GAPLARNING TUZILISH JIHATDAN TURLARI: SODDA VA QO‘SHMA GAP. SODDA GAP TURLARI. BIR BOSH BO‘LAKLI VA IKKI BOSH BO`LAKLI GAPLAR, ULARNING TURLARI. TO‘LIQ VA TO‘LIQSIZ GAPLAR, ULARNING TURLARI. SO‘Z-GAPLAR, ULARNING TURLARI.
Yuklangan vaqt
2024-10-01
Yuklab olishlar soni
4
Sahifalar soni
8
Faytl hajmi
22,6 KB
GAPLARNING TUZILISH JIHATDAN TURLARI: SODDA VA QO‘SHMA
GAP. SODDA GAP TURLARI. BIR BOSH BO‘LAKLI VA IKKI BOSH
BO`LAKLI GAPLAR, ULARNING TURLARI. TO‘LIQ VA TO‘LIQSIZ
GAPLAR, ULARNING TURLARI. SO‘Z-GAPLAR, ULARNING TURLARI.
Reja:
1. Sodda gap turlari
2. Ikki bosh bo‘lakli gapning tuzilishi
3. Bir bosh bo‘lakli gaplar
4. Egasi topiladigan gaplar
5. Egasi topilmaydigan gap
6. Nominativ (atov) gap
7. Infinitiv gaplar
Gaplar tuzilish jihatdan ikki guruhga bo‘linadi:
1. Sodda gap bir predikativ birlikdan iborat bo‘lib, uning tarkibi ayrim
gaplarga bo‘linmaydi. Masalan: G‘ir-g‘ir shabada turli-tuman giyohlarning
hidlarini olib keladi. (O.). Oqil va donolar bilan suhbatdosh bo‘ling. («Oz-oz
o‘rganib dono bo‘lur»).
2. Qo‘shma gap mazmun va grammatik jihatdan birikkan ikki va undan ortiq
predikativ birliklardan tuzilib, uning tarkibi ikki va undan ortiq gaplarga bo‘linadi.
Masalan: Hali daraxtlar barg chiqarmagan-u, pushti guldastaga o‘xshab gullagan
bir tup bodom qo‘shni hovlining devori osha yashnab turibdi. (P.Q.). Haqiqiy
do‘stlik suvdek zilol, qalbaki do‘stlik – tuz qo‘shilgan asal. (Maqol).
Sodda gap turlari
Sodda gaplar grammatik asosining tarkibiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1) ikki
bosh bo‘lakli gaplar; 2) bir bosh bo‘lakli gaplar.
Grammatik asosi ikki bosh bo‘lakdan: ega va kesimdan iborat bo‘lgan gaplar
ikki bosh bo‘lakli gaplar deyiladi. Masalan: Mehnatdan do‘st ortar. (Maqol).
Grammatik asosi bir bosh bo‘lakdan iborat bo‘lgan gaplar bir bosh bo‘lakli
gap deb yuritiladi. Masalan: Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga. (Maqol).
Sodda gaplar ikkinchi darajali bo‘laklarning qatnashishi-qatnashmasligiga
ko‘ra ikki xid bo‘ladi: yig‘iq gaplar va yoyiq gaplar.
Bosh bo‘laklardangina yoki bir bosh bo‘lakdan tashkil topgan gap yig‘iq gap,
ikkinchi darajali bo‘laklar ham ishtirok etgan gap yoyiq gap deyiladi. Masalan:
Yomg‘ir tindi. Bulutlar hamon qaysarlik bilan quyosh yuzini to‘sib turardi.
(S.Karomatov). Birinchi gap yig‘iq gap bo‘lib, faqat bosh bo‘laklardan tuzilgan.
Ikkinchi gapda bosh bo‘laklar (bulutlar – ega, to‘sib turardi – kesim)dan tashqari,
ikkinchi darajali bo‘laklar ham (hamon, qaysarlik bilan - hollar, quyosh - aniqlovchi,
yuzini – to‘ldiruvchi) qatnashgan. Shuning uchun bu gap yoyiq gapdir.
Bir bosh bo‘lakli gaplar ham, ikki bosh bo‘lakli gaplar ham zarur
bo‘laklarning to‘la ifodalanishi yoki tushirilishiga ko‘ra ikki turga ajratiladi: to‘liq
gap va to‘liqsiz gap. To‘liq gaplarda fikrni ifodalash uchun zarur bo‘laklarning
barchasi qatnashadi, to‘liqsiz gaplarda zarur bo‘laklarning biri yoki bir qismi
tushiriladi.
Masalan: - Ilgari qayerda ishlagan edilar? (To‘liq gap). – Dastavval
Surxondaryoda, keyin qarshi cho‘lida. (O.Y.) (To‘liqsiz gap).
Sodda gaplar bo‘laklarga ajralish-ajralmasligiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
bo‘laklarga ajraladigan gaplar va bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar. So‘zlar
bog‘lanmasidan yoki yakka so‘zdan tuzilib, gap bo‘laklarini aniqlash (ajratish)
mumkin bo‘lgan gaplar bo‘laklarga ajraladigan gaplar deb yuritiladi. Masalan:
Mashina darvoza oldida to‘xtadi. (O.Y.). Bir so‘zdan tashkil topib, tarkibi
bo‘laklarga ajratilmaydigan gaplar bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar yoki so‘z-
gaplar deyiladi. Masalan: - Assalomu alaykum, dada. (P.Q.).
Ikki bosh bo‘lakli gapning tuzilishi
Ikki bosh bo‘lakli gap ikki grammatik tarkibi: ega tarkibi va kesim tarkibi
mavjud bo‘lgan gapdir.
Ega yoki ega va unga taalluqli so‘zlar ega tarkibini tashkil etsa, kesim yoki
kesim va unga taalluqli so‘zlar kesim tarkibini tashkil qiladi.
Bir bosh bo‘lakli gaplar
Bir bosh bo‘lakli gaplarning tuzilish asosi yo kesim tarkibidan, yo ega
tarkibidan tashkil topadi. Kesim yoki kesim tarkibidan tashkil topgan gaplarda ega,
ega yoki ega tarkibidan tashkil topgan gaplarda kesim qatnashmaydi va bunday
bo‘lakka ehtiyoj ham bo‘lmaydi. Bunday gaplarda predikativlik bir bo‘lak bilan
ifodalanadi. Masalan: Oyko‘lliklarni yaxshi gaplar bilan yo‘ldan qaytarishdi (P. Q.).
Bugungi ishni ertaga qo‘yma. (Maqol). Yosh bo‘lsa ham ko‘p narsani boshidan
kechirgan. (P.Qodirov). Oqshom chog‘i... Vatan bo‘ylab qadam - qadamlab Quyosh
o‘tdi dengizlar, tog‘lar ortiga. (Shayxzoda). Aqlni beaqldan o‘rgan. (Maqol).
Bir bosh bo‘lakli gaplar, bosh bo‘lakning qaysi biridan tashkil topishiga ko‘ra,
ikki guruhga bo‘linadi: egasiz gaplar, kesimsiz gaplar.
Egasiz bir bosh bo‘lakli gaplar faqat kesim tarkibidan iborat bo`lib, egani
topish mumkin yoki mumkin emasligiga ko‘ra egasi topiladigan va egasi
topilmaydigan gaplarga bo‘linadi.
Kesimsiz bir bosh bo‘lakli gaplar nominativ (atov) gaplardir.
1. Egasi topiladigan gaplar
Egasi topiladigan gaplarda egasini kesim orqali beriladigan so‘roq bilan topish
mumkin bo`ladi. Bunday gaplar shaxsi aniq, shaxsi noaniq, shaxsi umumlashgan
gaplarga bo‘linadi.
Shaxsi aniq gap. Kesimi, asosan, fe’l bilan, ba’zan fe’ldan boshqa so‘z bilan
ifodalanib, harakatni bajaruvchi shaxsni aniq ko‘rsatib turadigan bir bosh bo‘lakli
gap shaxsi aniq gap deyiladi.
Shaxsi aniq gaplarda ega lesik jihatdan shakllanmaydi va unga hech qanday
ehtiyoj ham bo‘lmaydi; kesim vazifasida kelgan so‘z tarkibidagi tuslovchi affikslar
shaxsni aniq ko‘rsatib turadi.
Shaxsi aniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi:
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l va boshqa so‘z turkumlari bilan. Masalan: Ertalabki
poezddan qolmaslik uchun shoshilib chiqib ketayotgan edi. (O‘.Hoshimov).
Shaxsi aniq gap kesimining aniqlik maylidagi fe’l bilan ifodalanishi
quyidagicha:
1) o‘tgan zamon fe’l shakllari bilan: Ular bilan ham murosa qilolmagan edingiz-ku
... (P.Qodirov). Abdukarimova haqida bilmoqchi edim. (F.Musajonov).
2) hozirgi zamon fe’l shakllari bilan: Endi ularning xatosini tuzatish uchun qancha
mashaqqat chekamiz. (P.Qodirov). Gapimni tushuntirolmay qolamanmi deb
qo‘rqyapman. (J.Abdullaxonov).
3) kelasi zamon fe’l shakllari bilan: Hech kim bilan hech qanaqa raqobat
qilmoqchimasman.
(J.Abdullxonov).
