FAN IJTIMOIY-MADANIY HODISA (Fan tushunchasining tahlili, Fan tarixiga oid yondashuvlar, Fanning funksiyalari)
Yuklangan vaqt
2024-07-21
Yuklab olishlar soni
3
Sahifalar soni
28
Faytl hajmi
186,5 KB
FAN IJTIMOIY-MADANIY HODISA
1.1. Fan tushunchasining tahlili
1.2. Fan tarixiga oid yondashuvlar
1.3. Fanning funksiyalari
1.4. Fan taraqqiyotining asosiy bosqichlari
1.1. Fan tushunchasining ma’nosi.
Fan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida insoniyatning kundalik ehtiyojlariga
javob sifatida paydo bo‘ldi. Ko‘p sonli ta’riflarga ko‘ra fan bilim faoliyat va
ijtimoiy hodisa sifatida namoyon bo‘ladi. Bilim sifatida fan atrof borliq narsalari
va jarayonlarini amalda aniq, izchil va tadrijiy bilishga qaratilgan.
Faoliyat sifatida fan maqsadlarni belgilash, qarorlar qabul qilish, yo‘l
tanlash, o‘z manfaatlarini ko‘zlash, mas’uliyatni tan olish maydonida amal qiladi.
V.I.Vernadskiy fanning aynan faoliyat sifatidagi talqinini alohida qayd etgan edi:
«Fanning mazmuni ilmiy nazariyalar, gipotezalar, modellar bo‘lib, u yaratuvchi
dunyoning manzarasi bilan cheklanmaydi, uning negizi asosan ilmiy omillar va
ularning empirik xulosalaridan tashkil topadi, tirik odamlarning ilmiy ishi uning
asosiy jonli mazmunini tashkil etadi»1.
Faoliyat sifatidagi fan ob’ektivlik, aniqlik, haqiqiylik mezonlariga javob
beruvchi bilimlar tizimi sifatida amal qiluvchi ilmiy bilim o‘ziga erkinlik hududini
ta’minlashga, mafkuraviy va siyosiy yo‘nalishlarga nisbatan betaraf bo‘lishga
harakat qiladi. Olimlar o‘z umrini baxshida etuvchi haqiqat yo‘lidagi izlanishlar
hamma narsadan ustun turadi, fanning bosh omili va asosiy boyligi hisoblanadi.
1 Вернадский В.И. Проблема биохимии. – М., 1988. – 252-б.
Fanning uchinchi – institutsional talqini uning ijtimoiy tabiatiga urg‘u beradi
va uning borlig‘ini ijtimoiy ong shakli sifatida moddiylashtiradi. Umuman
olganda, fanning institutsional ko‘rinishi bilan ijtimoiy ongning boshqa shakllari:
din, siyosat, huquq, mafkura, san’at va hokazolar ham bog‘liq.
Ijtimoiy institut yoki ijtimoiy ong shakli sifatidagi fan ilmiy tashkilotlar,
ilmiy hamjamiyat a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tizimini, me’yorlar va
qadriyatlar tizimini tashkil etadi. Biroq o‘n minglab va hatto yuz minglab odamlar
o‘z kasbini topgan institut sifatidagi fan yaqin o‘tmishdagi rivojlanish mahsulidir.
Zotan, faqat XX asrga kelib olim kasbi o‘z ahamiyatiga ko‘ra ruhoniy va qonunchi
kasbi bilan tenglashdi.
Ijtimoiy madaniy hodisa sifatidagi fan ikki yo‘nalishda davlat boshqaruv
tizimi va jamoa sifatidagi fanda namoyon bo‘ladi.
Davlat boshqaruvi tizimi sifatidagi fan bu universitetlar, ilmiy tadqiqot
institutlari, laboratoriyalarida boshqaruvning davlat boshqaruvi darajasida amalga
oshishini nazarda tutadi, jamoa sifatidagi fan esa bu kafedralar, bo‘limlarda
ishlayotgan olimlar, xodimlar bo‘lib, ularga odamlarning tipik ko‘rinishiga xos
bo‘lgan barcha fazilatlar va illatlar xosdir. Shu bois, jamoa sifatidagi fanda
haqiqiy fan fidoiylari bilan bir qatorda munofiqlar, fikr o‘g‘rilari va amalparastlar
ham faoliyat yuritadi.
J.Bernal fan tushunchasiga amalda ta’rif berish mumkin emasligini qayd
etib, fanning mohiyatiga yaqinlashish imkonini beruvchi yo‘llarni belgilaydi.
Uning fikricha fan:
1) institut;
2) metod;
3) ilmiy an’analarning shakllanishi;
4) ishlab chiqarishning rivojlanish omili;
5) e’tiqodlar va insonning dunyoga munosabatini shakllantiruvchi eng kuchli
omil sifatida namoyon bo‘ladi1.
1 Қаранг: Бернар Дж. Наука в истории общества. – М., 1956. – 18-б.
«Etimologik lug‘at»da fanga «tabiiy hodisalarni kuzatish, tasniflash,
tavsiflash, tajribada sinash va nazariy tushuntirish taomillarini ko‘rsatish vositasi»
deb ta’rif berilgan2. Bu ta’rif asosan amaliy xususiyat kasb etadi.
E.Agassi fan «ob’ektlar haqidagi fikr-mulohazalarning oddiy majmui
sifatida emas, balki ob’ektlarning muayyan sohasi haqidagi nazariya sifatida»
qaralishi lozimligini qayd etadi3. Bu ta’rifda ilmiy va oddiy bilimni farqlashga
da’vo, fan ob’ektni o‘rganishni uni nazariy tahlil qilish darajasiga yetkazgan
taqdirdagina to‘laqonli xususiyat kasb etishiga ishora mavjud.
Shunday qilib, fan bilan faqat dalillar majmuini qayd etish va ularni
tavsiflashni bog‘lash mumkin emas. Biz narsalar va hodisalarni tushuntirish va
ularni taxmin qilish tamoyillarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan taqdirdagina
to‘laqonli fanga ega bo‘lamiz. Ko‘pgina olimlar ma’lum tamoyillar, soddalik
mavjud bo‘lmasa, fan ham mavjud bo‘lmaydi, deb hisoblaydilar. Bu bahsli fikr.
Chunki fanning yetukligi nafaqat soddalik va aniqlik, balki teran nazariy,
konseptual daraja bilan ham belgilanadi. Agar inson mushohada yuritishni emas,
balki unga barcha dalillar taqdim etilishini xohlayotgan bo‘lsa, u fanning dastlabki
bosqichida emas, balki bu bosqichning nuqtai nazarida turgan bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda fan avvalo ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida namoyon
bo‘ladi. Bu fan jamiyatda amal qiluvchi rang-barang kuchlar va ta’sirlarga bog‘liq
ekanligi, ijtimoiy kontekstda o‘z ustuvor vazifalarini belgilashi, murosai madoraga
moyilligi va o‘zi ham jamiyat hayotini sezilarli darajada belgilashini anglatadi. Shu
tariqa ikki xil munosabat qayd etiladi: fan ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida
insoniyatning dunyo haqida haqiqiy, aniq bilim olish va yaratishga bo‘lgan
muayyan ehtiyojiga javob tariqasida yuzaga kelgan va o‘z mavjudlik jarayonida
jamiyat hayotining barcha jabhalari rivojlanishiga ancha kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Fanga ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida qaralishi shu bilan izohlanadiki,
uning asoslarini o‘rganish to‘g‘risida so‘z yuritilgan taqdirda bugungi kunda biz
fan deb ataydigan hodisaning chegarasi «madaniyat» chegarasigacha kengayadi.
2 Қаранг: Холтон Дж. Что такое антинаука // Вопросы философии. 1992. №2.
3 Қаранг: Агацци Э. Моральное измерение науки и техники. – М., 1998. – 12-б.
Boshqa tomondan, fan o‘zining dastlabki – faoliyat va texnologiya sifatidagi
talqinida madaniyatning birdan-bir barqaror va «haqiqiy» poydevori roliga
da’vogar bo‘ladi.
Ijtimoiylik munosabatlarining o‘zi odamlarning odamlar xususidagi
munosabatlari va odamlarning narsalar xususidagi munosabatlari sifatida
tushuniladi.
Bundan
fan
ijtimoiy-madaniy
hodisa
sifatida
insoniy
munosabatlarning barcha jabhalariga kirib boradi, u odamlar o‘rtasidagi
munosabatlarning
asosiy
negizlaridan
ham,
narsalarni
ishlab
chiqarish,
ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol qilish bilan bog‘liq barcha faoliyat
shakllaridan ham o‘rin oladi, degan xulosa kelib chiqadi. Hozirgi texnokratik asr
qonuni shunday yangraydi: «Hamma narsa ilmiy, ilmiy asoslangan va ilmiy
tekshirilgan bo‘lishi lozim». Fanning bunday yuksak maqomidan u inson
hayotining barcha jabhalariga rasman faol kirib borishi kerak, degan xulosa kelib
chiqadimi yoki, aksincha, bu fanga insoniyat hayotidagi barcha salbiy jarayonlar
uchun mas’uliyat yuklaydimi? Bu savol ochiq qolmoqda. Shu narsa aniqki, fan,
ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida, doim jamiyatda shakllangan madaniy an’nalarga,
qabul qilingan qadriyatlar va me’yorlarga tayanadi.
Ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida tushuniladigan fan jamiyat mulkiga
aylangan va ijtimoiy xotirada saqlanayotgan bilimlarni o‘zlashtirmasdan rivojlana
olmaydi. Fanning madaniy mohiyati uning axloqiy tamoyillar va qadriyatlar bilan
boyib borishiga sabab bo‘ladi. Fan etosining yangi imkoniyatlari intellektual va
ijtimoiy mas’uliyat muammosi, qarorlar qabul qilishning shaxsiy jihatlari, ilmiy
hamjamiyat va jamoadagi ma’naviy muhit muammolarida namoyon bo‘ladi.
Ijtimoiy-madaniy hodisa sifatidagi fanni tushuntirishning mushkulligi shu
bilan izohlanadiki, fan o‘z erkinligidan voz kechmaydi va ijtimoiy munosabatlar
kontekstiga butunlay singib ketmaydi. Fan, hech shubhasiz, «kommunitar
(kollektiv) korxona»dir. Biron-bir olim o‘z hamkasblarining yutuqlariga,
odamzotning umumiy xotirasiga tayanmasligi mumkin emas. Fan juda ko‘p
odamlarning hamkorligini talab qiladi, u intersub’ektivdir.
Ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida tushuniladigan fan sivilizatsion rivojlanish
tipi bilan taqqoslashni nazarda tutadi. A.Toynbi taklif qilgan tasnifga ko‘ra
sivilizatsiyaning 21 tipi farqlanadi. Eng umumiy yondashuv sivilizatsiyalarning
ikki xili: an’anaviy va texnogen sivilizatsiyalarni hisobga olib, umumiy
sivilizatsion farqlashni taklif qiladi. Texnogen sivilizatsiyalar XV-XVII asrlarda
Yevropa mintaqasida texnogen jamiyatlar paydo bo‘lishi munosabati bilan yuzaga
kelgan. Ayrim an’anaviy jamiyatlar texnogen jamiyatlarga qo‘shilib ketgan,
ayrimlari esa, texnogen va an’anaviy mo‘ljallar o‘rtasida rivojlanib, aralash
xususiyat kasb etgan.
Texnogen rivojlanishning madaniy matritsasi uch bosqich: oldindustrial,
industrial va postindustrial bosqichlardan o‘tadi. Texnika va texnologiyaning
rivojlanishi uning muhim ko‘rsatkichiga aylanadi. Rivojlanishning texnogen tipi –
bu tabiiy muhitning jadal sur’atlarda o‘zgarishi, uning odamlar ijtimoiy
aloqalarining faol o‘zgarishi bilan birikishidir. Texnogen sivilizatsiya yuzaga
kelganiga 300 yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan. U ancha agressiv bo‘lib, ko‘pgina
eski madaniy an’analarning halokatiga sabab bo‘ladi. Tashqi dunyo inson faoliyati
maydoniga aylanadi. Inson o‘zgartiruvchi va zabt etuvchi faoliyatga turtki
beruvchi markaz sifatida amal qiladi. «Kuch» tushunchasi ishtirokidagi umumiy
madaniy munosabatlar tavsifi shundan kelib chiqadi: ishlab chiqarish kuchlari,
ilmiy kuchlar, intellektual kuchlar va h.k.
An’anaviy va texnogen jamiyatlarda shaxs erkinligi muammosiga nisbatan
munosabat ham har xildir. An’anaviy jamiyatga shaxs erkinligi umuman xos emas,
shaxs imkoniyatlarini faqat muayyan korporatsiyaga mansublik orqali, korporativ
aloqalar elementi sifatida ro‘yobga chiqarish mumkin.
Texnogen jamiyatda har xil ijtimoiy birliklar va madaniy an’analar bilan
o‘zaro munosabatlarga kirishish imkonini beruvchi shaxs erkinligi himoya
qilinadi. Inson faol mavjudot sifatida tushuniladi. Uning faoliyati ekstensiv bo‘lib,
sirtga, tashqi dunyo va tabiatni bo‘ysundirish va o‘zgartirishga qaratiladi. Biroq
tabiat har xil texnogen mashg‘ulotlar uchun tubsiz rezervuar bo‘lishi mumkin
emas, chunki inson faoliyati azaldan biosfera dominanti emas, balki uning
komponenti hisoblanadi.
1.2.Fan taraqqiyotiga oid yondoshuvlar tasnifi.
Fan tarixining empirik bazasini o‘tmishdagi ilmiy matnlar, kitoblar, jurnal
maqolalari, olimlarning o‘zaro yozgan xatlari, nashr qilinmagan qo‘lyozmalar va
h.k. tashkil qiladi. Lekin, bu bilan fan tarixchisi o‘z tadqiqoti uchun yetarli
materialga ega bo‘la oladimi? Yo‘q, chunki olim biror narsani kashf qilganda, uni
yolg‘on xulosalarga olib kelgan turli xato yo‘llarni unutishga harakat qiladi va
bunda tarixni ob’ektiv o‘rganishga harakat qiladi.
Agar tarixiy ilmiy tadqiqot ob’ekti o‘tmish bo‘lsa unda bunday tadqiqot
doimo ob’ektivlikka da’vo qilishga intiladi. Barcha tarixchilar kabi fan
tarixchilariga ham tadqiqotlarda asos bo‘ladigan, bir-biridan farq qiladigan ikki
yo‘nalish ma’lum: prezentizm (o‘tmishni hozirgi zamon tilida tushuntirilishi) va
antikvarizm (o‘tmishning to‘liq manzarasini hozirgi zamonga bog‘lamasdan
tiklash). Hozirgi kunda fanda umuman foydalanilmagan o‘zga tarix, madaniyat,
tafakkur uslubi, o‘zga bilimni o‘rganar ekan, fan tarixchisi o‘z davrining
in’ikosinigina tiklashga harakat qilmayotganmikan? Bu ma’noda prezentizm ham,
antikvarizm ham fan tarixchilari e’tirof qilgan bartaraf qilib bo‘lmaydigan
qiyinchiliklarga duch keladi. Zero, o‘tmishni hozirgi zamon tilida tushuntirish
mafkuraning tazyiqi ostida qolishni ifodalasa, o‘tmishni hozirgi zamonga
bog‘lamasdan tiklash tarixiy vorisiylikni inkor qiladi. ( tarixiy vaoqealardan
misollar keltiring).
Fan taraqqiyoti haqidagi tarixiy tadqiqotlarda o‘ziga xos iz qoldirgan yana
ikki oqim XX asrning 30 yillarida paydo bo‘ldi. 1931 yildagi jahon
faylasuflarining
Londonda
o‘tkazilgan
kongressida
B.M.Gassen
Nyuton
mexanikasining ijtimoiy-iqtisodiy ildizlari haqida ma’ruza qiladi. Bu ma’ruza
kongress ishtirokchilarida katta taassurot qoldiradi va u fan tarixi bilan
shug‘ullanuvchi ingliz faylasuflarini ikki guruhga bo‘ladi. G‘arb fani tarixida
paydo bo‘lgan bu yo‘nalishlar eksternalizm va internalizmdir.
Internalizm va eksternalizm. Ilmiy bilimning o‘sish yo‘llari va
yo‘nalishlarini qaysi omillar belgilaydi? Fanning rivojlanish mantiqi nima bilan
belgilanadi? Bu savollarga javob topish yo‘lidagi harakatlar ikki tarixiy-
metodologik yondashuv – internalizm va eksternalizm o‘rtasida bahs-
munozaralarga sabab bo‘ldi. Ingliz fizik va fanshunos olimi J.Bernal (1901-1971)
«Fanning ijtimoiy funksiyalari», «Fan va jamiyat», «Jamiyat tarixida fan» kabi
maqolalarini nashr qiladi va eksternalizmga asos soladi. Bu yo‘nalish
namoyondalari E.Silzel, R.Merton, A.Krombi, S.Lippi va h.k. fan taraqqiyoti va
ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar orasida o‘zaro bog‘liqlik borligini asoslashga
harakat qilganlar. Ya’ni, eksternalizm tamoyiliga ko‘ra fanning rivojlanishi tashqi
determinatsiya bilan tavsiflanadi, ya’ni tashqi, ijtimoiy-tarixiy omillar ta’siri bilan
belgilanadi
Fan tarixi haqidagi eksternalizm konsepsiyasi ba’zi fanshunos olimlar
orasida norozilikni uyg‘otadi va unga qarama-qarshi internalizm, ya’ni immanent
konsepsiya shakllanadi. Internalizm vakillari A.Koyre, Dj.Prayz, R.Xoll,
Dj.Rendell, Dj.Agassi va boshqalar fikriga ko‘ra, fan ijtimoiy voqelikdagi tashqi
ta’sir vositasida emas, balki o‘zining ichki evolyusiyasi, tafakkur uslubining ijodiy
salohiyati natijasida rivojlanadi. Demak internalizm tamoyiliga ko‘ra: fanning
rivojlanishi ichki determinatsiya bilan tavsiflanadi, ya’ni ilmiy bilishga ichdan xos
bo‘lgan qonuniyatlar bilan belgilanadi.
Internalistlar g‘oyalar faqat g‘oyalardan kelib chiqishini ta’kidlaydilar.
Ularning fikricha, g‘oyalar paydo bo‘lishining tadrijiy ketma-ketligi mavjud. Bu
ketma-ketlikni buzishga hech qanday tashqi ta’sirlar qodir emas. Fan
rivojlanishining ichki determinatsiyasi yana shu bilan ham belgilanadiki,
eksperimental tadqiqotlar uchun maxsus apparatura talab etiladi, uni yaratish
uchun esa metallar va boshqa xil materiallarning xossalari, ularga ishlov berish
usullari, mexanik, kimyoviy, elektrik, optik va boshqa jarayonlar haqida ilmiy
bilimlarning zaruriy darajasiga erishish talab etiladi.
Internalizm ijtimoiy sharoitlar fanning rivojlanish jarayoniga ta’sir
ko‘rsatishini, albatta, inkor etmaydi, lekin bu ta’sirni ahamiyatga molik emas deb
hisoblaydi.
Eksternalistlar esa, aksincha, fan rivojlanishining ijtimoiy sharoitlariga
tayangan holda mazkur rivojlanish sabablarini tushunish mumkin emasligini
ta’kidlaydilar. Ularning fikricha, fan jamiyat faoliyatining mahsulidir, u ijtimoiy
mehnat tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Har qanday ijtimoiy mehnat kabi, ilmiy
faoliyat ham jamiyat ehtiyojlarini qondirishga qaratiladi. Fan o‘z rivojlanishining
alohida qonuniyatlariga ega ekanligini eksternalistlar tan oladilar. Ammo uning
rivojlanish jarayonini harakatlantiruvchi kuchlar – bu ijtimoiy ehtiyojlardir.
Olimlarni turli-tuman muammolar qiziqtirishi mumkin, lekin har bir tarixiy davrda
fan rivojlanishining umumiy yo‘nalishi oxir-oqibatda jamiyat ehtiyojlari bilan
bog‘liq vazifalarni yechishga qaratilgan.
Masalan, qadimgi Misrda geometriyaning rivojlanishi har yili Nil
daryosining toshqinidan so‘ng yer maydonlarining chegaralarini o‘rnatish
zaruriyati bilan belgilangan («geometriya» so‘zining o‘zi aslida «er o‘lchash»
degan ma’noni anglatadi). Yangi davrda matematika va mexanikaning taraqqiyoti
mashinada ishlab chiqarishning vujudga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Siyosiy
iqtisod bozor iqtisodiyotining rivojlanish ehtiyojlarini qondirish uchun yaratilgan
fan sifatida e’tirof etiladi.
Internalistlar
ilmiy
bilimning
kumulyativistik
talqinini
qo‘llab-
quvvatlashga moyil bo‘lsalar, eksternalizmga antikumulyativistik qarashlarning
tarafdorlari moyildirlar. Kun va Feyerabend g‘oyalarida ilmiy hamjamiyat
qarashlarining shakllanishida va uning yangi ilmiy nazariyalar va paradigmalarga
o‘tishini asoslashda ijtimoiy-tarixiy va psixologik omillar birinchi darajali
ahamiyat kasb etadi.
Eksternalistlar internalistlarni fanga jamiyatning ijtimoiy buyurtmasi rolini
kamsitishda ayblaydilar. Ularning fikricha, internalizm ilmiy bilimlarning o‘sishiga
«shaxssiz» jarayon sifatida qaraydi, aslida bu jarayonga tarixan konkret jamiyat
a’zolari sanalgan fan bunyodkorlarida shakllanuvchi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va
dunyoqarashga doir mo‘ljallar hamda ularning individual shaxsiy-psixologik
fazilatlari, aql va iste’dod xususiyatlari kuchli ta’sir ko‘rsatishini e’tiborga
olmaydi. Fanga internalistik yondashuv nima uchun ilmiy bilimlarning o‘sishi
tarixan mutanosib emasligini, nima sababdan u ayrim mamlakatlarda jadal
sur’atlarda kechishi va ayni vaqtda ba’zi mamlakatlarda hech qanday ilmiy
yutuqlar qo‘lga kiritilmasligini tushunish imkoniyatini bermaydi.
Masalan, antik Gresiyada ilmiy-falsafiy tafakkurning misli ko‘rilmagan
darajada rivojlanishini nima bilan tushuntirish mumkin? Nima uchun algebra
xristian mamlakatlarida emas, balki arab dunyosida paydo bo‘lgan? Nima uchun
XVI-XVII asrlardagi ilmiy inqilob Sharqda emas, balki Yevropada yuz bergan,
axir Xitoy, Hindiston, arab davlatlari o‘z vaqtida madaniy rivojlanishda
Yevropadan ancha oldinda bo‘lgan-ku? Bunday savollarga internalistlar javob bera
olmaydilar, chunki bu yerda sabablarni fan ichida emas, balki fan mavjudligining
ijtimoiy sabablaridan izlash kerak.
Bunga javoban internalistlar eksternalizm fan yutuqlarining noilmiy
omillarga bog‘liqligini bir yoqlama va yuzaki talqin qilishini vaj qilib ko‘rsatadilar.
Ular fan yutuqlarining o‘zi ham ijtimoiy ehtiyojlarning shakllanishiga ta’sir
ko‘rsatishini e’tiborga olmaydilar. Ular ilmiy g‘oyalarning rivojlanish mantiqini
hamda o‘zi yechayotgan vazifalar doirasini o‘zi tanlaydigan olimning ilmiy
tadqiqot erkinligini e’tibordan soqit etadilar.
Ijtimoiy ehtiyojlar fanni o‘z imkoniyatlari chegarasidan chetga chiqishga
majbur eta olmaydi. Ijtimoiy buyurtma fan faqat u tabiat qonunlariga zid
bo‘lmagan va ilmiy bilim rivojlanishining ichki mexanizmlari uni mazkur
buyurtmani bajarish uchun zaruriy holatga olib kelgan taqdirdagina bajarishi
mumkin.
Masalan, o‘rta asrlar Yevropasida o‘latga qarshi kurash vositalariga ehtiyoj
juda kuchli bo‘lsa-da, fan bu ijtimoiy ehtiyojni qondirishga ojiz bo‘lgan. Suv
toshqini va zilzilalarni bashorat qilish va ularning oldini olish asrlar mobaynida
muhim ijtimoiy vazifa bo‘lib kelmoqda. Fan bu vazifani ham hanuzgacha yecha
olgani yo‘q.
«Internalizm – eksternalizm» jumbog‘i yechib bo‘lmaydigan jumbog‘
emas. Uni faqat mazkur yo‘nalishlar doirasida ilgari surilayotgan g‘oyalar
mutlaqlashtirilgan holdagina yechib bo‘lmaydi. Ammo ikkala oqim vakillari
o‘rtasidagi munozaralarda fan rivojlanishi ichki va tashqi determinatsiyasining
dialektik birligi manzarasi namoyon bo‘ladi. Bular fanning qo‘shimchalilik
munosabatida bo‘lgan harakatlantiruvchi kuchlaridir.
Ichki determinatsiya ilmiy g‘oyalarning rivojlanishi va ilmiy bilimlarning
bir
darajasidan
boshqa
darajasiga
o‘tish
mantiqini,
fan
rivojlanish
bosqichlarining tadrijiyligini, ilmiy tadqiqotlar (kashfiyotlar, loyihalar, empirik
ma’lumotlar, nazariy tizimlar) natijalarining ob’ektiv mazmunini belgilaydi.
Tashqi determinatsiya u yoki bu ijtimoiy sharoitlarda ilmiy bilimlar
rivojlanishining yetakchi tendensiyalarini, fanni rivojlantirishning ustuvor
yo‘nalishlarini tanlashni, uning rivojlanish sur’atlarini, fan maqsadlari va
ideallarini, uning madaniyatdagi o‘rni va ahamiyatini qanday talqin qilishni
belgilaydi. Bunda ichki va tashqi omillar bir-biri bilan birikishi va o‘zaro aloqaga
kirishishini, fanning rivojlanish jarayonining tarixan belgilangan rang-barang
stimullari, shakllari va mexanizmlarini yaratishini e’tiborga olish zarur.
