EZOP MASALLARI
TULKI VA ECHKI
Baxtsiz tasodif tufayli bir Tulki o‘raga tushib ketibdi. U hech
o‘radan chiqishning ilojini qilolmabdi. Bir payt tepadan Echki o‘tib
qolibdi. U Tulkidan pastda nima qilayotganini so‘rabdi.
— Ey, hali eshitmadingmi? — debdi Tulki. — Yaqinda qurg‘oqchilik
bo‘larmish, shuning uchun men bu yerga suv borligiga ishonch hosil
qilish uchun tushdim. Balki sen ham tusharsan?
Echkiga bu maslahat ma’qul kelib, pastga sakrabdi. Ammo Tulki tezlik
bilan uning orqasiga chiqib, oyoqlarini uning uzun shoxlariga qo‘yibdi-da,
o‘radan chiqib olibdi.
— Xayr, do‘stim, — debdi Tulki, — keyingi safar esingda tursin: Hech
qachon o‘zi mushkul ahvolda qolganning maslahatiga quloq solma.
BALIQCHI VA BALIQCHA
Baliqchi kun bo‘yi baliq tutishga harakat qilib faqat kichkinagina
Baliqchani tutibdi.
— Yolvoraman, meni qo‘yib yubor, — debdi Baliqcha. — Men hozir
yeyishing uchun judayam kichkinalik qilaman. Agar hozir meni daryoga
qo‘yib yuborsang, men tezda o‘saman, keyin sen mendan ajoyib¬ taom
tayyorlaysan.
— Yo‘q, yo‘q, Baliqcham, — debdi Baliqchi, — men seni hozir yeyman,
bundan keyin seni tutolmasligim mumkin.
Qissadan hissa: Kelajakdagi nasiya katta narsadan ko‘ra, qo‘lingdagi
naqd kichik narsa afzal.
SICHQONLAR KENGASHI
Mushukning doimiy xavf solishidan tushkunlikka tushgan
sichqonlar muammolarini hal qilish uchun kengash chaqirishibdi. Ular
birin-ketin bildirilgan rejalarni tahlil qilib, ularni rad eta berishibdi. Oxiri
bir yosh Sichqon mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroq osib qo‘yishni taklif
qilibdi.
— Qanday ajoyib fikr, — deb qichqi¬rishibdi ular, — bu Mushuk
kelganda qochish uchun juda yaxshi ogohlantirish!
Ular bu taklifni zavq-shavq va olqish¬lar bilan qabul qilishibdi. Shunda
keksa bir Cichqon o‘rnidan turib:
— Bu rostdan ham juda yaxshi maslahat va, shubhasiz, bizning
muammomizni hal qiladi, — debdi. — Biroq Mushukning bo‘yniga qaysi
birimiz qo‘ng‘iroqni ilamiz?!
Qissadan hissa: Taklif qilish bosh¬qa, uni bajarish boshqa.
IKKI DO‘ST VA AYIQ
Ikki do‘st o‘rmonda aylanib yurganlarida to‘satdan ayiqqa duch
kelib qolishibdi. Ulardan birinchisi shoshib daraxtga chiqib olibdi va
ayiqning changalidan qutulib qolibdi. Ikkinchisi esa, hech narsa qo‘lidan
kelmasligini bilib, o‘zini o‘lganga solib yotib olibdi.
Ayiq yerda yotgan kishining oldiga kelib, qulog‘ini hidlabdi. Hatto uni
turtib ham ko‘ribdi. Kishini o‘lgan deb o‘ylab, unga tegmasdan ketib
qolibdi.
Ayiq ketgach, haligi kishining do‘sti daraxtdan tushib kelib:
— Do‘stim, ayiq qulog‘ingga nima deb shivirladi? — deb so‘rabdi.
— U menga: qiyinchilik paytida tashlab ketadigan do‘st bilan sayohatga
chiqishni yaxshilab o‘ylab ko‘rmabsan-da, dedi, xolos, — deb javob
beribdi do‘sti.
Qissadan hissa: Do‘stlik qiyinchilikda sinaladi.
TOVUQ BILAN TULKI
Baland daraxt shoxiga qo‘nib, qag‘-qag‘lab yotgan Tovuqning
tovushi butun o‘rmonga taralib, ochlikdan sillasi qurigan Tulkining
e’tiborini tortibdi. Tovuqning baland shoxda turganini ko‘rgan Tulki uni
hiyla bilan pastga tushirib, yemoqchi bo‘libdi.
— Kechirasan, qadrdonim Tovuq, — deb gap boshlabdi u, — sen
yirtqichlar bilan qushlar, umuman, o‘rmonimizdagi barcha jonzotlar
o‘rtasida tuzilgan tinchlik bitimi haqida hali eshitmadingmi? Bundan
keyin biz bir-birimizni ovlamaymiz, aldamaymiz va o‘g‘irlamaymiz,
balki tinchlikda, hamjihatlikda yashaymiz. Pastga tush, bu haqda
yaxshilab gaplashib olamiz.
Tulkining mug‘ombirligini yaxshi bilgan Tovuq hech narsa demay, xuddi
bir narsaga tikilgandek yo‘lga qarab turaveribdi.
— Nimaga buncha tikilib qolding? — deb so‘rabdi Tulki.
— Men bir to‘da itlarni ko‘rayapman, — debdi Tovuq, — adashmasam,
ular biz tomonga kelishayapti, janob Tulki.
— Shunaqami, unda men ketishim kerak, — debdi Tulki.
— Iltimos, janob Tulki, ketmay turing, — debdi Tovuq, — men endi
tushmoqchi bo‘lib turuvdim. Keling, itlarni kutib turamiz, ular kelgandan
so‘ng tinchlik bitimini birga muhokama qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q, — debdi Tulki, — men ketishim kerak, itlar hali tinchlik
bitimi haqida eshitmagan bo‘lishlari mumkin.
Qissadan hissa: To‘satdan taklif qilingan do‘stlikdan ehtiyot bo‘ling.
KO‘RSHAPALAK, QUSHLAR VA YIRTQICHLAR
Qushlar bilan yirtqichlar o‘rtasida katta nizo chiqibdi. Ikkala tomon
ham o‘ziga qo‘shin yig‘a boshlabdi. Ko‘rshapalak qaysi tarafga
qo‘shilishni bilmay, ikkilanib qolibdi. U turgan shox oldidan o‘tib
ketayotgan qushlar:
— Yur, bizlar bilan, — deyishibdi.
Ammo Ko‘rshapalak:
— Men yirtqichman, — debdi.
Keyinroq ini tagidan o‘tib ketayotgan yirtqichlar tepaga qarab shunday
deyishibdi:
— Yur, bizga qo‘shil.
Lekin u: — Men qushman, — debdi.
Xayriyatki, oxirgi lahzalarda tinchlik o‘rnatilibdi, hech qanday urush
bo‘lmabdi. Shunda Ko‘rshapalak qushlarning oldiga borib ulardan o‘zini
xursandchiliklariga sherik qilishlarini so‘rabdi. Ammo hamma qushlar
undan yuz o‘girib, uchib ketishibdi. Shundan keyin¬ Ko‘rshapalak
yirtqichlarning oldiga boribdi. Biroq tezda u yerdan ham chekinishga
majbur bo‘libdi, zero, yirt¬qichlar uni burda-burda qilishga shay
turardilar.
Shunda Ko‘rshapalak o‘ziga shunday dedi:
— Fazilati bo‘lmaganning do‘sti ham bo‘lmas ekan.
QAFASDAGI QUSH VA KO‘RSHAPALAK
Sayroqi Qushni qafasga qamab oyna tashqarisiga osib qo‘yishgandi.
