G‘ARB OLIMLARI NUTQ MADANIYATI VA NOTQILIK TO‘G‘RISIDA
Reja:
1. Qadimgi Yunonistonda notiqlik san'ati.
2. Qadimgi Rimda notiqlik san'ati.
3. G‘arb notiqlari: Аristоtеl, Sitsеrоn, Kvintiliаn vа bоsh. fаоliyatlari hаqidа
ma’lumot
4. Til siyosatining shakllanishi
Qadimgi rimda ham notiqlik sa‘natining shakllanishi va taratsqqiyoti
Yunonistondagi kabi ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda
kechdi. Rim davlatining ilk davrlaridayoq senat, xalq yig‘indilari, sudda
so‘zlanadigan ommaviy nutq san‘ati shakllanadi. Bunda, shuningdek, dafn
marosimlarida so‘zlanadigan nutq keng tarqalgan edi.
Dastlab nutqlar yozma ravishda e‘lon qilinmasdi. Shu bois notiqlik haqida
aniq fikr yuritish qiyin. Biroq respublika davrida(er.av.III asr - II asrning
boshlanishi) yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan notiqlik sa‘nati uning ta‘sirida
rivojlangan.
Rim notiqligining asoschilaridan biri Mark Porkiy Katon ham lashkar boshi,
ham rim siyosiy arbobi sifatida mashxur bo‘lgan. U birinchi rim ―Ritorika‖sini
yaratgan olimdir.
Rim notiqlik sa‘natining an‘analarining tayanchi notiq iste‘dodi va tajribasi
bo‘lib kelgan. Uning asosiy tamiyilini Katon shunday ifodalagan edi: ―Mohiyatini
nazardan qochirma, so‘zlar esa o‘zi keladi‖.
Aka-uka Grakxlar ilk bor yunon ritorikasining ta‘sirchan usullarini qo‘llab
rim notiqligiga yangi yo‘nalish berdilar. Avvalo, ritorika qonun-qoidalarini bilgan
notiq, ular bilmagan notiqdan qanchalar ustun bo‘lishi ma‘lum bo‘ldi. Ikkinchidan,
notiqlik sirlarini faqat otalardan o‘zlashtirmay o‘rganish imkoniyati paydo
bo‘lgach, siyosat maydoniga qadam qo‘ymoq istagida bo‘lgan yangi odamlar
o‘zlarining muxoliflari – aslzoda senator – notiqlar bilan bir hil, hatto qulayroq
vaziyatda bo‘ladilar.
Eramizdan avvalgi II asrning o‘rtalaridan boshlab Rimda ijtimoiy ziddiyatlar
o‘sishi; senat partiyasi bilan xalq partiyasi shakllanib, siyosiy kurash kuchayishi
bilan fuqarolik urushi boshlanayotgan bir paytda Rim ritorikasi birinchi navbatda
senat partiyasiga oppozitsiyada turgan xalq partiyasiga (populyarlarga) xizmat qila
boshladi. Bu davrda siyosiy kurash avj olishi bilan siyosiy va sud notiqligi tez
suratlar bilan rivojlana boshladi. Siyosiy notiqlik senat va xalq yig‘iniga ta‘sir
o‘tkazishning asosiy vositasiga, sud notiqligi esa siyosiy muxolifni qoralash
quroliga aylanadi. Ozmi-ko‘pmi tanilgan siyosiy arbob, albatta, yaxshi notiq
bo‘lgan. Lashkarboshi o‘z jangchilari oldida nutq so‘zlashni bilishi kerak edi.
Sitseron 46 yili ―Brut‖ risolasida Rim notiqligi tarixiga qisqacha to‘xtalib, 200
dan ortiq notiqlikni sanab o‘tadi va ularning asosiy ko‘pchiligi fuqarolar urushi
davri vakllari bo‘lganligini qayd etadi.
Rim notiqlari notiqlik sa‘nati nazariyasi bo‘yicha jiddiy yangilik yaratmagan
bo‘lsalar-da, yunon notiqligida shakllangan tamoyillarni chuqrroq ishlab chiqadilar
va ularga taqlid qilgan holda, lotin tilida notiqlik san‘atining yuksak namunalarini
yaratdilar.
Notiqlik usullari vaqt o‘tishi bilan takomillashib bordi. Shu bilan birga,
ijtimoiy-siyosiy voqelik Rim notiqligiga o‘z ta‘sirini o‘tkazdi. ―Adolat, agar u
tabiatga asoslashmagan bo‘lsa, yo‘qlikka muhkum, foydani o‘ylab o‘rnatilgan
adolat esa boshqa foyda nuqtai nazaridan yo‘q qilinadi‖, - deb yozgan edi. Sitseron
―Davlat‖ risolasida. Biroq vaqt o‘tishi bilan haqiqat, adolat, samimiyat mezonlari
notiqlik san‘atida ortga chekinadi: masalan, sud notiqligida yuridik haqiqat muhim
bo‘lmay qoladi. Sitseron boshqa erda shunday yozadi: ―Biz sudlarda so‘zlagan
nutqlarimizda bizning etiqodimiz ifodasini izlagan kishi qattiq yanglishadi‖. Bu
nutqlar sud jarayoni va shart-sharoitlaridan kelib chiqib so‘zlagan va odamlarning
asl qarashlarini ifodalamaydi‖.
Notiq o‘z fikr va dallilarining haqqoniyligi haqida emas, haqiqatga uxshashi
haqida qayg‘urgan. Siyosiy nutqlarda invektiv usuli keng qo‘llanilgan, ya‘ni
siyosiy muxoliflar yomon qilib ko‘rsatilgan va buning uchun notiqlar turli
mishmish vak g‘iybatlarni ishga solishgan.
Umuman olganda, Rim ijtimoiy-siyosiy hayotida notiqlik muhim rol
o‘ynagan. Sitseron shunday yozgan edi: ―Insonni hurmat-ehtirom va shuhratining
eng yuksak cho‘qqilariga ikki tur san‘at olib chiqishi mumkin: biri
lashkarboshichilik bo‘lsa, boshqasi yaxshi rotiqlik san‘ati. Keyingisiga tinch hayot
ne‘matlarining saqlanishi bog‘liq bo‘lsa, birinchisiga urush xavfini bartaraf etish
bog‘liq‖.
