BOG`LOVCHISIZ QO`SHMA GAPLAR VA ULARNING TURLARI.
Reja:
1. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap
2. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning turlari
3. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda tinish belgilarining ishlatilishi
Bog‘lovchisiz qo‘shma gap
Qismlarining o‘zaro bog‘lovchi vositalarsiz birikishidan tuzilgan qo‘shma gap
bog‘lovchisiz qo‘shma gap deyiladi. Bunday qo‘shma gaplarda predikativ
qismlarni mazmun va qurilish jihatdan bog‘lashda ohang yetakchi vazifa bajaradi.
Masalan: Tashqarida qor uchqunlanib turar, daraxtlarning shoxlari kumush rangda
tovlanib, ko‘zni qamashtirardi. (J.Abdullaxonov).
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarning qismlari ko‘pincha tenglik ohangi orqali
bog‘lanadi. Masalan: Oldindan salqin shabada esa boshladi, yo‘l qishloqning tutzor
ko‘chasiga kirdi. (Sh.Xolmirzaev). Piyozning po‘sti ko‘p, yomonning do‘sti ko‘p.
(Maqol). Ba’zan bunday qo‘shma gaplarning predikativ qismlari tobelik
intonatsiyasi bilan bog‘lanishi mumkin. Masalan: Ortiq ham o‘zicha quvonib qo‘ydi:
sintetik o‘tovning narhi salkam ikki ming so‘m... (P.Qodirov).
Shuning uchun ham tenglik intonatsiyasi orqali tuzilgan bog‘lovchisiz
qo‘shma gap mazmunan bog‘langan qo‘shma gapga, tobelik intonatsiyasi orqali
tuzilgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap ergashgan qo‘shma gapga mos keladi. Ammo
ba’zi bir bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasidagi intonatsiya tenglik va tobelik
holatidan o‘zgacha bo‘ladi. Masalan: So‘z doriga o‘xshaydi, ortiqchasi zarar
keltiradi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning turlari
Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlarining qanday shakllanishiga ko‘ra, ikki xil
bo‘ladi:
1. Bir tipdagi qismlardan tashkil topgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap. Bu xil
qo‘shma gap qismlarining kesimlari bir xil shakllangan bo‘ladi: Chin muhabbat husn
tanlamas, Husn uchun sevmas vafodor. (Shukrullo).
Bir tipdagi qismlardan tashkil topgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari orasidagi
semantik munosabatlar quyidagicha bo‘ladi:
1. Bir paytda sodir bo‘ladigan voqea-hodisalar anglashiladi: Motor esa zo‘r
berib tirillar, mashina silkinar edi. (Ch.Aytmatov). Bunday paytda butun vujudida
ajoyib bir safarbarlik sezar, xotirasi, zehni, shuuri bir nuqta atrofida inoq
to‘planardi. (P.Qodirov).
2. Ketma-ket ro‘y beradigan voqea-hodisalar anglashiladi: Tog‘ tepasida
to‘planayotgan bulutlar tushga borib quyuqlashib ketdi, oftob g‘oyib bo‘ldi.
(P.Qodirov).
3. Voqea-hodisalar qiyoslanadi: Bahodir qo‘shinga boshchilik qiladi,
donishmand yo‘l ochib beradi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Yangi libos –
oroyish, yaxshi yo‘ldosh – osoyish. (Maqol).
4. Voqea-hodisalar zid qo‘yiladi: Adolatparvar bo‘lish oson - e’tiqoding
uchun kurashish qiyin. (F.Musajonov).
II. Turli tipdagi qismlardan tashkil topgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap. Bu
xildagi qo‘shma gap qismlarining kesimlari turlicha shakllanadi. Bunda qo‘shma gap
qismlaridan anglashilgan voqea-hodisalar bir-biriga bog‘liq bo‘ladi. Masalan: Aqlli,
farosatli, ilmu hunarli kishilar bilan do‘st bo‘l, hunarsiz kishida xosiyat bo‘lmaydi.
(«Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning bu turida tarkibidagi qismlar orasida quyidagi
semantik munosabatlar yuzaga keladi:
1. Sabab munosabati anglashiladi: Havo yaxshi, dalada dehqonlar yig‘im-
terim bilan ovora. (Oybek). Nomarddan yordam so‘rama, yuzingga soladi. (Maqol).
2. Payt munosabati anglashiladi: Quyosh pasayib oppoq cho‘qqilar ustiga
qo‘na boshlagan, tog‘ning qori ko‘zni olar darajada yaltiraydi. (P.Qodirov).
3. To‘siqsizlik munosabati anglashiladi: Bular bizni oyoq osti qilib tepyapti,
sen uyda baqrayib o‘tiribsan. (P.Qodirov). Biz ilmdan yiroqmiz, tajriba bor, xolos.
(J.Abdullaxonov).
4. Natija munosabati anglashiladi: Shuncha xo‘jalik yangi uylarga ko‘chib
kirdi, Oyko‘l butunlay o‘zgarib ketdi. (P.Qodirov).
5. Izoh munosabati anglashiladi: ... bir narsa mening esimda turibdi: Oyko‘l
g‘allani ko‘p olgan yillari chorvasi ham hozirgidan besh barobar ko‘p edi.
(P.Qodirov). Bu gapdan Ismat bobo bir cho‘chib tushdi: u Kattaevning eng yaqin
kishilaridan edi. (P.Qodirov).
6. Shart munosabati anglashiladi: Ozroq kutib turgin, tez kelaman. (S.Ahmad).
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda tinish belgilarining ishlatilishi
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarda tinish belgilari quyidagicha ishlatiladi:
1. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlaridan bir paytda yoki ketma-ket ro‘y
beradigan voqea-hodisalar anglashilsa, ular bir-biridan vergul bilan ajratiladi.
Masalan: Siz marg‘ilonlik og‘aynilarni qipchoqlarga qarshi oyoqlantirmoqchi
bo‘lasiz, buni ham yaxshi bilamiz... (A.Qodiriy).
2. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari mazmun jihatdan mustaqilroq bo‘lsa
yoki ular turkibida vergul ishlatilgan bo‘lsa, qo‘shma gap tarkibidagi qismlar bir-
biridan nuqtali vergul bilan ajratilib yoziladi. Masalan: Ishing bo‘lmasa kitob o‘qi,
husnixat ol; sen kulolning qizi emassan... (A.Qodiriy). Yosh chog‘ida ...
qattiqchilikda o‘sdi; uning ba’zi yarashmagan harakatlari balki o‘sha
qattiqchilikning ruhga singib qolgan yomon ta’siridir. (A.Qodiriy).
3. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap tarkibidagi ikkinchi gap birinchi gapning biror
bo‘lagini izohlasa, uning mazmunini to‘ldirsa, qismlar orasiga ikki nuqta qo‘yiladi.
Masalan: Arslonbob yong‘oqlariga kelganda shuni aytmoqchiman: bular nihoyatda
noyob, zotli yong‘oqlar. (J.Abdullaxonov). Xolbek bir narsani endi sezmoqda edi:
Avaz bilan Hulkar unga negadir kerak edi. (P.Qodirov).
4. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari bir-biridan tire orqali ajratiladi.
Quyidagi holatlarda qo‘shma gap qismlari orasiga tire qo‘yiladi:
1) qo‘shma tarkibidagi gaplar mazmunan zid bo‘lsa: Kiygan to‘ning eskiydi –
kiydirganing eskimas. (Maqol).
2) birinchi gap ikkinchi gap kesimidan anglashilgan ish-harakatning bajarilish
natijasi yoki shartini bildirsa: Qaring bor – baring bor. (Maqol).
3) birinchi gap mazmuni ikkinchi gap mazmuniga o‘xshatilsa: Qor yog‘di –
don yog‘di. (Maqol). Vaqting ketdi – baxting ketdi. (Maqol).
4) qismlardan tez almashinuvchi voqea-hodisalar anglashilsa: - Hoy,
oyimcha, sen yaxshi bo‘lding – biz yomon bo‘lib qoldikmi hali?... (P.Qodirov). Shu
payt oy bulutlar orasidan suzib chiqdi – kamtigi bulutning chetiga urilib, sho‘x bir
silkinib qo‘yganday ko‘rindi. (P.Qodirov).