FAN BILISHNING MAXSUS SHAKLI (Analitik va sintetik bilim)
Yuklangan vaqt
2024-07-21
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
21
Faytl hajmi
142,0 KB
FAN BILISHNING MAXSUS SHAKLI
Reja:
2.1.Fanlar tasnifiga oid qarashlar tarixi
2.2. Dinamik va statik qonuniyatlar
2.3. Ilmiylikning mantiqiy mezoni
2.3. Analitik va sintetik bilim
2.1.Fanlar tasnifiga oid qarashlar tarixi.
Fanlar tasnifi to‘g‘risida so‘z yuritganda F.Bekon (1561-1626) o‘zining
«Fanlar fazilati va ularni o‘stirish haqida»1 deb nomlangan mashhur asarida ilmiy
bilimlarning keng manzarasini yaratgan, fanlarning ahil oilasiga poeziyani ham
kiritgan. Bekon taklif qilgan fanlar tasnifi zamirida inson jonining asosiy
qobiliyatlari: xotira, tasavvur va tafakkur yotadi. Shu sababli tasnif quyidagi
ko‘rinish kasb etadi: Fanlar tasnifida xotiraga tarix; tasavvurga – poeziya;
tafakkurga – falsafa mos keladi.
Tasniflash - oddiy kuzatishdan kelib chiqqan bilishning o‘ziga xos usuli. Biroq u
hodisalarning yangi guruhlarini aniqlash yo‘lida bilimning mazmunan boyishiga
amalda erishish imkonini beradi.
F.Bekon poeziyaga borliqni u qanday bo‘lsa, shunday emas, balki insonning ongi
va emotsiyalariga qarab tasvirlash vositasi sifatida yondashadi. O‘z navbatida, tarix
fan hisoblanadi, chunki u amalda yuz bergan ayrim dalillar va voqealarni
tavsiflashga da’vogardir. Bekon unga «tabiiy» degan sifatni tirkaydi. Fuqaroviy
tarix inson borlig‘i hodisalarini tavsiflashi lozim. Falsafa umumiy bilish bo‘lib, u
ham bir necha predmetlarga bo‘linadi.
1 Қаранг: Бэкон Ф. Новый органон // Сочинения: В 2-х т. – М., 1978. Т. 2.
Gyote davri (XVIII asr oxiri) tabiatshunosligida tabiatning barcha ob’ektlari
bir-biri bilan oddiy moddalar, elementlar va minerallardan o‘simliklar va
hayvonlar orqali insonga keluvchi ulkan zanjir vositasida bog‘langan deb
hisoblangan. Gyote dunyoni shakllarning uzluksiz «metamorfozalari» sifatida
tasvirlagan. Tabiat tuzilishining sifat jihatidan har xil bosqichlari haqidagi
tasavvurlarni ob’ektiv idealistlar Shelling va Gegel rivojlantirdi. Shelling o‘z
oldiga oliy maqsad sari tabiat rivojlanishining barcha bosqichlarini izchil yoritish,
ya’ni tabiatni vazifasi ongni yaratishdan iborat bo‘lgan maqsadga muvofiq yaxlitlik
sifatida o‘rganish vazifasini qo‘ydi. Gegel qayd etgan tabiat bosqichlari «dunyo
ruhi» ijobiy faoliyatining rivojlanishi va tajassumi sifatida talqin qilinuvchi
evolyusiyaning turli bosqichlari bilan bog‘landi. Gegelda u mutlaq g‘oya nomini
oldi. Gegel mexanik hodisalar kimyoviy hodisalarga (ximizm) va so‘ngra tabiiy
hayot (organizm) va amaliyotga o‘tishi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Anri de Sen-Simon (1760-1825) ta’limoti fanlar tasnifining shakllanish
yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi. O‘z davri fanining rivojlanish natijalarini
tahlil qilar ekan, Sen-Simon aql o‘z fikrlarini kuzatiluvchi va muhokama qilinuvchi
dalillarda asoslashga harakat qilishini qayd etadi. U (aql) empirizmning pozitiv
poydevorida astronomiya va fizikani o‘zgartirdi. Ayrim fanlar umumiy fan –
falsafaning elementlaridir. Ayrim fanlar pozitiv xususiyat kasb etgach, falsafa
yarim pozitiv bo‘lib qoldi, barcha ayrim fanlar mutlaqo pozitiv xususiyat kasb
etgach, falsafa pozitiv fanga aylanadi. Bu fiziologiya va psixologiya kuzatiluvchi
va muhokama qilinuvchi dalillarga asoslana boshlagach yuz beradi, chunki yo
astronomik, yo kimyoviy, yo fiziologik, yo psixologik bo‘lmagan hodisalar va
jarayonlar mavjud emas. Sen-Simon o‘z naturfalsafasi doirasida tabiat va
jamiyatning barcha hodisalarini boshqaruvchi universal qonunlarni izlab topish,
tabiiy ilmiy fanlarning usullarini ijtimoiy hodisalar sohasiga ko‘chirishga harakat
qildi. U tabiiy dunyoni yumshoq materiyaga tenglashtirdi va insonni uyushqoq
yumshoq jism sifatida tasavvur qildi. Tabiat va jamiyat rivojlanishini qattiq va
yumshoq materiyaning doimiy kurashi sifatida talqin qilib, umumiyning butun
bilan rang-barang aloqalarini qayd etdi1.
Ogyust Kont insoniyat intellektual evolyusiyasining uch bosqichi qonunini
fanlar tasnifini yaratish uchun asos qilib olishni taklif qiladi. Uning fikricha, tasnif
ikki asosiy shart – dogmatik va tarixiy shartlarni qanoatlantirishi lozim. Birinchi
shart fanlarni ularning izchil bog‘lanishiga qarab shunday joylashtirishdan iboratki,
har biri o‘zidan oldingi fanga tayansin va keyingi fanga zamin hozirlasin. Ikkinchi
shart fanlarni ularning amalda rivojlanish jarayoniga mos ravishda, eng qadimgi
fanlardan yangiroq fanlarga qarab joylashtirishni talab qiladi.
Ierarxiyaviy formuladan foydalanishni yengillashtirish uchun atamalarni
juft-juft qilib guruhlash qulaydir. Bunda uch juftlik hosil bo‘ladi: dastlabki juftlik –
matematika va astronomiya; pirovard juftlik – biologiya va sotsiologiya; oraliq
juftlik – fizika va kimyo. Bundan tashqari, har bir juftlik guruhlanuvchi fanlarning
tabiiy o‘xshashligini ko‘rsatadi, ularning sun’iy ajratilishi esa, o‘z navbatida, ayrim
qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bu biologiyani sotsiologiyadan ajratishda ayniqsa
yaqqol namoyon bo‘ladi.
O.Kont taklif qilgan tasnif zamirida oddiydan murakkabga, abstraktdan
muayyanga, qadimgidan yangiga sari harakat tamoyillari yotadi. Garchi
murakkabroq fanlar soddaroq fanlarga asoslansa-da, bu oliyning quyiga
reduksiyasini anglatmaydi. Kont tasnifida mantiq va psixologiya kabi fanlar
mavjud emas, chunki mantiq, uning fikricha, matematikaning qismi hisoblanadi,
psixologiya esa, qisman biologiyaning, qisman – sotsiologiyaning bo‘lagidir.
Vilgelm Diltey (1833-1911) ruh haqidagi fanlar va tabiat haqidagi fanlarni
ajratdi. Faylasuf o‘zining «Ruh haqidagi fanlarga kirish» asarida ularni avvalo
predmetiga ko‘ra farqlaydi2. Tabiat haqidagi fanlar predmetini insonga nisbatan
tashqi hodisalar tashkil etadi. Ruh haqidagi fanlar insoniy munosabatlarni tahlil
qilish bilan shug‘ullanadi. Olimlarni avvalo tashqi ob’ektlarni tabiiy fanlarning
ma’lumotlari sifatida kuzatish, qolaversa – ichki kechinmalar qiziqtiradi. Bu yerda
1 Қаранг: Сен-Симон // Философская энциклопедия. – М., 1967. Т. 4. – 583-б.
2 Қаранг: Дильтей В. Введение в науки о духе // Зарубежная эстетика и теория литературы XIX-XX вв.
Трактаты, статьи, диссертации. – М., 1987.
biz dunyo haqidagi tasavvurlarimizni o‘z emotsiyalarimiz bilan boyitamiz, tabiat
esa, xuddi begonadek, sukut saqlaydi. «Kechinmalar»ga murojaat etish ruh
haqidagi fanlarni asoslashning birdan-bir yo‘li ekanligiga Dilteyning ishonchi
komil. Ruh haqidagi fanlarning erkinligi «hayot», «ekspressiya», «tushunish» kabi
tushunchalarning aloqasini o‘rnatadi. Bunday tushunchalar tabiatda ham, tabiiy
fanlarda ham mavjud emas. Hayot va kechinmalar davlat institutlari, cherkov,
yurisprudensiya va hokazolarda moddiylashadi. Tushunish o‘tmishga qarab mo‘ljal
olishi va ruh haqidagi fanlar manbai bo‘lib xizmat qilishi ham muhimdir.
Vilgelm Vindelband (1848-1915) fanlarni predmetiga ko‘ra emas, balki
metodiga ko‘ra farqlashni taklif qiladi. U ilmiy fanlarni nomotetik va ideografik
fanlarga ajratadi. Nomotetik fanlar narsalar va hodisalarning umumiy qonunlari,
ularning muntazamligini aniqlashni nazarda tutadi. Ideografik fanlarning vazifasi
individual hodisalar va voqealarni o‘rganishdan iborat3.
Biroq tabiat va ruhning tashqi ziddiyati fanlarning butun rang-barangligini
to‘la asoslashga qodir emas. Genrix Rikkert (1863-1936) Vindelband ilgari surgan
nomotetik va ideografik fanlarni ajratish g‘oyasini rivojlantirib, tafovut empirik
ma’lumotlarni tanlash va tartibga solishning har xil tamoyillaridan kelib chiqadi,
degan xulosaga keladi. Fanlarni tabiat haqidagi fanlarga va madaniyat haqidagi
fanlarga ajratish olimlarni ikki lagerga ajratuvchi manfaatlarning qarama-
qarshiligini juda yaxshi ifodalaydi4.
Bilish jarayonida aniqlangan borliq ongga immanentdir, degan g‘oyani
Rikkert bosh g‘oya deb qabul qiladi. Shaxssiz ong tabiat (tabiatshunoslik) va
madaniyat (madaniyat haqidagi fanlar)ni farqlaydi. Tabiatshunoslik Rikkert
aqlning aprior qoidalari deb talqin qiluvchi umumiy qoidalarni aniqlashni
nazarda
tutadi.
Tarix
betakror
ayrim
hodisalar
bilan
shug‘ullanadi.
Tabiatshunoslik qadriyatlardan xoli, madaniyat va tarixning individuallashtiruvchi
talqini qadriyatlar saltanatidir. Qadriyatga ishora juda muhim. Rikkert uch saltanat:
3 Қаранг: Виндельбанд В. Избранное. Дух истории. – М., 1995.
4 Қаранг: Риккерт Г. Науки о природе и науки о культуре. – СПб., 1911.
borliq, qadriyat, ma’noni qayd etadi; ularga bilishning uch metodi: tushuntirish,
tushunish, talqin qilish muvofiqdir.
Nomotetik va ideografik metodlarning taklif qilinishi fanlarni tasniflash
ishida, hech shubhasiz, muhim voqea bo‘ldi. Umuman olganda, nomotetik metod
(yunoncha nomothetike – «qonunchilik san’ati») qonunlarni umumlashtirish va
belgilashga qaratilgan bo‘lib, tabiatshunoslikda namoyon bo‘ladi. Tabiat va
madaniyatning farqlanishiga ko‘ra, umumiy qonunlar o‘ziga xos va ayrim
mavjudlikka nisbatan tatbiq etilishi mumkin emas, chunki unda ikkala tushuncha
yordamida ifodalab bo‘lmaydigan narsalar doimo mavjuddir. Bundan nomotetik
metod bilishning universal metodi emas va ayrim mavjudlikni bilish uchun
ideografik metod qo‘llanilishi lozim, degan xulosa kelib chiqadi.
Ideografik metodning nomi (yunoncha idios – «alohida», grapho –
«yozaman») u madaniyat haqidagi tarixiy fanlar metodi ekanligini ko‘rsatadi.
Uning vazifasi ayrim voqealarni ularning ahamiyatini baholash yo‘li bilan
tavsiflashdan iborat. Ayrim voqealar orasida muhimlari qayd etilishi mumkin,
biroq ularning yagona qonuniyati hech qachon kuzatilmaydi. Shu tariqa tarixiy
jarayon o‘ziga xos va betakror voqealar to‘plami sifatida namoyon bo‘ladi.
Rikkert fikriga ko‘ra, madaniyat haqidagi fanlar din, huquq, davlat va hatto
xo‘jalik jabhalarida tarqalgan. «Texnik ixtirolar (binobarin, ulardan kelib
chiquvchi xo‘jalik faoliyati ham) odatda tabiiy fanlar yordamida amalga oshiriladi,
biroq ularning o‘zi tabiiy ilmiy tadqiqot ob’ektlari qatoriga kirmaydi»5, deb qayd
etadi Rikkert.
Hozirgi vaqtda ijtimoiy, texnikaviy va tabiiy fanlardan tashqari fundamental
va amaliy, nazariy va eksperimental fanlar ham farqlanadi. Bugungi kunda ilmiy
yo‘nalishlar o‘zining keng rang-barangligi bilan namoyon bo‘lmoqda va
ixtisoslashuvni hisobga olib, shuningdek turli fanlararo sohalarda rivojlanmoqda.
Ilmiy bilim haqiqatni ongli ravishda izlash shakli sifatida juda rang-barang bo‘lib,
bu yerda dalilual va gipotetik, eksperimental va nazariy, tasnifiy va konseptual,
matematik va tabiiy ilmiy bilimlarni farqlash mumkin. Katta fan, fanning qat’iy
5 Культурология. ХХ век. – М., 1995. – 71-б.
o‘zagi, old marradagi fan to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Biroq barcha ilmiy bilimlar
ma’lum standartlarga muvofiq va aniq zaminga ega bo‘lishi lozim.
Fanda foydalaniladigan bilish me’yorlari va vositalari sifatida odatda
quyidagilar qayd etiladi:
mazkur davrga xos bo‘lgan va o‘rganilayotgan sohaning xususiyatiga tatbiqan
muayyanlashtiriladigan-
bilish me’yorlari va ideallari;
dunyoning ilmiy manzarasi;
falsafiy asoslar1.
Ayni vaqtda, rivojlanishning kumulyativ modeli matematik bilimlar uchun
o‘rinli va samaralidir, zotan ular ziddiyatsiz o‘sish va kengayishga intiladi. Tabiiy
ilmiy bilimlarning butun majmui ilmiy inqiloblar ta’sirini boshdan kechiradi va
rivojlanishning kumulyativ modeli – bilimlarni jamg‘arish va jamg‘arilgan
bilimlarni saqlashga javob bera olmaydi. Ilmiy inqiloblar natijasida dunyoning
manzarasi tubdan o‘zgaradi. Mavjud qonunlar va tushuntirish modellari rad etiladi.
Bu ob’ektivlik muammosiga zarba beradi, kuzatishni nazariy jihatdan boyitish
masalasining ahamiyatini oshiradi.
Texnika fanlari. G‘arb fan falsafasida texnika fanlari tahlili alohida yo‘nalish
sifatida ajralib chiqqaniga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Charlz Snou o‘z vaqtida
shunday deb qayd etgan edi: «Sof fan sohasida ishlaydigan odamlarda muhandislar
va texniklar haqida butunlay noto‘g‘ri fikr shakllangan. Nimaiki fandan amalda
foydalanish bilan bog‘liq bo‘lsa, barchasi mutlaqo qiziqarsizdek bo‘lib tuyuladi.
Ular muhandislikning ko‘pgina vazifalari aniqlik va izchillik jihatidan o‘zlari
ustida ish olib borayotgan vazifalardan kam emasligi, bu vazifalarning yechimi eng
talabchan olimni ham qanoatlantirishi mumkinligini tasavvur qilishga qodir
emaslar»6.
Texnika fanlari doim ham munosib baholanmagan. XIX asrgacha tadqiqot,
loyiha va uni amalga tatbiq etish o‘rtasida 150 yilga yaqin vaqt o‘tgan. Garchi oliy
1 Қаранг: Степан В.С. Идеалы и нормы в динамике научного поиска // Идеалы и нормы научного поиска. –
Минск, 1981.
2 Сноу Ч. Две культуры. – М., 1989. – 317-б.
texnika o‘quv yurtlari (masalan, Parijdagi Politexnika maktabi) XVII asrdayoq
yuzaga kelgan bo‘lsa-da, Ya.Bekman taklif qilgan texnika jarayonlarining
rivojlanishiga yo‘l ko‘rsatuvchi umumiy texnologiya dasturi olimlar e’tiboridan
chetda qolib keldi.
Faqat XIX asr oxirida, professional muhandislik faoliyati ilmiy hamjamiyat
shakl-shamoyiliga ko‘ra tashkil etilganidan keyingina texnika fanlarining o‘ziga
xos jihatlarini anglab yetish uchun imkoniyat yaratildi. Biroq olimlar klassik tabiiy
fan va texnika fanlari o‘rtasida yuzaga keluvchi qarama-qarshilikni qayd etar
edilar. Bular klassik fan vakili sanalgan olim ko‘proq moyil bo‘lgan sxemalar va
tuzilmalarning mavhumligi va analitikligi hamda texnolog ish olib borgan real
ob’ektlarning tor ixtisoslashganligi. Texnika fanlarini o‘rganish bilan bog‘liq
yo‘nalish asosan an’anaviy muammolar, chunonchi: texnikaning mohiyatini
o‘rganish, texnika fanlarining o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etish, texnika va
tabiatshunoslikning o‘zaro nisbati, fan-texnika taraqqiyotini baholashdan iborat
edi. Texnika falsafasining otasi Fridrix Rapp bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning
natijalarini ancha tanqidiy baholadi7. Uning fikricha, o‘n tadqiqotdan faqat bittasini
professionallik darajasi yuqori bo‘lgan tadqiqotlar qatoriga kiritish mumkin edi.
Texnika fanlari ikki tarmoqqa: texnikada yuz berayotgan jarayonlarni
tavsiflashga qaratilgan deskriptiv tarmoq va u o‘z faoliyatida rioya qilishi lozim
bo‘lgan qoidalarni ta’riflovchi normativ tarmoqqa bo‘linadi. Biroq texnika fanlari
asoslarini metodologik tahlil qilishning teranlik darajasi uncha yuqori emas.
Olimlar fikriga ko‘ra, bu jabhaga uni anglash shakllarining «oqsashi» xos. Ayni
vaqtda, texnika fanlari va muhandislik faoliyati tabiiylik va sun’iylik dunyolarining
o‘zaro aloqasi muammosining ahamiyati va ko‘lamini hisobga oluvchi aniq
mo‘ljallarga muhtoj.
Texnika fanlarida yangi va o‘ziga xos narsani yaratish sifatidagi ixtironi va
mavjud narsani o‘zgartirish sifatidagi takomillashtirishni farqlash odat tusini
olgan. Insonning bunyodkorlik qobiliyatlari tayyor tabiiy mahsulotlarni
o‘zlashtirishdan moslashtirishning ko‘proq samaradorligiga erishish maqsadida
7 Қаранг: Философия техники в ФРГ. – М., 1989. – 317-б.
ularni takomillashtirish sari rivojlanib borgan. Sun’iy yashash muhiti, aniqrog‘i,
uning ba’zi bir elementlarining yaratilishi tabiat tayyor holda ega bo‘lmagan
narsalar ixtiro qilinganini anglatar edi. Tayyor mehnat qurollari va faoliyat
vositalaridan foydalanishni tiriklik dunyosidagi universal faollik bilan taqqoslash
mumkin bo‘lsa, ixtiro alohida maqomga da’vogarlik qiladi. U erkinlik
darajalarining rang-barangligiga tayanadi va «har qanday turdagi mezon bo‘yicha»
amalga oshirilishi
mumkin. Ba’zan ixtiroda tabiatga taqlid, imitatsion
modellashtirishga urinish kuzatiladi. Masalan, silindrsimon qobiq - texnika va
kundalik hayotda turli maqsadlarda foydalaniladigan keng tarqalgan shakl –
o‘simliklar dunyosidagi ko‘p sonli ob’ektlarning universal tuzilishi. Shox – uning
eng mukammal modeli. Konstruksiyalarni qobiq bilan o‘rash yechimi aynan jonli
tabiatdan olingan. Pnevmatik qurilmalar ham juda katta rol o‘ynaydi. Ular insonga
ilk bor yerning tortishish kuchini yengish, havoda uchishga imkoniyat yaratishga
yordam berdi. Ularning g‘oyasi ham tabiatdan olingan, chunki pnevmatik
konstruksiyalarning eng barkamol andozalaridan biri biologik hujayradir. Ayrim
mevalar va urug‘lar tabiatda o‘ziga xos «parashyutchalar», «elkan» yoki qanotli
o‘simta yordamida tarqalishga moslashgan. Tabiiy moslashishning mazkur usullari
bilan insoniyat sivilizatsiyasining yelkan, parashyut, qanot modellaridan
foydalanuvchi mahsullari o‘rtasida o‘xshashlikni ko‘rish qiyin emas. Texnolog o‘z
g‘oyalari to‘g‘riligining tasdig‘ini tabiatdan izlaydi.
Bunday ixtirolarni yaratishda olim tabiiy laboratoriya sirlaridan, uning
yechimlari va topilmalaridan foydalanadi. Biroq ixtiro – bu o‘xshashi yo‘q, yangi
narsani yaratish hamdir. Tadqiqotchilar bunday ixtiro jarayonini besh bosqichga
ajratadilar. Birinchi bosqich konseptual modelni yaratish, maqsadlar va
chegaralarni belgilash bilan bog‘liq. Ikkinchi bosqichda vositalar va tamoyillar
tanlanadi. Uchinchi bosqichda berilgan fizik harakat tamoyilida u yoki bu oqilona
yechimni tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda eng maqsadga muvofiq
uyg‘unlik topilgunga qadar elementlar va texnologik ko‘rsatkichlarning variantlari
bilan ishlanadi. To‘rtinchi bosqich berilgan texnik yechim ko‘rsatkichlarining
optimal qiymatlarini aniqlashni o‘z ichiga oladi. Beshinchi bosqich yaratiluvchi
tuzilmalarni loyihada belgilar yordamida aks ettirish va so‘ngra ularni
moddiylashtirishni nazarda tutadi8.
Biroq texnika fanlari shu darajada har xil va rang-barangki, ularni yagona
oilaga birlashtirish uchun asoslarni izlash jiddiy muammoga aylanadi. Har xil
tizimli-texnikaviy bilimlarni birlashtirish mexanizmi sifatida N.Abramova
kristallning o‘sish modelini taklif qiladi. Bu yerda oziqlanish muhitining negizi va
tuzilishi o‘rtasida muvofiqlikni saqlash bosh shart hisoblanadi. Negiz sifatida
mehnat faoliyati tushuniladi, oziqlanish muhiti sifatida esa mehnat gigienasi,
axborot nazariyasi kabi fanlarning tamoyillari va tushunchalari amal qiladi.
2.2.Dinamik va statik qonuniyatlar.
Fan doim borliqni qonuniyat bilan qamrab olinuvchi tabiiy voqealar va
jarayonlarning sababiy bog‘langan majmui sifatida namoyon bo‘lgan. Fanga
izchillik, ishonchlilik, asoslilik, isbotlilik xos. U fizika va matematika qonunlari
yordamida ifodalash mumkin bo‘lgan tabiiy tartibni o‘rnatishga intiladi. Sababiyat
va qonuniylik fanning barcha jabhalarida hukm suruvchi fundamental konstanta
hisoblanadi. Statistik qonuniyatlar taxminiy taqsimlanishlar tilida ta’riflanadi va
katta sonlar negizidagi ommaviy hodisalarning qonunlari sifatida namoyon
bo‘ladi. Ular ko‘p sonli tasodifiy sabablar zaminida teran zaruriy aloqalar mavjud
bo‘lgan joyda amal qiladi, deb hisoblanadi. Ular mutlaq takrorlanishlarga sabab
bo‘lmaydi, biroq umumiy holda ularni o‘zgarmas sabablar qonuniyatlari deb
baholash o‘rinli bo‘ladi. Umumiy ma’noda statistik qonuniyatlar hodisalarning
o‘zaro aloqasi namoyon bo‘lishining shunday shaklini aks ettiradiki, bunda
tizimning mazkur holati uning keyingi barcha holatlarini uzil-kesil emas, balki
ma’lum darajada taxminiy belgilaydi. Taniqli fan faylasufi Rudolf Karnap statistik
qonuniyatlarni tavsiflar ekan, turli sohalarning mutaxassislari u yoki bu voqeaning
har xil sabablarini ko‘rishlari mumkinligiga e’tiborni qaratadi. Masalan, yo‘l-
8 Қаранг: Лешкевич Т.Г. Неопределенность в мире и мир неопределенности. – Ростов-на-Дону, 1994. – 142-
154-б.
transport hodisasi bilan bog‘liq holda avtomobil yo‘llari muhandisi hodisa sababini
yo‘lning haddan tashqari sirpanchiqligida ko‘rishi mumkin. DAN xodimlari hodisa
sababini yo‘l harakati qoidasining buzilishida ko‘radi. Psixolog haydovchi kuchli
ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lgan, deb xulosa chiqarishi mumkin. Muhandis
konstruktor, balki, avtomashina konstruksiyasida nuqson mavjudligini aniqlaydi.
Ayni holda murakkab vaziyatga tegishli ko‘p sonli komponentlar mavjud bo‘lib,
ularning har biri hodisaga agar bu komponent bo‘lmasa, halokat yuz bermagan
bo‘lur edi, degan ma’noda ta’sir ko‘rsatadi. Biroq buni birov oldindan bilganida, u
to‘qnashuvning oldini olishi mumkin edi.
Bunday tahlil natijasida quyidagi xulosaga kelish mumkin: sababiy
munosabat yuz berajak voqeani oldindan aytish mumkinligini emas, balki amalda
uni oldindan aytish mumkin emasligini anglatadi. Karnap «Agar voqeaga tegishli
barcha dalillar va tabiat qonunlari berilgan bo‘lsa, bu voqeani u yuz berishidan
oldin bashorat qilish mumkin. Bu bashorat dalillar va qonunlarning tadrijiy yakuni
hisoblanadi. Boshqacha aytganda, oldingi shartlar, ularga tegishli qonunlarning
to‘la tavsifi va voqeani bashorat qilish o‘rtasida mantiqiy munosabat mavjud. ....
Bu yerga biz statik jarayonlarni ham (garchi kundalik hayotda bunday qilmasak-
da) kiritishimiz lozim»9, deb qayd etadi. Pirovard natijasiga ko‘plab omillar ta’sir
ko‘rsatuvchi statistik jarayonlar moddiy tizim holatlarining har qanday
(o‘zgaruvchi va o‘zgarmas) ketma-ketligini anglatadi.
Dinamik qonuniyatlarda dunyoga ilmiy yondashuv namoyon bo‘ladi.
Ijtimoiy ong shakli sifatidagi fanning boshqa bir o‘ziga xos xususiyati shundaki,
rang-barang fanlar borliqning ob’ektiv (insondan tashqarida, insonga ham,
insoniyatga ham bog‘liq bo‘lmagan holda) mavjud hodisalari va jarayonlarini
o‘rganishni nazarda tutadi. Butun olam tortishish qonuni, kvadrat tenglamalar,
kimyoviy elementlar davriy jadvali, termodinamika qonunlari ob’ektivdir.
Ularning amal qilishi fikrlar va kayfiyatlar bilan ham, olimning shaxsi bilan ham
belgilanmaydi. Fan o‘z xulosalarini nazariyalar, qonunlar va formulalarda
ta’riflaydi. Shu tariqa u olimning o‘rganilayotgan hodisalarga va u yoki bu
9 Карнап Р. Философские основания физики. – М., 1971. – 259, 348-б.
kashfiyot olib kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlarga individual, emotsional
munosabatidan tashqariga chiqaradi. Oqilona ilmiy bilim predmetli va shaxssiz
ob’ektivdir. Boshqacha aytganda, fan o‘z predmeti bilan bajaradigan barcha
amallar qonuniyatlar va muntazam aloqalar nomidan yangi sifatda amal qiladi.
Ob’ektivlik doimo ilmiy bilim ideali va uning asosiy mezoni sifatida amal
qilgan. Bunda ob’ektivlik, birinchidan, bilimning o‘z ob’ekti bilan mos kelishini
qayd etuvchi taomil sifatida, ikkinchidan, sub’ekt va uning bilish faoliyati
vositalari bilan bog‘liq barcha narsalarni bilimdan chiqarib tashlash taomili sifatida
tasavvur qilingan. Ob’ektivlikning bu ikkinchi ma’nosi, V.Porus fikriga ko‘ra,
Yevropa xristian madaniyati kontekstida insonning gunohkor, «buzuq» tabiati
haqidagi tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lgan10.
Biroq amalda bilimni uni olish jarayonidan ajratish qiyin. Masalan,
mikrofizika ob’ektlari kuzatish vaziyatining tarkibiy qismlari hisoblanadi. Bunga,
jumladan, V.Geyzenberg ishora qiladi. F.Girenok ob’ektivlik tamoyilini
quyidagicha ta’riflashni taklif qiladi: dunyo to‘la belgilangan, basharti uning
to‘liqligi inson bilan birga, biroq tafakkurdan qat’i nazar shakllangan bo‘lsa11.
Bugungi kunda ob’ektivlik tushunchasining har xil talqinlarini qayd etish
mumkin.
Ba’zan
ob’ektivlik
bilan
umumiy
ahamiyatga
moliklik
va
intersub’ektivlik bog‘lanadi. Ob’ektivlik deganda ko‘pincha biron-bir vaziyatda
o‘zgarmaydigan, bir variantli jarayonlar nazarda tutiladi. Ko‘p sonli mantiqiy,
metodologik, falsafiy omillar uyg‘unligi va muvofiqligi sifatidagi ob’ektivlik
haqidagi tasavvur ayniqsa keng tarqalgan. Bunda sub’ektga bog‘liq emaslik
ob’ektivlikning muhim va asosiy jihati bo‘lib qoladi. Intersub’ektivlik va
ob’ektivlikni tenglashtirish mumkin emas, chunki bilimlar barcha sub’ektlar uchun
umumiy bo‘lishi lozimligini da’vo qiluvchi intersub’ektivlikda konvensional
kontekst aniq-ravshan ko‘rinib turadi. Bir so‘z bilan aytganda, intersub’ektivlik
konvensiya, kelishuv va ahdlashuvni nazarda tutadi. Faqat bu tushuncha o‘z
10 Қаранг: Порус В.Н. Эпистемология: некоторые тенденции // Вопросы философии. 1997. №2.
11 Қаранг: Гиренок Ф.И. Ускользающее бытие. – М., 1994. – 114-115-б.
o‘rnida va aniq qo‘llanilishi lozim, aks holda ilmiy mulohaza o‘z ma’nosini
yo‘qotadi12.
Odatda ob’ektivlik sub’ektni inkor etish yoki hech bo‘lmasa unga
e’tiborsizlikni nazarda tutadi. Ilmiy munozara ob’ektivlik da’vo qilar ekan,
individual fikrlashga daxldorlik aniq-ravshan ko‘rinib turgan barcha fikrlar va
mulohazalarni chetga chiqarib tashlaydi.
Metodologlar ba’zan «omadli fanlar» to‘g‘risida so‘z yuritadilar. Bunda
ular ilmiy bilishning aniq mezonlarini belgilash va kategoriyalar apparatini
takomillashtirishda yutuqlarga erishgani nazarda tutiladi. Bunday «omadli fanlar»
tayyor vositalarni matematik fanlardan o‘zlashtiradilar yoki ularni ma’lum
darajada takomiliga yetkazib qo‘llaydilar va o‘z sohasini matematikalashtirishga
harakat qiladilar. Biroq ob’ektivlik faqat tushunchalar apparatining izchilligi va
kategoriyaliligini anglatmaydi. Ob’ektivlik avvalo narsa, jarayon yoki hodisaning
mohiyatini o‘rganishga qarab mo‘ljal oladi.
Fan shu ma’noda universalki, u har qanday hodisani ilmiy tadqiqot
predmetiga aylantirishi, odamlar dunyosidagi barcha narsalar, jarayonlar va
hodisalarni o‘rganishi mumkin. Biroq bu holda u tanlangan predmetga uning
muhim aloqalari nuqtai nazaridan yondashadi.
Birinchi pozitivistlar davridan boshlab fan inson bilimi rivojlanishining
tajriba, mantiq va tanqidga tayanuvchi oliy bosqichi sifatida e’lon qilinadi. Fanning
mahobatli binosida tajriba fan asosiy negizining dalilualligi va ishonchliligi uchun
javob beradi. Mantiq ilmiy faoliyat natijalarini tizimga solish, ularning o‘zaro
bog‘liqligi va asosliligini ta’minlaydi. Tanqid odatdagi me’yorlar va qonunlarning
shakllangan majmuini ular qarshi misollar bilan to‘qnashgan holda yangilashni
nazarda tutadi. Ilmiy bilish doimo borliqni aniq aks ettirish shakli, o‘z tuzilishi,
darajalari, shakllari, metodlari va muayyan tarixiy tabiatiga ega bo‘lgan bilimlarni
o‘zlashtirish jarayoni deb hisoblangan. Bilish borliqning ilgari ma’lum bo‘lmagan
yangi dalillari, hodisalari va qonuniyatlarini inson yoki jamiyat tomonidan anglab
yetish jarayoni sifatida tushunilgan. Bilish jarayonining tabiati, asoslari va
12 Қаранг: Ильин В.В. Критерии научности. – М., 1989. – 34-б.
mezonlarini o‘rganuvchi ancha qadimgi fan – an’anaviy gnoseologiyada bilish
strukturasi bilish sub’ekti, ob’ekti va vositalarining mavjudligini nazarda tutadi.
Bilish sub’ekti deganda ongga va mo‘ljalga ega bo‘lgan faol harakat qiluvchi
individ yoki individlar guruhi (jamiyat) tushuniladi. Ob’ekt deganda sub’ektning
faolligi qaratilgan borliqning parchasi, tabiiy yoki ijtimoiy borliqning qismi
tushuniladi. Bilish sub’ekti va ob’ekti uzluksiz o‘zaro ta’sirga kirishadi.
Agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini rad etganlar. Agnostiklardan farqli
o‘laroq, skeptiklar dunyoni bilish mumkinligiga faqat shubha bildirganlar.
Dunyoni oqilona bilish mumkinligiga aksariyat olimlar va faylasuflarning ishonchi
komil.
Ilmiylik mezonlari. Hamonki inson borlig‘i tarixiy hodisa ekan, ilmiy bilish
ham o‘z tarixiga egadir. Odatda bilish mahsullarini fan standartlariga muvofiqlik
nuqtai nazaridan baholash qoidalari sifatida ta’riflanuvchi ilmiylik mezonlari ham
tarixiy xususiyatga ega va eskirishga moyildir. Aynan ilmiylik mezonlari bilish
mahsullarini ularning fanga mansubligi yoki undan uzoqligi nuqtai nazaridan
subordinatsiyalash imkonini beradi, deb hisoblanadi. «Ilmiylik mezonlari»
monografiyasi muallifi V.Ilin ilmiylik mezonlari dispozitsiyalar (qoidalar, yo‘l-
yo‘riqlar,
tavsiyalar,
imperativlar,
taqiqlar
majmui),
sanksiyalar
(ular
dispozitsiyalarga bepisandlik yoki ularning buzilishi natijasida amalga kiradi) va
shartlar (ular fanda ehtimol tutilgan vaziyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini qayd
etadi) bilan belgilanadi. Ilmiylik mezonlari bir tartibli bo‘lmagani uchun ularni
tasniflash va V.Ilin fikriga ko‘ra, uch guruhga ajratish lozim.
1. «A» guruhi mezonlari fanni nofandan formal ziddiyatsizlik, tajribada sinalish,
oqilonalik, tiklanuvchanlik, intersub’ektivlik yordamida farqlaydi.
2. «B» guruhi mezonlari tarixan o‘tib keluvchi normativlar, ontologik sxemalar
va mavjudlik gipotezalariga qo‘yiladigan talablardan tashkil topadi. Ular olimlar
tafakkurining madaniy-stilistik o‘lchamlarini qayd etadi.
3. «V» guruhi mezonlarini bilimning professional ajratilgan tarmoqlariga
qo‘yiladigan fanga doir ilmiylik mezonlari tashkil etadi. Ular fanning ayrim
ko‘rsatkichlarini aks ettiruvchi bilim va faoliyatning muayyan turlarini nazorat
qilish vositasi hisoblanadi13.
Ratsionalizm rivojlanishining hozirgi bosqichida olimlar va metodologlar
tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘p sonli tadqiqotlar ilmiylik mezonlarining
to‘la ro‘yxatini tuzish mumkin emas, degan xulosaga olib kelmoqda. Bu fan
tinimsiz taraqqiy etayotgani, uzluksiz o‘zgarayotgani va o‘zining avvalgi – klassik
va noklassik bosqichlaridan ko‘p jihatdan farq qiluvchi yangi, postnoklassik
bosqichiga o‘tayotgani bilan izohlanadi. Endilikda takrorlanuvchanlik ham uncha
zarur emas, kuzatuvchisiz ob’ektivlik ham bo‘lishi mumkin emas, sistemali ta’sir
effektlari munosabati bilan narsaning o‘zi ham har xil funksional o‘zgarishlarga
qodir. Amaliyot haqida haqiqiylik mezoni sifatida so‘z ham yuritilmaydi.
Fundamental kashfiyotlar qalam uchida qilinishi, amaliyot haqiqiydik mezoni
sifatida qay darajada (bilimlarni asossiz taxminlar bilan aralashtirib yuborishga
imkoniyat bermaydigan darajada) aniq bo‘lsa, shu darajada (inson bilimining
erishilgan darajasi mutlaq xususiyat kasb etishiga imkoniyat bermaydigan
darajada) noaniq ham ekanligi ko‘pdan beri ma’lum.
Estetik uyushqoqlik, evristiklik, kogerentlik, pragmatik, progressizm yoki
notriviallik, ishonchlilik, tanqidiylik, moddiy-amaliy faoliyat, mantiqiy va
informativlik, polifundamentallik ham ilmiylik mezonlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Estetik uyushqoqlik mezon haqida so‘z yuritganda, Pol Dirakning
«Tenglamalar
go‘zalligi
ularning
eksperiment
bilan
muvofiqligidan
muhimroqdir», degan so‘zlariga ishora qilish o‘rinli bo‘ladi.
Albert Eynshteyn ham ilmiy nazariyaga nisbatan ichki barkamollik
mezonlarini tatbiq etishni taklif qilgan edi.
Estetiklik ideallarini estetika va dunyoga nisbatan badiiy yondashuvga yot
bo‘lgan izchil fan jabhasiga tatbiq etish o‘z holicha katta muammodir. Kepler
(1571-1630) – «Dunyoning uyg‘unligi» deb nomlangan asar muallifi. O‘rta
asrlarda tabiatning sirli va yashirin xossalarini anglab yetish bilan bog‘liq g‘oyalar
hodisalarning magik-simvolik tavsifi asosida shakllangan. Dunyoning uyg‘unligi
13 Қаранг: Ильин В.В. Критерии научности. – М., 1989. – 34-б.
g‘oyasi va Quyosh obrazi germetizmning qadimgi yashirin donishmandligini ham,
Kepler va Galiley (1564-1642) faoliyati bilan bog‘liq dunyoga yangicha
yondashuvni ham birlashtirgan. Masalan, Bruno (1548-1600) va Kopernik
foydalangan Yer - qismlari o‘z yaxlitligi bilan birga harakatlanishga majbur
bo‘lgan ayrim organizm, degan tamoyil, P.Feyerabend fikriga ko‘ra, Discourse of
Hermes to Tot dan olingan bo‘lishi mumkin. Kopernik Quyoshning holatini
muhokama qilar ekan, bir yerda Germes Trismegistni tilga oladi: «Biroq markazda
Quyosh turadi... uni Trismegist zohir Xudo deb ataydi»14. Shu tariqa biz
geliotsentrik Olamning mutlaqo to‘g‘ri idrok etilishiga qadimgi germetik
falsafadayoq duch kelamiz. Biroq Olamning geliotsentrikligini asoslash uchun
yunon va Yevropa sivilizatsiyasi asrlar va ko‘p sonli ishtibohlar bilan o‘lchanuvchi
uzoq yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi.
Evristiklik ilmiy mezonida nazariyaning ekspansiyaga moyillik darajasi,
ya’ni unga xos bo‘lgan o‘z chegarasidan chetga chiqish, o‘zini o‘zi kengaytirish
qobiliyati qayd etiladi. Evristiklik tushunchasining qomusiy talqini noaniqlik
sharoitida izlanish bilan bog‘liq bo‘lsa-da, mutlaqo yangi va notrivial narsalar va
hodisalarning paydo bo‘lishi uchun aynan evristiklik javob beradi. Evristiklik
imperativlik maqomini o‘zlashtirib, axborotning o‘sishini ta’minlamaydigan
hamma narsani «Bu evristik emas!» degan baho bilan chetga chiqarib tashlaydi.
Kogerentlik ilmiylik mezoni tadqiqot natijasida olingan ma’lumotlarning
fundamental deb baholangan bilimlar bilan muvofiqligi va o‘zaro aloqasini
ta’minlaydi. Shu tariqa kogerentlik fanni unga yetarlicha asoslanmagan, bahsli
fikrlar va qoidalar kirib kelishidan saqlaydi.
Ilmiy bilimning pragmatik mezoni mantiqan imperativ sifatida mavjud
soddalik talabidan kelib chiqadi. Soddalik talabi ontologik jihatdan, dunyoga
ob’ektiv xos bo‘lgan uyg‘unlik va tugallanganlikka ishora bilan ham, sintaksik va
pragmatik nuqtai nazarlardan ham asoslanishi mumkin. Tadqiqotchilar fikriga
ko‘ra, sintaksik soddalik tushunchasi qo‘llanilayotgan ramzlar, kodlash,
translyatsiya usullarining optimalligi va qulayligi bilan tavsiflanadi. Pragmatik
14 Фейерабенд П. Избранные труды по методологии науки. – М., 1986. – 234-б.
soddalik tushunchasi ilmiy faoliyat eksperimental, texnikaviy va algoritmik
jihatlarining soddaligi haqidagi tasavvurlarni kiritish yo‘li bilan kontekstual
eksplikatsiya qilinadi. Nazariyaning izchilligi va aniqligi bog‘lanuvchi ayni shu
soddalik tamoyilidan ilmiylikning estetik mezoni kelib chiqadi. Ko‘pgina
olimlarning fikrlarida nazariyaning go‘zalligiga moyillik va uni qo‘msash seziladi.
«Qorong‘i tushunchalar» bir qarashdayoq nazariyaning qoniqarsizligidan dalolat
beradi.
Ilmiylikning mantiqiy mezoni hajmiga ziddiyatsizlik, to‘liqlik va mustaqillik
talablari, izchillik kiritilgan. Bu talablar orasida ziddiyatsizlik o‘zining birinchi
tahririda ancha omonat mavqega ega. Keyinroq ilgari surilgan fallibilizm tamoyili
ziddiyatsizlik imperativining aynan cheklanganligiga qarshi qaratilgan. Ilmiylik
mantiqiy mezonining unsuri sifatidagi to‘liqlik talabida ham jiddiy kamchiliklar
ko‘zga tashlanadi. Semantik va sintaksik to‘liqlik – faol o‘zgaruvchi va tinimsiz
rivojlanuvchi dunyo borlig‘i emas, balki borliqni har tomonlama tavsiflash
idealidir. Mustaqillik talabi bilan bir aksiomadan boshqa aksiomani keltirib
chiqarish mumkin emasligi va fanda soddalik tamoyiliga rioya qilish sharti
bog‘lanadi. Biroq mustaqillik mantiqiy mezon unsuri sifatida pirovard natijada
olimlarning u yoki bu hisoblash tizimini asosiy deb qabul qilish borasidagi
kelishuvi, konvensiyasiga borib taqaladi.
Izchillik mezoni ham fanda muhim ahamiyat kasb etib, u ob’ektivlik
mezoniga kiradi. E.Agassi ilmiy izchillikni «ilmiy fanning barcha qoidalari
asoslangan va mantiqan to‘g‘ri bo‘lishi lozimligini nazarda tutuvchi shart»15, deb
ta’riflaydi.
Ba’zan tabiat qonunlari biron-bir narsa tan olinmaydigan, balki rad
etiladigan taqiqlar bilan taqqoslanadi. Masalan, energiyaning saqlanish qonuni
«Abadiy dvigatel mavjud emas» qabilidagi fikr bilan ifodalanadi. Biz qonun bilan
taqiqlanuvchi hamma narsa mavjud emasligiga, «yo‘qlik mavjud emas, hech
qachon mavjud bo‘lmagan va mavjud bo‘lishi mumkin emas»ligiga ishonch hosil
qilish uchun butun dunyoni to‘la o‘rganishga qodir emasmiz, shu sababli
15 Агацци Э. Моральное измерение науки и техники. – М., 1998. – 11-б.
ilmiylikning empirik mezoni falsifikatsiyalash taomili bilan bog‘lanadi.
Falsifikatsiya – gipoteza yoki nazariyaning soxtaligini klassik mantiq qoidalari
yordamida aniqlovchi metodologik tamoyil. Falsifikatsiya qilish chog‘ida tizim
qaysi shartlarda falsifikatsiyalanadi deb hisoblash mumkinligini ko‘rsatuvchi ilmiy
qoidalar ta’riflanishi lozim. Falsifikatsiya empirik xususiyatga ega bo‘lgan
falsifikatsiyalanuvchi gipotezaga asoslanadi. Shu sababli ilmiylikning uzil-kesil
mezonini topish va e’lon qilishga harakat qiluvchi yondashuv noto‘g‘ridir. Bunday
mezon mutlaq va notarixiy bo‘ladi, chunki fan va amaliyot rivojlanishining
muayyan tarixiy shakli bilan bog‘lanmaydi.
2.3.Analitik va sintetik bilim.
Ilmiy bilim majmuiga nisbatan eng umumiy yondashuv bilim ajratuvchi (analitik)
va umumlashtiruvchi (sintetik) bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Analitik bilim
tafsilotlarni, xususan, asosiy negizda mavjud mazmunning butun salohiyatini
aniqlash imkonini beradi. Sintetik bilim nafaqat umumlashtirish, balki mutlaqo
yangi mazmunning yaratilishiga olib keladi. Analitik yondashuvning mohiyati
shundan iboratki, o‘rganilayotgan hodisaning asosiy muhim tomonlari va
qonuniyatlari berilgan, asos qilib olingan materialda mavjud deb faraz qilinadi.
Tadqiqot ishi belgilangan sohada, qo‘yilgan vazifa doirasida amalga oshiriladi va
unga xos bo‘lgan ichki tahlilga qaratiladi. Sintetik yondashuv tadqiqotchini
aloqalarni ob’ektdan tashqarida, sirtdagi tizimli munosabatlar kontekstida izlashga
yo‘naltiradi.
Ilmiy bilimni tuzish mantiqining bir xil emasligi ko‘pgina faylasuflar
tomonidan qayd etilgan. Masalan, M.Mamardashvili «Tafakkur shakllari va
mazmuni» monografiyasida fanning mantiqiy apparatida bilish faoliyatining ikki
tipini farqlash lozimligini qayd etadi. Bilish faoliyatining birinchi tipga mavjud
bilimlardan isbotlash va ehtimol tutilgan barcha oqibatlarni tadrijiy keltirib
chiqarish yo‘li bilan yangi bilimlar majmuini olish imkonini beruvchi vositalar
kiritilgan. Biroq bilim olishning bu usulida predmetlar haqida mutlaqo yangi
fikrlar va yangi mavhumliklarning yuzaga kelishi nazarda tutilmaydi. Ikkinchi tipi
«predmetlar bilan ta’sirlanish orqali» yangi ilmiy bilim olishni nazarda tutadi. U
mulohaza yuritish jarayoniga mazmunni jalb qilishga asoslanadi16. Bu yerda
mazmundan biron-bir yangi jihatdan foydalanish nazarda tutiladi.
An’anaviy klassik gnoseologiya ilmiy bilish jarayonining harakatini
hozirgacha masaladan muammo sari, so‘ngra gipotezaga qarab harakatlanuvchi
jarayon sifatida tavsiflaydi. Bunda gipoteza yetarli darajada asoslanganidan so‘ng
nazariyaga aylanadi va konsepsiyani yuzaga keltiradi. Shunday qilib, masala –
muammo – gipoteza – nazariya – konsepsiya gnoseologik zanjiri rivojlanuvchi
ilmiy bilimni mustahkamlaydi.
Ilmiy bilish uyushqoqlikning ancha izchil shakli bo‘lib, u ziddiyatsizlik,
isbotlanuvchanlik, tekshiriluvchanlik va tizimlilik kabi belgilar bilan tavsiflanadi.
Haqiqatni aniqlashga intilish ilmiy bilishga xos belgi hisoblanadi. Haqiqatni
aniqlashga intilish olimni borliq quvonchlaridan voz kechish va o‘zini to‘la fanga
baxshida etishga majbur qiladi.
Epistemologiyaning muhim muammosi sanalgan haqiqat asoslari muammosi
«haqiqat» tushunchasining etimologiyasini aniqlashga da’vat etadi. U ikki yarim
ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lsa-da, uning atrofida bahslar hanuz to‘xtagani
yo‘q. Platon haqiqiy bilim – epistemani fikr – doxdan farqlashni tavsiya qilgan.
Aristotel haqiqat tushunchasining keyinchalik «klassik» deb nomlangan ta’rifini
taklif qilgan: haqiqat – bu fikr va predmetning, bilim va borliqning muvofiqligidir.
Hozirgi g‘arb adabiyotlarida haqiqatning klassik konsepsiyasi muvofiqlik
nazariyasi deb yuritiladi.
Ayni vaqtda nima nimaga muvofiq bo‘lishi kerak, degan savol tug‘iladi.
Gegel fikriga ko‘ra, borliq mutlaq g‘oyaga muvofiq bo‘lishi lozim. Olimlar bizning
borliq haqidagi tasavvurlarimizning muvofiqligini, tafakkur va borliqning
ayniyligini isbotlashga harakat qiladilar. Turli falsafiy yo‘nalishlar haqiqat
mezonlari qatoriga har xil belgilarni, chunonchi: umumiylik va zarurat (Kant),
soddalik va aniqlik (Dekart), mantiqan ziddiyatsizlik (Leybnis), umumiy
16 Қаранг: Мамардашвили М.К. Формы и содержание мышления. – М., 1968. – 26, 28-б.
ahamiyatga moliklik (Bogdanov), shuningdek foydalilik va tejamlilik (Max)ni
kiritadilar. Haqiqatning estetik mezoni mavjud bo‘lib, unga muvofiq haqiqat
nazariyaning ichki barkamolligida, tenglamalarning sodda (chiroyli) shaklida,
dalillarning jozibadorligidadir. Haqiqiylikning mantiqiy mezoniga ko‘ra, hamma
narsa xulosalar va dalillar yordamida asoslangan, ziddiyatsiz va o‘ziga xos bo‘lishi
lozim. Ijtimoiy-tarixiy amaliyot haqiqatning universal mezonidir.
Hozirgi zamon fanida ob’ektiv haqiqat deganda mazmuni insonga ham,
insoniyatga ham bog‘liq bo‘lmagan bilim tushuniladi. Bu biluvchi sub’ektning
miyasidan tashqarida ob’ektiv haqiqatni o‘zida mujassamlashtirgan bilim qatlami
mavjud, degan ma’noni anglatmaydi. Bu faqat sub’ektning noto‘g‘ri tasavvuri
haqiqatga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi, balki tushunib yetilayotgan ob’ektning
o‘zi bilan belgilanishini anglatadi.
Bilish tarixi, Eynshteyn ta’biri bilan aytganda, «g‘oyalar dramasi», eski
nazariyalar o‘rniga ulardan butunlay farq qiluvchi yangi nazariyalar kelishidir.
Bilish metafizik nazariyasining xatosi shundan iborat bo‘lganki, unda haqiqat
ob’ektning mukammal in’ikosiga erishilgan tugallangan holat sifatida qaralgan.
Bunday yondashuvda evolyusiya va rivojlanishga o‘rin qolmaydi. Bu qarama-
qarshilikni ilk bor Gegel anglab yetdi. U haqiqat qotib qolgan tizim emas, balki
predmetning tushunchaga tobora ko‘proq mos kelishidan iborat izchil, tadrijiy
jarayon ekanligini ko‘rsatib berdi. Shu sababli haqiqatni tushunchaning
predmetga, fikr va borliqqa oddiy muvofiqligi deb emas, balki tafakkurning
faoliyatdan ajratish mumkin bo‘lmagan predmet bilan mos kelish jarayoni deb
tushunish lozim.
Haqiqatni jarayon sifatida tushunish haqiqat doimo muayyan ekanligini
tushunishni o‘z ichiga oladi hamda mutlaqlik va nisbiylik jihatlarini o‘zida
mujassamlashtiradi.
«Mutlaq haqiqat» atamasi uch xil ma’noda keladi.
1. U aniq mukammal bilimni, «so‘nggi instansiyadagi haqiqat»ni, ayrim o‘ziga
xos gnoseologik idealni anglatadi. Shu ma’noda haqiqat bilishning biron-bir
darajasida ro‘yobga chiqmaydi, unga erishib bo‘lmaydi, u – metafora.
2. Mutlaq haqiqat tushunchasini bir variantni (o‘zgarmas) xususiyat kasb etuvchi
elementar bilimlarga nisbatan tatbiq etish mumkin. Ular «boqiy haqiqatlar» deb
ham ataladi. Masalan Alisher Navoiy 1441 yilda tug‘ilgan, kimyoviy element atom
og‘irligiga ega va sh.k.
3. Mutlaq haqiqat deganda fanning keyingi rivojlanish jarayonida o‘zining
mazmunini
saqlab
qoladigan
va
rad
etilmaydigan,
balki
faqat
muayyanlashtiriladigan va yangi mazmun bilan boyitiladigan bilim tushuniladi.
Masalan: Eynshteynning nisbiylik nazariyasi Nyutonning klassik mexanika
qonunlari kashf etilganidan so‘ng kashf etildi. Bu – «mutlaq haqiqat» atamasining
eng muhim ma’nosi. Yaxlit bilim tizimi bilimning mutlaqo haqiqiy elementlarini
hamda qayta ko‘riladigan va rad etiladigan nisbatan haqiqiy elementlarini o‘z
ichiga oladi.
Xulosalar. Fanning hali ancha yosh bo‘lsa-da, lekin shakllangan an’anasiga
ko‘ra barcha fanlar uchga: tabiiy, ijtimoiy va texnik fanlarga bo‘linadi. Biroq bu
guruhlar bir-biri bilan qancha raqobatlashmasin, jamuljam holda ular olamni
mumkin qadar to‘la tushunib yetish bilan bog‘liq umumiy maqsadni ko‘zlaydi.
Nazorat uchun savollar
1. Hozirgi vaqtda ijtimoiy, texnikaviy va tabiiy fanlardan tashqari yana qanday
fanlar ham farqlanadi?
2. Ilmiylikning mantiqiy mezoni hajmiga qanday talablar kiritilgan?
3. Taniqli fan faylasufi Rudolf Karnap statistik qonuniyatlarni tavsiflar ekan,
nimalarga e’tiborni qaratadi?
4. Ob’ektivlikka ta’rif bering
5. F.Girenok ob’ektivlik tamoyilini qanday ta’riflashni taklif qiladi?
6. «Ilmiylik mezonlari» monografiyasi muallifi va mohiyati?
7. Vilgelm Vindelband (1848-1915) fanlarni predmeti haqida. (Esse)
8. Dilteyning fanlarning tasnifi haqidagi ta’limoti(esse)