G‘ARB OLIMLARI NUTQ MADANIYATI VA NOTQILIK TO‘G‘RISIDA (Qadimgi Yunonistonda notiqlik san'ati, Qadimgi Rimda notiqlik san'ati, G‘arb notiqlari: Аristоtеl, Sitsеrоn, Kvintiliаn vа bоsh. fаоliyatlari hаqidа ma’lumot, Til siyosatining shakllanishi)
Yuklangan vaqt
2024-05-22
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
27
Faytl hajmi
44,0 KB
G‘ARB OLIMLARI NUTQ MADANIYATI VA NOTQILIK TO‘G‘RISIDA
Reja:
1. Qadimgi Yunonistonda notiqlik san'ati.
2. Qadimgi Rimda notiqlik san'ati.
3. G‘arb notiqlari: Аristоtеl, Sitsеrоn, Kvintiliаn vа bоsh. fаоliyatlari hаqidа ma’lumot
4. Til siyosatining shakllanishi
Qadimgi rimda ham notiqlik sa‘natining shakllanishi va taratsqqiyoti
Yunonistondagi kabi ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda
kechdi. Rim davlatining ilk davrlaridayoq senat, xalq yig‘indilari, sudda
so‘zlanadigan ommaviy nutq san‘ati shakllanadi. Bunda, shuningdek, dafn
marosimlarida so‘zlanadigan nutq keng tarqalgan edi.
Dastlab nutqlar yozma ravishda e‘lon qilinmasdi. Shu bois notiqlik haqida aniq
fikr yuritish qiyin. Biroq respublika davrida(er.av.III asr - II asrning boshlanishi)
yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan notiqlik sa‘nati uning ta‘sirida rivojlangan.
Rim notiqligining asoschilaridan biri Mark Porkiy Katon ham lashkar boshi,
ham rim siyosiy arbobi sifatida mashxur bo‘lgan. U birinchi rim ―Ritorika‖sini
yaratgan olimdir.
Rim notiqlik sa‘natining an‘analarining tayanchi notiq iste‘dodi va tajribasi
bo‘lib kelgan. Uning asosiy tamiyilini Katon shunday ifodalagan edi: ―Mohiyatini
nazardan qochirma, so‘zlar esa o‘zi keladi‖.
Aka-uka Grakxlar ilk bor yunon ritorikasining ta‘sirchan usullarini qo‘llab rim
notiqligiga yangi yo‘nalish berdilar. Avvalo, ritorika qonun-qoidalarini bilgan notiq,
ular bilmagan notiqdan qanchalar ustun bo‘lishi ma‘lum bo‘ldi. Ikkinchidan,
notiqlik sirlarini faqat otalardan o‘zlashtirmay o‘rganish imkoniyati paydo bo‘lgach,
siyosat maydoniga qadam qo‘ymoq istagida bo‘lgan yangi odamlar o‘zlarining
muxoliflari – aslzoda senator – notiqlar bilan bir hil, hatto qulayroq vaziyatda
bo‘ladilar.
Eramizdan avvalgi II asrning o‘rtalaridan boshlab Rimda ijtimoiy ziddiyatlar
o‘sishi; senat partiyasi bilan xalq partiyasi shakllanib, siyosiy kurash kuchayishi
bilan fuqarolik urushi boshlanayotgan bir paytda Rim ritorikasi birinchi navbatda
senat partiyasiga oppozitsiyada turgan xalq partiyasiga (populyarlarga) xizmat qila
boshladi. Bu davrda siyosiy kurash avj olishi bilan siyosiy va sud notiqligi tez
suratlar bilan rivojlana boshladi. Siyosiy notiqlik senat va xalq yig‘iniga ta‘sir
o‘tkazishning asosiy vositasiga, sud notiqligi esa siyosiy muxolifni qoralash
quroliga aylanadi. Ozmi-ko‘pmi tanilgan siyosiy arbob, albatta, yaxshi notiq
bo‘lgan. Lashkarboshi o‘z jangchilari oldida nutq so‘zlashni bilishi kerak edi.
Sitseron 46 yili ―Brut‖ risolasida Rim notiqligi tarixiga qisqacha to‘xtalib, 200 dan
ortiq notiqlikni sanab o‘tadi va ularning asosiy ko‘pchiligi fuqarolar urushi davri
vakllari bo‘lganligini qayd etadi.
Rim notiqlari notiqlik sa‘nati nazariyasi bo‘yicha jiddiy yangilik yaratmagan
bo‘lsalar-da, yunon notiqligida shakllangan tamoyillarni chuqrroq ishlab chiqadilar
va ularga taqlid qilgan holda, lotin tilida notiqlik san‘atining yuksak namunalarini
yaratdilar.
Notiqlik usullari vaqt o‘tishi bilan takomillashib bordi. Shu bilan birga,
ijtimoiy-siyosiy voqelik Rim notiqligiga o‘z ta‘sirini o‘tkazdi. ―Adolat, agar u
tabiatga asoslashmagan bo‘lsa, yo‘qlikka muhkum, foydani o‘ylab o‘rnatilgan
adolat esa boshqa foyda nuqtai nazaridan yo‘q qilinadi‖, - deb yozgan edi. Sitseron
―Davlat‖ risolasida. Biroq vaqt o‘tishi bilan haqiqat, adolat, samimiyat mezonlari
notiqlik san‘atida ortga chekinadi: masalan, sud notiqligida yuridik haqiqat muhim
bo‘lmay qoladi. Sitseron boshqa erda shunday yozadi: ―Biz sudlarda so‘zlagan
nutqlarimizda bizning etiqodimiz ifodasini izlagan kishi qattiq yanglishadi‖. Bu
nutqlar sud jarayoni va shart-sharoitlaridan kelib chiqib so‘zlagan va odamlarning
asl qarashlarini ifodalamaydi‖.
Notiq o‘z fikr va dallilarining haqqoniyligi haqida emas, haqiqatga uxshashi
haqida qayg‘urgan. Siyosiy nutqlarda invektiv usuli keng qo‘llanilgan, ya‘ni siyosiy
muxoliflar yomon qilib ko‘rsatilgan va buning uchun notiqlar turli mishmish vak
g‘iybatlarni ishga solishgan.
Umuman olganda, Rim ijtimoiy-siyosiy hayotida notiqlik muhim rol o‘ynagan.
Sitseron shunday yozgan edi: ―Insonni hurmat-ehtirom va shuhratining eng yuksak
cho‘qqilariga ikki tur san‘at olib chiqishi mumkin: biri lashkarboshichilik bo‘lsa,
boshqasi yaxshi rotiqlik san‘ati. Keyingisiga tinch hayot ne‘matlarining saqlanishi
bog‘liq bo‘lsa, birinchisiga urush xavfini bartaraf etish bog‘liq‖.
Rim notiqlik sa‘natida ikki yo‘nalish shakllanadi: Osiyocha usul (azianizm) va
attika usuli. Osiyocha usul Iskandarning o‘limidan keyin ko‘p o‘tmay Kichik
Osiyoda paydo bo‘ldi. Unga hashamdorlik, patetika (ehtiroslilik), tashqi effektlarga
moyillik xos edi. Attika uslubi tarafdorlari esa afinalik notiqlarga xos sodda, qisqa,
aniq nutq mezonlariga rioya qilishni tartib etganlar. Osiyocha usul vakillaridan eng
mashhuri Kvint Gortenziy Gortal bo‘lsa, Gay Yuliy Sezar va Mark Yuliy Brut attika
uslubi notiqlri jumlasiga kiradi.
Rim notiqlik san‘ati nazariyasiga muvofiq nutq quyidagi shakl va tarkibiy
qismlardan iborat bo‘lishi lozim: 1) kirish (exorido) ; 2) ko‘riladigan masalaning
bayoni (narratio); 3) himoya yoki aybnomaning asosiy moddasini ko‘rib chiqish
(tractratio) 4) xulosa (peroratio). Himoyalovchi va qoralovchi nutqining eng muhim
qismi, ya‘ni traktatsiya yana, o‘z navbatida, quyidagi qismlarga bo‘lingan:
a) traktatsiya predmeti va rejasini ajratib ko‘rsatish; b) notiq qarashlari
to‘g‘riligining isboti va v) muxolifning fikr va dalillarini inkor etish.
Notiq ikki turdagi dalillardan foydalangan: sudlarning aqliga ta‘sir etuvchi,
ya‘ni argumentlar va ularning hislariga ta‘sir etuvchi, ya‘ni amplifikatsiyalar.
Rim respublikasining so‘nggi davrlarida eng yirik siyosiy arbob – Mark Tuliy
Sitseron mamlakat taraqqiyotida ulkan rol o‘ynagan. Uning nutq, risola va xatlari
hayotligi davridayoq lotin nasrchiligining tan olingan namunalari hisoblangan.
Sitseron o‘z faoliyatining boshida Osiyo uslubi ta‘sirida nutqlar yozgan. Biroq
keyinchalik u ikki usulni muvofiqlashtirishga harakat qiladi. Yuliy Sezar unga juda
yuqori baho beradi. Zotan, uning har bir nutqi omma orasida shuhrat qozonadi.
Sitseron fikricha, notiq quyidagi xislatlarga ega bo‘lmog‘i lozim:
1. Notiq juda dadil va amin bo‘lishi kerak.
2. Notiq to‘la isbotlanishi lozim.
3. Notiqda ahamiyatsiz narsa bo‘lmasligi kerak.
4. Nutq materialini sitqidil to‘plash va idrok etish kerak.
5. Materialni joylashtirish, tushunishga oson bo‘lishini ta‘minlash.
Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, Rim notiqlik san‘ati o‘rta asr va keyingi davr
notiqligiga ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘ldi. Hatto hzirgi kunda ham unga tanqidiy
yondashib, bahramand bo‘lishimiz mumkin.
G‘arb mutafakkirlarining o‘gitlaridan
1.
Har qanday narsa haqida ikki bir-biriga zid fikrini aytish mumkin. Protator
2.
So‘z – jismi kichik va ko‘z ilg‘amas, ammo buyuk hukmdor, u ma‘budvash
ishlarga qodir, zero, u ham qo‘rquvni chekintirishi, ham dardni yumshatishi, ham
kayfiyatni ko‘tarishi, ham hamdard bo‘lishi mumkin. Men buni amalda ko‘rsataman.
Tinglovchilarni faqat tuyg‘u inontirishga qodir.she‘riyatni butunicha chorlayman va
uni me‘yoriy nutq deb bilaman. Uni tinglagan kishining qalbini dahshatli titroq,
ko‘zlariga yosh keltiruvchi mehr egallaydi, o‘zgalarning yutug‘i va baxtsizligini
so‘z vositasida qalbimiz o‘zinikidek qabul qiladi. So‘z vositasida ilohiy nafas
qo‘shiqlar – afsungar rohat chaqirib, qayg‘u-nadomatni haydaydi. Afsun kuchi fikr
bilan qo‘shilib, qalblarni rom etadi, sehri esa ularni yangilaydi.
Yunonistonda bo‘lganidek, notiqlik san’atini o‘qitish uchun xizmat qiluvchi
o‘quv - mashq notiqligi ham mavjud edi. Bunday notiqlikning asosiy vazifasi nutq
nazariyasiga asosan notiqlik maktabida notiqlarning shakllanishi uchun xizmat
qilgan. Keyinchalik Rimda urushning kuchayib ketganligi harbiy sarkardalar
nutqining rivojlanishiga ham imkon berdi. Natijada Gʻarbu sharqda mashhur harbiy
notiqlar paydo bo‘la boshladilar. Ularning vazifasi urushda askarlarni g‘alabaga
chorlashdan iborat bo‘lgan. Notiqlik san’atining yirik namoyandasi Siseron bu
san’atga yuksak baho berib, ikki xil san’atni — lashkarboshilik va notiqlik san’atini
tan oladi: «Tarixda nom qoldirish uchun yo yaxshi sarkarda, yo yaxshi notiq bo‘lish
kerak». Bunday ijodkor notiqlarning nomi o‘z mamlakati doirasidan chiqib, jahonga
ma’lum va mashhur bo‘lgan. Aristotel, Demosfen va Siseron, Lisiy, Katon, aka-uka
Grakxlar shular jumlasidandir.
Aristotel (384-322)
Markaziy Osiyoda Arastu nomi bilan mashhur bo‘lgan Aristotel eramizdan
avvalgi 384 yilda Stagirda (Makedoniya yarim oroli) shifokor oilasida dunyoga
keldi. Uning otasi Nikomax Aleksandr Makedonskiyning nabirasi podsho Aminti II
saroyida shifokorlik qilgan. Aristotel 17 yoshida Afinaga keladi va bu yerda o‘z
zamonasining mashhur olimlaridan bo‘lgan Platonga shogird tushadi. Platonning
vafotidan so‘ng Aristotel 347 yili Afinadan Troad tomon o‘tib, Assosga boradi.
Chunki bu yerda ustozining tarafdorlari ko‘p edi. Unga, ayniqsa, zo‘ravon, zolim
Germiy homiylik qiladi. Aristotel Germiy vafotidan so‘ng Lesbos yarim orolidagi
Mitilen shahriga ko‘chib o‘tadi va u yerda 342 yilgacha yashaydi. 342 yili
Makedoniya podshosi Filipp o‘zining Aleksandr nomli 13 yoshli o‘g‘lining tarbiyasi
uchun Aristotelni Mitilendan chaqirib oladi. Bu yerda u falsafa maktabini ochadi va
katta kutubxona tashkil qiladi. Shu davrda Gresiyada chiroyli so‘zlashga qiziqish
kuchayib ketgan edi. Natijada qator notiqlik maktablari ochiladi. Bu maktablardan
o‘z davrining so‘z san’ati ustalari tayyorlanardi. Keyinchalik chiroyli so‘zlash
haqidagi qo‘llanmalar maydonga kela boshladi. Shunday asarlardan biri
Aristotelning “Ritorika” nomli kitobidir. Buyuk olim uni mashhur “Poetika” nomli
asaridan so‘ng, ya’ni eramizdan oldingi 330 yillarda Afinaga so‘nggi marta qaytib
kelganda yozgan edi. Ma’lumki, ungacha Anaksimon, Lampsak ham “Ritorika”
nomli qo‘llanma yaratgan edi. Bu ikki asar bir-biriga tamoman o‘xshamaydi.
Ularning birinchisi qo‘llanma bo‘lsa, ikkinchisi chiroyli so‘zlash nazariyasi
bo‘yicha ilmiy mulohazalardan iborat edi. Aristotelning “Ritorika”si uch kitobdan
tashkil topgan. Asarning birinchi va ikkinchi kitoblari, asosan, chiroyli so‘zlash,
ishontirish uslublari haqidagi nazariy fikr va mulohazalardan iborat bo‘lsa, uchinchi
kitobida nutq mantiqiga juda katta ahamiyat beriladi. Olimning nutq nazariyasi
haqidagi fikri, notiq tilidagi turli “qorishmalar”, ya’ni so‘zlarning noto‘g‘ri va
noo‘rin talaffuz qilinishi, jumlalarning mantiqan har xil tuzilishi so‘zlovchining
katta xatosidir, deb hisoblaydi. Aristotel har bir jumlaning asosiy fikrni ifoda etishga
qaratilishi, ravon va tinglovchi tushunadigan darajada sodda bo‘lishini talab etadi.
U notiqning hissiyot bilan so‘zlashi mulohaza yuritayotgan fikrning tinglovchi
qalbiga tez yetishida muhim omil bo‘lishini alohida uqtiradi. Bundan tashqari,
Aristotel notiqning auditoriyani o‘ziga jalb etishi uchun hazil-mutoyiba so‘zlar bilan
lirik chekinish qilib, tinglovchilarni hayajonlantira bilish zarurligini, agar turli
ko‘rgazmali qurollardan foydalansa, har xil epitet, chog‘ishtirish va metaforalarni
qo‘llasa nutqining ta’sirchanligi yanada oshishini, ammo keltirilgan misollar
ko‘payib ketib, tinglovchini zeriktirib qo‘ymasligi kerakligini ham ta’kidlaydi.
Aristotel notiqlik san’atini egallashni 5 qismga bo‘lib o‘rgatadi:
1. Materialni kashf etish (har tomonlama tayyorlash). Bunda Aristotel
auditoriyaga mos matn tayyorlash lozimligini nazarda tutadi. Demak, har qanday
notiq qanday auditoriyaga kirayotganligini his etishi va shunga ko‘ra matn
materialini kashf etishi kerakligini qayd etadi.
2. Materialni joylashtirish shakli (rejasi). Bunda Aristotel auditoriyaga mos
matnni ta’sirchan, jozibali so‘zlar orqali fikr ketma-ketligini tuzib chiqishni tafsiya
etadi. Fikr ketma-ketligi notiqning so‘z mahorati va o‘z nutqi orqali ifoda etish
san’ati bilan bog‘liq hodisadir.
3. Materialni eslab qolish (o‘zlashtirish). Notiq so‘zga chechan, so‘z ustasi
bo‘lolmasa, u qanday materialni kashf etmasin, uning ketma-ketligini mos holda
tayyorlamasin, eslash qobiliyati yaxshi bo‘lmasa, auditoriyaga yetkazib berolmaydi.
Bunday holatda notiqdan kuchli xotira talab etiladi.
4. Materialni so‘z yordamida to‘g‘ri aks ettirish. Notiq so‘z yordamida o‘z fikr-
mulohazalarini bayon etadi. Demak, u so‘z sehrini, ma’nosini, ko‘chma ma’noga
egaligini, ta’sirchanligini his eta olishi va o‘z o‘rnida qo‘llay bilishi zarurdir.
