BADIIY MATNNI TEKSHIRISHDAGI ILMIY MAKTABLAR
REJA:
1. Tahlil tarixi, uning ko’rinishlari.
2. Tipologik va qiyosiy tahlil belgilari.
4. Funksional tahlilga xos xususiyatlar.
5. Sotsiologik talqin va formal tahlil.
6. Struktural tahlilga xos jihatlar.
7. Matn interpretatsiyasi va Hermenevtika.
Tayanch tushunchalar:
Tipologik tahlil, Qiyosiy tahlil, Funksional tahlil, Sotsiologik tahlil, Formal
tahlil, Struktural tahlil, Matn interpretatsiyasi, Hermenevtika, Tahlil va
hermenevtika munosabati.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. A. Rasulov. Badiiylik – bezavol yangilik. – T., “Sharq”, 2007 yil
2. Q. Yo‘ldoshev, M. Yo‘ldosheva. Badiiy tahlil asoslari. O‘quv qo‘llanma. T.
Kamalak. 2016.
3. R. Bart. Semiotika. Poetika. – M., Progress, 1989g.
4. S. Meli. “Yangi tanqid”. “O’zbek tili va adabiyoti” jurnali, 2009,3-son
5. Sent-Byov. Sh. Literaturnnie portreti. – M., 1978 g.
6. Freyd.Z. Vvedenie v psixoanaliz. M., Nauka, 1989g.
Agar dastlabki badiiy asar hazrati Odam tomonidan yaratilgan bo’lsa, o’sha
zamonlardan buyon badiiy matnni o’rganish, o’zlashtirishga urinib kelinmoqda.
Chunonchi, odamiyatga nozil etilgan barcha muqaddas kitoblar ham insoniyatning
eng buyuk aql egalari tomonidan tafsir qilib kelingan. Ma'lumki, bu kitoblar bir
darajada badiiy asarlar sanalardi. Botish, yurtlarida muqaddas kitoblarning tafsiriga
"eksegez" - anglatish, tushuntirish deb qaralgan. Badiiy asarni tekshirishning
yuqorida sanalgan turlari yo matn interpretatsiyasi va yoki hermenevtikasi
yo’nalishida amalga oshirilgan. Badiiy matnga tahlilchi o’z maqsadi, falsafiy
qarashlar tizimi, estetik tayyorgarlik darajasi, ilmiy va badiiy saviyasi va boshqa
omillardan kelib chiqqan holda yondashadi. Badiiy tahlilni amalga oshirishda turli
millatlar va mintaqalarda turlicha munosabatlar tizimi qaror topgan. Sharq va
G‘arb mintaqalarida badiiy matnga tamomila turlicha munosabatda bo’lib kelingan.
Sharq, xususan, Turkistonda badiiy asardan, birinchi navbatda, san'at talab etilgan.
Badiiy matnning ta'sirli, o’ziga xos, betakror nafis va kutilmagan bo’lishiga e'tibor
qaratilgan. G‘arbda esa badiiy matndan ko’proq ijtimoiy ma'no qidirilgan, bu hol
sotsiologik, funksional tahlil yoki boshqacha aytganda interpretatsiyani kelib
chiqargan. Shuning ta'sirida adabiyotshunoslik ilmida har qanday badiiy asar o’z-
o’zidan estetik, tarbiyaviy va ijtimoiy-ma'rifiy funksiyalarni birvarakayiga bajaradi
deb hisoblab kelingan. Tahlil mobaynida muayyan badiiy asarda ayni shu
funksiyalar qay tarzda va qanchalik darajada ado etilishini aniqlashga urinilgan.