Eksternalizm va internalizm yo‘nalishi namoyondalari uchun umumiy
bo‘lgan fikrga ko‘ra, fan o‘rta asrlardan Yangi davrga o‘tish jarayonidagi
madaniyat tarixidagi olamshumul voqeadir. Pozitivizmning fan haqidagi fikrlariga
qarshi o‘laroq, ular ilmiy metod insonda ob’ektiv voqelikni idrok qilishning tabiiy
vositasi emas, balki har xil omillar ta’sirida shakllanishini ta’kidlaydilar, biroq bu
omillarni ular turlicha tushunadilar. Masalan, eksternalizm vakillari E.Silzel va
Dj.Nidam bu omillarni kapitalizm paydo bo‘lishi hamda shakllanishi davrida
hunarmandlarning yuqori tabaqalari va universitet olimlari faoliyati o‘rtasidagi
ijtimoiy to‘siqni bartaraf etish bilan bog‘liq, deb hisoblaydilar. R.Merton ilmiy
metodning alohida jihatlari ratsionalizm va empirizmni protestant etikasi ta’sirida
shakllangan, deb hisoblaydi. Fransuz faylasufi, fanshunos olim, internalist A.Koyre
(1892-1964) tafakkur uslubini tubdan qayta qurish fan paydo bo‘lishining omili,
deb hisoblaydi. Bu qayta qurishni u ierarxik tartibli dunyo sifatidagi Kosmos
haqidagi antik tasavvurlarning parchalanishida ko‘radi. U kosmos g‘oyasi barcha
narsalar aynan bitta reallik darajasiga tegishli bo‘lgan noaniq va cheksiz
Universum (umumiylik) g‘oyasi bilan almashinadi deb hisoblaydi. A.Koyre
fikricha Kosmos haqidagi bunday antik tasavvurlarning parchalanishi inson aqlida
yuz bergan buyuk ilmiy revolyusiyadir. Fan taraqqiyotiga ta’sir qiluvchi keyingi
omil sifatida olim borliqning geometrizatsiyasini tushunadi, ya’ni Galileygacha
bo‘lgan davr fizikasidagi borliqni Yevklid geometriyasidagi gomogen borliq bilan
almashtiradi. Uning fikricha, kuzatish va eksperiment emas, (zero ularning fan
taraqqiyotidagi ahamiyatini inkor qilmasada), balki aynan maxsus fan tilining
yaratilishi eksperimentlar uchun zaruriy sharoit hisoblanadi (u uchun bu til
matematika, xususan, geometriyadir). Koyre, fan shakllanishi davrigacha bo‘lgan
ilmiy fikrni uch davrga bo‘lish mumkin, deb izohlaydi
Ssientizm va antissietizm. Ba’zi bir ilmiy davralarda fanning roli va
ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud bo‘lib, u “ijobiy”, “foydali”
bilim sifatida fanni “mavhum” va “tajribaga asoslanmagan” falsafaga qarshi
qo‘yadi. Bunday qarashlar ssientistik deb, nazariy tafakkur yo‘nalishi esa –
ssientizm (lot. scientia va ingl. science – fan, bilim) deb ataladi. Csientizm fan
texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini mutlaqlashtiradi. Antissientizm falsafiy
bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e’lon
qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va mistika, intuitsiya, iroda va shu kabilarni
mutlaqlashtiradi.
Fanning mikrokonteksti va makrokonteksti. Davrimizga xos fanlararo
tadqiqotlar har qanday natija jamoa kuch-g‘ayratining mahsuli ekanligiga urg‘u
beradi. Biroq kommunitarlikning ijtimoiylikdan farqini tushunish uchun fan
mikrokonteksti va makrokonteksti tushunchalarini ilmiy muomalaga kiritish lozim.
Fanning mikrokonteksti u yoki bu davr sharoitida ishlayotgan ilmiy hamjamiyat
xususiyatlariga fanning bog‘liqligini anglatadi. Fanning makrokonteksti fan
rivojlanuvchi kengroq ijtimoiy-madaniy muhitdagi bog‘liqliklar haqida bahs etadi;
bu fan ijtimoiy mezonining ifodasidir. Boshqacha aytganda, har bir jamiyat o‘z
ma’rifatli rivojlanish darajasiga mos keluvchi fanga ega bo‘ladi.
Tadqiqotchilar fanning «tashqi» va «ichki» ijtimoiyligiga ishora qiladilar4.
Fanga nisbatan siyosatni, uning rivojlanishini quvvatlash yoki tiyib turish
usullarini belgilovchi u yoki bu tipdagi jamiyat va davlat faoliyatining ijtimoiy-
iqtisodiy, mafkuraviy va ma’naviy omillariga bog‘liqlik fanning «tashqi»
ijtimoiyligini tashkil etadi. Olimning fikrlash va o‘z qobiliyatini namoyon etish
uslubini boyituvchi ilmiy hamjamiyat va ayrim olimlar ichki mental mo‘ljallari,
me’yorlari va qadriyatlarining ta’siri, davr xususiyatlariga bog‘liqlik «ichki»
ijtimoiy haqidagi tasavvurni tashkil etadi.
Fan taraqqiyotining asosiy omillari. Fan taraqqiyoti nima bilan belgilanadi,
degan savolga javob izlashda nafaqat fan va ishlab chiqarishning munosabatlarini,
balki boshqa ko‘plab omillarni ham qayd etish lozim. Ular orasida institutsional,
intellektual, falsafiy, diniy va hatto estetik omillar bor. Shu sababli sanoat inqilobi,
iqtisodiy o‘sish yoki tanazzul, barqarorlik yoki beqarorlikning siyosiy omillari
ijtimoiy ongning boshqa shakllari tizimida fanning mavjudligini ko‘p jihatdan
belgilovchi omillar sifatida tushunilishi lozim.
1.3.Fanning funksiyalari.
Fan funksiyalarining tasnifi muammosi hanuzgacha bahsli bo‘lib
qolmoqda. Bu holat qisman fan o‘z zimmasiga yangi va yangi funksiyalarni olib
rivojlangani, qisman u ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida amal qilib, ob’ektiv va
shaxssiz qonuniyat haqida emas, balki fan-texnika taraqqiyotining barcha
yutuqlarini amalga tatbiq etish haqida o‘ylay boshlagani bilan izohlanadi. Fanning
ijtimoiy funksiyalari haqidagi masala alohida va ustuvor ahamiyatga ega muammo
sifatida qayd etiladi.
Fanning asosiy maqsadi doim ob’ektiv bilimlarni yaratish va tizimga solish
bilan bog‘liq bo‘lgani tufayli, fanning zaruriy funksiyalari tarkibiga borliq
jarayonlari va hodisalarini fanda kashf etilgan qonunlar asosida tavsiflash,
tushuntirish va bashorat qilish kiritilgan. Fan, ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida,
4 Қаранг: Торосян В.Г. Концепции современного естествознания. – Краснодар, 1999. – 16-б.
ko‘p sonli munosabatlar, shu jumladan iqtisodiy, ijtimoiy-psixologik, mafkuraviy,
ijtimoiy-tashkiliy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Bilish faoliyati madaniyat
borlig‘i bilan mushtarakdir.
Haqiqiy bilimni yaratish funksiyasi fan binosini quruvchi asosiy funksiya
hisoblanadi. U kichik funksiyalar: tavsiflash, tushuntirish, prognoz qilishga
bo‘linadi.
Fanning
loyihalash-konstruksiyalash
funksiyasi
borliqni
amalda
o‘zgartirish bosqichidan oldin keladi va har qanday darajadagi intellektual
izlanishning ajralmas qismi hisoblanadi. Loyihalash-konstruksiyalash funksiyasi
mutlaqo yangi texnologiyalarni yaratish bilan bog‘liq bo‘lib, bu bizning
davrimizda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi5.
Fanning madaniy-texnologik funksiyasi insonning bilish faoliyati sub’ekti
sifatida materialga ishlov berish, uni o‘zlashtirish va bilish jarayoniga jalb qilish
bilan bog‘liqdir.
Fanning madaniy funksiyasi faqat samarali natija, ya’ni ilmiy faoliyat
natijalari madaniyatning umumiy salohiyatini ham tashkil etishi bilan bog‘liq
emas. Fanning madaniy funksiyasi o‘zining protsessualligi bilan kuchli. U avvalo
insonni faoliyat va bilish sub’ekti sifatida shakllantirishni nazarda tutadi.
Individual bilishning o‘zi faqat madaniyatda qabul qilingan va mavjud bo‘lgan
madaniylashtirilgan, ijtimoiy shakllarda amalga oshiriladi. Individga bilish
vositalari va usullari tayyor holda taqdim etiladi. Individ ular bilan ijtimoiylashuv
jarayonida tanishadi. Tarixan u yoki bu davrning kishilik jamiyati doimo borliqni
o‘rganishning umumiy leksik vositalariga ham, umumiy vositalarga ham, maxsus
tushunchalar va taomillarga ham ega bo‘lgan. Ilmiy bilim hayotga chuqur kirib,
odamlar ongi va dunyoqarashini shakllantirishning muhim negizini tashkil etib,
shaxsning shakllanishi yuz beruvchi ijtimoiy muhitning ajralmas tarkibiy qismiga
aylandi.
Fan jamiyatdagi jarayonlarni ijtimoiy tartibga solish funksiyasini bajaradi.
U jamiyat ehtiyojlariga ta’sir ko‘rsatadi, oqilona boshqarishning zaruriy shartiga
5 Қаранг: Швырев В.С. Научное познание как деятельность. – М., 1984. – 12-б.
aylanadi. Har qanday yangilik dalillar bilan ilmiy asoslashni talab qiladi. Fanni
madaniy-ijtimoiy tartibga solish mazkur jamiyatda shakllangan ta’lim va tarbiya
tizimi orqali hamda tadqiqotchilik faoliyati va fan etosiga jamiyat a’zolarini jalb
qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Fanni olimlar hamjamiyati rivojlantiradi. Shu sababli fan muayyan ijtimoiy
va kasbiy tashkilotga, rivojlangan kommunikatsiyalar tizimiga ega bo‘ladi. Frensis
Bekon o‘z davrida shunday deb qayd etgan edi: «Fanning takomillashuvini biron-
bir odamning qobiliyati yoki uddaburonligidan emas, balki bir-birining o‘rniga
keluvchi ko‘plab avlodlarning izchil faoliyatidan kutish lozim». Olim – doim u
yoki bu ijtimoiy-madaniy muhit vakili. Mavjud ilmiy-ijodiy imkoniyatlarga butun
ijtimoiy-madaniy maydonning ta’siri fan preparatining «soflik» darajasini
ko‘rsatadi.
