KURS ISHI
FUQAROLIK PROTSESSUAL HUQUQI TUSHUNCHASI, TIZIMI VA
MANBALARI
Reja:
I. Kirish
II. Asosiy qism
1. Fuqarolik protsessual huquqi tushunchasi
2. Fuqarolik protsessual huquqining tizimi
3. Fuqarolik protsessul huquqining manbalari
III. Xulosa
IV. Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
I. Kirish
Yuridik fanlarning muhim sohasi hisoblangan fuqarolik protsessual huquqi
ham davlat huquqiy faoliyatning alohida turi sifatida fuqarolik ishlari bo‘yicha odil
sudlovni amalga oshirish masalalarini o‘rganadi, uni rivojlantirish va yanada
takomillashtirish, jamiyat uchun to‘liq va samarali xizmat qilish yo‘llarini belgilab
beradigan fan sifatida maydonga chiqadi. Darhaqiqat, fuqarolik protsessual huquqi
fanining yordami va ko‘magisiz odil sudlovning mohiyatini to‘g‘ri tushunish va
uni to‘liq amalga oshirish, odil sudlov faoliyati davomida yuzaga keluvchi
qoidalarga to‘laligicha rioya qilish mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining
fuqarolik protsessual huquqi fani yuridik fanlarning asosiy va muhim
bo‘g‘inlaridan biri hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida
mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda
qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va
milliy totuvlikni ta’minlashga ko‘maklashish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini
yuksaltirish, qonun hujjatlarini takomillashtirish va uni amaliyotda qo‘llash
samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fuqarolik protsessual huquqi — huquq sohasi; sud tomonidan fuqarolik
ishlarini koʻrish va hal qilish, shuningdek, sudlar va boshqa ayrim organlar
qarorlarining ijro etilishi tartibini belgilaydi. Fuqarolik protsessual huquqining
predmeti — sud majlisida tekshiriladigan va hal qilinadigan fuqarolik ishlari
tufayli vujudga keladigan sud va protsessning boshqa ishtirokchilari oʻrtasidagi
ijtimoiy munosabatlardir. Fuqarolik protsessual huquqi fuqarolik ishlarini
yuritishni tartibga solib, qoʻzgʻatilgan ish yuzasidan sudning, protsess
ishtirokchilarining, sud qarorini ijro etuvchilarning qanday harkatlarni qanday
tarzda bajarishlari lozimligini, bunday harakatlarning oqibatlari nimadan iborat
boʻlishi (ish haqi undirilishi, keltirilgan zarar toʻlanishi)ni belgilaydi. Fuqarolik
protsessual huquqi huquqning boshqa sohalari, chunonchi, jinoyat protsessual
huquqi bilan bogʻliq. Huquqning bu har ikki sohasini birlashtiradigan mazmun
shundaki, ular odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlarni
tartibga soladi. Fuqarolik protsessual huquqining asosiy manbai Oʻzbekiston
Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksidir.
Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud,
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish,
aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini
ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktyabr kuni “Sud-huquq tizimini
yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish
kafolatlarini kuchaytirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Farmon
sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining
ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini
oshirish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish
maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim
vazifalarini belgilab bergan.
II. Asosiy qism
1. Fuqarolik protsessual huquqi tushunchasi
Fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida
mustahkamlangan fuqarolik protsessual qoidalarning majmui mustaqil huquq
sohasi bo‘lmish fuqarolik protsessual huquqini hosil qiladi. Yuridik adabiyotlarda
fuqarolik protsessual huquqi tushunchasiga bir-biriga o‘xshash ta’riflar beriladi.
Masalan, atoqli protsessualist Sh.Sh.Shoraxmetovning fikricha, fuqarolik
protsessual huquqi deb, fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudning odil sudlovni amalga
oshirish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarini ifodalaydigan fuqarolik protsessi
ishtirokchilarining harakatlarini qonun asosida tartibga soladigan, shuningdek sud
qarorlarining ijro etilishi tartibini belgilaydigan huquq me’yorlarining majmuiga
aytiladi. Mashhur protsessualist olima M.S.Shakaryan fuqarolik protsessual
huquqiga fuqarolik ishlarini qo‘zg‘atish, mazmunan ko‘rish va hal etish, sud
qarorlarini qayta ko‘rish, shuningdek sud qarorlarini ijro etish tartibini, umuman
fuqarolik ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish tartibini belgilaydigan
huquq normalarining majmui, deb ta’rif beradi. Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik
protsessual huquqi fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy
huquqlarini, erkinliklari va manfaatlarini, shuningdek korxonalar, muassasalar,
tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining
huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining sud orqali himoya
qilinishini ta’minlaydi. Fuqarolik protsessual huquqi o‘zida fuqarolik ishlari
bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sud va protsessning boshqa
ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga
soladigan protsessual normalar tizimini jamlagan huquq sohasi hisoblanadi.
Fuqarolik protsessual huquqi normalari bilan fuqarolik ishlarida ishtirok etuvchi
har bir shaxs uchun protsessual huquq va majburiyatlar belgilanadi. Masalan, sud
fuqarolik ishini mazmunan ko‘rish va hal etish vakolatiga ega bo‘ladi. Shu bilan
birga sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual huquqlariga qat’iy amal
qilishi talab etiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallari bilan tanishish,
ulardan ko‘chirmalar olish, nusxalar ko‘chirish, rad etish to‘g‘risida arz qilish,
dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi
boshqa shaxslarga va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan
shaxslarga savollar berish, arz qilish, iltimosnomalar taqdim etish, sudga og‘zaki
va yozma tushuntirishlar berish, sud muhokamasi davomida yuzaga keladigan
barcha masalalar bo‘yicha o‘zlarining vajlarini bayon qilish, boshqa shaxslarning
arzlari, iltimosnomalari, vajlariga qarshi e’tirozlar bildirish, sud hujjatlari ustidan
shikoyat qilish, davlat ijrochisi tomonidan harakatlar sodir etilishida hozir bo‘lishi
va o‘z huquqlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladilar. Fuqarolik protsessual
huquq normalari sud protsessini olib borish tartibini belgilaydi, mazkur tartibni
buzuvchi fuqarolik protsessual munosabatning har bir subyekti uchun muayyan
choralarni nazarda tutadi. Fuqarolik protsessual huquqi normalarining huquqiy
tartibga solish obyektini fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishlarini yuritish sohasidagi
ijtimoiy munosabatlar tashkil qiladi. Fuqarolik protsessual huquqi huquqning
mustaqil tarmog‘i bo‘lgani bois, huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos maxsus
predmetiga ega. Shu o‘rinda fuqarolik protsessual huquqi predmetining fuqarolik
protsessining predmeti bilan o‘zaro farqli jihatlarini ajrata bilish lozim. Masalan,
sud tomonidan odil sudlovni amalga oshirish maqsadida sudda ko‘rilayotgan
muayyan fuqarolik ishi fuqarolik protsessining predmeti hisoblanadi. Yuridik
lug‘atlarda e’tirof etilishicha, fuqarolik ishi – fuqarolik sudida fuqarolik huquqiy
qonunlarda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladigan har qanday ish. Fuqarolik
ishiga quyidagilar kiradi: fuqarolik huquqi to‘g‘risidagi kelishmovchilikka doir
ishlar; boshqaruv organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘z vakolatlarini
fuqarolarning huquqlarini cheklab sodir yetgan harakatlari bo‘yicha shikoyatlarga
doir ishlar; yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar va
maxsus yuritiladigan boshqa ishlar. Fuqarolik protsessual huquqining predmetini
fuqarolik sud ishlarini yuritish sohasida vujudga keladigan fuqarolik protsessual
munosabatlar tashkil etib, ushbu munosabatlar fuqarolik ishlari tufayli vujudga
keladigan sud va protsessning boshqa ishtirokchilari, sud qarorlarini ijro etuvchi
idoralar o‘rtasida yuzaga keladi. M.S.Shakaryanning fikricha, fuqarolik sud
ishlarini yuritish deganda, fuqarolik protsessual huquqi bilan tartibga solinadigan
sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va protsessning boshqa ishtirokchilari,
shuningdek sud qarorlarini ijro etuvchi idoralarning faoliyati tushuniladi. Boshqa
guruhdagi olimlar esa fuqarolik protsessi deganda, uchta tarkibiy qism: protsessual
faoliyat, protsessual munosabatlar va protsessual shaklning birligini tushunadilar.