Saviyasini
tekshirmoqchimisan?
(F.Musajonov).
2. Buyruq - istak mayidagi fe’l bilan: Xatlarni menga bering! – deb qoldi Tolib aka.
(F.Musajonov). Gazeta ishidan misol keltiib gapiray. (F.Musajonov).
3. Shart maylidagi fe’l bilan:
Xulosangizga
astoydil
ishonsangiz,
nimdan
qo‘rqasiz?
Tushuntirsangiz,
tushunishadi. (J.Abdullaxonov).
Shaxsi aniq gapning kesimi ba’zan fe’ldan boshqa so‘zlar bilan ham
ifodalanishi mumkin. Masalan: Kelishgan, o‘qimishlisiz, buning ustiga yoshsiz.
(F.Musajonov). Mulla Usmon, ... hammasidan xabardorsiz. (P.Qodirov).
Shaxsi aniq gaplar badiy adabiyotda, ayniqsa dialogik nutqda ko‘p qo‘llanadi.
Shaxsi noaniq gap. Kesimi, odatda, fe’l bilan ifodalanib, harakatni bajaruvchi
shaxsni aniq ko‘rsatib turmaydigan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi noaniq gap
deyiladi.
Shaxsi noaniq gapning kesimi uchinchi shaxsga qaratilgan bo‘lsa ham, bajaruvchisi
noaniq bo‘ladi.
Shaxsi noaniq gapning kesimi quyidagicha ifodalanadi.
1. Aniqlik (ijro) maylidagi fe’l bilan:
1) o‘tgan zamon fe’l shakllari bilan: Axtargan topar, deb bejiz aytmaganlar.
(J.Abdullaxonov). Xuddi shu kunning ertasiga kimdir uni qidirib yurganini aytdilar.
(J.Abdullaxonov). Baribir to‘y-hashamlarda, gap-gashtaklarda uni goh Aleksandr
Sergeevich Pushkin. goh Alisher Navoiy ... deb chaqirishardi. (S.Ahmad).
2) hozirgi zamon fe’li bilan: Yong‘oqni suv ombori deyishadi. (J.Abdullaxonov).
Mehr ko‘zda deb bekor aytmadilar. (F.Musajonov).
3) kelasi zamon fe’li bilan: Ularni yarashtirishga urinishmoqchilar. (P.Qodirov).
2. Buyruq-istak maylidagi fe’l bilan: ... mayli, mehnatimdan qirsinlar. (A.Qahhor).
3. Shart maylidagi fe’l bilan: Bir oydan beri uchovidan birortasini ko‘rsatarmikin
deb ko‘zim to‘rt bo‘lib qarayman. Hechki ko‘rsatishmasa! (P.Qodirov).
Shaxsi umumlashgan gap. Kesimi fe’l bilan ifodalanib, umumga qaratilgan
bir bosh bo‘lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Bunday gaplarda hayotiy
xulosalar, hayotiy tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar ifoda
qilinadi.
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ko‘pincha buyruq-istak maylining
ikkinchi shaxs shakli bilan ifodalanadi.
Maqollar ko‘pincha shaxsi umumlashgan gap shaklida bo‘ladi: Bilmagan ishga
urinma, urinib tuzoqqa ilinma. (Maqol). Tulkining tavbasidan qo‘rq, mug‘ambirning
- yig‘isidan. (Maqol). Kattani katta bil, kichikni –kichik! (Maqol). Tilingni botir
qilma, o‘zingni botir qil (Maqol).
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ba’zan buyruq-istak maylining birinchi
shaxs ko‘plik shakli orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Xushmuomalali
bo‘laylik, bu go‘zal sifat baxt-saodatning tuganmas xazinasi ekanini unutmaylik.
(«Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Qarilikning yuzimizdan ko‘ra aqlimizda ajinlar
hosil qilishdan ehtiyot bo‘laylik. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Shaxsi umumlashgan gapning bosh bo‘lagi ot kesim shaklida ham qo‘llanishi
mumkin. Masalan: Kattaga xizmatda bo‘l, kichikka izzatda bo‘l. (Maqol). Salobatli
bo‘lma, sabotli bo‘l. (Maqol).
2. Egasi topilmaydigan gap
Kesimi orqali harakatni bajaruvchi shaxs (ega)ni topish mumkin bo‘lmagan
bir bosh bo‘lakli gap egasi topilmaydigan yoki shaxssiz gap deyiladi. Bunday
gaplarda egani kiritib ham bo‘lmaydi, gapning kesimi orqali aniqlab ham bo‘lmaydi.
Egasi topilmaydigan gapning kesimi ko‘pincha tarkibli bo‘lib, quyidagicha
ifodalanidi: