FIZIOKRATIZM IQTISODIY TA'LIMOTI
Reja:
1. Fiziokratizm iqtisodiy ta'limoti vujudga kelishining tarixiy shart-sharoitlari
va uning mohiyati.
2. F.Kene - fiziokratizm ta'limotining asoschisi. Uning «Iqtisodiy jadval»
asaridagi g'oyalar.
3. A.Tyurgo va uning iqtisodiy ta'limoti
4. Fiziokratizmning ahamiyati va uning tarixiy taqdiri.
Fiziokratlar (lotincha physio - tabiat va kratos - hokimiyat) XVIII asrda
Fransiyada ijod etgan klassik iqtisodiy maktab namoyandalaridir. Fiziokratlar
maktabi feodalizmdan kapitalizmga o'tish davrida rivojlandi, bu iqtisodiy yo'nalish
Fransiyada vujudga keldi va bu tasodifiy emas edi. Fransiya iqtisod va ayniqsa
sanoat bo'yicha Angliyadan ancha ortda bo'lishiga qaramay, bu erda ham sanoatning
kapitalistik turi - manufaktura rivojlana boshladi (bu haqda yuqorida aytib o'tildi).
Ammo mamlakat hali ham agrar holatda edi. Aholining asosiy qismi qishloqlarda
yashar, milliy boylikning 2/3 qismi shu sohada yuzaga keltirilar edi. Dehqonlarning
ahvoli tobora yomonlashdi, qishloq xo'jaligining tushkunligi esa eng yuqori
cho'qqiga ko'tarildi. Asosan mayda dehqon xo'jaliklaridan iborat Fransiyada yangi,
nisbatan samarali kapitalistik sinf - fermerlar ham paydo bo'lib, tobora rivojlandi.
Islohotlarni amalga oshirish sust bordi, feodal majburiyatlar tobora oshdi. Oqibatda
dehqonlarning norozilik harakati kuchaydi. Mamlakatning moliyaviy ahvoli fojiali
edi. Mamlakat ishlab chiqarish kuchlarining rivoji feodal iqtisodiy munosabatlar
bilan qarama-qarshilikka uchradi. Burjua inqilobiga olib keladigan omillar ko'paydi.
Feodal tuzumga qarshi kurash g'oyasi fiziokratlar va ularning asoschisi F.Kenening
iqtisodiy ta'limotida asosiy o'rinni egalladi.
Bu ta'limot fermerlar sinfini himoya qildi, ishlab chiqarishni, asosan qishloq
xo'jaligini mamlakatni og'ir ahvoldan chiqarishning bosh yo'li deb belgiladi. Tabiiy
qonun-qoidalarga amal qilish kerakligi, shu yo'l bilan mamlakat boyligini orttirish
mumkinligi ko'rsatib berildi.
Fransiyadagi qishloq xo'jaligining ahvoli va uni yaxshilash tadbirlari
tadqiqotlarning asosi bo'ldi (P.Buagilber ham shu masalaga katta e'tibor bergan edi).
Ekspluatasiyaning asosiy shakli obrok bo'lib, u pul va natural mahsulot shaklida
olingan. Deyarli barcha haydaladigan er, yaylov va o'rmonlarning 80 foizi
dvoryanlarga tegishli edi. Obrok shampar - don sifatida to'langan va hosilning 25
foizini tashkil etgan. Ijaraga olingan erning yarim hosili er egalariga (pomeshchikka)
to'langan. 1789 yilda (inqilob boshlangan yil) Fransiyada ikki million xonavayron
bo'lgan dehqon bor edi, bu paytda soliq doimo oshib borgan.
Agrar masalani hal etish fiziokratlarning asosiy vazifasi bo'lib qoldi. Ular
qishloq xo'jaligini mamlakat boyligining asosi deb tushundilar.
Fiziokratlarning muhim tomoni shuki, ular merkantilistlardan farq qilib, o'z
tadqiqotlarini iqtisodiyotning muomala sohasidan ishlab chiqarish sohasiga
ko'chirdilar. Olimlar iborasi bilan aytganda ular «zamonaviy siyosiy iqtisodning
haqiqiy otalari» edilar. Ularning xizmati shundaki, o'sha davr dunyoqarashi
doirasida kapitalning dastlabki tahlilini berishdi. Bu ularni boshqalardan ajratib
turuvchi asosiy masala edi. Ammo fiziokratlar ishlab chiqarish sohasini faqat
qishloq xo'jaligi sohasi bilan cheklab qo'ygan edilar (Fransiyaning ta'siri), ular
sanoat (hunarmandchilik)ni samarasiz soha deb bilganlar.
Bu ta'limot, garchi uning ko'pgina xatolari bo'lsa ham (bu haqda quyida
gapiriladi), haqiqatga yaqinlashish borasida navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.
O'sha davrda Fransiyada olib borilgan iqtisodiy siyosat (Kolberning merkantilizmi)
qattiq tanqid qilinadi. Lyudovik XIV o'rniga kelgan yangi qirol Lyudovik XV ham
eski siyosatni davom ettirdi, Fransiya Angliya bilan etti yillik urush olib borib, unda
engildi, Kanadadan va Sharqdagi bir qancha mustamlakalaridan ajraldi, oqibatda
Evropadagi ikkinchi darajali davlatga aylandi. Shu sharoitda bu ahvoldan chiqish
yo'li tabiatdan qidirildi.
Fiziokratlarning dasturi
bo'yicha
Fransiyadagi
feodalizm
qoldiqlari
tugatilishi, fiskal (soliq) tizimni rasionalizasiya qilib, rentadan yagona soliq olinishi,
mayda er uchastkalari birlashtirilib, don savdosidagi barcha proteksionistik to'siqlar
bartaraf etilishi kerak edi, oddiyroq qilib aytganda, Angliyadagi qishloq xo'jaligiga
xos ish yuritish taklif etildi.
2. F.Kene - fiziokratizm ta'limotining asoschisi. Uning «Iqtisodiy jadval»
asaridagi g'oyalar.
Fransua Kene (1694-1774 yy.) har tomonlama keng bilimli olim bo'lib, Versal
yaqinida kambag'al dehqon oilasida dunyoga keldi, u yoshligidan medisinaga havas
qo'ydi, qishloq jarrohidan dars oldi, medisina amaliyoti unga shuhrat keltirdi.
Dvoryan unvoniga ega bo'ldi va Versal saroyig'a (Lyudovik XV qirol saroyiga) o'tdi.
1718 yilda vrachlik kasbini oldi. 1744 yilda medisina doktori ilmiy darajasiga
erishdi, 1752 yildan esa Lyudovik XV xonadonida tabiblik qildi (Leybmedik).
Medisina va biologiyaga oid ko'pgina asarlar yaratdi. Eng muhimi shuki, u oltmish
yoshdan boshlab iqtisodiyot muammolari bilan bevosita shug'ullana boshladi.
F.Kene Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, F.Kenening iqtisodiy g'oyalari qirol saroyida
- Versalda yuzaga keldi.
Bu yerda u umrining deyarli oxirigacha yashadi va ijod qildi.
Bizningcha, bu erda ob'ektiv iqtisodiy informasiya etarli
bo'lgan va olim ulardan yaxshi foydalanib o'z ta'limotlarini
yaratgan. 1766 yilda Adam Smit ham uning mehmoni va
suhbatdoshi bo'lgan edi. Didro va D`Alamber tomonidan chop
etilgan
«Qomus»da
F.Kenening
dastlabki
iqtisodiy
maqolalari: «Fermerlar», «Don», «Aholi», «Soliqlar» paydo
bo'ldi (1756-1757yy). 1758 yilda uning asosiy va eng muhim asari - «Iqtisodiy
jadval» kitobi dunyoga keldi. F.Kene bu asarlarida fiziokratizm maktabi
F.Kene asoslarini yaratdi, uning nazariy va siyosiy dasturini ta'riflab berdi.
Uning ishini va tadqiqotlarini XVIII asrning ikkinchi yarmida Fransiyaning taniqli
davlat arbobi A.Tyurgo (1727-1781 yy.) davom ettirdi. Fiziokratizm g'oyalarini
(ayniqsa F.Kene ta'limotini) Dyupon de Nemur, D`Alamber, V.Mirabo, G.Letron va
boshqalar keng targ'ib etdilar. Shunday qilib, haqiqiy fiziokratlar maktabi yoki o'sha
davr tili bilan aytganda «iqtisodchilar maktabi» tarkib topdi. Uning eng rivojlangan
davri XVIII asrning 60-70 yillariga to'g'ri keladi.
Qishloq xo'jalik ishlab chiqarishi muammolari tadqiqot predmeti sifatida qaraladi.
Shu bilan birga, xalq xo'jaligi tarmoqlarining o'zaro chambarchas bog'liqligi deyarli
e'tiborga olinmaydi.
F.Kene «tabiiy tartib» konsepsiyasini ilgari surdi, bu olimning uslubiy
platformasi edi («tabiiy huquq» konsepsiyasini eslang), bunda u paydo bo'layotgan
va tobora mustahkamlanayotgan dahlsiz xususiy mulkni tushundi, iqtisodiyot erkin
raqobat asosida rivojlanishini, bozor bahosining stixiyali o'zgarishi, ya'ni davlatning
aralashuvini inkor etadigan jarayonni qo'llab-quvvatladi, boylikning adolatli
taqsimlanishini istar edi. Iqtisodiy rivojlanish odamlarning istak-hohishiga bog'liq
bo'lmagan tabiiy jarayon bo'lib, uning ma'lum qonuniyatlarga bo'ysunishini tan olish
fiziokratlarning so'zsiz yutug'i edi. Bu qonunlar ularning fikricha tarixiy bo'lmay,
abadiy qonunlar deb qaralgan edi. Shu sababli ishlab chiqarishning kapitalistik
(bozor) shakli tabiiy va abadiy ishlab chiqarish shakli deb hisoblangan (hozirgi
rivojlanish buni ko'p jihatdan isbotlamoqda).
F.Kene almashuvning ekvivalentligi ta'limotini ilgari surdi. U almashuv yoki
savdo boylik yaratmaydi, demak, almashuv jarayoni hech narsa ishlab chiqarmaydi,
deb hisoblagan. Erkin raqobat sharoitida almashuv sohasida teng miqdorli
qiymatlarning almashuvi ro'y beradi. Bu qiymat tovarlarda ular bozorlarga
kirmasdan oldin ham mavjud bo'ladi (V.Pettining tovar qiymati faqat almashuv
paytida paydo bo'ladi, degan fikri noto'g'ridir). Bundan kelib chiqadiki, almashuv
jarayonida boylik yaratilmaydi va foyda paydo bo'lmaydi. Almashuvning
ekvivalentligi to'g'risidagi ta'limot merkan-tilistlarning qarashlarini inkor etish
uchun nazariy asos bo'ldi. Bu holat shu bilan birga fiziokratlardan boylik manbaini
muomala sohasidan tashqarida izlashni taqozo etdi. Ammo F.Kene miqdorli
qiymatlarning almashuvi sababini to'g'ri tushuntirib bera olmadi, chunki qiymat
nazariyasi hali to'la ishlab chiqilmagan edi va u qiymatni ishlab chiqarish harajatlari
bilan aynan bir deb hisobladi.
