“Geografiya o‘qitish metodikasi” fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.
Reja
1. Geografiya o‘qitish metodikasi fanining predmeti, tadqiqot ob’ekti, maqsadi
va vazifalari.
2. Geografiya o‘qitish metodikasi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
3. Maktabda geografiya o‘qitishning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi
maqsadlari.
4. Maktab geografiyasining mazmuni
Tayanch iboralar
Didaktika, tadqiqot ob’ekti, tadqiqot metodlari, xususiy metodika, umumiy
metodika, ta’lim metodlari, ta’lim vositalari, o‘qitishning ta’limiy maqsadi,
o‘qitishning tarbiyaviy maqsadi, o‘qitishning rivojlantiruvchi maqsadi, maktab
geografiyasining mazmuni
1. Geografiya o‘qitish metodikasi fanining predmeti, tadqiqot
ob’ekti, maqsadi va vazifalari.
Jamiyat taraqqiyotini har tomonlama etuk o‘qituvchilarsiz tasavvur etish
qiyin. Malakali pedagog mutaxassislar tayyorlash esa ko‘p jihatdan ularning
metodik tayyorgarligiga bog‘liq. Ayniqsa, hozirgi murakkab axborotlarni,
geografik hodisa va sabab oqibatlarini, tabiiy va iqtisodiy geografiya
tushunchalarini o‘quvchilar ongiga yetkazish va shakllantirish nihoyatda murakkab
jarayon hisoblanadi. Maktab dasturi o‘quvchilarga faqat geografiyaga oid bilim
berish bilan cheklanmaydi, balki ularda zarur ko‘nikma va malaka hosil qilishni
ham o‘z zimmasiga oladi. Har bir o‘quvchi darsda olgan ko‘nikma va malakalar
asosida bilimlarni mustaqil egallashi zarur bo‘ladi.
Mamlakatimizda kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq umumiy o‘rta
ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘quvchilarning muntazam bilim olishi, ularda
bilim olish ehiyojini rivojlantirishni, o‘quvchilarda mehnat ko‘nikmalari, mustaqil
ijodiy fikrlash, kasb tanlashga va atrof muhitga ongli munosabatni hosil qilishni,
milliy va umumbashariy qadriyatlarini hurmat qilishni, o‘z vataniga, xalqiga
sadoqat, mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash vazifalari belgilandi.
Bu vazifalarni bajarishda geografiya ta’limi alohida salmoqga ega. Ayniqsa
tabiiy va iqtisodiy geografiya kurslarini o‘qitish borasida milliy dasturda qo‘yilgan
vazifalarni bajarish cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini tajribalar isbotlamoqda.
Bularning barchasi geografiya o‘qituvchisidan pedagogik faoliyatdagi yutuq
kamchiliklarini tahlil qila olishni, o‘z ish tajribasini tahlil qilib, umumlashtira
bilishni, boshqa o‘qituvchilarni tajribasini umumlashtirish va samarali ta’lim
shakllari va metodlardan o‘z ishida oqilona foydalanishni talab qiladi. Geografiya
ta’lim metodikasi pedagogika fanining tarkibiy qismidir. U maktabda geografiya
o‘qitishning maqsad va vazifalarini, umumiy geografik bilimlar mazmunini,
o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarashini shakllantirish g‘oyalarini ilgari suradi va ishlab
chiqadi.
Geografiya o‘qitish metodikasi pedagogika fanlari tizimiga kiradi.
Geografiya metodikasining asosini maktab geografiyasi, xususan tabiiy va
iqtisodiy geografiya hamda ular bilan uzviy aloqada bo‘lgan kartografiya,
geologiya, iqtisod, biologiya, aholishunoslik va boshqa ko‘plab fanlar tashkil
qiladi. Ta’lim tarbiyaning umumiy qonuniyatlarini didaktika tahlil qiladi.
Boshqacha qilib aytganda, didaktikaning mohiyati ta’lim-tarbiya jarayoni
hisoblanib, u aniq o‘quv fanlari uchun ta’lim va tarbiya jarayoni bilan
shug‘ullanmaydi.
Geografiya o‘qitish metodikasi ilmiy pedagogik fan bo‘lib, u o‘quvchilarga
geografiyadan puxta bilim berish, ularni har tomonlama etuk dunyoqarashga ega
bo‘lgan shaxs qilib tarbiyalash va o‘qitiladigan geografiya fanining maqsadini,
ta’lim vazifalarini, mazmunini, metodlarini hamda geografiya o‘qitishning eng
muhim vositalarini belgilab beradi. Bilish nazariyasi geografiya o‘qitish
metodikasining metodologik asosini tashkil qiladi. Geografiya o‘qitish metodikasi
tadqiq qiladigan metodologik va nazariy muammolarga chet ellarda va
O‘zbekistonda geografiya ta’limi, geografiya va uning alohida kurslari bo‘yicha
o‘qitish mazmuni, maqsadi va vazifalari, geografik bilimlarni egallashda ta’lim
bilan tarbiyaning birligi, o‘quvchilarda geografik bilim, ko‘nikma va malakalar
hamda dunyoqarashini shakllantirish, geografiya ta’limi jarayonining umumiy
qonuniyatlari kiradi.
Geografiya o‘qitish jarayonining tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:
- geografiya ta’limining maqsadi
- geografiya ta’limining mazmuni
- geografiya o‘qitish metodlari
- geografiya fanini o‘qitish va o‘rganishni tashkil etish (ta’lim shakllari)
- o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va bilish imkoniyatlari
- geografiya ta’limining natijalari va boshqalar.
Yuqoridagi tarkibiy qismlar o‘rtasida mustahkam aloqa mavjud. Masalan,
o‘rganiladigan mavzuning maqsadi, ta’lim-tarbiya vazifalari mazmuniga mos
keladigan ta’lim shakllari, o‘qitish usullari hamda vositalaridan maqsadga muvofiq
tarzda foydalana bilishni taqozo qiladi.
Geografiya ta’limi metodikasining nazariy metodologik masalalari ko‘pgina
metodist-geograf olimlar A.E.Bibik, A.V.Darinskiy, G.P.Gerasimova,
M.K.Kovalevskaya,
I.S.Matrusov,
L.M.Pancheshnikova,
M.V.Rijakov,
O.A.Mo‘minov, X.X.Xasanov, P.G.Musaev va boshqalar asarlarida o‘z ifodasini
topgan. Geografiya ta’limi metodikasi fani umumiy metodika, metodikaning
nazariy masalalari, tabiiy va iqtisodiy geografiyani o‘qitish metodikasi kabi
qismlardan iborat. O‘z navbatida ularning har biri xususiy metodikalar (maktab
geografiya kurslarini alohida-alohida o‘rganish metodikalarini) o‘z ichiga oladi.
Umumiy metodika maktab geografiyasi kurslari uchun o‘qitish
qonuniyatlarini ya’ni o‘qitishning umumiy mazmuni va maqsadini tashkil
etilishini, ta’lim metodlari, ta’lim vositalari, sinfdan tashqari ishlar va boshqalarni
o‘rganadi. A.V.Darinskiy umumiy metodikani geografiya didaktikasi deb aytgan
edi. Xususiy metodika maktab geografiya kurslarining maqsadi, mazmuni, tarkibi,
geografik bilim, ko‘nikma malakalar shakllantirish, har bir kurs bo‘yicha
o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etish va kabilar bilan shug‘ullanadi.
Geografiya ta’limi metodikasi - maktab geografiyasining ta’limiy va
tarbiyaviy maqsadlari, geografiya ta’limining mazmuni, geografiya o‘qitishning
shakl va usullari, ta’lim jarayonida geografiya o‘qitish vositalari (dasturlar,
darsliklar, atlas haritalar, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun ilmiy metodik
qo‘llanmalar va boshqalarni yaratish), o‘quvchilarning o‘quv materiallarini
o‘zlashtirishlari, ta’lim jarayonida o‘quvchilar fikrlashining rivojlanishi va
boshqalar bilan bog‘liq vazifalarni hal qiladi. Rus pedagog-geografi
A.Pancheщnikova ta’biri bilan aytganda, geografiya ta’limi metodikasi fani
quyidagi muammolarni, ya’ni o‘qitish maqsadi «geografiyani nima uchun
o‘qitamiz?» geografiya ta’limi mazmunini (nimani o‘qitamiz?), geografiya
ta’limi vositalarini (nimalar yordamida o‘qitamiz?) o‘qitishning shakl va
usullarini (qanday o‘qitamiz?) tadqiq qiladi.
Geografiya o‘qitish metodikasi fanining vazifalari:
- maktab geografiya kurslarining sinflar bo‘yicha maqsadi, mazmuni va
ahamiyatini belgilash va mazmunini takomillashtirish, o‘quvchilarning yosh
xususiyatlarini hisobga olgan holda geografiya fanidagi asosiy g‘oya, fakt
tushuncha va qonuniyatlarni ajratib olish;
- o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda tanlab olingan
bilmlarni o‘zlashtirishga imkon beradigan ta’lim usullarni aniqlash;
- geografiyaga oid ma’lumotlar asosida o‘quvchilarda voqea va hodisalarga
nisbatan dunyoqarash shakllantirish ularni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik
ruhida tarbiyalash yo‘llarini ko‘rsatib berish;
- o‘quvchilarga amaliy ko‘nikma va malakalarni singdirish imkoniyatlarini
aniqlash;
- ta’lim jarayonida o‘quvchilar faolligini oshiradigan va bilimlarini mustaqil
egallashga yordam beradigan samarali metodlarni aniqlash;
- geografiya darslarida o‘quvchilarga mehnat, kasb, ekologik, iqtisodiy,
ahloqiy, estetik, milliylik tarbiya berish vazifalarini ochib berish;
- ta’limni tashkil etishning zamonaviy shakllarini, ularning samaradorligini
ishlab chiqish va takomillashtirish;
- sinalgan o‘qitish metodlarini takomillashtirish;
- geografiya darslarida pedagogik texnologiya elementlarini qo‘llashni
takomillashtirish;
- kurslar bo‘yicha o‘quvchilarning yoshiga mos keladigan o‘quv qurollariga
bo‘lgan talablarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish metodikasini yaratish;
- o‘quvchilarni o‘lkashunoslik va sinfdan tashqari ishlarini mazmuni turlari
va metodikasi bilan tanishtirish;
- geografiyaga oid ilmiy - ommabop adabiyotlarni yaratish;
Demak yuqoridagilardan xulosa qilib geografiya o‘qitish metodikasi vazifalarini 3
ta guruhga ajratish mumkin:
1. Geografiya metodikasi o‘quvchiga geografiyadan qanday bilimlar berishi
zarurligi va har bir kursda beriladigan bilim, ko‘nikma malakalarini shakllantirish
yo‘llarini aniqlashi;
2. Ta’lim jarayonini uyushtirish va tashkil etish shakllarini aniqlashni va har bir
shaklga mos keladigan metod, o‘quv jihozlari, sinfdan tashqari ishlar va boshqlarni
belgilashi;
3. O‘quvchilarning o‘quv materiallarini o‘zlashtirish, jarayonida ularning
tarbiyalanishi, ta’lim jarayonida fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishi kabilardan
iborat bo‘ladi.
2. Geografiya o‘qitish metodikasi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
Geografiya ta’limi metodikasi geografiya fani bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u
geografiya metodikasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Geografiya fanlari bilan
aloqadorlik, maktab geografiyasi mazmunini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
Maktab geografiyasi mazmuni uzluksiz takomillashib borishi tufayli keyingi
yillarda maktab geografiya kurslarida tabiiy, hududiy ishlab chiqarish
komplekslari, bozor iqtisodi kabi tushunchalarning kiritilishi, tabiiy sharoit va
resurslardan oqilona foydalanish zaruriyatini tug‘dirdi. O‘quvchilarning TTK
(TXM) va bozor iqtisodiga oid tushunchalar haqida puxta bilimga ega bo‘lishi
ularga ekologik, iqtisodiy tarbiya elementlarini singdirish imkoniyatlarini ham
vujudga keltiradi. Demak geografiya o‘qitish metodikasi ekologiya kartografiya,
geologiya, iqtisod, fizika, biologiya va boshqa fanlar bilan mustahkam aloqaga ega.
Hozirgi kunda eng muhim muammolaridan biri geografiya darslarida jamiyat
bilan tabiat, inson bilan tabiat o‘rtasidagi murakkab aloqadorlikni o‘rganish
masalasi hisoblanadi. Shu tufayli ham maktab geografiya kurslariga geografik
bilimlardan tashqari ekologik va iqtisodiy tushunchalar ham kiritila boshlandi.
Geografiyaga yaqin bo‘lgan fanlar o‘qitish metodlari va vositalarini tanlashga ham
o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Buni geografiya ta’limiga kartografik,
statistik, kuzatish, taqqoslash metodlarining kiritilish va ishlatilishidan bilsa ham
bo‘ladi. Chunonchi maktab geografiyasi kurslarini kartasiz, ko‘rgazmali
qurollarsiz, texnika vositalarisiz va zamonaviy kompyuterlarsiz tasavvur qilib
bo‘lmaydi.
Geografiya o‘qitish metodikasi geografiya fanining ba’zi bir tekshirish
metodlaridan foydalanar ekan, o‘quvchilarning bilimlarini yaxshiroq
o‘zlashtirishini va ularni geografiya fanining ba’zi tadqiqot usullari bilan
tanishtirishni ko‘zda to‘tadi. Geografiya o‘qitish metodikasi pedagogika fani
tarmoqlariga kiruvchi didaktika, psixologiya fanlari bilan ham chambarchas
bog‘liq. Geografiya metodikasi didaktikaning asosiy koidalarini geografiya o‘qitish
jarayoniga tadbiq etishda uning mazmuniga xos xususiyatlarni ham e’tiborga oladi.
Didaktika geografiya o‘qitish jarayonining tarkibiy qismlari o‘rtasidagi qonuniyat
va munosabatlarni oydinlashtiradi va shu asosida o‘qitishning maqsadi, mazmuni,
usullari hamda o‘qitish jarayonini jihozlashga doir talablarni belgilab beradi.
Demak, didaktika barcha fanlar uchun ta’limning umumiy qonuniyatlari va
nazariyalarini yaratsa, metodika didaktikaning fanlarni o‘qitish haqidagi umumiy
nazariyasini ma’lum bir o‘quv fani, ya’ni geografiyani o‘qitish jarayoniga tadbiq
etish bilan uni yanada aniqlashtiradi va to‘ldiradi. SHunga asosan, didaktika va
geografiya o‘qitish metodikasi fanlari bir-birlarini to‘ldirib turadi deyishga to‘la
asos bor.
Geografiya o‘qitishda o‘quvchilarning yoshi, bilimi, fikrlash qobiliyati va
umuman ruhiy faoliyatini e’tiborga olmasdan turib, ularning o‘quv faoliyatiga
samarali ta’sir yetib bo‘lmaydi. Shu tufayli geografiya metodikasi psixologiya fani
bilan ham uzviy bog‘liqdir. Psixologiya fanining hozirgi bosqichdagi taraqqiyoti
maktabda fanlarni o‘qitish jarayonini ilmiy asosda har tomonlama chuqur tadqiq
etish va uni o‘qitishni yanada takomillashtirish uchun zarur imkoniyatlarni yaratib
beradi. Geografiya o‘qitish metodikasi ham geografiya o‘qitish jarayonini
o‘rganishda psixologiya faniga tayanadi.
Psixologiya o‘quvchilardagi ruhiy faoliyatning umumiy qonuniyatlarini
o‘rgansa, metodika esa, o‘quvchilarning ruhiy faoliyatini ularning geografiya
ob’ekti va hodisalarini o‘zlashtirishlari bilan bog‘liq bo‘lgan tomonlarnigina tadqiq
qiladi. Metodika bilan psixologiyaning eng muhim bog‘liqlik tomoni shundaki,
bunda geografiya o‘qitishning mazmuni va metodlari bilan ruhiy faoliyat orqali
erishiladigan natijalar o‘rtasidagi qonuniyatli bog‘lanishlar tadqiq qilinadi.
