HAYVONOT DUNYOSINI MUHFAZA QILISH
Hayvonot dunyosi - tabiat boyliklarining bir qismi bo`lib, jamiyatda, inson
hayotida katta ekologik ahamiyatga ega. Hayvonot dunyosining iqtisodiy ahamiyati
nuqtai nazaridan muhim tabiiy resurs, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoatbop,
texnikaviy va dorivor xom ashyo hamda boshqa moddiy boyliklar olish manbai
ekanligi ma'lum. Shunday ekan uni huquqiy ekologik muhofaza qilish juda zarurdir.
Bu ishda mamlakatimiz qonunlari, O`zbekiston fuqarolarini hayvonot dunyosiga
sohibkorona va insoniy munosabatda bo`lish ruhida tarbiyalashga, bu bebaho
dunyoni muhofaza qilish hamda samarali va oqilona foydalanishga yordam
bermog`i lozim. Chunki, hayvonlarning O`zbekiston faunasiga xos bo`lgan
talaygina turlari yo`qolib ketish arafasida turibdi, ayrimlari (qulon, turon yo`lbarsi,
ola-bula sirtlon va boshqalari) esa butunlay yo`qolib ketdi. Shu boisdan ham noyob
va yo`qolib borayotgan hayvonlarni huquqiy ekologik asosda muhofaza qilish katta
ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosi yer yuzining hamma joyida mavjud. Quruqlikda yashovchi
hayvonlar butun hayvonlar turining 93 foizini, suv hayvonlari esa 7 foizini tashkil
etadi. Umuman olganda, yer yuzida yashovchi hayvonlar turi xatto o`simliklar turiga
qaraganda 4 baravar ko`p bo`lib, taxminan 2 milliondan ortiqroqdir. Shuni alohida
qayd etish lozimki, butun jonivorlarning 75 foizi hasharotlarga to`g`ri keladi.
Hasharotlardan keyin malyuskalar turadi (8,8 foiz), ulardan keyin jamiki
umurtqalilar
turadi
(qushlar,
baliqlar,
quruqda-suvda
yashovchilar,
sut
emizuvchilar). Umurtqalilar 35600 tur bo`lib, bularning yarmi baliqlardir. Sut
emizuvchilar esa umurtqalilarning 0,1 qismini tashkil qiladi.
Ma'lumotlarga ko`ra, keyingi 100-150 yil mobaynida hayvonlarning ko`plab
turlari yo`qotilib yuborildi. Masalan, 1800 yilgacha sut emizuvchilarning 33 turi,
qushlarning 30 turi yo`q qilingan bo`lsa, undan keyingi 100 yilda 73 tur sut
emizuvchi, 120 tur qushlar batamom yo`qolgan. Keyingi 50 yilda esa hayvonot
dunyosining undan ham qo`proq vakillari o`q qilib yuborilgan.
O`rta Osiyo regioni o`z hayvonot va o`simlik olamining xilma-xilligi va boyligi
bilan ajralib turadi. Masalan, O`zbekistonda 650 dan ortiq umurtqali hayvonlar, shu
jumladan sut emizuvchilar - 99 tur, qushlar - 410 tur, sudralib yuruvchilar - 57 tur,
suvda va quruqlikda yashovchilarning - 3 turi uchraydi. Ammo, shunisi achinarliki,
O`zbekiston "Qizil kitobi"ga umurtqali hayvonlarning nodir va yo`qolib ketish xavfi
ostida bo`lgan jami 63 turi va kenja turi kiritilgan bo`lib, ular orasida 22 tur sut
emizuvchi hayvon, 31 tur qush, 5 tur sudralib yuruvchi hayvon va 5 tur baliq bor.
O`zbekiston Respublikasida mustaqillikka erishgandan so`ng, iqtisodiy,
ekologik, geografik va milliy xususiyatlarni hisobga olib bir qator yangi qonunlar
qabul qilindi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, hayvonot dunyosini muhofaza qilish
xususiyati shundan iboratki, ular asosan tabiatning barcha obyektlari, boyliklari
faoliyatining ma'lum mutanosiblikda saqlanishi bilan bog`liq. Oliy Majlisning
e'tiborli faoliyatida qabul qilingan, "Tabiatni muhofaza qilish" (1992 y.), "Suv va
suvdan foydalanish" (1993 y.), "Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar" (1993
y.), "Yer osti boyliklari to`g`risida"gi (1994 y.), "Atmosfera havosini muhofaza
qilish" (1996 y.), "O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish" (1997
y.), "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish" (1997 y.), "Yer
Kodeksi" (1998 y.), "O`rmon to`g`risida"gi (1999 y.) bir qator O`zbekiston
Respublikasining qonunlari respublikamizda ekologik holatni yaxshilashga xizmat
qilmoqda. Jumladan respublikamizdagi mavjud hayvonot dunyosini muhofaza qilish
va undan oqilona foydalanish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining 1997 yil 26 dekabrdagi sessiyasida qabul qilingan "Hayvonot dunyosini
muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi qonuni katta ahamiyatga ega.
Ushbu qonun quruqlikda, suvda, atmosferada va tuproqda tabiiy erkinlik
holatida yashaydigan, O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki
vaqtincha turadigan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek ilmiy yoki tabiatni muhofaza
qilish maqsadlarida yarim erkin sharoitida yoki sun'iy yaratilgan yashash muhitida
boqilayotgan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi
munosabatlarni tartibga soladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va
undan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi qonun
hujjatlari bilan ham tartibga solinadi. Agar O`zbekiston Respublikasining xalqaro
shartnomasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish
to`g`risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo`lsa, xalqaro
shartnoma qoidalari qo`llaniladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun
hujjatlarining vazifasi hayvonot dunyosining yashash sharoitlarini ta'minlash,
ularning xilma-xil turlarini hamda tabiiy galalari butligini va yashash muhitini
saqlash maqsadida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, uni
tiklash va takror yetishtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi
qonunning 3-moddasida "Hayvonot dunyosiga nisbatan mulkdorlik" masalasi
ko`rsatilgan. Jumladan unga asosan: Hayvonot dunyosi davlat mulki - umummilliy
boylik bo`lib, undan oqilona foydalanilishi lozim va u davlat tomonidan muhofaza
qilinadi. Shunday ekan, hayvonot dunyosi obyektlariga nimalar kirishini bilib olish
zarur. Ushbu qonunning 4-moddasida quyidagicha ta'riflangan.
Hayvonot dunyosi obyektlari quyidagilardan iborat: