Endokrinologiyaning mazmuni, rivojlanishi tarixi, ahamiyati, tabiiy fanlarda
tutgan o’rni
Organizmdagi barcha bezlar sekretsiya xiliga qarab katta ikki guruhga: tashqi
sekretsiya bezlari, ya'ni ekzokrin bezlar va ichki sekretsiya bezlari, ya'ni
endokrin bezlarga bo'linadi.
Tashqi sekretsiya bezlari deb mustaqil chiqaruv yo'llari bo'lgan, o'zida hosil
bo'ladigan suyuqliklar, shiralarni tana yuziga, ovqat hazm qilish kanali, siydik-
tanosil yo'llariga yoki tashqi muhit bilan tutashgan boshqa bo'shliqlarga ajratadigan
bezlarga aytiladi. Ichki sekretsiya bezlari, ya'ni endokrin bezlar deyilganda esa
mustaqil chiqaruv yo'llari bo'lmagan bezlar tushuniladi. Shu sababli bu bezlar
o'zida hosil bo'ladigan oz miqdordagi biologik faol moddalarni bevosita qonga,
limfaga yoki to'qima oraliq suyuqlilariga ajratadi. Shu bilan birga, ba'zi organ yoki
hujayralar guruhi ham ichki sekretsiya bezlari qatoriga kiradi. Organizmning
boshqa organlari singari ichki sekretsiya bezlari odam va hayvonlarda evolyutsion
taraqqiyotning ma'lum bosqichida, jumladan, qurtlar va yumshoq tanlilardayoq
paydo bo'lgan va asta-sekin rivojlanib, takomillashgan, bu bezlar umurtqali
hayvonlarda yuksak darajada taraqqiy qilgan. Odam va hayvonlarning ichki
sekretsiya bezlari quyidagilardir: gipofiz, qalqonsimon bez, qalqonsimon oldi
bezchalari, me'da osti bezining orolcha apparati, buyrak usti bezilari, jinsiy bezlar,
platsenta, epifiz, ayrisimon (timus) bez, GEP tizim, gipotalamus. Bulardan
tashqari, organizmdagi turli organlarning maxsus hujayralari ham har xil biologik
faol moddalarni ajratadilar. Ichki sekretsiya bezlaridan ishlanib chiqadigan
mahsulotlar, ulardan ajraladigan suyuqliklarga - gormonlar (horman -
qo'zg'ataman) deyiladi. Gormonlar qonga yoki boshqa suyuqliklarga
chiqarilganidan so'ng, ular bilan organizmning to’rli organ va to'qimalariga
tarqaladi hamda ma’lum nishon organ yoki to'qimalardagi hayotiy jarayonlarga
belgili ta'sir qilib, ular faoliyatini o'zgartiradi. Gormonlar ta'siri uch xil yo'nalishda
amalga oshadi:
Birinchidan, ularning ba'zilari to'qimalardagi moddalar almashinuviga ta'sir
ko'rsatsa,
Ikkinchidan, organizmning shakllanishiga, metamorfozga, to'qima va organlar
ixtisoslashishining jadallashuviga ta'sir ko'satadi.
Uchinchi xillari esa, organlar yoxud organizm faoliyatini o'zgartiradi.
Masalan, buyrak usti bezidan ishlanib chiqiladigan adrenalin gormoni, me'da osti
bezining insulin va glyukogon gormonlari organizmda uglevod almashinuviga,
uning boshqarilishiga faol ta'sir ko'rsatadi. Qalqonsimon bez gormoni esa
organizmda organik moddalarni parchalanishini jadallashtiradi. Bu bezning
gormoni metamorfozga ham faol ta'sir ko'rsatadi. Uning bu xususiyatini ayniqsa,
baqalarda yaxshi kuzatsa bo'ladi. Adrenalinning yurak ishini tezlashtirish,
vazopressinning (gipofizdan ishlanib chiqadigan gormon) qon tomirlarini
toraytirishi gormonlarning organlar faoliyatini o'zgartirishiga ularning ishini
boshqarishiga misol bo'la oladi va hakozo.
Demak, endokrin bezlar nerv tizimi bilan hamkorlikda organizm funksiyalarini
boshqarishda (regulyatsiya qilishda) ishtirok etadi. Bu jarayonda asab tizimi
yetakchi o'rinni egallaydi. Shunday bo'lsada, funksiyalarning gormonlar yoki
boshqa biologik faol moddalar bilan, ya'ni gumoral yo'l bilan boshqarilishi
nihoyatda muhim.
Gormonlar bir qancha o'ziga xos xususiyatlarga ega va shu jihatdan nerv
impulslaridan farq qiladi. Jumladan, qanday bo'lmasin ma'lum bir gormon
organizmdagi muayyan organ faoliyatiga ta'sir ko'rsatadi va unda tegishli
o'zgarishlarni keltirib chiqaradi. Gormonlar tegishli bezlarda uzluksiz ravishda
hosil bo'lib, tegishli organlarda uzluksiz parchalanadi.
Odam va har turdagi hayvonlarning bir-xil turdagi gormonlari o'z xossalari
jihatidan bir-biridan odatda ko'p farq qilmaydi. Shu sababli zaruriyat tug'ilganda bir
turdagi hayvonning ko'pchilik gormonlarini boshqa bir turdagi hayvonlarga
yuborish mumkin.
Gormonlar bevosita qonga yoki boshqa suyuqliklarga chiqarilganidan keyin
ular organizmning barcha organ va to'qimalariga yetib boradi va shu tariqa hosil
bo'lgan joydan ancha uzoqdagi organ va to'qimalar faoliyatiga ham ta'sir ko'rsata
oladi. Biroq, ayrim organlardagi maxsus hujayralarda hosil bo'ladigan
gormonsimon moddalar "hujayra gormonlari" boshqa organlarga o'tmaydi. Shu
sababli ular hosil bo'lgan joydagina o'z ta'sirini namoyon qiladi. Bunday "hujayra
gormonlari"dan tashqari "to'qima gormonlari" ham bor. Ular organizmning belgili
qismlarida, muayyan to'qimalarda hosil bo'ladi va hosil bo'lish jarayonida qo'shni
to'qimalarga sizilib o'tib turadi, shunday yo’l bilan mahalliy ta'sir ko'rsatadi.
Gormonlar nerv impulslariga qaraganda sekin tarqaladi, biroq, uzoqroq ta'sir
ko'rsatadi. Gormonlar, ferment emas. Ammo ular fermentlarni faollash yo'li bilan
o'z tasirini namoyon qilsa kerak. Shu sababli ular hujayralardagi jarayonlarga faol
ta'sir ko'rsatib, hujayralar membranasi o'tkazuvchanligini, ulardagi oksidlanish va
qaytarilish reaksiyalarini, ularning ion tarkibini o'zgartira oladi. Hujayra va
to'qimalarga bevosita ta'sir qilish bilan birgalikda, gormonlar tegishli retseptorlarga
ham ta'sir ko'rsatib, murakkab reflektor jarayonlarda ishtirok etadi. Ular nerv
markazlarining funksional holatiga ham ta'sir ko'rsatadi. Gormonlar organizmning
irsiy belgilariga, xromosomalariga ham ta'sir ko'rsatadi, degan ma'lumotlar bor.
Estrogenlar, testosteronlar, kortizon, somatotropin, insulin va boshqalar oqsil
biosintezining boshqarilishida va u orqali irsiy belgilarning nasldan-naslga o'tishida
ishtirok etadi. Jumladan, bu gormonlar, xromosomalardagi DNKga ta'sir ko'rsatib,
uning tegishli qismlarini maxsus oqsil, qoplovchi modda-gistonlardan xolos
bo'lishiga yordam beradi. Informatsion RNKning har bir yangi molekulasi
faqatgina DNKning o'sha gistonlardan xolos bo'lgan qismidagina hosil bo'ladi.
Informatsion RNK esa oqsil biosintezini, demak, irsiy xususiyatlarini belgilaydi.
Shu tariqa gormonlar organizmning irsiy xususiyatlariga ta'sir ko'rsatadi.
Organizmdagi barcha endokrin bezlar fuksional jihatdan bir-biriga juda aloqador,
ular asab tizimi faoliyati bilan ham mahkam bog'langan. Ichki sekretsiya bezlari
asab tizimining eng yaqin hamkori sifatida organizmdagi barcha jarayonlarning
boshqarilishida ishtirok etgani bilan, o'zining faoliyati ham neyrogumoral ravishda
boshqariladi va organizmning uzluksiz o'zgarib turgan ehtiyojiga moslanib boradi.
Markaziy asab tizimi, birinchi navbatda, gipotalamus va undagi tegishli yadrolar
organizmdagi turli organlarning holati, to'qimalardagi tegishli moddalarning
miqdori to'g'risida muntazam ravishda axborot olib turadi. Zaruriyatga qarab
gipotalamus yadrolari gipofizga nerv impulslari yuboradi va u orqali ko'pchilik
endokrin bezlar faoliyatiga ta'sir ko'rsatadi. Gipotalamus bilan gipofiz bir-biriga
shu qadar bog'liqki, gipofizning bez qismi boshdan-oyoq nerv to'qimalaridan
tuzilgan va gipotalamusning ajralmas qismi sifatida ishlaydi. Gipofiz esa, o'z
navbatida, organizmdagi ichki sekretsiya bezlarining eng asosiy, "rahnamosi"
hisoblanadi. Jumladan, uning oldingi qismidan ajraladigan gormonlar qalqonsimon
bez, jinsiy bezlar, buyrak usti bezlari va boshqa bezlarning faoliyatiga faol ta'sir
ko'rsatadi. Gipotalamusdan tashqari markaziy asab tizimining boshqa qismlari va
hatto bosh miya yarim sharining po’stlog’i ham ichki sekretsiya bezlari
faoliyatining boshqarilishida ishtirok etadi.
Muayyan ichki sekretsiya bezi uning gormoni bilan idora etiladigan organlar
faoliyati bilan muntazam ravishda o'zaro aloqada, qaytar bog'lanishida bo'ladi.
Boshqacha aytganda, tegishli endokrin bezlardan nechog'li ko'p gormon ajralishi
o'sha bez ta'siri o'tadigan organ holatiga bog'liq va aksincha. Modomiki shunday
ekan, ya'ni bezning gormoni boshqasining holatiga ta'sir qiladi va aksincha.
Endokrin bezlarning o'zaro aloqadorligini tushuntirish uchun 1941 yilda
M.M.Zavodovskiy o'zaro musbat-manfiy ta'sir to'g'risidagi prinsipini olg'a surdi.
Bu tamoyilgaqa ko'ra, o'zaro bog'liq bo'lgan ikkita endokrin bezdan birining
gormoni ikkinchisining faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatsa, ikkinchisining gormoni
birinchisining faoliyatiga ijobiy ta'sir qiladi. Masalan, gipofizni oldingi qismining
gormonlari qalqonsimon bez, buyrak usti bezi va jinsiy bezlar faoliyatini
kuchaytiradi. Ammo, bu bezlarning ayrim gormonlari gipofizning oldingi qismidan
molekulalar yetilishini tezlashtiruvchi gormon ajralishini susaytiradi.
Biroq, organizmdagi hamma endokrin bezlar ham bu tamoyilga
bo'ysinavermaydi. Shunday bo'lsa-da, endokrin bezlarning qaytar bog’lanishda
ishlashi ular faoliyatining neyrogumoral yo'l bilan boshqarilishida salmoqli o'rin
egallaydi. Bir endokrin bez bir necha xil gormon ajratadi. Bu gormonlarning
ayrimlari bir funksiyaga bir xil yo'nalishda ta'sir qilsa, boshqalari bunga qarama-
qarshi ta'sir qiladi. Masalan, gipofizning lyuteinlovchi va follikulalar yetilishini
jadallashtiruvchi gormonlari tuxum hujayralarining etilishiga ijobiy ta'sir qiladi.
Me'da osti bezining insulin va glyukogon gormonlari bir-biriga qarama-qarshi ta'sir
ko'rsatadi. Ularning birinchisi qonda qand miqdorini kamaytirsa, ikkinchisi esa
ko'paytiradi. Shunday bo'lishidan qat’iy nazar, endokrin bezlardan tegishli
gormonlar organizmning ehtiyojiga nihoyatda mos keladigan bir ravishda ajraladi.
Endokrin bezlar faoliyatini o'rganish usullari
1. Eksterpatsiya - operatsiya qilib, tegishli endokrin bezini olib tashlash va
shundan keyin organizmda ro'y beradigan o'zgarishlarni kuzatish.
2. Transplantatsiya - endokrin bezini ko'chirib o'tkazish (auto, gomo va
getero transplantatsiya).
3. Tegishli gormonni yoki endokrin bezdan tayyorlangan ekstraktlarni
organizmga yuborib, kuzatiladigan o'zgarishlarni o'rganish.
4. Parabioz - ikki organizm o'rtasida biologik uzviylik hosil qilish. Buning
uchun ikki yoki undan ortiq tajribadagi hayvonning qon tomirlari bir-biriga
ulanadi. Keksa va yosh, jinsiy jihatdan yetilgan va yetilmagan, bichilgan va
bichilmagan, urg'ochi va erkak hayvonlar qon aylanish tizimini bir-biriga ulash va
keyin tegishli kuzatuvlarni olib borish yo'li bilan belgili endokrin bezlar faoliyatini
o'rgansa bo'ladi.
5. O'rganilayotgan bezga oqib kelayotgan va undan oqib chiqayotgan
qonning fizologik faolligini aniqlab, bir-biriga taqqoslab ko'rish yoki angiostamiya
usuli.
6. Radiofaol izotoplar usuli - bu usul yordamida turli gormonlarning
organizmda sintezlanishini, almashishini o'rgansa bo'ladi.
Bulardan tashqari endokrin bezlar faoliyatini o'rganishda boshqa turli-tuman
fizologik, bioximik, morfologik usullar ham qo’llaniladi.
Qalqonsimon bez
Qalqonsimon bez barcha umurtqalilarda bo'ladi. Sut emuzuvchilarning bo'yni
sohasida, qalqonsimon tog'ayning ikki yonida joylashgan bo'lib, shaklan qalqonga
o'xshab ketadi. Bu bez o'zaro tutashgan ikki bo'lakchadan iborat. Qalqonsimon
bezning hajmi har xil turdagi hayvonlarda turlicha bo'lib, bir turdagi hayvonlarda
ham bir muncha farq qiladi. Uning kattaligi hayvonning yoshi, jinsi, organizmning
holati, yilning fasli va bir qator omillarga bog'liq. Jumladan, ser sut qoramollarda
bu bez og’irligi 23-41, go’shtdor shoxlilarda esa 21-36, cho’chqalarda 12-30,
arxarlarda 20-35, qo'ylarda 4-7 grammni tashkil qiladi.
Qalqonsimon bez qon bilan benihoya yaxshi ta'minlanib turadi. Masalan,
itlar organizmida oqayotgan qonning hammasi bu bezlar orqali bir kunda 16 marta
aylanib, oqib o'tadi.
Bezning parenximasi va stromasi bo'lib, parenximasi o'ziga xos
follikulalardan tashkil topgan. Bu follikulalarning devori sekretor epiteliydan
tuzilgan. Sekretor hujayralar uzluksiz ravishda maxsus kolloid modda ishlab
chiqaradi. Shu sababli follikulalarning ichi o’sha kolloid moddalar bilan to'la
turadi. Bu kolloid gidrolizlanganidan so'ng qon va limfaga o'tadi. Follikulalarning
orasida biriktiruvchi to'qima bo'lib, u bezning stromasini tashkil qiladi.
Qalqonsimon bezning asosiy gormonlari: tiroksin, va triyodtironinlar bo’lib
ularning tarkibida yod bor. Gormon bezda quyidagicha sintezlanadi: Organizmga
o'zi bilan kiradigan yodning asosiy qismi qonga so'rilgandan keyin qalqonsimon
bezga keltiriladi. Bez hujayralari uni ushlab qoladi. Bu yerda anorganik yo'd
sitoxromoksidaza va peroksidaza fermentlarining ishtirokida molekulalar
yodgacha oksidlanadi. So'ngra taxminan ikki soat davomida yod tirozin
aminokislotasi bilan birikadi. Oqibatda monoyodtirozin va diyodtirozin
molekulalari hosil buladi. Tetrayodtirozin tiroksin gormoninig o'zidir. Hozir
aytilgan yodli birikmalar bezning follikulalarida oqsillar bilan birikib, tireoglobulin
degan kompleks birikma molekulalarini hosil qiladi. Tireoglobulin murrakkab
glyukoproteiddir. Uning molekulasida 10 ta polipeptid zanjiri bor. Tarkibida
yodlangan aminokislotalardan tashqari glyukoza, galaktoza, mannoza ham
saqlanadi. Tireoglobulin follikulalarning ichidagi kolloidda yig'iladi, ayni vaqtda
uning ma'lum qismi parchalanib ham turadi. Shunda triyodtirozin va tetrayodtirozin
- tiroksin hosil bo'lib, qonga so'riladi. Ular qondagi oqsillar bilan birikadi va
tegishli to'qima hamda organlarga tashiladi. Keyingi vaqtlarda olingan
malumotlarga qaraganda triyodtirozin va tetrayodtirozin to'qimalarda oksidlanib,
dezaminlanadi. Oqibatda triyodtiroatsetat va triyodtiropropinant kislotalar hosil
bo'ladi. Bular tiroksin va triyodtironinga qaraganda 80-300 baravar faolroqdir.
Tiroksin va triyodtironin to'qimalarda shu birikmalar holida ta'sir qiladi deb
hisoblanadi.
Qalqonsimon bez gormonlari organizmning o'sishi, rivojlanishida, unda
oqsillar, yog'lar, uglevodlar, suv va tuzlar almashinuvida katta ahamiyatga ega. Bu
gormonlar energiya almashinuviga, nerv tizimi, yurak va jinsiy bezlar faoliyatiga
ta'sir ko'rsatadi. Qalqosimon bezda hosil bo'ladigan tiroksin, triyodtironin va
triyodteroatsetat kislota va boshqa ba'zi yodli birikmalar oksidlanish jarayonini,
oqsillar almashinuvini tezlashtiradi. Ayniqsa hujayralarning mitoxondriyasidagi
oksidlanish jarayonini faollashtirib, energiya almashinuvini kuchaytiradi. Bu
gormonlar hujayra fermentlarining desilfed guruhlarini sulbigidril guruhlarga
aylantirib, ularni faollashtiradi. Organizmda qalqonsimon gormonlari yetishmay
qolgan paytda asosiy almashinuv pasayadi. Organizmda ortiqcha osh tuzi va suv
ushlanib qoladi. Oqibatda shish hosil bo’ladi, - suv shishlari deb shularga aytiladi.
Qonda kalsiy miqdori kamayadi, jinsiy faoliyat pasayadi. Urg'ochi hayvonlarda
ovulyatsiya va urug'lanish jarayonlari kuzatilsa-da, rivojlanayotgan embrion
bo'g'ozlikning boshidayoq halok bo'ladi.
Umuman olganda, bu bezning gormonlari embriogenezda benihoya katta
ahamiyatga ega. Qalqonsimon bez gormonlari yetishmaganida (gipofunksiyasida)
yosh bolalar va hayvonlar o'sishdan, rivojlanishdan qoladi, suyaklanish jarayonlari
buziladi.
1-rasm. Gipofiz bezidan somatotropin ko’p ishlanib chiqqanda odam bo’yining
normadan ortiqcha o’sishi-gigantizm, bu gormon kam hosil bo’lagnda bo’y
o’smay qolishi-nonizm (pakana) holatining ko’rinishi.
Odamlarda bu bezlarning bolalikdan sust ishlashi (gipofeoz) kretinizm
kasalligini paydo bo'lishiga sabab bo'ladi. Bu paytda bo'y o'smaydi, uning og'zi
doimo ochiq bo'lib, tili chiqib turadi. Chunki til haddan tashqari o'sib ketib og'izga
sig'may qoladi. Voyaga etmagan hayvon va odamlarning qalqonsimon bezi
yetarlicha ishlamasa, Miksedema kasalligi paydo bo'ladi. Bu vaqtda asosiy
almashinuv pasayadi, oqsillar almashinuvi buziladi, onkotik bosim oshib ketadi,
to'qimalarda suv ushlanib qoladi, suv shishlari paydo bo'ladi. Organizmda yod
kamchiligi paytida bo'qoq kasalligi avj oladi. Bu paytda bez to'qimasining
yetarlicha ishlamayotganligi tufayli u gipertrofiyalanib, katta bo'lib ketadi,
follikulalari ko'payadi, ammo, ajralayotgan gormonlarning miqdori kam bo'ladi.
Chunki ularning sintezlanishi uchun yod yetishmaydi. Infitireoid, ya'ni
qalqonsimon bez gormonlarining faolligini susaytiradigan, moddalar bor. Bular
qatoriga tiomochevina, tionratsil, metiltionratsil va qalqonsimon bezda
gormonlarning hosil bo'lishini tormozlaydigan ko'pgina sulfanilamid preparatlar
kiradi. Ular anorganik yod molekulalarini yodgacha oksidlovchi, tirozining
yodlanishuvida, uning triyodtironin va tiroksinga aylanuvida ishtirok etadigan
fermentlarning faolligini pasaytiradi. Bu moddalar ta'sir qilganda organizmda,
xuddi qalqonsimon bez olib tashlanganda kuzatiladigan o'zgarishlar ro'y beradi.
Ammo bu moddalar qonda mavjud bo'lgan va tashqaridan kiritiladigan
gormonlarga ta'sir qilmaydi. Tireoid gormonlar organizmga kiritilganda oqsillar,
yog'lar va uglevodlar tez parchalanib, ko'p sarf bo'ladi. Oqibatda ajralayotgan
suyuqlikda azot asosan mochevina hisobiga ko'payadi. Manfiy azot muvizanati
kuzatiladi. Jamg'arilgan yog' ko'p miqdorda kamaya boradi. Tiroksin kiritlganda,
yog' depolaridagi yog'ning miqdori 70% gacha kamayib ketadi, qonda xolesterin
ozayadi. Jigar va muskullardagi glikogenning parchalanishi tezlashib, qonda qand
miqdori bir oz ko'payadi. Oqibatda organizmning fizik vazni kamayib, ozib ketadi.
Diurez ko'payadi. Ma'lum normada tiroksin kiriturish, sut beruvchi hayvonlarning
sut mahsuldorligini, sutning yog’liligini oshiradi. Tovuqlar patining o'sishini
yaxshilaydi, tuxum ko'payadi.
2-rasm. Odam qalqonsimon bezi
O’sayotgan bolalar tishining normal o'sib chiqishi, to'qimalarning
regeneratsiyasi, yaralarning tuzalib bitib ketishi ham shu gormonlarga bog'liq. Bu
gormonlarning markaziy asab tizimining funksional holatiga ta'sir qilishi diqqatga
sazovordir.
Organizmga uzoq vaqt davomida tiroksin kiritilib turgan hayvonlar
qo'zg'aluvchan, tinch turmaydigan, oyoq muskullari tinmay titraydigan bo'lib
qoladi. Qalqonsimon bezi olib tashlangan hayvonlarda shartli reflekslarning
hosil bo'lishi qiyinlashadi. Narkoz yuborilib, miya po'stlog'idagi qo'zg'alish
jarayonlari pasaytirilsa, organizmga tiroksin yuborilishi asosiy almashinuvni
oshirmaydi. Bu tireoid gormonlar miya po'stlog'i faoliyatiga katta ahamiyatga
ega ekanligini ko'rsatadi. Tiroksin bosh miya retikulyar formatsiyasida to'planadi
degan ma'lumotlar bor. Tiroksin bevosita bosh miyaga yuborilganda asosiy
almashinuv, uni qonga yuborgan paytdagidan ko'proq kuchayadi. Normada
qalqonsimon bez faoliyatining kuchayishi, ya'ni fizologik giperfunksiyasi
hayvonning bo'g'ozlik, laktatsiya (sut berish) davrlarida kuzatiladi. Bu bezning
giperfunksiyasi buyrak usti bezining faolligini bir muncha tormozlaydi.
Fiziologik gipofunksiya (bez faoliyatining normadan pasayishi), qishda uyquga
kiradigan hayvonlarda ularning qishki uxlash vaqtida kuzatiladi.
Tireokalsitonin. Qalqonsimon bezda tireokalsitonin degan gormon ham hosil
bolishi keyingi paytlarda isbotlandi. Tirekalsitonin ichiga o'tmaydigan bo'lgani
uchun ularning ichidagi kolloid suyuqlikning tarkibida uchramaydi. Bu gormon 32
aminokislotadan tashkil topgan polipeptid bo'lib, tarkibidagi aminokislotalarning
joylashish tartibi turli hayvonlarda har xildir. Tireokalsitonin qonda kalsiy va
fosforning miqdorini kamaytiradi. U suyaklardan qonga kalsiy chiqarilishiga
to'sqinlik qilib, siydik bilan fosforning ko'p chiqarilishiga sabab bo'ladi va
parotireoid bezlarning gormoni bo'lmish paratgormonning antogonisti hisoblanadi.
Tireokalsitonin qonda kalsiy ko'payib ketganda sezilarli miqdorda ajralib, qon ion
tarkibining ma’lum miqdorda saqlanishida katta rol o'ynaydi.
Qalqonsimon bez faoliyatini boshqarilishi
Qalqonsimon bezning faoliyatini asab va endokrin tizimlar boshqarib boradi.
Simpatik asab tizimining bezga keladigan tolasi qo'zg'atilganda bezning
giperfunksiyasiga xos belgilar kuzatiladi, chunonchi, ko'z cho'qqayib, qorachig'i
kattalashadi, asosiy almashinuv kuchayadi. Parasimpatik nerv tolalari esa bez
faoliyatini susaytiradi. Shu bilan birga, bosh miyada qo'zg'alish jarayonlari ustun
turganda bez faoliyati kuchaysa, tormozlanish jarayonlari boshlanganda bez
faoliyati susayadi. Qalqonsimon bez faoliyatining boshqarilishida gipofizning
oldingi qismidan ajraladigan tireotrop gormon qalqonsimon bezning faoliyatini
boshqarishda ishtirok etadi, - tireoglobulinning parchalanishini, gormonlarning
sintezlanishini, ularning bezdan qonga o'tishini va bezga yod kelishini
kuchaytiradi. Gipofiz esa gipotalamus bilan mahkam bog'langan bo'lib, ikkalasi
yaxlit tizimni tashkil etadi, deb yuqorida aytilgan edi. Binobarin, qalqonsimon bez
faoliyatiga asab tizimi bilan va endokrin tizim chambarchas bog'liq holda, ta'sir
ko'rsatadi. Miya po'slog'i ham qalqonsimon bezga gipotalamus - gipofiz tizimi
orqali ta'sir ko'rsatadi. Buni quyidagi misoldan ko'rishimiz mumkin: qalqonsimon
bezning nerv aloqalari uzilsa, bu vaqtda asosiy almashinuvni shartli reflektor yo'l
bilan kuchaytirish mumkin. Ayni paytda miya po'stlog'i gipofizdan tireotrop
gormon ajralishini kuchaytirish yo'li bilan qalqonsimon bezga ta'sir ko'rsatadi.
Ammo bezning reflektor aloqasi uzilganidan keyin gipofizning po'stloq bilan
aloqasi ham uzilsa, asosiy almashinuvni shartli reflektor yo'l bilan kuchaytirib
bo'lmaydi.
Qalqosimon bez yonidagi (paratireoid) bezchalarning ichki sekretsiyasi.
Qalqonsimon bezning yonida kichkina epitelial tanachalar, ya'ni paratireoid
bezchalar bor. Oval yoki dumaloq shaklda bo'ladigan bu bezchalar ko'pchlik sut
emizuvchi hayvonlarda to'rtta bo'ladi. Ular aksar qalqonsimon bez yonidan joy
oladi-yu, lekin ba'zi hayvonlarda shu bez to'qimasi bilan bevosita tutashgan
holda ham uchraydi. Asosiy paratireoid bezchalardan tashqari, qo'shimcha
bezchalar ham uchrab turadi. Paratireoid bezchalarda ikki xil hujayra bor: bosh
hujayralar va atsidofill hujayralar. Bosh hujayralarning sekretor faoliyati
isbotlangan, atsitofill hujayralarni funksiyasi esa hali aniqlanmagan. Bu
bezchalar simpatik asab tizimi tolalari bilan ta'minlanadi. Ammo, adashgan
nervdan parasimpatik tolalar ham oladi.
Paratireoid bezchalar ishlamay qo’yganda nimalar ro'y berishi otlar, itlar
ustida shu bezchalarni olib tashlab o’tkazilgan tajribalarda o'rganildi. Itlarda
to'rtala bezlarning hammasi olib tashlansa, ikki-uch sutka o'tgandan so'ng itlar
ishtahasi yo'qolib, juda qiyinlik bilan yuradigan, bosh va tanasining ayrim
muskullari tinmay titrab turadigan bo'lib qoladi. Bu titroq vaqt o'tishi bilan
tobora kuchayaveradi va keyinchalik hayvon tanasining boshdan-oyog'iga
tarqalib, umumiy talvasaga aylanadi, talvasa tutishi tobora tezlashaveradi va
oxirida it halok bo'ladi.
3-rasm. Kalsiy almashinuvida paratgormon va kalsitoninning ahamiyati.
1-qalqonsimon bez, 2-qon tomirlari, 3-suyak, 4-buyrak, 5-hazm yo’llari.
Paratgormon kalsiy so’rilishini kuchaytiradi, kalsitonin gormoni esa susaytiradi
Paratireoid bezchalar to'la olib tashlanmasa, hozir aytib otilgan hodisalar kamroq
darajada namoyon bo'ladi, ammo shunda ham hayvon ozib ketadi, junlari to'kilib
shilliq pardalariga qon quyiladi, meda va ichaklarida uzoq vaqt davomida
tuzalmaydigan yaralar paydo bo'ladi. Paratireoid bezchalar olib tashlangandan
keyin titroq (tetaniya) paydo bo'lish muddati va nechog'li namoyon bo'lish
darajasi ozuqaga ham bog'liq. Jumladan, paratireoid bezlari olib tashlangan
itlarga go'sht berish titroq paydo bo'lishini tezlashtirsa, sut va o'simlik
ozuqalarini berish tetaniyaning kechroq to’tishiga sabab bo'ladi. Chunki o'simlik
dunyosidan olingan ozuqalar va sut tarkibida kalsiy go'shtdagiga qaraganda
ko'proq, fosfor kamroqdir. Paratireoid olib tashlangandan keyin kuzatiladigan
kasallik belgilarining go'shtxo'r hayvonlarda o'txo'r hayvonlardagiga qaraganda
kuchliroq avjiga chiqishiga sabab ham shu. Paratireoid bezlarning hammasini
butunlay olib tashlash barcha turdagi hayvonlarda ham ertami-kechmi albatta
o'limga olib kelishini aytib o'tish kerak. Bo'g'ozlik, laktatsiya kabi fiziologik
jarayonlar paytida organizmning kalsiyga bo'lgan ehtiyoji oshadi. Demak,
paratireoid bezlarni shu davrda olib tashlash zo'r tetaniya tutushiga sabab bo'ladi.
Paratgormon yetishmasligidan paydo bo'ladigan tetaniya yosh hayvonlarda
voyaga etgan hayvonlardagiga qaraganda kuchliroq bo'lib o'tadi.
Organizmga kalsiy to'planib qolishiga sabab bo'ladigan moddalar - kalsiy va
vitamin Dni yetarli miqdorda berib turish tetaniya paydo bo'lishiga vaqtincha
to'sqinlik qiladi. Paratireoid bezchalardan ishlanib, qonga o'tib turadigan
paratgormon oqsil modda bo'lib, organizmda kalsiy va fosfor almashinuvining
boshqarilishida ishtirok etadi. Bu gormon etishmaganda qonda kalsiy kamayadi.
Odatda, organizmda paratgormon suyak to'qimadan belgili miqdordagi kalsiyning
qonga chiqib turishini va shu tariqa qondagi kalsiy miqdorining normal darajada
saqlanishini ta'minlaydi. Bundan tashqari, paratgormon ichaklardan kalsiyni qonga
so'rilishini, buyrak kanalchalarida kalsiy reabsorbsiyasini kuchaytiradi, suyaklarda
asteoklastlarning ko'payishini ta'minlaydi. Natijada qonda kalsiy miqdori odatda
doimo ma’lum miqdorda (normada 9-12 mqr % atrofida) saqlanib turadi.
Paratgormon siydik bilan fosfatlar chiqishini kuchaytiradi. Paratireoid bezchalar
olib tashlanganda yoki ular faoliyati buzilganda, paratgormon etishmay qolishi
tufayli qonda kalsiy miqdori kamayib 7 haftada 5 mqr % ga tushib qoladi. Fosfatlar
ko'payib ketadi. Bu esa, miya po'stlog'i funksional holatining buzilishiga olib
keladi. Orqa miya uzunchoq miyaning qo’yirog'idan kesib qo'yilsa, tetaniya
hodisalari to'xtaydi. Paratgormon hayvonga ichirilganda uning aksariyat qismi
oshqozon-ichak tizimida faolligini yo'qotadi. Shuning uchun ham bu gormonni
qonga yuborish yaxshi natija beradi. Paratgormon uzoq vaqt davomida organizmga
ko'p miqdorda yuborilsa, yoki paratireoid bezlarning funksiyasi kuchayib ketsa,
organizmda kalsiy va fosfor almashinuvi buziladi. Qonda kalsiy miqdori ko'payib,
muskullarning ish qobiliyati pasayadi, organizm tez charchaydigan bo'lib qoladi.
Siydik va axlat bilan kalsiy ko'p ajratiladi. Paratgormon - organizmga paydar-pay
ko'plab yuboriladigan bo'lsa, buyrak faoliyati buzilib, organizm halok bo'lishi
mumkin. Paratireoid bezchalar faoliyatining boshqarilishi.Qondagi kalsiy ionlari
bez to'qimasiga bevosita faol ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lganidan bu bezchalar
faoliyatining boshqarilishida qondagi kalsiy miqdorining ahamiyati katta. Qonda
kalsiy kamayganda, paratireoid bezlar ichki sekretsiyasi kuchayadi, ko'payganda
esa susayadi. Paratireoid bezlaridan tarkibida kalsiy ionlari bo'lmagan qon
o'tkazilsa (perfuziya), paratgormonning ko'p ajralishini ko'ramiz. Demak, qondagi
kalsiy ionlari miqdori bilan paratgormonning ajralishi o'rtasida qaytar bog'lanish
mavjud. Qondagi kalsiy miqdori ham paratgormon tufayli nisbatan doimo
o'zgarmas darajada bo'ladi.
Buyrak usti bezlari.
Odamlar va hayvonlarning buyrak usti bezlari juft organ bo'lib, buyraklarning
ustida joylashgandir. Ayrim hayvonlarda bu bezlar buyrakka bevosita tutashib
tursa, ikkinchi bir xil hayvonlarda buyrakdan bir oz nariroqda joylashgan bo'ladi.
Buyrak usti bezlari bir-biridan farq qiladigan ikki qavatdan, po'stloq (interinal
to'qima) qavati va mag'iz (xromofin to'qima) qavatidan tashkil topgan. Organizmda
mag'iz va po'stloq qavatlarining hujayralaridan iborat mayda bezchalar, ayrim
hollarda esa har ikkala tomoni shakllangan qo’shimcha holatida ham uchraydi.
Buyrak usti bezininghar ikkala to’qimalari kelib chiqishi va funksiyasi jihatidan
bir-biridan farq qilada.Bezning mag’iz qavati –mezodermadan, po’stloq qavati
esa-ektodermadan hosil bo’ladiva faqat amfibiyalar darajasida bu qavatlar
birlashsdilar. Voyaga etgan odamlarda buyrak usti bezining po’stloq qavati 4
zonadan iborat:1.yuqorigi tugunli, 2.juda ensiz oraliq, 3.o’rta keng,bog’li,
4.pastki,to’rli zonalar.
20 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan davrda tugunli va to’rli zonalar kehgroq
bo’lsa, 50yo,shdan boshlab to’lig’ich yo’qolginuga qadar kichiklasha boradi va
ularning hisobiga bog’li zona kattalashali. Simpatik asab tizimi bo’ylab
tuxumdonlarda,qorin aortasining va uyqu arteriyalarining tormoqlanish joylarida,
y’ani karotidli bezlar joylashgan bo’ladi.Po’stloq qavat to’qimasi va xromaffinli
to’qimalar turli gormonlar ajratuvchi alohida-alohida ichki sekretsiya
bezlaridir.Buyraklar singari bu bezlar ham qon bilan juda yaxshi
ta’minlangan.Uning tomirlari orqali,1 gr.massasiga 1 daqiqa davomida 7 ml qon
oqib o’tadi.Mag’iz qavati esa simpatik quyosh tugunidan chiqadigan ichki simpatik
asab tolalari bilan juda yaxsh ta’minlangan.
Buyrak usti bezlarisiz hayot bo’lmaydi, y’ani ular olib tashlanganidan keyin
hayvon juda tez halok boladi:masalan,itlar 3-5 kundan ortiq yashamaydilar.Buyrak
usti bezlarini ko’chirib o’tkazishni o’zoq muddat imkoni topilmagan
bo’lsada,hozirda muvoffaqiyatli bajarish imkoniyati topildi.
Po'stloq qismining faoliyati. Buyrak usti bezining po'stloq qavati hujayralari
o'zining kelib chiqishi jihatidan epiteliy hujayralariga yaqin turadi. Ular uchta
zonani tashkil qiladi. Koptokchali tashqi zona, tutamli orqa zona va to’rli ichki
zona. Buyrak usti bezining po'slog'idan 46 tadan ortiqroq gormonlar - kortiko
steroidlar ajratib olingan, biroq ularning 8 tasigina faoldir. Buyrak usti bezlari
po’stloq qavati steroidlari besh guruhga bo'linadi:
1. Glyukokortikoidlar; 2. Mineralokortikoidlar; 3. Androgenlar; 4.
Estrogenlar; 5. Gestogenlar.
Bularning ichida glyukortikoidlar va mineralokortikoidlar katta ahamiyatga egadir.
Mineralokortikoidlar organizmda mineral moddalar almashinuvini, avvalo qondagi
natriy va kaliyning miqdorini rostlab turadi. Mineralokortikoidlarga
dezoksikortikosteron va aldesteron kiradi, bular orasida aldesteron faolroq va
asosiy mineralokortikoid gormon bo'lib hisoblanadi. Mineralokortikoidlar
koptokchali zonada ishlanib chiqiladi. Ular buyrak kanalchalarida natriy va xlor
reabsorbsiyasini kuchaytirib, kaliy reabsorbsiyasini susaytiradi. Oqibatda, qon,
limfa va to'qima oraliq suyuqliklarida osh tuzining miqdori ko'payib, kaliy
kamayadi. Shu sababli osmotik bosim oshib, organizmda tegishlicha tuz ushlanib
turadi, qon bosimi va boshqa xavfli muhim ko’rsatkichlar normal darajada
saqlanadi. Mineralokortikoidlarning yetishmasligi organizmdan ko'p miqdorda
natriy chiqib ketishiga, natijada bir qator muhim ko'rsatkichlarning o'zgarib
qolishiga sababchi bo'ladi. Shuning uchun ham buyrak usti, bezlarning po'stloq
qavati olib tashlangan hayvon bir necha kundan keyin o'lib qoladi. Bunday hayvon
organizmiga ko'p miqdorda natriy yoki mineralokortikoidlar yuborib turish yo'li
bilan hayotini saqlab turish mumkin.
Glyukortikoidlarga kortizon, girokortizon va kortiko-steronlar kiradi. Qo'y va
echkilar buyrak usti bezining po'stloq qavatida kortikosteron, yirik shoxli mollarda,
cho'chqalarda, it va mushuklarda esa bularning har ikkalasi sezilarli miqdorda hosil
bo'ladi.
Glyukortikoidlar tutamli zonada ishlanib chiqadi va oqsillarning uglevodlarga
aylanishini tezlashtiradi. Bu vaqtda oqsillarning parchalanishi tezlashib, jigarda
oksidlanish va dezaminlanish reaksiyalari kuchayadi. Oqibatda qonda qand, jigar
va muskullarda glikogen miqdori ko'payadi. Bu gormonlar uglevodlarni yog'ga
aylanishiga ham to'sqinlik qiladi. Ular ko'p miqdorda organizmga yuborilganda
muskul va biriktiruvchi to'qima oqsillari kamayib ketadi. Erkaklik jinsiy
gormonlari - androgenlar, urg'ochilik jinsiy gormonlari - istrogenlar va
gestrogenlar, jumladan, progesteron to'rli zonada hosil bo'ladi. Steroid
gormonlarning organizmda almashinuvi natijasida yuzaga kelib, qonda mavjud
boladigan 17 kortikosteroidlarning miqdorini aniqlash yo'li bilan buyrak usti
bezlari po'stloq qavatining funksional faolligi tog'risida fikr yuritiladi. Chunki
qondagi eozinofillar va limfotsitlar miqdori ham bir ko'rsatkich bo'lib, xizmat
qilishi mumkin, chunki glyukokortikoidlar bu hujayralar hosil bo'lishini
tormozlaydi. Buyrak usti bezlarining po'stloq qavatining gormonlari turli
kasalliklarga, har xil turdagi noqo’lay sharoitlarga (sovuq, issiq haroratga,
gipoksiya va hokazolarga) organizm chidamliligiini oshirishda katta rol o'ynaydi.
Buyrak usti bezlarining po’stloq qismidan gormonlar ajralishini gipotalamus va
gipofiz idora etib turadi. Gipofizi olib tashlangan hayvonlarda bu bezlarning
po'stloq qatlami (koptokchali zonasidan tashqari) atrofiyaga uchraydi. Gipofiz
buyrak usti bezlarining faoliyatini o'zi ishlab chiqaradigan adrenokortikotrop
gormon (AKTg) vositasi bilan idora qiladi. Gipofiz olib tashlangan hayvonlarga
shu gormonlardan belgili miqdorda yuborib turish yo'li bilan buyrak usti bezlari
po'stloq qavatining atrofiyaga uchrashiga yo'l qo'ymaslik mumkin. Bu gormon
organizmga surunkali ravishda yuborib turilsa, bez po'stloq qavatida sintez
jarayonlari kuchayib, gipertrofiyaga uchraydi. Bez to'qimasidagi xolesterin va
askorbin kislota kamayadi, chunki bular kortikosteroidlarning sintezlanishi uchun
sarflanadi. Demak, AKTgning organizmga takroriy yuborilishi qonda
kortikosteroidlar miqdorining ko'payishiga sabab bo'ladi. Ammo shuni qayd qilish
kerakki, AKTg koptokchali zonaning faoliyatini va undan ajraladigan aldosteron
gormoni sekretsiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etmaydi. Keyingi vaqtda
olingan ma'lumotlarga qaraganda, aldosteron sekretsiyasini epifizning
adrenoglomeronlotropin gormoni stimullab turadi. Bu gormonning organizmga
yuborilishi koptokchali zonada tegishli o'zgarishlar yuz berishiga va ko'p
miqdordagi aldosteronning qonga chiqarilishiga sabab bo'ladi. Ammo, epifiz olib
tashlanganda aldosteron sekretsiyasi qisqa vaqt ichida ko'payib ketsa-da,
keyinchalik o'z-o'zidan oldingi holatiga kelib qoladi. Bundan tashqari, qon, limfa
va to'qima oraliq suyuqliklaridagi kaliy va natriy miqdori aldosteron sekretsiyasiga
katta ta'sir ko'rsatadi. Agarda organizmning ichki muhitida kaliy natriydan ko'payib
ketsa, aldosteron ham qonga ko'proq chiqariladi. Organizmda kaliyning kamayishi
aldosteronning kam ajralishiga sabab bo'ladi. Bu gormon sekretsiyasi buyrak ham
ishtirok etadi degan ma'lumotlar bor. Buyrakda ajraladigan renin qonga o'tib, unda
tegishli oqsilni gipertenzinga aylantiradi. Bu modda o'z navbatida sezilarli
miqdorda aldosteron ishlanib chiqishiga sabab bo'ladi. Buyrak usti bezi po’stloq
qavati faoliyatining boshqarilishida miya po'stlog'i ham ishtirok etadi.
Mag'iz qatlamining faoliyati. Buyrak usti bezining mag'iz moddasidan
adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlab chiqariladi. Bu gormonlar organizmda
fenilalanin va tirozin aminokislotalaridan hosil bo'ladi. Adrenalinning ta'siri
simpatik nerv tolalari uchlaridan ajraladigan moddalarning fiziologik ta'siriga
o’xshashdir. Uning ta'siridan ko'z qorachig'i kengayadi, yurak qisqarishlari ritmi
tezlashadi, kuchi oshadi, muskullarning o'tkazuvchanligi va qo'zg'aluvchanligi
kuchayadi. Adrenalin mayda arteriya va arteriolalarni (yurak toj tomirlari va miya
tomirlaridan tashqari) toraytirib, qon bosimini oshiradi. Qon ivishini tezlashtiradi,
bronxalarni kengaytiradi, ichak peristalikasini tormozlab, muskullarini
bo'shashtiradi, sfinkterlar muskulini qo'zg'atib, sfinkterlarning yepilishiga olib
keladi, ishlayotgan skelet muskullarini qon bilan ta'minlanishini yaxshilaydi.
Adrenalin uglevodlar almashinuvida ishtirok etib, glikogenning parchalanib,
glyukozaga aylanishini va qonda qand miqdorini bir normada turishini ta'minlaydi,
markaziy asab tizimi qo'zg'aluvchanligini kuchaytiradi. Noradrenalin qon tomirlari
devorining muskullariga ta'sir etib, ularning qisqarishi, natijasida tomirlar yo'lining
torayishi va qon bosimining ko'tarilishiga sabab bo'ladi. Me'da - ichak devorlari, o't
pufagi muskullariga juda zaif ta'sir ko'rsatadi. Uglevodlar almashinuviga,
organizmdagi oksidlanish jarayonlariga tabiatan adrenalin bilan bir xil, ammo unga
qaraganda 4-8 baravar kuchsizroq ta'sir ko'rsatadi. Organizmda adrenalin va
noradrenalinni tegishli fermentlar - aminooksidaza va firozinoza juda qisqa vaqt
ichida parchalab yuboradi, shunga ko'ra bu gormonlarning ta'siri ko'p cho'zilmaydi.
Me'da osti bezining ichki sekretor faoliyati. Me'da osti bezining shira
ajraluvchi sekretor bo'lakchalari orasida o'zining chiqaruv yo'liga ega bo'lmagan
alohida hujayralar guruhi bor, ular shu hujayralarni birinchi marta tasvirlagan
olimning nomi bilan Langergans orolchalari deb ataladi. Bu orolchlar hujayralari
ichki sekretor funksiyani bajaradi, ya'ni bevosita qonga gormon ishlab chiqaradi.
Gistologik tekshirishlar natijasida bu orolchalarda har xil hujayralar borligi
aniqlandi va ular alfa, betta, gamma hujayralar deb ataladi. Shulardan beta
hujayralar hammasidan ko'p (itlarda qariyb 75 %) bo'ladi. Beta hujayralar insulin
(lotincha - Insula - orolcha) gormoni, alfa hujayralar esa glyukogon gormonini
ishlab chiqadi. Me'da osti bezining mayda chiqaruv yo'llaridagi epiteliy
hujayralaridan lipokain gormonini ishlab chiqadi, degan ma'lumotlar bor. Bez
ekstraktlaridan yana bir necha gormon - vagoxonin, kallekrin va sentropeninlar
topilgan.
4-rasm. Me’da osti bezi gormonlari va ularning vazifalari.
-alfa hujayralari glyukagon ishlab chiqaradi, -beta hujayralari insulin ishlab
chiqaradi.
Me'da osti bezining eng muhim gormoni insulindir. Mering va Minkovskiylar
me'da osti bezi olib tashlangan organizmda uglevodlar almashinuvini keskin
buzilishi oqibatida hayvon halok bo'lishini 1889 yildayoq kuzatganlar. Me'da osti
bezining ichki sekretor faoliyati har qancha tekshirilsa ham gormonni uzoq vaqt sof
holda ajratib bo'lmadi. Nihoyat, 1901 yilda Z.V.Sobolev me'da osti bezidan ichki
sekretsiya mahsuloti - insulin gormonini ajratib olish usulini taklif qildi. U tabiatan
oqsil bo'lgani uchun bezni qirqib olib, maydalaganda, bu gormon oqsilni
parchalovchi pankreatik shirasi ta'sirida parchalanib ketadi, deb o'yladi. Buning
oldini olish uchun Z.V.Sobolev ikkita usulni taklif qildi. Bu usullardan biri hayvon
me'da osti bezi olib tashlashdan 4-5 kun oldin bezning pankreatik shira
chiqaradigan yo'llarini mahkam bog'lab qo'yishdir. Bu vaqtda shira ajratuvchi
tashqi sekretor hujayralar degeneratsiyaga uchrab, nobud bo'ladi. Oqibatda
insulinni parchalaydigan shira qolmaydi. Ikkinchi usul embrionlar me'da osti
bezidan gormon ajratib olishdir. Chunki bu vaqtda ularda hali hazm shirasi ishlanib
chiqmaydigan bo'ladi. 1922 yilda F.Bonting va J.Best birinchi usul bilan insulin
olishga muyassar bo'ldi. Insulinning kimyoviy tuzilishini o'rganish natijasida uning
disulfid bog'lari bilan birikkan 17 xil aminokislotaning ikki zanjiridan iborat
polipeptid ekanligi aniqlandi.
Hozir insulin preparatlari kimyoviy sintez qilish yo'li bilan olingan. Insulin
organimzdan tashqarida sintezlangan birinchi oqsildir. Turli hayvonlarning me'da
osti bezidan olingan insulin o'z molekulasidagi aminokislotalarning joylashuviga
qarab bir-biridan farq qiladi. Insulinning molekulasida ruh (Zn) yo'q, lekin u ruhni
biriktira oladi, ayni vaqtda uning ta'siri uzayadi va kuchayadi. Organizmga
olloksan yuborilganda, beta hujayralarning faoliyati buzilib, insulin sintezlanmay
qoladi, bu esa diabet kasalligiga, ya'ni qandning organizmda o'zlashtirmay, siydik
bilan chiqib ketishiga sabab bo'ladi.
Insulin jigarda glyukozadan glikogen sintezlanishini tezlashtiradi va uning
parchalanishiga to'sqinlik qiladi. Demak, periferik qonda qandning bir muncha
kamayishiga sabab bo'ladi. Organizmda uglevodlar almashinuvining oraliq
mahsulotlaridan yog' va oqsillarning hosil bo'lishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Qondagi qand miqdori bilan me'da osti bezidan insulinni ajralishi o'rtasida
bog'lanish bor, boshqacha aytganda, qonda qand ko'paysa, insulin ham ko'proq
ishlanib chiqiladi va aksincha. Beta hujayarlar faoliyati kuchayganda yoki
organizmga anchagina miqdorda insulin yuborilganda qondagi glyukozaning
aksariyat qismi glikogenga aylanadi. Oqibatda unda qand odatdagidan ancha
kamayib ketadi, gipoglikemiya deb shunga aytiladi. Rosmana gipoglikemiya nerv
faoliyatiga ta'sir ko'rsatadi va hatto gipoglikemik shok paydo bo'lishi ham mumkin,
bunda markaziy asab tizimining qisqa muddatli qo'zg'alishidan keyin hayvon
darmoni qurib, juda bo'shashib qoladi, og'ir hollarda esa, talvasaga ham tushadi va
hokazo. Hayvon ancha och qolgan bo'lsa, oz miqdordagi insulin ham gipoglikemik
shok paydo qilishi mumkin. Venaga tegishli miqdorda glyukoza yuborish yo'li
bilan birga gipoglikemik shokka barham beriladi. Insulin etishmaganda esa qandli
deabet kasalligi kelib chiqadi. Bu kasallik giperglikemiya (qonda qand ko'payib
ketishi), glyukozuriya (siydik bilan qand chiqarilishi) va qonga keton
tangachalarining chiqarilishi bilan xarakterlanadi. Diabet og'ir hollarda koma
(komofoz holat) paydo bo'ladi. Komofoz holatining og'ir xili hayotga xavf
soladigan bo'ladi va organizmning faoliyatini anchagina izdan chiqishi bilan
tavsiflanadi, hayvon juda bo'shashib, reflekslari susayadi yoki yo'qolib ketadi,
nafasi siyraklashib yuzaki bo'lib qoladi, yurak qisqarishlari tezlashadi, yoki
sekinlashadi, tomirlar tonusi o'zgaradi va h.k. Hayvon organizmiga vaqtida insulin
yuborib, komofoz holat bartaraf etilmasa, hayvon o'lib qolishi ham mumkin.
Glyukogon me'da osti bezining alfa hujayralaridan sintezlanadigan gormondir. Bu
gormon ta'siridan jigarda glikogenining parchalanishi tezlashib, qondagi qand
miqdori ko'payadi. Shuning uchun ham bu gormon toza holda ajratib olinmasidan
ilgari giperglikemik omil deb yuritilardi. Qondagi qand miqdorini idora etishda
insulin bilan glyukogenning o'zaro ta'siri alohida o'rin egallaydi. Alfa
hujayralarining faoliyati kuchayishi natijasida qonda qand miqdori oshadi -
giperglikemiya kelib chiqadi. Shuning uchun bu hujayralar faoliyatining
kuchayishi ham qandli diabetga sababchi bo'lishi mumkin. Bu hujayralarning
faolligi sulfanilamid preparatlar va kobalt to’zlari ta'sirida kuchayadi.
Glyukogon sun'iy yo'l bilan sintezlangan. U kristall holdagi modda bo'lib,
kimyoviy tuzilishi jihatidan ancha farq qiladi.
Sipokain - polipeptid bo'lib, me'da osti bezining chiqaruv yo'lining epiteliysida
ishlanib chiqadi. U hazm shirasi fermentlar ta'sirida parchalanmaydi. Sipokain
fostafidlar (letsitin) hosil bo'lishini, ya'ni yog'larning sarflanishiga yordam beradi.
Jigarni yog' bosib ketishidan saqlaydi. Bu gormon etishmasa, jigarni yog' bosadi va
siydik bilan birgalikda ko'p miqdorda keton tanachalari chiqarila boshlaydi
(diabetning boshqa bir ko'rinishi).
Me'da osti bezi olib tashlangan itga muntazam insulin yuborib turilsa ham u
ikki - uch oy o'tgach, jigarini yog' bo’sishi natijasida halok bo'ladi. Ammo uning
organizmiga insulin yuborish bilan birga ovqatiga me'da osti bezi ekstrakti qo'shib
beriladigan bo'lsa, hayotini saqlab qolish mumkin. Bu tajribalar me'da osti bezidan
insulin va lipokain gormonlari haqiqatan ham alohida-alohida ishlanib chiqishidan
dalolat beradi. Lipokain gormoni o'z ta'sirini ko'rsatishi uchun boshqa lipotrop
(yog' to'planishiga to'sqinlik qiluvchi) moddalar ham bo'lishi kerak. Vagotonin -
oqsil modda bo'lib, kimyoviy tuzilishi haligacha aniqlanmagan. Bu gormon
organizmga yuborilganda adashgan nerv yadrolarining tonusi kuchayib,
parasimpatik nervning faolligi oshadi. Bundan tashqari, vagotonin qon hosil bo'lish
jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Sentropenin bu ham tarkibi aniqlanmagan oqsil moddadir. U nafas markazini
qo'zg'atib, bronxlarni kengaytiradi, gemoglobinga kislorod birikishini kuchaytiradi.
Me'da osti bezining ichki sekretor faoliyatini asab tizimi boshqarib boradi.
Jumladan, o'ng tomondagi adashgan nervning bu bez uchun sekretor nerv ekanligi
isbotlangan. Simpatik asab tizimi qo'zg'alganda insulin sekretsiyasi tormozlanadi.
Ko'p miqdorda glyukoza iste'mol qilishi va natijada qonda qand ko'payishi,
jismoniy ish, hayajonlanish (emotsiya) natijasida ro'y beradigan giperglikimiya
insulin sekretsiyasini kuchaytiradi. Me'da osti beziga bevosita ta'sir etmaydigan
gormonlar (buyrak osti bezining mag'iz va po'stloq qavati, qalqonsimon bez
gormonlari) uglevodlar almashinuvini o'zgartirib, insulin sekretsiyasini
kuchaytiradi.
Gipofiz
Odamlarda gipofiz yoki pastki miya ortig'i kalla suyagining turk egari
sohasida, miyaning asosida joylashgan va oyoqcha (voronka) yordamida miya
bilan tutashgan toq ichki sekretsiya bezidir. Bu bez ustki tomondan biriktiruvchi
to'qimadan iborat kapsula bilan o'ralgan va o’rtacha 0,4-1,1 gramm vaznga egadir.
Turli hayvonlarda gipofizning shakli va kattaligi turlichadir. Jumladan, sigirlarda
3.8, itlarda 2.1, qo'ylarda 0.4, cho'chqalarda 0.3 grammni, tulkilarda 50 mgni
tashkil qiladi va h.k. Gipofiz uch qismdan: oldingi (adenogipofiz), oraliq va orqa
qism (neyrogipofiz)lardan tashkil topgan.
5-rasm. Odam gipofizining tuzilishi.
1-adenogipofiz; 2-tuberal bo’lak; 3-orqa bo’lagi (neyrogipofiz); 4-oraliq
bo’lagi.
Gipofiz hujayralarining xili organizmning holati va boshqa ko'pgina omillar
ta'sirida o'zgarib turadi. Adenogipofiz ichki uyqu arteriyasidagi nerv tuguni va
gipotalamusdan nerv tolalarini oladi (innervatsiyalanadi). Ko'pgina fizologik
tekshirishlar adenogipofizga parasimpatik asab tizimi ham ta'sir qilib turishini
ko'rsatadi. Neyrogipofiz gipotalamusdan suprooptik - gipofizar, paraventrikulyar -
gipofizar, tubero - gipofizar yo'llar orqali nerv tolalari o'tadi.
Gipofiz organizmning turli funksiyalarini boshqarishda ishtirok etadi. Shu
bilan birga boshqa ichki sekretsiya bezlarining faoliyatiga ham o'zining tegishli
gormonlari bilan faol ta'sir ko'rsatadi.
Gipofiz gipotalamus bilan chambarchas bog'langan bo'lib, gipotalamo-
gipofizar tizimni tashkil qiladi. Gipofizning oldingi qismi - adenogipofiz uch xil:
atsidofil, bazofil va xromotob bez hujayralari borligi gistolik tekshirishlarda
topilgan. Atsidofil va bazofil hujayrlar xromotob hujayralardan hosil bo'ladi.
Bazofil hujayralar adrenokortikotrop, tireotrop, pankreotrop, paratireotrop va
gonadotrop (tuxumdon follikulasini stimullovchi va lyuteinlashtiruvchi)
gormonlarni ishlab chiqaradi.
Atsidofil hujayralardan somatrop yoki o’sish gormoni va prolaktin ishlab
chiqadi. Oldingi bo'lakning hamma gormonlari oqsil moddalar bo'lib,
organizmning o'sib rivojlanishini, bir qator ichki sekretsiya bezlarining faoliyatini,
moddalar almashinuvi va ko'payish jarayonlarini, boshqarishda ishtirok etadi.
Gipofizning oldingi qismi olinib tashlanganida, kasallik tufayli faoliyati
susayganida, organizmda turli xil o'zgarishlar kuzatiladi. Jumladan, yosh hayvonlar
o'smay qoladi, jinsiy bezlarining rivojlanishi susayadi, organizmning umumiy
quvvati pasayib, moddalar almashinuvi buziladi, junlarning o'sishi susayadi.
Gipofizning oldingi qismi gipotalamus bilan chambarchas bog'liqdir.
Gipotalamusni elektr toki bilan ta'sirlanishi gipofizni oldingi qismidan ko'proq
gormonlar qonga chiqishiga sabab bo'ladi. Tiroksin gormonining ko'proq ishlanib,
qonga chiqarilishi esa gipofiz oldingi qismi gormonlarining ajralishiga to'sqinlik
qiladi. Bu gormonlarning ajralishiga yorug'lik ijobiy ta'sir ko'rsatadi, degan
ma'lumotlar bor. Masalan, parandalarni kechasi yaxshi yoritilgan xonaga kiritish
gipofizdan gonadotrop gormonlar ko'proq ajralib qoniga o'tishiga sabab bo'ladi.
Hayvonlarni oziqlantirish, parvarish qilsih sharoiti ham gipofizning faoliyatiga faol
ta'sir ko'rsatadi. Gipofiz oldingi qismidan ajralib chiqadigan gormonlardan
somatotrop gormon yoki somatotropin (STg) o’sish va rivojlansih jarayonlarining
boshqarilishida ishtirok etadi. Bu gormon sut emuzuvchi hayvonlarning
gipofizidan toza holatda ajratib olingan. Turli hayvonlarning somatotrop gormoni
tarkibidagi aminokislotalar soni, molekulalari og'irligi va boshqa bir qator fizik-
kimyoviy xususiyatlari jihatidan bir-biridan farq qiladi. Somatotrop gormon
hujayralar bo'linishi, oqsillarning sintezlanishini tezlashtiradi va organizm
to'qimasining miqdor jihatdan ko'payishiga sabab bo'ladi. Uning ta'sirida azot
muvozanati musbat bo'lib qoladi. Energetik ehtiyoj o’sishi tufayli yog' kamayadi.
Bu gormon tog'ay to'qimasiga, ayniqsa, kuchli ta'sir ko'rsatadi, naysimon
suyaklarning uzunasiga o’sishi va suyaklashishini tezlashtiradi. Somatotrop
gormon uglevod almashinuviga, ichki organlarning o’sib rivojlanishiga faol ta'sir
ko'rsatadi. Bu gormon yosh hayvonlarda (41-rasm) zo'r berib ishlanib chiqadigan
bo'lsa, gigantizm avj oladi, ya'ni hayvon juda o'sib, odatdagisidan katta bo'lib
ketadi. Katta yoshdagi hayvonlarda esa somatotropinning ortiqcha ishlanishi
akromegliya kasalligiga sabab bo'ladi.
Adrenokortikotrop gormon (AKTG).Bu gormon buyrak usti bezi po'stloq
qavati funksiyasining boshqarilishida ishtirok etadi va tuzilishiga ta'sir ko'rsatadi.
Gipofiz olib tashlansa, buyrak usti bezining po'stloq qavati, ayniqsa, to'rli va
tutamli zonalari atrofiyaga uchraydi. Biroq shunda ham buyrak usti bezining
po'stloq qavati organizm uchun yetarli miqdorda gormon ishlab chiqarishi mumkin.
Organizmga kortikosteroidlar yuborilganda qanday o'zgarishlar kuzatilsa, AKTG
yuborilganda ham xuddi shunga o’xshash o'zgarishlar kuzatiladi. AKTG
yuborilganida periferik qonda eozinofil va limfotsitlar sonining kamayib ketishi bu
gormon ta'sirining xaraterli tomonidir. Bundan tashqari, AKTG buyrak
kanalchalaridan natriy xlor ionlari va suvning reabsorbsiyasiga, shuningdek, yog'
va aminokislotalardan qandning hosil bo'lishiga, organizmdan azotning
chiqarilishiga ta'sir ko'rsatadi.
Tireotrop gormon (TTG).Bu gormon qalqonsimon bezning faoliyatini
kuchaytiradi. Shuning uchun ham gipofizi olib tashlangan organizmning
qalqonsimon bezi atrofiyalanib, yodni almashtirishi va tiroksinni sintezlashi
susayadi. Organizmga tireotrop gormon yuborilganda xuddi tiroksin