GAPNING UYUSHIQ VA AJRATILGAN BO‘LAKLARI.
Reja:
1. Uyushiq bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot
2. Uyushiq qator a’zolarining o‘zaro aloqaga kirishuvi
3. Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar
4. Ajratilgan bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot
5. Ajratilgan to‘ldiruvchilar
6. Ajratilgan aniqlovchilar
7. Ajratilgan izohlovchilar
8. Ajratilgan hollar
9. Ajratilgan bo‘laklarda tinish belgilarining ishlatilishi
Uyushiq bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot
Gapda bir xil so‘roqqa javob bo‘lib, bir xil sintaktik vazifasini bajaradigan,
o‘zaro teng aloqaga kirishgan, bir umumiy bo‘lakka bog‘lanadigan gap bo‘laklari
gapning uyushiq bo‘laklari deyiladi. Masalan: Odamning eng shirin, lazzatli va
halol taomi o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan topgan rizqidir. («Oz-oz o‘rganib dono
bo‘lur»). Mazkur gapda eng shirin, lazzatli va halol hamda o‘z mehnati, qo‘l kuchi
bilan guruh so‘zshakllari uyushib kelgan. Bunda birinchi guruhdagi so‘zshakllar bir
xil so‘roqqa - qanday? degan so‘roqqa javob bo‘lib, sifatlovchi vazifasini bajargani
holda, taomi so`zi orqali ifodalangan umumiy bo‘lakka – egaga bog‘langan; ikkinchi
guruhdagi so‘zshakllar ham bir xil so‘roqqa - qanday? so‘rog‘iga javob bo‘lib hol
vazifasida kelib, topgan umumiy bo‘lagiga – sifatlovchiga bog‘langan. Har bir
guruhdagi so‘zshakllar o‘zaro teng aloqaga kirishgan.
Bunday teng aloqadagi so‘zshakllar soni ikkita va undan ortiq bo‘lib, keyingi
paytlarda ular tilshunoslikda uyushiq qator, tenglanishli qator deb yuritilmoqda.
Tenglanishli qatorda ikkidan tortib o‘n, hatto undan ko‘p so‘zshakl qatnashishi
mumkin: Saroytoshning ikki tomonida qad ko‘targan dara sohillari, undagi
archazorlar, soy bo‘yida o‘sguvchi yulg‘unzoru bizning uyimiz yaqinidagi eski
chashma, chashma atrofida ko‘karib yotadigan nilufarlar, yana qishloqning tor,
egri-bugri ko‘chalari, muyulishda do‘mpaygan go‘ng to‘dalari, atrofdan eshitilib
turadigan kakliklar sayrog‘i, oqshom tushganida uylar ayvonida yonuvchi
chiroqlar, chiroqlar tevaragida qur tutib suhbatga berilgan odamlar – bularning
hamma-hammasi biz uchun aziz, qadrdon edi. (Sh.Xolmirzayev).
Uyushiq qator quyidagi uyushiq bo‘laklar o‘rnini egallaydi:
1. Uyushiq ega: Qor-yomg‘ir yog‘ayotgan paytlarda ham ayollar va bolalar
suvga kelishadi. (P.Qodirov).
2. Uyushiq kesim:
a) uyushiq fe’l kesim: ... ufqqacha cho‘zilgan lolazor rang-barang tovlanmoqda,
yonmoqda. (J.Abdullaxonov);
b) uyushiq ot kesim: Qalbi pok bo‘lgan kishining ishlari ham pok bo‘ladi, toza
bo‘ladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
3. Uyushiq aniqlovchi:
a) uyushiq sifatlovchi: Tabiatning hech kimga bo‘ysunmaydigan, birovdan ruxsat
ham so‘rab o‘tirmaydigan o‘z qonunlari bor. (O‘.Hoshimov). Ba’zan ikki va undan
ortiq sifatlovchilar sifatlanmishni turli tomondan aniqlaydi va shuning uchun ham
uyushmagan sanaladi. Masalan: Tog‘ tepasida to‘planayotgan qora bulutlar tushga
borib quyuqlashib ketdi. (P.Qodirov). Bunda sifatlanmish (bulutlar) o‘rniga nisbatan
harakatdagi belgi (tog‘ tepasida to‘planayotgan) va rang-tus (qora) jihatdan
aniqlangan. Uyushgan sifatlovchilar esa sifatlanmishni bir tomondan aniqlaydi.
Masalan: Ular ichida sariq, binafsha rang gullar... asta silkinib, o‘zlarini ko‘z-ko‘z
qilmoqchi bo‘lardilar. (J.Abdullaxonov). Bu gapda sifatlanmish (gullar) faqat rang-
tus (sariq, binafsha rang) jihatdan tavsiflangan. Sifatlovchilarning uyushganligini
belgilashda sanash intonatsiyasi muhim rol o‘ynaydi;
b) uyushiq qaratuvchi: Hayotda go‘zallik, quvvat va saodatning manbai
soddalikdir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
d) uyushiq izohlovchi: ...bo‘lajak katta san’atkor, arxitektura professori
Akramjon Holiqov, deb bilasizlar!»- deb tanishtirdi. (O.Yoqubov).
4. Uyushiq to‘ldiruvchi:
a) uyushiq vositasiz to‘ldiruvchi: ... asrlar davomida qasr, koshona, machit,
madrasa va uylar qurishda chinordan keng foydalanib kelingan. (A.Aminov);
b) uyushiq vositali to‘ldiruvchi: Yengil qor parchalarining osmondan uchib
tushishida ham, daraxtlarga qo‘nishida ham nafis bir xotirjamlik bor! (P.Qodirov).
5. Uyushiq hol: Qadimgi Movarounnahrda chinorzor bog‘lar barpo etish
an’analari hurmat, ishtiyoq bilan davom ettirilgan. (A.Aminov). Mirzo Ulug‘bek
Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Balx va Shahrisabzda ana shunday bog‘lar barpo
etishga farmoyish bergan. (A.Aminov).
Uyushiq bo‘laklar grammatik jihatdan ikki xil shakllanadi: mustaqil holda va
umumlashgan holda.
Uyushuvchilar mustaqil holda shakllanganda, grammatik ko‘rsatkichlar (ot
va otlashgan so‘zlar bilan ifodalangan bo‘laklarda – kelishik, egalik, ko‘plik
affikslari, -dagi o‘rin belgisi affiksi hamda ko‘makchilar; ot va fe’l kesimlarida –
to‘liqsiz fe’l va ko‘makchi fe’llar hamda –dir affiks bog‘lamasi va so‘z bog‘lamalari)
uyushiqli qatorning har bir a’zosida qatnashadi. Masalan: Qahraton sovuqqa va
qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgani uchun chinor manzarali daraxt sifatida
qadrlanadi. (A.Aminov). Kitoblar orqali asrlar bilan, ming yillar bilan, qadim
faylasuflar bilan... suhbatlashish mumkin (Oybek).
Uyushuvchilar umumlashgan holda shakllanganda, turli grammatik
ko‘rsatkichlar uyushiq qatorning oxirgi a’zosida qo‘llanib, barchasi uchun taalluqli
bo‘ladi. Bunda turli umumlashtiruvchi grammatik ko‘rsatkichlar qavsdan tashqariga
chiqariladi va bu holda shakllangan uyushuvchilarni bitta bo‘lak deb qarash lozim
bo‘ladi. Masalan: Sharq chinorlari (Kavkaz, Qrim va O‘rta Osiyo)da... o‘stiriladi.
(A.Aminov). Mahkam (karavotlar va tumbochkalar) bilan qurshalgan stolga qaradi.
(P.Qodirov). ... bu xona boshqa xonalaridan (nihoyatda yorug‘ligi, ozoda, haddan
tashqari sarishtaligi) bilan farq qilardi. (J.Abdullaxonov). Temirjon... Abdulla
Karimovich Salimovni (tanimas, ammo eshitgan) edi. (J.Abdullaxonov). Qishloq
bolalari (pishiq, tadbirli) bo‘ladi. (S.Ahmad). Birinchi gapda bitta uyushiq o‘rin
holini –da o‘rin payt kelishigi affiksi, ikkinchi, uchinchi gapda bitta uyushiq vositali
to‘ldiruvchini bilan ko‘makchisi, to‘rtinchi gapda bitta uyushiq fe’l kesimni edi
to‘liqsiz fe’li va beshinchi gapda bitta uyushiq ot kesimni bo‘ladi bog‘lamasi
umumlashgan holda shakllantirib kelgan.
Uyushiq qator a’zolarining o‘zaro aloqaga kirishuvi
Uyushiq qator a’zolari tenglashish yo‘li bilan sintaktik aloqaga kirishadi. Bu
aloqa teng bog‘lovchilar va teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar hamda
bog‘lovchisiz, faqat ohang, sanash ohangi orqali amalga oshiriladi. Sanash ohangi
uyushuvchilarning bog‘lovchilar yordamida aloqaga kirishganda ham mavjud
bo‘ladi.
Uyushuvchilar quyidagi bog‘lovchilar yordamida aloqaga kirishadi:
1. Biriktiruvchilar (va, hamda, ham): Uning tegrasida osmon benihoyat tiniq va
ko‘k ko‘rinadi. (P.Qodirov). U yotoqxonaga borishga qaror berdi hamda narigi
korpusga qarab ketdi. (P.Qodirov).
Na ... na inkor yuklamasi biriktiruv bog‘lovchilar vazifasida kelib, inkor
ma’nosini anglatish uchun xizmat qiladi: Na hovlidan, na uyidan sado chiqdi
(I.Rahim).
Biriktiruv bog‘lovchisi va o`rnida -u (-yu), -da, na ... na yuklamalari ham
qo‘llanishi mumkin. Keyin chakmonning ikki yengini xurjunga o‘xshatib yelkasiga
tashladi-da, orqaga qaytdi. (P.Qodirov). Yigit qora qushlarni ko‘rdi-yu, birdan
sergaklandi. (P.Qodirov).
Biriktiruv bog‘lovchisi va o`rnida bilan ko‘makchisi ham bajarishi mumkin: Deraza
bilan doska orasida qo‘lini orqasiga qilib yurib, ma’ruza o‘qiyotgan surrang
kostyumli barvasta kishi to‘xtadi. (P.Qodirov).
Bilan
yordamchisi
va
bog‘lovchisi
singari,
juft–juft
qo‘llangan
uyushuvchilarda har bir juft o‘rtasida keladi: To‘g‘rilik bilan xiyonat, yolg‘onchilik
bilan diyonat chiqisha olmaydi. («Oz – oz o‘rganib dono bo‘lur»).
2. Zidlovchilar (lekin, ammo, biroq): Tolibjon bolalarning beg‘ubor, ammo
almoyi–jalmoyi gaplaridan zavqlanib jimgina borardi. (S. Ahmad). Usta Qambar
o‘g‘lini urmadi, so‘kmadi, lekin bir–ikki oy u bilan gaplashmadi. (P.Qodirov).
Zidlov bog‘lovchilar vazifasida –u, (–yu) yuklamasi ham qo‘llanishi mumkin.
Masalan: O‘ttiz yildan beri shu qishloqda uy quribman-u, ... shu buloq ... Oyko‘lni
Oyko‘l qilib turgan shu suv oldimizda oqqani uchun qadrsiz bo‘lib yotganini
sezmabman. (P.Qodirov).
3. Ayiruvchilar (yo, yoki, yoxud, yoinki, dam ... dam, goh ... goh, bir ... bir,
ba’zan ... ba’zan): Bir xil irmoqlar ... katta–katta toshlarni aylanib o‘tib, ba’zan
qoyalarning ostidan yo‘l topib, goh to‘lib, goh mildiratib ohistalik bilan ko‘lga
tushadi. (E.Vohidov). U dam sahnada o‘tirganlarga, dam pastdagilarga qarab
she’rni sharillatib o‘qib ketdi. (O‘. Hoshimov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar
Uyushiq bo‘lakli gaplarda ba’zan umumlashtiruvchi birliklar ham qatnashadi.
Ular uyushuvchilarni jamlab ko‘rsatadigan so‘z va so‘z birliklari bo‘lib, uyushiq
bo‘lakdan
oldin
yo
keyin
keladi.
Uyushiq
bo‘lakdan
oldin
kelgan
umumlashtiruvchilar odatda izoh talab qiladi. Uyushiq bo‘lakdan keyin kelgan
umumlashtiruvchilar esa yakunlash, xulosalash xususiyatiga ega bo‘ladi. Masalan:
Hamma narsa: uylar, devorlar, daraxtlar qorong‘ulikka jimgina cho‘kdi. (Oybek).
Ko‘cha – ko‘y ham, dala ham, qishloq ham - hammasi mendan Ma’sudani
so‘roqlayotganday bo‘ladi. (P.Qodirov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda xilma–xil tinish belgilari qo‘llaniladi.
Uyushuvchilar o‘zaro bog‘lovchisiz (faqat sanash intonatsiyasi bilan); zidlov
bog‘lovchilari, takrorlanuvchi bog‘lovchilar; bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar
yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo‘yiladi. Masalan:
Qashqardaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand viloyatlarida bo‘lsangiz, 500-
600 yillik chinorlarni ko‘rasiz. (A.Aminov). U doktorlarga goh zug‘um qilib, goh
yaxshi gapirib statsionardan chiqdi. (S.Ahmad).
Uyushuvchilar o‘zaro va, hamda, bilan biriktiruv bog‘lovchilari orqali,
shuningdek, yakka ayiruv bog‘lovchilari yordamida aloqaga kirishganda, ular
orasiga vergul qo‘yilmaydi: Anhorda suv sokin va ulug‘vor oqardi. (F.Musajonov).
Salim ota bilan yigitlar mehmonni ... kuzatib tashqariga chiqishdi. (S.Karomatov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan oldin
kelsa, shu birlikdan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi: Hamma yerda: uylarda, ko‘chalarda
ivirsib yotgan xazon yuzi ertalab qirovdan ... oppoq bo‘lib qoladi. (Oybek).
Umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan so‘ng kelganda, undan oldin tire
qo‘yiladi: Kishilar, xotinlar, bolalar – kutib oluvchilar vagon bo‘ylab chopdilar.
(R.Fayziy).
GAPNING AJRATILGAN BO‘LAKLARI
Ajratilgan bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot
Sodda gap tarkibida ayrim hollarda ajratilgan bo‘laklar ham qatnashishi mumkin.
Ajratilgan bo‘laklar odatda o‘zlari aloqador bo‘lgan so‘zlarning ma’nosini izohlab,
bo‘rttirib, aniqlashtirib keladi va boshqa bo‘laklardan maxsus to‘xtam (pauza) bilan
ajratilib, mantiqiy urg‘u oladi. Masalan: Soyda, qo‘sh yong‘oqning tagida, oppoq
qorga ko‘milib uzoq turdi. (O.Y.). Ish qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz, ayniqsa
yoshlar, ishtiyoq bilan, g‘ayrat va shijoat bilan ishlardik. (Ch.Aytmatov).
Birinchi gapda qo‘sh yong‘oqning tagida o‘rin holi o‘zidan oldin kelgan soyda
so‘zining ma’nosini, ikkinchi gapda yoshlar o‘zidan oldin kelgan biz so‘zining
ma’nosini izohlab, asosiy gap bo‘laklaridan to‘xtam (pauza) bilan ajratilgan.
Ajratilgan bo‘laklarning har ikkisi ham oddiy gap bo‘lagi shaklida qo‘llangan.
Ajratilgan bo‘laklar oborot shaklida ham bo‘lishi mumkin. Masalan: Vohid
Mirobidov-ku, uning achchiq kinoyalarini kulgiga olib, qulog‘ining yonidan
o‘tkazib yubordi. (O.Yoqubov).
Keltirilgan gapda uning achchiq kinoyalarini kulgiga olib ravishdosh oboroti
kesimdan anglashilgan ish-harakatning qanday holatda bajarilganini ta’kidlab,
alohida ohang yordamida ajratilgan.
Demak, ajratilgan bo‘laklar ikki xil shaklda: 1) oddiy gap bo‘lagi shaklida va
2) oborot shaklida bo‘lishi mumkin.
Ajratilgan bo‘laklar qaysi gap bo‘lagiga oid ekanligiga ko‘ra quyidagi turlarga
bo‘linadi:
1. Ajratilgan to‘ldiruvchilar.
2. Ajratilgan aniqlovchilar.
3. Ajratilgan izohlovchilar.
4. Ajratilgan hollar.
Ajratilgan to‘ldiruvchilar
Ajratilgan to‘ldiruvchilar shakllanishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. Ko‘makchili qurilma oboroti shaklidagi ajratilgan to‘ldiruvchilar.
2. Oddiy gap bo‘lagi shaklidagi ajratilgan to‘ldiruvchilar.
Ko‘makchili qurilma oboroti shaklidagi ajratilgan to‘ldiruvchilar kesimdan
uzoqda kelib, qaraganda, ustiga, singari, bilan, birga va shu kabi ko‘makchilar
yordamida shakllanadi.
Oddiy gap bo‘lagi shaklidagi ajratilgan to‘lidiruvchilar o‘zidan oldin
kelgan to‘ldiruvchining ma’nosini izohlaydi, unga aniqlik kiritadi. Bunda vositasiz
to‘ldiruvchi ham, vositali to‘ldiruvchi ham ajratilishi mumkin. Masalan: Sizga, o‘rta
bo‘yli qizga, atlas ko‘ylak juda yarashibdi. (Y.Shukurov). Bu norozilik, hech
shubhasiz, uning dadasiga, Otaqo‘ziga, qarshi qaratilgan edi. (O.Yoqubov).
Ajratilgan aniqlovchilar
Ajratilgan aniqlovchilar ikki xil: ajratilgan sifatlovchi, ajratilgan
qaratuvchi.
Ajratilgan sifatlovchi predmetning belgisini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun
ajratiladi. Masalan, Muxtor, yalangbosh, majnuntollar tagida aylanib, xayol surib
yurardi. (S.Soliyev) gapida yalangbosh sifatlovchisi shaxsning (Muxtor) belgisini
bo‘rttirib berish uchun sifatlanmishdan keyin keltirilgan.
Ajratilgan qaratuvchi. Bunda qaratuvchi o‘zidan oldin kelgan boshqa bir
qaratuvchini izohlash, aniqlashtirish yo‘li bilan ajratiladi. Masalan: To‘g‘ri, uning
yozganlari, aniqrog‘i, mashinistkaga aytib turib, qog‘ozga tushirganlarining
aksari mazmunan sayoz bo‘lar, oldingilarini takrorlardi. (T.Po‘lat). Bu gapda
«mashinistkaga aytib turib, qog‘ozga tushirganlarining» aniqlovchisi, o‘zidan oldin
kelgan qaratuvchining (yozganlari so‘zining) ma’nosini izohlab, bo‘rttirib kelgan.
Ajratilgan izohlovchilar
Izohlovchilar ko‘pincha ajratilgan bo‘ladi. Bunda ular izohlanmishdan keyin
kelib, maxsus intonatsiya bilan talaffuz qilinadi. Masalan: Siz, Sunnatillo, o‘zingiz
juda aqlli, o‘zi uzoqni ko‘radigan odamsiz. (S.Soliyev). Ko‘rimsizgina jangchi – Ali
tajang ... kelib o‘zbekcha cho‘kkaydi. (Oybek). Minbarni institutni oldinroq
bitirganlar - yuqori kurs studentlari egalladi. (J.Abdullaxonov).
Ajratilgan hollar
Ajratilgan hollar shakllari jihatdan ikki xil bo‘ladi:
I. Oborot shaklidagi ajratilgan hollar.
II. Oddiy gap bo‘lagi shaklidagi ajratilgan hollar.
Oborot shaklidagi ajratilgan hollar o‘z navbatida uchga bo‘linadi:
1. Ravishdosh oboroti shaklidagi ajratilgan hollar.
2. O‘xshatish oboroti shaklidagi ajratilgan hollar.
3. Ko‘makchili qurilma oboroti shaklidagi ajratilgan hollar.
Ravishdosh oboroti shaklidagi ajratilgan hollar. Ravishdosh o‘ziga oid
so‘zlar bilan kengayib keladi va bunday qurilma ravishdosh oboroti deb yuritiladi.
Ravishdosh oboroti, odatda, ajratilgan bo‘ladi. Masalan: Odamlar, qopdan to‘kilgan
yong‘oqday gurr etib, hamma vagonlardan baravariga perronga yopirilishdi.
(T.Po‘lat).
Ravishdosh oboroti shaklidagi ajratilgan hollar ish-harakatning bajarilish
holatini, paytini, shartini, sababini va shu kabi ma’nolarni ifoda etadi. Masalan: Bola,
olmani yeb bo‘lgach, xalacho‘pni qo‘liga oldi. (A.Muxtor).
O‘xshatish oboroti shaklidagi ajratilgan hollar. –day, -dek qo‘shimchasini
olib kelgan so‘zlar ham kengayib ajratilishi mumkin. Masalan: Bu zavodda, hamma
zavodlardagidek, oshxonada ilg‘orlar stoli alohida. (A.Qahhor).
Ko‘makchili qurilma oboroti shaklidagi ajratilgan hollar. Ko‘makchili
qurilma shaklidagi hollar kesimdan uzoqda kelib, o‘zlariga oid so‘zlar bilan
kengayib, gapning boshqa bo‘laklaridan ajratilishi mumkin. Bunda qurilma qarshi,
singari, kabi, tufayli, yarasha, holda kabi ko‘makchilar bilan shakllanadi. Masalan:
Nozik, oppoq bilagini daraxtga cho‘zgan holda, qorayib pishgan shotutdan og‘ziga
tashlar ekan, tebrandi. (H.G‘ulom).
Ko‘makchili qurilma oboroti shaklidagi ajratilgan hollar turli holatni,
o‘xshatishni ifodalaydi.
Oddiy gap bo‘lagi shaklidagi ajratilgan hollar o‘zidan oldin kelgan holning
ma’nosini izohlaydi. Uning so‘rog‘i, vazifasi izohlanayotgan holning so‘rog‘i va
vazifasiga teng bo‘ladi. Bunda ko‘pincha payt va o‘rin hollari ajratiladi.
Ajratilgan o‘rin holi: Qishloqdan bir qir narida - behisob qizg‘aldoqlar dalani
qizartirib, xiyol chayqalib turgan joyda - hulkar o‘t o‘rardi. (P.Qodirov). Oyko‘l
qishlog‘ining o‘rtasida, buloq bo‘yida, usta Qambar bilan Norboy ota shunaqa
ustundan uchtasini tiklashgan. (P.Qodirov).
Ajratilgan payt holi: Ertaga, yigit, seni kuzatganim zahoti, orqamga qaytaman.
(P.Markov).
Ajratilgan bo‘laklarda tinish belgilarining ishlatilishi
Ajratilgan bo‘laklarda tinish belgilari quyidagicha ishlatiladi:
1. Ajratilgan bo‘laklar, odatda, vergul bilan ajratiladi. Masalan: Biz, tibbiyot
xodimlari, xalqqa jon-dildan xizmat qilamiz. (S.Soliyev).
2. Ajratilgan bo‘laklarning tarkibi keng bo‘lsa yoki uning ichida verguli bo‘lsa,
bunday ajratilgan bo‘laklar tire bilan ajratiladi. Masalan: Kotiba qiz – Ulfatoy o‘rta
bo‘yli, oq yuzli, yonoqlari loladay, qop-qora qosh-ko‘zli ayol – choynakda choy
ko‘tarib kirdi... (S.Soliyev)