5. Materialni to‘g‘ri talaffuz etish. Agar notiq so‘z ustida tinimsiz izlanish olib
bormasa, uning fikr ifodalash jarayonida so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish qobiliyati
rivojlanmaydi. Izlanish va ijod har bir so‘zni to‘g‘ri talaffuz etish imkoniyatini
keltirib chiqaradi.
Aristotelning falsafiy fikrlari hozirgi kunda ham o‘z qiymatini saqlab kelmoqda.
Gʻarbu sharq notiqlari bu fikrlar asosida o‘zlarining notiqlik mahoratlarini oshirib
kelmoqdalar.
Suqrot (taxminan 427-347y.y.)
Oddiy so‘z emas, ma’noga to‘yingan so‘z qudratga ega bo‘ladi, - deydi,-buyuk
alloma Suqrot. Insoniyatga so‘z shuning uchun beriladiki, u o‘ziga yuklatilgan
vazifani - dunyoni, o‘zligini anglash uchun xizmat qilsin. Faylasufning fikricha, nutq
xuddi tirik mavjudoddek tuzilishi, uning tanasi bilan qo‘l-oyog‘i bir-biriga muvofiq
bo‘lgani singari nutqdagi so‘zlar o‘zaro mos bo‘lishi kerak. Birinchidan, nutq
boshida kirish, ikkinchidan, bayon qilish, guvohliklar, uchinchidan-isbotlar,
to‘rtinchidan-xulosa bo‘lishi kerak. Notiqlik borasida Suqrotning g‘oyasi
quyidagicha:
1.Dialogik muloqot. Bunda suhbatdoshlar o‘z fikrlarini, o‘z nutqlarini himoya
qila olishlari uqtirilmaydi. Balki o‘zaro suhbat jarayonida hal etilishi zarur bo‘lgan
masalani nihoyasiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
2.Uyg‘unlashgan muloqot. Suhbat. Bahs-munozaraning asosiy maqsadi kurash
yoki g‘alaba qilish emas, muloqot qatnashchilarining umumiy maqsadga erishishi
uchun birlashishlaridir.
3.Fikriy muloqot. Odamlar o‘rtasidagi nutqning maqsadi muhokama mavzusida
yashiringan, topish mumkin bo‘lgan haqiqatni, ma’noni izlash va topish.
Platon dialoglarida ham tasvir etilgan bir qancha shaxslar orasida alohida o‘rin
tutadigan, alohida iliq muhabbat va samimiy ehtirom bilan tilga olinadigan zot
Suqrotdir.
Bir kishi Suqrotning oldiga kelib, shunday dedi:
-Bilasanmi, menga do‘sting sen haqingda nima deganini?
- Shoshma-shoshma, oldin aytmoqchi bo‘lgan xabaringni uch elakdan o‘tkazib ol!–
dedi Suqrot uni so‘zdan to‘xtatib.
-Uch elak?!
-Nimadir aytishdan avval, u xabaringni uch marta elaklash kerak. Birinchisi,
haqiqat g‘alviridan. Aytmoqchi bo‘lgan xabaring rostligiga aminmisan?
-Yo‘q, men shunchaki uni eshitdim.
-Demak, sen buni rost yoki yolg‘onligini bilmaysan. Unday bo‘lsa – ikkinchisi,
yaxshilik g‘alviridan o‘tkazamiz. Sen mening do‘stim haqida biron bir yaxshi narsa
aytmoqchimisan?
-Yo‘q, aksincha.
-Xo‘sh, Suqrot so‘zida davom yetib, - sen u haqda biron yomon narsa
aytmoqchisan-u, lekin o‘zing u so‘zning rostmi, yolg‘onmi ekanligini bilmaysan.
Demak, aytmoqchi bo‘lgan xabaringni, uchinchi g‘alvirimiz - foyda elagidan
o‘tkazamiz. Shunday ekan, sen aytmoqchi bo‘lgan xabaringni eshitishimdan
menga qandaydir foyda bormi!?
-Yo‘q, hech qanday foyda keltirmaydi.
-Ha, shuni unutmaginki, aytmoqchi bo‘lgan har qanday gapingni rostligini
bilmasang, shu xabaring yaxshilik bo‘lishiga sababchi bo‘lmasa yoinki bilishdan
hech qanday naf yo‘q bo‘lsa, u holda sukut saqlagin, - deb ta’lim berdi Suqrot
so‘zini yakunlab.
Dialogni o‘qiganimizda, xunukkina, g‘aribona kiyingan Suqrotning oddiy,
ammo benihoya yoqimli mazmundor so‘zlari kalondimog‘, lekin ichi po‘k, xonaki
olimlarni mulzam qilganini ko‘rib, zohiran juda to‘pori tuyulgan bu odamning aslida
naqadar teran aql, tiniq fikr va atrofdagilarning dilini yoritib turadigan darajada
dilrabo xislat egasi ekanligiga, hamisha haqiqat tarafdori bo‘lganligiga iqror
bo‘lishimiz mumkin.
Demosfen (384-322)
Notiqlik san’atiga o‘z ustida tinmay mehnat qilish orqali erishish mumkinligini
isbotlagan va butun umrini Ona-vatanining gullab-yashnashiga bag‘ishlagan davlat
arbobi, mashhur notiq Demosfen eramizdan oldingi 384 yili Afinada o‘ziga to‘q
oilada dunyoga keldi. Otasining ismi ham Demosfen bo‘lib, qurol-yaroq
ustaxonasining egasi bo‘lgan. Bo‘lajak notiq 5 yoshga to‘lganida otasidan ayriladi.
Demosfen bilan singlisiga otadan katta meros qoladi. Bolalarning tarbiyasi va
merosi vaqtincha tog‘asiga topshiriladi. Tog‘a esa barcha boyliklarni qo‘lga kiritib
olgach, bolalarning tarbiyasi bilan qiziqmaydi. Natijada, Demosfen juda nimjon va
kasalmand bo‘lib o‘sadi.
Demosfen voyaga yetgach, tog‘asi unga faqat qullari, uyi va uy jihozlarini
hamda pulning ma’lum bir qisminigina berib aldaydi. Demosfen tog‘asidan mol-
mulkning qolganini yaxshilik bilan qaytarib berishini so‘raydi. Biroq tog‘a bundan
bosh tortganidan keyin u qolgan merosini sud orqali undirib olishga qaror qiladi.
Sudda muvaffaqiyat qozonish uchun Afinaning davlat qonunlarini yaxshi bilish, shu
bilan birga, ravon so‘zlash, da’vosining to‘g‘riligiga kishilarni ishontirish kerak edi.
Shu sababli Demosfen notiqlik san’atini o‘rganish uchun o‘z davrining meros ishlari
bo‘yicha mashhur advokati Isey maktabida ta’lim olishga majbur bo‘ladi va to‘rt yil
davomida qunt bilan o‘qiydi. Shuningdek, bu davrda ko‘pgina yozuvchilarning
asarlari bilan tanishib chiqadi. Ayniqsa, mashhur tarixchi Fukidid (eramizdan
oldingi V asrda yashagan Afina tarixchisi va davlat arbobi. U Pelopan urushida
ishtirok etgan va uning tarixini yozgan) va faylasuf Platonning tanlangan asarlarini
puxta o‘rganadi. Bo‘lajak notiq Fukidid asarlarini sakkiz marotaba qayta ko‘chirib
yozib, uni deyarli yoddan o‘zlashtiradi.
Demosfen o‘qishni tugatgach, vasiylari bilan sudlashadi va sud besh yil davom
etadi. Bir necha yil surunkasiga bo‘lgan kurash bo‘lajak notiq xarakterining
toblanishida, bir so‘zli va matonatli bo‘lishida katta rol o‘ynaydi. Yoshlik
chog‘laridayoq ko‘pchilik oldida so‘zga chiqishni orzu qilib yurgan Demosfen
o‘qish yillarida o‘qituvchisi bilan sud majlislariga qatnashadi. Demosfen notiqlik
bilan shug‘ullanishdan avval o‘z ustozi yo‘lidan borib, boshqalarga sudda
so‘zlanadigan nutqning matnini yozib berar va bu ishlari uchun yaxshigina haq olar
edi. Bora-bora nutqiy matnlar yozish Demosfenni qoniqtirmaydi. U otashin
vatanparvar sifatida o‘z ijtimoiy faoliyatini Vatan ravnaqi uchun sarflashni orzu
qiladi. Shu orzusi ortidan ergashadi, qunt bilan o‘qiydi, o‘rganadi.
Yosh notiqning xalq oldidagi birinchi nutqi ayanchli holda: to‘polon, kulgi,
qiyqiriq, hushtak chalib masxaralash bilan qarshi olinadi. U o‘z nutqini tugatolmay
minbardan tushishga majbur bo‘ladi.
Demosfen nutqining bunday ayanchli tugashi tabiiy edi, chunki uning tovushi
juda past bo‘lib, bir oz duduqlanar, “R” harfini talaffuz etolmas, g‘uldirab, mujmal
gapirar edi. Bulardan tashqari, uning yelkasini qimirlatib turadigan odati ham bo‘lib,
ko‘pchilik orasida o‘zini to‘g‘ri tuta bilmas edi.
Xalq majlislaridan birida Demosfen o‘zini ikkinchi bor sinab ko‘radi. Lekin bu
safar ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shundan so‘ng Demosfen o‘z nutqidagi
kamchiliklarni boshqa takrorlamaslik uchun astoydil bosh qotiradi. Har kuni bir
necha soatlab noto‘g‘ri talaffuz etayotgan so‘zlari ustida qayta-qayta mashq qiladi.
Og‘ziga tosh solib olib, qattiq va ravon gapirishga harakat qiladi. “R” tovushini
to‘g‘ri talaffuz etish maqsadida kuchuk bolasining irillashini kuzatadi va o‘zi ham
xuddi shu tovushni qaytaradi. Nihoyat, uzoq muddatli tinimsiz mashqlardan so‘ng
Demosfen o‘z maqsadiga erishadi. Natijada, dunyo tan olgan mashhur notiq bo‘lib
yetishadi. Ammo shunga qaramay, u hech qachon tayyorgarliksiz nutq so‘zlamas,
oldindan yozib qo‘yilgan matnni yodlab olar, har bir so‘z ustida puxta o‘ylanar,
jumlalarni aniq va chiroyli tuzishga harakat qilar edi. Ulug‘ notiqning nutqi shu
qadar sodda, ravon, mantiqan puxta va jozibali bo‘lardiki, bu faqat mashaqqatli
mehnat samarasi edi.
Demosfen bo‘lmag‘ur safsatalarni yoqtirmas, xotirjamlik bilan tinglovchilarni
o‘ziga tortar, ularni o‘zi himoya qilayotgan ishning haqligiga ishontirish uchun
butun kuch-quvvatini sarflar edi. Demosfen 30 yoshga to‘lganda davlat ishlarida
ham ishtirok eta boshlaydi. U o‘zining butun mahorat va bilimini Vatanining
dushmani — makedoniyalik podsho Filippga qaratadi. Afina davlati Makedoniya
rahbarligiga o‘tgach, Demosfen dushmanlari qaytadan bosh ko‘taradilar. Aslida bu
voqeadan bir necha yil ilgari Xalq partiyasi Demosfenning vatanparvarligini yuksak
baholab, uni “Oltin gulchambar” bilan taqdirlashga tavsiya etgan, Xalq majlisi ham
buni ma’qullab, qaror qabul qilgan edi. Makedoniya tarafdorlari bu qarorga qarshi
chiqadilar. Hatto o‘z davrining mashhur notiqlaridan bo‘lgan Esxin majlis qarori
ustidan sudga shikoyat qilib ariza beradi. U xalq majlisining noto‘g‘ri qaror
chiqarganligini isbotlashga urinib, Demosfenning bunday oliy mukofotga munosib
emasligini uqtiradi. Qayta bo‘lgan sud ikki buyuk notiqning yakkama-yakka
olishuviga aylanib ketadi. Sud bo‘layotgan maydonga shunchalik ko‘p xalq
to‘plangan ediki, go‘yo mavj urib turgan dengizni eslatardi. Demosfenni qoralab
so‘zga chiqqan Esxin tamomila kurakda turmaydigan gaplar bilan tuhmat toshini ota
boshlaydi. “Gulchambar”ni himoya qilish maqsadida so‘z olgan Demosfen esa,
Vatanining gullab-yashnashi yo‘lida tinmay kurashganini, shu bilan birga,
Esxinning sotqinlikdan iborat faoliyatini yorqin nutqida obrazli tarzda tasvirlab
beradi. Gʻanimlarning qarshiligiga qaramay, sud juda to‘g‘ri va oqilona qaror
chiqaradi. Sud hukmiga muvofiq Esxinga katta miqdorda jarima solinib, Afinadan
badarg‘a qilinadi. Demosfenning “Gulchambar” haqidagi nutqi faqat Esxin ustidan
qozonilgan g‘alabagina emas, balki Afina va butun Gresiyadagi vatanparvarlarning
tantanasi ham edi. Suddagi muvaffaqiyatidan so‘ng, Demosfenning davlat oldidagi
obro‘si yanada oshadi. Biroq turli sabablarga ko‘ra, Makedoniya bilan Afina
o‘rtasida boshlanib ketgan urushda afinaliklar mag‘lub bo‘lib, barcha vatanparvarlar
o‘z yurtlaridan badarg‘a qilinadilar. Faqat aristokrat boylargagina siyosiy va
iqtisodiy huquqlar beriladi. Demosfen sirtdan o‘limga mahkum etiladi. Shundan
so‘ng u Kalavri oroliga qochib borib, Poseydon ibodatxonasiga yashirinadi. O‘sha
vaqtlarda ibodatxonaga qochib kirgan odamni, kim bo‘lishidan qati nazar, qamash
yoki o‘ldirish mumkin emas edi. Chunki u xudoning panohi va himoyasida
hisoblanar edi.
Dushmanlari Demosfenning yashiringan joyidan xabar topib, uni tiriklayin
qo‘lga tushirishga harakat qiladilar. Ular notiqqa bo‘lmag‘ur va’dalarni berib,
Antipatra huzuriga olib bormoqchi bo‘ladilar. Demosfen yovuz niyatni fahmlagach,
uyiga xat yozish bahonasi bilan ibodatxonaning ichkarisiga kirib, zahar ichadi.
Buyuk notiq eramizdan oldingi 322 yilning 12 oktyabrida shu tariqa dunyodan
o‘tadi.
Demosfen uslubi qo‘yidagicha bo‘lgan:
1. Demosfen nutq matnida ham, nutq talqini jarayonida ham arxaizmdan qochadi,
juda latif va jozibador so‘zlarni qo‘llamaydi, yangicha so‘z, ibora va terminlar
to‘qimaydi. Faqatgina, gohida xalq hikmatlaridan va maqol-matallardangina
foydalanadi.
2. U nutqlarida biror tushunchani ifoda etuvchi sinonimlarni ko‘p qo‘llaydi.
Masalan, “mayli gapirsin va maslahat bersin”, “shodlanmoq va quvonmoq”.
“yig‘lamoq va ko‘z yoshi to‘kmoq”, “so‘zlar va nutqlar” kabi sinonimlar uning nutq
matnlarida ko‘plab uchraydi.
3. U nutqda uzuq-yuluq gaplardan qochar, qisqa bo‘g‘in, kalta-kalta jumlalarni
ishlatmas, aksincha, uzun, cho‘ziq bo‘g‘inlarni ko‘plab qo‘llashni xush ko‘rardi.
4. Nutq matnlarini tayyorlash jarayonida gapning boshi va oxiriga mantiqiy urg‘u
tushuvchi, muhim ma’no kasb etuvchi so‘zlarni qo‘yardi.
5. Nutqda musiqiylik va ta’sirchanlikka erishish uchun jumlalarning oxiri nasriy
she’r bilan, muayyan vazn bilan tugashiga alohida e’tibor berardi.
6. Demosfen nutqlaridagi davrlanish kompozision yaxlitlik va mutanosiblikka ega
edi. Uning har bir nutqiy davri oldingi va keyingisi bilan mantiqiy mustahkam
bog‘lanib, ulardan birortasini isloh etish mazmuniga ham, shaklga ham katta putur
yetkazardi.
7. Ayrim, o‘zi uchun muhim tuyulgan so‘zlarni ongli ravishda bir necha marta
qaytarishni yoqtirardi.
8. So‘z va jumlalarni o‘zaro qarama-qarshi qo‘yib, ifodaviylik va obrazlilikka
erishishni xush ko‘rar edi. Jumladan, “Gulchambar haqida” nomli nutqida Esxinga
qarata shunday deydi: “Sen savod chiqararding, men bo‘lsam maktabga qatnardim,
sen maqtovlar tayyorlarding, men maqtanuvchi edim, sen xorda raqsga tusharding,
men xorning xo‘jayini edim, sen kotib eding, men bo‘lsam xalq majlisida
qatnashardim, sen mayda rolda chiquvchi aktyor eding, men esa tomoshabin edim,
sen rasvo qilib o‘ynarding, men bo‘lsam xushtak chalardim”.
9. Ritorik savollardan unumli va o‘rinli foydalanardi. Shuning uchun ham uning
nutqlarida “Xo‘sh, buning hammasiga sabab nima?”, “Nega endi men buni hozir
gaprayapman?” kabi ritorik savollar ko‘plab uchraydi.
10. Demosfenning nutqlari eng avval o‘zining chuqur mazmundorligi, siyosiy
o‘tkirligi bilan diqqatga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, uning fikrlari nihoyatda
olijanob, vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan, samimiy pafosi bilan xarakterlanar
edi.
11. U nutq talqini jarayonida emosional hayajon, jestikulyasiya, mimika kabi
psixofizik va tashqi ifoda vositalaridan unumli foydalangan.
12. Demosfen o‘zining notiqlik missiyasini faqatgina Vatanga va xalqiga halol
xizmat qilishdan iborat, deb tushunardi.
Demosfen Afina notiqligining yirik namoyandasi bo‘lib, uning texnik mashqlari,
nutq talqini jarayonidagi holatlari, nutq ustida ishlash uslublari, til imkoniyatlaridan
foydalanish va notiqlikning talqiniy ifoda vositalaridan mohirona foydalana olishi
barcha notiqlar uchun maktab vazifasini o‘tagan va bugungi kunda ham ahamiyatga
ega hisoblanadi.
Siseron (103-43)
Mark Tulliy Siseron eramizdan oldingi 103 yilda Rimdan uzoq bo‘lmagan
Arpina shahrida badavlat oilada dunyoga keldi. Uning bolalik yillari Arpina
shahridagi otasiga qarashli yerlarda o‘tadi. Otasi o‘z farzandiga yaxshi ta’lim-
tarbiya berish maqsadida Rimga ko‘chib o‘tadi. Siseron u yerda Yunon murabbiylari
qo‘lida tahsil oladi. Yunon tili va adabiyotini mukammal egallagach,
Yunonistonning mashhur so‘z ustalari Lisiniy Koidaas va Mark Antoniy kabi
notiqlardan so‘z san’atining nozik sir-asrorlarini o‘rganadi, ularning ajoyib
nutqlarini tinglaydi. Bo‘lajak notiq ayni vaqtda falsafa bilan shug‘ullanadi. Lekin
uni ko‘proq notiqlik san’ati qiziqtiradi. Siseron notiqlarning turli mimika va
harakatlar bilan so‘zlayotganini ko‘rib, notiq bo‘lish uchun aktyorlikdan ham
xabardor bo‘lish kerak ekan, degan xulosaga keladi. Shuning uchun Ezop va Rossiy
kabi o‘z davrining mashhur aktyorlaridan saboq oladi.
Siseron uzoq tayyorgarlikdan so‘ng, 25 yoshida birinchi marotaba xalq oldida
nutq so‘zlashga jur’at etadi. U avval fuqarolik so‘ngra jinoiy ish jarayoni bo‘yicha
gapiradi. Biroq uning bu nutqiga davlat boshliqlaridan Sull hamda Kott ismli
mashhur notiqlar qarshi chiqadi. Shundan so‘ng u ritorika va falsafa fanlaridan
mukammalroq nazariy bilim olish maqsadida zamonasining buyuk notiqlaridan
hisoblangan Antio Askalonskiydan ta’lim oladi, mashhur so‘z ustalaridan notiqlik
sirlarini o‘rganish niyatida Kichik Osiyoning bir qancha shaharlarini kezib chiqadi.
U ancha vaqtgacha nutq so‘zlashda yangi usullar qidiradi. Nihoyat, Osiyo hamda
Attika (O‘rta Gresiyaning Yunoniston janubi sharqidagi dengiz ichkarisiga ancha
yorib kirgan yarim orol Attika deb ataladi) usullari omuxtasidan iborat bo‘lgan yangi
bir uslub kashf etadi.
Siseron zamonasining ko‘pchilik so‘z ustalari singari o‘z faoliyatining ilk
davrlaridayoq nutqida uslubning chiroyliligi, iboralarning jonliligi, jumlalarning
nafis bo‘lishiga katta e’tibor beradi.
Siseron Osiyoga sayohat qilib, notiqlik san’atining sirlarini o‘rganib yurgan
vaqtida Rim hukmdori Sull vafot etadi. Shundan so‘ng yosh notiq Rimga qaytib
keladi va 31 yoshidan boshlab davlat ishlarida ishtirok etadi. Siseron konsullik
lavozimiga saylangach, butun notiqlik mahoratini siyosiy nutqlarga bag‘ishladi. U
suddagi nutqlarida o‘zi yaratgan uslubdan foydalanib, raqiblarini “qo‘l-oyog‘i
bog‘langan quyonday taslim qildi”. Hukmdor Sull tomonidan qabul qilingan senat
qonunlarini qattiq qoralab, Sull tarafdorlarini o‘ldirib yuboradi. Kelgusi yili (59 yil)
Siseron o‘rniga Syezar konsul bo‘lib saylangach, senatning Sull loyihasiga juda
yaqin bo‘lgan yangi qonunlar qabul qilinadi. Gabini va Pizonlar o‘zlari konsul bo‘lib
ish boshlagan 58-yilning dastlabki davrida Siseronni Rimdan badarg‘a etish haqida
qonun chiqarishga harakat qiladilar. Dushmanlari tomonidan qasos olinishi
muqarrar ekanligiga ishongan notiq proyekti chiqmasidanoq Yunonistonga jo‘nab
ketadi.
Vatandan haydalishi Siseron uchun nihoyat darajada og‘ir bo‘ladi. U bir yarim
yildan so‘nggina do‘stlarining yordami tufayli Italiyaga qaytib kelish uchun ruxsat
oladi. Ona-Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat buyuk notiqning ilhomini yanada
jo‘sh urdiradi. U nutq nazariyasi ustida tinimsiz ijod qila boshlaydi. Oradan ko‘p
o‘tmay, mashaqqatli mehnat samarasi sifatida, uning uch kitobdan iborat “Notiqlar
haqida” nomli asari dunyoga keladi. Mazkur asar dialog shaklida yozilgan bo‘lib,
Lisiniy, Koidaass, Mark Antoniy, Yuliy Syezar, Strabon, Katull, huquqshunos
Ssevola va uning shogirdlari Katt, Sulnisiy Ruflarning ijtimoiy va siyosiy nutqlari,
ularning notiqlik san’ati hamda bu san’atning eng mayda-chuyda masalalaridan
tortib siyosiy muammolargacha bo‘lgan qimmatli notiqlik haqidagi fikr va
mulohazalarini o‘z ichiga oladi.
Siseronning notiqlik haqidagi fikrlari shundan iboratki, notiq shunchaki sud
ishlarining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladigan qonunparast emas, balki
davlat ishlarini chuqur tushunadigan, xalq qayg‘usiga hamdardlik qila oladigan
davlat arbobi bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun notiqlik san’atiga qiziqqan har bir
kishi faqat Ritorika ilmiga oid ibtidoiy bilimlar bilan cheklanmasdan, shuningdek,
o‘zining tabiiy iste’dodiga ishonib qolmasdan, doimo turli fanlarni o‘qib-
o‘rganmog‘i, ilm va madaniyatning yuqori cho‘qqilariga intilmog‘i darkor. Bundan
tashqari, “Notiqlar haqida” asarining muallifi notiqlarning odamlar diliga qo‘rquv,
g‘azab va qayg‘u sola bilishi va aksincha, bu xildagi hayajonli holatlardan kishilarni
xalos qilib, ularning ruhida xotirjamlik, mehr-shafqat hislarini uyg‘ota olishi
kerakligini ta’kidlaydi. Uning ta’limotiga ko‘ra, agar notiq odamlarning turli-tuman
xarakterlarini sezmasa, inson tabiatidagi umumiy xususiyatlarni bilmasa va har bir
kishini goh bezovta qiladigan, goh tinchlantiradigan sabablarni tushunmasa hech
qachon o‘zining maqsadiga erisha olmaydi.
Siseron “Brut” (47 yil), “Notiq” (56 yil) nomli boshqa asarlarida Rim notiqlik
san’ati tarixi haqida batafsil nazariy fikrlar yuritib, attikachilarning nazariyalariga
tamomila qarshi mulohazalar bilan maydonga chiqadi. Uning ta’kidlashicha, har
qanday notiqning ko‘zda tutgan asosiy maqsadi tinglovchining zavqini uyg‘otib,
ularni o‘ziga moyil qilishdan iboratdir. Notiq sharoitga qarab mavjud uslublarning
hammasidan baravar foydalanishi zarur. Siseron bu fikrini davom ettirib, «kimki
jo‘n narsalar haqida oddiygina, kundalik voqealar haqida o‘rta darajada, ulug‘
hodisalar haqida esa zavq-shavq bilan gapirsa, shu odam so‘z san’atining chinakam
ustasi bo‘ladi» deydi.
Poeziya tilining vazni va ohangdorligi, uzun va qisqa xijolarning, unli va undosh
tovushlarning almashinuvi, bir so‘zning oxiri va ikkinchi so‘zning boshida ikki
unlining qator kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, so‘zlarni turlicha talaffuz etish, grammatik
qoidalarga katta e’tibor berish kabi notiqlik san’atining muhim masalalari ham
Siseron asarlarida o‘zining to‘la ifodasini topgan.
Tinglovchini toliqtirib qo‘ymaslik uchun nutq davomida ko‘tarinki usulni bir
parda pasaytirib, nutq mavzuiga aloqador shaxslar bo‘lsa, ularning goh salbiy, goh
ijobiy xarakteristikasini berish, ilgari o‘tgan mashhur zotlar haqidagi biron latifani
eslatib ketish, lozim bo‘lganda ba’zi bir hayotiy manzaralarni, dramatik voqealarni
eslash, o‘rniga qarab biroz hikmatli so‘z, maqol yoki qochiriq gapni qistirib o‘tish
— Siseronning eng sevgan usullaridan hisoblanadi.
Siseron nutq kompozisiyasiga alohida e’tibor bergan. U nutq jarayonida uch
muhim omilga alohida e’tibor berishni ta’kidlaydi. Bu – nutqning kirish qismi,
xotimasi
va
repetisiyasi
(shug‘ullanish)idir.
Shuningdek,
Siseron
nutq
kompozisiyasining nazariyasini ham ishlab chiqqan. Uning fikricha nutq quyidagi
qismlardan iborat bo‘lmog‘i zarur:
1. Nutqning kirish qismi.
2. Ishning mohiyatini ochish.
3. Keyingi qismlarning rejasi.
4. Asosiy qism (dalillar).
5. Oxirgi qism, ya’ni nutq davomidagi asosiy masalalarni qisqa-qisqa eslatib
o‘tish va yakun yasash .
6. Xulosa.
Syezar vafotidan so‘ng davlatni uning nabirasi Oktavian boshqaradi.
U o‘z davlatini mustahkamlash maqsadida Syeseronning Senat oldidagi mavqei
va obro‘sidan foydalanmoqchi bo‘ladi. Biroq Siseron Oktavianga ishonmaydi.
Siseronning dushmanlari yangi hukmdorni o‘zlari tomonga og‘dirib olgach, undan
buyuk notiqni qatl etishni talab qiladilar. Shunday qilib, so‘z san’atining mohir
ustasi shafqatsiz jazoga hukm etiladi. Oldin uning o‘ng qo‘li qirqib tashlanadi,
so‘ngra boshi tanasidan judo qilinadi.
Siseronni butun insoniyat oldida ulug‘lab, obro‘sini oshirgan narsa uning
ajoyib, takrorlanmas nutqlari bo‘ladi. Uyg‘onish davrida Italiya, Fransiya va
Germaniyaning insonparvar olimlari Siseronning ilhombaxsh nutqlarini sevib
o‘rgandilar. O‘sha davrda chiroyli so‘zlagan kishilar “siseronchilar” deb atalar edi.
Chunki ular Siseron ta’limotiga suyangan holda o‘z nutqlarini tayyorlashgan.
Lisiy (taxminan 459-380 y.y.)
Lisiyning asl vatani Sisiliyadir. Notiqning otasi Periklning taklifiga binoan
Afinaga kelib, shu yerda o‘rnashib qoladi. Lisiylar oilasi shaharning anchagina
davlatmand xonadonlaridan hisoblansa ham uning a’zolari metek, ya’ni kelgindi
bo‘lganliklari sababidan Afina fuqarosi qatoriga kirolmaydilar. Peloponess urushida
Afinaning mag‘lubiyatga uchrashi natijasida, demokratiyaning tarafdori sifatida
Lisiyning akasi qatl qilinadi, uning o‘zi arang qochib qutiladi. 403 yilda demokratiya
tartiblari yangidan tiklangach, Lisiy yana Afinaga qaytib, muttasil logograflik kasbi
bilan shug‘ullana boshlaydi.
Qadimgilarning shahodatiga qaraganda, Lisiy merosidan bizga qadar faqat o‘ttiz
to‘rttasi yetib kelgan. Ularning barchasi, asosan, sud nutqlaridan iboratdir. O‘z
faoliyatini logograflik kasbiga bag‘ishlagan Lisiy, dastavval sud ahllarining va
sudga ishi tushgan kishilarning tabiatini chuqur o‘rganishga kirishadi. Ma’lumki,
Afina sudida qatnashgan shaxslarning ko‘pchiligi murakkab davlat qonunlarini teran
bilmagan, aksar unchalik durust tahsil ko‘rmagan odamlar bo‘lganlar, shu sababli
ular ayyor va ustomon odamlarning sud hay’atini aldab ketishlaridan hadiksirab
ilmoqdor, dabdabali so‘zlarga chuqur shubha bilan qarar va bu xildagi so‘zlarni
to‘qishda, albatta, biron odam ko‘maklashgan bo‘lsa kerak, deb gumon qilardilar.
Ikkinchidan, logograflarning yordamiga muhtoj bo‘lib, ularga murojaat etgan
odamlar orasida jamiyatning turli-tuman fuqarolari bo‘lgan. Binobarin, Lisiy har bir
nutqni yozishga kirisharkan, u avvalo buyurtma bergan kishining tabiatiga, ijtimoiy
mavqeiga qanchalik monand kelish-kelmasligigi katta e’tibor beradi. Gapirishi
lozim bo‘lgan kishining xarakterini, ijtimoiy ahvolini juda ham aniq tasvirlab
beruvchi nutq matnini ishlab chiqishga juda usta edi. Natijada Lisiy tayyorlagan nutq
faqat o‘sha so‘zlovchigagina xos bo‘lardi.
Lisiyning notiq sifatidagi ikkinchi xususiyati, hikoyachilik san’atini egallab
olganligidir. U har qanday voqeani sodda, jonli, qiziqarli shaklda hikoya qilishga
usta edi. Uning notiqlik san’atidagi uchinchi xususiyati-uslubidagi aniqlik, soddalik
va tabiiylik edi. Lisiy og‘zaki nutqning inson ruhiyatiga ta’sir etishini yaxshi
tushunadi. Uning asosiy xususiyatlaridan biri fikr ifodalash jarayonida so‘zlarni
takrorlamaslik deb biladi. Uning fikricha, biror masala bo‘yicha so‘zlangan nutq
ikkinchi marta takrorlanmasligi kerak, agarda shu nutqni avvalgi tinglovchilar bir
necha marta takror eshitsalar, nutq o‘z kuchini va ifodaliligini yo‘qotadi.
Lisiyning yozma merosi bo‘lgan nutq matnlarini uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. Epideyktik (tantanali yoki tasviriy) nutqlar.
2. Siyosiy (kengash) va sud nutqlari.
3. Epitafiya, ya’ni motam nutqlari.
Lisiyning nutqlari tilining musaffoligi va benihoya go‘zalligi bilan alohida ajralib
turgan. Dionisiyning ma’lumotiga ko‘ra uning tilidagi fasohat quyidagilardan iborat
bo‘lgan:
1. U nutqlarida kishilar uchun sal bo‘lsa ham tushunarsiz bo‘lib qolgan arxaik
so‘zlarni sira ishlatmagan.
2. U o‘z nutqini neologizmlardan, ya’ni o‘z zamonasining jonli nutqiga kirib
kelayotgan, lekin hamma uchun ommaviy darajada tushunarli bo‘lmagan gap
qurilishi va so‘zlardan foydalanmagan.
3. Gʻoyat sodda, hamma uchun tushunarli tilda yozgan va so‘zlagan. Ammo
sodda, barcha uchun tushunarli usulda ham nafis va latif so‘zlay olgan.
Lisiy o‘z mahorati bilan tinglovchilarni, sud hay’atini mahliyo etib, ularning
mehru muhabbatini qozongan. Biroq ba’zan haddan ortiq berilib ketish oqibatida
ayrim dalilarining kuchli emasligi tufayli ojizlik qilib qolgan paytlari ham bo‘lgan.
Lisiy kishilarning xarakterini tasvirlash va shu kishilar tilidan gapirish usulidan
unumli foydalana olgan. Uning logograflik san’ati kuchli bo‘lgan. Natijada Lisiy
qalamidan chiqqan nutqlarini qaysi bir sinfga mansub kishi talqin etmasin, hech
qanday shubha tug‘dirmagan.
Isokrat (eramizdan oldingi 436-338)
Isokrat notiqlik, falsafa va yurisprudensiya sohasida o‘z zamonasining eng yirik
vakili hisoblangan. U ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat arbolari bo‘lgan Suqrot,
Tisiy, Gorgiylardan ta’lim olgan. Isokrat siyosiy vaziyatga ko‘ra 404 yilda Xios
oroliga ko‘chib ketadi va u yerda ritorika maktabini ochadi. Bir yildan so‘ng,
Afinada demokratiya tiklangach, ona yurti Attikaga qaytib keladi. Isokrat ona
shahrida logograflik bilan shug‘ullanadi. Afinada notiqlik maktabini ochadi va
qariyb 40 yil davomida ustozlik qiladi. O‘z zamonasida Isokratning notiqlik maktabi
juda katta shuhrat qozongan. Shuning uchun ham u ochgan maktabga afinaliklargina
emas, balki Yunonistonning barcha burchaklaridan o‘quvchilar kelib tahsil oladilar.
Natijada Isokratga to‘lanadigan mehnat haqi ham ko‘payib ketadi. O‘z davrining
mashhur kishilaridan hisoblangan ulug‘ notiqlar Likurg va Giperid, zabardast
tarixchilardan Efor va Feopomp Isokrat maktabini bitirishgan edi.
Isokrat mahoratli ustozgina emas, balki o‘z zamonasining yirik notig‘i ham edi.
U notiqlik san’atining nazariyotchilaridan biri sanalgan. Bizgacha uning 27 ta nutqi
turlicha ahvolda yetib kelgan.
Isokratning nutqlarini quyidagicha tasnif etish mumkin:
1. Sud nutqlari – 6 ta.
2. Epideyktik nutqlari – 6 ta
3. O‘quv-epideyktik nutqlari – 9 ta
4. Siyosiy nutqlari – 6 ta.
Bulardan tashqari uning 9 ta maktubi va ritorikaga oid qo‘llanmasidan parchalar
ham yetib kelgan. Bu manbalar notiqning ijodiy faoliyatini o‘rganishda katta
ahamiyatga ega hisoblanadi. Isokrat notiqligining biz uchun ibratli tomoni shundan
iboratki, u nutq matnlari ustida uzoq ish olib borgan va ixtirolari bilan boshqa
notiqlar nutqidan farqlanib, ajralib turgan. Notiq o‘z nutqining tashqi bezagiga juda
katta e’tibor bergan. Buning uchun u “gorgiy figuralari” deb dong taratgan uslubdan
keng foydalangan. Natijada “gorgiy figuralari” sistemasini yangi, yanada yuksak
bosqichga ko‘targan. Isokrat nutqini shakliy bezak san’ati egallab olganligi uchun
ham uning nutqlarida shaklning mazmundan ustun kelish holatlarini sezish mumkin.
Biroq Gorgiy uslubini ijodiy rivojlantirgan Isokrat o‘z ustozining ovoziga xos
bo‘lgan balandparvozlik xususiyatini yo‘qotadi va ko‘rkam figuralar bilan bezalgan
nutqlarining tabiiy va sodda bo‘lishiga erishadi.
Isokratning notiqlik san’atida o‘rnak olishga arziydigan yana bir xizmati bu
nutqning davrlarga bo‘linishiga alohida e’tibor berganligidir. Nutqlarning davrlarga
bo‘lib Isokratdan avval ham amalga oshirilgan edi. Biroq Isokratning asosiy xizmati
nutqlarining ayrim davriy bo‘laklari o‘zining cho‘ziqligi, bir xilligi bilan ajralib
turganligidadir. Chunki u nutqning musiqiyligini so‘z va jumlalarning ichki
tuzilishidan izladi. Bu esa o‘sha davr notiqlik san’atida yangi ijodiy qadam edi.
Isey (eramizdan oldingi taxminan 420-350 )
Notiqlik san’atida shuhrat qozongan, asosan, logograflik bilan shug‘ullangan
yirik notiqlardan biri bu Iseydir. Iseyning logograflik va notiqlik faoliyatiga xos
bo‘lgan xususiyatlardan biri uning so‘zga chechanligidadir. U o‘zining ana shu
iqtidori, notiqlik mahorati tufayli qo‘liga tushgan har qanday ishni o‘zi va mijozi
foydasiga hal qila olgan. Isey logograflik va notiqlikda Lisiy va Isokratlarning
notiqlik sohasidagi yutuqlariga suyangan holda ish yuritgan. Uning nutqidagi
musiqiylik va mantiqiylik va boshqa xususiyatlari ustozlari izidan borganligini
isbotlab turadi.
Isey nutqlarining qolipi uncha murakkab emas edi. U ibtido, diegeza,
argumentasiya va epilog kabi qismlardan iborat bo‘lgan. U zarur bo‘lganda, nutq
tuzilishidagi komponetlar o‘rnini alamashtirib yuboravergan. Buni u har bir ishning
aniq mazmunidan, har bir vaziyatning xususiy talablaridan kelib chiqqan holda
amalga oshirgan. Bu esa Iseyning asosiy yutuqlaridan biri sanaladi. Isey nutq
jarayoniga ham ijodiy yondashgan. U so‘zlayotgan paytida muayyan fikr v
dalillarning bir necha marta takrorlanishidan qo‘rqmagan. Chunki har takrorlashda
ana shu dalillarning yangi bir qirrasini ochib bera olgan. U o‘z nutqlariga istagancha
rivoyat, afsona, naql va hikmatli so‘zlarni qo‘shib fikriy aniqlikka erishgan. Isey
nutqida avval kichik-kichik dalillardan boshlab, da’vo dalillari ta’sirini tobora
oshirib borgan. Eng oxirida qaqshatqich zarba beruvchi, kuchli faktlarni ishga solib,
shundan keyin darhol xulosa chiqargan. Isey bu yo‘nalishi bilan o‘z raqibini, ba’zan
sud hay’atini va tinglovchilarni ham dovdiratib qo‘ygan. Isey o‘z davrida hech
kimnikiga o‘xshamaydigan nutqlari bilan o‘z o‘rnini topa olgan kuchli notiq
hisoblangan.
Likurg (324 yilda vafot etgan)
O‘z davrining gumanist notig‘i, davlat, fan va madaniyat arbobi Likurg
demokratiya tarafdorlaridan biri hisoblangan. U Demosfenning maslakdoshi
hisoblangan. Yoshi ham Demosfendan kattaroq bo‘lib, taxminan 324 yilda vafot
etgan. Likurg notiqlik san’ati asoslari, falsafa va yurisprudensiya bo‘yicha Platon va
Isokratdan maxsus ta’lim olgan. Iste’dodi va notiqlik mahorati tufayli Afina
davlatining eng yirik notiqlari va arboblari safidan joy olgan. Eramizdan oldingi 388
yildan boshlab u davlat xazinachisi sifatida (hozirgi tushunchada moliya vaziri)
Afina iqtisodini boshqaradi. Likurg ana shu lavozimida turib qator xayrli,
demokratik ruhdagi ishlarni amalga oshiradi.
Likurg zabardast notiq ham edi. U o‘z mansabi va ijtimoiy mavqei taqozosiga
ko‘ra ko‘proq davlatning ichki masalalariga oid siyosiy nutqlar so‘zlardi. Likurg o‘z
nutqlarida Afina davlatini mag‘lubiyatga olib kelgan dalillarni va bunga sababchi
shaxslarni fosh qilar, shuningdek, nikohni buzuvchi, dinni haqoratlovchi
shaxslarning xatti-harakatlarini qat’iy qoralardi. Likurg nutqlarini mavzuiy jihatdan
3 turga bo‘lib o‘rganish mumkin:
1. Harbiy-jangovarlik.
2. Siyosiy-ijtimoiy.
3. Axloqiy mavzudagi nutqlar.
Likurg nutq so‘zlayotgan paytda o‘zini g‘oyat tantanali, xotirjam tutar, nutqlari
nafis, jiddiy va mantiqiy ediki, bu sifatlar uni ulkan notiqlar jarajasiga ko‘tardi. U
yunon xalqining haqiqiy farzandi edi. Shuning uchun ham uning xizmatlari munosib
taqdirlandi. U halol xizmatlari uchun bir necha marta eng oliy mukofot – oltin
gulchambar bilan mukofotlandi. Vafotidan so‘ng Afinada unga katta haykal
o‘rnatildi, barcha qarindosh-urug‘lariga davlat tomonidan alohida ehtirom
ko‘rsatildi. Likurg chiqargan qonunlar va uning hikmatli so‘zlari yozdirilib,
Akropolga o‘rnatildi.
Katon (eramizdan oldingi 234-145 yillar)
Rim notiqlik maktabining yirik vakillaridan biri, davlat arbobi bu Katon
hisoblanadi.U Rim imperiyasining lashkarboshisi va senatori sifatida o‘z vatani va
xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan insonlardan biridir. Mark Portius Katon so‘z
san’atkori sifatida yunon notiqlik san’ati ruhida tarbiyalandi. U keng ma’lumotli,
donishmand kishi bo‘lib, garchi o‘zi yunon madaniyati ruhida tarbiyalangan, unga
xayrixoh bo‘lsa ham, amalda yunon madaniyatining Rim madaniyatiga ta’sir
etishiga qarshi turgan.
Katon 150 taga yaqin nutq meros qoldirgan. Ammo bu nutqlardan bizgacha ayrim
parchalar yetib kelgan. Notiq sifatida Katon ko‘tarinki ruh yoki nafrat bilan, ya’ni
katta emosional qudrat bilan gapirgan. U biror muhim narsaga tinglovchilar
e’tiborini jalb qilish zarur bo‘lsa, shu narsani ko‘p martalab qaytarish va
ta’kidlashdan qo‘rqmagan. Aksincha, u har bir imkoniyatdan foydalanib, hatto
qaysarlik bilan o‘sha muhim o‘rinni qaytargan va shu yo‘l bilan niyatining amalga
oshishi uchun kurashgan.
Katon notiq sifatida shu qadar kuchli mahorat egasi bo‘lganki, bu borada unga
Siseron ham tan bergan. Siseronning fikricha: “Hammasini yanada chiroyliroq,
yanada nafisroq qilib aytish mumkin, ammo hech narsani undan kuchliroq va
jonliroq qilib aytish mumkin emas”. Katonning notiqlik mahoratiga quyidagi to‘rt
muhim xususiyat xos edi:
1. U Lisiy izidan borib, masalani muxtasar, ixcham bayon qilish uslubini
qo‘llagan. Bugina emas, muhim masalalarni muxtasar, ammo katta ehtiros va
ta’sirchanlik bilan bayon etishda muayyan muvaffaqiyatga erishgan.
2. Masalani g‘oyat keskin tarzda qo‘yish Katonning eng sevimli ishi hisoblangan.
U eng muhim muammolarni g‘oyat keskinlikda qo‘yganki, natijada ko‘pdan-ko‘p
bahslarni o‘z foydasiga hal etishga erishgan.
3. Fikrlarini uslub jihatdan g‘oyat go‘zal qoliplarda, ifodali va ta’sirchan shaklda
bayon etishni xush ko‘rgan. Bu uslub esa, uning ta’sirchan nutq uslubiga mos
kelgan.
4. U har bir masala bilan tanishar ekan, uni taroflicha o‘rganib chiqishga alohida
e’tibor bergan. Shuning uchun ham u notiqlarga nasihat qilib, “ishni puxta o‘rgan,
so‘zning o‘zi keladi” deb aytadi.
Katon Rim notiqlik san’atining yorqin siymolaridan biri hisoblanadi.
Aka-uka Grakxlar (eramizdan oldingi II asrda yashab o‘tgan).
Aka – uka Grakxlar ham o‘z davrining kuchli notiqlari hisoblanishgan. Akasi
Tiberiy va ukasi Kay Grakxlarning notiqlik iste’dodi ularning g‘oyaviy-ijtimoiy
qarashlari zaminida ochildi va shuhrat qozondi. Ular Italiyada yer reformasi uchun
kurash olib bordilar. Ularning reformalari o‘sha davr uchun chindan ham katta
ahamiyatga ega edi. Grakxlarning maqsadi katta yerga ega bo‘lgan zamindor boylar
mulkini qisqartirib, kam yerli va yersiz fuqarolarga bo‘lib berishdan iborat bo‘lgan.
Busiz ham sinfiy kurash avj olib turgan bir paytda Grakxlar reformasi loyihasi
tufayli keskin munozara va kurash boshlanib ketadi. Ayni ana shu g‘oyaviy va
iqtisodiy kurash jarayonida aka-uka Grakxlarning notiqlik zakovati yorqin namoyon
bo‘ladi. Bu kurashda Grakxlar mag‘lubiyatga uchraydilar. Natijada avval akasi,
so‘ngra ukasi qatl etiladi.
Ular notiq sifatida g‘oyat ta’sirchan, faqat so‘z olovi bilan emas, balki his-
hayajon olovi bilan ham raqiblar uyiga o‘t qo‘yuvchi kuchli so‘z ustasi bo‘lganlar.
Jumladan, Tiberiy Grakx bir nutqida shunday deydi: “Italiyada izg‘ib yurgan
vahshiy yirtqichlarning ham tunash uchun g‘or va yaylovlari bor, Italiyani deb
kurashayotgan va qurbon bo‘layotgan kishilarda esa, nur bilan havodan boshqa hech
narsasi yo‘q... Soldatlar boshqa birovlarning ishrati va boyishi uchun jang qilyapti;
ularni “borliqning hokimi” deb aytishadi, aslida esa ularning bir qarichgina yeri ham
yo‘q”. Demak, Tiberiy ommaning baxtu saodati, ko‘p millionli Italiya xalqining
porloq istiqboli deb jonbozlik qilgan kuchli notiqlardan biridir.
Ukasi Kay Grakx ham siyosiy-g‘oyaviy jihatdan akasiga hamnafas notiq bo‘lgan.
Notiqlik mahorati nuqtai nazaridan qaraganda Kayning o‘ziga xos qirralari ko‘p
bo‘lgan. Kayning nutqlari emosional jo‘shqin bo‘lib, ritorik savollarga, xitoblarga
ham boy bo‘lgan. Jumladan, u akasi Tiberiy qatl etilgandan so‘ng so‘zlagan motam
nutqida bunday deydi: “Men baxti qaro, endi boshimni qayerga urishim kerak?
Kapitoliygami? Axir u yer akamning qoniga to‘lib yotibdi-ku! Uyimgami? Busiz
ham baxtsiz, haqoratlangan onamni birato‘la o‘ldirish uchunmi?” Shulardan eng
muhimi uning nutqda ovoz va ohang mutanosibligiga alohida e’tibor
berganligidadir. U nutq so‘zlashga tayyorlanib, mustaqil shug‘ullanayotgan
chog‘idayoq nutqining qay qismi qay tondan (notadan) boshlanishini oldindan
belgilab olgan. Shuning uchun ham u qayerda nutq so‘zlamasin, o‘zi bilan fleyta
chaluvchi xizmatkorini birga olib yurgan. Chunki, nutqning kerakli o‘rnida
xizmatkor muayyan notani chalib ton bergan va Kay ana shu tondan boshlab nutqini
davom ettirgan. Jahon tarixida, yirik notiqlar orasida o‘z nutqining tonal rangdorligi
haqida qayg‘urgan inson - bu Kay Grakx bo‘ladi.
Mark Antoniy (eramizdan oldingi 143-87-yillar)
Siseron o‘zining “Notiqlik haqida” asarida o‘zi bilan teng ko‘rgan Rim notiqlik
maktabining yirik namoyandasi, davlat arbobi bu Mark Antoniy hisoblanadi. U
davlat konsuli va keyinchalik syenzorlik martabalarida ishlab, asosan, xalq majlislari
va senatda so‘zlagan. Notiq sifatida u ko‘pincha avvaldan tayyorlanmasdan,
ekspromt – badiha tarzida nutq so‘zlagan. Antoniyning notiqlik san’ati haqidagi
qarashlari ham qiziqarli. Uning fikricha:”Nutqda tinglovchini o‘ziga qaratib
olishdan muhimroq narsa yo‘q, buning uchun esa tomoshabinni shu qadar
hayajonlantira olish kerakki, natijada u ko‘proq qalb hayajoni ta’sirida bo‘lsin”.
Albatta, bunday mahoratga ega bo‘lish uchun notiq g‘oyatda chiniqqan bo‘lishi
zarur. Antoniy esa notiq ahlidan ayni shunday shijoatni talab etgan.
Mark Antoniyning nutq kompozisiyasi oldiga qo‘ygan talablari ham mavjud:
“Mening nutq uslubim va uni talqin etish mahoratim uchta asosga tayanadi:
birinchisi – tinglovchilarni jalb etish, ikkinchisi – ularni to‘g‘ri yo‘naltirmoq,
uchinchisi – ularni qo‘zg‘atish - deydi Antoniy. Bu uch asosdan birichisi – nutqda
yumshoqlikni talab qiladi, ikkinchisi – o‘tkirlikni, uchinchisi qudratni”. Fikrlaridan
ko‘rinadiki, u o‘z oldiga aniq vazifalarni qo‘ygan va ularni mahorat bilan amlga
oshirishga intilgan. Shunday qilib, qadimda davlat ishlarini boshqarishda
qatnashishni xohlagan har bir kishi uchun chiroyli so‘zlash san’atini egallash
majburiy bir ehtiyojga aylangan. Shu ehtiyoj qonun doirasigacha borgan. Ular o‘z
mansablarining yuqori bo‘lishini istaganliklari uchun ham notiqlik san’ati sirlarini
o‘rgatadigan maxsus maktablarda ta’lim olganlar. Chiroyli nutq egasi bo‘lishga
harakat qilganlar. Chiroyli nutq egasigina yuqori lavozimlarni egallagan. Shuning
uchun ham ular doimo o‘z nutqini o‘stirish ustida ishlaganlar.
Savollar:
1.Notiqlik san’ati dastlab qayerda shakllangan?
2.Notiqlik san’at darajasiga ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lgan?
3.Notiqlik haqida ilk bor ma’lumot bergan asar qaysi?
4.Qadimgi yunon va rim notiqligi haqida nimalarni bilasiz?
5.Isokratning notiqlikka qo‘shgan hissasi nimalarda ko‘rinadi?
6. Suqrotning notiqlikka qo‘shgan hissasini bilasizmi?
7.Logograflar bilan sinegorlarning asosiy vazifasi nimalardan iborat bo‘lgan?
8. Demosfenning notiqlik san’ati tarixidagi o‘rni nimalarda ko‘rinadi?
9. Lisiyning notiqlikka qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot bering?
10.Siseronning notiqlikka doir asarlari?