Badiiy asar interpretatsiya qilinganda, uning nafis san'at asari ekanligiga unchalik
e'tibor qilinmay, diqqat matnni talqin etishga, ya'ni tushuntirishga, unda nima
haqda gapirilayotganligini ochishga qaratiladi. Interpretatsiya tekshirilayotgan
matnga o’sha davr talabidan kelib chiqib yondashishni taqozo etadi. Hermenevtika
esa badiiy asarga tadqiqiy yondashuvni talab qiladi. Tahlilchi badiiy matning
qatlaridagi yashirin ma'nolarni tekshirishga intiladi. Uning badiiyligini
ta'minlangan tasviriy unsurlarning o’rnini belgilash, asarning ijtimoiy salmog‘ini
kashf etishdan kam ko‘rilmaydi. Tahlil xulosalari faqat bir davrga emas, balki
zamonlarga yararli bo’ladi. Badiiy matnni tarixiy-tipologik o’rganish badiiy asarni
alohida filologik-estetik butunlik sifatida emas, balki ijtimoiy-tarixiy jarayonning
tabiiy oqibati tarzida izohlaydi. Bunga ko’ra insoniyat tarixi bir xil qonuniyat
asosida rivojlanadi, binobarin, xalq yaratadigan badiiy obidalar ham ayni ijtimoiy-
iqtisodiy taraqqiyot bosqichiga muvofiq tarzda vujudga keladi. Sovet folkloristikasi
tarixiy-tipologik nazariya asosida yuzaga kelib, rivojlanadi. Afsuski, hanuzgacha
ham o‘zbek adabiyotshunosligda ana shu nazariyaga tayanib fikrlashga mayl
kuchlilk qilmoqda. Shu bois"Alpomish" deyarli barcha turk xalqlarida hatto
dunyodagi turkiy bo’lmagan ayrim xalqlar og‘zaki ijodida ham o’z muvoziylariga,
variantlariga, o’xshashliklariga ega degan qarash mavjud. Bu qarashga ko’ra ijodiy
daho mahsuli bo’lmish badiiy matn shunchaki tarixiy jarayon rivojining tabiiy va
g‘ayriixtiyoriy natijasi, mahsulidir.Sovet olimlari tarixiy-stadial faktorga tayanib,
tarixiy-tipologik nazariya asosida turli xalqlar folkloridagi umumiy jihatlarni, xalq
og‘zaki ijodi janrlari taraqqiyotining sabablarini ijtimoiy hayotdagi o’xshashlik
bilan izohlashga harakat qilishadi. Estetik hodisaning o’ziga xos rivojlanish
qonuniyatlari bo’lishi mumkinligini hisobga olmaydigan ushbu qarash, ta'limot
folklor taraqqiyoti qonuniyatlarini to’g‘ri izohlashga qodir emasdir. Hozirga kelib,
milliy adabiyotshunosligimizda tahlilning bu yo’nalishi barham topib bormoqda.
Badiiy tahlil tarixida badiiy asarga qiyosiy-tarixiy yondashuv ham muhim o’rin
tutgan. Badiiy adabiyotni komparativistik o’rganish 19 asr boshlarida paydo
bo’lgan. Gyote "Umumiy dunyo adabiyoti" shiorini o’rtaga tashladi. U badiiy
adabiyotni dunyo xalqlari uchun bir-birini ruhan boyituvchi, davlat chegaralarini
tan olmay, ulardan o’ta oladigan estetik hodisa deb bildi. Qiyosiy- tarixiy
adabiyotshunoslik yoki komparativizm tahlilning bir yo’nalishi sifatida birinchi
jahon urushidan keyin to’liq shakllandi. Ikkinchi jahon urushidan so’ng, 1949 yil
AQShda "Komparativ adabiyot" jurnali chiqdi. Bu xildagi nashrlar Fransiya, GFR,
Rossiya va boshqa qator mamlakatlarda ham paydo bo’ldi. O’zbekitsonda 1997
yilda "Jahon adabiyoti" jurnali paydo bo’ldi. U o’zbek adabiyotini dunyo badiiyati
kontekstida o’rganish imkonini berdi. Komparativistika xalqaro adabiy aloqalarni
o’rganishga va adabiy ta'sirlar zamiridagi qonuniyatni ochishga qaratilgan ilmdir.
Komparativistika jahon adabiy hodisalari orasidagi o’xshashliklarni ikki sabab
bilan izohlaydi:
A) Xalqlar taraqqiyotidagi tarixiy o’xshashlik;
B) Bevosita adabiy-ijodiy aloqa va ta'sirlar.