Sh.Shoraxmetov fuqarolik protsessiga qonun bilan belgilangan fuqarolik ishlarini
ko‘rish, hal qilish va sud qarorlarini ijro etish bilan bog‘liq faoliyat, deb ta’rif
beradi.
2. Fuqarolik protsessual huquqining tizimi
Fuqarolik protsessual huquqining barcha qoidalari bir biri bilan uzviy bog‘liq
bo‘lib, uning yaxlit tizimini tashkil qiladi. Ushbu tizimda umumiy va maxsus
ahamiyat kasb etuvchi normalar majud bo‘lib, ular birgalikda fuqarolik protsessual
huquqining tizimini hosil qiladi. Protsessual normalar sud ishlarini yuritish turlari
hamda fuqarolik protsessining barcha bosqichlari uchun umumiy bo‘lgan
normalarga ajratiladi. Ular fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifalarini aniqlaydi,
fuqarolik protsessi prinsiplarini mustahkamlaydi, fuqarolik ishlarida ishtirok
etuvchi shaxslar doirasini, dalillar, protsessual muddatlar, sud xabarnomalari,
chaqiruvlari va hokazolarni belgilaydi. Modomiki, fuqarolik protsessi fuqarolik
ishining bir bosqichdan ikkinchi bosqichga harakatlanishidan iborat ekan,
protsessual normalar birinchi instansiya sudida, apellatsiya va kassatsiya tartibida
ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish,
sud qarorlarini ijro etish bosqichlarini o‘zida qamrab oladi. Undan tashqari,
protsessual normalar turli protsessual harakatlarni ham tartibga soladi. Masalan,
da’vo tartibida yuritiladigan ishlardagi ko‘plab protsessual normalar (fuqarolik
ishini qo‘zg‘atishga doir 188-200-moddalar, fuqarolik ishini sudda ko‘rishga
tayyorlashga oid 201-206-moddalar) sud ishlarini yuritishning boshqa turlari uchun
ham ahamiyatli hisoblanadi. Shuning uchun ham da’vo tartibida yuritiladigan
ishlar uchun belgilangan qoidalar fuqarolik sud ishlarini yuritishning umumiy
qoidalari tarzida e’tirof etiladi. Biroq har bir sud ishlarini yuritish turining o‘ziga
xos xususiyatlari alohida normalarda aks ettiriladi. Xususan, “qarshi da’vo”,
“da’voni ta’minlash” kabi normalar da’vo tartibida yuritiladigan ishlar uchungina
xos hisoblanadi. Fuqarolik protsessual kodeksida, shuningdek fuqarolik, uy-joy,
mehnat, oila va boshqa huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi kodekslarda
moddiy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni sudda ko‘rishning
protsessual xususiyatlarini nazarda tutuvchi maxsus normalar o‘z ifodasini topadi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 277-moddasida xodimlar
mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga
murojaat qilganlarida sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 80-moddasiga ko‘ra, ota-
onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va
homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Mashhur protsessualist N.A.Chechina
ham ayrim toifadagi fuqarolik ishlarini sudda ko‘rish va hal etishga xizmat
qiluvchi
aksariyat
protsessual
normalar
kodifikatsiyalangan
va
kodifikatsiyalanmagan moddiy huquq normalarida mustahkamlab qo‘yilishining
tarafdori bo‘lgan. Shunday qilib, fuqarolik protsessual huquqi tarkibida birinchi
instansiya, apellatsiya va kassatsiya tartibida ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan
sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish, sud qarorlarini ijro etish
bosqichlarini tartibga soluvchi, umuman fuqarolik protsessining barcha bosqichlari
uchun xos bo‘lgan umumiy qoidalarni ajratish mumkin. Bu esa fuqarolik
protsessual huquqi tizimini quyidagi ikki qismga: umumiy va maxsus qismga
ajratish mumkinligini ko‘rsatadi.
Fuqarolik protsessual huquqining umumiy qismida Fuqarolik protsessual
kodeksining “Umumiy qoidalar” deb nomlangan birinchi bo‘limida fuqarolik sud
ishlarini yuritishning prinsiplari, sud tartibi, sudyani va protsessning boshqa
ishtirokchilarini rad qilish, sudga taalluqlilik va sudga tegishlilik, fuqarolik sud
ishlarini yuritish ishtirokchilari, sudda vakillik, dalillar, da’voni ta’minlash, ish
yuritishni to‘xtatib turish, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud
xarajatlari, protsessual majburlov choralari, protsessual muddatlar, sud
xabarnomalari va chaqiruvlari, kelishuv bitimini tuzish kabi institutlar nazarda
tutilgan. Fuqarolik protsessual huquqining maxsus qismi – protsessning turli
bosqichlarini (birinchi instansiya sudida ish yuritish, sud qarorlari ustidan shikoyat
berish va ularni qayta ko‘rish, sud hujjatlarini ijroga qaytarish) tartibga soluvchi,
shuningdek fuqarolik protsessida chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi
bo‘lmagan shaxslar ishtiroki masalasini nazarda tutuvchi normalar yig‘indisidan
iborat. Boshqacha qilib aytganda, maxsus qismda fuqarolik ishlarining ayrim
turkumlarini ko‘rish, hal qilish uchun va fuqarolik jarayonining ayrim bosqichlari
uchun maxsus ahamiyatga ega bo‘lgan huquqiy me’yorlar bayon etiladi. Fuqarolik
protsessual huquqining yuqorida bayon etilgan tizimi o‘zida Fuqarolik protsessual
kodeksining tuzilishini belgilab beradi.
3. Fuqarolik protsessul huquqining manbalari
Fuqarolik protsessual huquqining manbalari fuqarolik sud ishlarini yuritish
tartibini belgilovchi fuqarolik protsessual normalardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston
Respublikasining qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi ishtirokidagi
xalqaro shartnomalar hisoblanadi. Undan tashqari, umumiy yurisdiksiya sudlarida
fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi, Fuqarolik protsessual kodeksi, “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi
tahrirdagi Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan. Fuqarolik protsessual
huquqining asosiy manbai o‘zida sud ishlarini yuritishning muhim prinsiplarini
mustahkamlagan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi.
Konstitutsiya fuqarolik protsessual qonunchilikning rivojlanishidagi muhim
huquqiy bazadir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizning
haqiqiy mustaqil davlat maqomiga ega ekanligiga qonuniy asos soldi, uning
tegishli normalarida jamiyat tuzilishida va davlat qurilishida, fuqarolarning huquq
va erkinliklarga erishishida sodir bo‘lgan tub o‘zgarishlar o‘z aksini topdi va
mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali
marosimdagi “Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada
taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” nomli ma’ruzasida ta’kidlaganidek,
“...Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat
organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha
jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy,
siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora
o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh
kuch-qudrati natijasidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yuridik
fanlarning asosiy manbai va o‘zagi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan
Konstitutsiya negizida, aytish mumkinki, uning muayyan normalari orqali ham
ma’lum bir huquq tizimlarida uzluksiz ravishda davom etadigan sifat jihatdan tub
o‘zgarishlar ro‘y berishi, natijada yangidan-yangi huquq sohalari shakllanishi
mumkin. Shuning uchun ham muayyan bir huquq sohasining manbalarini
o‘rganish jarayonida eng avvalo asosiy manba sifatida Konstitutsiyani o‘rganishga
alohida e’tibor berib kelinadi. Konstitutsiya muhim huquq sohalaridan biri bo‘lgan
fuqarolik protsessual huquqining ham asosiy manbai hisoblanadi. O‘zbekiston
Respublikasining fuqarolik protsessual huquqi fani yuridik fanlarning asosiy va
muhim sohalaridan biri hisoblanib, Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson
huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni
mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta’minlashga
ko‘maklashish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun hujjatlarini
takomillashtirish va uni amaliyotda qo‘llash samaradorligini oshirishga xizmat
qiladi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatimizning
Asosiy qonuni sifatida mamlakatimizdagi barcha huquq sohalari kabi fuqarolik
protsessual huquqi fanini rivojlantirish hamda yanada takomillashtirishda muhim
manba hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizning ayrim boblari va xatto
moddalari ham fuqarolik protsessual huquqining institutlarini rivojlantirishda
muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Konstitutsiyaning “O‘zbekiston Respublikasining
sud hokimiyati” deb nomlangan XXII bobi muhim ahamiyat kasb etadi. Unga
ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro
etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan
mustaqil holda ish yuritadi”. Bu haqdagi maxsus qoidaning kiritilishi ham
sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning insonparvar demokratik
huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini oshirishga
xizmat qiladi. Konstitutsiyada, shuningdek sudlarni tashkil etish va ularning
faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilashga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilishga
xizmat qiluvchi normalar (107-modda) ham o‘z ifodasini topgan. Fuqarolik sud
ishlarini yuritish jarayonida amal qiladigan asosiy prinsiplarga doir qoidalarning
Bosh qomusimizda belgilanishi sud ishlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida ko‘rilishi hamda
hal etilishini ta’minlaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 112-moddasida sudyalarning
mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishlari to‘g‘risida qoida mavjud bo‘lib,
ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron bir tarzda
aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq
javobgarlikka sabab bo‘lishi o‘z ifodasini topgan. Qayd etish lozimki, sudlarning
mustaqilligi mamlakatimizda odil sudlovni hech kimning aralashuvisiz, xolisona
amalga oshirishga qodir bo‘lgan mustaqil va nufuzli sud hokimiyatining mavjud
bo‘lishining asosiy shartlaridan biridir. “O‘zbekiston Respublikasini yanada
rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan
tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning
beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot
va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi16 asosida qabul
qilingan qonunchilik bilan sudya birinchi marta besh yillik muddatga, navbatdagi
o‘n yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga
belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi belgilandi. O‘z navbatida mazkur
yangilik xalqaro standartlar va rivojlangan demokratik davlatlarning qonunchilik
tajribasiga mos keladi. Konstitutsiyaning 107-moddasida mamlakatimizda odil
sudlovni amalga oshiradigan sudlarning to‘liq ro‘yxati berilgan bo‘lib, unga ko‘ra