Fiziokratlarning iqtisodiy tizimida «sof mahsulot» to'g'risidagi ta'limot
markaziy o'rinni egallaydi. F.Kene yalpi ijtimoiy mahsulot va ishlab chiqarish
harajatlari o'rtasidagi farqni sof mahsulot deb bilgan, boshqacha qilib aytganda bu
ishlab chiqarish chiqimlaridan oshiqcha mahsulotdir. F.Kene «sof mahsulot» faqat
qishloq xo'jaligida, dehqonchilikda yaratiladi, bu sohada tabiat kuchlari ta'sirida
iste'mol qiymatlari miqdori ko'payadi, deb ta'kidlaydi. Sanoatda esa iste'mol
qiymatlari faqat turli kombinasiyalarga uchraydi, mehnat jarayonida dehqonchilikda
yaratilgan mahsulotning shakli o'zgaradi, lekin uning miqdori ko'paymaydi, shuning
uchun «sof mahsulot» paydo bo'lmaydi va boylik yaratilmaydi (kuchli, ammo
noto'g'ri mantiq bor).
A.Smitning fikricha, shu asosda hunarmandlar (sanoatchilar) unumsiz, foyda
bermaydigan sinf deb qaralgan. Aslida esa fiziokratlar bu sinfning borligini tan
oladilar, uni unumsiz emas, balki foydaga sof qo'shimcha daromad keltirmaydigan
sinf deb qaraganlar. A.Tyurgo esa bu sinfga yuqori baho berib, «haq to'lanadigan
sinf» deb qaraydi.
Fiziokratlar qiymatni iste'mol qiymatiga, hatto tabiat mahsulotiga tenglashtirganlar
(almashuv qiymati ham bor). Ularni faqat miqdoriy soha, ya'ni ishlab chiqarish
jarayonida olingan iste'mol qiymatlarining ortiqcha qiymati (iste'mol qilingandan
ortig'i) qiziqtirgan. Bu narsa asosan dehqonchilikda aniq namoyon bo'ladi. Ammo
F.Kene ta'limotining boshqa tomoni ham bor, uning fikricha «sof mahsulot» miqdori
ishlab chiqarish chiqimlarining miqdoriga bog'liqdir, bu chiqimlarga xom ashyo
sarflari, materiallar va ish haqi kiradi. Materiallarning qiymati belgilanganligi
tufayli, ish haqi tirikchilikning minimum harajatlariga keltirilgan ekan, «sof
mahsulot» (qo'shimcha qiymat) qo'shimcha mehnatning samarasi sifatida yuzaga
keladi. Shunday qilib, fiziokratlarda qo'shimcha qiymat tushunchasi qarama-qarshi
xarakterga ega. Ular uni tabiatning sof hadyasi hamdir, ya'ni dehqonlarning
qo'shimcha mehnati natijasidir, deb qaraganlar (qo'shimcha qiymat yaratishda tabiat
ham ishtirok etadi). Fiziokratlarning bunday fikrlashi qiymatning ijtimoiy tabiatini
tushunmaslikdan va qiymat tushunchasini iste'mol qiymati bilan qorishtirib yuborish
oqibatida yuzaga keldi. Foyda tushunchasi mustaqil kategoriyaga ajratilmagan, hatto
inkor etilgan. Renta qo'shimcha qiymatning yagona shakli sifatida qabul qilingan
ekan, foyda ishlab chiqarish chiqimlarining faqat ajralmas qismi bo'lishi mumkin
edi. Ular foydani ish haqining shakli sifatida qaraganlar, foyda go'yoki odatdagi ish
haqidan o'zining kattaroq miqdori bilan farq qilgan va u kapitalistlar tomonidan
foyda sifatida to'la iste'mol qilingan.
Fiziokratlarning «unumli» va «unumsiz» mehnat to'g'risidagi ta'limoti «sof
mahsulot» to'g'risidagi ta'limot bilan chambarchas bog'liq bo'lib, uning mantiqiy
davomi deb hisoblanadi. Merkantilistlardan farqli ravishda ular «sof mahsulot»
yaratuvchi mehnat unumli bo'ladi, ya'ni qo'shimcha qiymatni yaratadi, degan edilar.
Bu unumli mehnatning tabiati to'g'risidagi masalaga prinsipial to'g'ri yondashish
yo'li edi. Ammo renta qo'shimcha qiymatning yakkayu-yagona aniq shakli sifatida
tan olinganligi sababli dehqon mehnati birdan-bir unumli mehnat deb hisoblanadi,
ishlab chiqarishning boshqa sohalaridagi (sanoatda ham) mehnat «unumsiz», ya'ni
samarasiz deyiladi. Bundan dehqonchilik mehnatini boshqa mehnat turlariga qarshi
qo'yish asossizdir, chunki yollanma mehnat ishlab chiqarishning qaysi sohasida
qo'llanmasin, qo'shimcha qiymat yaratadi, demak bu ham mehnat, bu soha ham
unumli mehnatdir.
F.Kene «sof mahsulot» to'g'risidagi o'z qarashlari asosida jamiyatni uch
sinfga bo'ladi: unumli sinf (fermerlar), er egalari sinfi va unumsiz sinf (bu sinfni u
sanoatchilar sinfi deb ham ataydi). Unumli sinfga dehqonchilikdagi barcha
xodimlar, qishloq xo'jalik ishchilari ham, fermerlar ham, ya'ni uningcha «sof
mahsulot» yaratuvchilarning hammasi kiradi. Yer egalari «sof mahsulot»
yaratmaganligiga qaramasdan, shu bilan birga bu mahsulotning iste'molchilari
hisoblanadi, chunki ular uni ijara to'lovi sifatida oladilar. Samarasiz, «unumsiz» sinf
vakillari esa dehqonchilikdan boshqa tarmoqlarda ishlaydi (sanoat, savdo, xizmat
sohasi). Ular «sof mahsulot» yaratmaydilar.
Jamiyatning sinfiy tuzilishi to'g'risidagi bu ta'limotning asosiy kamchiligi
shuki, F.Kene yangi jamiyatning asosiy sinflarini ko'ra bilmaydi, to'g'rirog'i bunga
tarixiy sharoit halaqit beradi. Bu tizimda yollanma ishchilar bilan kapitalistlar
birlashtirilgan. Fransiyada o'sha davrda kam bo'lsa ham, proletariat sinfi mavjud edi,
lekin kapitalistik munosabatlar rivojlanmaganidan burjua jamiyatining boshqa
sinflarga qarshi tura oladigan mustaqil sinfiga ajralmagan edi. Sinflar to'g'risidagi
ta'limotning bu kamchiliklaridan qat'i nazar, jamiyatni sinflarga bo'lishning iqtisodiy
belgilarini aniqlash va iqtisodiy asoslarini ko'rsatishga urinish ijobiy voqea
hisoblanadi.
Fiziokratlarning muhim xizmatlaridan biri shuki, ular birinchilardan bo'lib,
kapital tushunchasini tahlil qilishgan. Asarlarida bevosita «kapital» so'zi
qo'llanilmagan, ammo erlarning zaxini qochirish, ya'ni er sifatini yaxshilash,
qurilish, ot, plug, borona uchun ma'lum tipdagi dastlabki avans (bo'nak) hamda
urug'lik va ishchi-batraklarga beriladigan avans boshqacha ekanligi aniq belgilanadi.
Chunki birinchisiga qilingan harajat bir necha yilda bir marta bo'lib, o'z-o'zini asta-
sekin qoplaydi (asosiy kapital), ikkinchisi esa yiliga yoki doim bo'lib, har bir hosil
tufayli qoplangan. Shu sababli F.Kene ularni dastlabki avans (hozirgi zamon nuqtai
nazaridan asosiy kapital) va yillik avans (aylanma kapital) deb atadi. Bu g'oya
A.Smit tomonidan rivojlantirildi. Bu o'sha davr uchun buyuk kashfiyot edi. Shunisi
muhimki, aylanma kapital bilan birga asosiy kapital ham doim harakatda deb
qaraladi. Dehqonchilikda qo'llaniladigan kapitalning moddiy elementlariga qishloq
xo'jaligi qurollari va inventar, mol, urug'lik, odamlarning tirikchilik vositalari va
boshqalar kiritilgan. F.Kene merkantilistlardan farqli ravishda (ular kapitalni pul
bilan aynan bir deb hisoblaganlar), pullarning o'zi emas, balki pulga olinadigan
ishlab chiqarish vositalari kapital hisoblanadi, deydi. Ammo kapitalning bu moddiy
elementlari umumiy mehnat jarayonining oddiy elementlari sifatida, kapitalistik
ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan ijtimoiy shaklidan ajralgan holda qaraladi,
oqibatda kapital abadiy, ya'ni tarixiy bo'lmagan kategoriya deb ko'rsatiladi.
Ishlab chiqarish chiqimlari (harajatlari)ni tadqiq qilish orqali kapitalning tashkil
etuvchi qismlarini ajratish imkoni paydo bo'ldi, bunda kapitalning (oborot) aylanish
xarakteri hisobga olindi. Kapitalning bir qismi boshlang'ich avans (bo'nak)
hisoblanib, unga qishloq xo'jalik inventari, qurilish, mol va boshqalarga ketgan
sarflar kiradi, shulardan 10 foizi yillik amortizasiya hisoblangan, yillik avans deb
atalgan kapitalning boshqa qismiga urug'lik olish, asosiy qishloq xo'jalik ishlari,
ishchi kuchi uchun harajatlar kiradi.
Boshlang'ich avans bilan bog'liq kapital sarfi ishlab chiqarish sikli bir qancha (qator
yillar) ichida to'la aylansa, yillik avansga sarflangan kapital esa bir ishlab chiqarish
sikli (bir yil) davomida to'la aylanadi. Bu erda amalda doimiy va aylanma kapital
to'g'risidagi g'oya berilgan, ammo bu tushunchalar boshqa so'zlarda ifoda etilgan,
xolos. Shunisi diqqatga sazovorki, F.Kene kapitalni asosiy va aylanma kapitalga
bo'lganda faqat ishlab chiqarish kapitali bilan bog'lagan holda bergan, uni muomala
kapitali (savdo kapitali) bilan qo'shib yubormagan. Shu sababli u pul va tovarni
ishlab chiqarish kapitalining biror tarkibiy qismiga kiritmasdan, to'g'ri fikr yuritgan.
Shunday qilib, fiziokratlar asosiy va aylanma kapitalga oid muammoni nazariy
jihatdan echishga asos soldilar.
F.Kene iqtisodiyot tarixida takror ishlab chiqarish jarayonini va yalpi ijtimoiy
mahsulot muomalasini butunicha ko'rsatish uchun birinchilardan bo'lib urinib ko'rdi.
U o'sha davr jamiyati fuqarolarini uch sinfga bo'ladi: birinchisi - unumli sinf
(fermerlar); ikkinchisi - mulkdorlar sinfi (pomeshchik, cherkov...) va uchinchisi -
unumsiz sinf (hunarmand, ishchi va savdo xodimlari). Bu jarayon sxematik ravishda
«Iqtisodiy jadval»da tasvirlangan. Unda mamlakatda ishlab chiqarilgan tayyor
mahsulotning aylanishi orqali qanday taqsimlanishi ko'rsatilgan, buning oqibatida
ishlab chiqarishning avvalgi hajmida qayta boshlash uchun shart-sharoitlar
yaratiladi.
«Iqtisodiy jadval»ning bir necha variantlari mavjud, biri Versalda 1758-1759
yillarda chop etilgan. 1894 yilda bu jadvalning boshqa varianti topildi. Birinchi
variant bo'yicha (2-chizmaga qarang) kapital aylanishi quyidagicha ro'y beradi.
Qishloq xo'jaligida yaratilgan jami qimmat 5 mingga teng bo'lib, shundan 3 mingi
erni ishlashga ketgan xarajatdir. Fermerlar etishtirilgan mahsulotning 2/5 qismidan
aylanma kapital uchun foydalanadilar, 1/5 qismi unumsiz sinfga sotiladi va unga
asosiy kapitalni (asbob-anjomni) ta'mirlash uchun kerakli asbob-uskuna olinadi. Bu
erda fermerlar faqat «boshqarish uchun haq olganliklari» sababli unumdor narsa
fermer mehnati emas, balki erdir. Qoldiq esa er egasiga renta sifatida to'lanadi.
Yer egalari o'zlarining 2 minglik daromadining yarmini sanoat tovarlari olishga sarf
qiladilar, «unumsiz sinf» 2 mingga xom ashyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlari sotib
oladi. Bu jarayon natural ko'rinishda ham namoyon bo'lishi mumkin. Bunda 3/5
qism mahsulot muomalaga kiritiladi, undan xuddi pul shaklida ham foydalanish
mumkin. Unda jarayon boshidan fermerlar iqtisodiyotdagi 2 ming pul massasiga ega
bo'ladilar. Erdan foydalanish huquqiga ega bo'lish uchun bu summa egalariga (er
ularniki) beriladi, ular esa bu summani oziq-ovqat mahsulotlari (1 ming) va sanoat
tovarlari (1 ming) olish uchun sarflaydilar; endi fermerlar olingan 1 mingni asosiy
kapitalni qoplash uchun hunarmandlarga (unumsiz sinfga) beradilar, ular esa olingan
2 mingni qishloq xo'jalik mahsulotlari olish uchun sarflaydilar. Oqibatda fermerlar
3 ming oladilar va 1 mingni sarflaydilar (qoldiq 2 ming); shu yo'l bilan boshlang'ich
holatga qaytadilar.
«Unumsiz» sektorning sof mahsuloti 0 ga teng, yangi ishlab chiqarish sikli
boshlanishi bilan 2 ming pul shaklida yana er egalariga (renta) beriladi.
Barcha aytilgan fikrlar bir yil uchundir, lekin uni oylar bo'yicha ham tahlil etish
mumkin. Bu hozirgi davrdagi taniqli iqtisodchi V.Leontevning «xarajatlar -
chiqarishlar» jadvalini eslatadi. Xuddi Leontev tizimidek ma'lum boylikni yaratish
uchun kerakli barcha omillardan cheklangan aniq nisbatda foydalaniladi, mazkur
sektorning mahsulot qiymati boshqa sektorning umumiy to'lovlari bilan to'la
qoplanadi.
"Yillik Yer egasi Unimsiz sinf
boo'nak" daromadi bo'naklari
2 ming
2 ming
1 ming
1 ming
1 ming
1 ming
1 ming
1 ming
Yillik bo’naklarining
2 ming
qoplanishi
Yakun
5 ming
2 ming
Izoh. Strelkalar xarajatlar-
Bundan bir ming kelasi yil
ning yunalishini kursatadi
aylanma kapital sifatida
reinvestitsiya kilinadi
1-chizma. F.Kenening iqtisodiy jadvali (birinchi varianti)
Yer egasi daromadi va bosh-
Langich bunak foizlarini tulash
uchun foydalaniladigan summalar
1-jadval
Iqtisodyotdagi uch tarmoqning o’zaro bog’liqligi
Ishlab chiqarish
X a r i d
I II III
Ishlab chiqarishning bir
yillik hajmi
Fermerlar
2
1
2
5
Er egalari
2
0
0
2
Hunarmandlar
1
1
0
2
Yakuniy xarid
5
2
2
9
Bu jadvalda uch tarmoq (sektor)ning o'zaro bog'liqligi ko'rsatib berilgan.
Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, jadvalning boshqa variantida ham oddiy takror ishlab
chiqarish qarab chiqilgan (boshlang'ich va oxirgi holat teng). Hayotda odatda
kengaytirilgan takror ishlab chiqarish ro'y beradi. F.Kenening asosiy vazifasi qirol
va er egalarini jamiyat asosi sifatida saqlab qolish edi. Ammo u mulkdorlar sinfini
birinchi o'ringa qo'ya olmas edi, chunki bu olimning dehqonchilikning ustunligi
haqidagi fiziokratik konsepsiyasiga qarshi chiqar edi. Bundan tashqari u asosiy
tamoyilni - sinflarning ishlab chiqarish vositalariga munosabatini inkor etadi.
Jadvalda F.Kene iqtisodiy ta'limotining asosiy tomonlari: uning «sof
mahsulot» va «kapital», unumli va unumsiz sinflar to'g'risidagi ta'limoti aks etgan;
unda muallifning kapitalistik ishlab chiqarish usulining himoyachisi sifatidagi sinfiy
pozisiyasi ham ko'rinib turibdi. F.Kene takror ishlab chiqarish jarayonini tahlil
qilishga kirishganda baholarning o'zgarmasligini asos qilib oladi (bunda almashuv
ekvivalentlik tamoyili asosida ro'y beryapti deb faraz qilinadi). Bu jarayon tashqi
bozordan abstraksiya qilinadi (ya'ni bu hodisa faqat ichki bozor sharoitida ro'y
beryapti deb qarash kerak).
Qishloq xo'jalik yilining oxiri hosil yig'ib olish tugallangan davr muomala
(aylanish) momentining boshlang'ich punkti qilib olingan. Dehqonchilik yalpi
mahsulotining qiymati 5 mlrd livr (1799 yilgacha amal qilgan o'sha davrdagi
Fransiya pul birligi) bo'lib (4 mlrd oziq-ovqat, 1 mlrd xomashyo), u unumli sinf
vakillariga (fermerlarga) tegishli, shundan 1 mlrd sarflangan asosiy kapital
qiymatini qoplaydi. Jami asosiy kapital («boshlang'ich avans») 10 mlrd livrga teng
deb qabul qilinsa, u ta'mirlashga (amortizasiyaga) muhtoj, ya'ni har yili o'zining
boshlang'ich qiymatiga nisbatan 10 foiz eyiladi (eskiradi) deb hisoblanadi. Aylanma
kapital («yillik avans») 2 mlrd, «sof mahsulot» qiymati 2 mlrd, «unumsiz sinf»
o'tgan davr mobaynida ishlab chiqilgan 2 mlrd livrlik mahsulotga ega.
Shunday qilib, yalpi ijtimoiy mahsulot 7 mlrd livrga teng (5 mlrd + 2 mlrd).
Undan tashqari fermerlar qo'lida naqd 2 mlrd livr pul ham bor (5 mlrd + 2 mlrd + 2
mlrd = 9 mlrd), ular bu summani muomala - aylanish boshlanguncha er egalariga
ijara haqi, ya'ni renta to'lab qo'ygan edilar.
Xo'sh, bu variantda yaratilgan mahsulotning realizasiya va aylanish jarayoni
qanday amalga oshadi? «Iqtisodiy jadval»ning shartlariga ko'ra bu jarayon besh
aktdan iborat bo'lib, har biri 1 mlrd livrga tengdir.
1. Mulkdorlar «unumli sinf»dan 1 mlrd livrlik oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladilar.
Natijada bu operasiyada qishloq xo'jaligi mahsulotining 1/5 qismi realizasiya
qilinadi, er egalarining mulki muomala sohasidan iste'mol sohasiga o'tadi.
2. Mulkdorlar «unumsiz sinf»dan 1 mlrd livrlik sanoat mahsulotlari sotib oladilar.
«Unumsiz sinf» shu bilan o'z mahsulotining yarmini realizasiya qiladi.
3. «Unumsiz sinf» mulkdorlardan olgan puliga «unumli sinf»dan iste'mol uchun
kerakli mahsulotni oladi. Shu yo'l bilan qishloq xo'jaligi mahsulotining yana 1/5
qismi realizasiya qilinadi.
4. «Unumli sinf» «unumsiz sinf»dan olgan 1 mlrd livrga uning o'zidan («unumsiz
sinf»dan) shuncha pulga ishlab chiqarish qurollarini oladi. Ular asosiy kapitalning
eyilgan, ishdan chiqqan elementlarini qayta tiklash uchun kerak. Bu operasiya
oqibatida («unumsiz sinf»ning) sanoat mahsulotining ikkinchi yarmi realizasiya
qilinadi.
5. Aylanish jarayonining beshinchi, yakunlovchi aktida «unumsiz sinf» «unumli
sinf»dan 1 mlrd livrlik qishloq xo'jalik xom ashyosi xarid qiladi.
Umumiy ijtimoiy mahsulotning aylanish natijalariga ko'ra sinflar o'rtasida 3
mlrd livrlik qishloq xo'jalik mahsuloti va 2 mlrd livrlik sanoat buyumlari realizasiya
qilindi. «Unumli sinf» ixtiyorida qolgan 2 mlrd livrlik mahsulot barcha sinflar
o'rtasidagi muomalaga kirmaydi, u faqat shu sinf doirasida aylanadi (jadvalda
bunday aylanish berilmagan). Bu mahsulot qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishi
jarayonida sarflangan urug' va oziq-ovqat mahsulotlari o'rnini qoplaydi. «Unumli
sinf» tomonidan sotib olingan sanoat tovarlaridan asosiy kapitalning sarflangan
qismini qoplash uchun foydalaniladi. Naqd pul 2 mlrd livrlik muomala (aylanish)
natijasida «unumli sinf» qo'liga qaytishi mumkin, ammo bu pul yana keyingi muddat
uchun ijara haqi sifatida er egalari qo'liga kelib tushadi. Shunday qilib, yangi ishlab
chiqarish siklini boshlash, ishlab chiqarishni joriy etish uchun zaruriy shart-
sharoitlar yaratildi. Ammo u ilgarigi hajmda, ya'ni oddiy takror ishlab chiqarish
uchun mos keladi.
Jadvalda keltirilgan raqamlar haqiqatga yaqin, ularni F.Kene qirol
mahkamasidan olgan bo'lishi aniq.
Fermerlar Muldorlar Sanoatchilar
(unumli sinf) (yer egalari) (unumsiz sinf)
5 mlrd 2 mlrd 2 mlrd
Pul Pul
Qishloq
Xo’jalik mahsulotlari Sanoat mollari
1 mlrd 1 mlrd
Pul Qishloq
Xo’jalik mahsulotlari
1 mlrd
Pul
Ishlab chiqarih
Vositalari 1 mlrd
Pul
Qishloq
1 mlrd xo’jalik mahsulotlari
2-chizma. F.Kenening iqtisodiy jadvali (2-variant)
«Iqtisodiy jadval»da takroriy ishlab chiqarishni tahlil qilish asosida olingan muhim
ilmiy qisqacha xulosalar shundaki, unda ayrim-ayrim oldi-sotdi aktlari qarab
chiqilmasdan, ko'plab individual aktlar sinflar o'rtasidagi muomalaga birlashtirilgan.
Ana shu sinflar o'rtasidagi muomala F.Kene tadqiqotining predmeti edi. Olim
aylanish (muomala)ni takror ishlab chiqarish jarayonining shakli sifatida, pul
muomalasini esa kapitalning aylanish momenti sifatidagina qarab chiqishga uringan.
F. Kene iqtisodiyot tarixida birinchi bo'lib makroekonomik modellashtirishni
amalga oshirgan edi.
F.Kenening ijodi nihoyatda yuqori baholangan edi. Fransuz iqtisodchisi Mirabo
V.R. (1715-1789) fikricha, dunyo paydo bo'lganidan buyon asosan uchta kashfiyot
siyosiy jamiyatlar mustahkamlanishiga ko'mak bergan:
1) yozuv;
2) tanga;
3) «Iqtisodiy jadval».
F.Kene ta'limotida bir qancha kamchiliklar mavjud, sinflar to'g'risidagi
g'oyada izchillik va ilmiylik yo'q. Sanoatchilar («unumsiz sinf») ishlab chiqarish
vositalaridan mahrum etilgan (chunki mahsulotning hammasi sotib yuboriladi) va
ularda ishlab chiqarishni qaytadan boshlash imkoniyati yo'q (vaholanki,
hunarmandlar asosiy kapitalga ega). Ammo F.Kenening jadvali iqtisodiyot tarixida
birinchi marta natural, ya'ni tovar va pul holidagi moddiy ne'matlarning
makroekonomik zanjiridir. Undagi g'oyalar bo'lajak iqtisodiy modellarning kurtagi
bo'lib qoldi.
3. A.Tyurgo va uning iqtisodiy ta'limoti
F.Kenening g'oyalari Ann Rober Jak Tyurgo (1727-1781 yy.) tomonidan
davom ettirildi va chuqurlashtirildi. Ammo u o'zini F.Kene shogirdi yoki davomchisi
deb hisoblamagan. U Parijda normand dvoryanlar oilasida tug'ildi, Sarbonnaning
Teologiya (diniy) fakultetini tugatdi, ammo bu sohada ishlamadi. 1751 yildan Parij
parlamentining chinovnigi, 1761-1774 yillarda Limojda intendant (harbiy qismda
xo'jalik mudiri), 1774-1776 yillarda moliya bosh nazoratchisi, qirol Lyudovik XVI
davrida moliya vaziri sifatida bir qancha antifeodal islohotlar o'tkazdi (don
savdosidagi cheklashni yo'q qildi, savdo gildiyalarini tugatdi...), ammo bu
o'zgarishlar Tyurgo iste'foga chiqqach, bekor qilindi. U ham F.Kene singari Didro,
D`Alamber va ularning yordamchilari tomonidan chiqarilayotgan «Qomus»ga bir
nechta falsafiy va iqtisodiy maqolalar yozdi.
A.Tyurgo hayoti va ijodida progressiv chinovnik Vensan Gurne katta rol
o'ynadi. U fiziokratlardan ancha farqli ravishda sanoat va savdoning mamlakat
ravnaqidagi rolini to'g'ri tushundi. Sof bozor iqtisodiyotidagi mashhur laissez faire,
laissez passer (bu tamoyilga ko'ra, iqtisodiyot davlat aralashuvisiz rivojlanishi
kerak) tamoyili birinchi bor shu tadqiqotchi tomonidan ilgari surilgan degan fikr bor.
U boshqalar qatori hunarmandchilikdagi sex cheklashlariga qarshi chiqdi, erkin
raqobatni qo'llab-quvvatladi.
A.Tyurgo V.Gurne (u 1759 yilda vafot etdi) bilan F.Kene
xuzurida ko'p bo'lgan, u ular bilan asosiy masalalarda
maslakdosh bo'lsa ham, ko'p sohalarda boshqacha fikr
yuritar edi. A.Tyurgo Parijda A.Smit bilan ham uchrashgan.
A.R.J.Tyurgo A.Tyurgoning iqtisodiy qarashlari uning 1766
yilda
yozilgan
(1769-1770
yillarda
chop
etilgan)
«Boylikning paydo bo'lishi va taqsimlanishi to'g'risidagi
mulohazalar» asarida nisbatan to'la yoritilgan. U Kene
fikrlarini faqat targ'ibot qilish bilan cheklanmadi, uni rivojlantirdi. U kapitalistik
ishlab chiqarish munosabatlarini ancha chuqur tushundi,
A. Tyurgo feodalizmni islohotlar o'tkazish yo'li bilan yaxshilash mumkin degan
fikrga ishonmadi (Kene ishongan), kapitalizm feodalizm kobig'ida vujudga keladi
va g'alaba qiladi degan g'oyani ilgari surdi.
Bu kitob aslida Parijga o'qishga kelgan ikki xitoylik uchun darslik sifatida
yozilgan va 100 ta aniq tezisdan iborat (V.Petti uslubi), ammo ba'zi qoidalar aksioma
(isbot talab etmaydigan qoida)dan iborat. Bu iqtisodiy teoremalar aniq uch qismga
bo'linadi. 31 ta tezis (teorema) fiziokratik g'oyalar majmuidan iborat (ustoz
F.Kenening ta'siri). Ammo «sof mahsulot» nazariyasi F.Kenedan boshqacharoq
talqin etiladi, aslini olganda bu erda qo'shimcha qiymat haqida gap boradi va bu
mahsulot tabiatning sof in'omidan dehqon mehnati bilan yuzaga keladigan ortiqcha
mahsulot sifatida qaraladi hamda asosiy ishlab chiqarish vositasi bo'lgan er egasi
tomonidan o'zlashtiriladi.
Keyingi 17 ta teorema qiymat, baho va pulga bag'ishlangan. A.Tyurgoning bu
sohadagi fikrlari o'ziga xos xarakterga ega va qiymatning mehnat nazariyasidan
ancha yiroq. Uningcha almashuv qiymati va tovarning bahosi tovarlar nisbati,
almashuvda ishtirok etayotgan shaxslar, sotuvchi va oluvchi istagining intensivligi
bilan aniqlanadi (marjinalistik talqin). Ammo A.Tyurgoning bu g'oyasi uning
ta'limotiga hech ham mos kelmas edi.
Oxirgi 52 ta teoremada A.Tyurgoning tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan asosiy
iqtisodiy g'oyalari keltiriladi. Yuqorida aytilganidek, fiziokratlar jamiyatni uch
sinfga bo'ladilar. A.Tyurgo esa jamiyatni sinflarga boshqacharoq ajratadi,
«unumsiz» sanoatchilar sinfini u ikki qismga bo'ladi: birinchisiga tadbirkor
manufakturistlar, fabrika egalari kiradi, ular katta kapital egalari sifatida namoyon
bo'lib, o'z avans, ya'ni bo'naklari yordamida ish joyi yaratadilar va uni foyda olish
uchun sarflaydilar. Ikkinchilari - bu oddiy hunarmandlar bo'lib (ishchilar), ular o'z
qo'l kuchlari hisobiga ish haqi oladilar (ishlab chiqarish vositalaridan mahrum).
A.Tyurgo ish haqini V.Petti va F.Kene kabi tirikchilik uchun zarur minimum
mablag'lar asosida hal etadi, ammo Kenedan farqli ravishda nega shunday bo'lishi
kerakligining mexanizmini tushuntirib bermoqchi bo'ladi. Uning asosiy dalili shuki,
mehnatga talab taklifga nisbatan kamayib boradi, ishchilar o'rtasida raqobat boradi.
Xuddi shu kabi er egalari sinfi ham fabrikantlar kabi ikki razryadga ajratiladi, bular
avans beruvchi tadbirkorlar yoki kapitalistlar va faqat ish haqi oluvchi oddiy
ishchilardir. Bu katta ijobiy voqea, chunki Fransiyada bu sinflar mavjud edi.
Demak, A.Tyurgo bo'yicha jamiyatda besh sinf mavjud, bu haqiqatga yaqindir. U
yollanma ishchida qo'l kuchidan boshqa ishlab chiqarish vositalari yo'qligini ochib
beradi, kun kechirish uchun u o'z mehnatini boshqalarga sotishi zarurligini
ko'rsatadi. A.Tyurgoning bunday fikrga kelishida vaqtning ham ta'siri bor, chunki u
Kenedan keyinroq yashadi.
Tyurgoning ta'limotida pul, qiymat, sinflar va daromad nazariyalari tahlil
etiladi.
Uning fikricha, oltin, pul ham, agar ular miqdori oshib ketsa, boshqa tovarlar kabi
o'z qimmatini (foydalilik- naflik) yo'qotishi mumkin (marjinalistik g'oya). Pulning
miqdori jamiyatdagi ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlarga mos kelishi
shart. U shuni qayd etadiki, «milliy boyligi» bu avvalo erlar va ulardan olinadigan
«sof mahsulot»dir.
Bu olim ham qiymatning sarf-xarajat konsepsiyasini qo'llaydi. Noyoblikka
e'tibor berib, tovar xarid etishda eng muhim element deb qaraladi (marjinalizm
mavzusiga qarang).