GAP BO‘LAKLARI SANALMAYDIGAN BIRLIKLAR.
Reja:
1. Undalma
2. Kirish so‘z va kirish birikma
3. Kiritma gap
GAP BO‘LAKLARI SANALMAYDIGAN BIRLIKLAR
Gap tarkibida ba’zan shunday so‘zlar va so‘z birikmalari hatto gaplar
qo‘llanadiki, ular gapning biror bo‘lagi bilan grammatik jihatdan aloqaga
kirishmaydi. Shu tufayli bunday so‘z yoki so‘z birikmalari gap bo‘laklari
hisoblanmaydi. Undalma, kirish so‘z, kirish birikma va kiritma gap ana shunday
xususiyatga ega.
Undalma
So‘zlovchining nutqi qaratilgan shaxs (yoki predmet)ni anglatadigan so‘z yoki
so‘z birikmasi undalma deyiladi. Undalma bayon qilinayotgan fikrga tinglovchining
diqqatini tortish uchun xizmat qiladi.
Undalma o‘zi ishtirok etgan gap bilan grammatik jihatdan bog‘lanmaydi. U
bosh kelishik shaklidagi ot yoki otlashgan so‘z bilan ifodalanadi. Bu jihatdan
undalma egaga o‘xshaydi, biroq u gapning kesimi bilan grammatik jihatdan
bog‘lanmasligiga ko‘ra o‘ziga xos undosh intonatsiyasi, pauza (to‘xtash) bilan
aytilishiga ko‘ra egadan farq qiladi. Masalan: Aziz o‘g‘lim, yomonlar bilan
suhbatdosh bo‘lma, ulardan asrlondan qochganday qoch, hammaga rahm va
shafqat ko‘zi bilan qara ... («Oz-oz o‘rganib, dono bo‘lur»). Yurak, sensan mening
sozim, tilimni nayga jo‘r etding. (U.Nosir).
Undalma ba’zan -ey, -u (-yu) kabilar bilan birga qo‘llanadi: Luqmon hakim
o‘g‘liga nasihat qilib aytdi: - Ey o‘g‘il, odamlr so‘zga ustomonliklari bilan
maqtansalar, sen sukuting bilan maqtan. («Oz-oz o‘rganib, dono bo‘lur»).
Undalma vazifasida atoqli otlar, shaxs otlari, qarindoshlik, kasb, hunar
kabilarni anglatuvchi so‘zlar keladi. Masalan: - Onajon, Xonzoda begim ham sizning
suyukli farzandingiz-ku (P.Qodirov). Kechagi maqola nima bo‘ldi, Rahim aka?!
(F.Musajonov). Siz mendan ko‘ra qo‘ylaringizni ko‘proq o‘ylang, cho‘pon aka!
(P.Qodirov).
Undalma otlashgan sifat, otlashgan undov so‘z, so‘z birikmasi va shu kabilar
bilan ham ifodalanishi mumkin: O‘ynashma, puchuq, tek tur, hamma yog‘ing suv
bo‘ldi... (O.Yoqubov). -Hoy, biron gap topib keldingmi? (S.Ahmad). Yaxshilik ...
yaxshilikning ham bahosi bor, o‘rtoq Zargarov (A.Muxtor).
Undalma gap boshida, o‘rtasida, oxirida keladi va yozuvda gapning boshqa
bo‘laklaridan, odatda, vergul bilan ajratiladi: - Olim bola, rayhonlarni bir silkitib
chiqmaysizmi ... (J.Abdullaxonov). Ey rais, bu kitobni avval bir o‘qib ko‘ring.
(S.Ahmad). Nima qilasiz, dada, bolaning yuragini ezib. (S.Ahmad). Mening etti
pushtim bog‘bon o‘tgan, o‘g‘lim. (J.Abdullaxonov).
Undalma kuchli his-hayajon bilan aytilsa, undan so‘ng, undov belgisi
qo‘yiladi: -Xolbek! Qanisan? – dedi Eshmurot aka. – Kelsang-chi, kutib qoldik-ku.
(P.Qodirov).
Kirish so‘z va kirish birikma
So‘zlovchining o‘zi bayon etayotgan fikrga bo‘lgan turli munosabatini
bildiruvchi so‘z yoki so‘z birikmasi kirish so‘z yoki kirish birikma deb yuritiladi.
Kirish so‘z, kirish birikma mazmunan butun bir gapga yoki uning biror
bo‘lagiga tegishli bo‘ladi.
Kirish so‘z va kirish birikma:
I. So‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga bo‘lgan turli munosabatini
ifodalaydi:
1. Ishonch yoki tasdiqni (albatta, to‘g‘ri, haqiqatan, darhaqiqat, shubhasiz, so‘zsiz
kabilar): Albatta, mendan ko‘ra paxta ishining ustalari yaxshiroq bilishadi.
(J.Abdullaxonov). To‘g‘ri, til suyaksiz-u, lekin suyakni sindiradi. (Shuhrat).