ANESTEZIOLOGIYA. NARKOZ VA UNI XIRURGIYA AMALIYOTIDA
QO‘LLASH.
MA’RUZA REJASI:
1. Hayvonlarni operatsiya qilishda og‘riqsizlantirishning ahamiyati. Og‘riq
va uni hayvon organizmiga ta’siri.
2. Narkoz (umumiy og‘riqsizlantirish) tushunchasini aniqlash. Narkozni
qo‘llashga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalar.
3. Premidikatsiya - umumiy og‘riqsizlantirishga farmakologik tayyorlash.
4. Narkozning tasniflanishi va narkotik moddalarni yuborish usullari.
5. Har xil turdagi hayvonlar narkozi.
Tayanch iboralar: Anesteziologiya, anesteziya, analgeziya, og‘riq, narkoz,
neyroleptanalgeziya, narkoz asoratlari.
Anesteziologiya – an–inkor etish, aestesis-sezgi, logos-fan og‘riqsizlantirish
to‘g‘risidagi fandir.
I. Og‘riq – bu hujayra va to‘qimalarni yemiruvchi o‘ta kuchli ta’sirlarga
qarshi organizmda javoban ro‘y beradigan o‘ziga xos fiziologik jarayon,
organizmni himoya qilish reaksiyasidir. Og‘riqni sezish xavf-xatardan saqlanish
choralarini ko‘rish va uni bartaraf qilish uchun yordam beradi. Og‘riq butun
organizm yoki organlar funksiyasining buzilganligi haqida, kasallik to‘g‘risida
ogohlantiradi. «Og‘riq – sog‘liqning qo‘riqchi iti» der edilar qadimgi yunonda.
Og‘rituvchi ta’sirotga javoban organizmda bir qancha o‘zgarishlar (vegetativ
reaksiyalar) ro‘y beradi: qon tomirlar torayadi, qon bosimi ko‘tariladi, qonning
ivish xossasi oshadi, qondagi qand miqdori kuchayadi, nafas olish tezlashadi va
maromi buziladi. Oshqozon-ichak trakti bezlarining shira ishlab chiqarishi
tormozlanadi. Og‘rituvchi ta’sirotni sezadigan reseptorlar aniqlangan, ular orqali
og‘riq, talamus, gipotalamus va retikulyar formasiyasiga beriladi. Bu yerda
og‘riqqa javob berish xodisasi yuzaga keladi va organizmni zararli ta’sirotlardan
saqlovchi vositalar birinchi marta safarbar qilinadi.
Miya yarim sharining qobig‘i va qobiq osti aloqa yo‘llari orqali impulslar
miya qobig‘iga beriladi, bu yerda og‘riq sezgisining sifati va unga javob berish
xodisasining ancha mukammal mexanizmlari shakllanadi. Og‘riqqa javob berishda
turli fiziologik xodisalarni keltirib chiqaradigan nerv sistemasining vegetativ
bo‘limi ishtirok etadi. Simpato-adrenal sistema kuchayib gistomin va asetilxolin
moddalari ko‘p miqdorda yig‘iladi. Bular hammasi og‘riq ta’sirini kuchaytiradi va
saqlab turadi. Og‘riq haddan tashqari kuchli bo‘lsa, shok ro‘y berishi mumkin.
Og‘riq uzoqt vaqt ta’sir qilganda, hayvonlarning mahsuldorligini keskin
pasaytiradi; sigirlarda sutning kamayishi, boqiladigan mollarni tirik vaznining
sezilarli pasayishiga olib keladi. Kuchli og‘riq qo‘zg‘atuvchi kasalliklar
hayvonlarga katta zarar va vet.vrachlarga tashvish keltiradi. Shuning uchun
og‘riqni yo‘qotish yoki kamaytirish usullarini axtarib topmoq zarur.
Xirurgik operasiyalarda og‘riqsizlantirishni qo‘llash katta ahamiyat kasb
etadi.
Og‘riqni bartaraf qilish operasiya bajarish shart-sharoitlarini keskin
o‘zgartiradi: hayvonlarni tinchlantirib, harakatsizlantirib qo‘yadi, bu bilan
operasiyani olib borilishi uchun yaxshi sharoit yaratadi, xirurg esa to‘qimalarda
tinch va yaxshi ish olib borishi mumkin.