Fanda haqiqatni izlash, tanqid, bahs, munozara ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Olim o‘zining kasbiy mahoratini maqolalar, asarlar e’lon qilish, ilmiy davralarda
ma’ruzalar bilan chiqish, fanga doir malakaviy talablarga javob berish orqali
muttasil tasdiqlaydi va ko‘pincha o‘z opponentlari-hamkasblari bilan ham,
jamoatchilik fikri bilan ham murakkab munosabatlarga kirishadi. Olim
faoliyatining e’tirof etilishi unga ilmiy daraja va unvonlar berilishi bilan bog‘liq.
Fanda eng nufuzli mukofot Nobel mukofoti hisoblanadi.
Albatta, shaxsning ijodiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqmasligi yoki ijtimoiy
tizim bunga imkoniyat bermasligi ham mumkin. Biroq ixtiro qilish, biror yangi
narsani kashf etishga jamiyat emas, balki faqat teran aql va zarur bilimlarga ega
bo‘lgan individgina qodirdir.
Fan va texnika taraqqiyoti davrida fanning o‘rni va ahamiyati tinimsiz o‘sib
bordi. Natijada uni ichki differensiatsiyalashning yangi shkalasiga ehtiyoj tug‘ildi.
Katta fanda ayrim olimlar evristik izlanish faoliyatiga – yangi g‘oyalarni ilgari
surishga, ayrim olimlar analitik va eksplikatsion faoliyatga – mavjud g‘oyalarni
asoslashga, ba’zim olimlar – ularni tekshirishga, yana bir toifa olimlar esa –
olingan ilmiy bilimni amalga tatbiq etishga ko‘proq moyil ekanligi ayon bo‘lib
qoldi.
Sotsiologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, fan bilan aholining faqat 6-8%
shug‘ullanishga qodir. Ba’zan tadqiqotchilik faoliyati va oliy ta’limni qo‘shib olib
borish fanning asosiy va empirik jihatdan aniq belgisi hisoblanadi. Bu fan kasbiy
faoliyatga aylanib borayotgan sharoitda juda o‘rinlidir. Ilmiy-tadqiqotchilik
faoliyati zarur va barqaror ijtimoiy-madaniy an’ana sifatida e’tirof etiladi. Bu
faoliyatsiz jamiyat normal mavjud bo‘lishi va rivojlanishi mumkin emas. Fan har
qanday ma’rifatli davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi.
Fanning bunyodkor kuch funksiyasi jamiyatning iqtisodiy ehtiyojlarini
qondirish uchun o‘z imkoniyatlarini bevosita ro‘yobga chiqaradi. Bunda u
odamlar xo‘jalik-madaniy rivojlanishining muhim omili sifatida amal qiladi.
XVIII-XIX asrlardagi sanoat to‘ntarishi natijasida yuzaga kelgan yirik mashinali
ishlab chiqarish fanning bevosita bunyodkor kuchga aylanishi uchun moddiy negiz
bo‘lib xizmat qildi. Har bir yangi kashfiyot ixtiro uchun asosga aylanadi. Ishlab
chiqarishning rang-barang tarmoqlari fanning turli tarmoqlari ma’lumotlarining
bevosita texnologik qo‘llanilishi sifatida rivojlana boshlamoqda. Bu tarmoqlarga
tijorat keng kirib kelmoqda. Boshqa erkin kasblardan farqli o‘laroq, fan bir lahzada
iqtisodiy foyda keltirmaydi va bevosita naf ko‘rish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq
emas, shu sababli tirikchilik uchun mablag‘lar topish muammosi olim uchun har
doim juda muhim bo‘lgan. Hozirgi zamon fanining rivojlanishiga ko‘p miqdorda
mablag‘lar kiritish va bunda ular o‘zini tez oqlashiga umid qilmaslik talab etiladi.
Fanning
siyosat
vositasidagi
funksiyasi
jamiyatning
mafkuraviy
ehtiyojlariga javob berishda amal qiladi. Markscha mafkura fanni to‘la va yalpi
nazorat qilgani, kibernetika, genetika, matematik mantiq va kvant nazariyasiga
qarshi kurash olib borgani XX asr fani tarixidan yaxshi ma’lum. Markscha fan
rivojlanishining bu jihatiga baho berar ekan, E.Agassi shunday xulosa chiqaradi:
«Mafkura fanni unga mafkuraviy fikrlashga nisbatan ustunlikni ta’minlagan
ob’ektiv bilim imidjidan mahrum etishga harakat qildi... Markschilar fan, ayniqsa
ilmiy faoliyat amaliy sohalarda va hokimiyat bilan munosabatlarda (pragmatik
daraja) ijtimoiy jabhaga bog‘liq ekanligini qayd etardilar, bundan tashqari, fanni
texnologiya bilan tenglashtirishga moyil edilar»6.
Rasmiy fan jamiyatning asosiy mafkuraviy mo‘ljallarini qo‘llab-
quvvatlash, mavjud hokimiyat va mafkura o‘zining imtiyozli mavqeini saqlashiga
yordam beruvchi intellektual dalillar va amaliy vositalar taqdim etishga doimo
majburdir.
Bu
jihatdan
fan
mafkuradan
«ruhlanishi»,
uni
o‘zida
mujassamlashtirishi lozim. T.Kun ta’biri bilan aytganda, «olimlar boshqotirmalarni
yechishni o‘rganadilar va buning orqasida katta mafkura turadi»7. Shu sababli
fanning betarafligi haqidagi xulosa doimo qizg‘in munozaraga sabab bo‘ladi.
Mafkurani
o‘zlashtirish
ongsiz
darajada,
birlamchi
ijtimoiylashuv
jarayonida yuz beradi, shu sababli fan, garchi u har qanday mafkuradan butunlay
xoli bo‘lishga harakat qilsa-da, mafkura ta’siridan hech qachon to‘la xalos bo‘la
olmaydi. Mafkuraning xususiyatlari qatoriga mafkurachilar uning haqiqatni ataylab
buzib ko‘rsatishi, dogmatizm, murosasizlik, falsifikatsiyalanmaslikni kiritadilar.
Fan mutlaqo qarama-qarshi tamoyillarga amal qiladi: u borliqni aniq va to‘g‘ri aks
ettirishga harakat qiladi, raqobatdosh nazariyalar bilan ko‘pincha murosaga keladi,
hech qachon erishilgan natija bilan kifoyalanmaydi va falsifikatsiyalanishga
moyildir.
Mafkuraning fanga munosabati quyidagi modellarda amal qiladi:
1) qoralash;
2) befarqlik (u yoki bu fan o‘z holicha rivojlanishiga yo‘l qo‘yib beradi);
3) rahnamolik va ekspluatatsiya qilish. Bunda muayyan yo‘nalishlarni
rivojlantirish, rivojlanish jarayonini sekinlashtirish yoki to‘xtatishga qaratilgan
mexanizmlar ishga solinadi.
Fanning ijtimoiy funksiyasi fan metodlari va uning ma’lumotlaridan
ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning keng ko‘lamli rejalarini tuzish uchun
foydalanilishini nazarda tutadi. Fan o‘zini ijtimoiy kuch funksiyasida
davrimizning olamshumul muammolarini (tabiiy resurslarning kamayishi,
6 Қаранг: Агацци Э. Моральное измерение науки и техники. – М., 1998. – 2-б.
7 Американский философ Джованна Боррадори беседует с Куайном, Дэвидсоном, Патнэмом, Нозиком,
Данто, Рорти, Кэйвлом. – М., 1998. – 200-б.
atmosferaning ifloslanishi, ekologik xavf miqyosini aniqlash) hal qilish chog‘ida
namoyon etadi. O‘zining bu funksiyasida fan ijtimoiy boshqaruv bilan bog‘lanadi.
Jamiyat muttasil ta’sirining sezilishi bugungi kunda fan «ijtimoiy
buyurtma»ni
bajarishga
majburligi
bilangina
izohlanmaydi.
Texnologik
ishlovlarning qo‘llanish oqibatlari uchun katta axloqiy mas’uliyat har doim olim
zimmasiga yuklanadi. Aniq fanlarga nisbatan maxfiylik xususiyati juda muhim
ahamiyat kasb etadi. Bu, xususan, harbiy sanoat sohasida maxsus buyurtmalarni
bajarish bilan bog‘liq. Darhaqiqat, shunday texnologiyalar va ishlovlar mavjudki,
insoniyat uchun ulardan foydalanish o‘ziga o‘zi ziyon yetkazish yoki o‘zini o‘zi
qirg‘in qilish bilan barobar.
Fanni belgilovchi ijtimoiy-psixologik omillar ilmiy tadqiqot kontekstiga
tarixiy va ijtimoiy ong haqidagi tasavvurlarni, olimning shaxsi va ma’naviy
qiyofasi, bilishning kognitiv mexanizmlari va uning faoliyatini rag‘batlantiruvchi
omillar haqidagi mulohazalarni kiritishni taqozo etadi. Ular fanni sotsiologik
o‘rganish majburiyatini yuklaydi, chunki fan, ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida, o‘z
rivojlanishining nafaqat ijobiy, balki salbiy oqibatlari bilan ham tavsiflanadi.
Faylasuflar fanning qo‘llanilishi o‘zining axloqiy va insoniy mazmunini
yo‘qotishidan ehtiyot bo‘lishga chaqiradilar. Bu holda fan qattiq tanqid ob’ektiga
aylanadi, olimlar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish muammolari muhim ahamiyat
kasb etadi.
1.4.Fan rivojlanishining asosiy bosqichlari.
Fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida
faqat XVII-XVIII asrlarda to‘la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni
aytish mumkinki, bu I.Nyuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab,
shu tariqa tabiatshunoslikning bo‘limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan,
bosh tamoyillari esa bundan yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley
tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan
keyin yuz berdi.
Miloddan avvalgi I ming yillikdan XVI asrgacha bo‘lgan davr ilk fan
davridir. Bu davrda asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, hayot
tajribasi va mehnat faoliyati jarayonida olingan amaliy bilimlar bilan bir qatorda
juda umumiy va mavhum mushohadalarga asoslangan nazariyalar xususiyatiga ega
bo‘lgan tabiat haqidagi dastlabki falsafiy tasavvurlar (naturfalsafa) vujudga kela
boshlagan. Ilmiy bilim kurtaklari naturfalsafa doirasida uning elementlari sifatida
shakllangan. Matematik, astronomik, tibbiy va boshqa masalalarni yechishda
foydalaniladigan ma’lumotlar, usullar va metodlar jamlanishi bilan falsafada
tegishli bo‘limlar vujudga kelgan va keyinchalik asta-sekin shakllanayotgan ayrim
fanlar: matematika, astronomiya, tibbiyot va hokazolarga ajralib chiqgan.
Jumladan, Aristotelning falsafiy asarlarida fizika, zoologiya, embriologiya,
mineralogiya, geografiya kabi fanlarning kurtaklariga duch kelish mumkin.
Miloddan avvalgi III-II asrlarda falsafiy bilim tarkibida statistik mexanika,
gidrostatika, geometrik optika (xususan, ko‘zgular haqidagi alohida fan – «ka-
toptrika») farqlanadi va nisbatan mustaqil ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo
mutafakkirlari al-Xorazmiy matematika, al-Farg‘oniy astranomiya, al-Beruniy
mineralogiya va geografiya, Ibn Sino tibbiyot, Mirzo Ulug‘bek astranomiya,
Alisher Navoiy adabiyot ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shdi va ular ijodi
mahsullari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Biroq bu fanlarda
ayrim tasodifiy kuzatishlar va amaliyot ma’lumotlari umumlashtiriladi-yu, lekin
eksperimental metodlar hali qo‘llanilmaydi, aksariyat nazariy qoidalar esa asossiz
va tekshirib bo‘lmaydigan spekulyatsiyalar mahsuli hisoblanadi. Ammo ko‘rib
chiqilayotgan davrda vujudga kelgan ilmiy fanlar bu davr mobaynida falsafiy bilim
qismlari sifatida talqin qilinishda davom etgan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, hatto XVII asr oxirida Nyuton o‘zining
fizika asoslarini yaratgan «Natural falsafaning matematik asoslari» deb nomlangan
asarini e’lon qilgan. Shunday qilib, falsafadan alohida faoliyat sohasi sifatidagi fan
hali mavjud bo‘lmagan: u asosan falsafa doirasida, ilmiy bilimlarning boshqa
manbai – hayot amaliyoti va hunarmandchilik san’ati bilan bir vaqtda va u bilan
juda zaif aloqada rivojlangan.
Xullas, bu davrda Qadimgi Yunonistonda “Platon akademiyasi”( 2013
yilda Platon akademiyasiga 2400 yil to‘lishi bilan XXIII Jahon Falsafa Kongressi
Gresiyaning Afina shahrida o‘tkazildi), Markaziy Osiyoda “Ma’mun akademiyasi”
tashkil etilgan, ilmiy bilim rivojida muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsada,
madaniyatning alohida shakli sifatida fan paydo bo‘lishidan oldingi «embrional»
davri hisoblanadi.
2. XVI-XVII asrlar – 1 ilmiy inqilob davri bo‘lib, u klassik fan davri deb
nomlanadi va XIX asrgacha davom etadi. U Kopernik va Galiley tadqiqotlaridan
boshlanib, Nyuton va Leybnisning fizika va matematika sohasidagi fundamental
asarlari bilan o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Galiley vafoti (1642 yil 8 yanvar)dan
so‘ng oradan bir yil o‘tgach Nyuton tug‘ilgani (1643 yil 4 yanvar) ramziydir.
Fanning bu buyuk ijodkorlari yashagan davr –kashfiyotlar hamda yangi ilmiy
g‘oyalarning mualliflari sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi
kurash olib borgan romantik davrdir.
Bu
davrda
hozirgi
vaqt
tabiatshunosligining
asoslari
yaratilgan.
Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim dalillar
tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat
qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada
asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog‘liq
bo‘lgan yangi me’yorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o‘z metodologiyasini
yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni yechishga
tobora faolroq yo‘naltirilgan.
Biroq fan o‘zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan
sug‘orilgani sari u o‘z tarixiy vatani – falsafa qirg‘oqlaridan uzoqlasha boshlaydi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr oxiriga kelib u falsafiy, diniy, teologik aqidalardan
qat’iy nazar rivojlanishi mumkin bo‘lgan bilimlar tizimi sifatida tushunila
boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi.
Professional olimlar paydo bo‘ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi
universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O‘z faoliyati, muloqot va axborot
ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo‘lgan ilmiy hamjamiyat
vujud keladi.
XVII asrda dastlabki ilmiy akademiyalar: London qirollik jamiyati (1660),
Parij Fanlar akademiyasi (1666) tashkil topadi. Keyinroq Berlinda (1700), Sankt-
Peterburgda (1724), Stokgolmda (1739) va Yevropaning boshqa poytaxt
shaharlarida ilmiy akademiyalar ta’sis etiladi. Bu akademiyalarning eng yirigi -
London qirollik jamiyati bo‘lib, u tashkil etilgan paytda 55 a’zodan iborat bo‘lgan.
Parij Fanlar akademiyasi 21 kishidan iborat tarkibda ish boshlagan. Sankt-
Peterburg akademiyasining a’zolar shtatida dastlab 11 kishi belgilangan. Yevropa
mamlakatlarida XVIII asr boshiga kelib olimlar soni bir necha ming kishiga yetgan
bo‘lsa kerak, chunki ilmiy jurnallarning (bu davrda bir necha o‘n ilmiy jurnallar
nashr etilgan) tirajlari ming nusxagacha borgan.
3. XIX asr oxiri XX asrning 70 yillar fani noklassik fan davri deb
ataladi. Bu davrda ko‘plab ayrim ilmiy fanlar vujudga keladi, ularda ulkan dalilik
material to‘planadi va tizimga solinadi. Matematika, fizika, kimyo, geologiya,
biologiya, psixologiya va boshqa fanlarda fundamental nazariyalar yaratiladi.
Texnika fanlari vujudga keladi va moddiy ishlab chiqarishda yanada sezilarliroq
rol o‘ynay boshlaydi. Fanning ijtimoiy roli ortadi, uning rivojlanishi o‘sha davr
mutafakkirlari tomonidan ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida e’tirof
etiladi.
XVIII asrning o‘rtalarida jahonda fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar 10
ming kishidan oshmagan bo‘lsa, XIX asr oxiriga kelib olimlar soni 100 ming
kishiga yetadi. XVI asrda «olim odamlar»ning yarmidan ko‘prog‘i diniy ma’lumot
olgan kliriklar edi. XIX asrda fan ijtimoiy mehnatning mustaqil tarmog‘iga
aylanadi va u bilan universitetlar va institutlarning maxsus fakultetlarini
tamomlagan «dunyoviy» professional olimlar shug‘ullanadi. 1850 yilda jahonda
mingga yaqin ilmiy jurnallar nashr etiladi, 1950 yilga kelib esa ularning soni 10
mingdan oshadi. 1825 yilda nemis kimyogari Yu. Libix ilmiy laboratoriya tashkil
qiladi va u olimga ko‘p miqdorda daromad keltira boshlaydi. XIX asr oxiriga kelib
bunday laboratoriyalar soni ko‘payadi. Fan tijoratchilar, tadbirkorlar e’tiborini
o‘ziga tobora ko‘proq torta boshlaydi. Ular olimlarning ishlab chiqarish, sanoat
ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarini mablag‘ bilan ta’minlay boshlaydilar.
4. XX asrning 70 yillarida fan rivojlanishida yangi bosqich
boshlanadi. Bu davr fani postnoklassik deb ataladi, chunki mazkur asr
bo‘sag‘asida fanda inqilob yuz beradi va buning natijasida u oldingi davrning
klassik fanidan sezilarli darajada farq qila boshlaydi. XIX-XX asrlar chegarasida
amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga
soladi. Matematikada to‘plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy
asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada
klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko‘rishga majbur qilgan fundamental
nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasi yaratiladi. Biologiyada
genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda
yangi fundamental nazariyalar paydo bo‘ladi. Ilmiy bilimning shakl-shamoyilida,
fan metodologiyasida, ilmiy faoliyatning shakl va mazmunida, uning me’yorlari va
ideallarida olamshumul o‘zgarishlar yuz beradi.
XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o‘zgarishlarga olib keladi.
Bu o‘zgarishlar adabiyotlarda ko‘pincha fan-texnika inqilobi sifatida tavsiflanadi.
Bu o‘zgarishlar shu bilan bog‘liqki, Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy
rivojlangan mamlakatlarda fan yutuqlari ilgari misli ko‘rilmagan miqyosda
amaliyotga – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kundalik hayotga joriy
etiladi. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik,
aviatsiya), elektronikada (televidenie, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan
o‘zgarishlar yasaydi. Fanning rivojlanishi eng yangi harbiy texnikani yaratishning
asosiy omiliga aylanadi va «ikki lager»ning urushdan keyingi qarama-qarshiligi
sharoitida avj olgan qurollanish poygasi yirik davlatlarni ilmiy-texnikaviy
tadqiqotlarga ulkan mablag‘larni sarflashga majbur qiladi.
XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida fan texnika taraqqiyoti axborot
(kompyuter) inqilobi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu bosqichning o‘ziga xos
xususiyati shundaki, axborot jamiyat rivojlanishining muhim resurslaridan biriga
aylandi. Shu tariqa fan bilan bog‘liq yuksak texnologiyalar, ular bilan mushtarak
ta’lim endilikda har qanday jamiyatning sivilizatsion rivojlanish darajasini
belgilamoqda. Ilmiy kashfiyotlar va ularning amalga tatbiq etilishi o‘rtasidagi
masofa mumkin qadar qisqaradi. Ilgari fan yutuqlaridan amalda foydalanish
usullarini topish uchun 50-100 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda bunga 2-3
yilda yoki hatto bundan ham qisqaroq vaqt ichida muvaffaq bo‘linmoqda.
Davlat ham, xususiy firmalar ham fan rivojlanishining istiqbolli
yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta xarajatlar qilishi tabiiy bir hol bo‘lib
qoldi. Natijada XX asrning oxirida fan jadal sur’atlarda o‘sib, ijtimoiy mehnatning
muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. «Katta fan» davri boshlandi. Ko‘p sonli ilmiy
muassasalar ishiga son-sanoqsiz odamlar ommasi jalb qilindi. Olim kasbi kam
uchraydigan kasb bo‘lmay qoldi. Hozirgi vaqtda ilmiy faoliyat o‘zlarini qiziqtirgan
muammolarni yechishga buning butun xavf-xatarini o‘z bo‘yniga olib qo‘l urgan
ayrim mutafakkirlarning mashg‘uloti emas, balki buyurtmaga, rejali topshiriqqa
binoan ishlaydigan, uni belgilangan muddatda bajarish va o‘z ishi haqida hisobot
berishga majbur bo‘lgan yirik jamoalarning ishi. Hozirda ilmiy mehnat – industrial
mehnatning bir turi. Fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar hozir «ilmiy xodimlar» deb
atalishi bejiz emas.
Hozirgi zamon fani Katta fan deb ataladi. XX asr oxirida yer yuzidagi
olimlar soni 5 mln. kishidan oshgan bo‘lsa, XXI asrning birinchi o‘n yilligida 6
milliondan oshib ketdi. Fanda 15 ming yo‘nalish va bir necha yuz ming ilmiy
jurnallar mavjud. Yangi energiya manbalari va axborot texnologiyalari – hozirgi
zamon fanining istiqbolli yo‘nalishlari. Fanning internatsionalizatsiyalashuvi
tendensiyalari kuchayib bormoqda, fanning o‘zi fanlararo kompleks tahlil
predmetiga aylanmoqda. Uni o‘rganishga nafaqat fanshunoslik, fan falsafasi, balki
sotsiologiya, psixologiya va tarix ham kirishmoqda.
Shuni alohida qayd etish lozimki, mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq
O‘zbekistonda fanning barcha sohalari rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zFA) mamlakatimizning
bosh ilmiy tashkiloti bo‘lib, uning tarkibida 36 ta ilmiy tadqiqot muassasalari, 4ta
davlat
muzeyi, 3
ta hududiy
bo‘lim:
Xorazm
Ma’mun
akademiyasi,
Qoraqolpog‘iston va Samarqand bo‘limi, 4 ta Andijon-Namangan, Buxoro,
Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo ilmiy bo‘limlari kiradi, bugungi kunda
ularning moddiy texnika bazasi yangi texnologiyalar bilan ta’minlandi.
2007 yilning 2 oktyabrida O‘zFA “Astranomiya” institutining olimlari
B.Xafizov
hamda
A.Sergeevlar
tomonidan
Maydanak
baland
tog‘
observatoriyasida (Qashqadaryo vil.) kashf qilingan kichik sayyora 2010 yilda
Prezidentimiz Islom Karimovning taklifiga ko‘ra fan, jumladan, astronomiya
ilmida olimu fuzalolarga doimo boy bo‘lib kelgan qadimiy
shahar
“Samarqand” nomi bilan ataldi va u AQShning “Garvard kichik sayyoralar”
forumida “210271” raqami bilan ro‘yxatga olindi, hamda O‘zbekistoniya, Abu Ali
ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, al-Xorazmiy kabi kichik sayyoralar qatoridan
o‘rin oldi. 2013 yilda Yaponiya olimlari tomonidan kashf qilingan navbatdagi
kichik sayyoraga “Maydanak” deb nomlanishi o‘zbek ilmining jahonda e’tirof
etilishining
ifodasidir.
Shunnigdek
O‘zbekistonda
Quyosh
energiyasidan
foydalanish bo‘yicha katta ilmiy tadqiqot ishlarining olib borilish bir tomondan
kelgusidagi energiya tanqisligini oldini olishga yo‘naltirilgan sa’y harakat bo‘lsa,
ikkinchi tomondan o‘zbek olimlarining yuksak ilmiy salohiyatidan darak beradi.
Fanning obrazi. Fan obrazi ijtimoiy ongda qanday namoyon bo‘ladi, degan
savolga uzil-kesil javob berish mumkin emas. Fan obrazi juda serqirra. Tabiiyki,
olimlar ko‘z o‘ngida fan madaniyatning muhim hodisalaridan biri sifatida,
jamiyatning ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlaydigan va har tomonlama qo‘llab-
quvvatlashga loyiq bo‘lgan noyob boyligi sifatida namoyon bo‘ladi. Ammo fan
haqida undan uzoq bo‘lgan odamlarning fikri qanday? Ommaviy ongda fan qanday
shakl-shamoyil kasb etadi? O‘z-o‘zidan ravshanki, oddiy xalqning fan haqidagi
tushunchasi olimlarning tasavvurlari bilan qay jihatdandir muvofiq kelishi, qay
jihatdandir esa undan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Ammo bu obraz
madaniyat mentaliteti bilan muvofiq keladi va shu nuqtai nazardan ulkan rol
o‘ynaydi.
Qadim
zamonlarda
fan
donishmand-faylasuflarning
aqliy
mashg‘uloti
(«intellektual o‘yini») sifatida keng ommaga begona bo‘lgan. Jamiyat a’zolarining
aksariyati bu «o‘yin»ning mazmun va mohiyatini tushunish, boz ustiga unda
ishtirok etish uchun yetarli savodga ega bo‘lmagan. Olimlar o‘rgangan muammolar
xalqning bevosita amaliy ehtiyojlaridan ancha yiroq bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa
kerak, aholi quyi tabaqalarining madaniyatida «kitobiy» fan Yangi davrgacha
«oqsuyaklar ermagi» sifatida tushunilgan. Ammo o‘rta asrlar jamiyatining
ko‘pgina vakillari hatto o‘qishni ham bilmagan oliy aristokratiyasi davrasida ham
fanga past nazar bilan qaralgan.
Ma’rifat davri fan obrazini yangi bo‘yoqlar bilan boyitadi. Savodxonlikning keng
tarqalishi bilan ilmiy muammolar haqidagi tasavvurlar ham kengayadi, fanning
amaliyotga yaqinlashishi esa keng omma ko‘z o‘ngida uning obro‘si oshishiga
ko‘maklashadi. Ma’rifatchilarning ma’naviy yo‘lboshchilari XVIII-XIX asrlar
Yevropa madaniyatida fan jamiyat hayotini yaxshilashga qodir bo‘lgan kuch,
taraqqiyot omili sifatida tushunila boshlashiga erishish yo‘lida ko‘p zahmat
chekadilar. Fanning oliy vazifasi haqidagi g‘oya kundalik muomaladan o‘rin
oladi. Fan yutuqlaridan hayratlanish, ilmiy kashfiyotlar bilan qiziqish rasm
bo‘ladi. «Ilmiylik» o‘ziga xos sifat belgisiga aylanadi.
Fan muayyan odamlar – olimlar tomonidan amalga oshiriluvchi faoliyat turi
sifatida namoyon bo‘ladi. Ba’zan fan hatto olimlar bajaradigan ish sifatida ham
ta’riflanadi. Olimlar asosan tarqoq holda faoliyat olib boradilar, ularning ayrimlari
maxfiy laboratoriyalarda ishlasa, ayrimlari murakkab hisoblash va isbotlashlar
bilan shug‘ullanadi. Ularning hammasi faqat o‘z hamkasblari tushunadigan tildan
foydalanadi. Ayni vaqtda kashfiyot muayyan olimning shaxsiy hissasidan qat’i
nazar u yoki bu tarzda amalga oshirilgani haqidagi tasavvur o‘rnini nazariya ortida
muayyan olim, faylasuf yoki mutafakkir shaxsi turishini aniq tushunish
egallamoqda.