U faqat tunda, hamma qushlar uyquga ketgandagina sayrardi. Bir kuni
kechasi Ko‘rshapalak kelib qafas panjarasiga chirmashib olibdi. U
Qushdan nega kun bo‘yi tinch o‘tirib, kechasi sayrashini so‘rabdi.
— Bunday qilishimning o‘ziga xos sababi bor, — debdi Qush. — Bir
kuni kunduzi sayrayotsam ovchi ovozimga maftun bo‘lib qoldi va to‘rini
qo‘yib meni tutib oldi. Shundan beri faqat tunlari sayrayman.
Ko‘rshapalak shunday debdi:
— Lekin hozir qafasdaligingda bunday qilishing foydasiz-ku. Agar buni
sen qo‘lga tushishingdan oldin qilganingda edi, hozir ozod yurgan
bo‘larding.
Qissadan hissa: Falokatdan keyin¬ qilinadigan ehtiyotkorlik foydasizdir.
MUSHUK — KELINCHAK
Kunlardan bir kuni Olimp xudolari tirik mavjudotlarning tabiatini
o‘zgartirish mumkin yoki mumkin emasligi ustida tortishib qolishibdi.
Yupiter:
— O‘zgartirsa bo‘ladi, — debdi. Ammo Venera bunga qarshi chiqibdi.
Muammoni hal qilish maqsadida Yupiter mushukni qiz bolaga aylantirib
qo‘yibdi va uni yosh bir yigitga turmushga beribdi. Risoladagidek to‘y
bo‘libdi, kelin-kuyov to‘y bazmida o‘tirishibdi.
— Qara, — debdi Yupiter Veneraga, — kelin o‘zini qanday munosib
tutayapti. Kim ham uni kecha mushuk edi, deb ayta oladi? Shubhasiz,
uning tabiati o‘zgardi.
— Bir oz kut, — debdi Venera va to‘yxonaga sichqonni qo‘yib yuboribdi.
Buni ko‘rgan Kelin joyidan sakrab turibdi va sichqon ustiga o‘zini otibdi.
— Ana, ko‘rdingmi? — debdi Venera.
Qissadan hissa: Qon bilan kirgan — jon bilan chiqadi.
ITLAR VA TULKI
Sher terisini topib olgan itlar uni tishlari bilan bo‘laklarga bo‘la
boshlashibdi. Buni ko‘rgan Tulki shunday debdi:
— Agar bu Sher tirik bo‘lganda edi, sizlar uning panjasi tishlaringizdan
qanchalar kuchli ekanligiga amin bo‘lar edingiz.
Qissadan hissa: Yotgan odamni tepish oson.
BAQA VA BUQA
— Ota, — debdi kichkina Baqa ko‘lmakda turgan katta Baqaga, —
men shunaqangi bir qo‘rqinchli maxluqni ko‘rdimki! U tog‘dek ulkan edi.
Uning boshida shoxi, uzun dumi, tuyoqlari bor edi.
— Bolam, — debdi qari Baqa, — bu bor-yo‘g‘i chorvador Oqyigitning
Buqasi, biroq sen aytgandek katta emas. Bo‘yi mendan ozgina baland
bo‘lishi mumkin. Men ham o‘zimni shunaqa katta qilib ko‘rsatishim
mumkin. Mana, qarab tur. Shunday deb katta Baqa havoni yutib o‘z
ichiga puflabdi, puflabdi.
— U shunaqa kattamidi? — deb so‘rabdi u o‘g‘lidan.
— Ancha kattaroq edi, — deb takrorlabdi yosh Baqa.
Qari Baqa yana o‘z ichiga puflabdi va Baqachadan: — Buqa shunchalik
kattamidi? — deb so‘rabdi.
— Kattaroq edi, dada, kattaroq, — deb javob beribdi Baqacha. Shunday
qilib Baqa chuqur nafas olib, ichiga puflayveribdi, shishgandan shishib
ketaveribdi.
— Ishonchim komilki, Buqa bundan katta bo‘lgan emas, — debdi bir
mahal shishib ketgan Baqa va shu payt paq etib yorilib ketibdi.
Qissadan hissa: Ortiqcha chiranish belni sindiradi.
ECHKI VA PODACHI
Podachi adashib qolgan Echkini podaga qaytarib kelish uchun rosa
qidiribdi. U hushtak chalibdi, surnay chalibdi. Ammo bularning foydasi
bo‘lmabdi: orqada qolib ketgan Echki bu tovushlarga ahamiyat bermabdi.
Oxiri, podachi unga tosh otibdi, Echkining shoxi sinibdi. Shunda podachi
Echkidan bu haqda xo‘jayiniga aytmaslikni iltimos qilibdi.
Echki shunday deb javob beribdi:
— Ey, esi yo‘q odam, men indamaganim bilan shoxlarim hammasini
aytib qo‘yadi-ku!
Qissadan hissa: Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.
QUYONLAR VA TULKILAR
Quyonlar burgutlar bilan urush boshlashibdi. Urush chog‘ida ular
tulkilardan yordam so‘rashibdi.
Shunda tulkilar ularga bunday deb javob berishibdi:
— Agar biz sizlarning kimligingizni, kimlar bilan urushayotganingizni
bilmaganimizda edi, sizlarga bajonidil yordam bergan bo‘lardik...
Qissadan hissa: Biror narsaga rozilik bildirishdan avval uning oqibatini
o‘yla.
EMAN VA O‘TINCHI
O‘tinchi Emanni qulatib, uni sarjinlabdi. Tanasini bo‘laklash uchun
Emanning o‘z shoxlaridan pona yasabdi.
Eman xo‘rsinib, shunday debdi:
— Men ildizimga tushayotgan boltaning zarbiga chidayman, ammo o‘z
shoxlarimdan
qilingan
pona
bilan
bo‘laklarga
bo‘linishimga
chidol¬mayman.
Qissadan hissa: Eng chidash qiyin bo‘lgan narsa — o‘zimizdan kelib
chiqqan kulfatdir.
TULKI BILAN MUSHUK
Tulki Mushukka o‘zining dushmandan qochish uchun qo‘llaydigan
hiylalari haqida maqtanayotgan edi.
— Menda dushmandan qochishning yuz xil usuli to‘la hiylaqopim bor, —
dedi u.
— Menda faqat bittagina, — dedi Mushuk. — Lekin men shuning o‘zi
bilan ham hamma narsaning uddasidan chiqaman.
Shu payt ular o‘zlari tomon kelayotgan bir to‘da tozining ovozini eshitib
qolishibdi. Mushuk darrov daraxtga chiqib butoqlar orasiga yashirinib
olibdi.
— Bu men bilgan usul. Sen nima qilmoqchisan? — debdi Mushuk.
Tulki avval birinchi yo‘lni o‘ylabdi, keyin boshqasini. Shunday qilib to u
o‘ylab bo‘lguncha tozilar yetib kelib uni ushlab olishibdi-yu, ovchilar uni
o‘ldirishibdi.
Buni kuzatib turgan Mushuk shunday debdi:
— Bitta xavfsiz, ammo sinalgan yo‘l yuzta ishonib bo‘lmaydigan usuldan
afzalroqdir.
YOVVOYI ECHKILAR BILAN CHO'PON
Cho'pon echkilarini yaylovga qo'yib yubordi. Bir payt qarasa,
echkilari yovvoyi echkilar bilan o'tlashib yuribdi: xursand bo'ldi-yu kech
kirgach, hammasini o'zining g'origa qamadi. Ertasiga havo buzuqligi
tufayli echkilarni odatdagidek yaylovga olib chiqolmadi: g'ordayoq
boqishiga to'g'ri keldi. Cho'pon o'zining echkilariga nomi-gagina —
o'lmagunday yem solgani holda, qo'lga o'rgatib olish niyatida yovvoyi
echkilarga mo'l-ko’l qilib to'kdi. Ertasi, havo yurishib ketgach, echkilar
tog'ga qarab ura qochdilar. Cho'pon ularni yaxshilikni bilmaydigan
nonko'rlar, deya koyishga tushdi: «Axir men sizlarni o'zimning
echkilarimdan-da yaxshiroq boqmadimmi?» Yovvoyi echkilar aytdilar:
«Shuning uchun ham sendan nariroq yurishimiz ma'qul ko'rindi-da. Bizlar
kechagina
senga
yo’liqqandik,
sen
esa
bizni
o'zingning
eski
echkilaringdan-da yaxshiroq boqding. Demak, ertaga yana yangilar kelib
qo'shilsa, unda ularni bizlardan afzalroq ko'rarkansan-da?!»
Alqissa, yangi do'stlarni eskilardan afzal tutuvchilar bilan do'stlashishga
shoshilmang, zero yana yangi do'stlar orttirganda siz ham eskilardan
bo'lib qolasiz.
KIYIK BILAN TOKZOR
Ovchilar ta'qibidan qochgan kiyik tokzorga yashirindi. Ovchilar
payqamay o'tib ketishgach, endi xavfdan qutuldim, deb xayolladi-yu tok
barglarini mo'tab yeyishga tutindi. Ittifoqo shu payt ortiga o'girilgan
ovchi kiyikni payqab qoldi: darhol o'q uzib, jonivorni yarador qildi.
O'limi yaqinlashganini sezgan kiyik afsus-nadomatda ingrandi: «Qilmish
qidirmish: tok meni qutqargandi, men esa uni nobud qilishga
qasdlandim».
Aiqissa, kimki o'ziga yaxshiiik qilganlarga yomonlik sog'insa, u albatta
Xudoning qahriga yo'liqqay.
BO'RI BILAN LAYLAK
Bo'rining bo'g'ziga suyak tiqilib qoldi-yu joni ko'ziga ko'rinib,
yordam istab yugurgilab qoldi. Baxtini qarangki, laylakka duch keldi:
suyakni chiqarib tashlasang, mukofotlayman, deya va'dalar berib yordam
so'radi. Laylak tumshug'i-yu boshini bo'rining bo'g'zigacha tiqib, arang
suyakni chiqarib oldi-da, va'da qilingan mukofotni talab qildi. Bo'ri bunga
javoban dedi: «Ha, azizim, bo'rining og'zidan boshing omon chiqqani
kammi, yana mukofot deysan-a?!»
Alqissa, ayrim badfe'l kishilar yomonlik qilmaganlarining o'ziniyoq
yaxshilik qilganga yo'yadilar.
ESHAK BILAN BAQALAR
Ustiga o'tin ortilgan eshak botqoqdan o'tayotgandi, toyib ketib yiqildi.
Eshak o'rnidan turishga harchand urinmasin — bo'lmadi: oh-voh qilib
faryod cheka boshladi. Botqoqda yashovchi baqalar uning holini ko'rib
dedilar: «Birodar, botqoqqa endigina yiqilganing holda shunchalar nola
chekasan, bizga o'xshab umring shu yerda o'tganida nima qilarding?!»
Alqissa, ayrim kishilar kichkinagina qiyinchilik oldida ham esankirab,
ruhan cho'kib qoladilar, holbuki, boshqalar bundan o'n chandon og'ir
mashaqqatlarni-da sabr-la yengadilar.
USTIGA TUZ YUKLANGAN ESHAK
Ustiga tuz ortilgan eshak daryo kechuvidan o'tayotib toyib ketdi — suvga
yiqildi: tuz suvda erib ketib, yuk ancha yengillashdi, eshak benihoya
sevindi. Keyingi gal o'sha joydan o'tayotib, eshak: «Suvga yiqilsam
yukim yengillaydi, keyin turib ketaveraman», deb o'yladi-da, atayin
yiqildi. Ittifoqo, bu gal eshakka yuvg'ich ortilgan edi: yuvg'ich suvni
shimib olib, yuki og'irlashib ketgan eshak eplanolmay qoldi-yu suvga
cho'kib ketdi.
Alqissa, ayrimlar ishlatgan hiyla-nayrang ularning o'z boshiga yetarkan.
BURGUT, ZAG'CHA VA CHO'PON
Yuksak qoyadan shiddat bilan qo'zg'algan burgut suruvdagi qo'zichoqni
ildi-yu ketdi. Zag'cha buni kuzatib turgandi, hasaddan ichi kuyib, o'zining
ham shunday qilgisi kelib qoldi. Zag'cha jon-jahdi bilan chinqirganicha
borib qo'chqorga tashlandi: panjalari qalin junga o'ralashib qoldi-yu,
uchishga ham, qochishga ham imkoni bo'lmay qoldi. Uning jon xalfida
pitirlayotganini ko'rgan cho'pon gap nimadaligini fahmladi-da, darhol
tutib oldi: qanotlarini qirqib, o'zini ermak uchun bolalariga eltdi. Bolalari
chuvillashib: «Bu qanday qush?» - deya so'raganlarida, cho'pon aytdi:
«Men-ku buning zag'chaligini bilaman-a, biroq uning o'zi o'zini burgut
hisoblaydi-da?!»
Alqissa, o'zingdan zo'rroqlar bilan bellashaman, deb chiranganing bilan
hech ish chiqarolmaysan, kulgi bo'lganing qoladi, xolos.
Konfutsiy saboqlari
BEBAHO SAXOVAT
Qadim zamonda sodda, rahmdil bir dehqon bo‘lgan ekan.
Bir kuni u yer haydayotgan chog‘ omochi qandaydir qattiq narsaga
tekkanligini sezibdi. Dehqon darhol ketmonini qo‘lga olib yer kavlashga
tushibdi, nihoyat bir bo‘lak toshga o‘xshash narsani qazib olibdi.
Topildiqni qo‘liga olib quyosh nuri ostida uni tomosha qilarkan, dehqon
birdan hayratlanib ketibdi. Chunki ilkidagi oddiy tosh emas, balki bir
bo‘lak sayqal berilmagan nefrit toshi ekan.
Dehqon topildiqni hokimga berish lozim deya qarorga keladiyu o‘z
viloyatining hokimi Zi Xan janoblarining oldiga tashrif buyuribdi. U
nefrit toshini qanday qilib topib olganligini Zi Xan janoblariga aytib
beribdi.
"Siz bu viloyatning hokimisiz, iltimos, bu nefrit toshini o‘zingizda saqlab
qo‘ying!" debdi hurmat bilan.
Zi Xan qo‘l silkibdi:
"Yo‘q, men qanday qilib bu bebaho toshni o‘zimda saqlab qolaman?
Garchand egasi yo‘q buyum bo‘lsa ham, siz o‘zingizda olib qoling!"
"Garchand egasi yo‘q bo‘lsa ham, barchasini menga berib yubormoqdasiz,
lekin men ham buni sizga taqdim etishni ma’qul ko‘raman, iltimos, buni
albatta o‘zingizda saqlab qoling!" debdi dehqon norizo.
Zi Xan janoblari samimiy kulibdi.
"Bilasizmi, sizningcha bu bir bo‘lak qimmatbaho nefrit toshi hisoblanadi,
menimcha esa, sizning bu toshingizni o‘zimda saqlab qolmasamgina
haqiqatan ham qimmatbaho hisoblanadi".
Sodda dehqon Zi Xan janoblarining gapini tushunmabdi. Keyinchalik Zi
Xan janoblarining harakatlari xalq orasida ovoza bo‘lib, odamlar orasida
rivoyatga aylanib ketgan ekan.
Bu voqeaga asoslanib Sun davlatining qariyalari tez-tez yoshlarga pand-
nasihat qiladigan bo‘lishibdi.
Konfutsiy esa o‘z shogirdlariga quyidagicha o‘git bergan: