ILMIY-TADQIQOTNING NAMOYON BO‘LISH SHAKLLARI
4.1.
Ilmiy tadqiqotning namoyon bo‘lish shakllari
4.2.
Ilmiy tadqiqotning xossalari
4.3.
Ilmiy tadqiqotning amal qilish mexanizmlari
4.1.Ilmiy tadqiqotning namoyon bo‘lish shakllari.
Ilmiy tadqiqot jarayonida inson mohiyatan o‘zligini anglaydi. Bu bilan inson
nafaqat tashqi muhitda, balki o‘z ruhiyatida ham o‘zgarish yasaydi. Ilmiy ijod
xilma-xil ma’naviy-madaniy ehtiyojlarni qondirish bo‘yicha son-sanoqsiz
vazifalarni hal qilishga yo‘naltirilgan faoliyatdir.
Ilmiy tadqiqot jarayonida erkin bo‘lish − moneliksiz ijod qilish, birovning
qolipiga tushmaslik, yangi ilmiy bilimlarni olish va qayta ishlashda ob’ektiv va
xolis bo‘lish muhimdir. Bundan ko‘rinadiki, olimlar o‘z ilmiy faoliyatining
maqsadlari va metodlariga o‘zlari axloqiy nuqtai nazardan baho berishlari, axloqiy
me’yorlarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan tadqiqotlardan voz kechishlari lozim.
Har qanday ilmiy faoliyat matnlarda “yozma” ko‘rinishda (qog‘ozda yoki
elektron) – ilmiy hisobot, ilmiy ma’ruza, referat, maqola, kitob tarzida
rasmiylashtirilgan bo‘lishining asosida ikki shart-sharoit yotadi. Birinchidan,
olim o‘z g‘oyalari va natijalarini qat’iy ilmiy tilda faqat yozma (elektron) tarzda
bayon etishi mumkin. Har qanday ilmiy ishni, hatto kichkina maqolani qog‘ozga
tushirish,fikrning ifodasida ketma-ketlikga erishish muhim ahamiyatga ega,
maqola yoki tezis yozish boshlovchi tadqiqotchi uchun jiddiy muammolar bilan
bog‘liq, chunki jamoa oldidagi chiqishlarda osonlik bilan aytiladigan yoki odam
“ichida”tafakkurida shakllangan so‘zlar va fikrlarning ifodasini o‘z vaqtida
qog‘ozga tushirish uchun olimga mantiqiy izchillik ko‘p hollarda yetishmaydi.
Yozma nutq va og‘zaki nutqning bir-biridan farqi shundaki, og‘zaki nutqdagi ba’zi
nuqsonlar eshituvchilar tomonidan e’tiborga olinmaydi, biroq yozma matnda
qat’iy mantiqiy izchillik talab etiladi, chunki undagi fikrlar ketma-ketligiga
o‘quvchi qayta-qayta murojaat qiladi va yangi bilimning maqsadi va mohiyatini
aniqlashga harakat qiladi.
Ikkinchidan, olimning salohiyati uning turli jurnallarda nashr qilgan ilmiy
maqolalarining soni va salmog‘i hamda respublika va xorijda o‘tkazilgan
konferensiyalaridagi ilmiy ma’ruzalarda aniqlanadi. Shu bois, tadqiqotchi uchun
nashr etilgan ishlari ro‘yxatini doimiy to‘ldirib borilishi va ma’ruzalar
mazmunining turli tumanligi uning imidji shakllanishiga asos bo‘ladi.
Ilmiy tadqiqot jarayoni olimning ilhomi, fantaziyasi, umumiy madaniyati,
shuningdek uning shaxsiy sifatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Individual ilmiy tadqiqot. Individual ilmiy tadqiqot - yakka tartibda amalga
oshiriladigan va kashfiyot yoki innovatsion ixtiro natijalari uchun shaxsan o‘zi
javob berishi ko‘zda tutilgan tadqiqotdir.
Individual ilmiy tadqiqotda olimning shaxsiy qiziqishlari doirasida maqsadli
faoliyat amalga oshiriladi. Zero, fanda olimlarning professionalashuv jarayoni
ularning mehnatga munosabati, intellektual salohiyati nuqtai nazaridan
individuallashib boradi. Olimning faoliyati fanning faqat bir tarmog‘idagi
faoliyatda namoyon bo‘ladi, ishning aniq yo‘nalishi ajratib olinib, egallangan
bilimlar seleksiya qilinadi. Mavzuning to‘g‘ri tanlanishi bilimlar seleksiyasi bilan
bog‘liq bo‘lsa, muammoning yechimini topish yo‘lidagi ilmiy izlanish shu
bilimlarni takomillashtirishni talab qiladi. Shu tarzda olim mutaxassis sifatida
shakllanadi va pirovard natijada tom ma’nodagi olimga aylanadi.
Individual tadqiqotning o‘ziga xom xususiyati unda vorisiylikning amal
qilishidir. Zero, tadqiqotchi ilmiy muammo bo‘yicha izlanish olib borish uchun
dastlab ilmiy rahbarining ish yuritish uslubini o‘rganadi, ilmiy adabiyotlarning
tahliliga murojaat qiladi, muhim va nomuhim ma’lumotlarni saralaydi va
masalaning mohiyatini o‘zining intellektual salohiyati darajasida tahlil qiladi.
Bakalavr bitiruv ishi, magistrlik dissertatsiyasi, doktorlik dissertatsiyasi
himoyalari, ba’zi monografiyalar individual tadqiqotning yorqin mahsulidir.
Barcha
turdagi
individual
tadqiqot
ishida
albatta
bilim
darajasi
va
tadqiqotchining qiziqishlari doirasi muhim omil bo‘ladi.
Magistratura oliy ma’lumotli yuqori malakaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash
tizimining tarkibiy qismi sifatida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga kirgan. Shuning
uchun magistrlik darajasini tayyorlash, himoya qilish va taqdim etish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan
o‘rnatiladi.
Ilmiy daraja taqdim etilishi uchun ilmiy unvon (avval magistr, fan nomzodi,
so‘ng fan doktori) olish maqsadida mustaqil tayyorlangan va tugallangan ilmiy ish
tayyorlanishi va uning oshkora himoya qilinishi asos bo‘lib xizmat qiladi. Bakalarv
bitiruv ishi Magistrlik dissertatsiyasi komissiyasi yig‘ilishlarida, doktorlik
dissertatsiyalari Ilmiy Kengashlarda himoya qilinib, talabgorning ilmiy ishi
saviyasi nufuzla olimlar jamoasining yashirish ovoz berish orqali baholanadi.
Dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablar va ilmiy darajalarni himoya qilish va ularni
taqdim etish tartibi hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
qoshidagi Oliy Attestatsiya komissiyasi (OAK-VAK) tomonidan belgilanadi.
Aksariyat
mamlakatlarda
ilmiy
darajalarni
ta’lim
muassasalari
Ilmiy
Kengashlarining o‘zi taqdim etadi va tasdiqlaydi.
O‘quv muassasalari xodimlari uchun katta ilmiy xodim, dotsent va professor,
Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari xodimlari uchun kichik va katta ilmiy
xodim ilmiy unvonlari belgilangan. Kichik ilmiy xodim unvoni lavozimni
egallaganligi bo‘yicha berilsa, katta ilmiy xodim unvoni esa muassasalar Ilmiy
Kengashlari tavsiyasiga binoan fan doktori darajasiga ega bo‘lgan ilmiy
xodimlarga OAK (VAK) qarori bilan beriladi. Odatda, dotsent unvoni fan nomzodi
darajasi taqdim etilgan va shu to‘g‘ridagi diplomni olib ulgurgan, ilmiy va o‘quv-
uslubiy ishlariga ega bo‘lgan fan nomzodlariga, professor unvoni esa shogirdlar
tayyorlagan, monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr qilgan
talabgorlarga beriladi.
Badiiy
ijod
sohasi
vakillariga
professor
unvoni
ular
ishlarining
umumahamiyatliligi va ilmiyligi mezonlari asosida ko‘rib chiqiladi
Tadqiqotchi ilmiy atamalardan tegishli joyda me’yorida foydalanish
malakalarini egallagan bo‘lishi lozim, tajribasizlik oqibatida u fikrini murakkab
atamalar yordamida ifodalashga harakat qiladi, aslida haqiqiy olimning
fazilatlaridan biri – uning eng murakkab narsalar to‘g‘risida sodda til bilan
yozishi va so‘zlay olishidir. Ayni paytda ilmiy matnning mutlaq soddalashtirilishi
natijasida ilmiylik mezonlari buzishi ham mumkin, shu bois olim ilmiylik va
soddalik o‘rtasida muvozatnatni saqlashi lozim.
Hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot. Ilmiy buyurtma asosidagi maqsadli
faoliyat hamkorlikdagi faoliyatdir. Hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotda muayyan
maqsad va uni amalga oshirishning yo‘llari aniq ko‘rsatiladi. Hisobotlarda
jamoaning ishtiroki aniq o‘z ifodasini topishi lozim.
Masalan, hozirgi kunda Quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha hamkorlikda
ilmiy tadqiqot olib borilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda nihoyatda dolzarb
ahamiyatga ega bo‘lgan fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqot dasturlari ham
hamkorlikdagi ijod mahsuli bo‘ladi, zero ularda ishlab chiqilgan reja asosida
jamoa a’zolarining vazifalari faoliyat turi bo‘yicha aniq belgilangan,
San’at sohasida hamkorlikdagi ijod deb nomlangan ijodning maxsus shakli
ajratib ko‘rsatiladi. Bunday hamkorlik tomoshabin yoki tinglovchiga san’at
asarida ifodalangan hodisalarning ortida yashiringan chuqur mazmunni (kontekst –
tekst – tubma’no) anglash imkonini beradi.
Texnikaviy tadqiqot. Texnikaviy tadqiqot voqelikni amaliy (texnologik)
o‘zgartirish bilan bog‘liqdir. Texnikaviy ijod o‘zining psixologik tavsifiga ko‘ra
ilmiy ijodga yaqin bo‘lsa-da, farqli tomonlarga ham ega. Ular quyidagilarda
ko‘rinadi.
1. Texnikaviy tadqiqot tafakkurning ko‘rgazmali-obrazli va ko‘rgazmali-
ta’sirchan komponentlariga tayanadi.
2. Texnik tadqiqot jarayoni ixtirochilik, loyihalashtirishda namoyon bo‘lib,
amaliyot talablariga javob beradigan mexanizmlar, konstruksiyalar ixtirosi uning
natijasi hisoblanadi. Shu ma’noda, texnikaviy tadqiqot ratsional va utilitar
xususiyatga ega.
3. Ixtiro qilingan narsa, u mavjud texnik bazis, texnik ravnaq erishgan darajaga
tayansa-da, vujudga kelguniga qadar mavjud bo‘lmaydi.
Badiiy ijod bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot. Badiiy ijod voqelikni estetik
o‘zlashtirish va odamlarning estetik ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liqdir. Uning
xususiyatlari quyidagilar:
–garchand, badiiy ijodda mavhum-mantiqiy va ko‘rgazmali-ta’sirchan tafakkur
ham ahamiyatga ega bo‘lsa-da, asosan ko‘rgazmali-obrazli tafakkurga tayanadi;
–badiiy ijodning bosh komponenti – inson omili , ya’ni kechinmalarining
cho‘qqisida namoyon bo‘ladigan emotsionallik hisoblanadi;
–badiiy ijod ijtimoiy ongning maxsus shakli – san’atda amalga oshadi. Uning
natijasi sifatida esa qandaydir moddiy ob’ektda (kartina, haykaltaroshlik
namunalari, adabiy asarlar va b.) aks etadigan badiiy obraz chiqadi;
–badiiy ijodning ratsional tomoni yashirin bo‘lib, ko‘p hollarda utilitar mohiyatga
ega bo‘lmaydi, ixtiro yoki yangi ilmiy bilim kabi uni amaliyotga tatbiq etish talab
etilmaydi;
–badiiy ijod turli odamlar tomonidan bitta asarni ko‘p ma’noda aks ettirish
imkonini yaratadi. Bu esa, qabullashning sub’ektivligi, didning rivojlangani va
boshqa omillar bilan bog‘liqdir.
Pedagogik tadqiqot – bu pedagogik jarayonda yangilikni izlash va
topishdir. Bunday ijodning birinchi bosqichi – o‘zi uchun yangilikni kashf etish,
pedagogik vazifalarni hal etishning nostandart vositalarini bilib olishdan iborat.
Bunday vositalar avvaldan ma’lum, biroq pedagog tomonidan qo‘llanilmagan
bo‘ladi. Bu yerda gap innovatsiya kabi ob’ektiv yangilik haqida emas, balki
sub’ektiv yangilik to‘g‘risida bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, eski usul va
vositalardan yangicha sharoitlarda foydalanish ham mumkin. Ikkinchi bosqich –
nafaqat o‘zi uchun, balki boshqalar uchun ham yangilikni kashf etish, ya’ni
novatorlikda namoyon bo‘ladi. Masalan, pedagogik jarayon uchun samarali
bo‘lgan o‘qitishning yangi metodini ishlab chiqish bunga misol bo‘la oladi.
Pedagogik ijodning xususiy ko‘rinishi improvizatsiya hisoblanadi. Pedagogik
improvizatsiya (lotincha imprivisus – kutilmagan, tasodifiy) eng umumiy ma’noda
nimanidir yaratish – kutilmagan pedagogik yechimga kelish va uni o‘sha zahotiyoq
amalga oshirishni anglatadi. Improvizatsiya jarayoni to‘rt bosqichdan iboratdir: 1)
pedagogik jarayonda biron bir kutilmagan fikrga kelish; 2) intuitiv ravishda
vujudga kelgan pedagogik g‘oyani bir lahzada anglab olish va uni amalga oshirish
yo‘llarini tanlash; 3) g‘oyani ommaviy tarzda bayon qilish; 4) pedagogik g‘oyani
amalga oshirish jarayonini zudlik bilan tahlil etish.
Hozirgacha
fanda
ilmiy-tadqiqot
faoliyatni
anglashga
nisbatan
yangi
yondashuvlar shakllanayotganligini alohida ta’kidlash kerak. Chunki ilmiy
hamjamiyatning hozirgi kundagi ilmiy dunyoqarashi yangi sifatiy bosqichga o‘tdi.
Ba’zi olimlar bu jarayonni yangi postnoklassik paradigmalar bilan izohlashga
harakat qilmoqdalar1. Mohiyatan esa, hozirda ilmiy-tadqiqot faoliyatining yangi
tipologik xususiyatlari shakllanmoqda. Shunga muvofiq ilmiy faoliyatning tadqiqot
ob’ekti ham o‘zgarib bormoqda. Ular orasidagi gnoseologik bog‘liqlik tobora
epistemologik aloqadorlikka o‘z o‘rnini bo‘shatib bermoqda. Shu sababdan ham
fan taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilmiy bilimlarni epistemologik jihatdan
sintez qilish g‘oyasi ustuvorlik qilmoqda. Ushbu yondashuvning ahamiyatli jihati
shundan iboratki, unda inson o‘rganilayotgan ob’ektdan tashqarida emas, balki
uning ichida, bilish jarayonining bir qismi sifatida faoliyat olib boradi. Bunday
yondashuv natijasi o‘laroq, biz ilmiy hamjamiyatning haqiqat mohiyatiga yanada
yaqinlashayotganligini anglaymiz. “Ilmiy faoliyat ijod bilan chambarchas bog‘liq.
Ilmiy xodimning bilimi, iste’dodi, qobiliyati, ko‘nikmalari, ilmiy haqiqatning
tagiga yetishga bo‘lgan intilishlari ilmiy ijodda o‘z aksini topadi”2. Shu nuqtai
nazardan, ilmiy ijod faqat ilmiy muammolarning yechimini izlab topishni emas,
balki u dunyoni yangi tamoyillar asosida tushunish, taraqqiyot paradokslarini
noan’anaviy yondashuv asosida tahlil qilish, yangi ilmiy g‘oya va gipotezalar
orqali ilmiy yo‘nalishlarni ishlab chiqishga shart-sharoit yaratadi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyati insonning bevosita shaxsiy va jamoaviy bilim hamda
ko‘nikmalariga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, ilmiy faoliyat insonning bir qancha
1 Қаранг: Яценко Л.В. Философские основания теории и методологии творчества /Теория и методология
2 Саифназаров И., Никитченко Г.В., Қосимов Б.У. Илмий ижод методологияси. Ўқув қўлланмаси - Тошкент:
Янги аср авлоди, 2004. –Б.
tadqiqotlari asosida yig‘iladigan shaxsiy yoki jamoaviy intilishining bir
ko‘rinishidir. Demak, ilmiy-tadqiqot faoliyatining yangicha turini shakllantirish
taraqqiyot uchun muhimdir. Zero, ilmiy ijod natijalarini amaliyotga tatbiq etish
orqali jamiyat miqyosida ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda farovonlikni
ta’minlash mumkin. Darhaqiqat, ilmiy-tadqiqot faoliyati insonning individual
ko‘nikmalari, ilmiy izlanishlari, nazariy va amaliy bilimlarining rivojlanishi
natijasida tobora mustahkamlanib boradi. Aynan shuning uchun ham insonning
ijodkorlik qobiliyatida bilim va ruhiy kechinmalarining uyg‘unlashganini kuzatish
mumkin. Zero, ilmiy-ijodiy jarayonni hech qachon sun’iy tarzda shakllantirib
bo‘lmaydi.
Bugungi kunda yangi ilmiy g‘oyalarning insonparvarlik bilan uyg‘unlashuvi
fanning muhim talablardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham A.A.Koblyakov,
“Odamlar murakkab ilmiy-ijodiy faoliyati natijasida, o‘zligini yo‘qotish xavfiga,
barqaror hayotdagi bevosita yoki bilvosita bosim ostida kardinal ravishda
o‘zgarishiga olib kelmoqda. Bu esa ularning o‘z insoniy sifatlarini yo‘qotishi bilan
tobora xatarli tus olmoqda. Ayni shu ma’noda, biz ilmiy yutuqlardan samarali
foydalangan holda bir qutbda bir dunyo boylik to‘planayotganligini, ikkinchi
qutbda
esa
qoloqlik,
qashshoqlik,
kambag‘allik,
kasalliklar,
ocharchilik
hukmronlik qilayotganligini kuzatish mumkin bo‘ladi”3, - deb yozadi. Darhaqiqat,
bunday ijtimoiy-iqtisodiy tanglik keskin siyosiy kelishmovchiliklar, konfliktlar,
diskriminatsiya, mintaqaviy ziddiyatlar, terrorchilik va boshqa xavf–hatarlarning
oshib borishiga ta’sir ko‘rsatishini unutmasligimiz lozim.
Zamonaviy ilmiy tadqiqot konsepsiyalarida inson qanday kuchlar ta’sirida
o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, bu yangi konsepsiyalarga
muqobil ravishda axloqiy me’yorlar, tarbiya, ma’rifat va ma’naviy-madaniy
muloqot jarayonidagi ideallar va qadriyatlarni kiritish ustuvor ahamiyat kasb
etmoqda. Shu nuqtai nazardan, ilmiy-tadqiqot faoliyatining insonparvarlashuvi
olimlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, sayyoramizda umuminsoniy ruhiy-axloqiy
3 Кобляков А.А. Основы общей теории творчества (синергетический аспект) // Сб.: “ Философия науки”. М.
2002. Вып. 8. С. 96-107.
qadriyatlar, ya’ni insonparvarlik ruhining qaror topishiga yordam beradi. Ayni shu
ma’noda, sog‘lom ijodga tayangan ilmiy tadqiqot kelajagi ijtimoiy hamkorlik,
insoniylikka asoslanishiga zamin yaratadi. “Ilm-fanga, ijodga qiziqish hissini
bolalarda yoshlikdan uyg‘otish masalasiga maktab, ota-onalar, olimlar ko‘proq
e’tibor berishlari lozim. Shu bilan birga ilmda yoshi o‘tib qoldi, degan gap
bo‘lmaydi”4. Darhaqiqat, bu fikrda ilmiy-ijodiy faoliyatning axloqiy va gumanistik
jihatiga e’tibor berilganligini kuzatish mumkin. Zero, ilmiy-ijodiy faoliyatda
haqiqiy muvaffaqiyatga erishish uchun olimlar o‘zlarining aqliy imkoniyatlarini
to‘liq ishlata bilishlari, yashiringan qobiliyatlarini kashf qilishlari va uni
rivojlantirishlari hamda o‘z aqliy va ijodiy boyliklarini boshqarishni o‘rganishlari
lozim.
Olim o‘z tadqiqotlarining g‘ayriinsoniyligi va ulardan foydalanish uchun
javobgarlikni to‘laligicha ishni buyurtma qilgan va unga haq to‘lagan ijtimoiy
kuchlar, hukumatlar, firmalar yoki ayrim shaxslarga yuklashga haqli emas. Albatta,
yirik ilmiy kashfiyotning barcha oqibatlarini ham oldindan aytib bo‘lmaydi. Ularni
baholashda kelishmovchiliklar va xatolar bo‘lishi mumkin. Ilmiy tadqiqotning
maqsadlari va metodlariga berilgan axloqiy baho ham bahsli bo‘lishi mumkin.
Ammo bu hol bunday baholarni berish va ular uchun ijtimoiy javobgar bo‘lish
majburiyatini olimlar zimmasidan soqit etmaydi. Darhaqiqat, taniqli faylasuf olim
Z.Davronov ta’kidlaganidek, “Olimlikning manbai tevarak-atrof, tabiat, jamiyat,
insonlar turmush tarzi manbalarini o‘rganish, bilim olish, ma’rifatli bo‘lish bilan
bog‘liq. Olimlik ─ mashaqqat”5.
Olimlarning ijtimoiy mas’uliyati masalasi atom quroli yaratilishi munosabati
bilan ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etdi. Endilikda fan yutuqlari ekologik yoki
boshqa xil halokatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har bir holda ushbu
masala ko‘tariladi. Hozirgi vaqtda olimlarning ijtimoiy mas’uliyati g‘oyasi
umume’tirof etilmoqda. Chunki ilmiy kashfiyotlar ishlab chiqarishda samarali
4 Файзуллаев О. XX аср зиёлилари: устозларим ва сафдошларим / О.Файзуллаев. – Тошкент: Фалсафа ва
ҳуқуқ институти, 2008. – Б.278.
5 Давронов З. Баркамолликка даъват мактублари. – Тошкент: Iqtisod-moliya, 2011 – Б.116.
qo‘llaniladi va buning natijasida butun dunyo hamda odamlarning turmush tarzi
ham o‘zgaradi. Fandagi ijodiy erkinlik tafakkurning tabiat va jamiyat
hodisalarining teran mohiyatini ochib berishga muttasil intilishda namoyon bo‘ladi.
Kon’yunktura, sub’ektivizm ilmiy-ijodiy faoliyat ruhiga batamom yotdir. Ilmiy
ijodda teranlik, ob’ektivlik, shuningdek, olingan yoki olinayotgan ilmiy bilimga
tanqidiy yondashuv xosdir.
Ilmiy tadqiqot asosida inson yangi ilmiy yo‘nalishlar va yangi fanlarni
vujudga keltiribgina qolmasdan, balki yangi ilmiy bilim noan’anaviy sohalarining
tarkibi va tuzilishiga katta ta’sir ham ko‘rsatmoqda. Bu esa ilmiy ijodning tadqiqot
doirasi kengayib borayotganligidan dalolat beradi. Bunday faoliyatning yuqori
bosqichi haqida alohida to‘xtalib, A.S.Maydanov: “Ilmiy ijod orqaligina fandagi
noana’naviy g‘oyalarni tushunish va tushuntirish mumkin. Ayni damda
noana’naviy yondashuv ilmiylik manbaini, ilmiy izlanishlarning yangi bosqichini
ochishga yordam beradi”6degan xulosaga keladi.
Faoliyat sohalari kabi ijodning turlari ham xilma-xildir. O‘z navbatida, yana bir
qancha turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan ijodning ilmiy, texnikaviy,
badiiy, musiqiy, adabiy, pedagogik turlari ajratib ko‘rsatiladi. Ba’zi ijod
ko‘rinishlari o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
4.2.Ilmiy tadqiqotning xossalari.
Ilmiy tadqiqot real olamdagi hodisalar va umumiy qonuniyatlarni kashf etish
bilan bog‘liqdir. Ilmiy tadqiqotning xossalari quyidagilar:
–ilmiy-tadqiqotni amalga oshirishda mavhum, mantiqiy tafakkurga tayanish;
–timsollar, tushunchalar, mulohazalar, nazariyalar va mavhum g‘oyalar
ko‘rinishidagi yangi bilimlar ilmiy ijodning mahsuli hisoblanadi;
–ilmiy tadqiqot jarayoni ham empirik, ham nazariy xarakter kasb etishi mumkin.
6 Майданов А.С. Интеллект решает неординарные проблемы /РАН. Ин-т философии. — М.: ИФ РАН, 1998.
— 321 с.
Empirik tadqiqot kuzatish va eksperiment jarayonida o‘rganilayotgan ob’ekt
bilan bevosita olib boriladigan amaliy ishni anglash va umumlashtirish natijasidir.
Nazariy
tadqiqot
fanning
tushunchalar
apparatini
takomillashtirish
va
rivojlantirish hamda ob’ektiv voqelikni bilvosita anglash, shuningdek, empirik
tadqiqotlar materiallari asosida ishlab chiqiladigan nazariya bilan bog‘liqdir.
– Ilmiy tadqiqot ko‘p hollarda jamoaviy xususiyatga ega bo‘ladi. Chunki hatto
alohida olingan olimlar tomonidan gipotezalar, nazariyalar, aniqlangan dalillar
muhokama qilinadi, ularga taqrizlar beriladi, hamkasblar tomonidan tanqidiy
baholanadi;
– ilmiy kashfiyotlar tarixiy bosqich bilan shartlangan bo‘ladi. Bunday shartlanish
jamiyat taraqqiyotining u yoki bu bosqichida yuzaga keladigan zaruriyatlar bilan
bog‘liqdir;
– ko‘p hollarda ilmiy g‘oya va kashfiyotlar o‘z davridan ilgarilab ketadi, natijada
ular jamoatchilik tomonidan bir necha o‘n yilliklardan so‘ng tan olinadi va ko‘plab
yetakchi olimlar o‘limidan so‘nggina shon-shuhratga erishadilar.
Ilmiy tadqiqot intuitiv bilimdan foydalanish zaruriyatini anglatadi. Ilmiy
tadqiqotning natijasi prinsipial jihatdan inson bilish jarayonining butun tarixi
kontekstidagi ob’ektiv, yangi bilim hisoblanadi. Ilmiy tadqiqot jarayonidagi
takrorlanmaslik mezoni faqatgina ilmiy ijodga o‘ziga taalluqli bo‘lib, uning
natijasiga ta’sir etmaydi.
Ilmiy tadqiqot – betakrorligi, mohiyatan yangi bilimlarga erishish vositalarining
o‘ziga xosligi hamda natijalarning takrorlanishi bilan xarakterlanadigan bilish
hodisasi bo‘lib, uning asosini intuitiv bilimni o‘zgartirish jarayoni tashkil etadi.
Ilmiy tadqiqotni tavsiflash uchun “har qanday haqiqat bema’nilik sifatida
boshlanib, xurofotda yakunlanadi” degan hikmat ko‘proq mos keladi.
4.3.Ilmiy tadqiqotning amal qilish mexanizmlari.
Muammo va uni to‘g‘ri qo‘yish ilmiy tadqiqotnnig eng muhim mexanizmi (bu
haqda to‘liq 2 bo‘limda fikr boradi)
Gipoteza. Ilmiy tadqiqot va ijodiy faoliyat inson intellektual salohiyatini
yuksaltiruvchi omillar bo‘lib, bular orqali insonning biladigan haqiqati ham
bilimdan iborat bo‘ladi, aql esa ilmdan quvvat oladi va shuning bilan birga ilm
ham egallanadi. Bu jarayonda gipotezaning o‘rni beqiyos hisoblanadi. Ayni shu
ma’noda, S.Yu.Saurov “Gipoteza fenomeni nazariyani yaratishning dastlabki
bosqichidir”7, deb yozadi. Mazkur fikrda gipotezaning dinamik xususiyati yoritib
berilgan bo‘lsa-da, uning ehtimoliy asoslarga tayanishi ochib berilmagan. Zero,
ilmiy-ijodiy faoliyatda gipoteza orqali tadqiq etilayotgan muayyan hodisaning
ehtimol tutilgan yangi asoslari va sabablari haqidagi farazlar, taxminlar, fikrlar
muhim o‘rinni egallaydi.
Gipoteza deganda yangi ilmiy izlanish jarayonida dalillarning mohiyatini
tushuntiruvchi qonun mavjudligi haqidagi asosli taxmin ko‘zda tutiladi. Gipoteza
odatda olimlar tomonidan ilmiy muammoning qo‘yilishiga sabab bo‘lgan ilmiy
dalillarni taxminiy tushuntirish maqsadida ham ishlab chiqiladi. Bunda gipoteza
nazariy va empirik talablarga javob berishi talab etiladi. Agar bunday
tekshirishning iloji bo‘lmasa, gipoteza ilmiy jihatdan asossiz, deb topiladi.
I.Saifnazarov, G.Nikitchenko, B.Qosimovlarning ta’kidlashicha, “Ilmiy ijod
jarayonida gipotezalarning to‘g‘riligi, ziddiyatsizligi bir necha karra sinovdan
o‘tkaziladi. Tekshiruvlarning ijobiy natijasi gipotezaning to‘g‘riligini tasdiqlaydi
yoki gipoteza haqqoniy ilmiy nazariyaga aylanganini ko‘rsatadi. Bu ilmiy ijodning
tantanasi, chinakam ilmiy kashfiyotdir. Ilmiy ijodda teran, mazmunli gipoteza
ilmiy bilimning o‘sishi, fanda prognoz va bashorat qilish, ilmiy qonunni kashf
etish va nazariya yaratish uchun pishiq poydevor bo‘lib xizmat qiladi”8. Bu fikrdan
ma’lum bo‘ladiki, gipoteza asosida inson bilimsizlikdan bilimga, nomukammal va
nohaqqoniy bilimdan mukammal va haqqoniy bilimga, dalillarni o‘rganishdan
ob’ektiv mavjudlikning ichki mantig‘ini bilishga, ilmiy nazariyani shakllantirishga,
bir nazariyadan bilimning yuqori darajasidagi boshqa nazariyaga o‘tish
imkoniyatiga ega bo‘ladi. Leybnis: “Agar gipoteza quyidagi uch shartni
7 Сауров С. Ю. Научная гипотеза в контексте методологии естествознания / С. Ю. Сауров. - Киров : ВятГГУ,
2009 (Киров : Старая Вятка). - 166 с.
8 Қаранг: Саифназаров И., Никитченко Г.В., Қосимов Б.У. Илмий ижод методологияси. Ўқув қўлланмаси –
Тошкент: Янги аср авлоди, 2004.
qanoatlantirsa, u asosli bo‘ladi: birinchidan – u sodda bo‘lsa; ikkinchidan – ko‘p
sonli hodisalarni tushuntirsa; uchinchidan – yangi hodisalarni bashorat qilishga
yordam bersa”9, - deb ta’kidlaydi. Mazkur uchta shartning oxirgisi aynan ilmiy-
ijodiy faoliyatda namoyon bo‘luvchi gipotezaning mazmun-mohiyatini ifodalaydi.
Nazariya - bu tabiat va jamiyat qonunlarining tushunishgagina emas, balki
unga faol ta’sir etib aqliy asosda o‘zgartirishlar kiritish haqidagi ilmiy g‘oyalar
to‘plamidir. Ilmiy bilishda nazariya hodisalarning muayyan turkumi, bu
turkumdagi hodisalarning mohiyati va ularga nisbatan amal qiladigan borliq
qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va amaliyot sinovidan o‘tgan
tizimi sifatida ham talqin etiladi. U o‘rganilayotgan hodisalarning mazmunini
yorituvchi tabiat va jamiyat umumiy qonunlarining kashf etilishi natijasida
shakllanadi. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo‘lgan va yuzaga
kelishini belgilagan barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni
jamuljam holda tadqiqot ob’ekti haqida umumiy tasavvurni, ob’ektning ideal
modelini tashkil etuvchi ko‘p sonli tamoyillar, aksiomalar, qonunlar nazariyaning
ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model ayni vaqtda asosiy nazariy
tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Hozirgi kunda sub’ektning faolligiga hech kim shubha qilmaydi. Chunki
turli-tuman nazariyalarning hammasi insonning mehnat mahsulidir. Ilmiy-ijodiy
izlanishlarda nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish
kabi muhim funksiyalarni bajaradi. Jumladan, nazariya ilmiy dalillar tizimini
tartibga soladi, ularni o‘z tarkibiga kiritadi va o‘zini tashkil etuvchi qonunlar va
tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi. Puxta ishlab chiqilgan
nazariya fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish
imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo‘lib
xizmat qiladi, ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo‘l ko‘rsatadi.
Nazariyada ilmiy g‘oyalar, ya’ni unda aks ettirilgan ob’ektlar turkumi doirasida
amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar haqidagi bilimlar markaziy o‘rinni
egallaydi. Ilmiy g‘oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi qonunlar, tamoyillar va
9 Қаранг: Лейбниц Г.В. Сочинения в 4-х т. Т. 1. М, 1982. С. 16.