GEOGRAFIK-EKOLOGIK EKSPERTIZA ASOSLARI
Reja:
1. Ekspertiza haqida tushuncha
2. Ekspertiza uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar
3. Ekspert xulosasining tayyorlanishi
4. O’zbekistonda geografik-ekologik ekspertiza o’tkazish
Ushbu mavzuda quyidagi mavzular bilan tanishasiz: ekspertiza, ekspertiza
muddatlari, ekspertiza xulosalari.
XX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran yirik korxonalarini qurish va boshqa
loyihali tadbirlar mutaxassislarning har tomonlama ko’rigidan o’tib, ularning
ruxsati bilangina amalga oshirila boshlandi. Bu jarayon umumiy ma’noda
ekspertiza deb ataladi. Mavzular bayonida ekspertiza tushunchasi, ularning turlari,
ekspert xulosalarini chiqarish va O’zbekiston hududida geografik-ekologik
ekspertiza o’tkazilishi bilan bog’liq masalalarni o’rganasiz.
1. Ekspertiza haqida tushuncha
Ekspertiza deb, yirik muhandislik inshootlarini qurish loyihalarining
mutaxassislar ko’rigidan o’tkazilishiga aytiladi.
“Ekspert” so’zi lotin tilida “tajribali” degan ma’noni bildiradi. Ekspert –
biror sohada ekspertiza o’tkazuvchi mutaxassisdir. Masalan, qurilish, geologiya,
qishloq xo’jaligi, suv xo’jaligi, atom energetikasi, mashinasozlik va h.k. sohalar
bo’yicha ekspertiza asosan loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-
muhitga ta’sirini baholash yuzasidan o’tkaziladi. Ekspertizalar geografik va
ekologik ekspertizaga bo’linadi.
Geografik ekspertiza deb, loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-
muhit talablariga mos kelish-kelmasligini aniqlashga aytiladi.
Ekologik ekspertiza deb, inson faoliyatining geografik muhit biologic
(o’simlil, hayvonot dunyosi va mikroorganizmlar) qismiga ta’sirini baholashga
aytiladi.
Geografik va ekologik ekspertiza bir-biriga barcha jihatdan yaqin va bir-
birini taqozo qilishini e’tiborga olib, geografik-ekologik ekspertiza deb ataladi.
Ekspertiza – ilmiy tekshirish, loyihalash boshqa tashkilotlar tomonidan
ishlab chiqilgan loyihalar va ishlanmalarni o’rganish hamda ularni amalga oshirish
maqsadga muvofiq ekanligini aniqlab, chuqur asoslangan xulosa berishdan
iboratdir. Ekspertiza jarayonida muhandislik inshootining atrof-muhitga, aholi
salomatligiga qanday ta’sir qilishi e’tiborga olinadi.
Ekspertiza turli darajalarda amalga oshiriladi. Davlat ekspertizasi, vazirlik
ekspertizasi, Davlat fan va texnika qo’mitasi ekspertizasi, ilmiy va jamoatchilik
ekspertizasi va boshqalar. Atrof-muhit bo’yicha ekspertiza O’zbekiston
Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo’mitasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu tashkilotda ekologik-geografik ekspertiza boshqarmasi mavjud.
Loyihalarning mazmuniga binoan mazkur yo’nalish bo’yicha yetakchi
mutaxassislar u bilan tanishib chiqib, o’z mulohazalarini bildiradilar. Masalan,
ma’lum bir foydali qazilma konini ishga tushirish loyihasi ekspertizasini geologlar,
tog’-kon sanoati mutaxassislari, iqtisodchilar, ekologlar va boshqa mutaxassislar
o’tkazishadi.
Ekspertiza bir necha usulda amalga oshiriladi: shaxsiy ekspertiza usuli,
jamoa ekspertizasi usuli, ekspertlar komissiyasi usuli.
Bitta ekspert xulosasiga asoslangan ma’lumotlar asosiy manba sifatida qabul
qilinadigan ekspertiza – shaxsiy ekspertiza usuli deb ataladi.
Jamoa ekspertiza usuli jamoaga kiradigan ekspertlarning mustaqil
xulosalari tahlili asosida umumlashgan ekspertiza xulosalarini ishlab chiqishga
asoslangan.
Ekspertlar komissiyasi usuli tegishli ekspertiza guruhlari tomonidan
ma’lum bir hudud yoki obyektning alohida jihatlari (qismlari) bo’yicha ishlab
chiqilgan ekspertiza xulosalarining yagona ekspertiza xulosasiga birlashtirilishiga
asoslanadi.
2. Ekspertiza uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar
Ekspertiza ma’lum bir ma’lumotlar jamlangan loyihalarning yahlili
natijasida amalga oshiriladi.
Ma’lum bir obyekt yoki muhandislik inshootining loyihasini o’tkazish uchun
ekspertga yoki ekspertlar guruhiga quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim:
1.
Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to’g’risidagi tabiiy
geografik ma’lumotlar. U quyidagilarni o’z ichiga oladi: obyekt yoki
muhandislik inshooti hududining geografik joylashishi; hududning
geologik tuzilishi, ya’ni mazkur joyda tarqalgan tog’ jinslari; hudud yer
yuzasining tuzilishi, asosiy relyef shakllarining joylashishi; yer osti suvlari,
ularning sathi va sho’rligi; yer usti suvlari (daryo, ko’l, botqoq), ularning
suv sarfi, me’yori, minerallashish darajasi, hududning iqlimi, hududda
tarqalgan asosiy tuproq turlari, ularning sho’rlanish darajasi; o’simlik
qoplami va ularning turlari, hayvonot dunyosi, asosiy landshaft turlari.
2.
Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to’g’risida iqtisodiy
geografik ma’lumotlar. Bu turdagi ma’lumotlar quyidagilarni oz’a ichiga
oladi: hududning iqtisodiy geografik joylashishi, ya’ni yirik transport
yo’llariga yaqin yoki uzoqligi; hudud aholisining soni, joylashishi;
hududning tabiiy resurslari va ulardan foydalanish darajasi; hududda
joylashgan sanoat korxonalari; hudud qishloq xo’jaligi, asosiy
dehqonchilik ekinlari, yaylovlar, hudud transporti, hududning yoqilg’i va
elektroenergiya hamda suv ta’minoti.
3.
Hudud to’grisidagi ekologik ma’lumotlar. U quyidagilarni o’z ichiga
oladi: hudud tabiiy muhitining ifloslanishiga ta’sir etadigan manbalar;
tabiiy manbalar (shamol, surilma, zilzila, sel, suv toshqinlari va h.k.),
sun’iy omillar (zavod, fabrika, kommunal xo’jalik korxonalari, qishloq
xo’jaligida qo’llaniladigan o’g’it, pestidsidlar va h.k.); atmosferaga
chiqariladigan chiqindilar; suvning ifloslanish darajasi; tuproq, o’simlik va
hayvonot dunyosining o’zgarishi; aholi salomatligi, keng tarqalgan
kasalliklar va ularning sabablari.
4.
Obyekt yoki inshoot to’g’risidagi ma’lumotlar. Bu ma’lumotlar
quyidagilarni o’z ichiga oladi: obyekt yoki inshootning maydoni,
balandligi, chuqurligi, qismlari, qurilish muddatlari, faoliyati, mahsuloti,
xomashyosi. Masalan, obyekt foydali qazilma koni bo’ladigan bo’lsa,
quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi: foydali qazilma turi, zaxirasi,
maydoni, chuqurligi, qazib olish usuli (ochiq yoki yopiq); chiqindilar
hajmi va ular egallaydigan maydon, yordamchi inshootlarning joylashishi,
shaxtaning yillik quvvati (mln t); shaxtaning ishlash muddati (50, 100 yil
va h.k.).
3. Ekspert xulosasining tayyorlanishi
Taqdim etilgan geografik, iqtisodiy geografik, ekologik va muhandislik
(inshoot yoki obyekt to’g’risida) ma’lumotlarning tahlili asosida ekspert xulosasi
tayyorlanadi.
Ekspert xulosasi quyidagi qismlarni o’z ichiga oladi:
1. Loyiha amalga oshirilganidan so’ng, ya’ni obyekt yoki korxona ishga
tushirilganidan keyin uning faoliyati davomida tabiiy muhitda qanday o’zgarishlar
sodir bo’lishiga baho beriladi.
Agar foydali qazilma koni ishga tushiriladigan bo’lsa, uning tabiatga ta’siri
quyidagi yo’nalishlarda baholanishi mumkin: a) kon ochiq usulda qazib olinadigan
bo’lsa, uning chuqurligi va maydoni, ishdan chiqadigan qishloq xo’jalik yerlari,
aholi manzilgohlari va ularni ko’chirish masalalari, tuproq, o’simlik qoplamining
o’zgarishi, ularni qayta tiklash muammosi; b) yer osyi suvlari sathining pasayishi
va uning atrofidagi landshaftlarning o’zgarishga ta’siri, yer osti va yer usti
suvlarining ifloslanishi, ularga qarshi kurash choralari, atmosferaning ifloslanishi,
tabiiy va tabiiy-texnogen jarayonlarning rivojlanishi hamda ularning oldini olish
choralarini ishlab chiqish, kon to’la qazib bo’linganidan so’ng undan foydalanish
va buzilgan yerlarni qayta tiklash (rekultivatsiya) masalalari; d) aholi salomatligi
va unga tabiiy muhit ifloslanishining ta’siri.