Shundan kelib chiqqan holda adabiy aloqalarni quyidagi aspektlarda o’rganadi:
1. Tipologik yo’nalish;
2. Adabiy ta'sir yo’nalishi.
Tarixiy taraqqiyot o‘xshashligi ham bir qadar tarixiy-tipologik muvoziylikni
keltirib chiqarishi mumkin. Epos, folklor, yozma adabiyotdagi o‘xshashliklarning
ildizi turli omillarga bog‘likdir.Adabiy ta'sir masalasi ham juda murakkab
hodisadir. Chunki buyuk adabiy obidalar faqat zamondoshlariga emas, keyingi
avlodlarga ham, makonlarda, o‘zga zamonlarda yashayotgan boshqa xalqlarga ham
ta'sir ko‘rsataveradi. "Ming bir kecha", "Kalila va Dimna", "Farxod va Shirin",
"Alpomish", Navoiy, Shekspir, Tolstoy, Dostoyevskiy, Qodiriy, Cho‘lpon, Kafka
va hakozolarning ta'siri ayni shu xildagi hodisadir. Badiiy adabiyotni tarixiy-
funksional o‘rganish tahlildagi o‘ziga xos yo‘nalish bo‘lib, badiiy matnning
kitobxon ongida ta'sirini, adabiy asarning omma tasavvuridagi martabasi tarixini
tadqiq etish bilan shug‘ullanadi. Ma'lumki, har bir tarixiy davr o‘z o‘quvchilariga
ega bo‘ladi. Garchi, har qanday davrda ham turli fikrlaydigan kitobxonlar mavjud
bo‘lsa-da, o‘qiydigan ommaning ko‘pchiligi uchun xos bo‘lgan sifatlarning
mavjudligi ham haqiqatdir. 40-60-yillarda o‘zbek xalq dostonlari
mamlakatimizdagi shahar-u qishloqda ommaviy ravishda o‘qilgan. 60-yillarda
"Shoxidamas bargida" qissasi mashhur edi, o‘sha davrda "Tirik satrlar"
antologiyasi yashirincha o‘kilar edi. 80-yillar "O‘lmas qoyalar" romani qo‘lma-qo‘l
bo‘ldi. Vaqtida Mirmuhsin, R.Bobojon, N.Safarov asarlari mashhur bo‘ldi. Ammo
bu asarlar vaqt sinovidan o‘tmadi. 20 asrning 70-80 yillarida R.Parfi tushunarsiz,
injik shoir hisoblanar edi. Endilikda ilmiy tafakkurimiz rivojida o‘ziga xos bosqich
ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bir vaqtlar Sohib Jamol asarlari, "Qismat" romani,"Qasos"
qissasi ommaviy edi. Endilikda ularni deyarli hech kim o‘qimaydi. Cho‘lpon,
Qodiriy,Fitrat hatto "Alpomish" bir zamonlar rad etildi. Keyin yana qabul qilindi.
Bu holatning ijtimoiy,ruhiy, estetik va funksional sabablari bor. Tarixiy-funksional
tahlil ayni shu savollarga javob berishga harakat qiladi.Davrning o‘zgarishi
ijtimoiy ongni yangilaydi. Ijtimoiy tafakkurdagi yangilanishlar davrni
o‘zgartirishga olib keladi. Tahlilchi asar muallifi dunyoqarashi, didi, uning
bitganlari o‘z zamondoshlariga ko‘rsatgan ta'siri, millat ahlining keyingi buguni
matnni qanday qabul qilgani va buning sababi nimada ekanligini tekshirishga
harakat qiladi. "Sinchalak", "Shoxi so‘zana","Umid", "Girdob", "Davr mening
taqdirimda" va boshqa o‘nlab asarlar bugun yozilgan vaqtidagidan boshqacha
qabul qilinayotgani, "O‘g‘ri", "Bemor" hikoyalari o‘tgan asrning 90-yillarigacha
o‘tmish manzarasi debgina tushunilgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning hozirni ham
ifodalaganligi anglashildi. Badiiy asarning funksiyasi tarixiy davrga mutanosib
tarzda o‘zgarib borayotganligi tahlilda hisobga olinadi.N.Eshonqul, O.Muxtor,
X.Do‘stmuxammad, S.Vafo singari adiblar nasri 20 asrning 80-90-yillarida yaxshi
qabul qilinmadi. Hozirda ularning eksperimentlariga kitobxonlar o‘rganib
borishyapti. "Bahor qaytmaydi", "Muqaddas", "Umid", "Mash'al" singari bir
zamonlar quldan qo‘ymay o‘qilgan asarlar bugun ko‘pchilik nazaridan qolgan.
Tarixiy-funksional tahlil rus adabiyotshunosligida 19 asr so‘nggida paydo bo‘ldi.
Aleksandr Veselovskiy Dante ijodiga shu yondashuvni tatbiq etdi. So‘ng
F.F.Zelinskiy Sitseron, I.N.Rozanov Pushkin va Tyutchev,V.M. Jirmunskiy, Gyote,
M.Alekseev Shekspir ijodini tarixiy-funksional jihatdan tekshirdi.M.Baxtin ham bu
yondashuvdan foydalandi. 20 asrning 60-70 yillarida M.B.Xrapchenko tarixiy
funksional adabiyotshunoslik atamasini ilmga qat'iy tarzda kiritdi. Badiiy matn
struktur butunlik sifatida o‘zgarmagani holda uning qabul etilishida davr
qilayotgan ta'sirni anglash ilmiy va estetik jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon adabiyotshunosligi taraqqiyotida, badiiy matnni ilmiy tadqiq etishda
madaniy-tarixiy maktab deb atalgan oqimning ham o‘rni katta bo‘lgan. Ovrupoda
adabiyot ilmi baland rutbaga ko‘tarilmagan, badiiy matnga baho berish tamoyillari
tulik shakllangmagan bir shariotda madaniy tarixiy maktab dunyoga keldi.
Madaniy-tarixiy maktab 19-asrning o‘rtalarida shakllandi. Unga fransuz teologi,
faylasuf va esteti Ippolit Ten asos soldi. Ten o‘zining "San'at falsafasi" asarida
badiiy fenomenga tushunarsiz va sirli hodisa emas, balki xuddi tabiiy fanlarda
bo‘lgani kabi sabab-oqibat aloqadorligi (determenizm)ga ega, tarixiy sharoit
yetilgach paydo bo‘lishi tabiiy bir hodisa sifatida yondashdi.Tenga qadar xuddi
Chiqishda bo‘lgani singari Botishda ham biror asarning yuzaga kelishi muallif
talantining namoyon bo‘lish darajasigagina bog‘lik deb qaralardi. I.Ten ilk bor
badiiy asar muallif talanti mahsuli deb hisoblamadi. U birinchi bo‘lib, badiiy asarni
xalq ruhi, millat tarixi, uning madaniyati taraqqiyotining darajasi bilan bog‘lab
izohlash yo‘lini tutdi. "San'at asarlari o‘zlari bog‘lik bo‘lgan fikr va axlok bilan
birga paydo bo‘ladi va birga yo‘q bo‘ladi",- deb yozadi olim. Ten
adabiyotshunoslik ijodning qonuniyatlarini belgilab berishga yo‘naltirilishi lozim
degan fikrni yoqladi. Uning qarashlarida uch xususiyat seziladi: birinchidan, tabiat
hodisalarini izohlash
mumkin bo‘lgani singari badiiy matnlarning dunyoga kelishi va tabiatini
deterministik anglatish mumkin. Ikkinchidan, adabiy faktlarni izohlash,
tushuntirish va qonuniyatlarni belgilashni adabiyot hodisalardagi izohga bo‘y
bermaydigan jihatlarga qarshi qo‘yish kerak. Uchinchidan, milliy temperament:
ijtimoiy-iqtisodiy va jug‘rofiy muhit; tadbiq etilayotgan yoki erishilgan madaniy
daraja hamda badiiy an'analar badiiy hodisaning yuzaga kelishini tushuntirib, uning
qonuniyatlarini tayin etadigan omillardir.Madaniy-tarixiy maktab vakillari
biologiya, tabiatshunoslik ilmi metodlarini adabiyotga tatbiq etdilar. Ular adabiyot
tarixi bilan jamiyat tarixini teng qilib qo‘ydilar. Badiiy asar mustaqil qadriyat,
alohida estetik butunlik emas, balki davrning, tarixning qiyofasi, haykali deb
qaraldi. Adabiyotning jamiyatga, tarix rivojiga ta'siridan ko‘z yumildi. G.Lanson,
F. Buyuneter (Fransiya),Ch.Brandes (Daniya), V.Sherer, G.Gener (Olmoniya),
A.Pupin, A.Tixonravov (Rossiya) singari olimlar madaniy-tarixiy maktab rivojiga
hissa qo‘shganlar.Sotsiologik talqin ham badiiy tahlil tarixida muhim o‘rin tutadi.
Bu usulga ko‘ra badiiy adabiyot ijtimoiy asoslangan hodisadir. Badiiy adabiyot
ijtimoiy hayot bilan juda ko‘p jihatlardan bog‘langandir, aloqadordir va shu bois
badiiy asar o‘rganilganda ijtimoiy qonuniyatlar hisobga olingan holda ish qurilishi
lozim. Bunday yondashuv adabiy sotsiologiya ham deyiladi. XIX asrning ikkinchi
yarmida K. Marks, F. Engels badiiy adabiyotga to‘lig‘icha sotsiologik yondashish
asoslarini ishlab chiqishdi. Ular adabiyotni mafkuraning tarkibiy qismi, sinflar
kurashini, jamiyat taraqqiyoti tamoyillarini o‘zida aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli
tarzida qarashni qaror topdirishdi. F.Mering, P.Lafarg, G.Plexanov singari
markschilar adabiyotning o‘ziga xos hodisa ekanligini hisobga olmay, unga sof
ijtimoiy fenomen tarzidagina yondashdilar. Bu hol badiiy so‘zni ijtimoiy hayotning
ilovasiga, mafkuraning yugurdagiga aylantirib qo‘ydi. Adabiyotsiologiya, ayniqsa,
V. Leninning qarashlarida kuchaydi. U har bir milliy madaniyatda ikki madaniyat
mavjudligi haqida ta'limotni yaratdi. Bunga ko‘ra adabiyot sinfiy manfaatlarga
xizmat qiladigan hodisa degan qarash nazariy ishlab chiqildi. L.Tolstoy, Pushkin
singari o‘lkan so‘z san'atkorlarining bitiklarini badiiyat o‘lchovlari bilan emas,
balki ijtimoiyot mezonlari bilan baholadi, izohladi va tushuntirishga urindi. Uning
"Partiya tashkiloti va partiya adabiyoti"maqolasi (1905) badiiyatga sinfiy
pozitsiyadan yondashishni bolsheviklarning mafkuraviy doktrinasi darajasiga
ko‘tardi. Bunday qarash badiiy adabiyotni junlashtirdi, uning estetik jihatlariga
e'tibor kamaytirilib, mavzu jihati muhim sanalishiga olib keldi. Sho‘rolar davrida
badiiy adabiyot, faqat ijtimoiy nazar bilan o‘rganildi va baholandi. Bu hol ijodiy
metod deb atalmish omilni badiiyatning muhim o‘lchagichiga aylantirdi.
Sotsiologistik realizm metodi ana shu o‘lchagich o‘laroq dunyoga keldi. Vulgar
sotsiologizm hamisha badiiy adabiyotga ijtimoiy yondashuv natijasi sifatida paydo
bo‘ladi va badiiy so‘zning estetik jozibasini hisobga olmasligi bilan ajralib turadi.
To‘g‘ri, bidiiy asar ham ijtimoiy turmush muammolarini aks ettirishidan ko‘z
yumib bo‘lmaydi, lekin bu funksiya badiiy so‘z uchun maqsad emas. Balki
ko‘ngilni anglash, ruhiyatni tuyush yo‘lidagi vosita ekanligi sotsiologik metodda
nazardan qochiriladi. Adabiyotshunoslikda shaklga ustuvor rutba beradigan oqim
formalizm (shaklchilik) deyiladi.Sho‘ro adabiyotshunosligida formal yondashuvga
salbiy munosabatda bo‘lib kelingan. Rasmiy o‘zbek adabiyotshunosligi falsafiy va
estetik ma'nodagi shakl hamda mazmun munosabati orasidagi farqqa e'tibor
qilmaganligi uchun ham, formalizm mazmunni tan olmaydi, uni inkor qilish
hisobiga shaklga e'tiborni kuchaytiradi deb hisoblagan. Holbuki, formalistik
yondashuvda ham mazmunli shakl (soderjatelnaya forma) muhim hisoblangan.
Hamma gap nimani mazmun deb hisoblashda ekani tan olingan. Formalistlar uchun
badiiy asarda inson kayfiyatining qay yusinda ifodalanganligini aniqlash muhim
sanalgan. Ular kayfiyatning o‘zini, uning berilish yusinini mazmun
hisoblashgan.Formalizm turli shakliy jimjimalarga uchib, so‘zlar yaltiroqligiga
mahliyo bo‘lib, uning mazmunini nazardan qochirish hollari ham bo‘lgan, albatta.
Ammo formalistik yondashuvning syurrealizm, avangardizm, futurizm,
konsturktivizm, dadaizm, neoavangardizm, imajanizm, shoizm va boshqa
kurinishlari tuzukkina badiiy namunalar bergan. Badiiy adabiyot mohiyatan har
xillikka, rang-baranglikka intilishdir. Formalizm ana shu yo‘ldagi ekstremistik,
jangari izlanishlardir.Formalizm adabiy oqim sifatida Botishda 19 asr oxiri va 20
asr boshlarida paydo bo‘ldi. Uning namoyandalari mazmunli shaklning jozibali,
dilni quvontiradigan, ko‘zga tashlanadigan bo‘lishiga e'tibor qaratganlar.
Botishdagi formalistlardan Andre Breton (1896-1966) "Syurrealizm manifesti"
asarida: "Men kelajakda tush va o‘ng singari" bir-biridan tubdan farq qiladigan ikki
holat qo‘shilib va mutloq reallikka, ya'ni syurreallikka aylanib ketishiga
ishonaman,- deb yozadi. Chiqish, ayniqsa, o‘zbek adabiyoti bu xildagi izlanishlar
bilan hamisha shug‘ullanib kelgan tarafayn, musalsal, muammo, muvashshax,
chiston, kitobat, topishmoq singari janrlar shakly izlanishga asoslangan. Bu
boradagi tajribalarning ayrimlari muvaffaqiyatli, ba'zilari nochor bo‘lgan.
Formalizm bir tarkibli hodisa emas. Unda jangari betoqatlik ham, kutilmagan
shakly mundarijaviy kashfiyot ham, dadil badiiy tajriba ham mavjud. Italiyalik
futuristlar, ayniqsa,ularning dohiysi Filippo Marinetti (1876-1944) "Futurizmning
birinchi manifesti" asarida:"Yashasin urush - faqat ugina dunyoni tozalashga
qodir!" -deb yozadi. Buning bahosi o‘zi bilan, albatta. Futuristik izlanishlar 20
asrning 20-30-yillari o‘zbek she'riyatida ham uchraydi (Eminjon Abbos ijodi). 20
asr adog‘idagi o‘zbek adabiyotida ham bu xildagi izlanishlar bo‘lgan.
B.Ruzimuxammad, Faxriyor, I. Otamurod, Go‘zal Begim she'rlari, O.Muxtor,
Xayrullo, Nabi Jaloliddin, Asad Dilmurod, Arslon Ne'mat, Abdug‘ani Abdiyev
kabi adiblarning hikoya, qissa va romanlari shu xildagi izlanish samaralaridir.
Xullas, formalizmga bir qatlamli hodisa deb qaramaslik maqsadga muvofiqdir.
Adabiyotshunoslik ilmida formal metod deb nomlanadigan nazariy konsepsiya ham
borki, uni jiddiy tadqiq etish, mohiyatini ayonlashtirish poetik tahlil uchun g‘oyat
muhimdir. Formal metodga ko‘ra, shakl adabiyotning mohiyatini aks ettirib,
takomillashish hamda rivojlanish xususiyatiga ega. Formalizm singari formal
metod ham 19-20 asrlar ushlashgan davrda dunyoga keldi. 1910 yillardan boshlab,
avval tasviriy san'at va san'atshunoslikda, so‘ng adabiyot va adabiyotshunoslikda
rivojlandi.V.Dibeliusning "roman morfologiyasi" qarashlari ana shu nazariyaning
adabiyotshunoslikdagi dastlabki namoyon bo‘lish tarzi edi. Shakliy metodda badiiy
asarning butun morfologiyasi,tarkibiy qismlari g‘oyat sinchiklab o‘rganiladi, matn
puxta o‘kib chiqiladi, lekin shaklga bevosita daxldor bo‘lmagan mavzu, mundarija,
g‘oya kabi jihatlarga e'tibor qaratilmaydi. Lingvist Boduende Kurtenening tilning
funksional tizim - muayyan vazifa bajaradigan sistema ekanligi borasidagi
ta'limotiga tayanib, formal metod tarafdorlari mazmun va shakl yaxlitligiga e'tibor
qaratdilar.Formal metod Rossiyada o‘zining ko‘p tarafdorlari va yirik
tadqiqotchilariga ega edi. V.Vinogradov nutqning uslubiy shakllari, V.Jirmunskiy
she'rda qofiya, vazn, kompozitsiya, Y.Tinyanov she'r qurilishi va semantika,
V.Vasilovskiy she'r qurilishi, V.Propp ertaklar bayonidagi tizimlilik, R.Yakobson
she'rni fonologik o‘rganish tamoyili va stilistik semantika singari badiiy matnning
ilgarilari o‘rganilmagan badiiy qirralarini tadqiq etdilar. 20 asrning 20-yillarida,
avval, rossiyalik olimlar tomonidan struktur poetika, badiiy semiotika, mashina
tilmochligi kabi ilmiy g‘oyalar o‘rtaga tashlandi. Formal metod tarafdorlari
"funksional poetika" tushunchasini qabul qildilar va badiiy matn poetikasi uchun
sinxron o‘rganish kamlik qiladi, adabiy hodisaga diaxron yondashilgandagina uni
to‘likroq izohlash mumkin bo‘ladi degan to‘xtamga keldilar. Formal metod
tarafdorlari badiiy matn tarkibini sinchiklab o‘rganishga urinadilar, bu hol
matndagi barcha jihatlarni kashf etish imkoniyatini beradi. 20 asrning o‘rtalariga
kelib badiiy matn tahlilida struktural yondashuv tarzi qaror topdi. Struktura
fransuzcha "qurilish", "joylashish" so‘zlaridan olingan. U badiiy matnning o‘ziga
xos tarkibga egaligini, alohida qurilishini, uning unsurlari birining o‘zgarishi
boshqalarning ham o‘zgarishiga olib keladigan tarzda joylashuvini ko‘zda tutadi.
Badiiy asarni struktura tarzida tushunish antic davrdayoq shakllangandi. Unda
adabiy matn qismlarining o‘zaro muvofiqligi, uyg‘unligi, ritmiga alohida e'tibor
qilinadi. 20 asrda struktura deyilganda, asarning kompozitsiyasi obrazlar, g‘oyaviy
tematik qatlamlar, syujet, til jihatlari fabula, she'r tuzilishi singari qirralar
tushuniladigan bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng strukturalizm alohida oqim
sifatida shakllandi va Botish estetik tafakkurida muayyan mavqe kasb etdi.
Strukturalizmga muvofiq adabiy asar alohida estetik belgilarning o‘zaro birligi,
alohida - badiiy tilda amalga oshirilgan bayon tarzida tushunildi. Aloqa vositasi
bo‘lgan tilning strukturasi bilan badiiy asarning strukturasi tamomila o‘ziga xos
hodisalardir. She'riy tildagi burgut, yomg‘ir, olov, suv, tulki, bo‘ri va xk.
Shunchaki o‘z ma'nosidagi narsalar emas, balki ularning ramziy, qo‘shimcha
badiiy ma'nosi muhimdir. Bu so‘zlarning asl qiymatini biriktirib qo‘yilgan
qo‘shimcha ma'nolar belgilaydi. Struktura tushunchasi hamisha vazifa (funksiya)
tushunchasi bilan birga, undan ajralmagan holda keladi. Chunki har qanday
struktura muayyan vazifani bajaradi va muayyan strukturadagi har handay unsur
ham ma'lum funksiyani o‘rinlaydi. Kibernetika va informatika nazariyasi
strukturani uch turga bo‘ladi: a) oddiy; b) murakkab; v) o‘ta murakkab. Oddiy
strukturadagi barcha unsurlar o‘zaro sabab-oqibat aloqasida bo‘ladi, biri-biridan
kelib chiqadi. Murakkab strukturada sabab-oqibat munosabati ehtimollik bilan
qushilib keladi. O‘ta murakkab strukturada strukturadan tashqari unsurlarning
bo‘lishi mumkinligi ham ko‘zda tutiladi. Adabiy asar struktura (tuzilishi)
miqyoslari haqida har xil fikr yuradi. Matninng obrazlar tizimida turoq, personaj,
qahramon, portret, peyzaj, detal va xk., strukturaga kiradi.Strukturalizm badiiy asar
asosida yotgan, uni tashkil etgan fikrning tarkibini aniqlash, anglatish va
ifodalashni tadqiq etishga qaratilgan ilmiy faoliyatdir. Strukturalizm atamasi ilk bor
20 asr 40-yillarining ikkinchi yarmida fransuz etnologi K.Levi-Stros asarlarida
ishlatila boshlandi. U Amerika tub joy aholisining miflarini o‘rganib, ularning bir
invariant struktura asosida turli o‘zga strukturalarga aylantirilib, ertak, qo‘shiq,
rivoyat, urf-odat va xk.,larga aylanganligini kuzatadi.U mifni kollektiv-ongsiz
invariant konstrukt tarzida qabul qiladi va boshqa janrlardagi yaratiq matnlar o‘sha
konstruktning variantlari deb hisoblaydi. Levi-Strosning "Xom va
qaynatilgan"("Siroye i varenoye") asarining markaziy bobi "Mavzu va
variatsiyalar" ("Temi i variatsii") deb ataladi. Unda mif - mavzu, uning boshqa
adabiy janrlarda moddiylashuvi - variatsiya deb talqin etiladi.Struktural tadqiqotda
transfarmatsion tahlil muhim o‘rin tutadi. Bunda invariantdan variantga, bir
variantdan boshqasiga o‘tishning qoidalari tizimi ishlab chiqiladi.
Strukturalizmning pirovard maqsadi badiiy matn yoki estetik strukturaning
yaratilishi mexanizmini topish, tayin etish, tadqiq qilishdir.Struktural tahlilda
qarama-qarshi juftlik (binarnaya oppozitsiya) muhim o‘rin tutadi. Levi-
Strosmifologiyada ongsiz bajarilgan mantiqiy operatsiyalarning murakkab tizimi
mavjudligini ko‘rsatdi. Uningcha, bu jarayonda quyidagi usullardan foydalanilgan:
1) brikolaj (tegmay aylanib o‘tish), ya'ni ayrim ismlarni aytish mumkin emas;
2)metaforizatsiya - aytib bo‘lmaydigan ism va tushunchalarni nima bilandir
almashtirish, bunda ramzga, ma'jozga tayanish; 3) mediatsiya (o‘sib boruvchi
vositachilik) qarama-qarshi juftlikdagi ixtilofni yengillashtiruvchi unsur yo‘q
tushunchalarni yumshroqrog‘i bilan, uni esa oldingisidan-da yumshog‘i bilan
almashtirish. Chunonchi, xayot yoki o‘lim o‘rniga hushyorlik yoki uyqu va boshqa.
Strukturalizm aslida 20 asr boshlarida shvesariyalik tilshunos Ferdinand de Sosyur
va polyak tilshunosi I.Boduen de Kurtenening struktur lingvistikasidan o‘sib,
adabiyotga o‘tgan. Uzoq vaqtlar mobaynida tarixiy yondashuv tilshunoslik va
estetikaga doir masalalarni hal etishning yagona yo‘li deb hisoblab kelindi. Ammo
hayot tarixiy determinizm til va adabiyotdagi hamma hodisalarni ham izohlay
olmasligini ko‘rsatdi. Shunday vaziyatda til hodisalarini, badiiy matn ham til fakti