MAHALLIY OG‘RIQSIZLANTIRISH AHAMIYATI VA QO‘LLASH
USULLARI.
MA’RUZA REJASI:
1.
Mahalliy og‘riqsizlantirish va uning ahamiyati. Mahalliy
og‘riqsizlantirishni qo‘llashga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalar.
2. Mahalliy og‘riqsizlantirishda premedikatsiyani qo‘llash.
3. Mahalliy og‘riqsizlantirishda qo‘llaniladigan dori vositalari va ularning
hayvon organizmiga ta’siri.
4. Mahalliy og‘riqsizlantirishning turlari.
5. Mahaliy og‘riqsizlantirishning diagnostik va patogenetik ahamiyati.
Tayanch iboralar: Anesteziya, analgeziya, yuza infiltrasiya, o‘tkazuvchan,
epidural, diagnostika, patogenetik terapiya.
Mahalliy og‘riqsizlantirish – bu anestetik moddalar ta’sirida hayvonlarning
muayyan qismidagi og‘riq sezuvchanlikni yo‘qotishdir. Bu moddalar o‘ziga xos asl
xoliga qayta oladigan ta’siri bilan periferik nerv sistemasining biror bo‘lagiga ta’sir
qilib, uni og‘riq sezmaydigan qilib ko‘yadi. Lekin bu ta’sir hayvonlar organizmida
chuqur tuzilish o‘zgarishiga olib kelmaydi, odatda, bunda faqatgina og‘riq
sezuvchanlik emas, balki taktil, harorat va boshqa sezuvchanliklar ham yo‘qoladi.
Mahalliy og‘riqsizlantirish uchun ishlatiladigan turli moddalar nerv
sistemasiga ta’sir qilib, reflektor yoyni (yo‘lini) uzadi va og‘riq paydo bo‘lgan
joydan impulslar markaziy nerv sistemasiga yetib bormaydi va hayvonlarda
og‘riqqa sezuvchanlik yo‘qoladi.
Mahalliy og‘riqsizlantirish amalda xavfsiz, shuning uchun ozg‘in, anemiya,
bo‘g‘oz, nafas olish organlari kasallangan, yurak-tomir kasalliklari bo‘lgan
hayvonlarda qo‘llaniladi. Iloji boricha mahalliy og‘riqsizlantirish qo‘llashga
harakat qilish kerak.
Ayrim hollarda mahalliy og‘riqsizlantirishni qo‘llab bo‘lmaydi, masalan, bu
usulni yaxshi bilmagan holda, individual sezuvchanlik yuqori bo‘lganda, yosh
mollarda ko‘p qon yo‘qotish bilan tez ravishda qilinadigan operasiyalarda,
to‘qimalarda fibroz o‘zgarishlar namoyon bo‘lganda. Aks holda asoratlar vujudga
kelishi mumkin va ular hayvonlarning o‘limiga olib keladi.
Mahalliy og‘riqsizlantirish uchun turli preparatlar sintez qilingan: kokain –
(cocainum) koka butasi bargidan olinadigan alkoloid. 1860 yilda Niman sintez
qilgan, 1879 yilda Anrep mahalliy anesteziya uchun ishlatgan. Rangsiz, oq kristall
kukun, ta’mi achchiq, suv va spirtda yaxshi eriydi, shilliq pardalar orqali yaxshi
o‘tadi, qonga o‘tgach umumiy ta’sir qiladi.
Novokaindan 16 baravar zaxarli, hayvonlarning teri ostiga yuborilganda
nafas olish, yurak urishi tezlashadi, ichaklarni peristaltikasi kuchayadi.
Hayvonlarda eng yuqori miqdori 0,5, yirik shoxli mollarda 0,6, itlarda 0,05 gr.
Veterinariyada yuzaki og‘riqsizlantirish uchun 5-10 % regionar (o‘tkazgich)
anesteziya uchun 2-4 %.
Novokain – og‘riqsizlantirishning yetarli ekanligi, zaxarli ta’siri yo‘qligi va
to‘qimalarga zararli ta’sir ko‘rsatmasligi tufayli keng qo‘llaniladi. Novokain
sintetik preparat bo‘lib, hidsiz, achchiq ta’mli, oq kristallardan iborat, u suvda
yaxshi eriydi va qaytadan qaynatilganda parchalanib ketmaydi. Novokainning
umumiy zaxarli ta’siri kokaindan 7-10 marta kamroq. Germetik mahkamlangan
novokainning sterillangan eritmalari uzoq muddat davomida og‘riqsizlantirish
xususiyatini yo‘qotmasdan saqlanadi. Novokain avval qon tomirlarini kengaytiradi,
so‘ngra ularni toraytiradi.
Mahalliy og‘riqsizlantirish uchun novokainning 0,25 % dan 4-5 % ligacha
eritmalari qo‘llaniladi. Novokain qon zardobi, jigarda tez parchalanish xususiyatiga
ega bo‘lganligi sababli, u kumulyativ ta’sirga ega emas.
Dikain – sintezlab olinadigan, oq-sarg‘ish kristall kukun. Suvda va spirtda
eriydi, qaynatilganda parchalanmaydi. Anesteziyalovchi ta’siri novokaindan 10-15
baravar ortiq, zaxarli ta’siri 10 baravar. Shilliq pardalar orqali yaxshi shimiladi,
ko‘pincha yuzaki og‘riqsizlantirish uchun ishlatiladi.
Sovkain – oq-sarg‘ish kristall kukun bo‘lib, suvda va spirtda yaxshi eriydi.
Qaynatganda parchalanmaydi. Uning og‘riqsizlantirish ta’siri novokainga nisbatan
15-20 mrta kuchliroq. Og‘riqsizlantirish ta’siri uzoq davom etsa ham (10 soatga)
lekin novokainga nisbatan u 30 marta ko‘proq zaxarli bo‘lib, organizmdan sekin
chiqadi. Sovkain qon tomirlarini kengaytiradi, mahalliy anesteziyada 1:500, 1:2000
nisbatlarda eritilgan eritmasi ishlatiladi.
Lidokain – oq kukun, suvda yaxshi eriydi, juda mustahkam.
Anesteziyalovchi ta’siri novokainga nisbatan 4 marta kuchliroq, 2 marta ko‘proq
zaxarli, tez shimiladi va sekin parchalanadi, og‘riqsizlantirish ta’siri uzoq davom
etadi. Yuzaki, infiltrasion va o‘tkazuvchan anesteziyasida qo‘llaniladi 0,5 % dan 10
% ligacha eritmasi ishlatiladi.
Uzoq davom etadigan operasiyalarda hamda operasiyadan keyin og‘riqni
pasaytirish uchun og‘riqsizlantiruvchi moddalarga analgeziyani uzaytiruvchi
moddalar qo‘shiladi. Shunday modda sifatida adrenalin ishlatiladi, qon tomirlarini
toraytirib og‘riqsizlantiruvchi moddaning tarqalishini sekinlatadi. 100 ml eritmaga
2-3 tomchi qo‘shiladi.
I.Ye. Povajenko tomonidan taklif qilingan novokainga qon zardobini
aralashtirish uning ta’sirini uzaytiradi va jarohatga qon oqishini to‘xtatishga
yordam beradi. 10 % li 10 ml novokain eritmasiga 200 ml zardob qo‘shiladi.
Uzoq vaqt anesteziyasi uchun novokainni yog‘li eritmasidan foydalanish
mumkin, uni birinchi marta 1930 yilda Gaza qo‘llagan. Shu maqsadda kungaboqar
yoki baliq yog‘ini ishlatish mumkin, odatda 2 % li eritmasi tayyorlanadi. Novokain
juda sekin tarqaladi va 2 sutkagacha ta’sir etadi. Novokain 10 % li glyukozada
eritilganda ham sekin tarqaladi.
Operasiyadan keyin asoratlarning oldini olish maqsadida anestetiklarning
antiseptik eritmalari ishlatiladi: novokain-rivanolli, novokain-penisilinli. Buning
uchun 100 ml novokainga 10 % rivanolning 1:500 nisbatli eritmasi yoki 50-100
ming TB penisillin qo‘shiladi. Shu maqsadda har qanday antibiotikni qo‘llash
mumkin. Mahalliy anesteziya o‘tkazish vaqtida premidikasiyani qo‘llash mumkin.
Bu bilan neyroendokrin va vegeta-tomirlar reaksiyalarini stabillash, analgetik va
anesteziyalovchi moddalarning zaxarli ta’sirini va miqdorini kamaytirishga erishish
mumkin.
Mahalliy og‘riqsizlantirish quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Ustki (yuzaki) anesteziya – bu anesteziyalovchi moddani operasiya
maydonning ustiga surtishdir. Uni konyunktivalar, shilliq, seroz, sinovial
pardalarni, keng jarohat yuzalarini og‘riqsizlantirish uchun qo‘llash mumkin. Ko‘z
konyuktivasini og‘riqsizlantirishda 2-% li kokain eritmasi 5-10 % novokain bilan
ishlatiladi.
Anesteziyani davom etish muddati 20 minut, uzoqroq anesteziya qilish
uchun 1-2 % sovkain qo‘llaniladi. Og‘iz, burun, hiqildoq, jinsiy organlar shilliq
pardalarini og‘riqsizlantirish uchun shu eritmalar tampon yordamida ishlatiladi.
Og‘iz va milklarning shilliq pardasini og‘riqsizlantirish uchun hozirgi vaqtda
piromekain ishlatish tavsiya etilgan. Siydik pufagini og‘riqsizlantirish uchun uni
kateter bilan bo‘shatib, 0,25-0,5 % li novokain yuboriladi. Bo‘g‘imlarni, pay ini va
bursalarning sinovial pardasini og‘riqsizlantirish uchun avval bo‘shatilib,
novokainning 4-6 % li eritmasi 5-10 ml ishlatiladi.