Bolalarda ravon nutqni shakllantirishning nazariy asoslari. Ravon nutq tushunchasi, mazmuni, mohiyat, uni rivojlantirish vazifalari, turlari
Yuklangan vaqt
2025-02-02
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
16
Faytl hajmi
34,9 KB
Bolalarda ravon nutqni shakllantirishning nazariy asoslari. Ravon nutq
tushunchasi, mazmuni, mohiyat, uni rivojlantirish vazifalari, turlari
Reja:
1. Ravon nutq haqida umumiy tushuncha
2. Bolalarga dialogik nutqni o‘rgatish
3. Ravon nutqning bola hayotidagi amaliy ahamiyati
Tayanch tushuncha va iboralar: ravon nutq, diologik matn, muloqot, ta’lim
jarayoni, ta’lim va tarbiya, nutq shakllari, nutq vazifalari, nutq turlari.
Ravon nutq - bu kishilarning muloqotini va o‘zaro bir-birlarini tushunishlarini
ta’minlovchi mazmunan keng yoyilgan fikrdir. Ravon nutqni fikrlar dunyosidan
ajratib bo‘lmaydi: ravon nutq bu fikrlar ravonligidir, unda bolaning mantiqiy
fikrlash, o‘zi qabul qilayotganlarini mulohaza qilish va ularni to‘g‘ri ifodalash
qobiliyati aks etadi. Ravon nutqni shakllantirish, uning vazifasini o‘zgartirish
murakkablashib borayotgan bola faoliyati oqibati bo‘lib, u bolaning atrofdagilar
bilan muloqotga kirishish sharoiti, muloqot shakliga bog‘liq bo‘ladi. Maktabgacha
yoshda u muloqot va ta’lim jarayonida shakllanadi. Ravon nutqning shakllanishi ilk
yoshdan boshlab asta-sekin ro‘y beradi.
Bolalar hayotining dastlabki yetti yilida atrofdagi kishilar bilan muloqot
vositasi sifatida nutqning paydo bo‘lishi va uni rivojlantirish jarayoniga alohida
e’tibor qaratish zarur.
Har bir kishi hayotida ravon nutq muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u uchta asosiy
vazifani bajaradi: individuallararo, ichkiindividual va umuminsoniy. Nutq vazifasi
uning ontogenezdagi haqiqiy rivojlanish jarayoni bosqichini aks ettiradi, ularning
har biri o‘ziga xos xususiyatlarga egadir:
1- vazifasi -individuallararo - kishilar o‘rtasidagi muloqot vositasidir. Ushbu
holatda nutq og‘zaki nutq - monolog, dialog, bir nechta odamlar suhbati sifatida
chiqadi.
2- vazifa - ichkiindividual - bu yerda nutq ko‘plab psixologik jarayonlarni
(fikrlash, diqqat-e’tibor, xotira, tasavvur va boshq.) aniq-tiniq anglash darajasiga
ko‘targani hamda shaxsga psixologik jarayonlarni tartibga solish va nazorat qilish
imkonini bergani holda ularni amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
3- vazifasi - umuminsoniy - bu o‘rinda nutq alohida bir odamga umuminsoniy
ijtimoiy- tarixiy tajriba xazinasidan axborot olish imkonini beradi. Ushbu holatda -
bu grafik ramzlar va belgilarda moddiylashtirilgan yozma nutqdir.
Nutqning shakllanishida va bolaning undan foydalanishida maktabgacha
bosqichdagi turli davrlarda bolalarda o‘zgarib turadigan kommunikativ tusdagi
omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Kommunikativ tusdagi omillar
deganda muloqotni yo‘lga qo‘yishga, muloqotga extiyoj tug‘ilishiga ta’sir qiladigan
omillar tushuniladi.
Dastlabki yetti yilda bolada kattalar bilan muloqotga ehtiyoj rivojlanishining 4
ta bosqichi ro‘y beradi.
I- bosqich - vaziyatli-shaxsli muloqot (bola hayotining birinchi yarim yilida) -
kattalarning diqqat-e’tiboriga va yaxshi muomalasiga bo‘lgan ehtiyoj;
II- bosqich - vaziyatli-amaliy muloqot (6 oydan boshlab 2 yilu 6 oygacha) -
kattalar bilan hamkorlikka va ularning ishtirokiga muhtojlik;
III- bosqich - vaziyatsiz-bilish muloqoti (2 yilu 6 oydan boshlab 4 yoshgacha)
- kattalarning hurmat bilan munosabatda bo‘lishlariga muhtojlik. U bolaning
jismoniy olamdagi his qilinmaydigan o‘zaro bog‘liqliklarini aniqlashga
yo‘naltirilgan bilish faoliyati doirasida vujudga keladi. Ushbu davrda bola kattalar
bilan o‘ziga xos “nazariy” hamkorlikka intiladi, u predmetli olamning hodisa va
voqealarini birgalikda muhokama qilishda ifodalanadi.
IV- bosqich - vaziyatsiz-shaxs muloqoti (4 yoshdan 7 yoshgacha) - kattalar
bilan o‘zaro bir-birini tushunishga va kattalarning g‘amxo‘rlik ko‘rsatishiga
ehtiyojmandlik. Bu ehtiyoj bolaning insoniy munosabatlar olamiga qiziqishi tufayli
vujudga kelib, u bolaning munosabatlar qoidalari va me’yorlarini o‘zlashtirish bilan
bog‘liqdir. Bola kattalar bilan qarashlar umumiyligiga erishishga intiladi va bu unga
ulardan o‘z xatti-harakatlarida qo‘llanma sifatida foydalanish imkonini beradi.
SHunday qilib, nutqni rivojlantirish jarayoniga muloqot vositasi, ya’ni
kommunikativ faoliyat sifatida qarash kerak. Uning vujudga kelishi va rivojlanishi
bolaning muloqot va umumiy hayot faoliyati ehtiyojlariga bog‘liqdir.
Nutqqa u bajaradigan tahlil vazifasidan kelib chiqib yondashish, nutqning eng
avvalo bolaning atrofdagi odamlar bilan muloqot vositasi sifatida paydo bo‘lishini
tushunib yetishga olib keladi. O‘z-o‘zidan, agarda bolaning muloqoti nutqqa jon
bag‘ishlasa, uning rivojlanish sur’ati va muddati bolalarda muloqot faoliyati turli
yosh bosqichlarida qanday yo‘lga qo‘yilganligi bilan bog‘liqdir, ushbu
vazifalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bolaning ong va erkinlikning yuqori
darajasiga qanchalik tez erishishi, bolaning unga turli sohalardagi bilimlarini
rivojlantirish va takomillashtirish imkonini beradigan yozma nutqni qancha
muddatda o‘zlashtira olishiga bog‘liqdir.
Matndan kelib chiqadigan ravon nutqni shakllantirish, uning vazifalarini
o‘zgartirish bola faoliyatining murakkablashayotgani oqibati bo‘lib, u bolaning
atrofdagilar bilan muloqoti mazmuni, sharti va shakllariga bog‘liqdir. Nutq vazifasi
fikrlashning rivojlanishi bilan parallel ravishda shakllanadi, ular bola til vositasida
ifodalaydigan mazmun bilan uzluksiz ravishda bog‘liq bo‘ladi.
Bolalarda ravon nutqni rivojlantirish - maktabgacha ta’lim muassasasining
asosiy vazifasi hisoblanadi, maktabgacha yoshining nihoyasiga kelib bola kattalarga
xos bo‘lgan og‘zaki nutqning asosiy shakllarini egallashi, ya’ni ravon nutqning ikki
shakli - dialogik va monologik nutqni egallab olishi shart.
Maktabgacha ta’lim muassasasining vazifasi - bolalarda ravon so‘zlashuv
nutqni (dialogik nutq) va monologik nutqni rivojlantirishdan iborat. So‘zlashuv
nutqini shakllantirish vazifasi ko‘p qirrali. Maktabgacha bosqichdagi kichik yoshli
bolalarda ularga qaratilgan nutqni tinglash va tushunish, bir-birini tinglash,
savollarga javob berish va o‘zi ham savollar berishi, suhbat mavzusi bo‘yicha izchil
javob berish qobiliyati shakllanadi.
4 yoshdan boshlab bolalarga suhbatda ishtirok etishni, uzuq-yuluq fikrlardan
nisbatan keng, izchil fikrlarga o‘tish, savollar berishni o‘rgatish zarur; 5-6 yoshli
bolalar uzoq davom etadigan maqsadli suhbatlarga qodir bo‘ladilar. Bolalarga
qo‘yilgan savollarga ularning mazmunidan kelib chiqqan holda qisqa yoki keng
qilib aniq javob berish, suhbatdoshi so‘zini bo‘lmasdan diqqat bilan tinglash,
ularning javoblarini to‘ldirish, tuzatishlar kiritish, o‘zlari ham savollar berishni
o‘rgatish zarur va x.k. Ayni paytda shaxsning nutqiy sifatlarini tarbiyalash -
bolalarga kirishimlilik, xushmuomalalik, xushyorlik, bosiqlik kabi sifatlarni
shakllantirish; suhbat jarayonida nutqiy muloqot madaniyati ko‘nikmalarini,
tengdoshlar jamoasi oldida chiqish qila olish qobiliyati va telefon orqali
suhbatlashish madaniyatini tarbiyalash lozim.
Monologik nutqning o‘quv vazifasi mustaqilligi, tugallanganligi, qismlari
o‘rtasida mantiqiy aloqasining mavjudligi bilan tavsiflanadigan ravon fikr
bildirishni o‘rgatishdan iboratdir, ya’ni bu -qisman (nutqiy) ko‘nikmalar va ona
tilida fikr bildirish uchun zarur bo‘lgan murakkab qobiliyatlarni shakllantirish
demakdir.
