Favqulodda vaziyatlarda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish
Yuklangan vaqt
2024-07-21
Yuklab olishlar soni
3
Sahifalar soni
14
Faytl hajmi
2,5 MB
Favqulodda vaziyatlarda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish
Reja:
1. O‘zbekiston Respublikasida halokatlar tibbiy xizmatining tashkil etilishi va
uning asosiy vazifalari.
2. Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning tartib va qoidalari.
3. Yurak-o‘pka reanimatsiyasi (qayta jonlantirish)ni o‘tkazish qoidasi.
1. O‘zbekiston Respublikasida halokatlar tibbiy xizmatining tashkil
etilishi va uning asosiy vazifalari.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-aprel, 171-
sonli “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday
vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini samarali tashkil etish chora-
tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi va hududlarni tinchlik va urush davrlarida
muhofaza qilish chora – tadbirlari ko‘rsatib berilgan. Muhofaza tadbirlarida
favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish alohida ahamiyat
kasb etadi.
Ta’kidlash lozimki, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam,
mulkiy shakli va boshqaruvidan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga
bepul ko‘rsatiladi. Hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga
shoshilinch tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam
ko‘rsatishni rad etish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi Farmoniga
muvofiq «Halokatlar tibbiy xizmati» (HTX) faoliyat ko‘rsatmoqda.
«Halokatlar tibbiyoti» bu tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda
aholi salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan maxsus ilmiy-amaliy tadbirlar majmuidir.
2
Asosiy e’tibor favqulodda vaziyatlarda shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj
bo‘lgan ko‘p sonli jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga qodir bo‘lgan tibbiy
kadrlarni tayyorlashga qaratilmoqda. Ana shu maqsadda respublika tibbiyot oliygohlari
va o‘rta tibbiyot o‘quv muassasalarida «Halokatlar tibbiyoti» bo‘yicha talabalar uchun
maxsus kurslar kiritilgan. HTX ishining o‘ta muhim tarkibiy qismi favqulodda
vaziyatlarda harakat qoidalari va individual tartibda (o‘ziga va o‘zaro yordam) birinchi
tibbiy yordam ko‘rsatish asoslariga aholini o‘qitish xisoblanadi.
Bugungi kunda shoshilinch tibbiy yordam tizimining tarkibi Respublika
shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyat filiallari, tuman va shahar
tibbiyot birlashmalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari, tez tibbiy yordam
stansiyalari va sanitar aviatsiyasi xizmatini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch
tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-4985-son
Farmoniga asosan “Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi” “Respublika
shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi” deb qayta nomlandi.
Markazning asosiy vazifalari:
- aholiga bepul asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik
shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamni tashkil etish va
ko‘rsatish;
- tezkorlikning
zamonaviy
jahon
talablariga,
yuqori
texnologik
va
samaradorlikka muvofiq bo‘lgan shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati tizimi
faoliyatiga tashkiliy-metodik va amaliy rahbarlik qilish;
- shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini, uning birlamchi tibbiy yordam
tizimi bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, aholining
nogironligi va o‘limini pasaytirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga
oshirish;
- yangi, samarali texnologiyalarni yaratish, kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar
diagnostikasi va davolashning ustuvor yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish,
shuningdek, ularni sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish;
3
- shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimining shifokorlarini va o‘rta tibbiyot
xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog
kadrlar tayyorlash;
- yetakchi xorijiy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik
o‘rnatish, tajriba almashish, shoshilinch tibbiyot sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib
borish.
Tibbiy yordamni tashkil qilish
Favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishda halokatning
ko’lami va sanitariya talafotining hajmiga qarab belgilanadi. Albatta, tabiiy ofat yoki
ishlab chiqarish avariyalardan katta talafot ko’rilganda, buning oqibatlarini tugatishda
maxsus yondashuvlar talab etiladi. Jumladan, bunday holatlarda jabrlanganlarga iloji
boricha talafot o‘chog‘ining o‘zida yoki unga yaqin bo‘lgan joyda tibbiy yordam
ko‘rsatilishi lozim bo’ladi. Katta miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordamni
tashkil etishda quyidagi ishlar bajariladi:
- shikastlangan o‘choqlarini tibbiy razvedka qilish;
- jabrlanganlarni qidirib topish va ularni qutqarish;
- jabrlanganlarni saralash;
- jabrlanganlarni evakuatsiya qilish;
- tibbiy yordam berish va davolash.
Shikastlangan o‘choqlarni razvedka qilishda - aholi soni, tibbiy xizmat
kuchlari va vositalari soni, talafot darajasi, yo’llar va suv manbalarining mavjudligi
hamda ularning ahvoli haqidagi ma’lumotlar olinadi.
Jabrlanganlarni qidirib topish va qutqarish qisqa vaqt mobaynida (bir necha
soatdan - bir sutkagacha) amalga oshirilishi talab etiladi hamda iloji boricha ularning
hayotini saqlab qolish omillari bajariladi. Bu omillarni qutqaruv tizimlaridan tashqari,
o‘t o‘chiruvchilar, jamoat tartibini saqlovchi ichki ishlar xodimlari va harbiy
xizmatchilar hamda ko‘ngilli fuqarolar bajaradilar.
Jabrlanganlarni saralash tibbiy xizmatning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Saralash - tibbiy yordamning hajmini, turini hamda yordam ko‘rsatishning keyingi
4
bosqichlarini hisobga olib, jabrlanganlarni transportlarda tashish imkoniyatlari va
navbatini aniqlaydi.
Jabrlanganlarni evakuatsiya qilish - talafot olganlarni shikastlanish
o‘choqlardan olib chiqish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish hamda davolash uchun
tibbiyot muassasalariga olib borish tadbirlaridan iborat. Bunda tibbiy hisobga olish
varaqasi to’ldiriladi va yaradorlarni transport vositalari (avtomobil, temir yo’l, suv va
havo transporti) yordamida evakuatsiya qilinadi. Davolash muassasalariga keltirilgan
saralangan jabrlanganlarga malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordamlar ko‘rsatiladi.
Shunday qilib, shikastlanish o’chog’ida qolgan jabrlangan aholiga tibbiy
yordamning hamma turlari: birinchi tibbiy yordam, birinchi shifokor yordami,
malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordami birin-ketin ko‘rsatiladi.
Birinchi tibbiy yordam deganda shikastlanish o‘chog’ida jabrlangan
fuqarolarga shu joyning o’zida hayotiy ko‘rsatkichlarga muvofiq ko‘rsatiladigan tibbiy
yordam tushuniladi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordam
shikastlangan odamning hayotini saqlab qoladi va salbiy oqibatlar rivojining oldi
olinadi. Albatta, bu yerda favqulodda vaziyatning shikastlovchi omillarini to‘xtatish
(suvdan olib chiqish, yonayotgan kiyimlarni o‘chirish, yonayotgan, gazga to‘lgan
uylardan olib chiqish va boshqalar) choralarini ko‘rgan holda harakat qilish kerak.
Talafot olgan kishini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda shifokor quyidagi tartibdagi
tekshiruvlarni o‘tkazadi:
- og‘iz bo‘shlig‘i va yuqori nafas yo‘llarini tekshirish (og‘izni begona
narsalardan tozalash);
- nafas olish harakatlarini tekshirish (zarur hollarda o‘pkaga sun’iy nafas berish
va yurakni bevosita uqalash);
- qon tomirlari butunligini aniqlash (qon tomirlaridan oqayotgan qonni
to‘xtatish, ayniqsa, arterial tomirlardan);
- yurak-qon tomir tizimini tekshirish (tomir urishini);
- sezgi a’zolarini tekshirish;
- shikastlangan kishining nutqini tekshirish.
5
Birinchi tibbiy yordam berishning eng qisqa vaqti - shikastlangan vaqtdan
boshlab 30 daqiqagacha, nafas olishi to‘xtagan bo‘lsa 5-7 daqiqagacha amalga
oshirlishi lozim. Zaharlangan hududlarda 30 daqiqa ichida birinchi tibbiy yordam
ko’rsatilsa, ularning umumiy ahvolining og‘irlashuvi ikki baravarga kamayadi.
Demak, jarohat olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish vaqti nihoyatda muhim
hisoblanadi. Ma’lumotlar ko‘rsatishicha, jarahotlanganlarga bir soat mobaynida
yordam ko‘rsatilmasa, o’limga sabab bo‘lish 30 foizga, 3 soatgacha yordam
ko‘rsatilmasa - 60 foiz va 6 soatgacha yordam ko‘rsatilmasa 90 foizgacha ortadi.
Birinchi tibbiy yordamni jarohat olgan kishining o‘zi yoki uning yonida bo‘lganlar
(aholi, sanitary drujinachilar yoki fuqaro muhofazasi hodimlari) ko‘rsatishlari mumkin.
Birinchi shifokor yordami - jarohatning jabrlanganlar hayotiga bevosita xavf
soluvchi oqibatlarini bartaraf qilish, jarohat infeksiyasining yanada rivoj topishining
oldini olish maqsadida shifokorlar bajaradigan davolash - muhofaza omillaridan iborat.
Bunday yordamni umumshifokorlik tayyorgarligi bo‘lgan va ixtisoslashgan jarroh
shifokorlari ko‘rsatadilar. Birinchi shifokor yordamini ko‘rsatish vaqti jarohat olgan
vaqtdan boshlab 3-6 soat hisoblanadi. Tibbiy yordamning bu turini hamma
ixtisoslikdagi shifokoriar bilishlari kerak.
Malakali tibbiy yordam - davolash muassasalarida tegishli ixtisoslikdagi
shifokorlar amalga oshiradigan jarohat oqibatlarini, birinchi galda hayot uchun xavfli
oqibatlarni bartaraf qilish, rivojlana boshlagan salbiy oqibatlarga qarshi kurashish,
jarohatlanganlarni to‘liq davolashga qaratilgan jarrohlik va terapevtik tadbirlar
majmuasi.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam - ixtisoslashgan davolash muassasalarida
odamning ba’zi a’zolari va tizimlaridagi buzilishlarini maksimal darajada tiklash
maqsadida maxsus apparatlar va uskunalardan foydalanib, mutaxassis shifokorlar
bajaradigan davolash-muhofaza tadbirlari majmuasidan iborat.
Shunday qilib, «Halokatlar tibbiyoti» ikki bosqichli tizimda faoliyat ko‘rsatadi.
Birinchi bosqichda - bevosita favqulodda vaziyat o‘chog’ining ichida jabrlanganlarni
qidirib topib, ularga birinchi tibbiy va birinchi shifokor yordami ko‘rsatiladi, ularni
tibbiy evakuatsiya qilib, sanitariya-gigiyenik va epidemiyaga qarshi tadbirlar amalga
6
oshiriladi. Ikkinchi bosqichda esa jarohatlanganlarga shifoxonalarda malakali,
ixtisoslashgan tibbiy yordam amalga oshiriladi.
2. Jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishning tartib va
qoidalari.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdagi umumiy qoidalar:
1. Voqea joyini ko‘zdan kechirish (vaziyatni baholash).
2. Jabrlanuvchini birlamchi ko‘zdan kechirish va hayoti uchun xatarli
holatlarda zaruriy yordam ko‘rsatish. (zararli ta’sirni yo’qotish).
3. Tez tibbiy yordamni chaqirish.
4. Jabrlanuvchini ikkilamchi ko‘zdan kechirish va tibbiy yordam ko‘rsatish.
Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdagi umumiy qoidalariga to’xtaladigan
bo’lsak avvalo voqea joyini ko‘zdan kechirish, ya’ni o’sha joydagi vaziyatni
baholash zarur. Bunda quyidagi savollarga javob topishga harakat qilinadi:
1. Voqea sodir bo‘lgan joy xavf tug‘diradimi?
2. Qanday hodisa ro‘y bergan?
3. Jabrlanganlar nechta?
4. Atrofdagilar sizga yordam bera oladilarmi?
Demak, birinchi yordam ko‘rsatishda dastavval qilinadigan ish - hodisa sodir
bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirib, qutqaruvchiga, atrofdagilarga yoki jabrlanuvchilarga
nisbatan tahdid tug‘diradigan narsa bor-yo‘qligini aniqlashdan iborat. Agar
qutqaruvchining o‘zi ham jarohatlansa yoki qurbon bo‘lsa, u boshqalarga ko‘mak
bera olmay qoladi. Jiddiy avariya yoki hodisa sodir bo‘lgan joyga juda ehtiyotkorlik
bilan yaqinlashish kerak. Hodisa sodir bo‘lgan joyda aniq xavf mavjud bo‘lsa,
qutqaruvchining imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Joyni ko‘zdan kechirish paytida
o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan aniq xavf tug‘diruvchi hamma narsaga e’tibor
berish lozim. Bular: to‘kilgan yoqilg‘i, chiqayotgan gaz, uzilgan elektr simi,
qulayotgan yoki otilayotgan siniq parchalar, jadal yo‘l harakati, yong‘in, tutun, zararli
bug‘lanish, noqulay ob-havo sharoiti, suv havzasining juda ham chuqurligi yoki
oqimning tezligi, bosib kelayotgan suv oqimi singari tabiiy omillar va hokazolar
7
bo‘lishi mumkin. Agar xavf juda xatarli bo‘lsa, jabrlanuvchining yaqiniga bormaslik,
zudlik bilan tez yordam va tegishli avariya xizmatini yoki ichki ishlar xodimini
chaqirish kerak. Yuqori xavfli vaziyatda yordam tegishli tayyorgarligi va anjomlari
bo‘lgan malakali xizmat xodimlari tomonidan ko‘rsatilishi lozim.
Qanday hodisa sodir bo‘lganligini aniqlashda, mayda-chuyda jihatlarga ham
e’tibor berish lozim. Shunda hodisa va olingan jarohat sababi aniqlanishi mumkin.
Singan shisha parchasi, to‘kilgan dori idishlari va hokazolar ro‘y bergan hodisani
oydinlashtiradi. Ular jabrlanuvchi hushsiz bo‘lgan va boshqa kishilar bo‘lmagan
vaqtda ayniqsa muhim omil hisoblanadi.
Atrofdagilarning yordami juda mihim. Voqea sodir bo‘lgan joydagi kishilar
bilganlarini aytib berishlari yoki qandaydir yordam ko‘rsatishlari mumkin. Agar
o‘sha yerda jabrlanuvchining tanishi uchrasa, u bemorning kasaliga yoki allergik
reaksiyasiga oid ma’lumotlarni berishi mumkin. Atrofdagi kishilar tez yordam
chaqirishlari, yetib kelgan mashinani kutib olishlari va yo‘l ko‘rsatishlari, voqea sodir
bo‘lgan joyni transport va qiziquvchi odamlardan holi qilishlari va birinchi yordam
ko‘rsatishda ko‘mak berishlari mumkin. Agar atrofda hech kim bo‘lmasa, baland
ovozda yordamga chaqiriladi.
Voqea joyi ko’zdan kechirilib xavf yo’qligi yoki ular bartaraf etilganligiga
ishonch xosil qilingandan keyin jabrlanuvchini birlamchi ko‘zdan kechirish va
hayoti uchun xatarli holatlarda zaruriy yordam ko‘rsatish va zararli ta’sirni yo‘qotish
choralari ko’riladi.
Avval jabrlanuvchi hushida ekanligini aniqlash, undan: “Sizga yordam
kerakmi?” - deb so‘rash, agar javob bo‘lmasa, uning trapetsiyasimon muskulini
siqib ko‘rish kerak. Tashqi ta’sirlarga javob bermayotgan odam hushini yo‘qotgan
bo‘lishi mumkin. Bu holat hayot uchun xavflidir. Kishi xushini yo‘qotganda, tilining
muskuli bo‘shashadi va natijada til ichiga tushib ketishi va nafas yo‘lining to‘silishi
yuz berishi mumkin. Bunda, nafas olishi to‘xtashi va keyin yurak urishi ham to‘xtashi
mumkin.
Birlamchi ko‘zdan kechirish jarayonida jabrlanuvchining nafas yo‘lining
o‘tkazuvchanligi, nafas olishi va tomir urishi bor-yo‘qligini tekshirish lozim.
8
Jabrlanuvchini
qo‘zg‘atmasdan
turib
tiriklik
belgilarini
aniqlash
kerak.
Jabrlanuvchining nafasi va tomir urishi sezilmagan taqdirdagina, uni orqasi bilan
yotqizish mumkin. Bunda uning boshini umurtqa pog‘onasi bilan iloji boricha bir
o‘qda qilib ushlab, harakatlantirish lozim. Jabrlanuvchining nafas yo‘llarining
ochiqligiga ishonch hosil qilish kerak. Og‘iz va burundan boshlab o‘pkagacha borgan
havo o‘tish yo‘llari nafas yo‘li hisoblanadi. Gapirish va baqirish qobiliyatiga ega
bo‘lgan har qanday odam hushini yo‘qotmagan va nafas yo‘llari ochiq bo‘ladi.
Agar jabrlanuvchi hushsiz bo‘lsa, uning nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligiga
ishonch hosil qilish lozim. Buning uchun uning boshini orqa tomonga engashtirib,
iyagi ko‘tariladi. Bunda til nafas olish yo‘lining orqa qismini berkitmaydi, o‘pkaga
havo o‘taveradi. Agar jabrlanuvchining bo‘yin qismi jarohatlangan deb taxmin
qilinsa, nafas yo‘llarini ochish uchun boshqacha usul qo‘llaniladi. Bu usul “boshni
orqa tomonga engashtirmasdan pastki jaq’ni oldinga siljitish” deb ataladi. Agar
jabrlanuvchining nafas yo‘llariga yot jismlar kirib qolgan bo‘lsa, avval ularni olib
tashlash lozim.
Keyingi bosqichda jabrlanuvchining nafas olayotgani tekshiriladi. Agar
jabrlanuvchi hushsiz holda bo‘lsa, unda nafas olish belgilari borligiga e’tibor berish
lozim (ko‘raman, eshitaman, sezaman). Nafas olganda ko‘krak ko‘tarilib, tushib
turishi zarur. Kishi haqiqatan ham nafas olayotganiga ishonch hosil qilish uchun
uning nafasini eshitish va sezish lozim. Buning uchun yuzni jabrlanuvchining og‘zi
va burniga yaqinlashtirib, nafas chiqarishdagi havoni eshitish va sezishga harakat
qilish kerak. Bir vaqtning o‘zida ko‘krak qafasining ko‘tarilib-tushishini kuzatish va
bu ishni 5 sekund davomida bajarish lozim.
Agar jabrlanuvchi nafas olmayotgan bo‘lsa, u holda og‘zidan havo o‘tkazish
yo‘li bilan unga yordam berish lozim. Burun teshiklarini berkitib, avvaliga ikki marta
to‘la havo puflanadi. Keyin bir martadan puflash o‘tkaziladi. Bunday muolaja
o‘pkaga sun’iy havo yuborish (ventilyasiyasi) deyiladi.
Jabrlanuvchini birlamchi ko‘zdan kechirishning oxirgi bosqichi tomir urishini
tekshirishdir. Bunda tomir urishi aniqlanadi va kuchli qon ketish hamda es og‘ishi
belgilari aniqlanadi.
9
Odam nafas olayotgan bo‘lsa, uning yuragi qisqaradi, demak, bu - tomir urishi
bor, degan so‘z. Agar odam nafas olmayotgan bo‘lsa, u holda uning tomir urishini
tekshirib ko‘rish zarur. Buning uchun jabrlanuvchining bo‘ynidagi uyqu arteriyasini
ushlab ko‘riladi. Kekirdak olmasi (qo‘shtomoq)ni topib, barmoqlarni bo‘yin chetidagi
chuqurchaga suriladi. Sekinlashgan yoki kuchsiz tomir urishini aniqlash qiyin
bo‘ladi. Tomir urishi sezilmasa, bu harakatni qaytadan bajariladi va tomir urishini 10
sekund davomida sezib turiladi.
Agar jabrlanuvchining tomir urishi sezilmasa, ko‘krakni bosish yo‘li bilan
yurakni yopiq massaj qilish lozim. Bu muolaja yurak-o‘pka faoliyatini tiklash
(reanimatsiyasi) deyiladi.
Uchinchi navbatda qiladigan ishimiz “103” telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, tez
yordamni chaqirish kerak. Jabrlanuvchiga yordam berilayotgan paytda, iloji bo‘lsa,
biron-bir odamni qo‘ng‘iroq qilishini so‘rash kerak.
Tez yordamni chaqirgandan so‘ng, jabrlanuvchining hayotiga katta xavf
yo‘qligiga amin bo‘lgandan keyin yordamni to‘xtatib, ikkilamchi ko‘zdan
kechirishni amalga oshirish mumkin. Ikkilamchi ko‘zdan kechirishda jabrlanuvchida
har xil muammolar borligi ma’lum bo‘ladi va ular birinchi yordam ko‘rsatish
lozimligini taqozo etadi. Jabrlanuvchi yosh bola bo‘lsa, uning shu yerdagi ota-onasi
yoki ular bo‘lmasa, kattalarga murojaat qilinadi. Shundan so‘ng jabrlanuvchini
umumiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Jabrlanuvchining hayot ekanligi, ya’ni tiriklik belgilariga tomir urishi maromi
(chastotasi), nafas olish maromi va hushsizlik darajasi kiradi. Ikkilamchi ko‘zdan
kechirishning muhimligi shundan iboratki, bunda jabrlanuvchining hayotiga bevosita
xavf solmaydigan muammolar topilsa-da, lekin ularni e’tiborsiz va birinchi
yordamsiz qoldirilib bo‘lmaydi.
Ikkilamchi ko‘zdan kechirishdan so‘ng tez yordam kelgunga qadar uning
tiriklik
belgilarini
kuzatishni
davom
etiladi.
Kishining
ahvoli
asta-sekin
yomonlashishi mumkin va to‘satdan hayot uchun jiddiy xavf (masalan, nafasning
yoki yurakning to‘xtashi) paydo bo‘lishi mumkin.