Rim notiqlik sa‘natida ikki yo‘nalish shakllanadi: Osiyocha usul (azianizm)
va attika usuli. Osiyocha usul Iskandarning o‘limidan keyin ko‘p o‘tmay Kichik
Osiyoda paydo bo‘ldi. Unga hashamdorlik, patetika (ehtiroslilik), tashqi
effektlarga moyillik xos edi. Attika uslubi tarafdorlari esa afinalik notiqlarga xos
sodda, qisqa, aniq nutq mezonlariga rioya qilishni tartib etganlar. Osiyocha usul
vakillaridan eng mashhuri Kvint Gortenziy Gortal bo‘lsa, Gay Yuliy Sezar va
Mark Yuliy Brut attika uslubi notiqlri jumlasiga kiradi.
Rim notiqlik san‘ati nazariyasiga muvofiq nutq quyidagi shakl va tarkibiy
qismlardan iborat bo‘lishi lozim: 1) kirish (exorido) ; 2) ko‘riladigan masalaning
bayoni (narratio); 3) himoya yoki aybnomaning asosiy moddasini ko‘rib chiqish
(tractratio) 4) xulosa (peroratio). Himoyalovchi va qoralovchi nutqining eng
muhim qismi, ya‘ni traktatsiya yana, o‘z navbatida, quyidagi qismlarga bo‘lingan:
a) traktatsiya predmeti va rejasini ajratib ko‘rsatish; b) notiq qarashlari
to‘g‘riligining isboti va v) muxolifning fikr va dalillarini inkor etish.
Notiq ikki turdagi dalillardan foydalangan: sudlarning aqliga ta‘sir etuvchi,
ya‘ni argumentlar va ularning hislariga ta‘sir etuvchi, ya‘ni amplifikatsiyalar.
Rim respublikasining so‘nggi davrlarida eng yirik siyosiy arbob – Mark Tuliy
Sitseron mamlakat taraqqiyotida ulkan rol o‘ynagan. Uning nutq, risola va xatlari
hayotligi davridayoq lotin nasrchiligining tan olingan namunalari hisoblangan.
Sitseron o‘z faoliyatining boshida Osiyo uslubi ta‘sirida nutqlar yozgan. Biroq
keyinchalik u ikki usulni muvofiqlashtirishga harakat qiladi. Yuliy Sezar unga juda
yuqori baho beradi. Zotan, uning har bir nutqi omma orasida shuhrat qozonadi.
Sitseron fikricha, notiq quyidagi xislatlarga ega bo‘lmog‘i lozim:
1.
Notiq juda dadil va amin bo‘lishi kerak.
2.
Notiq to‘la isbotlanishi lozim.
3.
Notiqda ahamiyatsiz narsa bo‘lmasligi kerak.
4.
Nutq materialini sitqidil to‘plash va idrok etish kerak.
5.
Materialni joylashtirish, tushunishga oson bo‘lishini ta‘minlash.
Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, Rim notiqlik san‘ati o‘rta asr va keyingi
davr notiqligiga ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘ldi. Hatto hzirgi kunda ham unga tanqidiy
yondashib, bahramand bo‘lishimiz mumkin.
G‘arb mutafakkirlarining o‘gitlaridan
1.
Har qanday narsa haqida ikki bir-biriga zid fikrini aytish mumkin. Protator
2.
So‘z – jismi kichik va ko‘z ilg‘amas, ammo buyuk hukmdor, u ma‘budvash
ishlarga qodir, zero, u ham qo‘rquvni chekintirishi, ham dardni yumshatishi, ham
kayfiyatni ko‘tarishi, ham hamdard bo‘lishi mumkin. Men buni amalda
ko‘rsataman. Tinglovchilarni faqat tuyg‘u inontirishga qodir.she‘riyatni butunicha
chorlayman va uni me‘yoriy nutq deb bilaman. Uni tinglagan kishining qalbini
dahshatli titroq, ko‘zlariga yosh keltiruvchi mehr egallaydi, o‘zgalarning yutug‘i va
baxtsizligini so‘z vositasida qalbimiz o‘zinikidek qabul qiladi. So‘z vositasida
ilohiy nafas qo‘shiqlar – afsungar rohat chaqirib, qayg‘u-nadomatni haydaydi.
Afsun kuchi fikr bilan qo‘shilib, qalblarni rom etadi, sehri esa ularni yangilaydi.
Yunonistonda bo‘lganidek, notiqlik san’atini o‘qitish uchun xizmat qiluvchi
o‘quv - mashq notiqligi ham mavjud edi. Bunday notiqlikning asosiy vazifasi nutq
nazariyasiga asosan notiqlik maktabida notiqlarning shakllanishi uchun xizmat
qilgan. Keyinchalik Rimda urushning kuchayib ketganligi harbiy sarkardalar
nutqining rivojlanishiga ham imkon berdi. Natijada Gʻarbu sharqda mashhur
harbiy notiqlar paydo bo‘la boshladilar. Ularning vazifasi urushda askarlarni
g‘alabaga chorlashdan iborat bo‘lgan. Notiqlik san’atining yirik namoyandasi
Siseron bu san’atga yuksak baho berib, ikki xil san’atni — lashkarboshilik va
notiqlik san’atini tan oladi: «Tarixda nom qoldirish uchun yo yaxshi sarkarda, yo
yaxshi notiq bo‘lish kerak». Bunday ijodkor notiqlarning nomi o‘z mamlakati
doirasidan chiqib, jahonga ma’lum va mashhur bo‘lgan. Aristotel, Demosfen va
Siseron, Lisiy, Katon, aka-uka Grakxlar shular jumlasidandir.
Aristotel (384-322)
Markaziy Osiyoda Arastu nomi bilan mashhur bo‘lgan Aristotel eramizdan
avvalgi 384 yilda Stagirda (Makedoniya yarim oroli) shifokor oilasida dunyoga
keldi. Uning otasi Nikomax Aleksandr Makedonskiyning nabirasi podsho Aminti
II saroyida shifokorlik qilgan. Aristotel 17 yoshida Afinaga keladi va bu yerda o‘z
zamonasining mashhur olimlaridan bo‘lgan Platonga shogird tushadi. Platonning
vafotidan so‘ng Aristotel 347 yili Afinadan Troad tomon o‘tib, Assosga boradi.
Chunki bu yerda ustozining tarafdorlari ko‘p edi. Unga, ayniqsa, zo‘ravon, zolim
Germiy homiylik qiladi. Aristotel Germiy vafotidan so‘ng Lesbos yarim orolidagi
Mitilen shahriga ko‘chib o‘tadi va u yerda 342 yilgacha yashaydi. 342 yili
Makedoniya podshosi Filipp o‘zining Aleksandr nomli 13 yoshli o‘g‘lining
tarbiyasi uchun Aristotelni Mitilendan chaqirib oladi. Bu yerda u falsafa maktabini
ochadi va katta kutubxona tashkil qiladi. Shu davrda Gresiyada chiroyli so‘zlashga
qiziqish kuchayib ketgan edi. Natijada qator notiqlik maktablari ochiladi. Bu
maktablardan o‘z davrining so‘z san’ati ustalari tayyorlanardi. Keyinchalik chiroyli
so‘zlash haqidagi qo‘llanmalar maydonga kela boshladi. Shunday asarlardan biri
Aristotelning “Ritorika” nomli kitobidir. Buyuk olim uni mashhur “Poetika” nomli
asaridan so‘ng, ya’ni eramizdan oldingi 330 yillarda Afinaga so‘nggi marta qaytib
kelganda yozgan edi. Ma’lumki, ungacha Anaksimon, Lampsak ham “Ritorika”
nomli qo‘llanma yaratgan edi. Bu ikki asar bir-biriga tamoman o‘xshamaydi.
Ularning birinchisi qo‘llanma bo‘lsa, ikkinchisi chiroyli so‘zlash nazariyasi
bo‘yicha ilmiy mulohazalardan iborat edi. Aristotelning “Ritorika”si uch kitobdan
tashkil topgan. Asarning birinchi va ikkinchi kitoblari, asosan, chiroyli so‘zlash,
ishontirish uslublari haqidagi nazariy fikr va mulohazalardan iborat bo‘lsa,
uchinchi kitobida nutq mantiqiga juda katta ahamiyat beriladi. Olimning nutq
nazariyasi haqidagi fikri, notiq tilidagi turli “qorishmalar”, ya’ni so‘zlarning
noto‘g‘ri va noo‘rin talaffuz qilinishi, jumlalarning mantiqan har xil tuzilishi
so‘zlovchining katta xatosidir, deb hisoblaydi. Aristotel har bir jumlaning asosiy
fikrni ifoda etishga qaratilishi, ravon va tinglovchi tushunadigan darajada sodda
bo‘lishini talab etadi. U notiqning hissiyot bilan so‘zlashi mulohaza yuritayotgan
fikrning tinglovchi qalbiga tez yetishida muhim omil bo‘lishini alohida uqtiradi.
Bundan tashqari, Aristotel notiqning auditoriyani o‘ziga jalb etishi uchun hazil-
mutoyiba so‘zlar bilan lirik chekinish qilib, tinglovchilarni hayajonlantira bilish
zarurligini, agar turli ko‘rgazmali qurollardan foydalansa, har xil epitet,
chog‘ishtirish va metaforalarni qo‘llasa nutqining ta’sirchanligi yanada oshishini,
ammo keltirilgan misollar ko‘payib ketib, tinglovchini zeriktirib qo‘ymasligi
kerakligini ham ta’kidlaydi.
Aristotel notiqlik san’atini egallashni 5 qismga bo‘lib o‘rgatadi:
1. Materialni kashf etish (har tomonlama tayyorlash). Bunda Aristotel
auditoriyaga mos matn tayyorlash lozimligini nazarda tutadi. Demak, har qanday
notiq qanday auditoriyaga kirayotganligini his etishi va shunga ko‘ra matn
materialini kashf etishi kerakligini qayd etadi.
2. Materialni joylashtirish shakli (rejasi). Bunda Aristotel auditoriyaga mos
matnni ta’sirchan, jozibali so‘zlar orqali fikr ketma-ketligini tuzib chiqishni tafsiya
etadi. Fikr ketma-ketligi notiqning so‘z mahorati va o‘z nutqi orqali ifoda etish
san’ati bilan bog‘liq hodisadir.
3. Materialni eslab qolish (o‘zlashtirish). Notiq so‘zga chechan, so‘z ustasi
bo‘lolmasa, u qanday materialni kashf etmasin, uning ketma-ketligini mos holda
tayyorlamasin, eslash qobiliyati yaxshi bo‘lmasa, auditoriyaga yetkazib
berolmaydi. Bunday holatda notiqdan kuchli xotira talab etiladi.
4. Materialni so‘z yordamida to‘g‘ri aks ettirish. Notiq so‘z yordamida o‘z fikr-
mulohazalarini bayon etadi. Demak, u so‘z sehrini, ma’nosini, ko‘chma ma’noga
egaligini, ta’sirchanligini his eta olishi va o‘z o‘rnida qo‘llay bilishi zarurdir.
5. Materialni to‘g‘ri talaffuz etish. Agar notiq so‘z ustida tinimsiz izlanish olib
bormasa, uning fikr ifodalash jarayonida so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish qobiliyati
rivojlanmaydi. Izlanish va ijod har bir so‘zni to‘g‘ri talaffuz etish imkoniyatini
keltirib chiqaradi.
Aristotelning falsafiy fikrlari hozirgi kunda ham o‘z qiymatini saqlab
kelmoqda. Gʻarbu sharq notiqlari bu fikrlar asosida o‘zlarining notiqlik
mahoratlarini oshirib kelmoqdalar.
Suqrot (taxminan 427-347y.y.)
Oddiy so‘z emas, ma’noga to‘yingan so‘z qudratga ega bo‘ladi, - deydi,-buyuk
alloma Suqrot. Insoniyatga so‘z shuning uchun beriladiki, u o‘ziga yuklatilgan
vazifani - dunyoni, o‘zligini anglash uchun xizmat qilsin. Faylasufning fikricha,
nutq xuddi tirik mavjudoddek tuzilishi, uning tanasi bilan qo‘l-oyog‘i bir-biriga
muvofiq bo‘lgani singari nutqdagi so‘zlar o‘zaro mos bo‘lishi kerak. Birinchidan,
nutq boshida kirish, ikkinchidan, bayon qilish, guvohliklar, uchinchidan-isbotlar,
to‘rtinchidan-xulosa bo‘lishi kerak. Notiqlik borasida Suqrotning g‘oyasi
quyidagicha:
1.Dialogik muloqot. Bunda suhbatdoshlar o‘z fikrlarini, o‘z nutqlarini himoya
qila olishlari uqtirilmaydi. Balki o‘zaro suhbat jarayonida hal etilishi zarur bo‘lgan
masalani nihoyasiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
2.Uyg‘unlashgan muloqot. Suhbat. Bahs-munozaraning asosiy maqsadi kurash
yoki g‘alaba qilish emas, muloqot qatnashchilarining umumiy maqsadga erishishi
uchun birlashishlaridir.
