Gidrokimyo kursining boshlang‘ich nazariy asoslari
Gidrokimyo fanining maqsadi, vazifalari, rivojlanish tarixi
Ushbu mavzuda “Gidrokimyo asoslari” kursining tadqiqot ob’ekti va
predmeti, maqsadi, vazifalari, xalq xo‘jaligidagi ahamiyati, fanning shakllanish va
rivojlanish tarixi hamda uning hozirgi kundagi asosiy yo‘nalishlari bayon etiladi.
SHuningdek mavzuda, mustaqil respublikamiz xalq xo‘jaligi tarmoqlarini barqaror
rivojlantirishda gidrokimyoning ahamiyati ko‘rsatib beriladi.
Reja:
1. Gidrokimyo fani, tadqiqot ob’ekti va predmeti;
2. Fanning maqsadi, vazifalari, bo‘linishi, boshqa tabiiy fanlar bilan
aloqalari;
3. Qisqacha rivojlanish tarixi, rivojlanish bosqichlari;
4. Fanning hozirgi kundagi asosiy yo‘nalishlari;
5. Gidrokimyoning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati.
YUqorida qayd etilganidek, gidrokimyo - tabiiy suvlarning kimyoviy
tarkibini hamda uning makon va zamonda kimyoviy, fizik va biologik jarayonlarga
bog‘liq holda o‘zgarishini o‘rganadigan fandir.
Hozirgi kunda gidrokimyoning tadqiqot ob’ekti gidrosferadir. Ma’lumki,
gidrosfera Er sayyorasining suv qobig‘i bo‘lib, uning tashkil etuvchilariga
okeanlar, dengizlar, ko‘llar, daryolar, atmosfera yog‘inlari, qor qoplami, muzliklar,
suv omborlari, er osti suvlari kabi turli xil agregat (qattiq, suyuq, gaz) holatdagi
tabiiy va sun’iy suv havzalari kiradi.
Gidrosfera va uning tashkil etuvchilari, jumladan, dunyo okeani va
dengizlar, ko‘llar, daryolar, atmosfera yog‘inlari, qor qoplami, muzliklar, suv
omborlari, er osti suvlari va boshqa suv havzalarida kechadigan gidrokimyoviy
jarayonlar qonuniyatlarini o‘rganish gidrokimyoning
tadqiqot predmeti
hisoblanadi.
Gidrokimyo fanini o‘qitishdan maqsad o‘quvchilarga sayyoramizning suv
qobig‘i-gidrosfera va uning tashkil etuvchilarida kechadigan gidrokimyoviy
jarayonlarni, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hamda har bir tashkil etuvchining
atrof tabiiy muhit bilan o‘zaro ta’sirlari natijasida ro‘y beradigan gidrologik va
gidrokimyoviy hodisalarning mohiyatini, shuningdek, tabiiy suvlar kimyoviy
tarkibining shakllanish qonuniyatlarini o‘rgatishdan iborat.
Fanning namunaviy dasturida bayon etilganidek, gidrokimyoning asosiy
vazifalari quyidagilardan iborat:
1) o‘quvchilarga gidrokimyo asoslaridan, ya’ni suvning eritma sifatidagi
tarkibi, tuzilishi va xossalari, tabiiy suvlarning kimyoviy tarkibi, ularning tasniflari
haqida nazariy bilimlar berish;
2) o‘quvchilarda umumiy va regional gidrokimyo, jumladan, atmosfera
yog‘inlari, daryolar, ko‘llar va suv omborlari gidrokimyosi, er osti suvlari
kimyoviy tarkibining o‘ziga xos xususiyatlari, gidrokimyoviy zonallik haqida
tasavvur hosil qilish;
3) o‘quvchilarga amaliy gidrokimyo sohasida tabiiy suvlarni kimyoviy tahlil
qilish usullari, suvning sifatini turli maqsadlar uchun baholash, suv ob’ektlarida
gidrokimyoviy tadqiqotlar olib borish, gidrokimyoviy kuzatish ma’lumotlarini
umumlashtirish, suv ob’ektlarini muhofaza qilish haqida nazariy bilimlar berish
hamda ularda ushbu bilimlardan amalda foydalana olish bo‘yicha ko‘nikmalar,
malaka va tajriba hosil qilishdir.
“Gidrokimyo asoslari” fanini o‘rganishda o‘quvchilar ta’limning dastlabki
bosqichlarida o‘qitiladigan kimyo, fizika, matematika fanlari bilan bir qatorda
ekologiya va atrof muhit muhofazasi, gidrometriya, gidrologiya asoslari, gidrologik
hisoblashlar, gidrologik prognozlar kabi fanlaridan egallagan bilimlariga
tayanadilar.
“Gidrokimyo” fan sifatida o‘tgan XX asrning o‘rtalarida e’tirof etildi. Lekin,
uning ildizlari juda qadimga borib taqaladi. Masalan, qadimgi grek olimi, yangi
eradan oldingi 624-543 yillarda yashab o‘tgan Fales Miletskiyning fikricha, hamma
narsalar suvdan kelib chiqqan va yana suvga qaytadi. Suvning uch agregat holatda,
ya’ni qattiq, suyuq va gazsimon ko‘rinishlarda bo‘lishi ham dastlab shu olim
tomonidan qayd etilgan. YAna bir grek olimi Platon (yangi eradan oldingi 427-347
yillar) esa suvning to‘rt asosiy unsur - olov, havo, suv, erdan biri sifatida
o‘rgangan. Uning tabiatda suvning ahamiyatiga oid g‘oyalari keyinchalik shogirdi
Aristotel (yangi eradan oldingi 384-322 yillar) tomonidan rivojlantirilgan.
Aristotelning ta’kidlashicha, suv minerallar tarkibiga kiradi, ammo minerallarning
asosiy elementi olov hisoblanadi.
Qadimgi rimliklar va greklarning, aniqrog‘i Aristotelning naturfalsafasi
sharq olimlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Masalan, Abu Ali ibn Sino “Tabobat
ilmi” kitobida “Suv o‘z tabiiy xususiyati va er kuchiga bog‘liq holda erga singishi
yoki, aksincha, erning tabiiy xususiyatlari va suv kuchlari ta’sirida erdan sizib
chiqishi mumkin”.
Ma’lumki, necha ming yillar davomida na Evropada, na Osiyoda
gidrosferada sodir bo‘layotgan tabiiy jarayonlarni aniq tushuntirib beruvchi ilmiy
ishlar bo‘lmagan. Faqat A.Lavuaze (1743-1794 yillar) shisha idishda suvni
qaynatish jarayoni ustida tajriba o‘tkazib, suv aksariyat qattiq jinslarni hosil
qiluvchi modda ekanligini isbotlab berdi. U suvning kimyoviy tarkibini aniqlash
masalasiga ham katta hissa qo‘shdi.
Tabiiy suvlarni chuqur o‘rganish masalasi rus olimi M.V.Lomonosov
tadqiqotlari bilan chambarchas bog‘likdir. SHuning uchun ham uni birinchi rus
geoximigi va gidroximigi deb hisoblaydilar.
O‘tgan XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida, dunyo miqyosida,
sanoat ishlab chiqarishi va texnikaning rivojlanishi natijasida turli xil texnologik
jarayonlarda foydalaniladigan suvlarning kimyoviy tarkibini o‘rganish va
baholashga juda katta ehtiyoj sezila boshladi. SHu davrlardan boshlab
gidrokimyoga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, 1882 yilda Rossiya geologiya
qo‘mitasi tasdiqlanib, u artezian havzalardagi er osti suvlarini o‘rganish bo‘yicha
gidrogeologik tadqiqotlarini tashkil etdi. Ushbu tadqiqotlarda birinchi marta er usti
va er osti suvlarining kimyoviy tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar to‘plandi.
SHu yillarda tabiiy suv va uning eritmalari haqidagi bilimlarning yanada
rivojlanishiga D.I.Mendeleev, A.M.Butlerov, N.S.Kurnakov, V.I.Vernadskiy va
boshqalarning dunyo miqyosida tan olingan kimyo maktablari juda katta hissa