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimini quyidagi sudlar tashkil etadi: O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy
sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari,
fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy va
ma’muriy sudlar, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari,
jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy
sudlari va tuman, shahar ma’muriy sudlaridan iborat. Favqulodda sudlar tuzishga
yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoidaning Asosiy qonunimizda mustahkamlab
qo‘yilishi esa jamiyatda sud hokimiyatining nufuzini oshirishga, hokimiyatlarning
bir-birini tiyib turishi to‘g‘risidagi tamoyilning amalda o‘z ifodasini topishiga
hamda inson huquq va erkinliklarini qo‘shimcha ravishda kafolatlashga xizmat
qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasida hamma
sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda
belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoidalar belgilangan. Mazkur
qoida shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksida ham o‘z ifodasini topgan
bo‘lib, unga ko‘ra barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi. Davlat
siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ishlar
bo‘yicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq
sud majlisida o‘tkaziladi. Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora o‘qib
eshittiriladi. Jamiyatimizda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, sud orqali
himoyalanishga bo‘lgan huquqlarni qo‘shimcha kafolatlash, sud tizimining
qonunchilik asoslarini huquqiy demokratik davlat talablariga moslashtirish hamda
fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish va hal etishni soddalashtirishga qaratilgan
normalarni fuqarolik protsessual qonunchilikda mustahkamlash maqsadida 2018-
yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi
qabul qilindi va 2018-yilning 1-aprelidan amalga kiritildi. Fuqarolik protsessual
huquqining muhim manbai sifatida O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-
dekabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni muhim
ahamiyat kasb etadi. Mazkur Qonunda sud tizimi, sudning vazifalari, sudda ish
ko‘rish bo‘yicha muhim prinsiplar, sudlarning tuzilishi, sudyalarning huquqiy
maqomi bilan bog‘liq normalar mustahkamlangan. Fuqarolik protsessual
huquqining manbasi sifatida fuqarolik protsessining alohida yo‘nalishlarini tartibga
soladigan boshqa qonun hujjatlari ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolik
protsessual huquqining bunday manbalari sifatida O‘zbekiston Respublikasining
2001-yil 29-avgustdagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonuni, “Sud hujjatlari va
boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining
Qonuni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi
Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi 2017-yil 6-apreldagi Qonuni shular
jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha
harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlarni ijro etish
maqsadida 2018-yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik
protsessual kodeksi qabul qilindi va 2018-yilning 1-aprelidan amalga kiritildi.
FPKda sudda fuqarolik ishlarini ko‘rish va hal etish tartibini batafsil ifoda etuvchi
fuqarolik protsessual huquqining normalari mustahkamlangan. Mazkur Kodeks
besh bo‘lim, 47-bob va 462-moddadan iborat. FPKning “Umumiy qoidalar” deb
nomlangan birinchi bo‘limida quyidagi boblar mavjud: asosiy qoidalar, fuqarolik
sud ishlarini yuritish prinsiplari, sud tarkibi, sudyani va protsessning boshqa
ishtirokchilarini rad qilish, sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik, fuqarolik sud
ishlarini yuritish ishtirokchilari, sudda vakillik, dalillar, da’voni ta’minlash, ish
yuritishni to‘xtatib turish, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud
xarajatlari, protsessual majburlov choralari, protsessual muddatlar, sud
xabarnomalari va chaqiruvlari, kelishuv bitimi. FPKning “Birinchi instansiya
sudida ish yuritish” deb nomlangan ikkinchi bo‘limi sud ishlarini yuritishning
barcha turlarida qo‘llaniladigan umumiy qoidalar va sud ishlarini yuritish turlari
uchun tatbiq etiladigan maxsus normalar mustahkamlangan kichik bo‘limlardan
iborat. 1-kichik bo‘limda buyruq tartibida ish yuritish, 2-kichik bo‘limda da’vo
ishni yuritish, 3-kichik bo‘limda alohida tartibda ish yuritish, 4-kichik bo‘limda esa
hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni yuritishga doir
normalar o‘z ifodasini topgan. Bu esa o‘z navbatida fuqarolik sud ishlarini
yuritishning 4 ta turi mavjudligini hamda har bir sud ishlarini yuritish turining
o‘ziga xos protsessual xususiyatlari fuqarolik protsessual qonunchilikda
mustahkamlab qo‘yilganligini ko‘rsatadi. Qolaversa, ko‘p yillar davomida
huquqshunos olimlar tomonidan ilgari surilgan hakamlik sudining hal qiluv qarori