3.Fikriy muloqot. Odamlar o‘rtasidagi nutqning maqsadi muhokama mavzusida
yashiringan, topish mumkin bo‘lgan haqiqatni, ma’noni izlash va topish.
Platon dialoglarida ham tasvir etilgan bir qancha shaxslar orasida alohida o‘rin
tutadigan, alohida iliq muhabbat va samimiy ehtirom bilan tilga olinadigan zot
Suqrotdir.
Bir kishi Suqrotning oldiga kelib, shunday dedi:
-Bilasanmi, menga do‘sting sen haqingda nima deganini?
- Shoshma-shoshma, oldin aytmoqchi bo‘lgan xabaringni uch elakdan o‘tkazib ol!–
dedi Suqrot uni so‘zdan to‘xtatib.
-Uch elak?!
-Nimadir aytishdan avval, u xabaringni uch marta elaklash kerak. Birinchisi,
haqiqat g‘alviridan. Aytmoqchi bo‘lgan xabaring rostligiga aminmisan?
-Yo‘q, men shunchaki uni eshitdim.
-Demak, sen buni rost yoki yolg‘onligini bilmaysan. Unday bo‘lsa – ikkinchisi,
yaxshilik g‘alviridan o‘tkazamiz. Sen mening do‘stim haqida biron bir yaxshi
narsa aytmoqchimisan?
-Yo‘q, aksincha.
-Xo‘sh, Suqrot so‘zida davom yetib, - sen u haqda biron yomon narsa
aytmoqchisan-u, lekin o‘zing u so‘zning rostmi, yolg‘onmi ekanligini bilmaysan.
Demak, aytmoqchi bo‘lgan xabaringni, uchinchi g‘alvirimiz - foyda elagidan
o‘tkazamiz. Shunday ekan, sen aytmoqchi bo‘lgan xabaringni eshitishimdan
menga qandaydir foyda bormi!?
-Yo‘q, hech qanday foyda keltirmaydi.
-Ha, shuni unutmaginki, aytmoqchi bo‘lgan har qanday gapingni rostligini
bilmasang, shu xabaring yaxshilik bo‘lishiga sababchi bo‘lmasa yoinki bilishdan
hech qanday naf yo‘q bo‘lsa, u holda sukut saqlagin, - deb ta’lim berdi Suqrot
so‘zini yakunlab.
Dialogni o‘qiganimizda, xunukkina, g‘aribona kiyingan Suqrotning oddiy,
ammo benihoya yoqimli mazmundor so‘zlari kalondimog‘, lekin ichi po‘k, xonaki
olimlarni mulzam qilganini ko‘rib, zohiran juda to‘pori tuyulgan bu odamning
aslida naqadar teran aql, tiniq fikr va atrofdagilarning dilini yoritib turadigan
darajada dilrabo xislat egasi ekanligiga, hamisha haqiqat tarafdori bo‘lganligiga
iqror bo‘lishimiz mumkin.
Demosfen (384-322)
Notiqlik san’atiga o‘z ustida tinmay mehnat qilish orqali erishish
mumkinligini isbotlagan va butun umrini Ona-vatanining gullab-yashnashiga
bag‘ishlagan davlat arbobi, mashhur notiq Demosfen eramizdan oldingi 384 yili
Afinada o‘ziga to‘q oilada dunyoga keldi. Otasining ismi ham Demosfen bo‘lib,
qurol-yaroq ustaxonasining egasi bo‘lgan. Bo‘lajak notiq 5 yoshga to‘lganida
otasidan ayriladi. Demosfen bilan singlisiga otadan katta meros qoladi. Bolalarning
tarbiyasi va merosi vaqtincha tog‘asiga topshiriladi. Tog‘a esa barcha boyliklarni
qo‘lga kiritib olgach, bolalarning tarbiyasi bilan qiziqmaydi. Natijada, Demosfen
juda nimjon va kasalmand bo‘lib o‘sadi.
Demosfen voyaga yetgach, tog‘asi unga faqat qullari, uyi va uy jihozlarini
hamda pulning ma’lum bir qisminigina berib aldaydi. Demosfen tog‘asidan mol-
mulkning qolganini yaxshilik bilan qaytarib berishini so‘raydi. Biroq tog‘a bundan
bosh tortganidan keyin u qolgan merosini sud orqali undirib olishga qaror qiladi.
Sudda muvaffaqiyat qozonish uchun Afinaning davlat qonunlarini yaxshi bilish,
shu bilan birga, ravon so‘zlash, da’vosining to‘g‘riligiga kishilarni ishontirish
kerak edi. Shu sababli Demosfen notiqlik san’atini o‘rganish uchun o‘z davrining
meros ishlari bo‘yicha mashhur advokati Isey maktabida ta’lim olishga majbur
bo‘ladi va to‘rt yil davomida qunt bilan o‘qiydi. Shuningdek, bu davrda ko‘pgina
yozuvchilarning asarlari bilan tanishib chiqadi. Ayniqsa, mashhur tarixchi Fukidid
(eramizdan oldingi V asrda yashagan Afina tarixchisi va davlat arbobi. U Pelopan
urushida ishtirok etgan va uning tarixini yozgan) va faylasuf Platonning tanlangan
asarlarini puxta o‘rganadi. Bo‘lajak notiq Fukidid asarlarini sakkiz marotaba qayta
ko‘chirib yozib, uni deyarli yoddan o‘zlashtiradi.
Demosfen o‘qishni tugatgach, vasiylari bilan sudlashadi va sud besh yil davom
etadi. Bir necha yil surunkasiga bo‘lgan kurash bo‘lajak notiq xarakterining
toblanishida, bir so‘zli va matonatli bo‘lishida katta rol o‘ynaydi. Yoshlik
chog‘laridayoq ko‘pchilik oldida so‘zga chiqishni orzu qilib yurgan Demosfen
o‘qish yillarida o‘qituvchisi bilan sud majlislariga qatnashadi. Demosfen notiqlik
bilan shug‘ullanishdan avval o‘z ustozi yo‘lidan borib, boshqalarga sudda
so‘zlanadigan nutqning matnini yozib berar va bu ishlari uchun yaxshigina haq
olar edi. Bora-bora nutqiy matnlar yozish Demosfenni qoniqtirmaydi. U otashin
vatanparvar sifatida o‘z ijtimoiy faoliyatini Vatan ravnaqi uchun sarflashni orzu
qiladi. Shu orzusi ortidan ergashadi, qunt bilan o‘qiydi, o‘rganadi.
Yosh notiqning xalq oldidagi birinchi nutqi ayanchli holda: to‘polon, kulgi,
qiyqiriq, hushtak chalib masxaralash bilan qarshi olinadi. U o‘z nutqini tugatolmay
minbardan tushishga majbur bo‘ladi.
Demosfen nutqining bunday ayanchli tugashi tabiiy edi, chunki uning tovushi
juda past bo‘lib, bir oz duduqlanar, “R” harfini talaffuz etolmas, g‘uldirab, mujmal
gapirar edi. Bulardan tashqari, uning yelkasini qimirlatib turadigan odati ham
bo‘lib, ko‘pchilik orasida o‘zini to‘g‘ri tuta bilmas edi.
Xalq majlislaridan birida Demosfen o‘zini ikkinchi bor sinab ko‘radi. Lekin bu
safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shundan so‘ng Demosfen o‘z nutqidagi
kamchiliklarni boshqa takrorlamaslik uchun astoydil bosh qotiradi. Har kuni bir
necha soatlab noto‘g‘ri talaffuz etayotgan so‘zlari ustida qayta-qayta mashq qiladi.
Og‘ziga tosh solib olib, qattiq va ravon gapirishga harakat qiladi. “R” tovushini
to‘g‘ri talaffuz etish maqsadida kuchuk bolasining irillashini kuzatadi va o‘zi ham
xuddi shu tovushni qaytaradi. Nihoyat, uzoq muddatli tinimsiz mashqlardan so‘ng
Demosfen o‘z maqsadiga erishadi. Natijada, dunyo tan olgan mashhur notiq bo‘lib
yetishadi. Ammo shunga qaramay, u hech qachon tayyorgarliksiz nutq so‘zlamas,
oldindan yozib qo‘yilgan matnni yodlab olar, har bir so‘z ustida puxta o‘ylanar,
jumlalarni aniq va chiroyli tuzishga harakat qilar edi. Ulug‘ notiqning nutqi shu
qadar sodda, ravon, mantiqan puxta va jozibali bo‘lardiki, bu faqat mashaqqatli
mehnat samarasi edi.
Demosfen bo‘lmag‘ur safsatalarni yoqtirmas, xotirjamlik bilan tinglovchilarni
o‘ziga tortar, ularni o‘zi himoya qilayotgan ishning haqligiga ishontirish uchun
butun kuch-quvvatini sarflar edi. Demosfen 30 yoshga to‘lganda davlat ishlarida
ham ishtirok eta boshlaydi. U o‘zining butun mahorat va bilimini Vatanining
dushmani — makedoniyalik podsho Filippga qaratadi. Afina davlati Makedoniya
rahbarligiga o‘tgach, Demosfen dushmanlari qaytadan bosh ko‘taradilar. Aslida bu
voqeadan bir necha yil ilgari Xalq partiyasi Demosfenning vatanparvarligini
yuksak baholab, uni “Oltin gulchambar” bilan taqdirlashga tavsiya etgan, Xalq
majlisi ham buni ma’qullab, qaror qabul qilgan edi. Makedoniya tarafdorlari bu
qarorga qarshi chiqadilar. Hatto o‘z davrining mashhur notiqlaridan bo‘lgan Esxin
majlis qarori ustidan sudga shikoyat qilib ariza beradi. U xalq majlisining noto‘g‘ri
qaror chiqarganligini isbotlashga urinib, Demosfenning bunday oliy mukofotga
munosib emasligini uqtiradi. Qayta bo‘lgan sud ikki buyuk notiqning yakkama-
yakka olishuviga aylanib ketadi. Sud bo‘layotgan maydonga shunchalik ko‘p xalq
to‘plangan ediki, go‘yo mavj urib turgan dengizni eslatardi. Demosfenni qoralab
so‘zga chiqqan Esxin tamomila kurakda turmaydigan gaplar bilan tuhmat toshini
ota boshlaydi. “Gulchambar”ni himoya qilish maqsadida so‘z olgan Demosfen esa,
Vatanining gullab-yashnashi yo‘lida tinmay kurashganini, shu bilan birga,
Esxinning sotqinlikdan iborat faoliyatini yorqin nutqida obrazli tarzda tasvirlab
beradi. Gʻanimlarning qarshiligiga qaramay, sud juda to‘g‘ri va oqilona qaror
chiqaradi. Sud hukmiga muvofiq Esxinga katta miqdorda jarima solinib, Afinadan
badarg‘a qilinadi. Demosfenning “Gulchambar” haqidagi nutqi faqat Esxin ustidan
qozonilgan g‘alabagina emas, balki Afina va butun Gresiyadagi vatanparvarlarning
tantanasi ham edi. Suddagi muvaffaqiyatidan so‘ng, Demosfenning davlat oldidagi
obro‘si yanada oshadi. Biroq turli sabablarga ko‘ra, Makedoniya bilan Afina
o‘rtasida boshlanib ketgan urushda afinaliklar mag‘lub bo‘lib, barcha
vatanparvarlar o‘z yurtlaridan badarg‘a qilinadilar. Faqat aristokrat boylargagina
siyosiy va iqtisodiy huquqlar beriladi. Demosfen sirtdan o‘limga mahkum etiladi.
Shundan so‘ng u Kalavri oroliga qochib borib, Poseydon ibodatxonasiga
yashirinadi. O‘sha vaqtlarda ibodatxonaga qochib kirgan odamni, kim bo‘lishidan
qati nazar, qamash yoki o‘ldirish mumkin emas edi. Chunki u xudoning panohi va
himoyasida hisoblanar edi.
Dushmanlari Demosfenning yashiringan joyidan xabar topib, uni tiriklayin
qo‘lga tushirishga harakat qiladilar. Ular notiqqa bo‘lmag‘ur va’dalarni berib,
Antipatra huzuriga olib bormoqchi bo‘ladilar. Demosfen yovuz niyatni
fahmlagach, uyiga xat yozish bahonasi bilan ibodatxonaning ichkarisiga kirib,
zahar ichadi. Buyuk notiq eramizdan oldingi 322 yilning 12 oktyabrida shu tariqa
dunyodan o‘tadi.
Demosfen uslubi qo‘yidagicha bo‘lgan:
1. Demosfen nutq matnida ham, nutq talqini jarayonida ham arxaizmdan
qochadi, juda latif va jozibador so‘zlarni qo‘llamaydi, yangicha so‘z, ibora va
terminlar to‘qimaydi. Faqatgina, gohida xalq hikmatlaridan va maqol-
matallardangina foydalanadi.
2. U nutqlarida biror tushunchani ifoda etuvchi sinonimlarni ko‘p qo‘llaydi.
Masalan, “mayli gapirsin va maslahat bersin”, “shodlanmoq va quvonmoq”.
“yig‘lamoq va ko‘z yoshi to‘kmoq”, “so‘zlar va nutqlar” kabi sinonimlar uning
nutq matnlarida ko‘plab uchraydi.
3. U nutqda uzuq-yuluq gaplardan qochar, qisqa bo‘g‘in, kalta-kalta jumlalarni
ishlatmas, aksincha, uzun, cho‘ziq bo‘g‘inlarni ko‘plab qo‘llashni xush ko‘rardi.
4. Nutq matnlarini tayyorlash jarayonida gapning boshi va oxiriga mantiqiy
urg‘u tushuvchi, muhim ma’no kasb etuvchi so‘zlarni qo‘yardi.
5. Nutqda musiqiylik va ta’sirchanlikka erishish uchun jumlalarning oxiri nasriy
she’r bilan, muayyan vazn bilan tugashiga alohida e’tibor berardi.
6. Demosfen nutqlaridagi davrlanish kompozision yaxlitlik va mutanosiblikka
ega edi. Uning har bir nutqiy davri oldingi va keyingisi bilan mantiqiy mustahkam
bog‘lanib, ulardan birortasini isloh etish mazmuniga ham, shaklga ham katta putur
yetkazardi.
7. Ayrim, o‘zi uchun muhim tuyulgan so‘zlarni ongli ravishda bir necha marta
qaytarishni yoqtirardi.
8. So‘z va jumlalarni o‘zaro qarama-qarshi qo‘yib, ifodaviylik va obrazlilikka
erishishni xush ko‘rar edi. Jumladan, “Gulchambar haqida” nomli nutqida Esxinga
qarata shunday deydi: “Sen savod chiqararding, men bo‘lsam maktabga qatnardim,
sen maqtovlar tayyorlarding, men maqtanuvchi edim, sen xorda raqsga tusharding,
men xorning xo‘jayini edim, sen kotib eding, men bo‘lsam xalq majlisida
qatnashardim, sen mayda rolda chiquvchi aktyor eding, men esa tomoshabin edim,
sen rasvo qilib o‘ynarding, men bo‘lsam xushtak chalardim”.
9. Ritorik savollardan unumli va o‘rinli foydalanardi. Shuning uchun ham uning
nutqlarida “Xo‘sh, buning hammasiga sabab nima?”, “Nega endi men buni hozir
gaprayapman?” kabi ritorik savollar ko‘plab uchraydi.
10. Demosfenning nutqlari eng avval o‘zining chuqur mazmundorligi, siyosiy
o‘tkirligi bilan diqqatga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, uning fikrlari nihoyatda
olijanob, vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan, samimiy pafosi bilan xarakterlanar
edi.
11. U nutq talqini jarayonida emosional hayajon, jestikulyasiya, mimika kabi
psixofizik va tashqi ifoda vositalaridan unumli foydalangan.
12. Demosfen o‘zining notiqlik missiyasini faqatgina Vatanga va xalqiga halol
xizmat qilishdan iborat, deb tushunardi.
Demosfen Afina notiqligining yirik namoyandasi bo‘lib, uning texnik mashqlari,
nutq talqini jarayonidagi holatlari, nutq ustida ishlash uslublari, til
imkoniyatlaridan foydalanish va notiqlikning talqiniy ifoda vositalaridan mohirona
foydalana olishi barcha notiqlar uchun maktab vazifasini o‘tagan va bugungi kunda
ham ahamiyatga ega hisoblanadi.
Siseron (103-43)
Mark Tulliy Siseron eramizdan oldingi 103 yilda Rimdan uzoq bo‘lmagan
Arpina shahrida badavlat oilada dunyoga keldi. Uning bolalik yillari Arpina
shahridagi otasiga qarashli yerlarda o‘tadi. Otasi o‘z farzandiga yaxshi ta’lim-
tarbiya berish maqsadida Rimga ko‘chib o‘tadi. Siseron u yerda Yunon
murabbiylari qo‘lida tahsil oladi. Yunon tili va adabiyotini mukammal egallagach,
Yunonistonning mashhur so‘z ustalari Lisiniy Koidaas va Mark Antoniy kabi
notiqlardan so‘z san’atining nozik sir-asrorlarini o‘rganadi, ularning ajoyib
nutqlarini tinglaydi. Bo‘lajak notiq ayni vaqtda falsafa bilan shug‘ullanadi. Lekin
uni ko‘proq notiqlik san’ati qiziqtiradi. Siseron notiqlarning turli mimika va
harakatlar bilan so‘zlayotganini ko‘rib, notiq bo‘lish uchun aktyorlikdan ham
xabardor bo‘lish kerak ekan, degan xulosaga keladi. Shuning uchun Ezop va
Rossiy kabi o‘z davrining mashhur aktyorlaridan saboq oladi.
Siseron uzoq tayyorgarlikdan so‘ng, 25 yoshida birinchi marotaba xalq oldida
nutq so‘zlashga jur’at etadi. U avval fuqarolik so‘ngra jinoiy ish jarayoni bo‘yicha
gapiradi. Biroq uning bu nutqiga davlat boshliqlaridan Sull hamda Kott ismli
mashhur notiqlar qarshi chiqadi. Shundan so‘ng u ritorika va falsafa fanlaridan
mukammalroq nazariy bilim olish maqsadida zamonasining buyuk notiqlaridan
hisoblangan Antio Askalonskiydan ta’lim oladi, mashhur so‘z ustalaridan notiqlik
sirlarini o‘rganish niyatida Kichik Osiyoning bir qancha shaharlarini kezib chiqadi.
