DAVLAT BOSHQARUVINING HUQUQIY ASOSLARI
R Ye J A:
1. Davlat organlari tushunchasi va xususiyatlari.
2. Ijro hokimiyati organlari tushunchasi
3. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari.
4. Ijro hokimiyati organlari tizimini tashkil etish va ular faoliyatining asosiy
prinsiplari.
5. Ijro hokimiyati organlarining tasnifi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.
7. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi
organlari.
8. Mahalliy davlat hokimiyati organlari.
1. Davlat organlari tushunchasi va xususiyatlari.
Davlat – o‘z hokimiyatini amalga oshirish imkonini beruvchi tashkiliy-
moddiy kuchga, ya’ni davlat mexanizmiga egadir. Mexanizm davlatning nimadan
tashkil topganligini ko‘rsatuvchi tarkibiy va predmetli ifodasidir. Davlat
mexanizmi - davlat organlari va boshqa tashkilotlarining davlat hokimiyatini,
vazifa va Funksiyalarini amalga oshirishning yaxlit ierarxik, ya’ni bo‘ysinuvga
asoslangan tizimidir.
Davlat mexanizmining boshlang‘ich va asosiy tarkibiy elementlaridan biri –
bu davlat organlaridir. Davlat organlari - davlat Funksiyalarini amalga oshiradigan
va hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan davlat mexanizmining bo‘g‘inidir.
Davlat va huquq nazariyasi faniga ko‘ra, davlat organlarining mazmun-
mohiyatini ochib beruvchi xususiyatlarga quyidagilar kiradi:a) davlat organi –
davlat mexanizmining bir bo‘lagi sifatida, ma’lum bir mustaqillikka
(avtonomiyaga) egadir. Davlat organlari davlat mexanizmida o‘z o‘rniga ega
bo‘lib, uning boshqa qismlari bilan o‘zaro aloqada bo‘ladi; b) davlat organi – turli
munosabatlarda davlat nomidan harakat qiluvchi xizmatchilardan iborat bo‘ladi.
Aynan davlat xizmatchilarining harakatlarida u yoki bu davlat organining faoliyati
namoyon bo‘ladi; v) davlat organlari ichki tarkibiy tuzilmaga egadir, ya’ni ular
yagona maqsad atrofida birlashgan bo‘linmalardan iborat bo‘ladi; g) davlat
organlari ma’lum bir hajm va mohiyatga ega bo‘lgan davlat-hokimiyat vakolatiga
egadir; d) davlat organlarining funksiyalanishini – davlat tomonidan moliyaviy
mablag‘ ajratish orqali ta’minlanadi; ye) davlat organlari – davlatning vazifa va
Funksiyalarini amalga oshirish uchun, ma’lum bir shakl va uslublardan
foydalanadi.
Davlat organi o‘zining mohiyatiga ko‘ra qandaydir tashkilotni, fuqarolarning
jamoasini anglatadi. Bunday fuqarolarning jamoasi davlat faoliyatining u yoki bu
turini amalga oshirish uchun davlat tomonidan tashkil etiladi.
Davlat o‘z organlarini bevosita tashkil etadi yoki ularni tashkil etish tartibini
belgilaydi, ularning funksiyalanishining asosiy qoidalarini o‘rnatadi, davlat
nomidan va davlat manfaatini ko‘zlab harakat qilishi uchun ularga ma’lum bir
vakolatlarni berib qo‘yadi.
Davlat organlarining barchasi, yagonalikda - davlat apparatini tashkil etadi.
Davlat apparati orqali davlat oldida turgan vazifa va funksiyalar amalga oshiriladi.
Davlat – fuqarolarning siyosiy tashkiloti bo‘lganligi sababli, tashkil
qilinadigan davlat organlari hokimiyat vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlat-hokimiyat vakolati keng qamrovli tushuncha bo‘lib, asosan
quyidagilarni o‘z ichiga oladi: a) davlat nomidan va davlat manfaatini ko‘zlab
huquqiy akt chiqarish; b) ularning amalga oshirilishini - tarbiyalash, ishontirish va
rag‘batlantirish choralarini qo‘llash orqali ta’minlash; v) huquqiy aktlardan kelib
chiqadigan talablar ijro etilishini nazorat qilish; g) huquqiy aktlarni himoya qilish,
ya’ni huquqiy aktlarda nazarda tutilgan talablar buzilganda, ularni majburiy
choralar qo‘llash orqali himoya qilish.
Davlat organlari to‘g‘risida batafsil tushuncha hosil qilish uchun, ularni
fuqarolarning boshqa jamoalaridan, masalan jamoat tashkilotlaridan farqlash
lozim. Jamoat tashkilotlari davlat tomonidan emas, balki fuqarolar yoki mehnat
jamoasi tomonidan, davlat organi esa davlat tomonidan tashkil etiladi. Ba’zi
hollarda davlat o‘z organlari orqali jamoat tashkilotlarini tashkil etish asoslarini va
tartibini, faoliyat yo‘nalishlarini belgilab berishi mumkin. Davlat organlari davlat-
hokimiyat vakolatiga ega, ya’ni davlat nomidan va davlat manfaatini ko‘zlab butun
mamlakat bo‘yicha yoki ma’lum bir hududlar (viloyat, tuman, shahar) bo‘yicha
harakat qiladi. Jamoat tashkilotlari ham ma’lum bir vakolatlarga ega, lekin bu
vakolatlar davlat-hokimiyat vakolati hisoblanmaydi. Jamoat tashkilotlarining
vakolati ma’lum bir belgilangan doirada, masalan jamoat tashkiloti dorasida yoki
jamoat xodimlariga nisbatan harakatda bo‘ladi.
Davlat organlarining o‘ziga xos xususiyatlarini korxonalar bilan taqqoslab
ko‘rganda ham ko‘rish mumkin. Jumladan, davlat organlari davlat oldida turgan
vazifa va funksiyalarni amalga oshirib, o‘zlarining xatti-harakatlari bilan bevosita
moddiy boyliklar yaratmaydilar. Korxonalar esa bevosita ishlab chiqarish bilan,
moddiy boyliklarni yaratish bilan shug‘ullanadi.
Demak, davlat organlari: birinchidan, davlat mexanizmi (apparati)ning bir
qismi hisoblanadi; ikkinchidan, davlat-hokimiyat vakolatiga ega bo‘ladi;
uchinchidan, davlat oldida turgan vazifa va Funksiyalarni amalga oshirish
maqsadida davlat tomonidan tashkil etiladi; to‘rtinchidan, ma’lum bir tashkiliy
tuzilmaga ega bo‘ladi; beshinchidan, ularning faoliyati bevosita ishlab chiqarish
bilan, moddiy boyliklarni yaratish bilan bog‘liq emas.
Ijro hokimiyati organlari tushunchasi va ularning o‘ziga xos xususiyatlari.
Turli huquq sohalari mutaxassislarining davlat organlari va xususan ijro hokimiyati
organlari tushunchasi, mazmuni va ahamiyati muammolariga bag‘ishlangan
ko‘pdan-ko‘p ilmiy izlanishlari mavjuddir. 90-yillarning boshlaridan, ya’ni sobiq
Ittifoqning parchalanishi, yangi davlat tuzilmalarining shakllanishi va rivojlanishi
bilan, bu muammoga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayib bordi. Bu ayniqsa davlatlar
tomonidan Asosiy qonunning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi bilan yanada
jonlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya asosida davlat hokimiyatining
bo‘linishi prinsipining o‘rnatilishi bilan, davlatning – qonun chiqaruvchi, ijro
etuvchi va sud hokimiyati organlariga bo‘linishi mustahkamlandi.
Ijro hokimiyati organlari - davlat hokimiyatining bir bo‘g‘ini bo‘lib,
davlatning vazifa va funksiyalarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladigan
hamda davlat-hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan siyosiy tashkilotdir.
Ijro hokimiyati sub’ektlari o‘rnatilgan kompetenstiya doirasida davlat
boshqaruvini amalga oshiradilar. Ijro hokimiyati - davlat boshqaruvi organlari
tizimidan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas. Ijro hokimiyati – bu uning
organlarini, ya’ni normativ tartibda o‘rnatilgan maqsad, vazifa, kompetenstiya,
tuzilma va boshqaruv personali (davlat xizmatchilari)ga ega bo‘lgan davlat
boshqaruvi organlarini tashkil etish va ular funksiyalanishining tizimidir.
Ijro hokimiyati organlari – bu hokimiyat organlari tizimining bir qismi
bo‘lgan, qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni ijro etish va ijrosini ta’minlash
maqsadida davlat tomonidan tashkil etiladigan, boshqaruv harakatlarining maxsus
shakl va uslublaridan foydalanib, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida
boshqaruv funksiyalarini amalga oshiradigan, tegishli tuzilishga, kompetenstiyaga,
davlat-hokimiyat vakolatlariga va davlat xizmatchilari shtatlariga ega bo‘lgan
tashkilotdir.
Ijro hokimiyati organlarining tushunchasi hokimiyat bo‘linishi prinsipidan
kelib chiqadi, uning mazmuni esa – ijro hokimiyatining xususiyatlari bilan
belgilanadi.
Ijro hokimiyati organlari – mazkur davlat hokimiyatini amalga oshiruvchi
asosiy sub’ekt bo‘lib, uning ishtirokisiz davlat-boshqaruv faoliyatini ro‘yobga
chiqarish, ma’muriy -huquqiy munosabatlarni vujudga keltirish mumkin emas.
Bundan tashqari, ma’muriy huquq boshqa sub’ektlarining ma’muriy huquqiy
holati, aynan mana shu davlat organlarining faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Ijro hokimiyati organi - ijro hokimiyati mexanizmi (tizimi)ning tarkibiy
qismi bo‘lib, ijro hokimiyati sohasida davlat ko‘rsatmasiga ko‘ra va davlat
nomidan harakat qiladi; ijro etish va farmoyish berish xususiyatidagi faoliyatni
amalga oshiradi; o‘zining kompetenstiyasiga ega; o‘zining tuzilishiga ega;
faoliyatning o‘ziga xos bo‘lgan shakllari va uslublarini qo‘llaydi.
Ijro hokimiyati organlari – davlatning ijro hokimiyati amalga oshirilishini
ta’minlaydi. Mazkur organlar mazmuni va uslublariga ko‘ra, o‘ziga xos bo‘lgan
davlat faoliyatini – davlat boshqaruvini amalga oshiradilar.
Ijro hokimiyati organlari o‘zining davlat-huquqiy tabiatiga ko‘ra, o‘zini o‘zi
boshqarish organlaridan, funkstional ahamiyatiga ko‘ra esa, davlat hokimiyatining
boshqa organlaridan, shuningdek, davlat korxona va muassasalaridan farqlanadi.
Ijro hokimiyati organlari davlatning normal funksiyalanishini ta’minlash
maqsadida vakillik (qonunchilik) va sud organlari bilan o‘zaro munosabatda
bo‘ladi. Bu munosabatlar turli xildagi tashkiliy shakllarda namoyon bo‘lishi
mumkin (masalan, kelishuv komissiyalari yoki vakillik organlarining majlislarida
ijro hokimiyati organi mansabdor shaxsining ma’lumotlarini tinglash).
Ijro hokimiyati organlari mustaqil organlar bo‘lib, yuridik mazmuniga ko‘ra,
ijro etish va farmoyish berish faoliyatini amalga oshirib, huquqiy aktlarni qabul
qilish va ularni amalga oshirish bo‘yicha davlat-hokimiyat vakolatlariga ega
bo‘ladilar. Ular keng doiradagi huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash va huquqni
himoya qilish bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish
lozimki, ijro hokimiyati organlarining mustaqilligi, huquq bilan belgilangan
doirada bo‘ladi. Ularga nisbatan “taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga
oshirish mumkin” degan qoida tatbiq etilmaydi.
Ijro hokimiyati organlari – huquqiy aktlar bilan belgilangan vakolat
doirasida, ma’lum bir tartibda va o‘rnatilgan huquqiy shakllarda harakat qilishlari
mumkin.
Ijro hokimiyati organlari huquqiy holatining muhim xususiyatlaridan biri –
bu ular faoliyatining qonunosti xususiyatiga ega ekanligidadir. Ular o‘z
faoliyatlarida Konstitutsiya va qonunlarning talablariga qat’iy rioya qilishlari,
bajarishlari va o‘z vakolatlari doirasida ularning boshqalar tomonidan bajarilishiga
ko‘maklashishlari lozim.
Ijro hokimiyati organlarining o‘ziga xos xususiyatlari:
1) ijro hokimiyati organi – qonunchilik va sud hokimiyati organlari singari
davlat apparatining alohida bo‘g‘ini hisoblanadi. Ijro hokimiyati organlari davlat
nomidan uning siyosatini turli sohalarda – xo‘jalik, ijtimoiy-madaniy va ma’muriy
-siyosiy sohalarda amalga oshiradilar; ma’lum bir hajmdagi davlat-hokimiyat
vakolatlariga ega bo‘ladilar;
2) ijro hokimiyati organlariga beriladigan davlat-hokimiyat vakolatlari
ularning huquqlarida o‘z ifodasini topadi hamda quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
a) davlat nomidan majburiy bo‘lgan huquqiy aktlarni qabul qilish. Bunday
aktlar – bevosita ularga bo‘ysinuvchi korxona va muassasalarga yoki quyi turuvchi
ijro hokimiyati organlariga yoki kimga bo‘ysinishi va qanday mulk shaklida
bo‘lishidan qat’i nazar, barcha korxona va muassasalarga yoki jamoat (nodavlat)
tashkilotlariga yoxud keng shaxslar doirasiga (shu jumladan, fuqarolarga)
majburiylik xususiyatiga ega;
b) huquqiy aktlar bilan o‘rnatilgan talablar va qoidalarga rioya etilishi
ustidan kuzatuv (nazorat)ni amalga oshirish;
v) huquqiy aktlar talablarining bajarilishini ta’minlash va ularni turli xildagi
buzilishlardan davlatning ta’sir choralarini, masalan, ishontirish, tushuntirish,
rag‘batlantirish yoki majburlov choralarini qo‘llash orqali himoya qilish;
3) davlat-hokimiyat vakolatlari barcha davlat hokimiyati organlariga
berilganligi sababli, unda ijro hokimiyati organlari vakolatining doirasini o‘rnatish,
muhim ahamiyatga egadir.
Ijro hokimiyati organlari davlat-hokimiyat vakolatlaridan, faqatgina
boshqaruv faoliyatida foydalanadi.
Ijro hokimiyati organlari – xo‘jalik, ijtimoiy-madaniy va ma’muriy-siyosiy
qurilishga rahbarlik qilish jarayonida qonunlar va qonunosti hujjatlarining ijro
etilishini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. Shu sababli, ularga tegishli bo‘lgan
davlat-hokimiyat vakolatlari, ijro etish va farmoyish berish yoki davlat boshqaruv
faoliyati amalga oshiriladigan sohalar doirasida bo‘ladi.
Qonunchilik hokimiyati organlari ham qonunlarni qabul qilish va ularning
ijrosini nazorat qilish orqali, mazkur sohalarda rahbarlikni amalga oshirishi
mumkin. Sud hokimiyati organlari esa, ushbu sohalarda umuman rahbarlikni
amalga oshirmaydi.
Demak, ijro hokimiyati organlarining funkstional ahamiyati bo‘lib, ijrochilik
hisoblanadi;
4) ijro hokimiyati organlari o‘z faoliyatlarini qonun asosida va qonunlarni
ijro etish maqsadida amalga oshiradi, ya’ni ularning faoliyati qonunosti
xususiyatiga egadir. O‘zlarining faoliyatlarini amalga oshirish jarayonida mazkur
organlar qonun talablarini, shuningdek, davlat boshqaruvi sohasida o‘zlari
tomonidan o‘rnatilgan talablar va qoidalarning bevosita amalga oshirilishini tashkil
etadilar;
5) respublika va mahalliy miqyosda harakat qiluvchi ijro hokimiyati
organlari yagona davlat ma’muriyati tizimini tashkil etadi. Mazkur tizim doirasida
har bir bo‘g‘in, ya’ni aniq bir ijro hokimiyati organi operativ mustaqillikka ega
bo‘ladi. Bu, unga tegishli bo‘lgan vakolatlar hajmi va javobgarlik doirasi singari,
mazkur organlarning kompetenstiyasida ifodalangan. Ijro hokimiyati organlarining
kompetenstiyasi Konstitutsiyada, joriy qonunlarda hamda boshqa normativ
hujjatlarda o‘z ifodasini topadi;
6) ijro hokimiyati organlari korxona va muassasa singari, fuqarolarning
ma’lum bir jamoasi bo‘lib, ma’muriy -boshqaruv personali (xodimlari)dan yoki
davlat xizmatchilaridan iborat. Lekin bunday jamoaning maqsadi korxona va
muassasaning maqsadlaridan farq qiladi; ikkinchidan esa, ijro hokimiyati organini
tashkil etuvchi mazkur jamoa doirasida ma’lum bir tashkiliy-huquqiy aloqalar
vujudga keladi, funkstional majburiyat va huquqlar taqsimlanadi, shuningdek,
yuklatilgan ish bo‘yicha javobgarlik belgilanadi. Bu – davlat-xizmat munosabatlari
bo‘lib, mazkur organning xodimlari – davlat xizmatchilari hisoblanadi;
7) ijro hokimiyati organlari – tashkiliy tuzilishga, ya’ni bo‘ysinuvchi
tuzilmaviy bo‘linmalarni tashkil etishni nazarda tutuvchi ichki qurilishga ega
bo‘lgan davlat organidir;
8) har bir ijro hokimiyati organi – davlat boshqaruvi faoliyatining ma’lum
bir hududiy yoki predmetli doirasiga ega. Ijro hokimiyati organlarining faoliyati
ma’lum bir hududlarda, masalan, butun davlat yoki ma’lum bir ma’muriy -hududiy
birliklar doirasida amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, ijro hokimiyati
organlari umumiy yoki maxsus ahamiyatga ega bo‘lgan (predmetli) boshqaruv
Funksiyalarini, masalan, tartibga solish, ruxsat berish, nazorat va farmoyish berish
kabi Funksiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
Demak, ijro hokimiyati organi – bu hokimiyat bo‘linishi prinsipiga
asoslanib, davlat tomonidan jamiyatning xo‘jalik, ijtimoiy-madaniy va ma’muriy -
siyosiy hayotining turli sohalarida ijro etish va farmoyish berish faoliyatini amalga
oshirish yuklatilgan hamda ma’lum bir davlat-hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan
davlat hokimiyati mexanizmining bo‘g‘ini hisoblanadi.
Ijro hokimiyati organlari tizimini tashkil etish va ular faoliyatining asosiy
prinsiplari.
Ijro hokimiyati organlari tizimi deganda – ijro hokimiyati organlarining
yig‘indisi va ular o‘rtasida kompetenstiyani taqsimlash asosida o‘zaro
munosabatlarining tizimi tushuniladi. Tizimlilik - ijro hokimiyatini tashkil etuvchi
hamda uni amalga oshiruvchi sub’ektlar o‘rtasida – faoliyat olib borish predmeti
va vakolatlarning taqsimlanishini belgilab beradi.
Yuridik adabiyotlarda, ijro hokimiyati organlari tizimini tashkil etish va ular
faoliyatining asosiy prinsiplari turlicha ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va joriy qonunlari bilan
o‘rnatilgan tartibdan kelib chiqqan holda, hamda huquqshunos olimlarning ijro
hokimiyati tizimini tashkil etish va ular faoliyatining prinsiplari bo‘yicha bildirgan
qarashlarini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi ijro hokimiyati organlarini
tashkil etish va ular faoliyatining quyidagi asosiy prinsiplarini ko‘rsatib o‘tishimiz
mumkin:
1) ijro hokimiyati organlari tizimini tashkil etilishining O‘zbekiston
Respublikasi davlat tuzilishiga mos kelishi prinsipi. Mazkur prinsip –
Konstitutsiyaviy, keng qamrovli qoida bo‘lib, nafaqat ijro hokimiyatining, balki
O‘zbekiston davlati tashkiliy-huquqiy tuzilishining xususiyatini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi –
suveren demokratik respublikadir. O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar,
shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston
Respublikasidan iborat. Demak, O‘zbekiston Respublikasi davlat tuzilishiga
unitarlik xususiyati xos bo‘lib, aynan shu asosda ijro hokimiyati organlari tizimi
tashkil etiladi. (Lekin unitarlik so‘zini asl ma’nosida tushunish kerak emas.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham
mavjud. O‘zbekiston Respublikasi davlat tuzilishi aralash shaklga ega, ya’ni
unitarlik va federativ davlat tuzilishlarining xususiyatlarini o‘z ichiga olgandir.);
2) ijro hokimiyati organlarining fuqarolar oldida mas’ulligi prinsipi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasiga binoan, davlat xalq
irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va
mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar. Konstitutsiyaning 14-
moddasiga binoan esa, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini
ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi;
3) ijro hokimiyati organlari faoliyatini tashkil etishda va amalga oshirishda
qonuniylik prinsipi Mazkur prinsip nafaqat ijro hokimiyati organlariga, balki
barcha shaxslarga taaluqlidir. Qonuniylik prinsipi – Konstitutsiyaviy asosga ega
bo‘lib, unga amal qilish shartdir. Ijro hokimiyati organlari O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari asosida tashkil etilishi, shuningdek, o‘z
faoliyatlarini amalga oshirishlari mumkin.
4)
ijro hokimiyati organlari faoliyatida markazlashganlik va
markazlashmaganlikning mavjud bo‘lishi prinsipi.. Markazlashganlik ijro
hokimiyati organlari tizimining yagonaligidan kelib chiqadi. Markazlashtirganlik -
quyi turuvchi organlarning yuqori turuvchi organlarga bo‘ysinishi, yuqori turuvchi
organlar normativ hujjatlarining quyi organlar uchun majburiyligida, ayrim
hollarda yagona predmet va vakolatlar doirasida birgalikda faoliyatni amalga
oshirishda yaqqol namoyon bo‘ladi. Markazlashmaganlik esa, qonunchilik aktlari
bilan ma’lum bir ijro hokimiyati organi zimmasiga faoliyat predmeti va
vakolatlarning yuklatilishi bo‘lib, tashqaridan (yuqori turuvchi organning)
aralashuvisiz mustaqil amalga oshirishdir. Bunda vertikallik bo‘yicha faoliyat
predmeti va vakolatlarning taqsimlanishi, mavjud bo‘lmaydi;
5) ijro hokimiyati sohasida funksiyalar va vakolatlarning taqsimlanganligi
prinsipi. Ushbu prinsip ijro hokimiyati organlari faoliyatining predmeti va
vakolatlar doirasining tizimga kiruvchi organlar o‘rtasida taqsimlanishini belgilab
beradi. Har bir ijro hokimiyati organi aniq faoliyat va vakolatlar doirasiga ega
bo‘ladi, undan tashqariga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
6) ijro hokimiyati organlari faoliyatining kollegiallik va yakkaboshchilik
asosida tashkil etilishi prinsipi. Mazkur prinsip ijro hokimiyati organlarini tashkil
etishda va ular faoliyatini amalga oshirishda, davlat boshqaruv faoliyatining
muhim masalalarini hal etishda jamoa fikrining hisobga olinishini ta’minlaydi. Shu
maqsadda, ijro hokimiyati organlari tizimida turli xildagi maslahat,
muvofiqlashtiruvchi kengash va hay’atlar tashkil etiladi. Masalan, O‘zbekiston
Respublikasida deyarli barcha vazirliklar va davlat qo‘mitalari tizimida Kengash
va Hay’atlar faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga ijro hokimiyati organlari
faoliyatida yakkaboshchilik ham mavjuddir. Yakkaboshchilik - ijro etish va
farmoyish berish faoliyatini amalga oshirishda, shuningdek, tegishli boshqaruv
tartibini o‘rnatishda zarur bo‘lgan intizomni ta’minlashga xizmat qiladi.
Kollegiallik – boshqaruv qarorlarini qabul qilishda foydalidir, yakkaboshchilik esa
– davlat-boshqaruv faoliyatining ajralmas belgisidir.
Ijro hokimiyati organlarini tashkil etish va ular faoliyatining asosiy
prinsiplariga xalq hokimiyatchiligi, oshkoralik, insonlar va fuqarolar huquqlari va
erkinliklarini ta’minlash, javobgarlik kabi prinsiplarni ham kiritishimiz mumkin.
Ijro hokimiyati organlarining tasnifi. Ijro hokimiyati organlarining turli
darajalarda tashkil etilishi sababli va faoliyatining keng qamrovli xususiyatga ega
ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, ularni bir necha asoslarga qarab guruhlarga
ajratish, ya’ni tasniflash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga asoslanib, ijro
hokimiyati organlarini quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
1)
faoliyatining hududiy doirasiga ko‘ra ijro hokimiyati organlari uch
guruhga bo‘linadi: a) oliy ijro hokimiyati organi (O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi); b) markaziy ijro hokimiyati organlari (bunga respublika
miqyosida faoliyat ko‘rsatuvchi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, korporastiya,
assostiastiya, kompaniya va boshqalar); v) mahalliy ijro hokimiyati organlari
(markaziy ijro hokimiyati organlarining boshqarma va bo‘limlarini, hokim
boshchilik qiladigan ijroiya apparatni kiritish mumkin);
2)
tashkil etish asoslariga ko‘ra
ijro hokimiyati organlari
quyidagilarga bo‘linadi: a) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida
tashkil etiladigan organlar (masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi); b) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari asosida tashkil
etiladigan organlar (masalan, vazirliklar, davlat qo‘mitalari).
3)
ijro hokimiyati organlari vakolatlarining hajmi va xususiyatiga
ko‘ra, ular quyidagilarga bo‘linishi mumkin:
a) umumiy vakolatli davlat organlari. Bu guruh davlat organlariga -
O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi va hokimlarni kiritish mumkin.
Bu davlat organlari, vakolat doirasida, barcha sohalarga taaluqli bo‘lgan qarorlarni
qabul qilishlari mumkin. Masalan, amaldagi qonunchilikda, O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni
boshqarishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, uning vakolati mana shu sohalar doirasida
amalga oshiriladi;
b) sohaviy vakolatga ega bo‘lgan davlat organlari. Bu davlat organlarini ikki
guruhga bo‘lish mumkin: birinchidan, bir soha bo‘yicha vakolatli davlat organlari -
bu organlar o‘z faoliyatini aniq bir soha bo‘yicha amalga oshiradi; ikkinchidan,
sohalararo vakolatli davlat organlari - bu organlar bir necha sohalar bo‘yicha
harakat qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ko‘pgina yuridik adabiyotlarda, bir soha bo‘yicha harakat qiluvchi davlat
organlariga – vazirliklar, sohalararo vakolatli davlat organlariga – davlat
qo‘mitalari kiritilgan.
Lekin hozirgi sharoitda vazirliklarning - sohalararo harakatini, davlat
qo‘mitalarining esa – bir soha bo‘yicha harakatlanishini kuzatish mumkin.
Bundan tashqari, yuridik adabiyotlarda maxsus vakolatga ega bo‘lgan davlat
organlari ham, ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ijro
hokimiyati organlari vakolatining xususiyatiga ko‘ra, ularni maxsus vakolatli
organlarga bo‘lish mumkin. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi huzuridagi ko‘pgina davlat organlari (inspekstiyalar va boshqa davlat
idorlari) maxsus vakolatlarga egadir;
4) ijro hokimiyati organlari tashkiliy-huquqiy shakliga ko‘ra quyidagilarga
bo‘linadi: a) Hukumat (Vazirlar Mahkamasi); b) vazirliklar; v) davlat qo‘mitalari;
g) agentliklar; d) qo‘mitalar; ye) komissiyalar; j) markazlar; z) davlat akstionerlik
kompaniyalari; i) davlat uyushmalari; k) davlat konsternlari; l) davlat
korporastiyalari; m) davlat assostiastiyalari; n) departamentlar; o) inspekstiyalar va
boshqalar;
5) ijro hokimiyati organlarida rahbarlikni amalga oshirish shakliga ko‘ra ular
quyidagilarga bo‘linadi: a) yakkaboshchilikka asoslangan organlar; b) kollegial
organlar; v) yakkaboshchilik va kollegial rahbarlik uygunlashgan (ya’ni aralash
shakldagi) organlar.
O‘zbekiston Respublikasida aksariyat ijro hokimiyati organlarida
yakkaboshchilik bilan kollegial rahbarlikning uygunlashganligini ko‘rish mumkin;
6) mablag‘ bilan ta’minlanishiga ko‘ra ijro hokimiyati organlari ikkiga
bo‘linadi:
a) davlat va mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan organlar.
Mazkur davlat organlari ishlab chiqarish yoki moddiy boyliklarning muomalasi
bilan bevosita bog‘liq bo‘lmay, mulkiy mustaqillikka ega emas; ularning
majburiyatlari uchun davlat javobgardir;
b) xo‘jalik hisobidagi organlar. Ushbu davlat organlari mulkiy mustaqillikka
ega bo‘lib, asosiy va muomala vositalariga ega; o‘z majburiyatlari bo‘yicha
o‘zlarining mulki bilan bevosita javobgar bo‘ladilar; ularning faoliyati moddiy
boyliklarni ishlab chiqarish, pulli xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liqdir.
Oxirgi vaqtlarda ijro hokmiyati organlarini mablag‘ bilan ta’minlashning
aralash shakli ham namoyon bo‘lmoqda. Bu guruhga kiruvchi davlat organlari
harajatlarining ma’lum bir qismi byudjetdan, ma’lum bir qismi esa xo‘jalik
yuritishdan qoplanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining XX bob 98-moddasida va 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonuniga binoan,
O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi – O‘zbekiston Respublikasi
Hukumati, O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy
sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlovchi ijro
etuvchi hokimiyat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari
tizimiga va o‘zi tashkil etadigan xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimiga boshchilik
qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi
o‘z
faoliyatida: kollegiallik; demokratiya va
qonuniylik; O‘zbekiston Respublikasida yashovchi barcha millat va elatlarning
manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslanadi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning
o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari kiradilar. Qoraqalpog‘iston
Respublikasi hukumatining boshlig‘i o‘z lavozimi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi
tarkibiga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining tarkibi O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti
tomonidan shakllantiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir
nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining palatalariga taqdim etadi hamda uni vazifasidan ozod qiladi.
Vazirlar Mahkamasining a’zolarini Bosh vazir taqdimiga binoan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydi va vazifasidan ozod qiladi.
Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va
xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtirib hamda yo‘naltirib
boradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa
organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ta’minlanadigan davlat
boshqaruvi boshqa organlarining markaziy devoni xodimlari sonini va ular
ta’minotiga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini belgilaydi.
Vazirlarning o‘rinbosarlari, davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari
hamda davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va
lavozimidan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar
Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan
xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlarini hamda ularning boshqaruvlarining
a’zolarini, shuningdek, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hay’atlarining
a’zolarini tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasi zarurat bo‘lganda o‘z vakolatiga kiruvchi davlat
boshqaruvining ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi
qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga
kiritilgan bo‘lmasa, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va o‘z bo‘ysunuvchidagi davlat
boshqaruvi boshqa organlariga berishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va davlat
boshqaruvi boshqa organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va
xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining hujjatlari amaldagi qonun hujjatlariga zid
bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga ega.
Yangi shakllantirilgan Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga ko‘rib
chiqish uchun o‘z vakolatlari davridagi faoliyati dasturini taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy
rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat
byudjetining asosiy ko‘rsatkichlarini va unga kiritiladigan o‘zgartishlarni ishlab
chiqadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ko‘rib chiqishi uchun
taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Vazirlar Mahkamasi
muayyan a’zosining o‘zi rahbarlik qilayotgan davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi
organi faoliyati masalalari yuzasidan axborotini eshitishlari hamda zarur bo‘lganda
uni iste’foga chiqarish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rib
chiqishi uchun taklif kiritishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
palatalari majlislarida, palatalarning qo‘mitalari majlislarida hozir bo‘lish va
axborot berishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari
va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari tomonidan Vazirlar
Mahkamasi yoki uning muayyan a’zolari faoliyatiga taaluqli masalalar qo‘yilgan
taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va
tushuntirishlar berishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari
qo‘mitalarining O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir
tavsiyalari va takliflarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar
ko‘radi. Tavsiyalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari haqida hamda ko‘rilgan
chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisi palatalarining tegishli qo‘mitalariga kelishilgan muddatda ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidan,
Qonunchilik palatasi deputatidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Senatidan, Senat a’zosidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining yoki unga
bo‘ysinuvchi davlat yoxud xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatiga doir
parlament so‘rovi olgan Vazirlar Mahkamasi yoxud O‘zbekiston Respublikasi
Hukumati a’zosi qonun bilan belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi tegishli palatalarining majlislarida og‘zaki yoki yozma javob berishi
shart.
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan nodavlat
notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi va qonun hujjatlariga muvofiq
ularga zarur ko‘mak ko‘rsatadi.
Davlat boshqaruvining, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng
muhim masalalari Vazirlar Mahkamasining majlislarida hal etiladi. Vazirlar
Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Bosh vazir o‘tkazadi. O‘zbekiston
Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qilishga
haqli.
Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar
Mahkamasining Rayosati Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida faoliyat
ko‘rsatadi. Bosh vazirning qaroriga binoan Vazirlar Mahkamasi Rayosatining
tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa a’zolari ham kiritilishi
mumkin.
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalar tuzadi va ularning vazifalari,
vakolatlari hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo‘yicha takliflar
tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish,
shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar
Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi
mumkin.
Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston
Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar,
tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy
bo‘lgan qarorlar hamda farmoyishlar qabul qiladi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki o‘ta muhim ahamiyatga ega
bo‘lgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha qarorlari
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan
imzolanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar
Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga,
Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini
bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha
tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘zi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan
bevosita yoki vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik
boshqaruvining boshqa organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari O‘zbekiston
Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plamida e’lon qilinadi, keng ommaga darhol
yetkazish zarur bo‘lgan taqdirda esa ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum
qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislariga tayyorgarlik ko‘rish,
tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqa materiallarni tayyorlash,
Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish
uchun Vazirlar Mahkamasining devoni faoliyat ko‘rsatadi.
Vazirlar Mahkamasining devoni va uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi
nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining devoni asosiy tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan
lavozimga tayinlanadi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi
organlari. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 8-bandiga
binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – ijro etuvchi hokimiyat devonini
tuzadi va unga rahbarlik qiladi; respublika oliy hokimiyat va boshqaruv
organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi; vazirliklar, davlat qo‘mitalari
hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzadi va tugatadi, shu
masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi.
Har bir davlatda, uning vazifalari va funksiyalarini amalga oshirilishini
tashkil etilishiga qarab, vazirliklar va davlat qo‘mitalarining turlari belgilanadi.
Vazirlik - ijro hokimiyati tizimining asosiy organlaridan biri hisoblanadi.
Vazirliklar belgilangan sohada davlat siyosatini va boshqaruvini amalga oshirish,
shuningdek, mazkur sohadagi ijro etuvchi organlarning faoliyatini
muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etiladi. Demak, vazirlikning ma’muriy -
huquqiy maqomi ikki asosiy holat bilan belgilanadi: birinchidan, vazirlik sohaviy
organ sifatida faoliyat ko‘rsatadi; ikkinchidan, muvofiqlashtiruvchi davlat organi
sifatida harakat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ba’zi vazirliklar azaldan mavjud
(masalan, ichki ishlar, mudofaa, ta’lim, madaniyat, moliya, adliya va boshqalar),
boshqalari esa ma’lum bir holatlardan yoki davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan
holda tashkil topadi (masalan, favqulodda vaziyatlar vazirligi).
Vazirliklar – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysinadi.
Vazirliklarning ba’zi birlari esa, bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga
bo‘ysindirilgan (masalan, ichki ishlar, mudofaa vazirligi).
Vazirlik o‘z faoliyatida – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga,
O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlisning qarorlari va boshqa
hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va
farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va
farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga,
shuningdek, o‘zining Nizomiga amal qiladi.
Nizom – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
tasdiqlanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga
olinadi. Nizomda – ularning huquqiy maqomi, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari,
vazifalari, funksiyalari, tashkiliy asoslari va boshqa umumiy masalalar belgilab
beriladi.
Vazirlik o‘z ishini davlat boshqaruvining boshqa organlari,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati
organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari – vazirliklar,
idoralar, joylardagi hokimiyat va boshqaruv organlari, xo‘jalik birlashmalari,
korxonalar va muassasalar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy
hisoblanadi.
Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida
hisob raqamlariga va boshqa hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat
gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shuningdek, tegishli muhrlar
va shtamplarga ega bo‘ladi.
Vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga
tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan, keyinchalik O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Vazir boshchilik qiladi.
Vazir Vazirlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Vazir: a) vazirlik, uning tasarrufidagi muassasalar, tashkilotlar va o‘quv
yurtlari faoliyatiga rahbarlik qiladi; b) o‘z vakolatlari doirasida tasarrufidagi barcha
tashkilotlar va muassasalar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar va
farmoyishlar chiqaradi, ko‘rsatmalar va topshiriqlar beradi; v) vazirlik vakolatiga
tegishli masalalar bo‘yicha normativ hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish uchun
belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi; g) vazir o‘rinbosarlari
o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ular faoliyatini muvofiqlashtiradi; d) vazir
o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining, shuningdek, tasarrufidagi
tashkilotlar va muassasalar rahbarlarining ular zimmasiga yuklangan vazifalar
bajarilishi uchun mas’uliyati darajasini belgilaydi; ye) Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida
vazirlik markaziy apparatining shtat jadvalini, hududiy bo‘linmalar to‘g‘risidagi
nizomlarni, tasarrufidagi muassasalar, tashkilotlar va korxonalarning nizomlari va
ustavlarini tasdiqlaydi; j) vazirlik markaziy apparati xodimlarini va vazirlikka
bevosita bo‘ysinuvchi muassasalar, tashkilotlar va korxonalarning rahbarlarini,
hududiy bo‘linmalar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
z) vazirlik markaziy apparati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish shart-
sharoitlarini belgilaydi; i) alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni belgilangan
tartibda davlat faxriy unvonlari, yorliqlar va mukofotlar berishga taqim etadi; k)
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega bo‘ladi.