Ijtimoiy pedagogika va pedagogik sotsiologiyaga ehtiyoj va zamonaviy
jamiyat rivojining zaruriy shartlari
Reja:
1. Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijtimoiy
hayotga taʼsiri.
2. Jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi.
3. Hozirgi vaqtda ijtimoiy pedagogika va pedagogik sotsiologiya faniga
zaruriyat va uning ahamiyati.
Tayanch iboralar: ijtimoiy, islohot, jamiyat, ijtimoiy tuzilma, ijtimoiy
pedagogika, pedagogik sotsiologiya, milliy tarbiya, boqimandalik, milliy
mentalitet, manfaat, jamiyat hayoti.
1. Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning
ijtimoiy hayotga taʼsiri. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach milliy tarbiya va
taʼlim sohasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratdi.
Zotan, mustaqillik fikr-mulohazalarda ozod, oʻz haq-huquqini yaxshi taniydigan,
izlanuvchan, zamonaviy bilimga ega, Vatanga, ona zaminimizga sadoqatli,
boqimandalikning har qanday koʻrinishlarini oʻzi uchun or deb biladigan, oʻz kuchi
va aqliga ishonib yashaydigan, oʻz shaxsiy manfaatlarini xalq, Vatan manfaatlari
bilan uygʻun holda koʻradigan barkamol insonni tarbiyalashni talab etadi.
Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mavjud taʼlim sohasidagi ijobiy natijalarni
saqlab qolish va oʻtmishdan qolgan merosning salbiy jihatlarini hamda oʻtish davri
bilan bogʻliq qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun bosqichma-bosqichlik asosida
jiddiy choralar koʻrish zarur edi. Shu nuqtayi nazardan muhtaram Prezidentimiz
taʼlim-tarbiya masalasiga kuyunchaklik, diqqat, qatʼiyat bilan yondashib, jamiyat
rivojini dastlab talim va tarbiya masalalariga bogʻliq ekanligini ham ilmiy-nazariy,
ham amaliy jihatdan asoslab berdi. Yurtimizning iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy,
ijtimoiy hayotida islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakat taraqqiyotining
asosini tashkil etuvchi ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, asosan
insonga, uning manfaatlariga qaratilgandir. Buni biz Yurtboshimizning “Islohot-
islohot uchun emas, balki islohot inson uchun, mamlakat aholisining farovonligi va
turmush darajasini koʻtarishga qaratilganligida”dir-degan fikrlaridan ham
koʻrishimiz mumkin.
Hayot, bozor iqtisodiyotiga oʻtish, isloqotlar jarayonida yaʼni jamiyat
aʼzolarining, fuqarolarning ongida qanday oʻzgarishlar roʻy bermoqda, fuqarolik
jamiyati qayotini farovon barpo etishni kim qanchalik anglab yetmoqda. Bu yoʻlda
oʻz yoʻlini topayaptilaru, kimlar adashmoqda, jamiyat insonlarga qanchalik va
qanday taʼsir oʻtkazmoqda hamda qolaversa, insonlar jamiyatga qanday taʼsir
koʻrsatmoqda.
Jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy hayot sohalaridagi tub oʻzgarishlar.
Oʻtish davri va taraqqiyot bosqichlari. Jamiyat rivojlanishi toʻgʻrisidagi
yangicha ilmiy-nazariy gʻoyalarning oʻzgarishi ijtimoiy hayot sohalarini tubdan
oʻzgartirish bilan bogʻliq. Jamiyat rivojlanishi buning uchun muayyan oʻtish davri
va taraqqiyot bosqichlarini bosib oʻtish zarurligi, mohiyati asoslab beriladi.
Jamiyat ijtimoiy hayoti sohalaridagi tub oʻzgarishlar deganda uning iqtisodiy,
ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy gʻoyaviy asoslarini tubdan oʻzgartirish va
yangicha asosga (negizga) oʻtkazilishini anglatadi. Natijada mustaqillik tufayli
jamiyat ijtimoiy hayoti sohalari tubdan oʻzgardi. Uning huquqiy asosini
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida koʻramiz. Unga koʻra
“Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va
fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi
sifatida oʻrnatilishi mumkin emas”.
Siyosiy sohadagi tub oʻzgarishlar: Siyosiy institutlar xilma-xilligiga
aoslangan demokratik siyosiy tizimga oʻtildi. Bunda davlat bosh islohotchi sifatida
eʼtirof etildi. “Inson-jamiyat-davlat” munosabati qaror topdi. Koʻp partiyaviylik
tizimi shakllandi.
