BOZOR IQTISODIYOTINI TARTIBGA SOLISHDA DAVLATNING ROLI
Yuklangan vaqt
2024-08-26
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
13
Faytl hajmi
99,0 KB
273
BOZOR IQTISODIYOTINI TARTIBGA SOLISHDA DAVLATNING ROLI
Reja:
1. Davlatning milliy iqtisodiyotini tartibga solishdagi roli haqidagi nazariya va
qarashlar.
2. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish, uning maqsadi va vazifalari.
3. Davlatning iqtisodiyotga ta’sir qilish usullari va vositalari.
Barcha iqtisodiy tizimlarda davlat va bozor tizimi o‘ziga xos o‘rinlarga ega
bo‘lib, har biri mustaqil amal qiladi. Shu bilan birga dunyodagi turli xil iqtisodiy
tizimlar bir-biridan iqtisodiyotini boshqarish va tartibga solishda davlat va bozor
rolining nisbati bo‘yicha keskin farqlanadi. Masalan, bir iqtisodiy tizim ko‘proq
davlat tomonidan boshqarishga tayansa, boshqasi bozor mexanizmi orqali
tartiblashga ustunlik beradi. Mazkur mavzuda bozor iqtisodiyotini tartibga solishda
davlatning rolini ochib berishga harakat qilinadi.
Dastlab davlatning milliy iqtisodiyotdagi roli qarab chiqilib, keyin uning
iqtisodiy vazifalari tavsifi beriladi. Mavzu davlatning iqtisodiyotga ta’sir qilish
usullarini yoritib berish bilan yakunlanadi.
1. Davlatning milliy iqtisodiyotini tartibga solishdagi
roli haqidagi nazariya va qarashlar
Iqtisodiyot nazariyasi tarixida davlatning iqtisodiyotdagi roli masalasi ilmiy
asosda dastlab A.Smit tomonidan ko‘rib chiqilgan. Uning «Xalqlar boyligining
tabiati va sabablarini tadqiq qilish haqida» (1776 yil) degan kitobida bozor usullari
orqali iqtisodiyotning o‘zini o‘zi tartibga solishning zarurligi ta’kidlab o‘tilgan.
274
A.Smitning fikricha, xususiy tovar ishlab chiqaruvchilar bozori davlat nazoratidan
to‘liq ozod bo‘lishi zarur. Ana shundagina iste’molchilar talabiga mos ravishda
ishlab chiqarishni tashkil qilish imkoni mavjud bo‘ladi. Bunda bozor vositasida
tartibga solish, har qanday chetdan aralashuvsiz ishlab chiqaruvchilarni butun
jamiyat manfaatlari uchun harakat qilishga majbur qiladi.
A.Smit davlatning iqtisodiy jarayonlarga har qanday aralashuvi oxir oqibatda
faqat vaziyatni yomonlashtiradi deb hisoblaydi. Biroq, uning mazkur nazariyasi
1929-1933 yillarda bozor iqtisodiyotiga asoslangan deyarli barcha mamlakatlarni
qamrab olgan iqtisodiy inqiroz davrida tanqidga uchradi. Iqtisodiy tanazzul va
ommaviy ishsizlik davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvini kuchaytirishni
taqozo qildi.
Davlatni iqtisodiyotdagi rolini oshirish masalasi J.M.Keynsning «Ish bilan
bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936 yil) nomli kitobida o‘z aksini
topdi. Bu kitobda muallif davlat fiskal va kreditli tartibga solish vositalaridan
foydalanib, jamiyatning yalpi talabini rag‘batlantirishni va aholining ish bilan
bandligini ta’minlashi zarurligini isbotlaydi.
Urushdan keyingi davrda Keyns nazariyasidagi ko‘rsatmalar u yoki bu
darajada bozor iqtisodiyoti amalda ustun bo‘lgan barcha mamlakatlarda
foydalanildi. Shu bilan birga davlatning iqtisodiyotdagi rolini yanada ko‘proq
oshib borishi ro‘y berdi. Hozirgi davrda davlat tomonidan tartibga solishning
muhim maqsadi sifatida nafaqat siklga qarshi tartibga solish va ish bilan bandlikni
ta’minlash, balki iqtisodiy o‘sishning yuqori darajasini va yaxlit takror ishlab
chiqarish jarayonini optimallashtirishni rag‘batlantirish tan olinadi.
Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan tizimdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish
sharoitida davlatning milliy iqtisodiyotga aralashuvi quyidagi holatlar orqali
izohlanadi.
Birinchidan, davlat o‘ziga milliy iqtisodiyotda bozor vositasida o‘zini-o‘zi
tartibga solish orqali bajarish mumkin bo‘lmagan yoki samarali ravishda amalga
oshirib bo‘lmaydigan vazifalarni oladi.
275
Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va iste’molning
xususiy tavsifi bir qator ijobiy va salbiy oqibatlarni tug‘diradi. Davlat yakka
tadbirkor yoki iste’molchidan farqli, jamiyat manfaatini ifodalab, qo‘shimcha
ijobiy samarani rag‘batlantirishga va aksincha salbiy samara bilan bog‘liq
faoliyatni tartibga solishi va cheklashga harakat qilishi zarur.
Uchinchidan, davlatning iqtisodiy jarayonlariga aralashuvi shu sababli ro‘y
beradiki, individual iste’molchilar hamma vaqt u yoki bu tovarni iste’mol
qilishning oqibatlarini ob’ektiv baholay olmaydi. Shu nuqtai nazardan, davlat
foydali iste’molni kengaytirish va aksincha sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi
tovarlar iste’molini cheklash vazifasini o‘z zimmasiga oladi.
To‘rtinchidan, davlat o‘z zimmasiga bozorning tabiatidan kelib chiqadigan
ayrim holatlarni qisman yengillashtirish vazifasini oladi.
Beshinchidan,
hozirgi
sharoitda
barqaror,
izchil
iqtisodiy
o‘sishni
rag‘batlantirish vazifasi ham davlatning zimmasiga tushadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum chegaralari ham
mavjud bo‘lib, ular davlatning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siridan kelib
chiqadi. Iqtisodiyotga davlatning har qanday aralashuvi ma’lum xarajatlarni taqozo
etadi. Ularga eng avvalo tartibga solishni tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha
xarajatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, tartibga solishning u yoki bu shakli
bozor muvozanati, ishlab chiqarish hajmi, resurslarning qayta taqsimlanishiga
ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirni ham hisobga olish lozim. Bunda tartibga
solishni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlarning miqdori
davlatning iqtisodiyotni tartibga solishi natijasida olinadigan samaradan kam
bo‘lishi lozim. Ularning nisbati davlatning iqtisodiyotga aralashuvi chegaralarini
belgilab beradi.
XX asrning 80-yillarida rivojlangan mamlakatlarda yangi konservativ
konsepsiyalar asosida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishni cheklash
jarayonlari boshlandi. Bunda tartibga solishning an’anaviy shakllaridan voz
kechildi, davlat mulkini xususiylashtirish yo‘li bilan davlat sektori ulushi
qisqartirildi, xo‘jalik qarorlarini qabul qilishda nomarkazlashuv jarayonlari
276
kuchaytirildi, iqtisodiyotdagi bozor mexanizmlarining ahamiyati oshirildi.
Jumladan, AQShda bu tadbirlar «Amerikaning yangi rivojlanish yo‘li: iqtisodiy
jihatdan yangilanish dasturi» nomli yo‘nalish asosida amalga oshirilib, unda
daromad solig‘i stavkalarining pasaytirilishi, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish
maqsadida yirik korporatsiyalar investitsiyalari uchun soliq imtiyozlarini qo‘llash,
federal hukumat xarajatlarini cheklash, xususiy biznes faoliyatining davlat
tomonidan tartibga solinishini kamaytirish, inflyatsiyaga qarshi pul-kredit
siyosatini o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi.
Biroq, olib borilgan tadbirlar kutilgan natijani bermadi. Masalan, AQShda
YaMMdagi davlat sarflari ulushi 1980 yilda 22,6% bo‘lsa, 1987 yilga kelib 27%ga
qadar o‘sdi. Davlat qarzlari kamayish o‘rniga o‘sib ketdi, inflyatsiyaning pasayishi
moliya tizimining izdan chiqishdan saqlab qola olmadi. Aksincha, inflyatsiyaning
cheklanganligi uchun o‘sish sur’atlarining pasayishi, ishsizlikning o‘sishi, real ish
haqining pasayishi kabi holatlar yuzaga keldi. Bunday jarayonlar Angliya,
Yaponiya, Avstriya, Italiya va boshqa mamlakatlarda ham ro‘y berdi.1
90-yillardan boshlab iqtisodiyotni tartibga solishda keynscha tendensiyalar
yangidan kuchaya boshladi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning
yangi tipi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarni ro‘yobga chiqarish,
davlat tomonidan tartibga solishning moslashuvchanligini oshirish, to‘g‘ridan-
to‘g‘ri aralashuv shakllari va byurokratik nazoratning kamayishi bilan tavsiflanadi.
2. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish,
uning maqsadi va vazifalari
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ob’ektiv ravishda shartlanadi.
Ko‘plab iqtisodchilar iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solinishining
zarurligini faqat bozorning kamchiliklari, uning ko‘plab iqtisodiy muammolarni
hal eta olmaslik holati bilan izohlaydilar. Bu ma’lum ma’noda to‘g‘ri bo‘lsada,
biroq, iqtisodiyotga davlat ta’sirining ob’ektiv zarurligini eng avvalo ishlab
chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan belgilanadi. Iqtisodiyotni davlat
1 Основы экономической теории. Политэкономия: Учебник / Под ред. Д.Д.Москвина. – М.: Едиториал
УРСС, 2003, 392-393-б.
277
tomonidan tartibga solishning ob’ektiv asosi bo‘lib ham milliy iqtisodiyot
darajasida, ham xalqaro miqyosda ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi
negizida ishlab chiqarishning umumlashuvi jarayoni xizmat qiladi.
Bu jarayon quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
- chuqurlashib borayotgan ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ishlab
chiqarishning ixtisoslashgan tarmoqlarining o‘zaro aloqasi va o‘zaro bog‘liqligi
yanada kuchayadi;
- ishlab chiqarishning kooperatsiyalashuvi va markazlashuvi natijasida alohida
xo‘jalik birliklarining mayda bo‘laklarga ajralib ketish holatlari barham topadi;
- ishlab chiqarishning yirik korxonalarda to‘planuvi jarayoni o‘sadi;
- turli iqtisodiy mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar va faoliyat almashuvi
jadallashadi.
Ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasining oshishi bilan o‘zaro
muvofiqlashtirilgan holda xo‘jalik yuritish, takror ishlab chiqarish nisbatlarini
ongli ravishda tartibga solish, yirik ishlab chiqarish majmualari, yaxlit
iqtisodiyotni markazlashtirilgan holda boshqarishga ob’ektiv ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish
munosabatlarining har qanday tizimida ishlab chiqarish umumlashuvining ma’lum
darajasida ob’ektiv zaruriyatga aylanadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish deganda davlatning
jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini qondirish darajasini oshirish uchun
cheklangan ishlab chiqarish resurslaridan yanada samarali foydalanishni
ta’minlovchi, umumiy iqtisodiy muvozanatga erishishga yo‘naltirilgan,
ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish bo‘yicha faoliyati
tushuniladi.
Bozor xo‘jaligi sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish
qonunchilik, ijro etish va nazorat qilish xususiyatidagi tadbirlar tizimidan iborat
bo‘ladi.
Hozirgi sharoitda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish takror ishlab
chiqarish jarayoniga tegishli bir qator vazifalarni hal qilishga qaratiladi. Bular
278
jumlasiga iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, bandlikni tartibga solish, tarmoq va
mintaqaviy tuzilmalardagi ijobiy siljishlarni qo‘llab-quvvatlash, eksportni himoya
qilish kabilarni kiritish mumkin.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi to‘g‘risida to‘laroq
tasavvurga ega bo‘lishi uchun uning maqsadi, vazifalari va tartibga solish usullari
hamda vosita yoki dastaklarini to‘laroq tavsiflash lozim.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi
iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, mavjud tuzumni mamlakat
ichida va xalqaro maydonda mustahkamlash va uni o‘zgarib turuvchi
sharoitga moslashtirish hisoblanadi.
Bu asosiy maqsaddan bir qator aniq maqsadlar kelib chiqadi. Ular jumlasiga
iqtisodiy siklni barqarorlashtirish; milliy xo‘jaliklarning tarmoq va mintaqaviy
tuzilishini takomillashtirish, atrof-muhit holatini yaxshilash kabilarni kiritish
mumkin. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi uning
quyidagi vazifalarida aniq namoyon bo‘ladi:
1) bozor tizimining samarali amal qilishiga imkon tug‘diruvchi huquqiy asos
va ijtimoiy muhitni ta’minlash;
2) raqobatni himoya qilish;
3) daromad va boylikni qayta taqsimlash;
4) resurslarni qayta taqsimlash;
5) iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiy tebranishlar vujudga
keltiradigan inflyatsiya va bandlilik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy
o‘sishni rag‘batlantirish.
Davlat bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishining shart-sharoiti
hisoblangan huquqiy asosni ta’minlash vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Bozor
iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan huquqiy asosni ta’minlash quyidagi tadbirlarning
amalga oshirilishini taqozo qiladi: xususiy korxonalarning huquqiy mavqeini
mustahkamlash; xususiy mulkchilik huquqini ta’minlash va shartnomalarga amal
qilishni kafolatlash; korxonalar, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar
279
o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonuniy bitimlarni ishlab chiqish va
boshqalar.
Davlat tomonidan ijtimoiy muhitni ta’minlash o‘z ichiga ichki tartibni
saqlash, mahsulot sifati va og‘irligini o‘lchash standartlarini belgilash, tovar va
xizmatlar ayirboshlashni yengillashtirish uchun milliy pul tizimini muomalaga
kiritish kabilarni oladi.
Bozor tizimi pul daromadlarini va milliy mahsulotni jamiyat a’zolari o‘rtasida
taqsimlashda birmuncha tengsizliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli davlat o‘z
zimmasiga daromadlar tengsizligini kamaytirish vazifasini oladi. Bu vazifa bir
qator tadbir va dasturlarda o‘z ifodasini topadi.
Birinchidan, transfert to‘lovlari muhtojlarni, nogironlarni va birovning
qaramog‘ida bo‘lganlarni nafaqalar bilan, ishsizlarni ishsizlik nafaqalari bilan
ta’minlaydi. Ijtimoiy ta’minot dasturlari orqali pensionerlar va qariyalarga
moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.
Ikkinchidan, davlat bozorni tartibga solish yo‘li bilan, ya’ni talab va taklif
ta’sirida o‘rnatiladigan narxlarni o‘zgartirish yo‘li bilan ham daromadlarning
taqsimlanishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Davlat bir qator yo‘llar bilan resurslarning nomutanosib taqsimlanishi keltirib
chiqaradigan oqibatlarni yumshatishga ham harakat qiladi.
Birinchidan, iste’molchilarning aniq tovar va xizmatlarni xarid qilish
qobiliyatini oshirish yo‘li bilan ularning talabi kengaytiriladi.
Ikkinchidan,
davlat
taklifni
oshirish
maqsadida
ishlab
chiqarishni
subsidiyalashi mumkin. Subsidiyalar ishlab chiqaruvchilarning zararlarini
qisqartiradi va mahsulotlar ishlab chiqarishda resurslarning yetishmasligi
muamosini bartaraf qiladi.
Uchinchidan, davlat ayrim tovarlar va ijtimoiy ne’matlarning ishlab
chiqaruvchisi sifatida chiqadi. Bunday tarmoqlar davlat mulkchiligiga asoslanadi
va davlat tomonidan bevosita boshqariladi yoki ularni moliyalashtirishni davlat o‘z
zimmasiga oladi.
280
Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiyotning barcha sohalarini
resurslar bilan ta’minlash, to‘liq bandlik va narxlarning barqaror darajasiga
erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish davlatning eng
muhim vazifasi hisoblanadi.
Iqtisodiyotda to‘liq bandlikni ta’minlash uchun umumiy sarflar, ya’ni xususiy
va davlat sarflarining hajmi yetarli bo‘lmasa, davlat bir tomondan ijtimoiy
ne’matlar va xizmatlarga o‘z xarajatlarini ko‘paytiradi, boshqa tomondan xususiy
sektorning sarflarini rag‘batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi.
3. Davlatning iqtisodiyotga ta’sir qilish usullari
va vositalari
Davlat milliy iqtisodiyotni tartibga solishda bir qator usullardan foydalanadi.
Bu usullarni umumlashtirib quyidagicha guruhlash mumkin:
-bevosita ta’sir qilish usullari;
-bilvosita ta’sir qilish usullari;
-tashqi iqtisodiy usullar.
Markazdan boshqarish tartibi ustun bo‘lgan mamlakatlarda davlatning
iqtisodiy jarayonlarga aralashuvida bevosita ta’sir qilish usullari ustun bo‘lsa,
bozor iqtisodiyoti esa birinchi navbatda iqtisodiy jarayonlarni bilvosita tartibga
solish bilan bog‘langan. Shu bilan birga barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning
davlat sektori mavjud. Davlat sektorini boshqarish mulkchilikning davlat shakliga
asoslanib, u asosan quyidagi uchta yo‘l orqali shakllanadi:
1) ishlab chiqarish vositalari egalariga pul yoki qimmatli qog‘ozlar bilan
tovon to‘lash orqali mulkni milliylashtirish;
2) davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga yangi korxonalar, ba’zi hollarda yaxlit
tarmoqlarni barpo etish;
3) davlat tomonidan xususiy korporatsiyalarning aksiyalarini sotib olish va
aralash davlat-xususiy korxonalarini tashkil etish.
Davlat iqtisodiyotni bevosita tartibga solishda ma’muriy vositalardan
foydalanadi. Ma’muriy vositalar davlat hokimiyati kuchiga tayanadi va taqiqlash,
281
ruxsat berish va majbur qilish xususiyatidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Ayniqsa
ishlab chiqarish tanazzulga uchragan davrda iqtisodiyotga bilvosita ta’sir qilish
tadbirlari kam samarali bo‘lib, ma’muriy vositalardan foydalanishga ustunlik
beriladi. Bu usullardan quyidagilarni alohida ko‘rsatish mumkin:
a) iqtisodiyotning ayrim bo‘g‘inlari – transport, aloqa, atom va elektr
energetikasi, kommunal xizmat va boshqa sohalarni bevosita boshqarish.
Bunda davlat mulk sohibi va tadbirkor sifatida o‘ziga qarashli korxona va
tashkilotlar iqtisodiy hayotida faol qatnashadi;
b) narxlar va ish haqini «muzlatib» qo‘yish siyosati. Bu iqtisodiyotga
aralashishning antiinflyatsion tadbirlari hisoblanib, inflyatsiyani yumshatishga
qaratiladi;
v) ish bilan bandlik xizmati faoliyati (mehnat birjalari)ni tashkil qilish.
Davlat bu faoliyatni tashkil qilish bilan ishsizlikni qisqartirish choralarini ko‘radi.
Ularni zarur kasblarga qayta tayyorlaydi, ish bilan ta’minlanmaganlarga nafaqa
beradi, muhtojlarga yordam ko‘rsatadi;
g) iqtisodiy sohani tartibga solishni ko‘zda tutuvchi qonunlarni ishlab
chiqish va qabul qilish (monopoliyaga qarshi qonunchilik, tadbirkorlik
to‘g‘risidagi, bank sohalari, qimmatli qog‘ozlar bozorining faoliyatini tartibga
solishni ko‘zda tutuvchi qonunlar).
Shu orqali bozor munosabatlarining rivojlanishi qonun yo‘li bilan
kafolatlanadi, turli mulk shakllarining daxlsizligi ta’minlanadi, monopoliyalarga
yo‘l berilmaydi va erkin raqobatga sharoit yaratiladi.
Iqtisodiyotni bilvosita tartibga solishda iqtisodiy dastak va vositalarga
ustunlik beriladi. U davlatning pul-kredit va byudjet siyosatida o‘z ifodasini topadi.
Pul-kredit siyosatining asosiy vositalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
-hisob stavkasini tartibga solish;
-moliya-kredit muassasalalarining Markaziy bankdagi zahiralari minimal
hajmini o‘rnatish va o‘zgartirish;
-davlat muassasalarining qimmatli qog‘ozlar bozoridagi operatsiyalari (davlat
majburiyatlarini chiqarish, ularni sotish va to‘lash).
282
Davlat bu dastaklar yordamida moliya bozorida talab va taklif nisbatini
kutilgan yo‘nalishda o‘zgartirishga harakat qiladi. Jumladan, ssudaga beriladigan
pul miqdorini o‘zgartirish uchun foiz stavkasi vositasidan foydalanadi. Davlat
kreditga bo‘lgan talab va taklifni Markaziy bank orqali quyidagi yo‘llar bilan
o‘zgartiradi:
- davlat Markaziy bank ehtiyojlari orqali banklar mablag‘larining qarzga
beriladigan va zahirada turadigan qismlari ulushini o‘zgartiradi;
- Markaziy bank boshqa banklarga past foiz stavkasida qarz berib, ularning
kreditlash ishida faol qatnashib, iqtisodiy o‘sishiga ta’sir qilishini ta’minlaydi;
- davlat Markaziy bank orqali xazina majburiyatlarini tarqatadi, o‘z
obligatsiyalarini sotadi yoki qimmatli qog‘ozlarini sotib oladi. Natijada taklif
etilgan pul miqdori o‘zgarib, bu foizga ta’sir etadi. Davlatning pulga bo‘lgan
talab va taklifini o‘zgartirish borasidagi siyosati monetar siyosat deb
yuritiladi.
Davlatning byudjet siyosati uning daromadlar va harajatlar qismini
o‘zgartirishga qaratiladi. Davlat xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy
mablag‘larni jalb qilishning eng asosiy dastagi soliqlar hisoblanadi. Ulardan
xo‘jalik sub’eklari faoliyatiga va ijtimoiy barqarorlikga ta’sir ko‘rsatishda xam
keng foydalaniladi.
Soliqlar yordamida davlat tomonidan tartibga solish tanlangan soliq tizimiga,
soliq stavkasi darajasiga hamda soliq turlari va soliq to‘lashda berilgan
imtiyozlarga bog‘liq bo‘ladi.
Davlat iqtisodiyotni tartibga solish vositasi sifatida byudjet xarajatlaridan
ham foydalanadi.
Iqtisodiyotni
davlat
tomonidan
tartibga
solishda
asosiy
kapitalga
hisoblanadigan jadallashgan amortizatsiya ajratmalari alohida rol o‘ynaydi. U
hozirgi
sharoitda
jamg‘arish
va
iqtisodiyotdagi
tarkibiy
o‘zgarishlarni
rag‘batlantirishning asosiy vositasi hamda iqtisodiy sikli va bandlikka ta’sir
ko‘rsatuvchi muhim dastak hisoblanadi.
283
Iqtisodiyotni tartibga solishda davlat kapital qo‘yilmalari muhim rol o‘ynaydi.
Jumladan, bozor kon’yunkturasi yomonlashgan, turg‘unlik yoki inqiroz sharoitida
xususiy kapital qo‘yilmalar qisqaradi, davlat investitsiyalari esa odatda o‘sadi. Shu
orqali davlat ishlab chiqarishda tanazzul va ishsizlikning o‘sishiga qarshi turishga
harakat qiladi.
Shuningdek, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish bir qator
shakllarini ham ajratib ko‘rsatish mumkin:
-
davlat iqtisodiy dasturlarining ishlab chiqilishi;
-
ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-tadqiqot konstruktorlik ishlanmalari,
ixtirolarni davlat tomonidan rag‘batlantirish hamda iqtisodiyotdagi ijobiy tarkibiy
siljishlarni ta’minlash;
-
investitsiya jarayoni va iqtisodiy o‘sishni davlat tomonidan tartibga
solish;
-
ishchi kuchi bozorga davlat tomonidan ta’sir ko‘rsatish;
-
qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan tartibga solish va boshqalar.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning oliy shakli davlat iqtisodiy
dasturlari hisoblanadi. Uning vazifasi tartibga solishning barcha usuli va
vositalaridan kompleks foydalanishdan iborat.
Iqtisodiy dasturlar o‘rta muddatli, favquloddagi va maqsadli bo‘lishi mumkin.
O‘rta muddatli umumiqtisodiy dasturlar odatda besh yilga tuziladi. Favquloddagi
dasturlar tig‘iz vaziyatlarda, masalan, inqiroz, ommaviy ishsizlik va kuchli
inflyatsiya sharoitlarida ishlab chiqilib, qisqa muddatli xususiyatga ega bo‘ladi.
Bunday maqsadli dasturlarning ob’ekti tarmoqlar, mintaqalar, ijtimoiy sohalar va
ilmiy tadqiqotlarning har xil yo‘nalishlari bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda 2008 yil «Yoshlar yili» deb nomlandi va unga oid maxsus
davlat dasturi qabul qilindi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida «Yoshlar yili»
dasturining mazmun-mohiyati, ahamiyati hamda uni shakllantirishda e’tibor
qaratilishi lozim bo‘lgan asosiy jihatlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, mazkur dastur
haqida gapirganda, yoshlar siyosati masalalarini tahlil etayotganda, biz yosh
oilalarning ehtiyoj va talablariga alohida e’tibor qaratishimiz kerakligi ta’kidlandi.
284
Avvalambor, yosh oilalarga munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarni
yaratib berish, ro‘zg‘orni butlash uchun mablag‘ va kreditlar bilan ta’minlash,
ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom bolalarni tarbiyalab voyaga yetkazish yo‘lida
zarur imkoniyatlarni tug‘dirib berishimiz kerakligi, bu masalalarning barchasi
dasturda o‘z ifodasini topishi lozimligi uqtirildi2.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish tashqi iqtisodiy usullar
yordamida ham amalga oshiriladi. Bunda maxsus vosita va dastaklar orqali
mamlakatning tashqi dunyo bilan amalga oshiriladigan xo‘jalik aloqalariga
bevosita ta’sir ko‘rsatiladi.
Tovarlar, xizmatlar, kapital va fan-texnika yutuqlari eksportini rag‘batlantirish
tadbirlari, eksportni kreditlash, chet ellardan investitsiyalar va eksport kreditlarini
kafolatlash, tashqi iqtisodiy aloqalarga cheklashlar kiritish yoki bekor qilish, tashqi
savdoda boj to‘lovlarini o‘zgartirish, mamlakat iqtisodiyotiga chet el kapitalini jalb
qilish yoki cheklash bo‘yicha tadbirlar, mamlakatga chetdan ishchi kuchini jalb
qilish, xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda va davlatlararo uyushmalarda qatnashish
mamlakatlarning
tashqi
iqtisodiy
aloqalarini
tartibga
solishning
asosiy
vositalaridir.
Shunday qilib, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning qarab
chiqilgan barcha ichki va tashqi iqtisodiy usullari (vosita va dastaklari) birgalikda
milliy iqtisodiyotdagi takror ishlab chiqarish jarayoniga va mamlakatning tashqi
iqtisodiy aloqalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Asosiy tayanch tushunchalar:
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish - qonunchilik, ijro va nazorat
qilish xususiyatidagi tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi - iqtisodiy va
ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy tizimni mustahkamlash va uni o‘zgarib
turuvchi sharoitga moslashtirishga qaratiladi.
2 Инсон манфаатлари устуворлигини таъминлаш – барча ислоҳот ва ўзгаришларимизнинг бош мақсадидир.
Ўзбекистон Республикаси Президенти Ислом Каримовнинг 2007 йилда мамлакатни ижтимоий-иқтисодий
ривожлантириш якунлари ва 2008 йилда иқтисодий ислоҳотларни чуқурлаштиришнинг энг муҳим устувор
йўналишларига бағишланган Вазирлар Маҳкамаси мажлисидаги маърузаси // Халқ сўзи, 2008 йил 9 февраль.
285
Davlatning iqtisodiy vazifalari - iqtisodiy tizimning amal qilishiga shart-
sharoit yaratish va iqtisodiyotni tartibga solish hamda iqtisodiy o‘sishni
ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat bo‘ladi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning usullari - tartibga
solishning ma’muriy va iqtisodiy vositalari birligi.
Bevosita usullar - iqtisodiyotni tartibga solishning ta’qiqlash, ruxsat berish va
majbur qilish xarakteridagi ma’muriy vositalari.
Bilvosita usullar - iqtisodiyotni tartibga solishning iqtisodiy vosita va
dastaklari.
Takrorlash uchun savol va topshiriqlar.
1. Davlatning iqtisodiyotdagi roliga turlicha qarashlarini baholang?
2. Davlat asosiy iqtisodiy vazifalarini sanab chiqing va ularning qisqacha
tavsifini bering?
3. Bozor iqtisodyoti sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga
solishning zarurligini nima taqozo qiladi?
4. Tartibga solish o‘z oldiga qanday maqsad va vazifalarni qo‘yadi?
5. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning bevosita va bilvosita
usullariga tavsif bering.
6. Tartibga solishning ma’muriy va iqtisodiy vositalarini sanab ko‘rsating.
7. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishda davlat sektori qanday rol
o‘ynaydi?
8. Davlat iqtisodiy dasturlari qanday amalga oshiriladi?