Badiiy asarning kontekstual va immanent tahlil tahlili
REJA:
1. Tahlil va talqin tushunchalari, ularning tushunish jarayonidagi nisbati haqida.
2. Badiiy asarni tushunish jarayonidagi ob’ektiv va sub’ektiv jihatlar.
3. Kontekstual va immanent tahlil.
4. Tahlil metodlari.
Tayanch tushunchalar: Tahlil, talqin, tahlil maqsadi, kontekstual tahlil, immanent
tahlil, tahlil metodlari.
Adabiyotshunoslikda tahlil va talqin tushunchalari juda keng qo‘llanilib, ular
badiiy asarni tushunish jarayonining bir-biriga bog‘liq jihatlaridir. Badiiy asarni
tushunish, uning mazmun mohiyatini anglash jarayonida tahlil va talqin amallari
har vaqt hozirdir. Tahlil atamasi odatda ilmda “analiz” deb yuritiladigan istilohning
sinonimi sifatida tushuniladi. Analiz esa, ma’lumki, butunni anglash uchun uni
qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar
bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi o‘rnini o‘rganishni ko‘zda tutadi.
Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, “uni qismlarga ajratish
jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas” degan qarashga tayanib tahlilga
qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zero, adabiyotshunoslikdagi tahlil
ham – o‘qish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o‘qish tushuniladi. Bu
xil o‘qish jarayonida tadqiqotchi badiiy asarni qismlarga ajratarkan, uning badiiyat
hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi o‘quvchi ongi va ruhiyatiga ta’sir
qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos bo‘layotgan omillarni
o‘rganadi.Talqin atamasini biz “interpretatsiya” istilohining sinonimi sifatida
tushunamiz. Talqin badiiy asarni sharhlash, uning mazmun mohiyatini, undagi
badiiy konsepsiyani idrok etish demakdir. Keng ma’noda “talqin” so‘zi o‘zga
tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.)
mazmunini anglash, uni ma’lum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish
(adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o‘zigina emas, tushuntirish hamdir)
ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda qaralsa, mumtoz adabiyotshunosligimizda,
umuman, o‘tmish ilmida “talqin” so‘zining ma’nosi qisman “sharh”, “tafsir”
atamalari bilan ham berilgan. Yana ham aniqroq aytsak, talqin badiiy asardagi
“obrazlar tili”ni “mantiq tili”ga o‘girmoq, obrazlar vositasida ifodalangan
mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir.Yuqorida aytdikki, badiiy asarni tushunish
jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozir, ular tushunish jarayonining ikki
qirrasidir. Aytaylik, “o‘quvchi badiiy asarni tushundi” degani, mohiyatan,
“o‘quvchi asarni o‘zicha talqin qildi” deganidir. Ayni paytda, uning asarni
tushunishida tahlil unsurlari ham mavjud, zero, oddiy o‘quvchi ham tushunish
jarayonida asar qismlarini (mas., alohida epizodlarni, personajlarni, ularning turli
holatlardagi xatti-harakati, gap-so‘zlarini va h.), ularning o‘zaro mazmuniy
aloqalarini tasavvur qiladi. Ilgari ham aytganimizdek, konkret badiiy asar turli
o‘quvchilar tomonidan turlicha tushunilishi mumkin. Biroq shunisi ham aniqki,
o‘quvchilar ongidagi minglab talqinlarni umumlashtiradigan mushtarak nuqtalar
ham mavjud. Demak, konkret asar talqinlari nechog‘li turfa bo‘lmasin, ularning
chegaralarini belgilab beruvchi muayyan asos, deylik, yadro(javhar) mavjudki,
barcha talqinlar shu yadro atrofida hosil bo‘ladi. Bu yadro esa – badiiy asarning
o‘zi, badiiyat hodisasini o‘zida moddiylashtirgan badiiy matndir. Ayon bo‘ldiki,
badiiy asarni tushunish jarayoni ob’ektiv va sub’ektiv ibtidolardan tarkib topar
ekan: agar bu o‘rinda talqin qilayotgan shaxsni sub’ektiv ibtido deb olsak, badiiy
matn ob’ektiv ibtidodir. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, agar talqin
qiluvchi shaxs badiiy matnni yetarli darajada bilmasa, asar qismlarini, ularning
o‘zaro aloqalarini yetarli tasavvur qilolmasa, uning talqini sub’ektivlik kasb etadi.
Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obrazning esa
assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligini e’tiborga olsak, talqinning sub’ektsiz
mavjud emasligi ayon haqiqatdir. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli
o‘laroq yaratilgan va asarda aksini topgan obrazning mazmun qirralari faqat
sub’ekt ongidagina (ya’ni, uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi
mumkin bo‘ladi. Aytilganlar tushunish jarayonida tahlil va talqinning har vaqt
hozirligining yorqin dalilidir. Oddiy o‘quvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos
badiiy asarni talqin qilarkan, tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga
kelgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu ma’noda tahlil badiiy asarni tadqiqotchi
sifatida o‘qish va uqish demakdir.
Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, badiiy asar tahlilining maqsadi – asarni
tushunish (asarni baholash ikkilamchi maqsad). Xo‘sh, “asarni tushunish” deganda
nima nazarda tutiladi? Bu masalada ham adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud:
ayrimlar asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishni nazarda
tutsalar, boshqalari asarda tasvirlangan narsalardan (ob’ektiv ibtidodan) kelib
chiqadigan mazmunni tushunishni nazarda tutadilar. Bu qarashlarning birinchisiga
ko‘ra tushunish jarayonida tahlil yetakchilik qilsa, ikkinchisida talqinning mavqei
ustunroq ekanligi tayin; birinchisi badiiy asarni uning ichki va tashqi aloqalarini
birlikda olib o‘rganishni (kontekstul tahlil) taqozo etsa, ikkinchisi badiiy asarga
alohida mavjudlik sifatida qarab, uning ichki aloqalarini o‘rganish (immanent
tahlil) bilan cheklanadi. Biroq mazkur qarashlarning ikkisini ham mutlaqlashtirib
bo‘lmaydi, bu o‘rinda “oraliq” mavqenining egallangani, har ikki yo‘sindagi
tahlilning ham mavjudligini, ularning bir-biridan ko‘zlagan maqsadi va ahamiyati
jihatidan farqli ekanligini tan olingani to‘g‘riroq bo‘ladi.
Tushunish jarayonining nazariy muammolarini o‘rganuvchi soha –
germenevtikaning asosiy qoidasi shuki: qismni butun, butunni qism orqali
tushunish darkor. Bu qoida yuqoridagi tahlil yo‘sinlarining ikkisiga ham birdek
aloqador. Faqat bu o‘rinda immanent tahlil “kontekst” tushunchasini asar doirasi
bilan cheklab olsa, kontekstual tahlilda “kontekst” tushunchasining ko‘lami
kengayib boradi (konkret asar “yozuvchi biografiyasi”, “muallif yashagan davr
shart-sharoitlari”, “muallifning ijodiy merosi”, asar yaratilgan davr adabiyoti”,
“milliy adabiy an’analar” kabi kontekstlar doirasiga kiradi). Kontekstual tahlil
asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishga yo‘l ochsa, immanent
tahlil asarda tasvirlangan narsalarga (va, albatta, undagi muallif obraziga) tayangan
holda o‘quvchiga o‘z mazmunini shakllantirish imkonini beradi. Mutaxassisdan
farqli o‘laroq, oddiy o‘quvchilarning asarni tushunishida immanent tahlil unsurlari
yetakchilik qiladi (shu bois ham o‘quvchilar ongida konkret asarning turfa
talqinlari mavjud). Zero, aksariyat o‘quvchilar uchun konkret asarning qay
maqsadda, qanday omillar ta’sirida yozilgani ahamiyatsiz – ular asarning
o‘zinigina taniydilar, uning o‘zidangina zavq oladilar. Aksincha, adabiyotshunos
uchun bularning bari muhim, chunki asarni tarixiylik tamoyiliga tayanib, biografik
yoxud sotsiologik metodlar (kontekstual tahlil) asosida tekshirib chiqarilgan
xulosalar adabiy-nazariy tafakkur rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular,
tabiiyki, badiiy adabiyot rivoji hamda badiiy did tarbiyasiga faqat bilvosita ta’sir
qiladilar, bu xil xulosalar bilan badiiy didga bevosita ta’sir qilishga urinish esa
adabiyotga faqat ziyon keltiradi. Demak, badiiy asarni alohida butunlik sifatida
ham, kontekst doirasida ham tushunish (tahlil va talqin qilish) mumkin, - ikkisining
ham o‘z o‘rni, vazifasi va maqsadi tayinlidir. Badiiy asarni kontekstual tahlil
qilishda unga turli jihatlardan yondashish mumkinki, shu asosda bir qator tahlil
metodlari haqida gapirish mumkin bo‘ladi.
Sotsiologok tahlil metodi tadqiotchini badiiy asar voqeligi bilan real voqelik
munosabatlari, uning tarixan haqqoniylik darajasi, hayot haqiqati bilan badiiy
haqiqat munosabati kabi masalalarni o‘rganishga yo‘naltiradi. Bu xil yondashuv
asarning g‘oyaviy-mafkuraviy tomonlarini tahlil qilarkan, qahramonlarning
xarakter xususiyatlari, asardagi konfliktlar tabiati, obrazlar tizimi va h. badiiy
unsurlarning ijtimoiy ildizlarini ochib beradi. Hayot haqiqatining badiiy haqiqatga
aylanish jarayoni, xarakter va prototip, tarixiy shaxs obrazi va real tarixiy shaxs
munosabati kabi ijod jarayoni bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishda ham
sotsiologik yondashuv asos vazifasini o‘taydi. Sotsiologik metod
adabiyotshunoslikda muhim ahaiyatga molikligi shubhasiz, biroq uni boshqalardan
ustun qo‘yishlik, unga ayricha e’tibor berishlik adabiyot uchun zararli oqibatlarga
olib kelishi mumkinki, bunga yorqin misollarni sho‘ro adabiyotshunosligidan
istalgancha topishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, sho‘ro adabiyotshunosligidagi
vulgar sotsiologizm ko‘rinishlari ayni shu metodning mavqeini
mutlaqlashtirilishining natijasi edi. Badiiy asar tahlilida shu metodgagina tayangan
va shuning asosidagina baholagan tanqidiy maqolalar keyincha ularning
mualliflarini qatag‘on qilish uchun dastakka aylandigina emas, o‘quvchi ommani
o‘sha ijodkorlarni “xalq dushmani”, asarlarini “zararli” deb tushunishga tayyorladi.
Tarixiy-madaniy tahlil metodi badiiy asarni milliy madaniy an’analar,
shuningdek, davr adabiy-madaniy kontekstida o‘rganishga qaratilgandir.