Ravon nutq ustidagi ishlarning asosiy rivojlantiruvchi vazifasi - bolalarning
fikrlashini, o‘z fikrini til vositalari yordamida aniq ifodalash qobiliyatini
rivojlantirish, nutqiy fikrlashga oid vazifalarni mustaqil ijodiy xal etish
ko‘nikmalarini shakllantirish, xotirani, tasavvurni faollashtirishdan iborat.
Vazifalarni muvaffaqiyatli xal etish uchun pedagog o‘ziga quyidagilarni aniq
tasavvur qilish zarur: 1 - ravon nutqni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat
qiladigan til materiali; 2 - ushbu materialda shakllantirish mumkin bo‘lgan nutqiy
ko‘nikmalar va maxoratlar umumiyligi; 3 - ushbu ko‘nikmalarni “oddiydan
murakkabga” tamoyili asosida mashq qilishning ketma- ketligi.
Monologik nutq hikoya qilishni o‘rgatish jarayonida shakllanadi - bolalar
og‘zaki monologik nutqning ikki toifasini - qayta hikoya qilish va hikoya qilish,
tavsiflovchi hikoyalar, bayon qiluvchi hikoyalar, isbotlovchi hikoyalarni
o‘zlashtirib oladilar.
YUqorida qayd etilganidek, ravon nutqning ikki turi mavjud: dialogik (dialog)
va monologik (monolog) nutq.
Dialog - ikki yoki bir necha kishining o‘zaro suhbati. Suhbat maqsadi odatda
biron narsa haqida so‘rash va javob olish, biron-bir harakatga undashdan iborat.
Monolog - bir shaxsning ravon nutqi. Monologning maqsadi - biron-bir fakt
haqida xabar berishdir.
Dialog o‘z uslubiga ko‘ra asosan, og‘zaki nutq, monolog esa odatda, kitobiy
uslubdagi nutq hisoblanadi.
Dialogik ravon nutqda ko‘pincha noto‘liq gaplardan foydalaniladi, tushirib
qoldirilgan gap a’zolarini so‘zlovchi nutq vaziyatidan kelib chiqib tushunib oladi,
va og‘zaki uslubdagi, standart tuzilishdagi (qolip) to‘liq gaplardan ko‘proq
foydalaniladi: “u kelmay qo‘ya olmaydi” - ya’ni u albatta keladi.
Bunday tuzilishdagi gaplar monologik nutqda qo‘llanilmaydi. Bolalar dialogik
nutqni har kuni maishiy hayotda uchratishlari sababli uni ancha oson o‘zlashtirib
oladilar.
Biron-bir narsani tavsiflashda, biron narsa haqida bayon qilishda yoki
mulohaza yuritishda nutqning monologik shaklidan foydalaniladi. Nutqning ushbu
ikki turlari o‘rtasidagi farq matn ichidagi gapning mantiqiy aloqa turi bilan
belgilanadi. Monolog doimo vaqtli yoki sabab-oqibatli aloqada bo‘ladigan (bir-
biriga nisbatan) borliq faktlari haqida xabar qiladi.
Vaqtinchalik aloqa ikki tomonlama bo‘lishi mumkin: faktlar haqiqatdan ham
bir vaqtdalik yoki ketma-ketlik munosabatlarida bo‘lishi mumkin.
Bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘ladigan faktlar haqidagi xabarlar tavsif deb
ataladi. Faktlar ketma-ket keladigan xabar bayon qilish deyiladi. Sabab-oqibatli
munosabatlarda bo‘lgan faktlar haqidagi xabarlar esa mulohaza deb yuritiladi.
Bolalar monologik nutqni tushunib yetishlari va o‘z xabarlarini uzatish
maqsadida uni o‘zlashtirib olishlari uchun ular tegishli sintaktik tuzilmani
o‘zlashtirib olishlari lozim. Hamonki, bola oddiy keng tarqalgan gaplarni tuzishni
o‘rganib ololmas ekan, uning nutqi ravon bo‘lishi mumkin. Oqibatda - monologik
nutqning turli toifalarini o‘qitish - bu eng avvalo grammatika - sintaksisga
o‘qitishdir.
Bolalarga monologik nutqni o‘qitish qiyin, chunki bolalar kundalik hayotda va
kattalar nutqida ham monologik nutqni kamdan-kam xollarda eshitadilar: bolalar
bilan so‘zlashganda kattalar ko‘pincha dialog shaklidan foydalanadilar.
Monologik nutqning dastlabki ko‘nikmalarini maktabgacha bo‘lgan davrda
rivojlantirish lozim, chunki maktabda monologni o‘qitishni boshlash uchun kech
bo‘ladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasining pedagogi bolalarga monolog-tavsif,
bayon qilish, muloxoza yuritishni o‘rgatish uchun maqbul didaktik material
topishga harakat qilishi zarur.
Ilk yoshda bola ravon nutqni eshitadi. Dastlab bu unga nisbatan aytilgan
luqmalar, so‘ngra esa ertaklar, hikoyalar, kattalarning monologik nutqlari bo‘ladi.
Ravon nutqdan til elementlari - tovushlar, morfemalar, so‘zlar, gaplarni ajratib olar
ekan, bola ravon matnda har bir til elementining o‘rnini eslab qoladi, bu esa ilk
yoshdan boshlab nutqdan oldingi mashqlar boshlanadigan til sezgilarini
rivojlantirish jarayonini tashkil etadi.
Bolalarga dialogik nutqni o‘rgatish
Dialog - suhbat bolaning kattalar va o‘z tengdoshlari bilan muloqotining asosiy
shakli hisoblanadi.
Maktabgacha ta’lim muassasasida o‘qitish ikki shaklda amalga oshiriladi: a)
erkin nutqiy muloqotda; b) maxsus mashg‘ulotlarda.
Dialog ko‘proq erkin nutqiy muloqotda paydo bo‘ladi va u bolalar lug‘atini
boyitish, talaffuzga oid, grammatik ko‘nikmalarni tabiiy ravishda rivojlantirish
bazasi, ravon nutq ko‘nikmalariga ega bo‘lish bazasi hisoblanadi.
Dialog maxsus mashg‘ulotlarda o‘qitiladi (oyiga 1-2 ta mashg‘ulot);
maktabgacha ta’lim muassasasida kun mobaynida bola pedagog va boshqa bolalar
bilan erkin muloqotga kirishadi. Uyda esa kattalar bola bilan turli mavzularda
dialogga kirishishlari lozim.
Dialogik nutqni (yoki og‘zaki nutqni) o‘rgatish odatda suhbat shaklida, ya’ni
kattalar bilan bola o‘rtasida hamda bolalarning o‘zlari o‘rtasida fikr almashish
shaklida ro‘y beradi.
Agarda maktabda suhbat bilimlarni yetkazish vositasi sifatida qo‘llanilsa,
suhbat jarayonida bolalar nutqini boyitishda qo‘shimcha ijobiy hodisa ko‘rinishida
qabul qilinadi, maktabgacha ta’lim muassasasida ham suhbat aynan nutqni
rivojlantirish uchun o‘tkaziladi. Biroq, nutq albatta borliq hodisasini aks ettirishi,
kodlashtirishi bois maktabgacha ta’lim muassasasidagi suhbat xuddi maktabdagi
kabi bilim beradi.
Suhbatlar mavzusi va mazmuni bolalarning yosh xususiyatlari hamda ularning
nutqiy rivojlanish darajasini hisobga olgan holda “Ilk qadam” tayanch dasturi bilan
belgilanadi.
Suhbat ta’lim metodikasi sifatida - bu tarbiyachining bolalar guruhi bilan (yoki
alohida har bir bola bilan) aniq maqsadga yo‘naltirilgan, muayyan mavzuda
oldindan
tayyorlangan
so‘zlashuvidir.
Maktabgacha
ta’lim
muassasasida
takrorlovchi, umumlashtiruvchi va nazorat- tekshiruv suhbatlaridan foydalaniladi.
Takrorlovchi va umumlashtiruvchi suhbatlarda tarbiyachi turli usullar
yordamida bolalarga ko‘rgan narsalarni taxlil qilish, taqqoslash, to‘ldirish,
chuqurlashtirish usullarini o‘rgatadi, bolalardagi mavjud bilimlarni tizimlashtiradi,
ularni muayyan xulosalarga kelishga undaydi.
Nazorat-tekshiruv suhbatlari pedagog tomonidan biron-bir o‘tilgan mavzu
bo‘yicha bolalarning bilimlarini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Pedagog savollar
yordamida bolalarning biron-bir mavzuni o‘tish jarayonida olgan bilimlari
darajasini aniqlashi mumkin.
Bolalar bilan ishlash jarayonida pedagog tayyorlanmagan va tayyorlangan
suhbatdan foydalanadi.
Tayyorlanmagan suhbat (buni faqat bolalarga nisbatangina qo‘llash mumkin,
chunki bolalar ular bilan nimalar haqida so‘zlashishlarini, nimalarga diqqat-
e’tiborini jalb qilishlarini bilmaydilar) rejimli jarayonlarni o‘tkazishda, bolalar
faoliyatining har xil turlarida: o‘yinlarda, mexnatda tashkil etilishi mumkin.
Tarbiyachi esa har qanday muloqot turiga tayyor turishi zarur. Zero, buning uchun
u kasbiy ta’lim olgan bilimlarining muhim qismlaridan birini bolalar bilan
suhbatlashish tashkil etadi. SHuning uchun tarbiyachi bolalar bilan shunday
so‘zlashishi lozimki, toki u o‘z nutqi bilan bolalarga ona tilini o‘rgatsin.
Nutqiy muloqotga bo‘lgan zarurat tufayli to‘satdan yuzaga keladigan suhbatda
tarbiyachi o‘zining til sezgisiga ishongani holda o‘z nutqining grammatik shaklini
va uning jaranglashi (fonologiyasi)ni tayyorlamaydi, ammo u har bir suhbatning
mavzusiga tayyorgarlik ko‘rishi shart.
Tayyorlangan suhbat deb nomlanishining sababi shuki, bunda tarbiyachi
mashg‘ulotdan oldin (mashg‘ulotdan bir necha kun oldin) bolalarni shunday
vaziyatda qoldiradiki, bunda ularning diqqat-e’tibori bo‘lajak suhbat mavzusi
bo‘ladigan atrof-olamdagi hodisalarga jalb qilinadi, chunki faktlarga oid materiallar
bolalarga bungacha tanish bo‘lishi lozim.
Suhbatni tashkil qilish, uning tuzilmasi mavzu va mazmunga, bolalarning
yoshiga bog‘liq bo‘ladi. Har bir suhbatda quyidagi tarkibiy komponentlarni ajratib
ko‘rsatish mumkin: 1) kirish (boshlash); 2) asosiy qism (suhbat mavzusini
rivojlantirish); 3) nihoyasiga yetish.
Kirish maqsadi bolalarning diqqat-e’tiborini suhbat mavzusiga jalb qilish,
ularda suhbatda ishtirok etish xohishini paydo qilish, bolalar xotirasida ilgari
olingan taassurotlarni, imkoni boricha obrazli va emotsional taassurotlarni
jonlantirishdan iborat.
Tarbiyachi suhbatlashadigan narsa (hodisa) haqida taklif qilgan topishmoq
ham kirish bo‘lishi mumkin. Suhbatni tegishli mavzudagi she’rni o‘qish yoki
suratlarni ko‘rish bilan boshlash mumkin. Suhbat boshlanishida tarbiyachi bo‘lajak
suhbat mavzusini (maqsadini) shakllantiradi, uning muhimligini asoslaydi, uni
tanlash sabablarini bolalarga tushuntirib beradi.
Asosiy qism maqsadi - bolalar ko‘rgan narsalarni esga olish, qo‘shimcha
bilimlarni taxlil qilish, ularni tushuntirish hisobiga chuqurlashtirish, qo‘shimcha
bilimlarni ma’lum qilish, ularni bir tizimga keltirish va mustahkamlashdan iborat.
Suhbatning asosiy qismi mikromavzu yoki bosqichlarga ajratilishi mumkin.
Har bir bosqich - bir mavzuni bo‘g‘in qismlari bo‘yicha taxlil qilishdan iboratdir.
Pedagog mashg‘ulotga tayyorlanar ekan, barcha bosqichlarni belgilab olishi lozim.
Suhbat mavzusini rivojlantirish aniq maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim,
tarbiyachi imkoni boricha bolalarning mazkur mavzudan chetga chiqishlarining
oldini olishi zarur (ba’zan ortiqcha faktlarni aniqlash uchun undan chekinish
mumkin, biroq so‘ngra yana asosiy suhbat mavzusiga qaytish darkor). Tarbiyachi
suhbat rejasini oldindan belgilab oladi. Tarbiyachining qo‘lida reja bo‘lsa, bolalar
qanchalik mavzudan chetga chiqmasinlar, u ilgarigi savol o‘z ahamiyatini yo‘qotdi,
deb hisoblagan paytda o‘z rejasidagi navbatdagi savolni berish orqali ularni yana
mavzuga qaytarish mumkin.
Pedagog unutmasligi lozim, bolalarning fikrlash xususiyati shundayki, ular
suhbat mavzusini oson unutadilar, har bir mayda-chuyda narsaga chalg‘iyveradilar.
Bola qanchalik kichik bo‘lsa, u shunchalik tezroq chalg‘iydi, xozirgina o‘zi aytgan
narsalarni tezlik bilan unutadi va boshqa mavzuga o‘tadi.
Mashg‘ulot - suhbat bolalarda mantiqiy fikrlash, boshlagan mavzuni oxiriga
yetkazish qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan.
Bolalar biladigan narsalar haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni xabar qilish
suhbat asosiy qismining zarur elementi hisoblanadi. Bu bolalar bilimlarini
kengaytiradi va chuqurlashtiradi. Tarbiyachining qisqa va aniq axboroti suhbatni
aniq maqsadni ko‘zlagan holda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Suhbat topishmoq,
she’rlar va tarbiyachining tegishli suratga oid sharxlari bilan tugallanishi mumkin,
ammo u ko‘pincha pedagogning ushbu suhbatdan kelib chiqqan holda bolalarning
axloq borasida o‘rganishi lozim bo‘lgan jihatlar haqidagi mantiqiy xulosasi bilan
yakunlanadi. Ayni paytda pedogog o‘z xulosasida o‘zi suhbat mobaynida bolalarga
o‘rgatishi lozim bo‘lgan so‘zlar, so‘z shakllari va sintaktik tuzilmalarni qo‘llashi
lozim.
Suhbatni shunday uyushtirish lozimki, toki unda barcha bolalar ishtirok
etsinlar. Agarda bola faqat tarbiyachining boshqa bolalar bilan suhbatini tinglab
o‘tirsa va o‘zi ushbu fikr bildirishlarda ishtirok etmasa, bu bola “suhbatlashishni”
mashq qilmaydi va uning suhbatdagi ishtiroki faqat nomigagina bo‘ladi, xolos.
Suhbatni cheklangan sondagi bolalar (6-8 nafar bola) bilan o‘tkazish maqsadga
muvofiqdir. Agarda guruhda 25-30 ta bola bo‘lsa, bu holda mashg‘ulotni bolalarni
uchta-to‘rtta kichik guruhga bo‘lgan holda o‘tkazish zarur. Belgilangan vaqtdan
oshib ketmaslik uchun har bir kichik guruh bilan suhbat davomiyligini qisqartirish
mumkin. Biroq har bir bolaning nafaqat tinglab o‘tirishini, balki so‘zlashishni
mashq qilishiga ham erishishi lozim. Pedagog yordam uchun ota-onalarni jalb
qilishi va ularga tayyorgarlik suhbatini qanday olib borish lozimligi haqida batafsil
ko‘rsatmalar berish zarur. Ota-onalarning barchasi og‘zaki nutqni yaxshi bilishlari
bois ushbu vazifani bajara oladilar.
Dialogik ravon nutqni rivojlantirishga doir maxsus mashg‘ulotlar suhbat
metodi (suhbat) va imitatsiya metodi asosida o‘tkaziladi. Mazkur metodlar
ko‘pincha quyidagi usullar yordamida amalga oshiriladi:
• Tayyorgarlik suhbati (so‘zlashish) usullari;
• Teatrlashtirish usullari (imitatsiya, qayta aytib berish).
Tayyorlangan suhbatning quyidagi vazifalari mavjud:
• To‘g‘ridan-to‘g‘ri - bolalarni suhbatlashishga, ya’ni suhbatdosh so‘zlarini
bo‘lmasdan tinglash, luqma tashlash uchun qulay paytni kutgani holda o‘zini tutib
turish, suhbatdoshi uchun tushunarli qilib so‘zlash;
• Yo‘ldosh - talaffuz va grammatik ko‘nikmalarni mashq qilish, ma’lum
so‘zlar ma’nosini aniqlashtirish.
Suhbat jarayonida tarbiyachi savollar, topishmoqlar, badiiy so‘z kabi turli
usullardan foydalanadi. Bu usullarning barchasi suhbat paytida bilimlarni
o‘zlashtirish jarayonini yo‘naltirish, nutqiy muloqotni ta’minlash, bolalar fikrlarini,
ularning diqqat-e’tiborlarini, xotiralarini, emotsiyalarini faollashtirishga yordam
beradi. Ammo suhbat olib borishning yetakchi usuli savollar hisoblanadi. Bolalar
bilan suhbatning muvaffaqiyati va pedagogik samaradorligi ko‘p jihatdan
savollarning to‘g‘ri qo‘yilishiga bog‘liq bo‘ladi. Savollar berish hamda uning
javobining murakkabligi va qiyinligini asta-sekin kuchaytirib borishni bilish eng
asosiy va zarur pedagogik odatlardan biridir. Savol qo‘yish - bolalar oldiga ularning
kuchi yetadigan darajadagi nutqiy fikrlash vazifasini qo‘yish demakdir. Ayni paytda
u xaddan tashqari osonlashtirib yuborilmasligi lozim, chunki bunday vazifani
qo‘yishdan maqsad - bolalarni fikrlashga, eslashga undashdan iborat. Qanday
fikrlash-nutqiy vazifalarini qo‘yishiga qarab, savollarni reproduktiv, qidiruv va
muammoli savollarga ajratish mumkin.
Suhbatda ob’ektlar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida xulosa bildirishni, to‘plangan
bilimlardan, taqqoslashlardan foydalanishni hamda Nima uchun? Nega? Nima
tufayli? Ular nimasi bilan o‘xshash? Nima uchun? Qanday qilib? kabi savollarga
javob berishni talab qiluvchi qidiruv va muammo tusidagi savollar yetakchi
ahamiyatga ega bo‘ladi.
Suhbatning har bir bosqichida savollarni taxminan quyidagi ketma-ketlikda
joylashtirish zarur: dastlab bolalar tajribasini jonlantirish uchun reproduktiv, keyin
yangi materialni hazm qilish uchun oz sonli, biroq murakkab bo‘lgan qidiruv
savollari va oxirida 1-2 umumlashtiruvchi savollar. Savollar aniq va maqsadli
bo‘lishi lozim. Noaniq bo‘lgan savollar bolalarga javob berishni qiyinlashtiradi -
ular javob bera olmaydilar yoki noto‘g‘ri javob beradilar. Savol aniq, shoshmasdan,
mantiqiy urg‘ular, mazmuniy pauzalarga rioya qilgan holda berilishi zarur. Bolaga
javob qaytarishga vaqt berish uchun tarbiyachi pauza saqlab turadi. Agarda savol
tez berilsa, bola uning mazmunini tushunishga ulgurmaydi va tarbiyachi savolini bir
necha marta takrorlashiga to‘g‘ri keladi, bu esa bolaga javobni o‘ylashda xalaqit
beradi, uni tarbiyachiga quloq tutmaslikka o‘rgatib qo‘yadi. Bolaga savolni birinchi
martada qabul qilishni o‘rgatish zarur.
Tarbiyachi suhbat jarayonida quyidagilarni amalga oshirish mumkin:
• Bolalar tomonidan o‘zlashtirilmagan, qo‘shma gaplar yoki bir turdagi
a’zolardan iborat bo‘lgan gaplarning ayrim sintaktik tuzilmalarini aytib turish;
• Gapning bolalar o‘zlashtirmagan mazmunli bo‘laklarining intonatsiyasini
aytib berish (masalan, ogoxlantirish, xayratlanish, tashvishga tushish, xursand
bo‘lish intonatsiyasi va x.k);
• Bir o‘zakli so‘zlarni hosil qilishni aytib turish: suyuq-suyuqlik, sabzavot-
sabzavotli va boshq.
• Turlanmagan fe’l shakllarini hosil qilishda yordam berish: sepish-sepilgan,
qo‘yish- qo‘yilgan.
Suhbat jarayonida bolalarni savol berishga undash, ularning qiziquvchanligini
rivojlantirish zarur. Bolaning savol bera olishga qodirligi uning fikrlash faoliyatidan
dalolat beradi.
Badiiy asarlar - ertaklar, hikoyalar, she’rlarni teatrlashtirish usuli - bu
bolalarning ularga tarbiyachi o‘qib bergan asarlarni o‘sha shaxslar nomidan qayta
aytib berish usullaridir.
Boshqa shaxslar nomidan qayta hikoya qilib berish uchun dialogik nutqni o‘z
ichiga olgan asarlardan foydalangan ma’qul. Ularni qayta hikoya qilib berish
bolalarning og‘zaki nutqini, xususan, murojaat, sanash, xayratlanish, xayron bo‘lish
intonatsiyalarini takomil- lashtirish imkonini beradi; nutq emotsional jihatdan
yanada boyiydi - u personajlarning axvolidan kelib chiqqan holda gox xursand, gox
qayg‘uli va gox iltijonamo jaranglaydi.
Bolalarga og‘zaki dialogik nutqni o‘rgatish jarayonida teatrlashtirilgan
tomosha, qo‘g‘irchoq teatri kabi usullardan foydalanish tavsiya etiladi. Bunda
bolalar ham ijrochi, ham tomoshabin sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Sahnalashtirish o‘yini - bu bolalarning badiiy asarni uning qahramonlari
obrazlarida qayta hikoya qilib berishlari; bolalarning matnni erkin qayta aytib
berishlari va bolalarning syujetli-rolli o‘yinlaridir.
Syujetli-rolli o‘yinlarda bolalarga birinchi navbatda, o‘z nutqida ertak
matnidan chetga chiqishga ruxsat beriladi. Tarbiyachi ularni faqat grammatika yoki
leksikada adabiy so‘zlashuv nutqi me’yorlaridan chekingan xollardagina
to‘g‘rilaydi; o‘yin chog‘ida fonetik xatoliklarga yo‘l qo‘yilganida uni to‘g‘rilash
shart emas.
Teatrlashtirilgan tomoshalar sahnalashtirish o‘yinlaridan shunisi bilan
farqlanadiki, unda badiiy asar matnini yoddan biladigan bolalar ishtirok etadilar,
ularning bu chiqishdan ko‘zlagan maqsadi - o‘z tinglovchi do‘stlarining ko‘nglini
olishdir; bu tomoshada bolalar teatr kostyumlarida (maska qalpoqchalar va boshqa
kiyimlar) chiqadilar.