Og‘riqni yo‘qotish yoki pasaytirish uchun hozirgi vaqtda
og‘riqsizlantirishning 2 ta asosiy usuli qo‘llaniladi: narkoz va mahalliy anesteziya.
Bundan tashqari og‘riqsizlantirishning yana bir turi bor, u neyroleptanalgeziya
deyiladi. Bu bedorlik ham, uyqu ham, narkoz ham bo‘lmagan alohida bir holat
bo‘lib, es-xushi saqlangan, lekin quyi og‘riq sezgisini yo‘qolishi va atrofdagi
bo‘layotgan hodisalarga befarqlik paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
Neyroleptanalgeziya usuli, neyroleptik va analgetik moddalarni birgalikda ishlatish
bilan ifodalanadi, bunda og‘riq sezuvchanlik va harakat yo‘qoladi. Shuning uchun
uni hayvonlar organizmini narkozga tayyorlash uchun qo‘llash mumkin. Bunda:
a) narkozni yuborilishi va kechish osonlashadi;
b) narkotik moddalarni salbiy ta’siri yo‘qoladi;
v) xavfli vegetativ reflekslar kamayadi yoki yo‘qoladi.
Neyroleptanalgeziya (premidikasiya) o‘tkazish uchun quyidagi farmakologik
moddalardan foydalanish mumkin:
1. Sedativ moddalar – aminazin, kombilen.
2. Vagolitik moddalar – atropin sulfat.
3. Analgetik moddalar – morfin.
4. Uxlatuvchi moddalar – barbituratlar.
5. Miorelaksantlar – rampun, rometar.
6. Antigistamin moddalar – dimedrol.
Premidikasiya - bu hayvonni narkozga farmakologik tayyorlash.
II. Og‘riqsizlantirish tarixi.
Og‘riqsizlantiruvchi vositalar haqidagi
dastlabki ma’lumotlar Misr qo‘lyozmalarida keltirilgan. Ma’lumotlarga qaraganda
350 yilda Aspirt, Pelagoniy otlarni og‘riqsizlantirish uchun sikuta, hind nashasi,
afyun qo‘llaganlar.
X asrda (980g‘1097) yashagan Abu Ali Ibn Sino og‘riqsizlantirish uchun
operasiya vaqtida sovuq ta’siridan foydalangan.
Ruini 1550 yilda birinchi marta otlarda narkoz o‘tkazish texnikasini va
miqdorlri to‘g‘risida to‘lig‘icha ma’lumot bergan.
XVII asrning o‘rtalarida Uren (1657) va (1667) hayvonlarning vena qon
tomirlariga afyunni inyeksiya qilishgan.
X. Devi 1799 yilda azot (I)-oksidini tadbiq etdi. 1844 yilda tish vrachi
G.Uels anesteziyalovchi modda sifatida taklif etdi. 1846 yilda Morton shu
maqsadda efir ishlatib ko‘rdi. Efir narkozi bilan birinchi marta jag‘ osti o‘smasini
olib tashlash operasiyasini Uorren 1846 yil 16 oktyabrda bajardi. Shu vaqtda Dj.
Simpson xloroformni og‘riqsizlantirish xususiyatini aniqladi. Bule esa 1847 yilda
uni itda va otlarda qo‘lladi. 1832 yilda Libig xloralgidratni kashf etdi. Voronsov
esa uni otlarda narkoz o‘tkazish uchun qo‘lladi. Niman 1860 yitlda Braziliyada
o‘sadigan kola butasi bargidan kokoin alkoloidini ajratib olishga erishdi. 1905
yilda Eyngorn - novokainni kashf etdi, bu esa maxalliy og‘riqsizlantirishni keng
qo‘llashga yo‘l ochib berdi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda og‘riqsizlantirishning yangi usuli –
elektronarkoz ishlab chiqildi va qo‘llanilmoqda.