Fanlarning differensiatsiyasi va integratsiyasi. Differensiatsiya va
integratsiya jarayonlarining dialektik ziddiyatlarga to‘la o‘zaro aloqasi natijasida
ilmiy bilim tizimi yanada murakkabroq tus oladi. Turli fanlar o‘rtasidagi g‘ov-
to‘siqlar buziladi. Differensiatsiya natijasida fanda mavjud nazariyalarning jami
soni ko‘payadi, lekin, shu bilan bir vaqtda, integratsiyalashuv yo‘lidagi harakatlar
oz sonli fundamental nazariyalarning o‘rna va ahamiyatini kuchaytiradi. Masalan,
hozirgi zamon tabiatshunosligida minglab turli-tuman nazariyalar o‘rtasida o‘zaro
bog‘liqlik va mustaqillik, qo‘shimchalilik va raqobat, muvofiqlik va tafovut,
muodillik va nomuvofiqlik kabi son-sanoqsiz rang-barang munosabatlar mavjud.
Ammo fundamental nazariy tizimlar (masalan, mexanika, elektrodinamika,
elementar zarralar nazariyasi) barmoq bilan sanarli bo‘lib, ular boshqa ko‘p sonli
tabiiy-ilmiy nazariyalarning negizini tashkil etadi.
Fanning ijtimoiy-madaniy mo‘ljallari. Fan – dunyo haqidagi bilimlarni
ishlab chiqarish texnologiyasi. Har qanday ishlab chiqarishda bo‘lganidek, fanda
ham ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini ta’minlash talab etiladi. Haqiqat – har
qanday ilmiy mahsulot ega bo‘lishi talab etiladigan va fan o‘zida mavjud barcha
vositalar bilan ta’minlashi shart bo‘lgan eng muhim sifat xossasi. Olim uchun
haqiqat u o‘z faoliyatida erishishga harakat qiladigan eng oliy qadriyatdir.
Jamiyat (xalq, davlat, u yoki bu ijtimoiy guruh) o‘zi qay jihatdandir kerakli
va nimagadir foydali deb hisoblagan haqiqatlargagina qiziqish bildiradi, qolgan
haqiqatlarga esa befarq qaraydi yoki hatto ularning tan olinishiga qarshi chiqadi
(agar bu zarar keltiradi, deb hisoblasa). Jamiyat o‘ziga haqiqatdan boshqa hech
narsa bermaydigan ishga pul sarflamaydi. Haqiqiy, lekin hech kimga kerak
bo‘lmagan bilim uni olish bilan bog‘liq mehnatga haq to‘lashga tayyor
iste’molchilarni topmaydi.
O‘tmishda, «ilk fan» davrida (XVI asrga qadar) ilm bilan shug‘ullanish
asosan o‘z ixtiyorida mavjud resurslar bilan kifoyalanishga qodir bo‘lgan o‘ziga
to‘q odamlarning xususiy ishi hisoblangan. Antik faylasuflar hatto o‘z faoliyati
uchun pul olishni uyatli ish deb hisoblaganlar (o‘qituvchilik bilan tirikchilik qilgan
sofistlar bundan mustasno). O‘rta asr olimlari – sxolastlarning aksariyati monaxlar
va ruhoniylar bo‘lgan. Bu olimlar ilohiyot va diniy ta’lim bilan shug‘ullanganlari
bois, cherkov ularni ta’minlashga tayyor bo‘lgan. O‘sha davrda falsafa va
ilohiyotning tarkibiy qismi sifatida tushunilgan fan madaniy shakl hisoblangan,
uning muxlislari ilmiy faoliyat bilan asosan o‘z shaxsiyatini namoyon etish uchun
shug‘ullanganlar, ayrimlar uchun esa ilm bir ermak – ta’bir joiz bo‘lsa,
«intellektual o‘yin» sanalgan.
XVI - XVII asrlar ilmiy inqilobi nafaqat fanning mazmunida o‘zgarish
yasadi, balki uning sof «havaskorlik» ishi sifatida o‘sish imkoniyatini ham yo‘qqa
chiqardi. Eksperimentning mustahkam zaminiga o‘rnashgan fan o‘z rivojlanishiga
yanada ko‘proq xarajatlar talab qila boshladi. Fanning turli jabhalarida ishlash
uchun ko‘p sonli professional olimlar talab etiladi. Fanga laboratoriyalar va
laboratoriya asbob-uskunalari, muzeylar, kutubxonalar va hokazolar uchun
mablag‘lar kerak bo‘ladi. Shu tariqa fan ayrim havaskorlarning xususiy ishi
sifatida mavjud bo‘la olmaydigan mehnat sohasiga aylanadi. U jamiyat va
davlatning madadini talab qiladi.
Ammo bunday moddiy madadni fan faqat o‘zining jamiyat uchun foydali
ekanligini amalda isbotlash yo‘li bilan olishi mumkin. Ayni shu sababli fanning
ijtimoiy-madaniy mo‘ljallarida o‘zgarishlar yuz beradi: olimlar oldida haqiqatning
tagiga yetish vazifasi bilan bir qatorda jamiyat manfaatlariga xizmat qilish vazifasi
paydo bo‘ladi.
«Sof» haqiqat ilmiy qadriyat bo‘lib qoladi, lekin olimning haqiqat sari
intilishga bo‘lgan huquqi haqiqatning tagiga yetishi mumkin bo‘lgan foydali
natijalarning noilmiy, ijtimoiy qimmati bilan asoslanadi.
Fan rivojlanishining klassik davrida olimlar fan natijalari amalda
qo‘llanilishini o‘z tadqiqotlarining maqbul, lekin muqarrar bo‘lmagan oqibati deb
hisoblaydilar. Ammo fan o‘zining foydali bo‘lish qobiliyatini (ayniqsa sanoat
texnikasining rivojlanishi uchun) amalda namoyon etishiga qarab jamiyat undan
ayni shu yo‘nalishda olg‘a siljishni talab qiladi. Amaliy tadqiqotlar va ishlanmalar
davlat hamda sanoat korchalonlari tomonidan fundamental fanga qaraganda
ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadi. Ilmiy hamjamiyat ongida fanning bosh mo‘ljali
haqiqatning tagiga yetish yo‘lida izlanishlar olib borish, foyda esa – shu
izlanishlarning «qo‘shimcha» mahsuli hisoblangan bo‘lsa, ijtimoiy ongda aksincha
– ilmiy haqiqat foydaga xizmat qilishi kerak, deb hisoblanadi. Olimlar fanning
«ziyokorligi»ni birinchi o‘ringa qo‘ysalar, jamiyat uchun uning «unumdorligi»
birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Fan va jamiyat o‘rtasidan «qora mushuk
o‘tadi».
Fan va falsafaning mutanosibligi. Fan rivojlanishning yuksak darajasiga
erishgan bo‘lsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ular
faol
o‘zaro
ta’sirga
kirishib,
bir-birining
rivojlanishiga
samarali
ta’sir
ko‘rsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy materialga, sinovdan
o‘tgan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, o‘zining mavhum g‘oyalarini borliq bilan
taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd etish va tavsiflash bilan
cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
XXI asr boshiga kelib jahonda olimlar soni qariyb olti millionga yetdi,
taxminan shuncha odam fanga xizmat ko‘rsatuvchi mehnat bilan band (laborantlar,
texniklar, nashriyotlarning xodimlari va h.k.). Yerda qadim zamonlardan boshlab
to XXI asrning boshiga qadar yashagan olimlarning umumiy sonini olsak, ularning
o‘ndan to‘qqiz qismi bizning zamondoshlarimiz ekanligi ayon bo‘ladi. Rivojlangan
mamlakatlarda ilmiy xodimlar soni mehnatga qobiliyatli aholining qariyb 10% ni
tashkil qiladi, fanni ta’minlashga milliy daromadning 5% dan ko‘prog‘i sarflanadi.
Shuni tan olish lozimki, hozirgi zamonda jamiyat ko‘p jihatdan fanning
ulkan yutuqlari tufayli o‘zini o‘zi yo‘q qilish yoqasiga kelib qoldi. Bu ilmiy
taraqqiyotni to‘xtatish kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy
munosabatga bo‘ysundirish va balki uning qaysidir yo‘nalishlarini cheklash
zarurligi to‘g‘risidagi masala kun tartibiga qo‘yilmoqda. Ilmiy izlanishning
insonparvarlashuvi, uning yo‘llari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu
davrimizning muhim muammolaridir.
Ayni shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy tusga
ega bo‘lgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini taxmin
qilish o‘rinli bo‘ladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yo‘q. Tarix fan falsafadan
qancha ko‘proq ajralsa, unda shuncha ko‘proq masala va muammolar paydo
bo‘lishini, ya’ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki, aksincha, ko‘payishini
ko‘rsatadi. Buning sababi nimada? Bu savolga javobni fan va falsafaning o‘ziga
xos xususiyatlaridan, ularni alohida-alohida tavsiflovchi masalalar va ularning
yechimlari o‘rtasidagi tafovutdan qidirish, o‘rinli bo‘ladi.
Nazorat uchun savollar
1 Fan nima?
2. Fan funksiyalarining o‘zaro aloqadorligi va farqi
4. Hozirgi vaqtda fan avvalo qanday hodisa sifatida namoyon bo‘ladi?
5. Fanning madaniy-texnologik funksiyasining mohiyati va mazmuni
nimada?
6. XX asr oxirida yer yuzidagi olimlar soni necha kishidan oshib ketdi?
7. XVIII-XIX asrlardagi qanday jarayon fanning bevosita bunyodkor kuchga
aylanishi uchun moddiy negiz bo‘lib xizmat qildi?
8. Pol Dirakning «Tenglamalar go‘zalligi ularning eksperiment bilan
muvofiqligidan muhimroqdir» prinsipi.(Esse)
9. Fan taraqqiyotining asosiy bosqichlari (Esse)