EKOLOGIK MONITORIGNING YAGONA DAVLAT TIZIMI, UNING
TUZILISHI VA FUNKSIYALARI
1. Geoekologik xaritalashtirishning mazmun mohiyati
2. Geoekologik jihatdan va ekologik monitoring natijalari asosida
xaritalashtirish
3. Geoekologik rayonlashtirish
Tayanch iboralar:
Ekologik xaritalashtirish, analitik va sintetik xaritalar, umumekologik
xarita, maqsadli xarita, metodologik asos, mavzuli xaritalar, aerokosmik usul,
manba materiallari, geoekologik xaritalashtirish, Landshaft – ekologik xarita,
geoekologik rayonlashtirish.
Atrof muhit holatini xaritada tasvirlash muhim masala, uning ilmiy va
amaliy ahamiyati barchaga ma’lum. Ekologik xaritalashtirish deganda faqat birgina
«Ekologik xarita»ni tuzishni nazarda tutmaslik kerak. «Ekologiya» tushunchasiga
ko‘ra tirik organizmlarning bir-birlari va atrof muhit bilan bo‘lgan o‘zaro
munosabatlarini o‘rganish deb qaralsa; u holda bu yo‘nalishda bir necha bir-birlari
bilan bog‘liq bo‘lgan mavzuli xaritalar yaratish mumkinligi ravshan bo‘ladi. Tabiat
muhofazasi, tabiatdan foydalanish, ekologik vaziyatlar, inson bilan tabiat
o‘rtasidagi munosabatlarning geografik va ekologik jihatlarini qamrab olganligi
tufayli bu borada ko‘plab turli mavzuli analitik va sintetik xaritalar tuzish taqazo
etiladi.
Ekologik xaritalarning mazmuni, vazifasi (biror maqsadga
yo‘naltirilganligi), undan foydalanishga turiga ko‘ra uch turga: umumekologik,
aniq maqsadga yo‘naltirilgan va amaliy xaritalarga ajratish mumkin.
Umumekologik xaritalarga mazmunan keng qamrovli, u ko‘pgina ekologik
hodisalar va jarayonlarni majmuali umumlashgan tarzda tasvirlaydi. Bu guruhdagi
xaritalar sintezlashgan toifaga mansubligi tufayli kartografik mazmuni ancha
murakkab tuzilmaga va boy ma’lumotlarga egaligi bilan ajralib turadi. «Tabiatdan
foydalanish», «Ekologik xarita», «Geoekologik xarita» va boshqa shu toifadagi
xaritalarni umumekologik xaritalar deb atash mumkin.
Aniq maqsadga yo‘naltirilgan ekologik xaritalar maxsus kartografik
mazmunga ega bo‘lib, biror ekologik yoki tabiat muhofazasiga oid hodisalarni
tasvirlashga qaratilgan bo‘ladi. Bu jihatdan qaraganda ushbu toifadagi xaritalar
mazmuni ma’lum maqsadga yo‘naltirilganligi tufayli tabiat komponentlari yoki
resurslaridan foydalanish jarayonida vujudga kelgan ekologik vaziyatni tavsiflaydi.
Bu borada, masalan, suv resurslaridan foydalanish borasida hududda tarkib topgan
ekologik ahvol va u bilan bog‘liq boshqa jarayon va hodisalar umumlashgan holda
xaritada aks ettiriladi. Albatta, asosiy xaritada suv resursidan foydalanish va uning
ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari ayrim xarita-kesmalarda asosiy
xaritaning mazmunini to‘ldirish maqsadida ba’zi hodisalar tasvirlanadi. Bu
guruhdagi ekologik xaritalar ma’lum tabiat resurslaridan foydalanish natijasida
tarkib topgan ahvol (vaziyat)ni tasvirlashga qaratilganligi tufayli mutaxassislar
uchun u integral baholashga xizmat qiladi.
Amaliy ekologik xaritalar mazmunan tegishli ekologik vaziyatlarni
yaxshilashga xizmat qiladi. Kartografik jihatdan va o‘z oldiga qo‘ygan aniq
maqsadiga ko‘ra bu toifadagi xaritalar sintetik va analitik guruhlarga bo‘linadi.
Sintetik ekologik xaritalar mazmunan ancha boy, ularda hisob-kitob natijalari,
olingan ko‘rsatkichlar, mezonlar, me’yoriy ma’lumotlar, kuzatish asosida
erishilgan jamlama ma’lumotlar, tajribaviy va dala axborotlari maxsus kartografik
shartli belgilar asosida tasvirlanadi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, bu guruhlagi
xaritalar ko‘proq qayta ishlangan, ya’ni tahlil qilingan miqdoriy va sifatli
ko‘rsatkichlarni tasvirlaydi, bu jihatdan ular analitik xaritalardan keskin farq qiladi.
Ekologik xaritalarni tuzishning metodologik asoslari. Tabiat murakkab
geotizimlardan iborat, binobarin, ularni o‘rganishning tizimli yondashuv asosida
amalga oshirish samarali ekanligi fanda asoslangan. Hozirda tizimli yondashuv
umumilmiy tamoyilga aylandi. Tizimli yondashuv o‘rganilayotgan hududni tizim
sifatida qaraydi, uni o‘rganish esa uslubiyot asosida amalga oshiriladi.
A.G.Isachenko (1991)ning ta’kidlashicha, tizimli tamoyilni kartografiyada
qo‘llanilishining eng qulay yo‘li tuziladigan bir turkum mavzuli xaritalar asosida
geotizimlarning ifodalanishi eng qulay va samarali usul bo‘lib xizmat qiladi.
Asosiy tadqiqot usullari sifatida landshaft, aerokosmik, landshaft indikatsiyasi,
kartografik, miqdoriy, solishtirish va boshqalar qo‘llaniladi. Ekologik xaritalar
asosini landshaftlar tashkil qiladi.
Amaliy ekologik xaritalashtirish. Amaliy ekologik xaritalashtirish
hududlarda tabiat muhofazasi, vujudga kelgan qaltis vaziyatlarni yumshatish, aholi
uchun qulay va juda qulay tabiiy muhit yaratish, falokat keltiruvchi tabiat
hodisalarining oldini olish, tabiiy muhitni optimallashtirish va boshqa yumushlarda
kurashning taktika va strategiyasini aniqlash, loyiha ishlarini amalga oshirishda
negiz vazifasini o‘taydi.
Amaliy xaritalar guruhida baholash, prognoz, chora-tadbirlar majmuasi,
inventarlash, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha rayonlashtirish, ekologik
rayonlashtirish va boshqa turdagi mavzuli xaritalar tuziladi. Xaritalar amaliy
turdagi ustuvorlikka ega bo‘lganliklari uchun ularni tayyorlashda me’yoriy, tahlil
natijasida aniqlangan ko‘rsatkichlar, kuzatish, dala tajribaviy ishlar(eksperiment)
natijalaridan keng foydalaniladi.
5.2. Geoekologik jihatdan va ekologik monitoring natijalari asosida
xaritalashtirish
Geoekologik xaritalashtirish usullari. Geografik ekologiya tadqiqotlari
natijalarini xarita asosida ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Geoekologik xarita
asosida landshaft to‘ri beriladi, chunki u har bir hudud bo‘yicha ma’lum axborotni
beradi, shuningdek landshaft chegaralari asosiy tabiiy chegaralar hisoblanadi, ular
asosida boshqa ko‘rsatkichlarning ham bir-birlaridan farqi aniqlanadi. Ranglar
jilosi ekologik vaziyatlar darajalarini bildiradi, shuning uchun ham ranglarni
tanlashda vaziyat darajasiga ahamiyat berish lozim (masalan, qulay vaziyat havo
rang, falokatli vaziyat qizil rang bo‘lishi mumkin). Ranglar chegaralari landshaft
chegaralari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Har bir vaziyat darajasi landshaftlarning inson xo‘jalik faoliyati natijasida
o‘zgarganlik sinfini aks ettiradi, buning uchun rim raqami bilan o‘zgarganlik
darajasi ko‘rsatiladi, masalan 15-V, bunda arab raqami landshaftning tartib, rim
raqami esa o‘zgaruvchanlik darajaasini ifodalaydi (V-qayta o‘zgartirilgan daraja).
Har bir kesimda rivojlanayotgan tabiiy va antropogen jarayonlar namunalar
asosida berilishi ma’qul: sel, qor ko‘chkisi, surilmalar hududiy xarakterga ega
bo‘lganliklarini e’tiborga olib maxsus chiziqlar, areallar, nuqtalar bilan ko‘rsatilishi
mumkin. Tabiiy jarayonlarni shartli belgilarning qalinligi yoki shaklining
o‘zgartirish yo‘li bilan jadalligini ko‘rsata olish mumkin. Bu ayniqsa, eroziya,
deflyasiya, sho‘rlanish, jar eroziyasi, akkumulyasiya kabi hodisalarni tasvirlashda
asqotadi.
Professor A.A.Rafiqov O‘zbekistonda ekologik xaritashunoslik va
ekologik rayonlashtirish bo‘yicha karvonboshilardan biri ekanligi sir emas (ushbu
masalaga yuqorida batafsil to‘xtab o‘tildi).
Keyingi paytlarda respublikamizning ko‘plab olimlari tomonidan ham
mamlakatimiz turli mintaqalarining landshaft-ekologik xaritalarini yaratish
bo‘yicha samarali tadqiqotlar amalga oshirilganligini qayd etish lozim (masalan,
A.Abdulqosimov va boshqalar (2004), SH.Do‘sanova, U.YUsupov (2004),
S.B.Abbosov (2007), N.R.Alimqulov (2008) va boshqalar).
Landshaft kesmalarida, shuningdek nomlari «Qizil kitob»larga kiritilgan
o‘simlik va hayvonlarni maxsus belgi bilan ko‘rsatish joiz, bunda aylana yoki ko‘p
qirrali katak orasiga raqam yoki hayvonning rasmini ko‘rsatish yo‘li bilan
ifodalanishi mumkin. Bu borada «O‘zbekiston Respublikasining ekologik xaritasi»
(1991) da berilgan shartli belgilar ancha haqqoniy chiqqan. SHartli belgilarni
joylashtirishda albatta, tasvirlanayotgan o‘simlik yoki hayvonning ayni shu
kesimda hozirda tarqalganligini hisobga olish zarur. Tog‘lik va tog‘ oldi
tekisliklarida ushbu shartli belgilarni joylashtirishda siyraklikka amal qilish zarur
bo‘ladi, respublikada tog‘ landshaft kesimlari kichikroq bo‘lganligi uchun boshqa
belgilar bilan murakkablashib ketadi, natijada xaritani o‘qish og‘irlashadi.
Sanoat shaharlarining atmosfera havosini ifloslantiradigan toifalari havoni
ifloslanish darajasi bo‘yicha berilishi va shahar belgisini ushbu darajaga mo‘ljallab
(qizil rangda) ko‘rsatish ma’qul. Daryo, ko‘l, suv ombori, kanal, kollektorlarning
minerallashuv darajasi ma’lum nuqta (stvor)da kartogramma usuli bilan bir necha
yillar uchun beriladi. SHuningdek, ularning chetlari hoshiya (rang) usuli bilan
ma’lum nuqtalar oralig‘ida ko‘rsatiladi. Bu bilan daryolarda manbadan mansabga
tomon minerallashuv darajasining ortib borishi yaxshi ifodalanadi. Masalan,
Amudaryoda Termiz -CHorjo‘y-Tuyamo‘yin-Nukus-Qiziljar-Orol dengizi bo‘yicha
beriladi.
Xaritada buzilgan va rekultivatsiya qilingan erlar ko‘rsatilishi lozim
(masalan, Navoiy, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand va boshqa viloyatlar).
Xaritadan tashqari bo‘sh joylardan to‘g‘ri foydalanishni rejalashtirish
kerak: bizningcha, bu joylarda xarita-kesmalar, jadval, chizma, matnlar berilishi
maqsadga muvofiq, ular asosiy xarita mazmunini suvlarning ifloslanishi,
tuproqlarning og‘ir metallar bilan ifloslanishi, tuproqda qoldiq pestitsidlarning
miqdori, atmosfera havosining ifloslanishiga oid ma’lumotlar bilan boyitadi.
Sanoat shaharlarida chang va gazlarning maxsus moslamalar bilan ushlanib
qolayotgan qismlari, havoga chiqarilayotgan qismi turli shartli belgilar bilan
ifodalanishi yaxshi samara beradi. Qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar, buyurtmalar
alohida xarita-kesmada berilishi, yangidan vujudga keltirilishi lozim bo‘lgan
alohida muhofaza etiladigan hududlar areallar bilan berilishi mutaxassislar uchun
yaxshi yordam beradi.
Orol dengizining hozirgi holati, quriyotgan jarayonlar, suv va tuz
muvozanati, tabiiy jarayonlar, dengizning 1961 yildan boshlab o‘zgarish
dinamikasi, istiqbolda kutilayotgan o‘zgarshlarni xaritalar asosida ko‘rsatish
muhim ahamiyatga ega.
Atrof muhitning ifloslanishi munosabati bilan aholi orasida tibbiy
o‘zgarishlarni xaritalar asosida tavsiflash amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ekologik monitoring natijalari asosida xaritalashtirish. Atrof muhitni,
xususan suv va havo havzalari, tuproqning ifloslanishi, yaylov, o‘rmonzorlarning
buzilishi, er resurslarining muomiladan chiqib ketayotganligi muntazam faoliyat
ko‘rsatuvchi ekologik monitoringni joylarda amalga oshirishni talab qiladi. Bu
borada mamlakatimizda ma’lum darajada ekologik kuzatish va nazorat ishlari olib
borilmoqda.
Ekologik monitoring natijasida jonli va jonsiz tabiat bo‘yicha har yili
ko‘plab kuzatish va nazorat ma’lumotlari yig‘iladi. Ayniqsa, suv va havo
havzalarining ifloslanishi, tuproqlarning qashshoqlanishi, sug‘oriladigan erlarning
sho‘rlanishi, eroziya va boshqa jarayonlarning harakati bo‘yicha ko‘plab
ma’lumotlar yig‘iladi. Ular asosida ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha ekologik
xaritalar tuzish manba materiallaridan foydalanish samaradorligini bir necha
barobar oshiradi. Xarita ko‘plab turli ko‘rsatkich, miqdoriy ma’lumotlarni o‘zida
mujassamlashtirgani tufayli, ulardan amaliy foydalanishni osonlashtiradi,
samaradorligini orttiradi. Bunday xaritalar ma’lum erlar uchun muntazam tuzib
borilishi natijasida ularning ko‘p yillik dinamik o‘zgarishidagi qonuniyatlarni
aniqlashga imkon beradi. Ekologik xaritalarni tuzishda aerokosmik uslubiyotdan
foydalanish ancha samarali hisoblanadi. Koinotdan olingan sur’atlar asosida
tuzilgan xaritalar loyihachilar, turli mutaxassislar, olimlarni tabiat muhofazasi,
ekologik vaziyatni yumshatish, tabiiy resurslarning mahsuldorligini oshirishdagi
ishlarining tez bajarilishi, sifatli qilib amalga oshirish va ko‘zlangan maqsadga
erishishda negiz bo‘ladi.
5.3. Geoekologik rayonlashtirish
XX asrning oxirgi o‘n yilligidan boshlab geografiya va ekologiya fanlarida
ekologik rayonlashtirish tushunchasi ishlab chiqildi. Mazkur tushunchalar hozirgi
paytda qator fanlarda qo‘llanilib kelmoqda.
O‘zbekistonda ushbu muammo bilan P.N.G‘ulomov, A.A.Rafiqov,
A.N.Nig‘matov, A.Abdulqosimov, R.M.Razzoqov, V.V.Titova, V.P.Savello,
S.B.Abbosov, N.R.Alimqulov, SH.M.SHaripov va boshqalar shug‘ullanishgan va
shug‘ullanib kelishmoqda.
Geoekologik rayonlashtirishning maqsadi A.A.Rafiqov (2000),
A.G.Isachenko (2003) va boshqalarning fikriga ko‘ra, tabiiy muhitning hududiy
tabaqalanishidagi geografik qonuniyatlarni namoyon qilish va getizimlarning
geoekologik vaziyatini majmuali baholashdir. Boshqacha aytganda, landshaft-
ekologik rayonlashtirish zaminida tabiiy sharoit va tabiiy resurslardan maqsadli
foydalanish yotadi. Bunda har bir tabiiy resurs yoki lanshaft komponenti alohida
o‘rganilib, undan foydalanishning qulay tomonlari aniqlanadi (R.Holiqov va b.,
2004).
X.Vaxobov va boshqalar (2004) fikriga ko‘ra, ekologik rayonlashtirish,
tushunchasini ikki jihati mavjud: 1) geografiyada juda keng tarqalgan sifat jihatdan
rayonlashtirish (qulay, o‘rtacha qulay va hakoza); 2) taksonomik birliklar asosan
miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida ajratiladi (suvlar, atmosfera havosi, tuproqlarning
ifloslanishi, aholining o‘lim darajasi va hakazo).
Geografiyaga oid adabiyotlarda (D.Armand, 1975; N.Gvozdetskiy, 1979;
N.Kogay, 1979; A.Fedina, 1981; N.Mixaylov, 1985; A.Isachenko, 1991)
ta’riflanishicha, rayon tadqiqotchi tomonidan ajratiladigan hududdir.
SH.S.Zokirov (2004) tabiiy geografik rayonlashtirish-tabiatda ob’ektiv
mavjud bo‘lgan tabiiy geografik majmualarni aniqlash, ma’lum bir taksonomik
birlikka mos holda xaritaga tushirish, ularning tarkibi, tuzilmasi (strukturasi),
dinamikasi, rivojlanishi va boshqa xususiyatlarini bilish hamda tavsiflab
berishdir”-deb ta’kidlaydi.
Demak, tabiiy geografik rayonlashtirish umumilmiy rayonlashtirish bo‘lib,
“umumilmiy rayonlashtirish asosida u yoki bu masalalarni hal etishga qaratilgan,
ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan amaliy rayonlashtirishni yaratish mumkin”
(A.Isachenko, 1991). Ko‘rinib turibdiki, “tabiiy geografik rayonlashtirish amaliy
maqsadlarni ko‘zlab bajariladigan rayonlashtirilishlarga ham, tabiiy sharoit va
tabiiy resusrslardan to‘g‘ri va oqilona foyldalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘p
tadbiralarni amalga oshirish uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi” (SH.Zokirov,
2004). Bunda avvalo, tabiiy geografik rayonlashtirish va landshaft tipologik
xaritalarining zarurligi taqazo etiladi.
Geoekologik vaziyatni o‘rganish uchun har qanday hududni uning chegara
va maydonidan qat’iy nazar ob’ekt sifatida olish mumkin.
A.G.Isachenko (2003) ta’biri bilan aytganda, “geoekologik tahlil tabiiy
hududiy bo‘linmalar, ya’ni biron taksonomik pog‘onadagi geotizimlar bo‘yicha