Turli geografik ob’ektlarning kartadagi joylashishini fazoviy tasavvurlarsiz
egallab bo‘lmaydi. Bunda albatta psixologiya fani bilimlariga tayaniladi. Demak,
geografiya ta’limi metodikasi o‘qitishda yaxshi natijalarga erishish uchun
o‘quvchilarning geografiya materialini puxta o‘zlashtirishi bilan o‘quvchilarning
ruhiy faoliyati o‘rtasidagi qonuniyatli bog‘lanishlarni ham o‘rganadi, o‘quvchilarga
ta’lim-tarbiya berishda psixologiya faniga tayanadi va psixologik tekshirish
metodlaridan ham foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. SHunday qilib
geografiya o‘qitish metodikasi pedagogika fanining mustaqil tarmog‘i bo‘lib, u
o‘zining mustaqil tekshirish predmetiga ega bo‘lib, boshqa fanlarga tayangan holda
mazmunan boyib, takomillashib boradi.
2.
Maktabda geografiya o‘qitishning ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi
maqsadlari.
O‘qitish maqsadlarini aniqlash didaktika va geografiya o‘qitish
metodikasining eng muhim muammosidir. O‘qitish maqsadi geografiya nima
uchun o‘qitiladi, degan savol bilan chambarchas bog‘liq. O‘qitish maqsadi maktab
geografiyasining mazmunini, tuzilishini, o‘qitish usullari va yo‘nalishini
belgilashda katta ahamiyatga ega. Barcha fanlar uchun o‘qitish maqsadlarini
aniqlashda avvalo didaktik tadqiqotlar amalga oshiriladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi,
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va boshqa qonunlarda o‘qitish maqsadini aniq
belgilashga katta e’tibor berilgan.O‘qitish maqsadini aniqlashda milliy qadriyatlar
va jamiyatning o‘ziga xos xususiyatlari, qiziqishi albatta e’tiborga olinadi, ya’ni
o‘quvchilar o‘zi yashayotgan jamiyat uchun kurashadigan va qayg‘uradigan
bo‘lishi zarur. Shu tufayli umumgeografik ta’limga o‘quvchilar tarbiyasi va
rivojlanishiga ta’sir qilishi nuqtai nazardan qarash kerak. Hozirgi zamon ishlab
chiqarish tarmoqlari yirik sanoat, transport, agrosanoat komplekslari tarmoqlaridan
iborat, ular tabiat kompleksi va uning komponentlariga keskin ta’sir qilib
qolmasdan, balki atrof muhitning ifloslanishiga, tabiatdagi ekologik aloqalarning
buzilishiga olib keladi. Ayniqsa hozirgi kunda Orol inqirozi davom etayotgan bir
vaqtda tabiat va uning boyliklariga oqilona yondashish muammolari ko‘ndalang
bo‘lib qoldi.
Tabiiy va iqtisodiy geografiyaning asosiy vazifasi jamiyat bilan tabiat
o‘rtasidagi murakkab aloqadorlikni ochib berishdan iborat. Bu aloqadorlikni
chuqur tahlillar o‘tkazmasdan amalga oshirish mumkin emas. Bunda quyidagilarni
e’tiborga olish kerak: a) jamiyat ishlab chiqarishi faoliyatining atrof muhitga
ta’sirini o‘rganish va bu o‘rganishlar oqibatlarini oldindan aytish, uni ilmiy
jihatdan asoslash; b) tabiiy resurslarni izlash, ularga iqtisodiy jihatdan baho berish
va samarali foydalanish; v) tabiiy resurslar bilan atrof muhitni qo‘riqlash
o‘rtasidagi aloqadorlikni ochish; g) hozirgi zamon ilmiy texnika inkilobiga tayanib,
inson yashashi uchun qulay bo‘lgan muhitni qo‘riqlash yo‘llarini tadqiq etish.
Iqtisodiy geografiya ishlab chiqarishning geografik joylashishini o‘rganadi.
Bunda ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlarini birgalikda
tadqiq qilinadi. Uning tadqiqot predmetiga sanoat, qishloq xo‘jaligi va transportni
ijtimoiy, tabiiy, iqtisodiy omillarni e’tiborga olgan holda joylashtirishning qonuni
va koidlarini o‘rganish kiradi. Bularning barchasi ishlab chiqarishni hududiy
joylashishi, mehnat manbalari, tabiiy sharoit va boyliklarni birgalikda o‘rganishni
takoza qiladi, iqtisodiy geografiya ijtimoiy masalalar bilan ham chambarchas
bog‘liq. Iqtisodiy geografiya iqtisodiy rayonlashtirish, iqtisodiy rayon, HICHMlar,
iqtisodiy geografik o‘rin, ishlab chiqarishni joylashtirishning umumiy masalalari,
aholi joylashishi va boshqa masalalarni ham tadqiq qiladi. Ayniqsa "Inson va atrof
muhit" muammosining jamiyat oldida ko‘ndalang bo‘lib turishi, iqtisodiy
geografiya oldiga talay vaziflarni qo‘yadi. Har bir geografiya o‘qituvchisi
geografiya ta’limi va uning alohida kurslari maqsadlarini bilishi shart. Agar
o‘qituvchi o‘qitiladigan fan maqsadini bilmasa, yirik mavzular va alohida
darsliklarning maqsadini umuman to‘g‘ri aniqlay olmaydi. Geografiya fani deyarli
barcha sinflarda o‘qitilganligi tufayli uning maqsadi ham ko‘p qirralidir.
Geografiya ta’limi maqsadlarini uch guruhga ajratish mumkin:
1. Geografiya o‘qitishning ta’limiy maqsadlari:
- o‘quvchilarga tabiiy, iqtisodiy, kartografik va boshqa geografiya fanlarining
asoslarini o‘rgatish. Zero, tabiatni qo‘riqlash va undan oqilona foydalanishning
tabiiy-ilmiy va texnik-iqtisodiy tomonlarining ochilishi, bu jamiyat hayoti va ishlab
chiqarishni rivojlantirish uchun imkon yaratsin;
- o‘quvchilarni iqtisodiy, ekologik ta’lim bilan qurollantirish;
-o‘quvchilarni tabiiy geografik va iqtisodiy geografik ob’ekt va hodisalarni
o‘rganish usullari bilan qurollantirish;
-o‘quvchilarda geografik madaniyatni shakllantirish;
-o‘quvchilarni kartalar, ma’lumotnomalar bilan ishlay olishga, kundalik
matbuot materiallarini o‘qishda geografik bilimlarni qo‘llay olishga o‘rgatish;
-o‘quvchilarni geografiya va unga aloqador bo‘lgan fanlar sohasida o‘z
bilimlarini oshirish qobiliyatlari shakllantirish;
-o‘z respublikasining tabiiy va Iqtisodiy geografiyasiga oid bo‘lgan bilimlarni
chuqur bilish va boshqalar.
2. Geografiya o‘qitishning tarbiyaviy maqsadlar:
-o‘quvchilarda tabiatga, xo‘jalikka, tabiat bilan xo‘jalik o‘rtasidagi aloqalarga
nisbatan to‘g‘ri ilmiy dunyoqarashni shakllantirish;
-o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy g‘urur xislatlarni shakllantirish;
-o‘quvchilarga turli mamlakatlarning xo‘jalik yuritish usullari, tabiat
boyliklaridan unumli foydalanishi, aholini ish bilan ta’minlash kabi masalalar
mohiyatini ochib berish;
-zamonaviy fan va texnika taraqqiyoti davrida o‘quvchilarning mehnat
tarbiyasi, kasb tanlashi, umuman hayotda o‘z o‘rnini topishishiga ko‘maklashish.
-o‘quvchilarda o‘z mamlakati iqtisodiyoti yutuqlari bilan g‘ururlanish, o‘zi
yashab turgan jamiyatning haqiqiy egasi deb xis qilishi kabi xislatlarni
shakllantirish.
3. O‘quvchilarning bilish faoliyatlarini rivojlantirish maqsalari.
-o‘quvchilarda kuzatuvchanlik, fikrlash, esda saqlab qolish, nutq kabi
xislatlarni shakllantirish va rivojlantirish;
-o‘quvchilarni kuchi etadigan darajada geografik muammolarni echishga
o‘rgatish;
-geografik narsa va hodisalarga nisbatan atroflicha yondashish,o‘z fikr va
mulohazalarini bevosita kartaga bog‘lay olish qobiliyatlarin rivojlantirishga
ko‘maklashish.
Ta’lim maqsadi geografiya fani mazmuni bilan chambarchas bog‘liq.
Demak, ta’lim maqsadini yuqori pogonaga kutarish uchun, geografiya ta’limi ilmiy