INTELLEKTUAL NUQSONLI (AQLI ZAIF ) BOLALAR
Reja:
1. Oligofrenopedagogika fanining vazifalari.
2. Aqli zaiflikning kelib chiqish sabablari.
3. Oligofreniya darajalari.
4. 4.Oligofren bolalar ta’lim-tarbiya oladigan muassasalar.
Tayanch iboralar:
Oligofren - bolaning ona qornida yoki ilk chaqaloqlik davrida bosh miyasi
zararlanishi natijasida kelib chiqadigan aqli zaiflik.
Demensiya - bolaning hayot davomida turli bosh miya kasalliklari natijasida bilish
jarayonining pasayishi.
Oligofreniya (yunoncha “oligos”-kam, “fren”-aql) so’zlaridan olingan
bo’lib,esi past, aqli past demakdir.
Oligofren bolalar markaziy nerv sistemasining organik kasalliklari natijasida
bilish faoliyati pasayib ketishi va nuqsonlar umrbod saqlanib qolishi bilan boshqa
anomal bolalardan farq qiladi.
Oligofrenopedagogika fanining mavzu bahsi aqli zaif bolalardir.
Oligofrenopedagogika fanining vazifasi, aqli zaif bolalar ta’lim-tarbiyasi, ulardagi
nuqsonni tuzatish, korreksion yo’llarini belgilab berishdan iborat.
Oligofrenopedagogika fani quyidagi masalalarni hal etishni o’z oldiga
maqsad qilib qo’yadi:
-aqli zaiflikni pedagogik tahlil qilish;
-aqli zaiflik sabablarini o’rganish;
-aqli zaif bolalarni rivojlanishini pedagogik va psixologik o’rganish yo’llari va
vositalarini aniqlash;
-aqli zaif bolalarga bilim va mehnat tayyorgarligini berish;
-o’quv fanlarining xususiy uslubiyotlarini ishlab chiqarish.
Butun dunyo sog’likni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda
aqli zaiflar aholining 3 % ni son jihatdan 100 milliondan ortiq kishini, jumladan
O’zbekistonda 0,5 milliondan ortiq kishini tashkil etar ekan.
Aqli zaif bolalarni rivojlanishi, uning birinchi yashash davridanoq normal
bolalar rivojlanishidan farq qiladi. Ko’pchilik aqli zaif bolalarda yurish harakatlari
kechikib rivojlanadi. Ularda beo’xshov qadam tashlash, sekin harakatlar kuzatiladi.
Ularda tevarak-atrofga bo’lgan qiziqishlarining pastligi, befarqligi bilan normal
bolalardan farqlanadi. Tevarak-atrofdagilarning nutqini darrov tushunish qobiliyati
sekin o’sib boradi. Aqli zaif bolalarning 71% da nutq kechikib rivojlanadi. Lug’at
boyligi kambag’al bo’ladi. Uchdan bir qismida ko’rish nuqsonlari mavjud bo’ladi.
Aqli zaif bolalar taraqqiyotida 3-4 sinflar asosiy rol o’ynar ekan. Bu yoshda
ularning aqli rivojlanishida sezilarli siljishlar ro’y beradi.
Aql murakkab ruhiy faoliyat bo’lgani uchun uni har xil kasalliklar natijasida
kelib chiqadigan belgi va holatlari ham turlicha bo’ladi.
Oligofren bolalar markaziy nerv sistemasining organik kasalliklari natijasida
bilish faoliyati pasayib ketishi va bu nuqsonlar saqlanib qolishi bilan belgilanadi.
Aqliy qoloqlik klinik, psixologik va pedagogik mezonlar bilan aniqlanadi. Klinik
mezon-aqliy qoloqlik va bu markaziy nerv sistemasining qanday organic
kasalliklarga aloqadorligini; psixologik mezon bilish faoliyatining turg’un
buzilganligi; pedagogik mezon o’zlashtirish qobiliyati past bo’lib bolaning dastur
materilallarini o’zlashtira olmasligini ifodalaydi.
Oligofreniya bola markaziy nerv sistemasining ona qornidaligi davrida, va
tugilgandan to uch yoshgacha bo’lgan davr ichida shikastlanish, tug’ish davrida
kasallanishi natijasida kelib chiqadi. Turli sabablarga ko’ra aqli zaiflik bolaning
ikki yoshidan keyingi davrida paydo bo’lsa, demensiya deb yuritiladi. Demensiya
progressev, ya’ni tabiatan kuchayib boradigan bo’ladi.
Aqli zaiflikning asosiy belgilari.
1. Bosh miyada organik buzilishning mavjudligi.
2. Bilish faoliyatining chuqur buzilganligi.
3. Bilish faoliyatining buzilganligining turg’un xarakterdaligi.
Kelib chiqish sabablariga ko’ra oligofreniya tug’ma va orttirilgan bo’ladi:
homila davrida turli salbiy ta’sir etuvchi infeksiylar-intoksikasiya va
jarohatlar;
tug’ilish vaqtidagi jarohat va asfeksiya;
chaqaloqning ilk yoshida salbiy ta’sir etuvchi yuqumli kasalliklar;
turli irsiy yo’l bilan avloddan-avlodga o’tadigan gen xromosoma kasalliklari;
ota-onalarning ichkilikka berilishi, narkomaniya, taksikomaniya.
Oligofreniyaga ikki muhim belgi xosdir.
1.Ularning ruhiy rivojlanishi kamolotga yetmasdan to’xtab qoladi va asosan,
ularning klinik manzarasida aqliy yetishmovchilik belgilari ustunlik qiladi.
2.Ularda prosessual kasalliklarga xos bo’lgan alomatlar xastalikni yomon
tomonga qarab yo’nalishi, rivojlanishi kuzatilmaydi.
Oligofren aqli zaif bolalar voqea va hodisalarni kuzatib, chuqur tahlil etib,
umumlashtirib, to’g’ri xulosalar chiqarish qobiliyatiga ega bo’lmaydi. Bilim doirasi
tor, mulohazalari yengil, sayoz va o’ta sodda bo’ladi. Bu kamchilik ularning diqqat
e’tiboriga, aql-idrok etish qobiliyatiga, xotiralarining sifatiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Ularda faqatgina ruhiy rivojlanish to’xtab qolmasdan balki, jismoniy kamchiliklar
ham ko’zatiladi. Jismoniy kamchiliklarning ko’zga tashlanadigan belgilari bolaning
homilalik davrida zararli omillarni ta’siri bo’lganda hamda xromosoma
apparatining patalogiyasi natijasida ham kuzatiladi. Aqli zaiflikning yengil
darajasini aniqlash ancha murakkab, chunki ba’zilari boshqa bolalardan farqlab
olish ancha qiyin.
Oligofreniya darajalari
Debil
Imbesil
Idiot
Aqliy nuqsonning chuqurligiga qarab oligofreniya 3 darajaga ajratiladi;
- debil
- imbesil
- idiot
Debillik -birmuncha yengil daraja bo’lib, oligofreniyaning eng ko’p
tarqalgan darajalaridan biridir. Yordamchi maktab o’quvchilarining asosiy qismini
debil bolalar tashkil etadi. Uni boshqa o’xshash anomaliyalar va sog’lom
bolalardan ajratib olish ancha qiyin. Buning asosiy sababi shundaki, aqliy nuqsoni
aytarli darajada chuqur emas. Aql idrok, xotira, tafakkur qobiliyatlarida
kuzatiladigan kamchiliklar sezilarli darajada bo’lmaydi. Ular aniq masalalarni hal
qilishlari mumkin bo’lsa ham keng va chuqur ko’lamli voqealar, hodisalar va
muammolarni mustaqil tahlil etib to’g’ri xulosa chiqarishga ojizlik qiladilar.
Ammo tafakkurni umumlashtirish qobiliyati yetishmasligiga qaramay, ular aniq
fikrlash hisobiga maxsus maktab dasturlarini o’zlashtirishlari mumkin. Hamda,
amaliy, ijtimoiy tajribalar orttirib, hayotning o’zgarib turadigan talablariga ma’lum
darajada moslashishlari mumkin. Ularning his-tuyg’u, irodalarida ishonuvchanlik,
soddalik hamda fe’l-atvorida g’o’rlik belgilari kuzatiladi. O’z-o’zini nazorat qilish
va atrof-muhitga bo’lgan tanqid va hushyorlik sezilmaydi. O’qishga qobiliyatlari
sust, zehni past bo’ladi. Bu bolalar umumlashtira oladilar. Debil bolalarda yetarli
harakatchanlik, ish qobiliyatlari saqlangan bo’ladi. Tushunchalarning shakllanishi
juda qiyin amalga oshadi. Umumlashtirish, taqqoslash jarayonlari juda zaifdir.
O’qilgan muayyan mavzuni qiyinchilik bilan o’zlashtiradilar. To’g’ri yozish
malakalarini qiyinchilik bilan egalklaydilar. Ularning nutqi sodda, grammatik
tomoni buzilgan, tili chuchuk bo’lishi mumkin.
O’z vaqtidagi ta’lim-tarbiya, mehnat malakalarini berish aqliy nuqsonni
murakkablashtiruvchi asab-ruhiy ta’surotlarni yo’q qilish orqali debil bolalarni
muvaffaqiyatli holda hayotga moslashtirish mumkin. Bu bolalarda intilishlarining
borligi, kelajakda jamiyatda o’z o’rinlariga ega bo’lishlarini bilishlari asosida
mehnat malakalarini egallashlariga yordam beradi.