Maʼnaviy, gʻoyaviy-mafkuraviy sohadagi tub oʻzgarishlar: Jamiyat
rivojlanishida milliy madaniy meros hamda umuminsoniy qadriyatlar, demokratik
prinsiplarga amal qilina boshlandi; jamiyat rivojida maʻnaviy va moddiy hamda
uygʻunligi oshadi;
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mulkning xilma-xilligiga oʻtildi; xususiy
mulk tan olindi; barcha mulk shakllari teng ekanligi eʼtirof etildi, uning huquqiy
asoslari yaratildi.
Taʼlim va fan sohasini rivojlantirish: Taʼlim va fan sohasini rivojlantirish
davlat siyosati maʼno-mazmunidan va uning dolzarbligidan kelib chiqib, uni
quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, yangi taʼlim tizimi, barkamol avlod kadrlarini tayyorlashdagi
oʻzgarishlar va yangicha yondashuvlar, zamonaviy kasb sohalarining paydo
boʻlgani hamda uning mamlakatimiz sharoiti bilan bogʻliqligidir;
Ikkinchidan, taʼlim tushunchasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijasida
muayyan davrdan boshlab, inson faoliyatining alohida mustaqil sohasiga aylanib,
jamiyatning ijtimoiy tajribasini keyingi bosqichga uzatadi;
Uchinchidan, taʼlim inson shaxsining intellektual-maʼnaviy qirralarini
shakllantirish, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, siyosiy, madaniy,
maʼrifiy hayotida faol va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlashga qaratilgan
harakatlar yigʻindisi boʻlib, maʼrifat hamda bilim berishni anglatadi;
Toʻrtinchidan, fan jamiyatning ijtimoiy institutlaridan biri boʻlib, tabiat va
jamiyat hayotini aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli. U katta ilmiy salohiyatni, ijodiy
kuch-quvvatni birlashtirib, maʼnaviy barkamol insonni tarbiyalashga, mamlakatda
qudratli ilmiy salohiyatni yaratishga xizmat qiladi.
Uzluksiz taʼlim tizimining faoliyat olib borishi taʼlim dasturlarining izchilligi
asosida taʼminlanadi va quyidagi taʼlim turlarini oʻz ichiga oladi:
1. Maktabgacha taʼlim va tarbiya
2. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim
3. Professional taʼlim
4. Oliy taʼlim
5. Oliy taʼlimdan keying taʼlim
6. Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
7. Maktabdan tashqari taʼlim.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, rivojlangan mamlakatlarda taʼlim
samaradorligi, taraqqiyotning 16 foizi – moddiy-texnik bazaga, 20 foizi – axborot
resurslariga, 64 foizi inson omiliga bogʻliq. Bu uchala omil bir-biri bilan
chambarchas bogʻliq boʻlib, taʼlim-tarbiyaning moddiy-texnik bazasi, mavjud
resurslaridan, imkoniyatlaridan oqilona foydalanish inson manfaatiga xizmat qiladi
va uning ratsional rivojlanishini belgilab beradi.
1.2. Jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi. Jamiyatning sotsial strukturasi dastlab
qadimgi yunon mutafakkirlari Platon (er.av.427-347 yy.) va Aristotel (er.av. 384-
322 yy.) tomonidan tadqiq etilgan. Olimning fikricha, sotsial strukturani faqat
erkin tugʻilgan, ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan rolni bajarayotgan kishilar tashkil
etadi. Insonning qalbi uchta asosga ega: “Idrok” (intellektuallik), “Jasurlik”
(irodalilik) va “Istak” (sezgi, tuygʻuga ega boʻlish). Odamlar oʻz qalbidagi
asoslardan qay birining koʻpligi yoki ozligiga qarab jamiyatda uchta ijtimoiy
qatlam mavjud boʻladi: donishmandlar – “Faylasuflar”, harbiylar – “Qoʻriqchilar”,
ishlab chiqaruvchilar – “Dehqonlar” va “Hunarmandlar”. Boshqaruvchilar yuksak
maʼlumotli, isteʼdodli, xususiy mulkka ega boʻlmagan, zohidlik turmush tarzini
kechirayotgan, 50 yoshga yetgan faylasuflar ichidan tayinlanishi lozim.
Boshqaruvchi boʻladigan odamlarni falsafa va sanʼat vositasida tarbiyalash zarur.
Boshqaruvchilar qonunlarni oʻrnatadi, ijtimoiy ishlarni adolatli tarzda boshqaradi.
“Qoʻriqchilar” davlatni himoya qiladi va jamiyatda tartibni izga soladi.
“Dehqonlar” va “Hunarmandlar” oʻz mehnatlari bilan fuqarolarni barcha hayot
uchun zarur boʻlgan narsalar bilan taʼminlaydi. Koʻrinib turibdiki, Platon
tomonidan ilgari surilgan jamiyatning sotsial strukturasi oliy darjada donishmand-
faylasuf turgan qattiq ierarxiyani nazarda tutgan edi.
Aristotel “Siyosat” kitobida jamiyatning tabiiy kelib chiqishi, uning sotsial
stratifikatsiyasi va sotsial adolat kabilarga doir qarashlari tadqiq etildi.
Aristotelning fikricha, inson tugʻilishdan boshlab instinktiv ravishda boshqalar
bilan birgalikda hayot kechirishga intiladigan mavjudotdir. Odamning boshqa
mavjudotlardan farqi, uning ijtimoiy va shaxsiy munosabatlardagi ezgulik, adolat,
“Umumiy foydani tushunib yetganligi”dir. Aristotel jamiyatda bir-birini izchillik
bilan bir-biriga almashib boruvchi insoniy ijtimoiy hayot shakllarini bir-biridan
ajratib koʻrsatib berdi: oila – yashash manzili (qishloq va boshq.) – polis (shahar-
davlat). Unga muvofiq, fuqarolar uchta sotsial qatlamga boʻlinadi: kambagʻal, oʻrta
qatlam va boy. Mutafakkirning fikricha, davlatda qanchalik oʻrta qatlam koʻproq
boʻlsa, u Shunchalik qudratli boʻladi, gullab-yashaydi.
Antik yunon falsafasini yanada rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan, Sharq
uygʻonish davrining mutafakkiri
Abu Nasr Forobiy insoniy jamiyatni puxta
oʻrgangan olimlar jumlasiga kiradi. Forobiy “Fozil shahar odamlari qarashlari”
asarida jamiyat (inson jamoasi)ning kelib chiqish sabablarini ilmiy jihatdan asoslab
beradi: “Har bir inson oʻz tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy
darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi, uning bir
oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlish kishilik jamoasiga
ehtiyoj tugʻiladi. Shu sababli yashash uchun zarur boʻlgan, kishilarni bir-biriga
yetkazib beruvchi va oʻzaro yordamlashuvchi koʻp kishilarning birlashuvi
orqaligina odam oʻz tabiati boʻyicha intilgan yetuklikka erishuvi mumkin. Bunday
jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va
yetuklikka erishmoq uchun zarur boʻlgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning
uchun inson koʻpaydi va yerning aholi yashaydigan qismiga oʻrnashdilar, natijada
inson jamoasi vujudga keldi. Mutafakkir nazdidagi inson jamoasi – bu kishilik
jamiyati hisoblanadi.
Forobiy jamiyatning ijtimoiy tuzilmasi (sotsial strukturasi) sifatida
jamiyatdagi turli ijtimoiy tabaqalarni chuqur tahlil etadi. Abu Nasr Forobiyning
fikricha, mukammal jamiyatda har bir tabaqa, yaxlit ijtimoiy organizmning
ajralmas qismi sifatida, oʻzining muayyan funksiyalariga ega boʻlib, goʻyoki Shu
vazifalarni bajarish uchun ixtisoslashganlar. U orzu qilgan ideal davlatda ijtimoiy
tabaqalar oʻrtasidagi farqlanishlar saqlanadi. Tabaqa martabasining baland yoki
past boʻlishi uning hukmdorga yaqin yoki uzoq boʻlishiga bogʻliqdir. Hukmdorga
yaqin yoki undan uzoq boʻlishning belgisi har bir tabaqa vakillarining aqliy
(intellektual) va maʼnaviy kamolot darajalarining yuksakligiga bogʻliqdir. Aqliy va
maʼnaviy kamolot darajalari yuksak boʻlgan tabaqa vakillari, yaʼni hukmdorga
yaqin odamlar yuqori lavozimlarni egallab, hurmatga sazovor boʻlgan ishlarni
bajaradi, ularning qoʻl ostida ishlovchilar esa pastroq lavozimlardagi ishlarni
bajaradi.
Koʻrinib turibdiki, Forobiyning ideal davlat tuzumiga asoslangan jamiyatda
(fozil shahar-davlatlarda) kishilarning ijtimoiy tabaqalarga boʻlinishi va ularning
imtiyozlari saqlanadi. Mutafakkir biron-bir tabaqaga mansub odamlarning
vazifalari va majburiyatlari oʻrtasida tafovutlarning saqlanishi, har bir odamning
oʻz kasbini yaxshi bilishi va oʻz vazifalarini bajarishi jamiyatning sobitligi hamda
adolatning yuzaga chiqishi uchun zarur boʻlgan omildir, deb qaraydi: har bir
odamning oʻz kasbiga tegishli vazifalarini toʻgʻri bajarishi — jamiyatda adolatning
saqlanishi va uni barqarorligini taʼminlash asosidir.
1.3. Hozirgi vaqtda ijtimoiy pedagogika va pedagogik sotsiologiya
faniga zaruriyat va uning ahamiyati. Ijtimoiy pedagogikaning zarurligini
quyidagi holatlar talab etayotgan edi:
Birinchidan, Bugungi kunda taʼlim va tarbiya maqsadi bilan uning baʼzi
natijalari oʻrtasidagi qarama-qarshilik sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish
yoʻllarini aniqlash zarurligi talab etilmoqda. Ushbu talab pedagogika olamiga
jamiyatdagi munosabatlar bilan shugʻullanuvchi otsiologiyani olib kirish
zaruriyatini uygʻotdi. Chunki ongli xususiyatga ega boʻlgan inson faoliyati,
sotsiologiya fanining oʻziga xos obyektini tashkil etadi. Har bir shaxsning
jamiyatdagi oʻz oʻrnini, oʻzligini anglashi, hayotiy-axloqiy meʼyorlarni oʻzida
mujassam etishi jamiyatda shu maʼnaviy-axloqiy sifatlarni namoyon etib, ijtimoiy
hayotimiz, zamonamiz bilan hamnafas yoshlarni tarbiyalashda pedagogika va
sotsiologiya fanlarining hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Vaholanki taʼlim-
tarbiyaning oʻzi ijtimoiy hodisa va pedagogik jarayondir.
Ikkinchidan, baʼzi jamiyat aʼzolarining ongidagi maʼnaviy boʻshliqning
ijtimoiy kelib chiqishi sababalarini aniqlash, ularni hal qilish mexanizmini
yaratish kabi yangi muammolarning yechimini topish uchun pedagogik va
sotsiologik tushunchalarning tutashligiga asoslangan yangi metodologiyani talab
etmoqda. Inson shaxsini shakllantirishda undagi tabiiy (irsiy) va ijtimoiy
xususiyatlarini, uning oliy nerv faoliyati imkoniyatlarini hisobga olib yondashmoq
lozim. Inson organizmining biologik va subyektiv (shaxsiy tomonlari) asosida oʻz-
oʻzini tarbiyaga olish, sharoitga moslashish, maʼlum obyektga yoʻnaltirish
qonunlarini bilish asosida uning tarbiyasini tashkil etish lozim. Shaxs shakllanishi
jarayonida ichki va tashqi taʼsir imkoniyatlari oʻzaro omuxta qilish, tarbiya
jarayonini yoshlar faoliyatining xususiyatlari, qiziqishini anglash kabi muhim
xususiyatlari asosida shaxsning erkinligi va gʻururini paymol qilmasdan,
demokratik, insonparvarlik va milliy tamoyillarga tayanib, ularda maʼnaviy-
axloqiy fazilatlarni shakllantirish davr talabidir. Jamiyatga insonlar ongini,
tafakkurini ijobiy tomonga oʻzgartirish ijtimoiy- maʼrifiy jarayonlar bilan bogʻliq
boʻlib, uni ilmiy jihatdan oʻrganish muhimdir. Pedagogika va sotsiologiyaning
tutashganligi tufayli yuzaga kelgan muammolar oʻzbekistonlik olimlarning diqqat
eʼtiborini ham oʻziga tortmoqda.
Uchinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy munosabatlar va bunda
davlatning roli, axborotlar, ustoz-shogird munosabatlari, kadrlar muammolari,
yoshlarning maʼnaviyatida roʻy berayotgan zaiflikning sabablari, ularni aniqlash,
tekshirish, hal etish, ijtimoiy faollik kasbiy mahorat, shuningdek mustaqil
Oʻzbekistonda kechayotgan maʼnaviy va mafkuraviy islohatlarni, umuman,
jamiyatni “Pedagog soʻzi” bilan oʻrganish ijtimoiy pedagogikaning
muammolaridan boʻlib hisoblanadi. Eng asosiysi, ijtimoiy hayotda shunday