Bir hujayralilar (Sodda hayvonlar) tuzilishi va funksiyalari. Sodda hayvonlar hujayrasining ko’p vazifaliligi va organellalari. Ko’payishi va hayot sikllari. Ularning rivojlanishida jinsiy va jinssiz nasllar gallanishi
Bir hujayralilar (Sodda hayvonlar) tuzilishi va funksiyalari. Sodda
hayvonlar hujayrasining ko’p vazifaliligi va organellalari. Ko’payishi va hayot
sikllari. Ularning rivojlanishida jinsiy va jinssiz nasllar gallanishi. Tinch
holati va tarqalish davrlari (sistalar va sporalar). Sodda hayvonlar xilma-
xilligi
R E J A
1. Bir hujayrali hayvonlar haqida tushuncha.
2. Sarkomastigoforalar tipi.
3. Sarkodalilar sinfi va unga mansub hayvonlarni tuzilishi va hayot sikli.
4. Sodda hayvonlarning xilma-xilligi.
Bir hujayralilar yoki sodda hayvonlar kenja podsholigiga mansub hayvonlar
garchi morfologik jihatidan hujayra darajasidan hayvonlar bo’lsalarda, fiziologik
jihatidan qaraganda ular mustaqil organizm sifatida ta’riflanadi.
Bir hujayrali hayvonlar mikroskop ixtiro etilgandan so’ngra topila
boshlangan. Garchi bir hujayrali hayvonlar XVII asrning ikkinchi yarmida
ta’riflangan bo’lsada, bu jonivorlar haqida birmuncha to’la ma’lumotlar XIX asrda
Kelliker va Ziboldlar tomonidan berilgan.
Bir hujayrali hayvonlar bir-birlaridan asosan sitoplazmasining tarkibiga
kirgan organoidlarining xilma-xilligi bilan farq qiladi. Eng sodda tuzilgan (oddiy
amyobada) vakillarining sitoplazmasida maxsus vazifa bajaradigan organellalar
ancha kamligi, murakkab tuzilganlarida (tufelka) esa bunday organellalar ko’p va
bir qancha vazifalarni bajarishga moslanganligi bilan farqlanishadi.
Ko’p hujayrali hayvonlar gavdasini tashkil qilgan hujayra mazkur hayvon
gavdasining eng kichik bir qismini hosil qilib, faqat u yoki bu vazifani bajarsa, bir
hujayrali hayvonlar mustaqil organizm yuqori hayvonlardagidek moddalar
almashtirish, harakatlanish, ta’sirlanish, ko’payish, rivojlanish kabi tirik
organizmlarga xos bo’lgan barcha xususiyatlarni o’zlarida namoyon etishadi.
Ko’p hujayrali hayvonlar tanasini hosil qilgan hujayralar o’z rivojlanishlarida
hayotiy sikllariga ega emas. Ular ko’p hujayrali hayvonlarning ayrim to’qima yoki
organlar tarkibiga kirib shu jonivorni hayotini ma’lum bir qismini o’tkazishda
ishtirok etadi.
Bir hujayrali hayvonlar hujayrasinng hayotiy sikli zigota deb nomlanadigan
davrdan boshlanadi. Zigota davri ko’p hujayralilarning tuxumini otalanishini
eslatadi. Zigota keyingi davrda maydalanb jinnsiz ko’payish davriga o’tadi. Hosil
bo’lgan yangi hujayralardan keyingi siklda jinsiy hujayralar hosil bo’ladi.
Sodda hayvonlarning tuzilishida ikki komponent-sitoplazma va yadro muhim
rol o’ynaydi. sitoplazma tashqi ektoplazma va ichki endoplazmaga ajraladi.
Sitoplazmada hujayraga xos o’lgan organoidlar: mitoxondriyalar, endoplazmatik
to’r, ribosomalar, golji apparati joylashadi. Undan tashqari ko’pgina bir
hujayralilarning sitoplazmasida qisqaruvchi yoki tayanch vazifa bajaruvchi
fibrillar, qisqaruvchi, oziq hazm qilish vakuollari ham bo’ladi.
Bir hujayralilarning yadrosi ikki qavat qobiq bilan o’ralgan bo’lib, yadro
qobig’ida ko’plab tirqishlar bo’lganidan yadroda bo’lgan xususiyatlar, biokimyoviy
jarayonlar sitoplazmaga beriladi. Yadro tarkibida yadro shirasi va unda tarqalgan
xromotin tanachalari, yadrocha bo’ladi. Xromotin aslida xromosomalarning
spirallashmagan ko’rinishidir. Xromosomalar tarkibi esa DNK va ba’zi oqsillardan
iboratdir. Yadrocha esa sodda hayvonlar hujayrasida bitta, ikkita yoki ko’p bo’lishi
mumkin.
Barcha bir hujayrali hayvonlarga xos bo’lgan xususiyatlardagi yana biri
ularni noqulay sharoitlarga moslashuvida sista hosil qilishidir. Sistaga o’ralish
oldidan hayvon gavdasi yumaloqlashadi, harakatlanish organellalarini yo’qotib,
ustki tomonidan qalin qobiqqa o’raladi.
Qobiq bir hujayrali hayvonni turli noqulay ta’sirlardan himoya qiladi.
Bir hujayrali hayvonlarning ko’payishida nasllarning navbatlashuvi hodisasi
ham kuzatiladi. Nasllarning navbatlashuvi haqida sodda hayvonlar, kovakichlilar
haqidagi mavzularda atroflicha materiallar beriladi. Bir hujayralilar yolg’on
oyoqlar, xivchinlar va kipriklar yordamida harakatlanadi. Oziqlanish usullariga
ko’ra ular autotroflar, geterotroflarga bo’linadi.
Bir hujayralilarning 70000 mingdan ortiq turi bo’lib ular sarkomastigoforalar,
sporalilar, miksosporidiyalar, mikrosporidiyalar va infuzoriyalar kabi 5 tipga bo’lib
o’rganiladi.
1-tip. Sarkomastigoforalar (Sarcomastigophora)
Bu tipga mansub hayvonlar soxta oyoqlar yoki xivchinlar bilan harakatlanib,
sho’r suvlarda, tuproqda, hayvon va odam tanasida tekinxo’rlik bilan hayot
kechirishadi. Sarkomostigoforalar tipiga ikki sinf-sarkodalilar va xivchinlilar
mansubdir.
1-sinf. Sarkodalilar (Sarcodina)
Bu sinfga mansub hayvonlarning hujayra qobig’i juda yupqa bo’lganligi
uchun ma’lum shaklga ega emas. Sitoplazma harakati tufayli hujayraning turli
qismlarida hosil bo’lgan o’simtalar yolg’on oyoqlar-psevdopodiylar yordamida
harakat qilishadi. Soxta oyoqlar harakatlanish bilan birga ozuqani qamrab olish
vazifasini ham bajaradi.
Sarkodalilar ikkiga bo’linish, jinsiy yo’llar orqali ko’payadi. Sarkodalilar
ildiz oyoqlilar, nurlilar, quyoshsimonlar kenja sinflariga bo’linadi.
Ildizoyoqlilar kenja sinfi (Rhizopoda)
Bu kenja sinfga mansub hayvonlarning yolg’on oyoqlari xilma-xil shakldadir.
Kenja sinfda amyobalar, chig’anoqli amyobalar va foraminiferalar turkumlari
mavjud.
1-turkum. Amyobalar (Amoebina)
Chuchuk suvlarda, tuproqda, ba’zan odam va hayvonlarda tekinxo’rlik qilib
yashovchi sodda hayvonlar guruhini o’z ichiga oladi.
Oddiy amyoba - Amoeba proteus mazkur turkumning vakilidir.
Gavdasining uzunligi 0.5 mm bo’lib yolg’on oyoqlari tananing turli joylaridan
bo’rtib o’sib chiqadi. Oyoqlarning soni, hujayrada hosil bo’ladigan joylari har-xil
bo’ladi. Oyoq goho paydo bo’lsa bir qancha muddatdan so’ng yo’qolib ketadi. Shu
boisdan bu tuzilmalar-yolg’on oyoqlar deb nomlanadi. Yolg’on oyoq harakatlanish,
ozuqani qamrash vazifasini bajaradi.
Amyoba sitoplazmasi tashqi tiniq, quyuqroq ektoplazma, ichki suyuq -
endoplazma qismlarga bo’linadi. Endoplazmada yadro, hazm qilish va qisqaruvchi
vakuola joylashadi. Amyobaning endoplazmasida hazm qilish vakuollari bilan
birga qisqaruvchi vakuola joylashadi. Vakuola ichiga amyobaning hayot
jarayonlari natijasida hosil bo’lgan keraksiz suyuq mahsulotlar to’planadi. Vakuola
har 5-8 daqiqa oralig’ida qisqarib ichidagi keraksiz mahsulotni tashqariga chiqarib
turadi.
Qisqaruvchi vakuola tana bosimini muqobillashtirib turuvchi organoiddir.
Vakuola faoliyati tufayli hujayrada doimo suv harakatlanib, suvdagi kislorod
amyobaning nafas olishi uchun ishlatiladi. Amyobalar bir hujayrali suv o’tlari va
bir hujayrali hayvonlar bilan oziqlanadi. Amyoba endoplazmasida bitta yirik yadro
bo’ladi. Amyoba faqat ikkiga bo’linish orqali jinssiz ko’payadi.
Bu jarayon aslida mitoz sikli bo’lib, bo’linish 1-2 sutka davom etadi.
Tekinxo’r amyobalar odam va turli hayvonlarning ichagida yashaydi. Bularga
ichburug’ amyobasi - Entamoeba histolytica, ichak amyobasi-Entamoba coli kiradi.
Ichburug’ amyobasi yer sharidagi odamlarning 10-30 foizni zararlashi
mumkinligi haqida ma’lumotlar bor. Ayniqsa ichburug’ amyobasi tropik, subtropik
hududlarda yashovchi odamlarni ko’plab zararlaydi. Ichburug’ amyobasi sog’lom
odamlarga kasal odamlarda hosil qilgan sistasi orqali yuqadi. Sistalar ta’sirlarga
chidamli bo’lib uzoq vaqt yuqumchilik xususiyatini saqlab tura oladi.
Amyoba sistalari odam tanasiga o’tgach ichak devoriga borib uni yemiradi.
Oqibatda odamlarda qonli ichburug’ kasalini keltirib chiqaradi. Kasal odam axlati
bilan kuniga tashqariga 300 million sista chiqishi mumkin. Sista ichida amyoba
yadrosi ketma-ket ikki marta bo’linadi. Natijada u to’rt yadroli bo’ladi. Sistalarni
pashsha, suvaraklar ham tarqatadi. Sista odam ichagiga tushgach, uning qobig’i
yemiriladi. 4 ta yadro atrofi sitoplazma bilan o’ralib, yosh amyobalar ichagida yana
o’sib, rivojlanishga tushadi. Tekinxo’r amyobalar sista ichidagi yadrolar soni bilan
bir-biridan farq qiladi. Ichburug’ amyobasi sistada 4 ta, ichak amyobasida 8 ta
yadro bo’ladi.
Odam ichagida yashovchi ichak amyobasi tuzlish jihatidan ichburug’
amyobasiga o’xshash bo’lsada, undan sistasida 8 ta yadrosi borligi bilan farqlanadi.
2-turkum. Chig’anoqli amyobalar (Testacea).
Bu turkumga mansub jonivorlar ham chuchuk suvlarda hovuz va ariqlarning
qirg’oqqa yaqin joylarida tarqalgan bo’lib ular amyobalardan hujayrasini ustini
qoplab turuvchi, organik modda yoki qum zarralaridan iborat bo’lgan chig’anoq
borligi bilan farqlanadi. Chig’anoqlar yumaloq, cho’ziq va boshqa shakllarda
ko’rinadi. Chig’anoqli amyobalar bir-birlaridan psevdopodiylarining shakli,
uzunligi va chig’anog’inig tarkibi, tuzilishi bilan farqlanishadi.
Chuchuk suv havzalarida artsella-Arcella vulgaris, difflyugiya-Difflugia
kabilar chig’anoqli amyobalarga vakildir. Bular chuchuk suvlarda yashaydi.
Chig’anoq teshigidan tashqariga yolg’on oyoqlari chiqib turadi.
Chig’anoqli amyobalar jinssiz ko’payadi. Dastlab chig’anoq og’izlaridan
sitoplazmaning bir qismi tashqariga chiqib, ustki o’ziga xos kurtak hosil qiladi.
So’ng yadro ham ikkiga bo’linib bittasi yana kurtakka o’tadi. Yangi kurtak ham
chig’anoq bilan o’ralgach u ona organizmidan ajralib mustaqil yashaydi.
3-turkum. Foramineferalar (Foraminifera)
Dengiz va okeanlarning 200-300 m chuqurligida yashaydi. Ayrim vakillari
Markaziy Osiyoning sho’rlangan yerosti suvlarida ham uchraydi. Tanasi qum
zarralardan va ohaktoshdan tarkib topgan turli shakldagi chig’anoq ichida bo’ladi.
Foraminiferalar chig’anog’i ko’p kamerali ba’zan bir kamerali bo’lishi
kuzatiladi. Ko’p kamerali chig’anoq ichi to’siqlar orqali yuzlab alohida
kameralarga aylanib, bular orasida teshiklar kameralarni bir-birlari bilan tutashtirib
turadi. Foraminefara sitoplazmasi teshiklar orqali barcha kameralarga oqib kirib
ularni to’ldiradi. Kamera og’izlaridan sitoplazmatik ipchalar-rizopodiyalar chiqib
o’zlariga ovqatlarni yopishtrib ichkariga o’tkazib berdi.
Ko’payishi - jinssiz va jinsiy nasllarning navbatlashuvi bilan boradi. Ko’p
kamerali elfidium (Elphidium crispa) jinssiz ko’payib uni yadrosi bir necha yuz
bo’laklarga ajraladi. Har qaysi yadro sitoplazma bilan o’ralib, yangi amyobasimon
individlar paydo bo’ladi. Bu individlar ona organizmidan tashqariga chiqib ustki
tomoni chig’anoq bilan o’raladi. Shundan so’ng chig’anoq ichidagi sitoplazma
chig’anoq teshiklaridan tashqariga chiqib kurtak hosil qiladi. Bu kurtaklar yana
chig’anoqlar bilan o’ralib, kameralari soni ko’payadi. Yangi ko’p kamerali
foramineferalar jinssiz yo’l bilan hosil bo’ladi.
Jinsiy ko’payish jinssiz naslning yadrosi bo’linib, undan jinsiy hujayralar-
gametalar hosil bo’lishi bilan boshlanadi. Gametalar chig’anoqdan tashqariga
chiqib bir-birlari bilan qo’shilib zigota hosil kiladi. Zigota atrofi chig’onoq bilan
o’raladi. Biroq bu chig’anoq jinssiz nasl chig’onogidan kichik bo’lgani uchun
mikrosferik nasl deyiladi. Jinssiz nasl makrosferik deyiladi. Zigotadan paydo
bo’lgan nasl diploid xromosomalidir. U agomon deyiladi. Agomon yadrosi ikki
marta reduksion bo’linib gaploid xromosomali gametalar hosil qiladi. Gametalar
qo’shilishi bilan hosil bo’lgan mikrosferik nasl (agomon) diploid xromosomalidir.
Shunday qilib foromineferalarning jinssiz bo’g’im ko’payishi jinsiy yo’l bilan
ko’payadigan naslni, jinsiy ko’payadigan bo’g’im jinssiz ko’payuvchi bo’g’imni
hosil qiladi.
Foraminiferalarning chig’anog’i yillar davomida dengizlar tagida to’planib
borib qalin cho’kmalar hosil qiladi. Bu cho’kmalarda dengiz ostida oxaktoshli
tog’lar hosil bo’ladi.
Nurlilar (Radiolaria) kenja sinfi
Nurlilar ko’proq iliq suvli dengizlarda plankton holda yashovchi
organizmlardir. Ko’pchilik turlari sharsimon bo’lib, ichki murakkab skeleti bo’ladi.
Tanasidan har tomonga ingichka yolg’on oyoqlar chiqib turadi. Nurlilar
sitoplazmasida markaziy kapsula bo’lib, unda yadro joylashgan. Markaziy kapsula
devorida ko’plab teshiklar bo’lib ular vositasida sitoplazmaning tashqi va ichki
qismlari tutashadi. Sitoplazmaning tashqi zonalarida yog’simon shilimshiq
kiritmalarga boy.
Nurlilarning yolg’on oyoqlarining bir xili markaziy kapsulaga yaqin yeridan,
ikkinchilari sirtqi qavatdan paydo bo’ladi. Yolg’on oyoqlar bir-birlari bilan tutashib
to’r hosil qiladi. Bu to’r yordamida nurlilar o’z oziqalarini ushlashadi. Nurlilarning
bir-birlari bilan tutashmaydign ikkinchi xil oyoqlari-aksopodiylari ham bo’ladi. Bu
oyoqlar ichki o’q skeletga ega bo’lib tanadan radial ravishda chiqadi va hayvon
tanasining yuzasini kengaytirish va shu yo’l orqali jonivorni suv yuzasida qalqib
turishiga xizmat qiladi.
Nurlilar ikkiga bo’linish orqali ko’payadi. Faqat Acantaria turkumining ayrim
vakillarida jinsiy ko’payish uchraydi.
Quyoshsimonlar (Heliozoa) kenja sinfi
Chuchuk va dengiz suvlarida yashaydi. Nurlilardan markaziy kapsulasi
bo’lmasligi bilan farqlanadi. Endoplazmasida radial ko’rinishda ko’plab yolg’on
oyoqlar-aksopodiylar chiqadi. Quyoshsimonlar aksopodiylari bilan suvda muallaq
turadi. Qattiq skeleti yo’q jinssiz va jinsiy ko’payadi. Kichik suv havzalarida
yashaydigan Actinosphayerium eichhorni vakil bo’ladi.
Quyoshsimonlarning yumaloq sharsimon tanasidagi sitoplazmasi kataklarga
bo’lingan keng ektoplazma va endoplazma zonalariga ajraladi. Endoplazmadan
ko’plab radial joylashgan aksopodiylar chiqadi. Shu boisdan ularning shakli
quyoshga o’xshab ketadi.
Quyoshsimonlar ko’pincha bir hujayrali hayvonlar, ba’zi hollarda boshqa
mayda jonivorlar bilan oziqlanishadi.
Ayrim quyoshsimonlar jinssiz hamda jnsiy ko’payadi. Jinssiz ko’payish
gavdaning ikkiga bo’linishi bilan o’tsa, jinsiy ko’payish gametalar hosil qilish,
gametalarning o’zaro juftlashib zigota hosil qilishi bilan o’tadi.
Xivchinlilar (Mastigophora) sinfi
Xivchinlilar tabiatda keng tarqalgan sodda hayvonlar bo’lib, ularning
o’zlariga xos tuzilish xususiyatlari-tanalarida xivchini bo’lishi bilan
xarakterlanadilar. Xivchin-ingichka ipsimon yoki sochsimon ko’rinishidagi
sitoplazmaning o’simtasi bo’lib, uning uzunligi xivchinli hayvon tanasining
uzunligidan ancha ortiq bo’ladi. Xivchinning xakatlanish vazifasini bajaruvchi
uzun qismi tananing tashqi tomonida joylashadi. Tashqi tomondan xivchin, uch
qavat membrana bilan o’raladi. Ichki qismida 11 juft tolalar bo’lib ulardan ikkitasi
xivchinning markazida, 9 tasi periferiyada joylashadi.
Xivchin ko’pgina hollarda faqat bitta, ba’zan esa kamdan-kam hollarda
sakkiztagacha bo’lishi mumkin. Sarkodalilardan xivchinlilar tanasini ma’lum
shaklga ega bo’lishi bilan farqlanadi. Buning sababi, xivchinlilarning
ektoplazmasining tashqi qismi birmuncha mustahkam elastik pellikula qobig’iga
ega bo’lishligidir.
Xivchinlilar ichida moddalar almashuviga qarab juda xilma-xil formalarini
uchratamiz. Bu hayvonlar oziqlanish usullariga ko’ra autotroflarga, geterotroflarga
bo’linadilar. Shunday qilib bu sinf vakilari ichida o’simlikka o’xshash
oziqlanuvchilar, hayvon sifatida oziqlanuvchilari ko’p uchraydi.
Autotrof holda oziqlanuvchi xivchinlilar tanasida xlorofillar bo’ladi. Bunday
xivchinlilarning tashqi tomonidan klechatkadan tuzilgan qobig’ini o’rab turishi
ularni o’simliklarga yaqinligini ko’rsatib turadi. Geterotrof xolda oziqlanuvchilarda
xlorofill bo’lmaydi.Bu gruppa hayvonlar ichida ba’zilari chiriyotgan moddalar
bilan oziqlanadilar. Geterotrof holda oziqlanuvchi xivchinlilar tipik hayvon sifatida
hayot kechirib, mayda suv o’tlar, bakteriyalar bilan oziqlanadilar.
Bunday oziqlanishga yordam beradigan tanada alohida organlilar-og’iz,
halqum, oziq hazm qiluvchi vakuollar bo’ladi. Bunday oziqlanish usuliga golofit
usuli oziqlanishi deyiladi.
Golofit usulda oziqlanuvchi hayvonlar tanasida qizil dog’- ko’zi bo’ladi. Bu
ko’z yorug’likni payqashga xizmat qiladi va hayvon yorug’likka qarab harakat
qiladi. Chuchuk suvda yashovchi xivchinlilarda qisqaruvchi vakuollar bo’ladi.
Qisqaruvchi vakuollar vaqt o’tishi bilan to’lib turadi. Unda vakuollar qisqarish
natijasida alohida rezervlarga berib o’z suyuqligini tashqariga chiqarib yuboradi.
Barcha sodda hayvonlarda bo’lganidek xivchinlilarda ham noqulay sharoitga
moslanish-sista hosil qilish xususiyati kuzatiladi.
Xivchinlilarning ko’payishi
Aksariyat ko’pchilik xivchinlilar jinssiz yo’l bilan ko’payadi. Bunday
ko’payishda odatda avval hayvon hujayrasi mitoz bo’linishini boshdan kechiradi.
Shundan so’ng yuqoridan past tomon (uzunasiga) ikkiga ajaraladi. Hosil bo’lgan
ikkita hayvonni bittasiga eski xivchin o’tib, boshqasidan xivchin yangitdan hosil
bo’ladi. Phytomastiguna kenja sinfi vakilari ko’pincha kolonna bo’lib yashaydi.
Kolonna bo’linayotgan xivchinlilarni bir-birlaridan batamom ajralib ketmasligi
oqibatida sodir bo’ladi. Kolonnalar goho daraxtsimon (dinobryon) bo’lsa, goho
sharsimon, ovalsimon va boshqa shakllarda uchraydi. Kolonnani 4 ta yoki 10000
dan ko’proq hujayralar hosil qiladi.
Jinsiy ko’payish ko’pgina o’simliknamo xivchinlilarda uchraydi. Bunda
yadrodan hosil bo’lgan jinsiy gametalar o’zoro qo’shilish natijasida yangi
xivchinlilar paydo bo’lishi kuzatiladi. Gametalar shakli, katta-kichikligi jihatidan
bir-biridan farq qilmasligi mumkin. Bunday gametalar qo’shilishi izogam
kopullatsiya deyiladi.
Xivchinlilar sinfi ikki kenja sinfi-o’simliksimon va hayvonsimon
xivchinlilarga ajratiladi.
1. Kenja sinf. O’simliksimon xivchinlilar (Phytomastigina)
Ushbu kenja sinfga mansub xivchinlilar aksariyat tanalarida xromotoforlari
bo’lgan o’simliklarga o’xshab fotosintez yo’li orqali oziqlanuvchi hayvonlarni o’z
ichiga oladi. Tanalarning shakli duksimon, sharsimon, silindirsimon bo’lishi
mumkin.
O’simliksimon xivchinlilar tanasida xivchinlar soni 1-2 tadan bir necha yuz,
hatto mingtagacha bo’lishi mumkin. Xivchinlar uzunligi ham har-xildir. Xivchinlar
suyuq muhitga parmaga o’xshab buralib kirishi natijasida gavda oldingi tomonga
harakat qiladi. Xromotoforlarda xlorofil donalari bo’lgani sababli bu kenja sinf
vakillarining tanalari ko’pincha yashil rangda bo’lib, fotosintez shu joyda o’tadi.
Moddalar almashuvi yorug’lik enyergiyasi hisobiga boradigan organizmlar
avtotroflar deyiladi. Biroq ayrim avtotroflar qorong’ulikda organik moddalar
ko’pligida yashil rangini yo’qotib getetrof (saprofit) oziqlanishga o’tishadi. Yashil
xivchinlilar fotosintez jarayonida kraxmal yoki uglevodlar sintez qiladi.
O’simliksimon xivchinlilar ichida bir qancha turlari koloniya bo’lib yashaydi.
Chuchuk suvlarda yashovchi gonium (Gonium pyerctorale) 16 ta, evdorina
(Eudorina elegans) 32 ta yashil hujayralardan hosil bo’lgan sharsimon koloniya
hosil qiladi. Bu hujayralar bir-birlari bilan rangsiz quyuq shilimshiq modda orqali
bir-birlari bilan bog’lanadi.
Kichikroq suv havzalarida uchrab turadigan volvokslar (Volvox glabator)
koloniyasi 20 ming hujayradan iborat bo’ladi.
Koloniyadan xivchinlar birgalikda tebranishi natijasida suvda suzib uradi.
Kolonial xivchinlilarning hujayrasi har-xil kattalikdagi gametalar hosil qiladi.
Masalan: 8-hujayrali stefanosfera (Stephanosphera) bir xil kattalikdagi gametalar
hosil qilib izogam kopulyatsiya namoyon etsa, 16 hujayrali pandorina (Pandorina)
gametalari biri ikkinchisiga nisbatan biroz yirik bo’ladi. Volvoks kolonoyasidagi
minglab hujayralardan faqat 25-30 tasi bo’linmasdan tuxum, 5-10 tasi urug’
hujayraga aylanadi.
Hujayralarning bo’linmasdan yiriklanib, jinsiy hujayralarga aylanganlariga
makrogametalar deyiladi. Makrogometalar harakatsiz bo’lib tuxum hujayrasiga
o’xshaydi. Mikrogametalar esa har bir hujayraning yanada maydalanib yoki
hujayralar hosil qilish (palintomik) hisobiga hosil bo’ladi. Mikrogometa
harakatchan urug’ hujayra vazifasini bajaradi.
O’simliksimon xivchinlilar kenja sinfi bir necha turkumga bo’linadi.
1-turkum. Chrysomonadina
Mayda 1-3 ta xivchinga ega bo’lgan dengiz va chuchuk suvlarda yashovchi
xivchinlilardir. Ba’zan tanasida yolg’on oyoq hosil qilishi mumkin. Turkum ichida
daraxtsimon koloniya hosil qilib yashovchi dinabryon, synira kabilari bor.
2-turkum. Qalqondor xivchinlilar (Dinoflagellata)
Dengizlarda yakka yashovchi xivchinlilar bo’lib plankton holda hayot
kechiradi. Qalqondor xivchinlilarning xivchinlari tanasining markaziy qismidan
boshlanadi. Xivchinlardan biri orqa tomonga cho’zilgan, ikkinchisi tanasining o’rta
qismini “belbog’” deb ataladigan chuqur ichida turadi. Qalqondorlarning
kletchatkadan iborat tana po’sti bor. Bu po’st ma’lum tartibda joylashgan, choklar
orqali bir-biri bilan birikkan plastinkalardan tuziladi.
Bu turkumga vakillar sifatida seratsium (Seratium), tun yog’duchisi
Noctiluca milarisni ko’rsatiladi. Tun yog’duchisi plankton holda hayot kechiradi.
Unga mexanik yoki kimyoviy ta’sir etganda o’zidan yog’du chiqaradi. Tun
yog’dusi tanasinng diametri 2mm atrofida bo’lib xromotoforasi va kletchatkasi
bo’lmaydi, shu boisdan u fotosintez qilmay sodda hayvonlar va suv o’tlari bilan
oziqlanadi.Qalqondor xivchinlilar dengiz va chuchuk suv planktonini asosini hosil
qiladi.Ular biosferadagi moddalar almashinuvida katta ahamiyatga ega.
3-turkum. Evglenasimonlar (Euglenoidea)
Chuchuk suv havzalarida turli evglenalar uchraydi. Evglenalar
sitoplazmasining sirtqi qavati pellikula bilan o’ralgan. Oziqlanishlarga qarab
evglenalar yashil o’simliklarga o’xshab autotrof, qorong’ida saprofit usulga o’tadi.
Nihoyat, shunday formalari ham borki, ular tipik hayvon organizmlari kabi
ovqatlanadi, yeydigan ovqati gavdasining oldingi qismida joylashgan og’iz orqali
halqumga, undan sitoplazmaga o’tadi (Peranema avlodi). Evglenasimonlar tanasida
bitta xivchin, ba’zan tanacha, bleforaplast, “ko’zcha” va qisqaruvchi vakuollari
bo’ladi.
Evglenalarga vakil sifatida Euglena viridis, Euglena oxuris ko’rsatiladi.
Evglenalar oziqlanishi tashqi muhit sharoitiga mos xolda o’zgarib turadi. Agar
suvda kimyoviy elementlar, yetarli darajada yorug’lik bo’lsa ular avtotrof
oziqlanishadi. Ya’ni ular quyosh energiyasidan foydalanib fotosintez orqali
o’zlariga o’simliklarga o’xshab organik moddalar hosil qilishadi. Qorong’ulikda
bo’lsa ular suvdagi tayyor organik birikmalarni pellikulasi orqali shimib yashaydi.