Qo‘g‘irchoq teatri - bu syujetli «rejissyorlik» o‘yinning har xil turlaridir:
bolalar bir vaqtning o‘zida oddiy o‘yinchoqlar (o‘yinchoqlar teatri), petrushkalar
(qo‘l barmoqlariga kiyiladigan qo‘g‘irchoqlar, suratlar qirqimlari va x.k.)ni asar
qahramonlari rolini o‘ynashga majbur qilganliklari holda badiiy asar matnini rollar
bo‘yicha so‘zlaydilar.
Qo‘g‘irchoq tearti shakli quyidagilardir: o‘yinchoqlar teatri, petrushkalar
teatri, «barmoqlar» teatri, soya teatri, stol teatri, flanelegraf.
Bolalar nashriyotlari badiiy asarlarni sahnalashtirish uchun xalq ertaklariga
siluetlar; teatr-kitoblar; panorama-kitoblar kabi turli ko‘rinishdagi ko‘rgazmali
qo‘llanmalarni chop etmoqdalar.
YUqorida sanab o‘tilgan qo‘g‘irchoq teatri turlari maktabgacha ta’lim
muassasasida bolalar nutqini faollashtiruvchi metodik vositalar sifatida
foydalaniladi: bolalar pedagog yordamida, katta guruhlarda esa o‘zlari mustaqil
ravishda qo‘g‘irchoqlarga, qirqilgan rasmlarga rejissyorlik qiladilar, ular nomidan
ishtiyoq bilan so‘zlaydilar va shu tariqa o‘zlarining nutqiy ko‘nikmalarini
rivojlantiradilar.
Sahnalashtirish o‘yini - maktabgacha yoshdagi har qanday bolaning
teatrlashtirilgan chiqishidir.
Bolalarniing og‘zaki nutq ko‘nikmalarini o‘zlashtirishining borishiga qarab,
ularning savollarga javoblari yanada aniq, mulohazali va mazmunli bo‘ldib borishi
lozim.
Suhbat jarayonida bolalar bilan so‘zlashuvning jonliligi ko‘p jihatdan og‘zaki
nutqqa va nutqiy muloqotning savol-javob shakliga xos bo‘lgan grammatik
tuzilmalarining turlichaligi bilan bog‘liqdir.
Suhbatlarda bolalar keng qamrovli fikr bildirishlari va bir-ikkita so‘zdan iborat
bo‘lgan javob berishlari mumkin (Sizga ertak yoqdimi - Xa.). Bolalarni keng
qamrovli javoblarga savollarni to‘g‘ri qo‘yish orqali yo‘naltirish zarur: «Baxorda
ob-havo ko‘proq qanday bo‘ladi? Bu xaqda aytib bering».
Bolaga mana bunday ko‘rsatma berish mumkin: «Qisqa javob ber. Batafsil
javob ber (ammo to‘liq javob bilan emas)», ulardan so‘rash mumkin: «Kim qisqa
javob bera oladi (yoki o‘rtog‘ingizdan chiroyliroq javob bera oladi»). Zarur
holatlarda pedagog qo‘yilgan savolga keng qamrovli javob namunasini namoyish
qilishi mumkin.
Suhbat jarayonida bolalarda nutqiy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish
zarur.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
1. Muloqot ko‘nikmalari qachon shakllanadi?
2. Sharqona tarbiyada nutqning o‘rni?
3. Tayyorgarlik suhbati (so‘zlashish) usullari?
4. Teatrlashtirish usullari ?
5. Tayyorlangan suhbatning qanday vazifalari mavjud?
6. To‘g‘ridan-to‘g‘ri
-
bolalarni
suhbatlashish
nima?BUnday
ko‘nikmani shakllantirish uchun qanday ishlar olib borilishi kerak?
7. Yo‘ldosh usuli nima?
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. Edited by N.F. McGinn and E.H.Epstein Comparative Perspectives on the
Role of Education in Democratization Frankfurt am Main; Berlin; Nev York;
Lang, 1999
2.
R.M.Qodirova. O‘zbekiston bolalar bog'chalari va maktablarida bolalarga 5-
6 yoshdan boshlab rus tilida dialogik nutqni o‘rgatish. T., “O‘qituvchi”1993.
3. F.R.Qodirova.
Maktabgacha
yoshdagi
rusiyzabon
bolalarni
o'zbekcha
so'zlashishga o'rgatish. T., “O'qituvchi” 1993
4.
R.M.Qodirova.
Maktabgacha
yoshdagi
bolalarda
dialogik
nutqni
rivojlantirishning ruhiy omillari. Qoz.,Sariog‘och, 1998.
5.
F.R.Qodirova. R.M Qodirova. Maktabgacha yoshdagi bolalarga ikkinchi tilni
o'rgatish metodikasi. T., “Sano-standart”, 2004.
6.
F.R.Qodirova. R.M Qodirova. “Bolalar nutqini rivojlantirish nazariyasi va
metodikasi”. T., “Istiqlol”, 2006.
7. Babayeva D.R. “Nutq o'stirish metodikasi” T.: TDPU 2016-yil. O'quv qo'llanma