III. Narkoz - (yunoncha Narcosis) karaxt bo‘lish, karaxtlik ma’nosini
bildiradi. Narkotik moddalar ta’sirida markaziy nerv sistemasining tormozlanishi
bilan bog‘liq bo‘lgan bexushlik, sezgining yo‘qolishi, harakatsizlanishi, shartli va
ayrim shartsiz reflekslarning yo‘qolishiga umumiy og‘riqsizlantirish yoki narkoz
deyish mumkin. Narkozda organizmning sezuvchanligi yo‘qoladi, skelet
muskullari bo‘shashadi, reflekslar yo‘qoladi, lekin uzunchoq miyada joylashgan
hayotiy muhim markazlar, ya’ni nafas olish, yurak-tomir sistemasi, silliq
muskulatura faoliyati saqlanadi.
Narkotik moddalarning miqdorini me’yoridan oshirish shu markazlarning
faoliyatini yo‘qotib, hayvonlarni o‘limga olib kelishi mumkin. Hayvonlar
organizmining umumiy qoniqarli holati narkoz qilishga ko‘rsatma bo‘lishi
mumkin, ayniqsa qorin va tos bo‘shlig‘ida joylashgan organlarni operasiya qilishda
ishlatiladi. Quyidagi kasallik va holatlarda narkozni absolyut qo‘llamaslik kerak:
yurak-tomir sistemasida, nafas olish organlarida, jigarda, buyrakda biron bir
kasallik bo‘lganda, modda almashinuvining buzilishida, kaxeksiya va anemiyaning
og‘ir bosqichlarida. Qari va bug‘oz hayvonlarda yuzaki narkoz bilan mahalliy
og‘riqsizlantirish qo‘llaniladi. Ba’zi moddalarning (xloroform, efir) o‘ziga xos
xususiyatlarini ham inobatga olish kerak. Masalan, go‘shtga hid berishini. Shuning
uchun operasiya qilish muvaffaqiyatli natija berishiga ishonch bo‘lmasa bunday
narkotik moddalar qo‘llanilmaydi.
IV. Narkoz chuqur yoki yuzaki bo‘lishi mumkin. Narkotik moddalarni
organizmga yuborish yo‘llariga ko‘ra narkoz quyidagilarga bo‘linadi: ingalyasion
narkoz – nafas yo‘llari orqali, noingalyasion boshqa yo‘llar orqali yuboriladi.
Ingalyasion narkozda efir, xloroform, azot (I) oksid, ftorotan, trilen,
siklopropan va boshqalar nafas yo‘llari orqali jo‘natiladi.
Noingalyasion narkozda suyuq narkotik moddalar venaga, to‘g‘ri ichakka,
mushak orasiga, teri ostiga yuboriladi yoki ichiriladi: alkogol, geksanal, tiopental-
natriy, xloralgidrat, narkolan, propanadid, predion, ketamin, natriy oksibutirat.
Agar bir narkotik modda yuborilsa (masalan, efir) - toza narkoz, agar bir
vaqtda ikki xil yoki bir necha xil narkotik moddalar yuborilsa – aralash narkoz
deyiladi. Agar narkoz avval bir narkotik modda bilan boshlanib ikkinchi modda
bilan davom ettirilsa uyg‘unlashgan narkoz deyildi. U o‘zi kiritiladigan va badis-
narkoz turlariga bo‘linadi.
Agarda yuzaki narkozdan so‘ng mahalliy og‘riqsizlantirish moddasi
yuborilsa birikmalashgan narkoz deyiladi.
V. Hayvonlarni narkozga tayyorlash katta ahamiyatga ega. Buning uchun
ularni 18-24 soatli och diyetada saqlash kerak. Ayniqsa oshqozon-ichak
sistemasida o‘tkazilayotgan operasiyalar vaqtida. Etxo‘r hayvonlarda oshqozonni
tozalash uchun apomorfin yordamida sun’iy qusish chaqirish mumkin.
Yirik hayvonlarning to‘g‘ri ichagini axlatdan va siydik qovug‘ini siydikdan
tozalash (bo‘shatish) tavsiya qilinadi. Hayvonlarda narkoz o‘tkazishdan oldin
premidikasiya qilish kerak. Narkoz o‘tkazish vaqtida quyidagi asboblar ishlatiladi:
ingalyasion narkoz o‘tkazish uchun niqoblar, tomizgichlar, shprislar, ignalar, til
tutgichi. Ingalyasion narkozni yuborish 4 usul yordamida amalga oshiriladi: ochiq,
yarim ochiq, yarim yopiq, yopiq. Efir narkozining o‘tishi klinik jixatidan to‘rt
bosqichda kechadi: