ISHLAB CHIQARISH MUHITIDAGI KIMYOVIY OMILLAR VA DAVOLOVCHI PROFILAKTIK OVQATLANISH HAQIDA TUSHUNCHA.
Yuklangan vaqt
2025-09-06
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
24
Faytl hajmi
36,2 KB
ISHLAB CHIQARISH MUHITIDAGI KIMYOVIY OMILLAR VA
DAVOLOVCHI PROFILAKTIK OVQATLANISH HAQIDA TUSHUNCHA.
Ma’ruza rejasi:
1. Umumiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab chiqarish kimyoviy omillariga
xarakteristika, zararli ta’sirlarni oldini olish.
2. Ishchilar organizmiga ishlab chiqarish muhitidagi spetsifik ta’sir ko‘rsatuvchi
omillari va ularni oldini olish tadbirlari.
3. Ishchilarga davolovchi-profilaktika ovqat ratsionlarini berish haqida
tushuncha.
4. Qishloq aholisining mehnat sharoiti va tarmoq turlari. Mehnat sharoitlarini
sog‘lomlashtirish.
5. Qishloq ho‘jaligida ishlatiladigan pestitsidlar va ularning tasnifi. Pestitsidlar
bilan kasbiy zaharlanishlarni oldini olish tadbirlari
Umumiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab chiqarish kimyoviy omillariga umumiy
gigiyenik xarakteristika, zararli ta’sirlarni oldini olish tadbirlari.
Ishlab chiqarish muhitidagi kimyoviy omillar juda ko‘p uchraydigan omillar
guruhini tashkil etib, zamonaviy sanoat korxonalarida 60 mingdan ortiq turli xildagi
va ko‘rinishdagi kimyoviy moddalar ishlatiladi. Bu moddalar korxonalar uchun
xom-ashyo mahsulotlari, yoki ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan oraliq
mahsulotlarga doir kimyoviy moddalar va yoki korxonaning yakuniy mahsuloti
bo‘lishi mumkin.
Mazkur ma’ruzamiz uchun belgilangan vaqt ayrim turdagi kimyoviy moddalar
yoki ularning guruhlariga alohida gigiyenik xarakteristika berishga imkon bermaydi.
Shuning uchun ana shu kimyoviy moddalarning ishchilar organizmiga ta’sir etish
asoslariga doir ma’lumotlarnigina va ularning zararli ta’sirini oldini olishga
qaratilgan tadbirlar guruhigagina to‘xtalamiz.
Kimyoviy moddalarning fizikaviy va kimyoviy xossalari, agregat holatlari va
texnologik jarayonning tabiatiga muvofiq ular ishchilar organizmiga turli yo‘llar
bilan kirishi mumkin. Eng muhim kirish yo‘li ingalyatsion, ya’ni nafas yo‘li orqali
kirish hisoblanadi, chunki juda ko‘p holatlarda kimyoviy moddalar bilan ishlash
jarayonida ishchi zonasi havosi ana shu kimyoviy moddalar bilan ifloslangan
bo‘ladi. Buning ustiga sanoat zaharlarining ingalyatsion yo‘l orqali tushishidagi
ta’siri yorqinroq namoyon bo‘ladi. Kimyoviy moddalar nafas orqali organizmga
kirganda, o‘pka orqali bevosita qonga o‘tadi va jigar to‘sig‘ini chetlab o‘tib hujayra,
to‘qima va organlarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq kimyoviy moddalarning
ishchilar organizmiga per os, ya’ni og‘iz bo‘shlig‘i yoki shikastlanmagan badan
terisi orqali tushishi mumkinligini ham inkor etish mumkin emas.
Kimyoviy moddalar organizmga tushgandan keyin birinchi soatlarda organizmda
u yoki bu nisbatda bir xilda tarqaladi, keyinchalik esa ularning qayta taqsimlanishi
natijasida moddalar organ yoki to‘qimalarda to‘planishi kuzatiladi. Organizmda
kimyoviy moddalarning aksariyat qismi oksidlanish, qaytalanish, metillanish,
dekarbonsizlanish jarayonlari tufayli zararsizlanadi. Bu jarayonlarning ko‘pchiligi
jigar to‘qimasida sodir bo‘lganligi sababli, aynan shu organ ko‘proq zararli ta’sirga
duchor bo‘ladi. Kimyoviy moddalarning ayrim qismi organizmdan o‘zgarmagan
holda chiqarib yuboriladi, kimyoviy moddalarning organizmdan chiqarilishi yoki
metabolik jarayondan hosil bo‘ladigan moddalarning chiqarilishi ham jigar orqali
amalga oshiriladi. Ayrim turdagi moddalargina ter bezlari, o‘pka, chiqaruv yo‘llari,
so‘lak bezlari orqali chiqarilishi mumkin, Alohida aytish lozim-ki, ayrim yog‘da
eruvchi moddalar ona suti orqali chiqarilib, bola organizmiga o‘tishi ham mumkin.
Kimyoviy moddaning tabiati, moddaning dozasi va uning ta’sir etish muddatiga
bog‘liq holda organizmda o‘tkir, oraliq, surunkali zaharlanish holatlarini, yoki
moddaning spetsifik ta’sir samarasi kelib chiqishi mumkin.
O’tkir – zaharli moddani organizmga bir marta yuqori miqdorda kirishi va
zaharlanish belgilarining tezda paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
O’tkir osti – organizmga zaharli modda bir marta kirishi natijasida zaharlanish
belgilarini sekin-asta paydo bo’lishi.
Surunkali - zahar kam miqdorda asta-sekin, lekin uzoq vaqt bo‘linib-bo‘linib
organizmga kirishi tushuniladi.
Zaharlangan holatning yuzaga kelishi bir qator gigiyenik xarakteristikalarga
bog‘liq holda bo‘lishi ham mumkin: moddaning suvda yoki yog‘da eruvchanligi,
barqarorlik darajasi, kumulyativlik xususiyati, zaharlilik sinfi va dozasi.
Kumulyatsiya - kimyoviy moddaning organizmda to‘planishi demakdir.
Shunga muvofiq moddiy va funksional kumulyatsiyalar farqlanadi. Moddiy
kumulyatsiya - ma’lum bir moddaning organizmda to‘planishini bildirsa, funksional
kumulyatsiya - moddaning ta’sir samarasini ko‘rsatadi. Moddiy kumulyatsiya
ko‘proq
kimyoviy
moddaning
barqarorligiga
bog‘liq
bo‘lsa,
funksional
kumulyatsiya moddaning zaharlilik darajasiga bog‘liqdir.
Organizm uchun xavflilik darajasi bo‘yicha shu moddaning barcha gigiyenik
ta’riflarini inobatga olgan holda barcha sanoat zaharlarini 4 ta zaharlilik sinfiga
bo‘lish qabul qilingan (jadval):
I sinf - o‘ta xavfli moddalar
II sinf - yuqori xavfli moddalar
III sinf - o‘rtacha xavfli moddalar
IV sinf - kam xavfli moddalar
Xavflilik sinfini aniqlash uchun bir qator toksikologik parametrlardan
foydalaniladi: LD50, CL50 (o‘rtacha o‘lim chaqiruvchi doza yoki konsentratsiya),
Kkum (kumulyativlik koeffitsienti), hamda REK qiymatlari. Bularning hammasi
toksikologik tajribalar asosida hisoblab topilgan qiymatlardir. Mas., LD50 gi 15
mg/kg va undan kam bo‘lgan kimyoviy moddalar I-sinfga doir xavflilik guruhiga,
15-150 mg/kg atrofida bo‘lsa II- sinfga, 151-1500 mg/kg bo‘lsa III- sinfga, 1500
mg/kg dan ortiq bo‘lsa IV- xavflilik sinfiga taalluqli bo‘ladi.
O‘ta yuqori kumulyativlik xususiyatiga ega bo‘lgan moddalar I-sinfga,
yuqori kumulyativlik xossasiga ega bo‘lgan moddalar II-sinfga,
o‘rtacha kumulyativlik xususiyatiga ega bo‘lgan moddalar III-sinfga
past kumulyativlik xossasiga ega bo‘lgan moddalar IV-sinfga taalluqlidir.
Sanoat zaharlarining xavflilik darajasini baholanganda ayollar va bolalar
organizmining yuqori darajadagi sezgirlik holatlarini hisobga olish zaruriy
hisoblanadi. Ayrim moddalar mas., marganets va bor moddalariga nisbatan erkaklar
organizmi yuqori sezgirlikni namoyon qiladi.
Zaharli moddalarning ta’sir etish samarasi yuqori harorat va yuqori namlik
sharoitlarida va bir vaqtning o‘zida yuqori darajadagi shovqin va tebranish ta’sir
etganda juda yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga og‘ir jismoniy mehnat bajarganda ham
sanoat zaharlarining ta’sir etish samarasi juda yuqori bo‘lishi tasdiqlangan.
Ishlab chiqarish muhitida sanoat zaharlari odatda kombinatsiyalashgan (birikkan)
holda ta’sir ko‘rsatadi, buning oqibatida turli ko‘rinishdagi ta’sir samaralari
namoyon bo‘ladi: qo‘shilgan ta’sir (odditiv samara), ta’sir samarasining kuchayishi
(otentsirovanie), antogonizm (ta’sir samarasining pasayishi), bir-biriga bog‘liq
bo‘lmagan ta’sir kabilar.
Sanoat zaharlarining umumzaharli ta’sirlarini oldini olish tadbirlarining asosiylari
quyidagilardan iborat (jadval):
-zaharli moddani iloji boricha kam zaharli modda bilan almashtirish (mas.,
bosmaxonalarda qo‘rg‘oshin o‘rniga ruxdan foydalanish);
-texnologik jarayonlarni takomillashtirish (mas., buyumlarga ishlov berish usullarini
o‘zgartirish,
texnologik
jarayonlarni
avtomatlashtirish,
yopiq
turkumdagi
texnologiyalarni qo‘llash);
-ish xonalarini oqilona rejalashtirish va jihozlash;
-ishchi zonasi va ish xonalar havosini oqilona shamollatish (mahalliy, umumiy);
-kimyoviy moddalarni gigiyenik reglamentlash va ish joylaridagi havo tarkibidagi
zaharli moddaning miйdorini nazorat qilib borish (SanQ va M kitobchasini
namoyish qilish, ish joyidagi havo muhitida kimyoviy moddalarning REK rioya
qilish kabilar);
-shaxsiy himoya vositalardan unumli foydalanish (maxsus kiyimlar, lozim
bo‘lganda maxsus respiratorlar va protivogazlar);
-ishchilarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib turish;
-sanoat zaharlari bor bo‘lgan korxonalarga va kasblarga homilador va emizuvchi
ayollarni qo‘ymaslik.
Ishlab chiqarishga doir omillarning spetsifik ta’sirlariga gigiyenik
xarakteristika
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, ayrim turdagi sanoat zaharlari umumzaharli
ta’sir samarasidan tashqari spetsifik ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ham egadir -
allergenli, kanserogenli, mutagenli, teratogenli, embriotoksik ta’sir kabilar.
Sanoat allergenlari (jadval) - bu shunday moddalar-ki, ular organizmga
tushgandan so‘ng, ma’lum muddatlardan so‘ng organizmni allergizatsiya holatiga
olib keladi. Allergenlik xususiyatiga ko‘pincha yuqori molekulali organik birikmalar
ega bo‘ladi, ammo ma’lumki ko‘pgina quyi molekulali moddalardan tortib, toki
ayrim kimyoviy elementlargacha ana shunday ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga
egadirlar, mas., kobalt, nikel birikmalari (CoNi ).
Shak-shubhasiz-ki bu moddalar organizmda gaptenlik vazifasini o‘taydilar,
hujayralardagi oqsil molekulalari bilan birikib, murakkab komplekslar hosil
qiladilar, bu moddalar o‘z o‘rnida organizmni autoallergizatsiya holatiga olib keladi.
Ishchilar organizmida yuzaga keladigan allergik holatlar tez sodir bo‘ladigan va
sekinlik bilan yuzaga keladigan allergik reaksiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi
mumkin.
Tez sodir bo‘ladigan allergik reaksiyalarga
- bronxial astma,
- angionevrotik shish,
- eshak yemi
Sekinlik bilan yuzaga keladigan allergik reaksiyalarga
-dermatilar,
ekzemani kiritish mumkin.
Bunday reaksiyalarning kelib chiqishida nasldan-naslga o‘tuvchi moyillik,
neyroendokrin kasalliklar va shaxsiy moyillik holatlari katta ahamiyatga egadir.
Kasbiy allergozlarning profilaktikasi juda murakkabdir, chunki allergiyani
shakllanishida yoki ayrim hollarda allergik reaksiyalarni kelib chiqishida juda kichik
miqdorlardagi allergenlarning ta’siri ham yetarli bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatlarni
oldini olish uchun allergik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarning o‘zini yoki guruhini
aniqlash va organizmni desensibilizatsiyalash juda muhimdir yoki bo‘lmasa shu
organizmni allergenlar bilan bo‘ladigan aloqasi umuman barham berish zarur
(ikkilamchi profilaktika).
Birlamchi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish uchun umumiy hisoblangan
tadbirlardan tashqari yana ishchilarga kimyoviy moddalarning ta’sir etish
mumkinligini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar (umumzaharli ta’sirlarni oldini
olishga qaratilgan tadbirlar kabi)dan tashqari ishchilarni ishga qabul qilishda
ularning allergiyalarga moyillik holatlarini tekshirish kerak bo‘ladi.
Ayrim turdagi kimyoviy ishlab chiqarish omillari uzoq muddatlardan so‘ng
yuzaga keladigan ta’sir samarasini namoyon qiladi, ya’ni patologik o‘zgarishlar bu
moddalarning ta’sir etganidan so‘ng tezlikda yuzaga kelmay, balki ta’sir etilgandan
ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng namoyon bo‘lishi mumkin. Ana shunday uzoq
muddatdan so‘ng yuzaga keladigan samaralar qatoriga kanserogenli, mutagenli,
teratogenli ta’sirlarni ko‘rsatish mumkin. Ayrim hollarda teratogenli ta’sirni
embriotoksik ta’sir deb ham ataladi.
KANSEROGENLI ta’sir - bu kimyoviy moddalarning xavfli o‘smalarni keltirib
chiqarish xususiyatidir. Sanoat kanserogenlari ko‘p va xilma-xildir (jadval).
Butun dunyo sog‘liqni saqlash Tashkiloti tarkibiga kiruvchi MAIR
(международное агентсво по изучению рака) guruhining tasnifiga ko‘ra (1982)
barcha kanserogenlik xususiyatiga ega bo‘lgan moddalar quyidagi guruhlarga
bo‘linadi (jadval):
I- odam organizmi uchun kanserogenli ta’siri aniqlangan moddalar; 4-aminodifenil,
margumush va uning birikmalari, asbest, benzol, benzidin, xlormetilmetalli efir,
xrom va uning birikmalari, 2-naftilamin, qurum- qatronlar, mineral yog‘lar,
vinilxlorid va b.q.
II- guruh - odam organizmi uchun kanserogenli xususiyati bo‘lishi mumkin bo‘lgan
moddalar. Bu guruhga kiruvchi moddalar yana 2 guruhga bo‘linadi:
II-a - odam organizmi uchun kanserogenli xususiyati yuqori bo‘lgan moddalar
(akrilonitril, benz(a)piren, berilliy, dietilsulfat, 0-toluidin, nitrozoaminlar va b.q.);
II-b - odam organizmi uchun kanserogenlik xususiyati past bo‘lgan kimyovmy
moddalar (to‘rtxlorli uglerod, xloroform, xlorfenollar, dibrometan, formaldegid,
ayrim turdagi gerbitsidlar va b.q.)
Kasb kasalliklari ro‘yxatiga yana badan terisida uchraydigan rak kasalliklari
kiritilgan, bundan tashqari nafas organlari, jigar, oshqozon, siydik pufagi,
suyaklarda uchraydigan xavfli o‘smalar, I-guruhga kiruvchi kanserogenli moddalar
va II-guruhdagi ayrim kanserogenli ta’sirga ega bo‘lgan moddalar ta’sirida yuzaga
keladigan leykozlarni aytish mumkin.
Xavfli o‘smalarni kelib chiqishida organizmning rakdan oldingi holati katta rol
o‘ynaydi, mas., mexanik va termik jarohatlar, zararli odatlar (spirtli ichimlik
ichuvchilar, chekuvchilar).
Xavfli o‘sma kasalliklarini oldini olishda umumiy tadbirlardan tashqari shu
narsani inobatga olish zarur-ki, kanserogenli effekt kanserogenlarning juda kichik
dozalar ta’sirida ham yuzaga kelishi mumkin, buni kanserogenlarning bo‘sag‘asiz
effekti deb nomlanadi. Shuning uchun eng yaxshisi ishlab chiqarish muhitida
kanserogenlarning bo‘lmasligiga erishish kerak.
Butun Dunyo Sog‘liqni saqlash Tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra bir qator
kanserogenlar uchun REK "0" qiymatga ega bo‘lishi kerak, jumladan shunday
qiymat - benzidin, alfa naftilamin, betta nitrozodimetilamin, alfa propiolaktamlar
uchun belgilangan.
Boshqa kanserogenlarning havo muhiti uchun REK faqat ishlab chiqarish havosi
uchun benz(a)pirenga nisbatan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu 15 mg/m3 qiymatga
tengdir.
Kasbga doir xavfli o‘sma kasalliklari uchun dastlabki va davriy tibbiy
ko‘riklarni sifatli o‘tkazilishi katta ahamiyatga ega bo‘lib, rakdan oldingi holatlarni
o‘z vaqtida aniqlash maqsadini ko‘zda tutadi.
MUTAGEN ta’sir -ayrim ishlab chiqarish omillarining mutagen ta’sir
samarasi hujayralarning genetik kodini jarohatlashi bilan bog‘liq bo‘lib, natijada
ishlovchilarning kelgusi avlodlarida organizmning irsiy belgilarini uzatilishiga doir
kuzatiladigan kasalliklar qayd qilinadi. Mutagenli ta’sirga ko‘pgina kanserogenli
xususiyatga ega bo‘lgan moddalar egadirlar, ammo hamma mutagenlar ham
kanserogenli ta’sirga ega emaslar.
Profilaktik tadbirlar, xuddi kanserogenlarga bo‘lgan talab va tadbirlarning
ko‘rinishi kabidir.
GONADOTROP ta’sir - sanoat zaharlarining gonadotrop ta’sirlari erkak
kishilarda spermatogenezning, ayollarda esa ovogenezning izdan chiqishi bilan
ta’riflanadi. Bunday ta’sir ishlovchilarning o‘zlarida ham, ularning kelgusi
avlodlarida ham uchrashi mumkin. Gonadotrop ta’sir xususiyatiga - benzol va uning
gomologlari, xlororganik birikmalar, marganets, xlorpren, kaprolaktam, borat
kislotasi, fenol, qo‘rg‘oshinlar egadir.
Bundan tashqari bir qancha moddalar EMBRIOTOKSIK TA’SIRga ega bo‘lib,
homilador ayol organizmiga ta’sir etganda homila organizmida gistomorfologik
o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi (teratogenli samara), ayrim sharoitlarda esa
(moddaning zaharlilik sinfi, moddaning yuqori dozasi) homilaning nobud bo‘lishiga
ham sababchi bo‘ladi. Teratogenli ta’sir aniq bo‘lgan moddalar qatoriga - xlorpren,
formaldegidli qatron, emallar, laklarni kiritish mumkin. Bunday ta’sirga homilaning
3-7 haftasidagi davri eng sezgir hisoblanadi.
Embriotoksik ta’sirni oldini olish uchun umumiy profilaktik tadbirlardan tashqari
sanoat zaharlari bilan bog‘liq bo‘lgan kasblarda ishlash uchun homilador ayollarni
umuman qo‘ymaslik maqsadga muvofiqdir.
Ishchilarga davolovchi-profilaktik ovqatlarni belgilash.
Ishlab chiqarishga oid zaharlanishlar va spetsifik ta’sir xususiyatiga ega bo‘lgan
moddalar bilan ishlaganda profilaktik tadbirlar qatoriga umumiy tadbirlardan
tashqari zararli ta’sirga uchraydigan organizmning himoya qobiliyatini oshirishga
qaratilgan va organizmning funksional holatini yaxshilashga yo‘naltirilgan tadbirlar
muhim ahamiyatga egadir.
Bu yo‘nalishdagi tadbirlarning eng muhimlari qatoriga ishchilarni
davolovchi-profilaktik
ovqatlantirish
tadbirlari
muhim
o‘rinni
egallaydi.
Davolovchi-profilaktik ovqatlantirish - bu ishchilarning asosiy ovqatlariga
qo‘shimcha tarzda bepul beriladigan ovqat ratsionlari hisoblanib, zararli kasbda
ishlovchilargagina beriladi. Bu ovqat ratsionlar organizmning rezistentligini
oshirish bilan bir qatorda eng ko‘p ta’sirga duchor bo‘ladigan organlar va
sistemalarning funksional holatini yaxshilaydi.
Ishchilarga davolovchi-profilaktika ovqat ratsionlarini berish SanQ vaM
№0184-05 haqida tushuncha
Ishchilarni davolovchi-profilaktik ovqatlar bilan ta’minlash “Mehnat haqidagi
qonunlarning asosi”ga muvofiq (KZOT – кодекс законов o труде- ning 10-bo‘limi
177-bandida) belgilanadi. O‘zR ning “Mehnat haqidagi qonunlarning asosi”da
keltirilganidek – “Mehnat sharoitlari zararli bo‘lgan ishlarda ishlovchilarga,
belgilangan me’yorlarda bepul tarzda sut va unga tenglashadigan mahsulotlarni
berish lozim. O‘ta zararli mehnat qilish sharoitlarida xizmat ko‘rsatuvchilarga esa
belgilangan miqdorlarda bepul tarzda davolovchi-profilaktik ovqatlarni berish
lozim”. Bugungi kunda O‘zR da zararli kasblarda ishlovchilarga davolovchi-
profilaktik ovqatlarni berish SanQ va M №0184-05 asosida amalga oshiriladi.
Davolovchi-profilaktik ovqatlar 3 turga bo‘linadi:
-maxsus davolovchi-profilaktik ratsionlar
-sut va sut mahsulotlari
-vitaminlar
Ovqatlarning zaruriy spetsifik ta’sirini hisobga olib 5 ta davolovchi-profilaktik
ratsionlar ishlab chiqilgan. Bu ratsionlarga kiritilgan asosiy mahsulotlar qatoriga -
non, un mahsulotlari, yormalar, makaronlar, dukkakli o‘simlik mahsulotlari, qant,
go‘sht, baliq, jigar, tuxum, kefir, sut, tvorog, qaymoq, pishloq, hayvon yog‘lari
kiradi.
Ovqat mahsulotlarining miqdori va ularning ta’sir ko‘rsatish tabiati zararli
omillarning turi va kasblarga muvofiq belgilanadi.
№1-ratsion -ionlantiruvchi nurlanish manbalari bilan aloqada bo‘ladigan
shaxslar uchun mo‘ljallangan. Bu ratsion organizmda yog‘ almashinuvini
stimullaydigan
va
jigarning
antitoksik
funksiyasini
oshiruvchi
ovqat
mahsulotlaridir.
№2 - ratsion - fosfor, ishqoriy metallar, simob va uning anorganik birikmalari,
qo‘rg‘oshin birikmalari, sian birikmalari va fosgen bilan aloqada bo‘ladigan
ishchilarga mo‘ljallangan. Ratsion oqsillarga boy, o‘zida o‘ta to‘yinmagan yog‘
kislotalarini tutuvchi, kalsiyga boy bo‘lgan mahsulotlardan tashkil topgan bo‘lib,
organizmda zararli moddalarning to‘planishini sekinlashtirish xususiyatiga egadir.
№3 - ratsion - qo‘rg‘oshinning anorganik birikmalari bilan aloqada bo‘ladigan
ishchilar uchun mo‘ljallangan. Ratsion tarkibiga qo‘rg‘oshin birikmalarini
organizmdan tezroq chiqishini ta’minlovchi pektinga boy bo‘lgan mahsulotlar bilan
boyitilgan.
№4 - ratsion - nitro - va aminobirikmalar, benzol, xlorli uglevodorodlar,
margumush birikmalari, tellur, fosfor birikmalari bilan ishlovchilarga beriladi.
Ratsion tarkibidagi mahsulotlar sut mahsulotlari va o‘simlik yog‘lari bilan
to‘yintirilgan bo‘lib, tarkibida lipotrop moddalari bor va bu moddalar jigar
funksiyasini yaxshilaydi.
№5 - ratsion - tetraetilqo‘rg‘oshin, bromli uglevodorodlar, tiofos, simobning
anorganik birikmalari, marganets, bariy moddalari bilan ishlovchilar uchun
mo‘ljallangan. Bu ovqat ratsionining tarkibida letsitin (tuxum), O‘TYoK, to‘la
qiymatli oqsillar bo‘lib, asab sistemasi va jigar faoliyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
Keltirilgan ratsionlarga belgilangan mahsulotlarni qo‘shib, issiq ovqat
tayyorlanadi va uni ish boshlanishidan oldin ishchilarga tarqatiladi (ayrim vaqtda
tushlik dam olish soatlarida ham berilishi mumkin).
Bundan tashqari kimyoviy moddalar bilan bog‘liq bo‘lgan kasbdagilarga
qo‘shimcha tarzda sut va sut mahsulotlari (0,5 l miqdorida) belgilangan. Sut va sut
mahsulotlarini berish bilan bog‘liq bo‘lgan kasbdagilar ham SSV tomonidan
tuzilgan maxsus ro‘yxat asosida berilishi ko‘rsatilgan. Beriladigan sut maxsus
idishlarga (qadoqlangan) solingan bo‘lishi kerak, flyagalarda keltirilgan sut bo‘lsa,
tarqatilishidan oldin qaynatilishi shart.
Zararli mehnat sharoitida ishlaydigan ishchilarga sutning oziq-ovqat
mahsuloti sifatidagi rolini saqlab qolish uchun quyidagi holatlarda berilmaydi:
a) kelasi smenalar uchun avvaldan yoki o’tib ketgan ish smenalari uchun keyin;
b) sut o'rniga pul kompensatsiyasi;
c) uyga olib ketish uchun.
Bepul tarzda beriladigan vitaminlar (A vitamini - 2 mg, B1, B2 - vitaminlari - 3
mg dan, PP vitamini - 20 mg, C vitamini - 150 mg) issiq tsexlarda ishlovchilar,
tamaki fabrikalarida ishlovchilar uchun mo‘ljallangan.
Qishloq aholisining mehnat sharoiti va tarmoq turlari
Qishloq xo‘jaligi insonning mehnat faoliyatida muhim o‘rinni egallaydi va bu
sohada umumiy aholining ko‘pchilik qismi ishtirok etadi. O‘zbekistonda qishloq
xo‘jaligi ishlab chiqarishi aholining aksariyat qismi uchun mehnat faoliyatining
asosiy turi hisoblanadi, chunki Respublikamizda sanoat korxonalarining turi va soni
boshqa rivojlangan davlatlarga qaraganda nisbatan kamroqdir.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibi shitob bilan o‘zgarib borayotgan hamda qishloq
xo‘jaligida ham yuqori industriyalashtirishning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi
sharoitida qishloq ahlining mehnat xarakteri tubdan o‘zgarib bormoqda, ammo bu
mehnatning odam organizmiga ta’sirini belgilab beruvchi muhim xususiyatlari
saqlanib qolmoqda.
Qishloq aholisining mehnat sharoiti eng avval qishloq xo‘jaligidagi tarmoqlar
turiga bog‘liq- paxtachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik kabilar.
Bunday turdagi tarmoqlarda bajariladigan ishlarda mehnatning o‘ziga xos
xususiyatlari mavjuddir. Shunga qaramasdan qishloq xo‘jaligidagi mehnatning
umumiy tomonlari ham diqqatga sazovordir. Jumladan qishloq xo‘jaligidagi mehnat
jadalligining fasllarga oid o‘zgarishi, asosiy ish turlarining ochiq havoda bajarilishi,
mehnatga jalb qilingan shaxslarning tuproq muhiti bilan bevosita aloqada bo‘lishi
fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Mehnatning asosiy turlari ochiq havoda bajarilganligi sababli, dalada
ishlovchilar organizmi nomuvofiq iqlim meteorologik omillar ta’siriga duchor
bo‘ladi. Bunday ta’sir O‘zbekistonning issiq iqlimi sharoitida juda katta ahamiyatga
egadir, chunki yoz oylari ochiq maydonlardagi havoning harorati ayrim hollarda
500С gacha ko‘tariladi, bu o‘z o‘rnida ishlovchilar organizmining qizish xavfini
vujudga keltiradi. Shu bilan birga ish kunining juda erta boshlanishi, hamda juda
kech tugashi, muzdek sovuq suv bilan tez-tez muloqatda bo‘lish (yerga ishlov berish
albatta sug‘orish bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli) organizmning sovushi va o‘ta
sovish holatlarini kelib chiqishiga sharoit yaratishi mumkin. Natijada ishchilarda
obliteratsiyalanuvchi endarterit kasalligining rivojlanishiga sharoit yaratiladi.
Qishloq xo‘jaligida ishlovchilarning deyarli ko‘pchiligi uchun bajariladigan
ishlarning tez-tez almashinib turishi juda xarakterlidir, vaholanki qishloq
xo‘jaligining ixtisoslashtirilishi hamma yuqori darajada industrlashtirilishi sharoiti
kuzatilsa ham, asosiy mehnat ahli erta bahorda ketmon bilan yer tekislash,
paxtachilik bo‘lsa ekish pallasida seyalkachi yoki chigitlarni ivitish va uni seyalkaga
solish, undan keyin yaganalash ishlari, chopiq, suvchilik kabi turli-tuman ishlarni
bajarishga majburdirlar. Bajariladigan ishlarning tabiati yoki turi xox u katta hajmli
bo‘lsin, xox kichik hajmdagi ishlar bo‘lishidan qat’iy nazar ishchilarda katta toliqish
holatini keltirib chiqaradi (ayniqsa fermer xo‘jaliklari).
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi ishchilarning asosiy ish joylari - ochiq
dala maydonlari, chorvachilik ob’yektlari, xirmon, mashina-traktor ustaxonalari,
dala shiyponlari va boshqalar bo‘lib, tarqoq holda, hamda aholi yashash joylaridan
uzoqda joylashganligi bilan xarakterlidir. Shuning uchun odamlarga maishiy-sanitar
xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi.
Qishloq xo‘jalik xodimlari uchun yana biologik omillarning ta’sirini kundan-
kunga ortib borayotganligi xarakterlidir. Buning ustiga ilgari bunday ta’sirga
faqatgina kasallangan chorva mollari bilan yaqindan aloqada bo‘ladigan ishchilar
uchragan bo‘lsa, bugungi kunda bunday ta’sir doirasiga deyarli barcha qishloq ahli
uchrashi tabiiy bir hol. Chunki o‘simlikshunoslik amaliyotida qishloq xo‘jalik
ekinlarini kasallanishdan himoyalash maqsadida biologik vositalardan foydalanish
keng ko‘lamda olib borilayapti. Biologik vositalar o‘simliklarni himoyalash
uchungina emas, balki ularning o‘sishi va rivojlanishini tezlashtiruvchi,
hosildorligini oshiruvchi vosita bo‘lib qolishi ham mumkin. Chorvachilikda esa -
qishloq xo‘jalik hayvonlariga sun’iy ozuqalar - vitaminli, ferment tutuvchi,
antibiotikli preparatlar, oqsilli ozuqa qo‘shilmalari kabilardan keng ko‘lamda
foydalanilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi xodimlarining mehnatini mexanizatsiyalashtirish, ular
organizmiga shovqin, tebranish, chiqindi yoqilg‘i gazlari, yoqilg‘i va moylash
materiallari va havo muhitining yuqori darajadagi changlanganligi kabi omillarning
ta’sir etish mumkinligini oshiradi.
Qishloq mehnatkashlari mehnatining o‘ziga xos yana bir tomoni shundan
iboratki, ular mehnat qilish jarayonida mineral o‘g‘itlar va pestitsidlar bilan
yaqindan aloqada bo‘ladilar. Bu omillarning ahamiyati kattaligini O‘zbekiston
sharoitida e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu haqda alohida to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri
keladi va ularni keyingi savollarimizda to‘liqroq yoritamiz.
Qishloq xo‘jaligidagi omillarga to‘liqligicha baho beradigan bo‘lsak va bu
omillarning qishloq xo‘jaligi mehnatkashlari organizmiga ta’sir etishiga ta’rif
beradigan bo‘lsak, bu omillarning barchasi gigiyenik va toksikologik parametrlariga
va ta’sir xususiyatlariga ko‘ra 12.0.003 - 74 Davlat Standariga, ya’ni sanoat
korxonalaridagi zararli omillar tasniflariga to‘liq mos kelishini kuzatishimiz
mumkin. Shuning uchun bu omillarning organizmga ta’sir doirasi umumiy ta’sir
qonuniyatiga bo‘ysunadi. Shu bilan birga qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarining
mehnatiga yuqoridagi tasniflarni berish bilan birga, ularning kasallanish darajasini
pasaytirish, hamda mehnat sharoitlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha alohida tadbirlar
ishlab chiqilishini taqozo etadi.
Mehnat sharoitlarini sog‘lomlashtirish.
Dalada ishlaydigan ishchilarning ma’lum bir qismini mexanizatorlar tashkil
etadi. Ularning mehnat sharoitini yaxshilash uchun quyidagi tadbir-choralar juda
muhimdir:
1.Traktor kabinalarini oqilona joylashtirish va ish joyini takomillashtirish
(o‘tirgichlarni tebranishni pasaytiruvchi moslamalar bilan jihozlash, o‘tirgich
balandliklarini o‘zgartirish sharoitini yaratish, ayrim jarayonlarni avtomatlashtirish
kabilar.
2.Yoz faslida kabinalarni germetik berkilishini va issiqdan himoyalanishini
ta’minlash, kabina havosini konditsionerlashtirish, quyoshning to‘g‘ri tushuvchi
nurlaridan himoyalash kabilarni takomillashtirishni taqozo qiladi.
3.Yilning sovuq fasllarida kabinalarni isitish, mexanizatorlarni issiq kiyimlar bilan
ta’minlash, issiq ovqatlar bilan ta’minlashni tashkil etish.
4.Chang va zaharli kimyoviy moddalar ta’siridan himoya qilish uchun -
kabinalarning germetikligini, traktor g‘ildiraklari ustidagi himoyalovchi qanotlarni
takomillashtirish, shaxsiy himoya vositalaridan unumli foydalanish -"lepestok",
"Astra - 2", "F - 62Sh" kabilar. Nafas organlarini shaxsiy himoya vositalari
yordamida himoyalash, ayniqsa ko‘rak chuvish mashinalari haydovchilari uchun
juda muhimdir.
5.Shovqin va tebranish ta’sirini pasaytirish uchun - mashina va traktorlarning texnik
holatini takomillashtirish va ularning sozligini ta’minlash.
6. Yoz fasllarida tushlik tanaffuslar vaqtini uzaytirish (soat 12 dan soat 16 gacha),
mehnat va dam olish tartibini to‘g‘ri joriy qilish, o‘zaro almashinib ishlash tartibini
joriy qilish (har bir smena 4 soat davomida ishlashi). Mexanizatorlarning mehnat
ta’tillarini mavsumiy ishlarning boshlanishidan oldin tashkil qilish maqsadga
muvofiq.
Paxtachilikdagi ishlarni sog‘lomlashtirish tadbirlari:
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligidagi ekinlar o‘rtasida paxtachilik eng salmoqli
o‘rinni egallaydi. Shuning uchun bunda mexanizatorlardan tashqari (yer haydash,
baronalash, chigit ekish, paxta oralariga ishlov berish, kultivatsiya, paxtani
mashinalarda terish va tashish) qo‘lda bajariladigan ish hajmi katta o‘rinni
egallaydi. Bunday mehnat erta bahordan, ya’ni ariq-zovurlarni tozalash, dala
chetlarini chopish, yer tekislash, paxtani majburiy ish holatlarida yaganalash va
chopish, chekankalash, qo‘lda paxta terish va ko‘rak chuvish mashinalarida paxtani
chiqarish kabilar. Qo‘lda bajariladigan ishlar faqat og‘ir mehnat turiga kirmay, balki
unda tananing majburiy holatlari, turli tabiatga ega bo‘lgan jarohatlarning kelib
chiqishi mumkinligi, turli xildagi kimyoviy preparatlar bilan muloqotda bo‘lish,
nomuvofiq iqlim va ob-havo sharoitlarining ta’siri, me’yorlanmagan ish kuni,
mehnat va dam olish soatlarining to‘g‘ri tashkil etilmaganligi, oqilona ovqatlanish
tartibining tashkil etilmaganligi, dalalarga borib-kelish uchun maxsus transport
vositalarining o‘z vaqtida ajratilmasligi kabi omillar shular jumlasidandir.
Bunday omillarning ta’sir etish jadalligini pasaytirishga qaratilgan muhim
omillarga quyidagilar kiradi:
1.Mehnatni keng ko‘lamda mexanizatsiyalashtirish, qo‘lda bajariladigan ishlarni
iloji boricha kamaytirish, shu jumladan sug‘orish, sho‘r yuvish ishlarini
takomillashtirish, ya’ni chet ellardagi tomchilab sug‘orishni joriy qilish.
2.Ishlarni bajarishda yilning fasllariga mos keladigan maxsus ish kiyimlari bilan
ta’minlash.
3.Yozning issiq kunlarida quyoshning to‘g‘ri tushuvchi nurlaridan himoyalash
(soyabonli bosh kiyimlari, o‘ziga issiqni yutmaydigan ochiq rangdagi yoz kiyimlari
bilan ta’minlash).
4.Yirik paxtachilik xo‘jaliklarida yaxshi jihozlangan dala shiyponlarini tashkil qilib,
3 martalik issiq ovqatlar bilan ta’minlash, yuvinish-kiyinish joylarini, kiyimlarni
quritish xonalarini tashkil qilish. Xuddi shunday sharoitlar yangi tashkil
qilinayotgan fermer xo‘jaliklarida ham yaratilishi shart.
5.Qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan dala mehnatkashlari, mexanizatorlar uchun
sanatoriy-profilaktoriylarga maxsus yo‘llanmalarni tashkil qilish, bu maqsadda
bunday dam olish-davolanish muassasalarini xo‘jaliklar o‘zaro kelishgan holda
tashkil etishlari mumkin.
Chorvadorlarning mehnat sharoitlarini sog‘lomlashtirish.
Hozirgi sharoitda O‘zbekistonda chorvachilik ishlari turli shakllar va
ko‘rinishlarda namoyondir, chunonchi - parrandachilik fermalari, sanoat asosidagi
bo‘rdoqichilik xo‘jaliklari, fermer xo‘jaliklari, sut-tovar fermalari, yaylovda
boqiladigan chorvachilik kabilar.
Chorvachilik ob’yektlaridagi mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha muhim
tadbirlar quyidagilardan iborat:
1.Ogohlantiruvchi sanitariya nazoratini amalga oshirish, bu tadbir chorvachilik
ob’yektlarini loyihalashtirish, qurish va jihozlash jarayonida zoogigiyenik
prinsiplarga asoslanishi kerak.
2.Ishlarni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish (sut sog‘ish, qoramollarni boqish,
tagini tozalash, parrandachilikda tuxumlarni to‘plash, saralash, yuvish va idishlarga
joylashtirish), bunda mexanizmlarning beto‘xtov ishlashini ta’minlash.
3.Xonalarni samarali shamollatish, shu bilan birga talab etiladigan parametrlarda
harorat-namlik me’yorlarini ta’minlash (avtomatlashtirilgan issiq havo berish va
havo so‘rish moslamalari yig‘indisi "Klimat - 3M" dan foydalanish.
4.Tashkillashtirilgan tabiiy shamollatish moslamalaridan foydalanish - xonalarning
yuqori qismidan havo chiqarilishi uchun shamollatish tuynuklari va pol ostida suyuq
chiqindilarni chetlashtirish uchun maxsus quvurlarni tashkil qilib, u yerdagi havo
almashinishini to‘g‘ri tashkil etish.
5.Qish faslida - binolarni isitish.
6.Chang hosil bo‘ladigan joylarda changlangan havoni so‘rib oluvchi mahalliy
so‘rg‘ichlarni o‘rnatish.
7.Havo muhitining musaffoligini ta’minlash maqsadida dezodorantlardan (xlorli
ohak eritmasi, ammoniy sulfat eritmalari), havo ozonatorlaridan foydalanish kabilar.
8.Chorvachilik ob’yektlarida veterinariya nazoratini qattiq o‘rnatish va ishchi-
xizmatchilar tomonidan shaxsiy gigiyena qoidalariga aniq rioya qilinishiga erishish.