U ancha vaqtgacha nutq so‘zlashda yangi usullar qidiradi. Nihoyat, Osiyo hamda
Attika (O‘rta Gresiyaning Yunoniston janubi sharqidagi dengiz ichkarisiga ancha
yorib kirgan yarim orol Attika deb ataladi) usullari omuxtasidan iborat bo‘lgan
yangi bir uslub kashf etadi.
Siseron zamonasining ko‘pchilik so‘z ustalari singari o‘z faoliyatining ilk
davrlaridayoq nutqida uslubning chiroyliligi, iboralarning jonliligi, jumlalarning
nafis bo‘lishiga katta e’tibor beradi.
Siseron Osiyoga sayohat qilib, notiqlik san’atining sirlarini o‘rganib yurgan
vaqtida Rim hukmdori Sull vafot etadi. Shundan so‘ng yosh notiq Rimga qaytib
keladi va 31 yoshidan boshlab davlat ishlarida ishtirok etadi. Siseron konsullik
lavozimiga saylangach, butun notiqlik mahoratini siyosiy nutqlarga bag‘ishladi. U
suddagi nutqlarida o‘zi yaratgan uslubdan foydalanib, raqiblarini “qo‘l-oyog‘i
bog‘langan quyonday taslim qildi”. Hukmdor Sull tomonidan qabul qilingan senat
qonunlarini qattiq qoralab, Sull tarafdorlarini o‘ldirib yuboradi. Kelgusi yili (59
yil) Siseron o‘rniga Syezar konsul bo‘lib saylangach, senatning Sull loyihasiga
juda yaqin bo‘lgan yangi qonunlar qabul qilinadi. Gabini va Pizonlar o‘zlari konsul
bo‘lib ish boshlagan 58-yilning dastlabki davrida Siseronni Rimdan badarg‘a etish
haqida qonun chiqarishga harakat qiladilar. Dushmanlari tomonidan qasos olinishi
muqarrar ekanligiga ishongan notiq proyekti chiqmasidanoq Yunonistonga jo‘nab
ketadi.
Vatandan haydalishi Siseron uchun nihoyat darajada og‘ir bo‘ladi. U bir yarim
yildan so‘nggina do‘stlarining yordami tufayli Italiyaga qaytib kelish uchun ruxsat
oladi. Ona-Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat buyuk notiqning ilhomini yanada
jo‘sh urdiradi. U nutq nazariyasi ustida tinimsiz ijod qila boshlaydi. Oradan ko‘p
o‘tmay, mashaqqatli mehnat samarasi sifatida, uning uch kitobdan iborat “Notiqlar
haqida” nomli asari dunyoga keladi. Mazkur asar dialog shaklida yozilgan bo‘lib,
Lisiniy, Koidaass, Mark Antoniy, Yuliy Syezar, Strabon, Katull, huquqshunos
Ssevola va uning shogirdlari Katt, Sulnisiy Ruflarning ijtimoiy va siyosiy nutqlari,
ularning notiqlik san’ati hamda bu san’atning eng mayda-chuyda masalalaridan
tortib siyosiy muammolargacha bo‘lgan qimmatli notiqlik haqidagi fikr va
mulohazalarini o‘z ichiga oladi.
Siseronning notiqlik haqidagi fikrlari shundan iboratki, notiq shunchaki sud
ishlarining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladigan qonunparast emas, balki
davlat ishlarini chuqur tushunadigan, xalq qayg‘usiga hamdardlik qila oladigan
davlat arbobi bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun notiqlik san’atiga qiziqqan har bir
kishi faqat Ritorika ilmiga oid ibtidoiy bilimlar bilan cheklanmasdan, shuningdek,
o‘zining tabiiy iste’dodiga ishonib qolmasdan, doimo turli fanlarni o‘qib-
o‘rganmog‘i, ilm va madaniyatning yuqori cho‘qqilariga intilmog‘i darkor. Bundan
tashqari, “Notiqlar haqida” asarining muallifi notiqlarning odamlar diliga qo‘rquv,
g‘azab va qayg‘u sola bilishi va aksincha, bu xildagi hayajonli holatlardan
kishilarni xalos qilib, ularning ruhida xotirjamlik, mehr-shafqat hislarini uyg‘ota
olishi kerakligini ta’kidlaydi. Uning ta’limotiga ko‘ra, agar notiq odamlarning
turli-tuman xarakterlarini sezmasa, inson tabiatidagi umumiy xususiyatlarni
bilmasa va har bir kishini goh bezovta qiladigan, goh tinchlantiradigan sabablarni
tushunmasa hech qachon o‘zining maqsadiga erisha olmaydi.
Siseron “Brut” (47 yil), “Notiq” (56 yil) nomli boshqa asarlarida Rim notiqlik
san’ati tarixi haqida batafsil nazariy fikrlar yuritib, attikachilarning nazariyalariga
tamomila qarshi mulohazalar bilan maydonga chiqadi. Uning ta’kidlashicha, har
qanday notiqning ko‘zda tutgan asosiy maqsadi tinglovchining zavqini uyg‘otib,
ularni o‘ziga moyil qilishdan iboratdir. Notiq sharoitga qarab mavjud uslublarning
hammasidan baravar foydalanishi zarur. Siseron bu fikrini davom ettirib, «kimki
jo‘n narsalar haqida oddiygina, kundalik voqealar haqida o‘rta darajada, ulug‘
hodisalar haqida esa zavq-shavq bilan gapirsa, shu odam so‘z san’atining
chinakam ustasi bo‘ladi» deydi.
Poeziya tilining vazni va ohangdorligi, uzun va qisqa xijolarning, unli va undosh
tovushlarning almashinuvi, bir so‘zning oxiri va ikkinchi so‘zning boshida ikki
unlining qator kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, so‘zlarni turlicha talaffuz etish,
grammatik qoidalarga katta e’tibor berish kabi notiqlik san’atining muhim
masalalari ham Siseron asarlarida o‘zining to‘la ifodasini topgan.
Tinglovchini toliqtirib qo‘ymaslik uchun nutq davomida ko‘tarinki usulni bir
parda pasaytirib, nutq mavzuiga aloqador shaxslar bo‘lsa, ularning goh salbiy, goh
ijobiy xarakteristikasini berish, ilgari o‘tgan mashhur zotlar haqidagi biron latifani
eslatib ketish, lozim bo‘lganda ba’zi bir hayotiy manzaralarni, dramatik voqealarni
eslash, o‘rniga qarab biroz hikmatli so‘z, maqol yoki qochiriq gapni qistirib o‘tish
— Siseronning eng sevgan usullaridan hisoblanadi.
Siseron nutq kompozisiyasiga alohida e’tibor bergan. U nutq jarayonida uch
muhim omilga alohida e’tibor berishni ta’kidlaydi. Bu – nutqning kirish qismi,
xotimasi va repetisiyasi (shug‘ullanish)idir. Shuningdek, Siseron nutq
kompozisiyasining nazariyasini ham ishlab chiqqan. Uning fikricha nutq quyidagi
qismlardan iborat bo‘lmog‘i zarur:
1. Nutqning kirish qismi.
2. Ishning mohiyatini ochish.
3. Keyingi qismlarning rejasi.
4. Asosiy qism (dalillar).
5. Oxirgi qism, ya’ni nutq davomidagi asosiy masalalarni qisqa-qisqa eslatib
o‘tish va yakun yasash .
6. Xulosa.
Syezar vafotidan so‘ng davlatni uning nabirasi Oktavian boshqaradi.
U o‘z davlatini mustahkamlash maqsadida Syeseronning Senat oldidagi
mavqei va obro‘sidan foydalanmoqchi bo‘ladi. Biroq Siseron Oktavianga
ishonmaydi. Siseronning dushmanlari yangi hukmdorni o‘zlari tomonga og‘dirib
olgach, undan buyuk notiqni qatl etishni talab qiladilar. Shunday qilib, so‘z
san’atining mohir ustasi shafqatsiz jazoga hukm etiladi. Oldin uning o‘ng qo‘li
qirqib tashlanadi, so‘ngra boshi tanasidan judo qilinadi.
Siseronni butun insoniyat oldida ulug‘lab, obro‘sini oshirgan narsa uning
ajoyib, takrorlanmas nutqlari bo‘ladi. Uyg‘onish davrida Italiya, Fransiya va
Germaniyaning insonparvar olimlari Siseronning ilhombaxsh nutqlarini sevib
o‘rgandilar. O‘sha davrda chiroyli so‘zlagan kishilar “siseronchilar” deb atalar edi.
Chunki ular Siseron ta’limotiga suyangan holda o‘z nutqlarini tayyorlashgan.
Lisiy (taxminan 459-380 y.y.)
Lisiyning asl vatani Sisiliyadir. Notiqning otasi Periklning taklifiga binoan
Afinaga kelib, shu yerda o‘rnashib qoladi. Lisiylar oilasi shaharning anchagina
davlatmand xonadonlaridan hisoblansa ham uning a’zolari metek, ya’ni kelgindi
bo‘lganliklari sababidan Afina fuqarosi qatoriga kirolmaydilar. Peloponess
urushida Afinaning mag‘lubiyatga uchrashi natijasida, demokratiyaning tarafdori
sifatida Lisiyning akasi qatl qilinadi, uning o‘zi arang qochib qutiladi. 403 yilda
demokratiya tartiblari yangidan tiklangach, Lisiy yana Afinaga qaytib, muttasil
logograflik kasbi bilan shug‘ullana boshlaydi.
Qadimgilarning shahodatiga qaraganda, Lisiy merosidan bizga qadar faqat
o‘ttiz to‘rttasi yetib kelgan. Ularning barchasi, asosan, sud nutqlaridan iboratdir.
O‘z faoliyatini logograflik kasbiga bag‘ishlagan Lisiy, dastavval sud ahllarining va
sudga ishi tushgan kishilarning tabiatini chuqur o‘rganishga kirishadi. Ma’lumki,
Afina sudida qatnashgan shaxslarning ko‘pchiligi murakkab davlat qonunlarini
teran bilmagan, aksar unchalik durust tahsil ko‘rmagan odamlar bo‘lganlar, shu
sababli ular ayyor va ustomon odamlarning sud hay’atini aldab ketishlaridan
hadiksirab ilmoqdor, dabdabali so‘zlarga chuqur shubha bilan qarar va bu xildagi
so‘zlarni to‘qishda, albatta, biron odam ko‘maklashgan bo‘lsa kerak, deb gumon
qilardilar. Ikkinchidan, logograflarning yordamiga muhtoj bo‘lib, ularga murojaat
etgan odamlar orasida jamiyatning turli-tuman fuqarolari bo‘lgan. Binobarin, Lisiy
har bir nutqni yozishga kirisharkan, u avvalo buyurtma bergan kishining tabiatiga,
ijtimoiy mavqeiga qanchalik monand kelish-kelmasligigi katta e’tibor beradi.
Gapirishi lozim bo‘lgan kishining xarakterini, ijtimoiy ahvolini juda ham aniq
tasvirlab beruvchi nutq matnini ishlab chiqishga juda usta edi. Natijada Lisiy
tayyorlagan nutq faqat o‘sha so‘zlovchigagina xos bo‘lardi.
Lisiyning notiq sifatidagi ikkinchi xususiyati, hikoyachilik san’atini egallab
olganligidir. U har qanday voqeani sodda, jonli, qiziqarli shaklda hikoya qilishga
usta edi. Uning notiqlik san’atidagi uchinchi xususiyati-uslubidagi aniqlik,
soddalik va tabiiylik edi. Lisiy og‘zaki nutqning inson ruhiyatiga ta’sir etishini
yaxshi tushunadi. Uning asosiy xususiyatlaridan biri fikr ifodalash jarayonida
so‘zlarni takrorlamaslik deb biladi. Uning fikricha, biror masala bo‘yicha
so‘zlangan nutq ikkinchi marta takrorlanmasligi kerak, agarda shu nutqni avvalgi
tinglovchilar bir necha marta takror eshitsalar, nutq o‘z kuchini va ifodaliligini
yo‘qotadi.
Lisiyning yozma merosi bo‘lgan nutq matnlarini uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. Epideyktik (tantanali yoki tasviriy) nutqlar.