qarashlarini aks ettirar edi. Gazeta chop
etgan qator maqolalarda badiiy ijod namunasiga yangicha yondashuv masalasida
bahs-munozaralar kuzatiladi. Xususan, badiiy asarni uning muallifi tabiati,
iste’dodi, psixologik holatlari bilan sintez etaroq tadqiq qilish, ijod jarayoniga
individual yondashish, o’sha davr fransuz ilmiy-adabiy muhitining dolzarb
muammosiga aylangan edi. Sent-Byovning dastlabki taqrizlari, adabiy-tanqidiy
maqolalari ham aynan «Glob» gazetasida nashr etilgan. Keyinchalik uning fransuz
klassiklari Rasin, Bualo, Lofantenlar ijodiy merosiga, zamondoshi V.Gyugoning
«Oda va balladalar» to’plamiga doir jiddiy tadqiqotlari chop qilindi. Shuningdek,
Sent-ByovXVI-XIX-asrlar fransuz she’riyati va dramaturgiyasi tarixiy taraqqiyoti
ustida ham tadqiqotlar yozdi. Biroq bu kabi sof tarixiy-badiiy muammolar talqinida
ham Sent-Byovga xos individual tahlil tamoyili yetakchilik qiladi. Bu jihat
olimning har qanday tarixiy davr silsilasida muayyan ijodkorning o’rniga urg’u
berganida ko’rinadi. Uning ilk adabiy portretlari Kornel, Bualo, Lofanten va,
ayniqsa romantizm adabiyotining qator vakillari haqida bo’lib, 1829 yildan
boshlab «Revyu Parij» jurnalida nashr etilgan. XIX asrning 30-yillarida Sent-Byov
Por-Royal adabiy-diniy maktabi faoliyatini o’rgandi. Nafaqat fransuzlarning, balki
butun Yevropa ruhoniy adabiyoti va tafakkur tarzini ifoda etuvchi bu maktab
haqidagi tadqiqotlari besh jilddan iborat bo’lib, 1838-1859 yillar orasida nashr
etilgan. Sent-Byovning «Konetityusionnel» jurnali bilan qilgan ijodiy hamkorligi
natijasi o’laroq 15 jilddan iborat «Dushanbadagi suhbatlar», 13 jildlik «Yangi
dushanbalar» nomli tadqiqotlari maydonga keldi. Ushbu tadqiqotlarning manbaviy
ko’lamini hoyatda keng. Ularda muayyan adabiy-tarixiy davrlar hamda alohida
faylasuf, yozuvchi, shoirla rijodi xususida so’z yuritiladi.
Xullas, Sent-Byov tomonidan o’z davri ilmiy doirasi uchun yangilik sifatida
taqdim etilgan biografik tadqiq yo’nalishi uch yirik omilga tayanadi. Bularning
birinchisi, ildizlari antic dunyo ijtimoiy tafakkuriga borib bog’lansa-da,
boshlang’ich aniq harakatni Uyg’onish davridan olgan shaxs konsepsiyasi.
Ikkinchisi, Sent–Byov yashab ijod etgan jamiyatdagi fikriy yangiliklar, madaniy-
tarixiy, falsafiy-psixologik, ilmiy-adabiy qarashlar. Uchinchisi, bevosita Sent-Byov
shaxsiyati, ijodiy, ilmiy, ijtimoiy faoliyati hisoblanadi. Sent-Byov tadqiqotlarida
muayyan shaklga kirgan biografik metod keyinchalik uning qator izdoshlari
tomonidan davom ettirildi, rivojlantirildi. Xususan, «Adabiyot tarixiga kirish»
(1848) asarining muallifi Lakomb, «Adabiyotni ilmiy tadqiq etishu sullari» (1900)
asari muallifi Renar, o’tgan asrning 20-60-yillarida biografik metod muammolari
bilan shug’ullangan Maks Verli, Viktor Jiro, Valter Mushg, D. Shtolnis va boshqa
qator olimlarning ishlari shu jumladandir. Badiiy asar va ijodiy jarayonni biografik
o’rganish tarafdori bo’lgan Yevropa olimlari orasida Sent-Byovdan qariyb yuz yil
keyiny ashagan Andre Morua (1885-1967) ijodi alohida ajralib turadi. Sent-
Byovgacha va undan keyin maydonga kelgan ilmiy qarashlar, o’ziga xos
tadqiqotlar Andre Morua imkoniyatlarini nisbatan kengaytirgan edi. Bundan
tashqari yosh Yemil Yerzog (A.Moruaning xaqiqiy ismi sharifi) 1901 yilning
oktyabr oyida Kornel nomidagi kollejda davrining yetuk mutafakkiri Alen bilan
uchrashadi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan boshlab, uning shogirdiga
aylanadi. Yosh Yemilga Alen tomonidan o’qtirilgan gumanizm konsepsiyasi
bo’lajak olim ilmiy –falsafiy qarashlarining o’zagiga aylanadi. Andre Moruaning
butun ilmiy-ijodiy faoliyati adabiy jarayonni biografik talqin etishga qaratilgan.
Tadqiqotchilarning qayd etishicha, «Morua ijodiy evolyuiyasi Shellidan
Balzakkacha bo’lgan biografik tadqiqotlarda namoyon bo’ladi». A.Moruaning
«Labryuyerdan Prustgacha» (1964), «Prustdan Kamyugacha» (1963), «Jiddan
Sartrgacha» (1965), «Aragondan Moterlangacha» (1967) sarlavhalari ostida nashr
etilgan to’rt jildlik yirik tadqiqotida biografik metodning ilmiy-nazariy prinsiplari
o’z ifodasini topgan. Biografik metodning yevropacha talqindan bir qadar farqli
ko’rinishi sobiq sho’ro davri adabiyoshunosligida ham kuzatiladi. XX asrning 20-
yillarida G.O.Vinokurning «Biografiya va madaniyat» kitobi ayni muammo
talqiniga qaratilgan edi. Ayniqsa, 60-70-yillarda nashr etilgan «Ilmiy ijod», «Ilmiy
kashfiyot va uni qabul qilish», «Zamonaviy psixologiyada ilmiy ijod», «Adabiy va
ilmiy ijod» kabi ilmiy to’plamlarda biografik metod va ijodiy jarayon muammolari
tadqiq etiladi. Shu yillari Fanlar akademiyasi tomonidan ushbu mavzuda bir nechta
yirik simpoziumlar uyushtirilgan. «Ajoyib kishilar hayoti» (JZL) ruknida qator
ilmiy biogrofiyalar nashr etila boshlaganki, ushbu an’ana bugungacha davom etib
kelyapti. Yirik olimlar B.M.Kedrov, M.G.Yaroshevskiy, B.S.Meylax,
A.Mashkovskiylarning qator tadqiqotlari aynan biografik metod masalalarini
o’rganishga qaratilgan.
XX asr o’zbek adabiyoshunosligida ham yozuvchilar, olimlarining adabiy
portretlariga bag’ishlangan risolalar, biografik o’rganish muammolariga qaratilgan
doktorlik va nomzodlik tadqiqotlari ma’lum. Ammo ularda bu metodni yangi
konsepsiyalari bilan boyitadigan aniq xulosalar uchramaydi.
Ko’rinadiki, biografik metod o’zining manbaviy va xronologik ko’lami,
ta’sir doirasi jihatidan, muayyan salmoqqa ega. Jahon tan olgan yirik olimlar bu
metodga e’tibor bilan qaraganlar. Uni jiddiy ilmiy muammolarga tatbiq etganlar.
Ammo, shunga qaramasdan, biografik metodning markaziy konsepsiyalari, ilmiy-
nazariy prinsiplari, metod sifatidagi o’ziga xos jihatlari, boshqa tadqiq metodlari,
fan sohalari bilan aloqadorligi masalalarini umumlashtiruvchi metodologik
tadqiqotlar mavjud emas. Shuning uchun bo’lsa kerak, ilmiy-biografik
tadqiqotlarda, tadqiqotchilik metodologiyasiga doir nazariy asarlarda, terminologik
lug’atlarda bu metodning aniq ilmiy ta’rifi, spesifik jihatlari o’z aksini topmagan.
Barcha ilmiy tadqiqot metodlari kabi beografik metod ham doimiy rivojlanish,
o’zgarish xususiyatiga ega bo’lsa-da, turli davrlarda yaratilgan tadqiqotlarda bir
qadar tarqoq holatda mavjud bo’lgan konseptual fikrlarni umumlashtirish,
biografik tadqiq usulining metodologik prinsiplarini belgilash, maqsadga
muofiqdir. Biografik metod mohiyatida inson shaxsiyati turadi. Ayni jihati bilan
mazkur metod universal xarakter kasb etadi. Ya’ni ijodkor va ijod mahsulini
sintezda o’rganish yo’lidagi harakat, eng avvalo, barcha fanlar, falsafalar, tadqiq
metodlarini istifoda etishni taqazo qiladi. Qolaversa, bugungacha mavjud har
qanday tafakkur shakllarining inson fenomeni doirasida markazlashuvi ushbu
metodning universallik darajasini oshiradi. Beografik metod obyekt tanlanmaydi.
Uni ijodning har qanday turi (amaliy, nazariy) va har qanday shakli (fan-texnika,
san’at, siyosat, madaniyat)ga nisbatan qo’llash mumkin.Ushbu metod ijodkor
biografiyasidan faqat axborot manbai sifatida foydalanmaydi, balki bunda ijodkor
biografiyasi bir butun tizim o’laroq ijod mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Bu
shunday tizimki, ichki strukturasi jihatidan ko’plab mukammal tizimchalarni o’zida
mujassam etadi. Shuningdek, ijodkor hayoti va faoliyatini atroflicha qamrab
olishga qaratiladi.Biografik metodning o’ziga xosligi ijodkor individualligi
muommosini tadqiqot markaziga qo’yishida ekani bois, ularda genetik faktor
yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Garchi sho’ro davri olimlari ijodkor
shaxsiyatini genetik- biologik talqin etish «vulgarcha, pozitivistcha xulosalarga
olib kelgan»ligini qayta-qayta ta’kidlashgan bo’lsa-da, biografik tadqiq ushbu
foktorni chetlab o’tishi mumkin emas. qolaversa, adabiyotni o’rganishda «irq»,
«muhit», «vaziyat» birligi nazariyasini ilgari surgan Ipolit Ten Sent-Byov bilan
yaqin do’st bo’lgan va tabiiy ravishda, unga o’z ta’sirini o’tkazgan. Genetik nuqtai
nazardan o’rganilgan individuum ijodiy jarayonga xos o’ta nozik holatlarni
tushunishga qo’l kelganiga shubha yo’q. Ijodkor maishiy, ijtimoiy muhit ta’siri
ostida o’zlashitirishi ehtimoldan uzoq bo’lgan, bir qarashda g’ayrioddiy tuyuluvchi
ba’zi xususiyatlar ildizi uning qadim ajdodlari ongi va ruhiyatida yashagan
«genetik xotira»ga borib tutashadiki, bunday holat talqini uchun albatta genetika
tajribalariga suyanish lozim bo’ladi.Sent-Byov J.J. Russo haqidagi ishida ijodkor
nutqidagi bir oz «qo’pollik», «soddalik», «dangallik», «yashirin iztirob»larni uning
shogirdi arisokrat Shatobrianga qiyosan izohlar ekan, shunday yozadi: «U ajdodlari
bilan faxrlana olmasdi. Shu bois unda eslash bir oz og’irroq, sirli iztiroblarga
yo’g’rilgan, qashshoq ajdodlariga tortadigan nimadir yashar edi». Ijodkorga xos bu
kabi holatlar badiiy asarda bir yoki bir nechta qahramon tabiatiga singgan bo’lishi
mumkin. Ba’zan esa asarning umumg’oyasi, tili, uslubi hatto kompozision
qurilishigacha ta’sir o’tkazishi ehtimoldan xoli emas. Gyotening «uslub-bu odam»,
Floberning «Bovariy xonim-mening o’zimman», degan obrazli fikrlarida shunga
ishora bor. Badiiy asarni o’rganishda muallifning intim hayotiga urg’u berish Sent-
Byov va uning g’arblik izdoshlari tadqiq usulidagi yetakchi xususiyat sifatida
qaraladi. Ko’pincha biografik metodning cheklangan tomonlarini ham shu bilan
izohlashga bo’lgan urinishlar kuzatiladi. Aslida intim hayotning muallif
biografiyasi va ijodini sintez qilib o’rganishdagi o’rni qanday? Haqiqatan ham bu
jihat biografik metod imkoniyatlarini cheklaydimi?Agar insonning tabiiy
intilishlari, o’z hissiy dunyosiga munosabatini xolis baholaydigan bo’lsak, bu jihat
jamiyat yoki muayyan inson faoliyatida katta o’ringa egaligiga shubha qilmaymiz.
Adoqsiz zamon va makon qatlamlarini o’zida mujassam etgan eposlardan tortib,
insonning lahzalik kayfiyatini aks etiruvchi kichik lirik asarlargacha, ijodning
kollektiv shaklidan, individual ko’rinishigacha intim holatlar muhrlanmagan biror
asarni uchratish mumkin emas. Barcha mashhuru nomashhur shoirlar ijodining ilk
namunalari albatta intim holatlarga bog’liq bo’ladiki, bu tomonni chetlab biografik
tadqiqot yaratib bo’lmaydi. Intim hayotning ijod jarayoni bilan munosabatini
o’rganish, tadqiqotchidan so’zsiz individual yondashuvni talab etadi. Chunki bu
o’ta nozik holat bo’lib, uni individuum hayoti va ijod psixologiyasiga ta’sir
darajasi, funksional jihatlari boshqa shaxs, holat yohud vaziyatda hyech qachon
takrorlanmaydi. Ba’zan esa intim hayot munosabatlari o’zining g’ayritabiiy
natijalari bilan bir-birini inkor etishi ham mumkin. Yevropa dunyosini o’zining
ishqiy sarguzashtlari bilan hamon hayratga solib kelayotgan XVIII asr «Don Juani»
J.J.Kazanova ijodining negizida tom ma’noda real jinsiy faoliyat yotadi.
Tadqiqotchilarning qayd etishicha, uning barcha asarlaridagi, bir qarashda obrazli
talqin bo’lib tuyuladigan, voqyealar, prototiplar, detallar, epitet va tashbehlar mana
shu real faoliyatning mahsuli hisoblanadi. Ayni masalada Kazanovaning
paradoksal shakli sifatida M.Prustni ko’rsatish mumkin. Agar Kazanova ijodi
jinsiy-avantyura negizida shakllangan, g’arb jamiyati nazarida muayan cho’qqini
egallagan bo’lsa, M.Prust talqinida birgina bo’sa haqiqiy muhabbat tuyg’usiga
putur yetkazadi. Ijod dunyosi bilan bog’liq bu ikki holat ijodkor intim hayotini
minimumdan maksimumgacha ifoda etadi. Ya’ni intim hayotning barcha boshqa
shakllari shu ikki holat o’rtasida mavjud bo’ladi. Demak, har qanday ijod u yoki bu
darajada intim hayotga bog’liq va biograf-tadqiqotchining bu nuqtaga urg’u berishi
behuda emas.
Biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkorning maishiy
turmushi sanaladi. Ijodkorning oila turmushi, qarindosh-urug’lari, do’st birodarlari
bilan munosabati, yashash tarzi, unga doir odatlar (jestlar), buyumlar va
hokazolarni qamrab oladigan bu omil bir qarashda unchalik muhim tuyulmasligi
mumkin. Lekin ijodkor hayotida ro’y beradigan g’ayrioddiy holatlar, olamshumul
voqyealarga nisbatan nihoyatda ko’p foizni tashkil etuvchi odatiy hayot tarzi
bevosita maishiy turmush bilan bog’liqki, bu ko’p jihatdan ijod namunalarida o’z
muhrini qoldiradi. Shu bois, ijod jarayonini individual aspektda tahlil etuvchi
barcha tadqiqotlarda ijodkor biografiyasi mumkin qadar qamrab olinadi. Chunki
ijodkor biografiyasining xronologik talqini maishiy turmushga doir fakt va
dalillarni muayan ketma-ketlikda ifoda etadi. Sh.Sent Byov yozadi: «Adabiy tanqid
sohasida va adabiyot tarixida buyuk odamlar biografiyasi kabi yurakka yaqin,
go’zalroq, ibratliroq narsa kamdan-kam uchraydi». Uning ta’kidlashicha,
biografiya muallif hayot yo’lining shunchaki bayoni emas. Haqiqiy biografik
tadqiqot yuzaga kelishi uchun tadqiqotchi ijodkor «ruhiyatiga kirishi», «uni turli
qirralarini ko’rsata bilishi, bu insonni harakat qilishiga, gapirishga, nafas olishiga
majbur etishi», «eng muhimi, uni oila davrasida, o’ziga xos odatlari bilan tasavvur
eta olishi» lozim. Negaki, «buyuk ijodkorlar ham oddiy odamlar kabi mayda
turmush tashvishlaridan xoli bo’lmaydilar». Adabiyot tarixida mashhur
ijodkorlarning aynan tirikchilik vajidan asar yozganlari haqida dallilar ko’plab
uchraydi. Qashshoqlik, kundalik turmush sharoitning yomonligi ba’zi hollarda
shedver asarlarning dunyoga kelishiga sabab bo’lsa, ba’zan teskari natija beradi.
Sent-Byov buyuk fransuz mutafakkiri D.Didro haqidagi tadqiqotida bo’lajak
mutafakkirning bir kunlik yeyish-ichishiga bor-yo’g’i olti su sarflagani, shu bilan
qanoatlanib qizg’in ijod bilan shug’ullanganini yozadi. Adabiyot tarixida shunday
dalillar ham uchraydiki, ijodkorning maishiy hayotida ro’y bergan favqulodda
hodisa keyinchalik o’zining individuallik doirasidan chiqib, universal funksiya
bajara boshlaydi. XVIII asr ingliz sentimental adabiyoti vakili Yeduard Yungning
(1683-1765) maishiy hayotiga doir bir voqyea bunga yorqin misol bo’la oladi.
1742 yilda Yeduard Yungning xotini va tutingan qizi vafot etishadi. Shundan so’ng
u tamomila tushkun kayfiyatga yo’liqadi. Bunday kayfiyat tabiiy ravishda uning
ijodida ham aks etadi. Shoir tomonidan 1742-1745 yillar orasida yozilgan
«Insoniyat yoxud hayot, o’lim va boqiylik haqida tungi o’ylar» poemasi ayni
kayfiyatning maxsuli bo’lib, unda insonning taqdir iplari bilan bog’lab
tashlanganligi, ojizligi, umrning bevafoligi xususida so’z yuritiladi. Ye.Yungning
bu asari o’z davri adabiy muhitiga katta ta’sir ko’rsatadi va shu ta’sir negizida
yangi bir she’riy yo’nalish-«qabriston she’riyati» maydonga keladi.
Umuman, ijodkorning maishiy hayoti va ijod jarayonni bilan bog’liq bunday
holatlar biografik tadqiq jarayonida muhim o’rin tutadi.Badiiy asarni tadqiq etishda
biografik metod tayanadigan omillardan yana biri ijodkor falsafasidir.
Tadqiqotchi–biograf muayyan ijodkor asarini, ijodiga xos muhim nuqtani
belgilashga urinar ekan, uning uchun bunday tadqiqotlar qanday falsafiy asosga
ega ekanini bilish, muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday ijodkor hayoti
davomida anglagan falsafasi asosida faoliyat yuritadi, ijod qiladi, muhim badiiy
konsepsiyasini ilgari suradi. Falsafiy omil o’ta keng tushuncha bo’lib, ijodkor-
shaxsning o’zi bilangina bog’liq emas. Bunda ijodkor yashagan ijtimoiy muhit, u
muloqotda bo’lgan ilmiy-adabiy doiralar, u o’qigan kitoblar, uning ijtimoiy
mavqyei va hokazolarning o’rni katta bo’ladi. Shu va shu kabi qismlar birlashib,
ijodkor falsafasi, degan fenomenni tashkil etadi. Shuni ham unutmaslik kerakki,
har qanday biografik tadqiqot falsafiy omildan holi bo’la olmaydi. Ammo tabiatan
falsafiy-badiiy talqinga moyil ijodkorlarni o’rganishda bu omil o’ziga xos natija
beradi. Badiiy ijodda aks etgan falsafiy konsepsiyalar asos nuqtai nazari bilan ikki
xil bo’lishi mumkin. Bularning birinchisi, an’anaviy bo’lib, ijodkor zamonigacha
mavjud bo’lgan va uning zamoniga doir falsafiy fikrlardan kelib chiqadi. Falsafiy
badiiy talqinning bunday shakli nisbatan universalroq mohiyat kasb etadi. Ya’ni
har qanday yozuvchi, shoir yoki dramaturg inson fenomenini turli vaziyat va
holatlarda tasvirlar ekan, umuminsoniyat tomonidan qabul qilingan falsafiy
qarashlarni bilib yoki bilmay istifoda etadi. Biroq bu o’rinda muallifning maqsadi
falsafa yurgizish emas, asar qahramoni tabiatini yorqinroq ifoda etish, umumpoetik
g’oyani teranroq yoritishdan iborat bo’ladi. Falsafiy–badiiy talqinning ikkinchi
shakli ham yuqoridagi elementlardan tamomila xoli bo’la olmaydi. Shu bilan birga,
bunda individual talqin yetakchiligi ko’zga tashlanadi. Shu xarkterdagi asarlar
mualliflari esa aynan falsafaga moyil ijodkorlar sirasiga kiradilar. Ular har qanday
umuminsoniy voqyelikdan falsafiy xulosalar yasashga moyil bo’ladilar.Yana bir
narsani ta’kidlash joizki, badiiy ijodda falsafiy omilning namoyon bo’lishi ijodkor
hayotidagi tragik vaziyatlar bilan ham bog’liq bo’ladi. Ma’lumki, qadim yunon
adabiyoti nomayandasi Gesiod o’zining mashhur «Mehnat va kunlar» nomli
didaktik asarida umuminsoniy, umumfalsafiy muommolar ustida ham so’z yuritadi.
Insoniyat hayotini oltin, kumush, mis kabi turli davrlarga ajratib, uning davrlar
oqimi bo’ylab tubanlashib borayotganiga urg’u beradi. Uning bunday fojiaviy
xulosaga kelishiga sabab esa noqobil, xudbin ukasi Persning qilmishlari bilan
bog’liq edi. Yevropa uyg’onish adabiyotining asoschisi Dante Aligyeri esa pok
muhabbati Beatriche o’limidan so’ng (1290) butun vujudi bilan falsafaga sho’ng’ib
ketadi. Arseniy Gulo’ga Fridrix Vilgelm Yozef Shelling (1775-1854) haqidagi
biografik tadqiqotida shunga yaqin holatni qayd etadi. Bunga ko’ra, XIX asr 90-
yillari so’ngida Shellingning go’zal ma’shuqasi Avgusta Beler yuqumli kasallikdan
vafot etadi. Bunday ayriliqdan chuqur qayg’uga tushgan Shelling butun alamini
ishdan oladi. Shu yillari uning naturofilosofiya nazariyasi va san’at falsafasiga doir
mashhur tadqiqotlari, «Gans Viderpostning epikurona ishonch ramzi» nomli
poemasi dunyoga keladi.
Andre Moruaning «Adabiiy portretlar» asarida Labryuyerdan Alengacha
bo’lgan buyuk ijodkorlarga murojaat etilgan. Biroq bularning orasida faqat Antuan
de Sent-Yekzyuperi ijodigina «Filosofiya» degan alohida sarlavha ostida tadqiq
etilgan. «Ba’zi odamlar,-deb yozadi Morua «Filosofiya» bo’limi debochasida, Sent
Yekzyuperi uchun yozuvchiligi, samo sayyohi ekanligining o’zi kifoya, deb
o’ylaydilar va aytadilarki: «Nega u faylasuf bo’lmagani holda falsafa yuritishga
urinadi». Menga esa uning aynan faylasufligi yoqadi». Sent-Yekzyuperiga xos,
Andre Morua ta’kidlagan falsafa ijodkorning individual falsafasiga yorqin misol
bo’la oladi. A.Morua talqiniga ko’ra, yozuvchining shaxsiy qarashlari badiiy
voqyelik qatlarida muayyan obraz falsafasi o’laroq namoyon bo’ladi.
Xullas, badiiy ijod jarayonida kuzatiladigan bunday jihatlar biograf-
tandqiqotchining ham ma’lum ma’noda faylasuf bo’lishini va jahon falsafasi
tarixini bilishini talab etadi. Sho’ro davri tadqiqotchilari biografik metodning
xorijdagi namoyondalarini ko’pincha ijodkorning ijtimoiy muhit prizmasida
o’rganmaslikda ayblar edilar. (Ma’lumki, Ijodkor biografiyasiga markscha
yondashuvning muhim sharti sifatida «yozuvchi yoki olim ijodini ma’lum
ijtimoiy–tarixiy faoliyatning inkosi o’laroq tadqiq etish» edi.) Biroq biografik
metodning yirik vakillari Sh.Sent-Byov, A.Morua tadqiqotlariga xolis yondoshsak,
bunday qarashlar o’zini oqlamasligiga amin bo’lamiz. Avvalo shuni ta’kidlash
kerakki, biografik metodning kurtaklari bevosita ijtimoiy muhitdagi muayyan
o’zgarishlar ta’sirida maydonga kelgan. Xususan, Sent-Byov o’zining matbuotdagi
chiqishlari bilan ijtimoiy tafakkur vakili sifatida namoyon bo’ladi. Uning: «Asl
tanqidchi jamotchilikdan yuqori turadi, ijtimoiy fikrni boshqaradi, agar jamiyat
turg’unlikka yuz bursa, to’g’ri yo’ldan adashsa, bunday bo’ron paytida baralla
ovozda ularni to’g’ri yo’lga chorlaydi», degan so’zlari rus tanqidchisi V.Belinskiy
fikrlarini yodga soladiki, ba’zi sho’ro tanqidchilari bu ikki olim qarashlarini
ziddiyatda talqin etishga mayl ko’rsatadilar. Ikkinchidan, Sent-Byov va
A.Morualarning deyarli barcha tadqiqotlarida ijodkor-obyekt qizg’in ijtimoiy
faoliyatda o’rganiladi. Misol tariqasida A. Moruaning Shatobrian haqidagi
tadqiqotini keltirish mumkin. Tadqiqot markazida Shatobrianning o’ta shaxsiy va
psixologik asari «+abrdan maktublar» (Zamogilno’ye zapiski) turadi. Agar sho’ro
tadqiqotchilarining g’arb biograf-tadqiqotchilari haqidagi fikrlariga ishonadigan
bo’lsak, A.Morua ushbu asar asosida Shatobrianning ruhiy dunyosiga, qalbining
eng qorong’u nuqtasigacha kirishi, tom ma’noda individual talqinga berilishi lozim
edi. «+abrdan maktublar» asariga xos sentimental tasvir, tushkun kayfiyat,
intellektdan ko’ra hissiyotning ustunligi bunday talqinga yuz foiz izn berar edi.
Lekin asar ko’proq Shatobrian shaxsiyati, ijtimoiy faoliyati, siyosiy qarashlrini
yoritish maqsadida o’rganiladi. Bunday tushkun ruhdagi asarning yuzaga kelishi
ham Fransiyaning Germaniya va Angliyadagi elchisi bo’lib ishlagan yozuvchiga
nisbatan qilingan tazyiqlar, u kuzatgan xalqlarning turmush tarzi, uning ijtimoiy
pozisiyasi nuqtai nazaridan talqin etiladi. Bunday misollarni xorijda yuzaga kelgan
biografik tadqiqotlarning aksariyatida uchratish mumkin. Uchinchidan, biz
yuqorida biografik metodning tom ma’nodagi ijtimoiy tushuncha-gumanizm bilan
bog’liqligi haqida so’z yuritdik. Holbuki, badiiy ijodga gumanistik yondashuv
istasak-istamasak ijodkor va badiiy obraz, real voqyelik va badiiy voqyelik, hayot
va poetik mazmun sintezni talab etadi. Bunday talqining esa ijtimoiy
komponentdan xoli bo’lishi mumkin emas. Bu haqida rus olimi M.Treskunov
shunday yozadi «Sent-Byov o’zining tanqidiy etyudlarida biografik talqin orqali
ijodkor shaxsiyatini tushunishga, tushuntirishga urinadi. Buni to’g’ri anglamasdan
turib, Sent-Byov tadqiqotlarini tarixiy nuqtai nazaridan xolis baholash mumkin
emas. Boshqa burjua tadqiqotchilaridan farqli o’laroq, u yozuvchi shaxsiyatini
badiiy ijodning yagona substansiyasi deb hisoblamagan. Aksincha, uning ishlarida
ijodkor shaxsiyati makon va davr ruhiyatini aks etiruvchi oyna sifatida
tushunilgan».
Demak, biografik tadqiqotning ijtimoiy voqyelik bilan mushtarak jihatlari
talaygina. Aniqrog’i ijtimoiy voqyelikdan yuz foiz uzilgan biografik tadqiqot hech
qachon o’zini oqlamaydi. Ijod jarayoni ma’lum darajada muallifning psixologik
holatlari bilan bog’liq. Shu bois psixologik omil biografik metod uchun muhim
sanaladi. Ko’p hollarda buning psixobiografiya deb atalishi ham shundan. Buni
Sent-Byovning o’zi ham e’tirof etib, shunday yozgan edi: «Mening tanqidim
ixtiyorsiz ravishda har bir yozuvchi, har bir asarni psixologik tadqiq etishga
qaratiladi». Uning fikricha, psixologik talqin iqtidoriga ega bo’lgan tadqiqotchidan
biror yozuvchi, ayniqsa, shoir o’ta teran sirlarini ham yashira olmaydi. Psixologik
omil biografik tadqiqot uchun ikki yoqlama ahamiyat kasb etadi. Buning birinchisi,