Ishlab chiqarish muhitidagi xavfli va zararli omillar, ularning inson organizmiga ta’siri
Yuklangan vaqt
2024-03-31
Yuklab olishlar soni
16
Sahifalar soni
23
Faytl hajmi
52,3 KB
Ishlab chiqarish muhitidagi xavfli va zararli omillar, ularning inson
organizmiga ta’siri
Reja:
1. Ishlab chiqarish muhitidagi xavfli va zararli omillar
2. Ishlab chiqarish changi va zaharli moddalarning inson organizmiga ta’siri,
ularga qarshi chora-tadbirlar
3. Ishlab chiqarish korxonalarini shamollatish, isitish va yoritish tizimi
4. Ishlab chiqarishda shovqin, silkinish, ultra va infratovushlar, ularning
inson organizmiga ta’siri va ularga qarshi ko‘riladigan tadbirlar
5. Ishlab chiqarishda zararli nurlanishlar, ularning hususiyatlari va inson
organizmiga ta’siri
1. Ishlab chiqarish muhitidagi xavfli va zararli omillar
Odam umrining ko‘p vaqtini mehnat egallaydi, agar inson ish faoliyatida
o‘rnatilgan barcha tartib-qoidalarga rioya qilmasa bu o‘z navbatida inson mehnat
faoliyatiga va sog‘ligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ishlab chiqarish sharoiti - bu insonni o‘rab turgan atrof muhitning bir qismini
tashkil qilib uning tarkibiga tabiat-iqlimga bog‘liq bo‘lgan hamda insonning kasbiy
faoliyatiga ta’sir etuvchi xavfli va zararli omillar (shovqin, silkinish, zaharli tutunlar,
gazlar, changlar, nurlanishlar va hakazo) kiradi.
Ishlab chiqarishdagi zararlar deb, ish unumdorligining pasayishi, zaharlanish
va kasalliklarning paydo bo‘lishi kasallanishning ortib ketishi va vaqtinchalik
mehnat faoliyatining yo‘qolishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishiga aytiladi.
Xavfli omillar - muayyan bir sharoitda inson sog‘ligiga zarar keltirishi yoki
organizmni halokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar. Havfli omillarga ishlab
chiqarishdagi zaharli kimyoviy, biologik moddalar, ionlantirish xususiyatiga ega
bo‘lgan nurlar va boshqa kuchli ta’sir etuvchi kuchlar kiradi.
Zaharli kimyoviy moddalarning yo‘l qo‘yiladigan eng oxirgi darajasidan
yuqori miqdorda yoki biologik xavfli ta’sirlarning inson tanasiga o‘tishi natijasida
kuchli kimyoviy yoki biologik zaharlanish yuz berib, insonning o‘limiga olib keladi.
Shuningdek, ionlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan nurlarning yuqori miqdordagi
dozasi ta’sirida ham inson hayoti xavf ostida qoladi.
Zararli omillar - insonning ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki biror-
bir kasallikka olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar. Zararli omillarga ishlab
chiqarishdagi changlar, tutunlar, gazlar, bug‘lar, yo‘l qo‘yiladigan oxirgi darajadan
yuqori qiymatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish mikroiqlimining gigienik me’yorlari,
shovqin, titrashlar, yoritilganlik, elektr va magnit maydonlari va boshqalar kiradi.
Masalan: ishlab chiqarish changlari Pnevmokomioz kasalliklaridan tashqari
teri kasalliklarini ham keltirib chiqaradi.
Xavfli va zararli omillarning ta’sir xususiyatlari ularning tarkibiga,
tuzilishiga, fizik-kimyoviy xossalariga, miqdoriga, ta’sir etish yo‘llariga, holatiga,
uchuvchanligiga, suvda, yog‘da eruvchanligiga va boshqa ko‘rsatkichlarga bog‘liq.
Ishlab chiqarish muhitidagi xavfli va zararli omillar 4-guruhga bo‘linadi
(GOST 12.0.003-83 – Xavfli va zararli ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tasnifi):
1. Fizikaviy. 2. Kimyoviy. 3. Biologik. 4. Psixofiziologik
1. Fizikaviy – ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ishlab chiqarish
uskunalarining himoyalanmagan harakatlanuvchi elementlari, ish uchastkasida turli
gazlar tarqalishi va changlar ko‘tarilishi, elektr tarmoqlaridagi quvvatning,
elektromagnit maydonining me’yordan yuqori bo‘lishi, shovqin, silkinish va boshqa
turdagi titrashlar, nurlanishlar, yoritilish darajasi, iqlim o‘zgarishlari: ob-havo
haroratining me’yordan ortiq isishi yoki sovib ketishi va boshqalar.
2. Kimyoviy - zaharli moddalarning paydo bo‘lishi va ularning inson
organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi.
3. Biologik
-
kasallangan
mikroorganizmlar
(bakteriyalar,
viruslar,
rikketsiylar), makroorganizmlar (o‘simliklar va xayvonlar), mikrob preparatlari,
biologik pestitsidlar va boshqalar.
4. Psixofiziologik - ta’sir etish hususiyatiga qarab jismoniy va psixologik
turlarga bo‘linadi.
Jismoniy (statistik va dinamik) zo‘riqish – og‘ir yukni olib o‘tish, inson
jismoniy holatining buzilishi, inson tana a’zolarining katta bosim ostida bo‘lishi va
boshqalar.
Psixologik (nerv faoliyatining) zo‘riqishi – aqliy faoliyatni keragidan ortiq
ishlatish, his-hayajonning ortib ketishi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, insonning mehnat qilish jarayonida
energiya sarflanishi bajariladigan ishining og‘ir yengilligiga, ishning oddiy-
murakkabligiga, emotsional zo‘riqish darajasi va ishlab chiqarish muhitining
gigienik normalariga bog‘liq bo‘ladi.
Demak, insonning turli ko‘rinishdagi mehnat faoliyatlarini amalga oshirishda,
ularning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini xisobga olish, inson organizmining mehnat
qilish qobiliyatlarini oshirish uchun kerakli choralarni ko‘rish va ishchi-xizmatchilar
uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi.
2. Ishlab chiqarish changi va zaharli moddalarning inson organizmiga
ta’siri, ularga qarshi chora-tadbirlar
Sanoatda, transport vositalarini ishlatishda va qishloq xo‘jaligidagi ishlarning
deyarli hammasida chang hosil bo‘lishi va ajralishi kuzatiladi. Har xil texnologik
jarayonlarni bajarishda yuzaga keladigan va havoda muallaq holatda bo‘ladigan
qattiq moddalarga ishlab chiqarish changi deb aytiladi.
Changlarning turlari ularning kelib chiqish manbalarini hisobga olib tabiiy va
sun’iy changlarga bo‘linadi.
Tabiiy changlarga tabiatda inson ta’sirisiz hosil bo‘ladigan changlar
kiritiladi. Bunday changlarga shamol va qattiq bo‘ronlar ta’sirida qum va tuproqning
eroziyalangan qatlamlarining uchishi, o‘simlik va hayvonot olamida paydo
bo‘ladigan changlar, vulqonlar otilishi, kosmosdan yer atmosferasiga tushadigan va
boshqa hollarda hosil bo‘ladigan changlarni kiritish mumkin. Tabiiy changlarning
atmosfera muhitidagi miqdori tabiiy sharoitga, havoning holatiga, yil fasllariga va
aniqlanayotgan zonaning qaysi mintaqaga joylashganligiga bog‘liq.
Sun’iy changlarga sanoat korxonalarida va qurilishlarda insonning bevosita
yoki bilvosita ta’siri natijasida hosil bo‘ladigan changlar kiradi. Kelib chiqishi
bo‘yicha organik, mineral va aralashma changlar farqlanadi. Changning zararli
ta’siri asosan uning kimyoviy tarkibiga bog‘liq. Changlar organizmga gigienik
ta’siridan tashqari texnologik jihozlarning yemirilishini tezlashtiradi, qimmatbaho
materiallarni ishdan chiqarib, iqtisodiy zarar yetkazadi. Changlar ishlab chiqarish
muhitining umumsanitariya holatini yomonlashtiradi, jumladan, deraza va
yorituvchi asboblarni ustini qoplashi oqibatida yorug‘likni kamaytiradi. Changning
ba’zi turlari, masalan, ko‘mir, yog‘och changlari yong‘in va portlashning yuzaga
kelishiga sharoit yaratadi. Changning ishchilar salomatligiga zararli ta’siri chang
zarralarining fizik-kimyoviy xossasiga; kattaligi va shakliga; havodagi changning
miqdoriga; smena davomida ta’sir etish muddati va kasbda ishlash davriga va
boshqa omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Changning asosiy ta’siri eng avvalo nafas olganda vujudga keladi. Nafas
organlarining zararlanishi: bronxit, pnevmokonioz yoki umumiy zararlanish
(zaharlanish, allergiya) rivojlanishini vujudga keltirishi mumkin. Ba’zi bir changlar
qo‘shimcha kasalliklar tug‘dirish xususiyatiga ega. Changning bu asosiy bo‘lmagan
ta’siri yuqori nafas yo‘llari, ko‘zning shilliq qavati, teri kasalliklarida ko‘zga
tashlanadi. Changning o‘pka yo‘liga kirishi zotiljam, sil, o‘pka rakining kelib
chiqishiga sharoit yaratishi mumkin.
Chang zarralarining shakli har xil bo‘lishi mumkin: sferik, yassi, ko‘p
burchakli shaklda bo‘ladi. Chetlari o‘tkir tishli chang zarrachalari (shisha tola kabi
chang turlari) nafas yo‘llariga kirganda yuqori nafas yo‘llari hujayralarini
mikrozararlashi, ko‘zning shilliq qavati va teriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Changga qarshi kurashda asosiy e’tiborni uni ajralib chiqishga yo‘l
qo‘ymaslikka qaratish kerak. Shu nuqtai nazardan texnologik jarayonga katta e’tibor
berish va ajralib chiqadigan chang minimal darajada bo‘lishini ta’minlash zarur. Shu
maqsadda quruq, changlanadigan xom ashyolarni, ho‘l yoki pasta holdagi hom
ashyolar bilan almashtirib ishlov berish kerak. Changga qarshi kurashishda ho‘l
usulda ishlashdan foydalanish yaxshi natija beradi. Bunday usul sanoatda juda kengh
qo‘llanilmoqda, bunga shaxta va konlarda parmalash ishlarini xo‘l usul bilan olib
borish, buyumlarni silliqlash va charxlashda bosim ostidagi suv bilan o‘tkazish yoki
suv qum aralashmasi bilan qoliplarni tozalash misol bo‘ladi.
Chang ajralib chiqishini to‘liq yo‘qotishning iloji bo‘lmasa, ishlab chiqarish
jarayonini to‘liq mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish zarur. Chang ajralib
chiqadigan manbalarda yoki joylarda changni bosish choralari ko‘riladi. Bu choralar
ichida eng ko‘p qo‘llaniladigan changlarni suv bilan ho‘llashdir. Suv maxsus suv
sachratgichlardan foydalangan holda maydalab purkaladi, natijada havodagi chang
ho‘llanadi, og‘irlashadi va pastga tushadi. Bu usul changlanadigan mahsulotlarni
transportga yuklash, tashish va bir idishdan ikkinchi idishga ag‘darishda keng
qo‘llaniladi. Agar texnologik jarayonga xalaqit bermasa suv purkashni butun ishlab
chiqarish binosi bo‘yicha qo‘llash mumkin.
Ayrim hollarda changni bosish uchun suv bug‘laridan foydalaniladi. Bug‘
ham suv kabi changning namligini oshiradi va natijada chang og‘irlashib pastga
tushadi. Bug‘ suv purkashdan farq qilib havoda osilib turgan changni yaxshi
xo‘llaydi, ammo ishlov beriladigan mahsulotlarni deyarli xo‘llamaydi. Bu esa
texnologik jarayon uchun muhim ahamiyatga ega, chunki ayrim hollarda texnologik
jarayon ishlov beradigan mahsulotlarni quruq bo‘lishini talab qiladi.
Ba’zi bir sabablarga ko‘ra chang ajralib chiqishini to‘liq yo‘qotishni iloji
bo‘lmasa changga qarshi kurashishda so‘rib oladigan ventilyatordan foydalaniladi.
Bu ventilyatorlar chang ajralib chiqadigan joylarga o‘rnatiladi va yaxshi samara
berishi uchun chang manbalarini atroflari yaxshilab o‘raladi.
Chang o‘tiradigan satxlar, devorlar, pollar, har xil to‘siqlar silliq narsalar bilan
qoplansa, changni yo‘qotish (yuvish, artish, so‘rib olish) oson bo‘ladi.
O‘ta changli muhitda qisqa muddatda (ta’mirlash, o‘rnatish) ishlarini
bajarayotganda ya’ni buzilgan jihozlarni tuzatish paytlarida ishchilar maxsus
himoya vositalaridan foydalanishlari zarur. Bularga nafas yo‘llarini himoya qilish
vositalari va changga qarshi ko‘zoynaklar kiradi. Terini himoya qilish uchun esa
changni o‘tkazmaydigan gazmoldan tikilgan maxsus kiyim kiyiladi. Changli
muhitda ishlaydigan ishchilar vaqti-vaqti bilan tibbiy qo‘rikdan o‘tadilar. Yangi
ishga kirayotganlar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina ishga qabul qilinadi.
Texnosfera havosidagi kimyoviy zaharli moddalar. Xavfli kimyoviy
moddalar sanoat korxonalarida xom ashyo sifatida, masalan, buyoqlar ishlab
chiqarishda anilin, yordamchi material sifatida, rezina buyumlari ishlab chiqarishda
benzin, gazlamalarni bo‘yashda xlor qo‘llaniladi. Xavfli kimyoviy moddalar asosan
qattiq, suyuq va gaz holda bo‘ladi. Ayrim hollarda esa chang va bug‘ holda ham
uchrashi mumkin. Xavfli kimyoviy moddalar tanaga nafas yo‘llari, teri va ovqat
xazm qilish yo‘llari orqali kiradi. Ishlab chiqarish jarayonida xavfli kimyoviy
moddalardan zaharlanish va kasallanish kasbiy zaharlanish yoki kasbiy kasallanish
deyiladi.
Zaharli moddalar odam organizmiga, tanasiga va ayrim to‘qimalariga
ko‘rsatadigan ta’siriga ko‘ra shartli ravishda guruhlarga bo‘linadi:
1. Asab zaxarlariga benzin, kerosin, yog‘ spirtlari, karbon vodorodlar,
metanol, anilin, vodorod sulfidi, dioksan, ammiak, nikotin, kofein, qo‘rg‘oshin,
fosfor organik birikmalar kiradi. Asosan markaziy asab tizimini shikastlaydi.
2. Jigar zaxarlariga tarkibida xlor, brom, ftor, yod bo‘lgan birikmalar kiradi.
Jigar to‘qimasi faoliyati buzilishiga, jigarning yalig‘lanishiga olib keladi.
3. Qon zaxarlariga karbon angidridi, amino-nitro brikmalarning aromatik
qatori va hosilalari, fenil gidrazin, mishyak, benzol, toluol, ksilol va boshqalar misol
bo‘ladi. Qon tarkibining buzilishiga, karboksil va metgemoglabin hosil bo‘lishiga,
to‘qimada kislorodning kamayib ketishiga, hatto o‘limga olib keladi.
4. Ferment zaharlariga kiruvchi simob, mishyak, sian birikmalari, fosforli
organik brikmalar tanani biologik katalizatorlari hisoblanadigan fermentlar
guruhlari bilan bog‘lanib, ular faoliyatining buzilishiga, zaharlanishiga olib keladi.
5. Qitiqlovchi, kuydiruvchi zaharlar yuqori va quyi nafas yo‘llarini
shikastlaydi. Xlor, ammiak, azot oksidi, fenol, kislotalar, ishqorlar misol bo‘ladi.
6. Allergen zaharlari nikel, berilliy birikmalari, nitroxlorbenzol, piridin
brikmalari, ursol va boshqalar tananing reaksion qobiliyatini o‘zgartiradi, terining
yallig‘lanishiga, nafas olish yo‘llari torayishi va boshqa kasalliklarga olib keladi.
7. Konserogen zaharlari - toshko‘mir smolasi, amino va izobrikmalar,
qurum, qorakuya va boshqalar tanada shish, rak kasalligini keltirib chiqaradi.
8. Mutagen zaharlar - etilenimin, etilen oksidi, xlorli karbonvodorodlar,
qo‘rg‘oshin va simob. Odam va xayvonlar jinsiy organlariga qattiq ta’sir etadi.
9. Emriotrop zaharlar - tolid amid va boshqalar. Odam va hayvonlarning
tug‘ilishiga salbiy ta’sir etadi. Naslini yo‘q qiladi.
Xavfli moddalarning o‘rniga zararsiz moddalarni qo‘llanishiga alohida e’tibor
berish zaharlanishlarning oldini olishda eng yaxshi usul hisoblanadi.
Xavfli kimyoviy moddalarni qo‘llash va ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan
korxonalardagi juda zaharli moddalar ajraladigan xonalar ishchilar ishlaydigan
boshqa xonalardan alohida bo‘lishi kerak. Bunday xonalarning devorlari, pollari
xavfli kimyoviy moddalarni o‘ziga singdirib olmaydigan va osongina tozalanadigan
materiallar bilan qoplanishi kerak.
Zaharlanishdan himoya qilish maqsadida shaxsiy profilaktik tadbirlar
o‘tkaziladi: maxsus kiyimlar va turli shaxsiy ximoya vositalari bilan ta’minlash,
ishchilarni xavfsizlik texnikasi va sanoat sanitariyasi bilan tanishtirish, oldindan va
vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, maxsus ovqatlar berish va boshqalar.
Biologik
zararli
omillar.
Ish
joylarida
biologik-kasallangan
mikroorganizmlar, mikrob pereparatlari, bakteriyalar, viruslar, rikketsiylar,
makroorganizmlar (o‘simliklar va hayvonlar), biologik pestidsitlar har xil kasalliklar
turini keltirib chiqarib, favqulodda epidemologik, epizootik va epifitotik vaziyatlarni
yuzaga keltiradi. Bakteriologik vositalarning juda kichik miqdori ommaviy
kasalliklar keltirib chiqishiga sabab bo‘ladi.
3. Ishlab chiqarish korxonalarini shamollatish, isitish va yoritish tizimi
Ishlab chiqarish binolarini shamollatish va uning turlari. Ishlab chiqarish
binolarini normadagi metereologik va sanitariya-gigiena sharoitlari bilan
ta’minlashda, ish jarayonida zararli moddalar miqdorini chegaralangan darajada
bo‘lishida, mehnat sharoitlarini sog‘lomlashtirishda, mehnat unumdorligi va
xavfsizligini oshirishda shamollatish katta ahamiyatga ega.
Shamollatish natijasida ishlab chiqarish binolaridagi ifloslangan, o‘ta qizigan
yoki sovigan havo toza havo oqimi bilan almashtiriladi. Binolarda havo toza bo‘lishi
uchun avvalo ishlayotgan uskunalar germetik bo‘lishi, yopiq holdagi transport
vositalaridan foydalanishi, bug‘lanuvchi suyuqlik idishlari yuzasi hamda chang
chiqadigan joylar berk bo‘lishi, shuningdek changli materiallarni namlash va boshqa
choralar qo‘llash talab qilinadi.
Binolarda havoning almashish usuliga qarab shamollatish tabiiy va sun’iy
(mexanik) turlarga bo‘linadi.
Tabiiy shamollatish - tashqaridagi va binodagi havo haroratining farqiga
qarab sodir bo‘ladi, bunda shamol bosimi ham katta rol o‘ynaydi. Tabiiy
shamollatishda tartibli va tartibsiz havo almashinishi sodir bo‘ladi. Tartibsiz havo
almashinishi binodagi issiq havo va tashqaridagi sovuq havoning solishtirma
og‘irligi farqiga hamda havoning bosimiga asosan amalga oshiriladi. Tartibli va
boshqariladigan tabiiy shamollatish aeratsiya deyiladi. Tabiiy shamollatish
qo‘shimcha issiqlik ajralib chiqadigan, tarkibida zararli moddalar bo‘lgan issiq
havoli ishlab chiqarish binolarida qo‘llaniladi. Ifloslangan yoki qizigan havo esa
deraza darchasi, aeratsiya fonarlari, deflektorli surish quvurlari orqali yuqotiladi.
Sun’iy (mexanik) shamollatish - mexanik qurilmalar - shamollatgichlar,
ejektorlar va boshqa moslamalar yordamida amalga oshiriladi. Shamollatish
qurilmalari havo oqimining yo‘nalishiga qarab uzatuvchi, so‘ruvchi yoki uzatuvchi-
so‘ruvchi holatda bo‘lishi mumkin. Sun’iy (mexanik) shamollatish mahalliy va
umumiy shamollatish turlariga bo‘linadi. Mahalliy shamollatishda ifloslangan havo
zararli mahsulot ajralib chiqadigan joyning o‘zidan yo‘qotilib, moddalarning bino
ichida taqsimlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Laboratoriya shkaflari, yarim ochiq yoki
yopiq suruvchi zontlar, havo dushlari, yonlama suruvchilari, havo pardalari va
boshqalar maxalliy shamollatishga misol bo‘ladi.
Binolarda shamollatish qurilmalari ish boshlanishidan 10-15 minut avval
ishga tushirilib, ish tamom bo‘lganidan 10-15 minut keyin to‘xtatiladi. Ba’zi ishlab
chiqarishlarda shamollatgichlar ish boshlanishidan 30-60 minut avval soat
mexanizmi yordamida avtomatik usulda ishga tushiriladi.
Ishlab chiqarish korxonalarida isitish. Ishchi-xizmatchi xodimlar uzoq va
doimo bo‘ladigan ishlab chiqarish binolarini ma’lum haroratda ushlab turish uchun
isitish qurilmalari o‘rnatiladi. Isitish tizimi mahalliy va markazlashgan holda
bo‘lishi mumkin. Yuzasi 500 m2 gacha bo‘lgan oddiy binolarni isitishda mahalliy
isitish qurilmalaridan foydalaniladi. Yongin xavfsizligi jihatidan A,B,V
kategoriyalarga mansub ishlab chiqarishlarda mahalliy isitish qurilmalaridan
foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Kimyo sanoati korxonalarida markazlashgan isitish tizimidan foydalaniladi.
Isitish esa bug‘, suv va havo yordamida amalga oshirilishi mumkin. Lekin ishqoriy
metallar, metall-organik birikmalar, karbidlar va portlovchi, zaharlovchi moddalar
ajralib chiqishi mumkin bulgan binolarda suv va suv bug‘i bilan isitishga yo‘l
qo‘yilmaydi. Bunday ishlab chiqarish binolarida havo bilan isitish usulidan
foydalaniladi. Havo bilan isitish shamollatgich bilan birga ulanadi.
Suv va havo bilan isitish yong‘in nuqtai nazaridan xavfsiz, gigiena jihatidan
ham qulay hisoblanadi. Suv bilan isitilishda radiatorlar yuzasi harorati 85°C dan
oshmaydi. Bunday haroratda changlarning yonishi uchun imkoniyat bo‘lmaydi.
Hozirgi vaqtda ishlab chiqarish binolarini qurishda devor, pol, tom oralig‘iga
joylashtiriladigan va issiq suv yoki bug‘ bilan isitiladigan isitish panellarini keng
qo‘llash hisobga olingan.
Ishlab chiqarish korxonalarini yoritish. Yorug‘lik inson faoliyati davomida
juda muhim rol o‘ynaydi. Ko‘rish inson uchun asosiy ma’lumot manbai hisoblanadi.
Umumiy olinadigan ma’lumotning taxminan 90% ko‘z orqali olinadi.
Shuning uchun ham sanoat korxonalarini optimal yoritish sifatli mahsulot
ishlab chiqarish sharoitini yaxshilaydi, ishchilarni charchashdan saqlaydi va ish
unumdorligini oshiradi. Oqilona yoritilgan zonalarda ishlayotgan ishchilarning
kayfiyati yaxshi bo‘ladi, shuningdek xavfsiz mehnat qilish sharoiti yaratiladi va
buning natijasida baxtsiz hodisalar keskin kamayadi. Bundan ko‘rinib turibdiki,
sanoat korxonalarini yoritishga faqat gigienik talab qo‘yilmasdan, balki texnik-
iqtisodiy talablar ham qo‘yiladi. Elektromagnit spektorlarining to‘lqin uzunliklari 10
nanometrdan (n.m) 340000 n.m gacha oralig‘i spektorlar optik jarayoni deb ataladi,
bundan 10 dan 380 n.m gacha infraqizil nurlar, 380 dan 770 n.m gacha ko‘rinadigan
nurlar va 770 dan 340000 n.m gacha bo‘lganlari esa ultra-binafsha nurlar deb ataladi.
Biz ko‘zimiz bilan binafsha rangdan to qizil ranggacha bo‘lgan yorug‘lik nurlarini
sezamiz.
Sanoat korxonalarini yoritishning mukammalligi sifat va son ko‘rsatkichlari
bilan tavsiflanadi. Son ko‘rsatkichlari nur oqimi, yorug‘lik kuchi, yorqinlik, nur
qaytarish koeffitsentlari, yorug‘lik kiradi.
Yorug‘lik manbalariga nisbatan sanoat korxonalarini yoritish ikki usulda:
1. Quyosh yorug‘ligi yordamida tabiiy yoritish. Bunda quyosh tarqatayotgan
tug‘ridan-to‘g‘ri nurdan yoki quyosh nurining ta’sirida yorug‘lik tarqatayotgan
osmonning diffuziya yorug‘ligidan foydalaniladi.
2. Elektr nurlari yordamida sun’iy yoritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Tabiiy yorug‘lik o‘zining barcha xususiyatlari bilan suniy yoritishdan keskin
farq qiladi. Tabiiy yorug‘lik inson ko‘rish organlari va boshqa fiziologik
jarayonlarning borishi uchun zarur bo‘lgan ultrabinafsha nurlarga boy va bu nurlar
bilan yoritilgan xonalarda ishlash ko‘z uchun juda foydali. Tabiiy yorug‘lik
yoritilish zonasi bo‘ylab bir tekis tarqaladi.
Sun’iy yoritish sanoat korxonalarining binolarini umuman bir xilda yoritish
va umumiy yoritishga qo‘shimcha ravishda ish joylarini maxsus yoritish bilan
qo‘shib kombinatsiyalashtirilgan yoritish usullari yordamida amalga oshiriladi.
Ish bajarish vazifasiga ko‘ra suniy yoritishlar: ishchi yoritilish, avariya
yoritilishi va maxsus yoritilishlarga bo‘linadi. Sanoat korxonalarini faqatgina ish
joylarida yoritilish bilan qanoatlanishga mutlaqo ruxsat etilmaydi. Sanoat
korxonalarining xonalari bir tekisda umumiy yoritilish usuli bilan yoritilgan bo‘lishi
shart. Bunda ba’zi bir joylarda ma’lum miqdorda oshirilgan yoki qisman
kamaytirilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi, lekin har qanday holda sanoat korxonalari
uchun sanitariya talablariga mos keladigan yoritilish bo‘lishiga erishish kerak.
4. Ishlab chiqarishda shovqin, titrash, ultra va infratovushlar, ularning
inson organizmiga ta’siri hamda ularga qarshi ko‘riladigan tadbirlar
Shovqin, titrash va ultratovushlar ajralib chiqishi bir xil bo‘ladi, ya’ni ular
jismlarning tebranishidan tashkil topib, inson eshitish organi tomonidan qabul
qilinadi. Ular bir-birlaridan faqat tebranish chastotasi bilan farq qiladilar.
20 dan 20000 gersgacha (gs) tebranishlar tovush deb ataladi va ularni biz
tovushdek eshitamiz. (Gers 1 sekunddagi tebranishlar chastotasidir). Shunday bir
qancha tovushlarni tartibsiz qo‘shilishi shovqin deb ataladi.
20 gs dan past bo‘lgan tebranishlar infratovush deb ataladi. 20000 gs dan
yuqori bo‘lgan tebranishlarni esa ultratovush deyiladi. Ultratovushlarni biz eshita
olmaymiz, ularni faqat ba’zi bir uy xayvonlarigina eshita oladi.
Qattiq qismlarning tebranishiga va shu tebranishlarni jismlarning o‘zlari yoki
boshqa qattiq jismlar orqali o‘zatilishiga titrash deyiladi. Titrashni biz
chayqalishdek qabul qilamiz. Tebranish chastotasi 1 dan 100 gs gacha bo‘ladi.
Shovqin va uning inson organizmiga ta’siri. Yuqorida aytib o‘tilganidek
turli chastotadagi har xil tovushlarning tartibsiz qo‘shilishib eshitilishi shovqin deb
ataladi. Ritmlarga rioya qilingan holda muntazam ravishda kelib chiqadigan
ohangrabo tovushlarga musiqali tovushlar deb ataladi. Musiqa bizga estetik zavq
beradi, shovqin esa g‘ashimizni keltiradigan darajada ta’sir qiladi.
Normal eshitishda tovush tebranishlarining 20 dan - 20000 gs gacha chastotasi
qabul qilinadi. Bunda eng yuqori chegara faqat bolalar yoshiga xosdir. Ular
balog‘atga etgan sari eshitish organlari tomonidan qabul qilinadigan tovushlarning
chastotasi kamaya boradi va yosh o‘tib qolganida 15000 gs dan oshmaydi. Tovush
qattiqlik darajasini aniqlash katta ahamiyatga egadir. Shovqinni tekshirish uchun
maxsus asboblar ishlatiladi. Ular detsibellar bilan shovqin kuchining darajasini
o‘lchashga imkon beradi. Bundan tashqari nihoyatda murakkab tuzilgan tovush
analizatorlari ham mavjud bo‘lib, ular mavjud, shovqinning qanday chastotalardan
iboratligini va umumiy tovush quvvatining qaysi chastota bo‘laklariga to‘g‘ri
kelishini juda ham aniqlik bilan belgilab beradi.
Qattiq shovqin eshitish organlariga yomon ta’sir qilishi natijasida
ishchilarning eshitish qobiliyati pasayib ketadi. Bunda, avvalo eng kuchli darajada
yuqori tebranish chastotasiga ega bo‘lgan tovushlarni qabul qilish buziladi. Juda
ko‘p tebranishlarga ega bo‘lgan tovushlar kar bo‘lib qolishga asosiy sabab bo‘ladi.
Ishlab chiqarishda shovqin ichki quloqqa faqat havo orqali o‘tibgina qolmasdan,
balki bosh suyagi orqali ham o‘tadi. Shovqin boshni aylantirib, miyada og‘riq paydo
qiladi va quloq shang‘illab asab tizimiga ham yomon ta’sir qiladi, fikrni jamlab,
aqliy ish bilan shug‘ullanishga imkon bermaydi. Uzoq vaqt mobaynida shovqinning
odamga sezilmas darajada ta’sir qilishi asab tizimining ishdan chiqishiga olib keladi.
Shovqin ta’sirida turli organ va tizimlarning, masalan, ovqat xazm qilish, qon
aylanish normal faoliyati buziladi.
Titrashning zararli ta’siri. Titrash ishlab chiqarish zarari bo‘lib, odam
tanasiga yoki uning ayrim qismlariga bevosita beriladigan mexanik tebranma
harakatlardir. Qattiq jismlarning sekundiga 26 tadan kam (infratovushlar) va 20000
dan yuqori (ultratovushlar) tebranishi eshitish organi tomonidan tovush sifatida
qabul qilinmaydi. Odam organizmi ularni fizik nuqtai nazardan ma’lum bir davr
ichida takrorlanadigan tebranuvchi harakatlar yig‘indisidan iborat titrash sifatida
qabul qiladi.
Ishlab chiqarish sharoitida titrash odam organizmiga bilvosita yoki bevosita
ta’sir qiladi. Titrashnning bilvosita ta’siri mashinalarning ko‘pincha polning va
dvigatellarning, asbob-uskunalarning va bolg‘alar dinamik zarbi natijasida kelib
chiqadi. Titrashning bevosita ta’siri, asosan rotatsion va zarb ta’siri bo‘lgan turli
xildagi pnevmatik asboblarni ishlatishdan paydo bo‘ladi. Ular mashinasozlik
sanoatida, kesadigan, teshadigan va charxlash mashinalari, yo‘l qurilishida
ishlatiladigan pnevmatik mashinalar va shunga o‘xshashlar.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan turli xildagi pnevmatik asboblarni ishlatishda
faqat ish qilayotgan qo‘lga titrash ta’sir qilibgina qolmay, balki tananing boshqa
qismlari, ayniqsa asboblar uchun tirgak bo‘ladigan yoki ishlanayotgan buyumlarni
bosib turadigan oyoqqa ham ta’sir qiladi.
Shovqin va titrashga qarshi ko‘riladigan tadbirlar. Ishlab chiqarishdagi
qattiq shovqinlarni keskin kamaytiradigan yoki yo‘qotadigan choralarga, birinchi
navbatda shovqin chiqaradigan texnologik jarayonlarni yoki asbob uskunalarni
o‘zgartirish kiradi. Mashinalar, stanoklar va boshqa turdagi mexanik asbob
uskunalarning ishlashida shovqin va titrashni keltirib chiqaruvchi sabablar eng
avvalo harakat qilish jarayonida ulardagi ayrim qismlarning bir-biriga urilishi,
mashinalarning silkinuvchi va aylanib harakat qiluvchi qismlari kiradi. Buni
yo‘qotishni asbob uskunalarni konstruksiyalash vaqtidan boshlash kerak.
To‘suvchi konstruksiya bilan tovush yutilishini shunday hisoblab chiqish
kerakki, devor satxiga urilib aks sado qaytarish natijasida kelib chiqadigan shovqin
qattiqligi yoki tezlik darajasi 3 detsibeldan oshib ketmasin. Imkon boricha, shovqinli
ishlarni ochiq joylarda bajarish kerak. Shovqinli ishlar bino ichida bajariladigan
bo‘lsa, bu binolarni boshqa binolardan alohida qilib qurish kerak. Masalan,
nihoyatda shovqin chiqaradigan, sim, mix yasaydigan, to‘qimachilik va shtampovka
qiladigan sexlarni shovqinsiz yoki kam shovqinli texnologik jarayonlar joylashgan
binolardan ma’lum uzoqlikda alohida qurilgan binolarga joylashtirish kerak. Bu
ikkala binolar o‘rtasiga daraxtlar ekilsa ular shovqinning kamayishiga yordam
beradi.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, shovqinni yutuvchi materiallar yordamida
shovqin kuchini deyarli 10 marta kamaytirish mumkin ekan. Ishlab chiqarish
sharoitda shovqin va titrashga qarshi kurashish maqsadida mashinalarning titrashi
va titrashini yo‘qotishga harakat qilish kerak. Kuchli shovqin chiqaradigan va
silkinadigan mashinalarni yumshoq materiallardan, masalan moskalitdan (kigiz va
probkalarning kombinatsiyasi) ishlangan maxsus poydevorga o‘rnatiladi.
Ishchilar organizmiga titrashning ta’sirini kamaytirish yoki uni tamoman
yo‘qotishga polning tebranish davriga qaraganda uzoqroq tebranib turadigan
supacha-amortizatorlarni qo‘llash bilan erishish mumkin, bunda tebranish ishchi
kuchiga
ta’sir
qilmaydi.
Xaydovchilarda,
uchuvchilarda,
traktorchi,
kombaynchilarda o‘rindiqdan o‘tadigan titrashlarni turli xildagi yumshoq narsalarni,
yostiqcha prujina va boshqalarni qo‘yib kamaytiriladi.
Shovqin va titrashni organizmga ta’sirini kamaytirishda ishchilarni mehnat
qilish rejimiga e’tibor berib, normal mehnat sharoitini tashkil etish kerak.
Shovqin va titrashga qarshi kurashda maxsus kiyimlar ham muhim
ahamiyatga ega. Quloqni shovqindan himoya qilish uchun maxsus antifonlar,
titrashga qarshi maxsus oyoq kiyimlari va qo‘lqoplar beriladi. Silkinadigan
asboblarni ushlanadigan joylari rezina bilan qoplangan bo‘lishi kerak. Shovqinli va
titrashli ishlarda ishlaydigan ishchilar vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Ultratovush va uning ta’siri. Ultratovush ishlab chiqarishda keng tarqalgan
omilllardan biridir. Ultratovush – havoni tebranma harakatga keltiruvchi 20
kilogersdan 109gersgacha bo‘lgan mexanik tebranishlardan iborat. Ultratovushning
fizik ko‘rsatkichi qilib, uning tebranish chastotasi kilogersda (kGs), tebranish kuchi
esa – detsibellarda (db) va quvvati – Vt/m2 da berilgan.
Ultratovush ishlab chiqarishda foydalaniladigan 3 ta effekti, ya’ni xossasi
mavjud: termik effekt, mexanik effekt, fizik–kimyoviy effekt.
Ultratovushlar tovush bilan bir fizik tabiatga ega bo‘lgan, lekin eshitilish
chastotasining yuqori pog‘onasidan ortiq (20000 gers va undan yuqori) egiluvchan
muhitning mexanik tebranishlaridir. Egiluvchan muhitlarda - suv, metall va
boshqalarda ultratovush yaxshi tarqaladi, bu muhitlarning temperaturasi ham
sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Ultratovushning fizik va gigienik xarakteristikasi tovushga o‘xshash, ya’ni
vaqt birligida yuza orqali perpendikulyar yo‘nalishda o‘tadigan to‘lqin harakati
energiyasining tebranish chastotasi va ularning intensivligi bo‘yicha ishlab
chiqariladi va 1 sekundda 1 sm2 ga to‘g‘ri keladigan vaqtlar bilan o‘lchanadi.
Ultratovush havodan to‘qimalarga yomon o‘tkaziladigan, lekin suvdan, boshqa
suyuqliklardan, qattiq materiallardan ancha yaxshi o‘zatiladi.
Hozirgi paytda ultratovush diagnostika va ko‘pchilik kasalliklarni davolash
uchun keng qo‘llanilmoqda. Ishlab chiqarishda quymalarni, eritib ulangan choklarni,
plastmassalarni difektoskopiya qilish va moddalarni fizik-kimyoviy tekshirish
zichligini, egiluvchanligini, strukturasini va boshqalarni aniqlashda yuqori
chastotali ultratovushdan foydalaniladi. Past chastotali ultratovush suyuqliklarda
qattiq moddalarni yuvish, yog‘sizlantirish, emulsiyaga aylantirish, metallarni kesish,
payvanlash, maydalash, murt materiallarni parmalash va shunga o‘xshash ishlar
qo‘llanadi.
Ishlovchilarning salomatligini o‘zgarishida ultratovushning havo orqali ta’siri
ultratovush va shovqinning bir vaqtda ta’sir etish oqibatidir. Mahsulotlarni
ultratovush bilan tozalashda havo muhiti ko‘pincha zararli moddalar, benzin, atseton
va boshqalarning bug‘lari bilan ifloslanadi. Salomatlikning buzilishi asosan bosh
og‘rig‘i, uyqu buzilish, serzardalik, charchash va eshitishining pasayishi kabi
belgilar bilan yuzaga chiqadi.
Ultratovush ishlovchilarning asab tizimiga ta’sir etib, astenovegetativ
sindrom, parezlar, paresteziyalar, ensefalovegetopolinevritlar chiqaradi. Ultratovush
yurak-qon tomir tizimiga ham ta’sir etib, ularning faoliyatlarini susaytiradi, natijada
bradikardiya, gipotoniya xolatlari vujudga keltiradi. Ultratovush eshituv bilan
organizmga ta’sir qilish natijasida qabul qilish bo‘sag‘asining pasayish va nihoyat
labirintopatiya kasalini chiqaradi.
Ultratovush yuqori darajasining ishlovchilar organizmiga zararli ta’siri bilan
kurashda quyidagilar qo‘llanilishi kerak:
1. Ish chastotasini oshirish va texnologik jarayonining o‘zida ishlatiladigan
(tekinxo‘r, deb ataladigan) nurlanishni bartaraf etish yo‘li bilan manbadagi tovush
energiyasini nurlanishni kamaytirish.
2. Ultratovush ta’sirining joylanishida qarab konstruktiv va planlashtirish
bo‘yicha qarorlar qabul qilish: tovushni izolyasiya qiladigan qinlar (kojuxlar), yarim
qinlar, ekranlar, uskunalarni alohida ultratovush manbaining generatorini uzadigan
avtoblokirovka tizimi qurilishi, masofadan boshqarish, xonalar va kabinalarni
tovush o‘zlashtiriladigan materiallar bilan qoplash.
3. Tashkiliy profilaktik choralar: ultratovush ta’sirining xarakteri va saqlanish
choralar haqida ishlaydigan kishilarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, mehnat va dam
olishining va ratsional rejimlari.
4. Individual himoya vositalari-shovqinga qarshi buyumlar.
Standart
ultratovushli
uskunalar
tayyorlaydigan
hamma
korxonalar
zimmasiga hujjatlarda ultratovush xarakteristikasiga ko‘rsatilishini va ultratovush
bilan kurashda talab etiladigan gigienik normativlarni ta’minlaydigan hamma
vositalardan foydalanishni yuklaydi.
Infratovush va ularning inson organizmiga ta’siri. Infratovush ham ishlab
chiqarishda keng tarqalgan omillardandir. Infratovush qattiq jismlarning mexanik
tebranishlardan hosil bo‘luvchi fizik omillardan biridir. Infratovushga 16 gs gacha
bo‘lgan past tovushlar kiradi.
Infratovush quyidagi birliklar bilan tavsiflanadi:
Infratovush amplitudasi, intensivligi, to‘lqin uzunligi bilan belgilanadi.
Infratovush amplitudasi qanchalik katta bo‘lsa, shunchalik uning bosimi ko‘payadi.
Infratovush bosimi Paskal metr kvadratida (Pa/m2) belgilanadi. Gigienik amaliyotda
ish joylarda nisbiy birlik, ya’ni detsibellardan foydalaniladi. Infratovushni asosiy
xususiyatlardan biri – uning to‘lqin uzunligi katta va tebranish chastotasi kichik
bo‘ladi. Shu sababdan infratovush o‘z yo‘lidagi qarshiliklarni yengib, egiltiradi.
Atmosfera havosida kam yutiladi, chunki uning to‘lqin uzunligi juda uzoq masofaga
tarqaladi, shu sababdan unga qarshi profilaktik choralar olib borish juda qiyin. Yer
qimirlash, bo‘ron, to‘fonlarning ko‘tarilishi, dengiz bo‘ronlari, vunqonlarning
portlashi natijasida ham infratovush xosil bo‘ladi.
Metallurgiya zavodlaridagi po‘lat eritish pechlari ishlaganda, kompressorlar,
ventilyatorlar, yirik gabaritli mashina va mexanizmlar ishlashi natijasida infratovush
xosil bo‘ladi. Bundan tashqari, yuk mashinalari, avtobus, troleybus, yengil
mashinalar, buldozer, ekskavatorlar, avtoyukmashinalar, portlaridagi kranlar,
metropoliten va elektropoezdlar ishlaganda xosil bo‘ladi.
Infratovush bilan bir vaqtda ish joy havosiga xar xil chastotadagi shovqin ham
ishlovchilarga ta’sir qiladi. Infratovush butun organizmga ta’sir qilishi mumkin.
Bunda organizmda charchash, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, vestibulyar apparat
funksiyasi buzilishi, eshituv vavibratsion sezuvchanlikni pasayshi, nafas olish
ritmining buzilishi, qon bosimining oshishiga olib keladi.
Infratovush salbiy ta’sirini oldini olish profilaktik chora tadbirlari:
1. Infratovushni manbasida kamaytirish.
2. Infratovushni izolyasiyalash.
3. Infratovushni tovush qoplari bilan qoplash.
4. ShXV lardan foydalanish.
5. Tibbiy profilaktika choralari.
Infratovush chiqaruvchi apparat va mexanizmlarini loyihalash bosqichida
ko‘rib chiqish, infratovush chiqaruvchi sexlarni alohida zonalarga joylashtirish,
alohida xonalarga izolyasiya qilish, tovush yutuvchi materiallardan foydalanish
lozim. Tibbiy profilaktik choralarga ishga kirishdan oldin va davriy tibbiy ko‘rikdan
ishlovchilarni O‘zR SSV ning 300-sonli buyrug‘iga asosan o‘tkazish va nihoyat
infratovush darajasini nazorat qilib turish lozim.
5. Ishlab chiqarishda zararli nurlanishlar, ularning hususiyatlari va
inson organizmiga ta’sirini o‘rganish
1. Radioaktiv nurlanishlar. Radioaktiv izotoplar bilan ish bajariladigan
sanoat korxonalarida, bu korxonalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu izotoplar bilan
ishlayotganlardan tashqari, qo‘shni yaqin xonalarda boshqa ishlar bilan
shug‘ullanayotganlar, shuningdek korxona joylashgan zonada yashovchilar ham
radioaktiv nurlanishlar ta’siriga tushib qolishlarini hisobga olish kerak.
Ionlashtirilgan nurlanishlardan ishchilarni saqlash qoida va normalari va
qo‘llaniladigan himoya vositalari juda xilma-xildir.
Asosiy normalovchi xujjat sifatida: “Radioaktiv xavfsizlik normalari (NRB-
76)”. “Radioaktiv moddalar va boshqa ionlashgan nurlanish manbalari bilan
ishlovchilar uchun asosiy sanitariya qoidalari” (OSP-72); GOST 12.2.018-76
“SSBT. Rentgen qurilmalari. Xavfsizlikning umumiy talablari”; GOST 17.4.001-75
“SSBT. Ishchilarni muhofaza qilish vositalari. Klasslari”dan foydalaniladi.
Joriy qilingan normalar bo‘yicha nurlanishning yo‘l qo‘yiladigan dozasi
(YQD), shuningdek ishlovchi uchun bir yillik nurlanish darajasi 50 yil davomida
organizmda yig‘ilgan taqdirda uning sog‘lig‘iga va avlodlari sog‘lig‘iga zarar
yetmaydigan miqdorlari belgilangan.
Radioaktiv nurlanishlar kishi organizmining hammasiga birdan ta’sir
ko‘rsatmasdan ba’zi bir organ va hujayralarini ko‘proq zararlashi aniqlangan.
Shuning uchun ham nurlanishning umumiy dozasi emas, balki organizmning qaysi
qismida radioaktiv nurlanuvchi moddalar yig‘ilganligini hisobga olinadi.
Ishchilarning ichki nurlanishlarini kamaytirish uchun radioaktiv moddalarni
ochiq holatda ishlatishga yo‘l qo‘ymaslik, odam ichki organlariga tushib
qolmasligini ta’minlash, xonadagi havo muhitiga tushmasligini, shuningdek
radioaktiv moddalar bilan qo‘l, kiyim va xonadagi jihozlar yuzasini zararlanishdan
saqlash kerak. Ochiq holda ishlatilganda ichdan nurlantirish xavfi bo‘lgan radioaktiv
moddalar besh guruhga bo‘linadi.
A - nihoyatda yuqori nurlanish aktivligiga ega bo‘lgan izotoplar.
B - yuqori nurlanish aktivligiga ega bo‘lgan izotoplar.
V - o‘rtacha nurlanish aktivligiga ega bo‘lgan izotoplar.
G - kichik nurlanish aktivligiga ega bo‘lgan izotoplar.
D - nurlanish aktivligi juda kam bo‘lgan izotoplar.
Radioaktiv moddalar bilan ishlaganda, radioaktiv modda zarralari ish
joylarini, odamning qo‘llari va boshqa ochiq tana qismlariga o‘tirib qolishi, havo
muhitiga o‘tib qolishi va u yerda radioaktiv nurlanish manbalari hosil qilishi
mumkin. Shuningdek bu radioaktiv changsimon moddalar nafas yo‘llari yoki teri
orqali organizm ichki organlariga kirib qolishi mumkin. Terining nurlanish dozasini
katta aniqlik bilan hisoblash imkoniyatlari bor. Buning uchun ish bajarilayotgan
zonaning zararlanish darajasi aniqlanadi. Bunda ishlatilayotgan moddaning aktivligi
va zararlangan yuzaning kattaligi hisobga olinadi.
Ichdan nurlanish dozasini hisoblash ancha qiyin, chunki u bir qancha
omillarga bog‘liq. Teri, shaxsiy muhofaza vositalari va xonalar ishchi yuzalarining
yo‘l qo‘yiladigan zararlanish darajasi aniqlanmaydi. Bular radioaktiv moddalar bilan
ishlash tajribalariga asoslangan sanitariya qoidalarida belgilanadi.
Radioaktiv nurlanishlarga qarshi kurash chora-tadbirlari.
Radioaktiv moddalar bilan ishlayotgan ishchilarni nurlanishdan muhofaza
qilishning turli xil usullaridan foydalaniladi. Bunda nurlanish tashqi va ichki
bo‘lishini hisobga olinishi kerak. Tashqi nurlanishlardan saqlanishda asosan
nurlanish vaqtini belgilash, nurlanayotgan modda bilan ishchi orasidagi masofani
saqlash va ekranlar yordamida to‘siq vositalaridan foydalaniladi. Ishchining
radioaktiv nurlanish zonasida bo‘lish vaqti, uning yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan
dozaga nurlanish vaqtidan oshirmasligi kerak.
Alfa nurlanishlardan saqlanishda ekran qarshiligini hisoblashning extiyoji
yo‘q. Chunki bu nurlanishlar harakat-doirasi eng kuchli radioaktiv moddalardan
ham 55 mm dan oshmaydi. Alfa nurlanishlarni oyna, pleksiglaz, folganing eng
yupqa xili ham ushlab qolish imkoniyatiga ega.
Betta nurlanishlardan muhofaza qilishda betta nurlarining harakat
masofalarini hisobga olgan holda ekran moddasi va qalinligi tanlanadi.
Gamma nurlanishlarda muhofaza qilishdagi og‘ir metallardan foydalanish
kerak. Masalan, qo‘rg‘oshin, volfram va boshqalar yaxshi natija beradi.
O‘zlarining muhofazalanish xususiyatlariga ko‘ra o‘rtacha og‘irlikdagi
metallar ekran sifatida yaxshi natija beradi (po‘lat, cho‘yan, mis birikmalari va b.).
Ekranlar yordamida ish joylaridagi nurlanishning kamaytirish imkoniyatlari bor.
Rentgen qurilmalarini ishlatganda ikki xil nurlanish hosil bo‘ladi. Bular -
to‘g‘ri tushayotgan nurlar va har xil yuzalarga tushib qaytgan nurlardir. Ish
bajarilayotgan vaqtda bu nurlarning ikkalasidan ham muhofazalanish chora-
tadbirlarini belgilash kerak. Rentgen qurilmalarini quruq, yog‘och polli xonalarga
o‘rnatish kerak. Bu xonalarning tez-tez shamollatish kerak.
Muhofaza ekranlarining puxta ishlayotganligi o‘lchash asboblari yordamida
tekshirib turiladi. Yopiq holatdagi nurlanuvchi moddalar bilan ishlaganda asosan
tashqi nurlanishlarga qarshi muhofaza aslahalaridan foydalaniladi. Ochiq holatdagi
radioaktiv moddalar bilan faqat bosimi kamaytirilgan, mustahkam yopiladigan
shkaf, boks va kameralarda ish bajarish kerak. Qurilmaning mustahkam
berkitilganligi tekshirib turiladi.
Radioaktiv moddalar bilan ish bajariladigan binolarning devorlari, pol, shift
va eshiklari tekis va silliq bo‘lishi kerak. Hamma burchaklar, radioaktiv
moddalardan tozalash oson bo‘lsin uchun yarim aylana shakliga keltiriladi.
Xonalarda shaxsiy muhofaza vositalari uchun havo berish tizimlari tashkil qilinadi.
Bino maxsus sanitariya-gigiena jihozlariga ega bo‘lishi kerak. Bular -
yuvinish qurilmalari, dush xonalari, suv ichish favvoralari va boshqalardir. Bu
qurilmalar shunga o‘xshash sanitariya-texnik qurilmalardan bir-muncha farqli
tuzilishga ega bo‘ladi. Masalan, qo‘l yuvish qurilmalarida kran o‘rniga pedal
o‘rnatiladi. Shuningdek bu xonalarda albatta issiq suv ta’minoti bo‘lishi shart.
Kanalizatsiya tizimlari zararsizlantirish qurilmasiga ega bo‘ladi.
2. Elektromagnit nurlanishlar. Umuman olib qaraganda barcha maishiy
texnikalar nurlanish manbai bo‘lib hizmat qiladi, lekin ularning ta’sir doirasi,
quvvati, nurlanish koeffitsienti va shu kabi omillarga bog‘liq bo‘lganlidan ular inson
tanasiga turlicha ta’sir o‘tkazadi.
Elektromagnit maydonning asosiy manbalari bo‘lib elektr uzatkich liniyalari,
elektr o‘tkazgich, maishiy elektr asboblar, shaxsiy kompyuterlar, tele va radio
uzatuvchi stansiyalar, sun’iy yo‘ldosh va uyali aloqa xizmati, elektrotransport, radar
qurilmalari hisoblanadi.
Maishiy elektr asboblar: Bu turdagi qurilmalarda nurlanish darajasi
qurilmaning rusumi, ishlash rejimi, ishlash jarayonidagi iste’mol quvvatiga (ya’ni
qurilmaning iste’mol quvvati qancha ortib borsa, elektromagnit maydonning ham
ta’sir doirasi shuncha ortib boraveradi) va shu kabi omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bu
kabi qurilmalarga kir yuvish mashinalari, qahva qaynatgich, chang yutgich,
qunduzgi chiroq, mikroto‘lqinli pech, isitgich va hokazolar kiradi. Bu
qurilmalarning ichida ta’siri yuqori hisoblanadigani mikroto‘lqinli pech bo‘lib,
undan foydalanishni biroz kamaytirishni va homilador ayollarning bu kabi
vositalardan iloji boricha foydalanmasliklari tavsiya qilinadi.
Kompyuterlar: Kompyuterlarning asosiy sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan qismi
monitor qismi bo‘lib, ko‘pchilik foydalanuvchilar elektron nur trubkali (ENT)
monitordan foydalanishadi. Bu turdagi monitorlar LCD (Liquid Crystal Display)
monitorlariga nisbatan ancha xavfli hisoblanadi. ENT monitorda elektromagnit va
yengil rentgen nurlanish mavjud. Shuning uchun ko‘pchilik mutaxassislar LCD
monitordan foydalanishni tavsiya qiladilar. Kompyuterning tizimli qismini olib
qaraydigan bo‘lsak, u yerda deyarli hamma narsa nurlanishdan himoyalangan va
uning ichidagi qurilmalar past quvvatda ishlaganligi uchun u yerdan chiqayotgan
nurlanish kam miqdorda bo‘ladi, qolaversa ko‘pgina tizimli bloklarning ustki qavati
metal bilan qoplangan. Tizimli blokdagi nurlanish asosan markaziy protsessor va
elektr ta’minot qismida hosil bo‘ladi.
Tele va radiouzatuvchi stansiyalar: Odatda bu turdagi stansiyalar aholi
yashamaydigan joylarga o‘rnatiladi, lekin vaqt o‘tishi bilan bu chekka hududlar ham
aholi yashash joyiga aylanib bormoqda. Toshkent teleminorasi bunga yaqqol misol.
Bu turdagi stansiyalarda nurlanish quvvati yetarlicha baland hisoblanadi. Bu
stansiya atrofida yashovchi kishilarning soch to‘kilishi, bosh og‘rig‘ining ko‘p
bo‘lishi bu yerdagi elektromagnit maydonning quvvati yuqoriligidandir. Bunga bir
necha santimetrli sim o‘tkazgichni antenna qilib, telekanallarni ushlab olish ham
misol bo‘la oladi. Shifokorlar elektromagnit maydon yuqori bo‘lgan hududlarda
hotiraning pasayishi, immun tanqisligi uyquning yo‘qolishi va shu kabilar ko‘p
bo‘lishini ta’kidlashadi. Shuning uchun ularga yomg‘irda sayr qilish va sharshara
bo‘ylarida ko‘proq dam olish tavsiya etiladi. Deyarli har bir inson umri davomida
musbat ionlarni o‘ziga jamlab yuradi. Musbat ionlar manbai bo‘lib televizor,
kompyuter va shu kabilar misol bo‘ladi. Fizika kursidan ma’lumki, qarama - qarshi
zaryadlar uchrashganda neytral xolatga o‘tadi. Suv zarralari esa manfiy ionlar
manbaidir. Demak, insonning bu kabi ochiq havoda yurganda va hushmanzara
joylarga borganda qandaydir o‘zida yengillik his etishi shu omilga ko‘ra amalga
oshadi.
Uyali aloqa xizmati: Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 1,5 mlndan uyali aloqa
baza stansiyalari mavjud. Uyali aloqa baza stansiyalari yerdan 15-50 metr
balandlikda va uyali telefonlar foydalanuvchining o‘zida bo‘lganligi uchun insonga
ta’siri katta. Inson tanasining elektromagnit nurlanishlarga eng ta’sirchan qismi bosh
qismi bo‘lib, aynan shu sohada so‘zlashuv olib boriladi. Shuning uchun u insonda
nurlanish jarayoni tezlashishini yana ham orttiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uyali telefonlar zarariga oid Yevropa
parlamentiga taqdim etgan hisobotida insonlarning saraton kasaliga chalinishida
uyali telefonlarning ta’siri kuchli ekanini ta’kidlagan. Germaniyaning “Nova”
oliygohi mutaxassilari kamerali va kamerasiz uyali telefonlarda elektromagnit
nurlanishi bo‘yicha test o‘tkazishganda, kamerali telefonlarning nurlanishi sodda
uyali telefonlarga qaraganda ko‘proq bo‘lgan. Nurlanish asosan uyali telefondan
so‘zlashuv vaqtida chiqadi, lekin “kutish” xolatida u nurlanishdan butkul xalos
bo‘lmaydi, chunki uyali telefon baza stansiyasiga o‘zining tarmoq doirasida
ekanligi, qo‘ng‘iroq, SMS va shu kabi ma’lumotlarni qabul qilishga tayyor ekanligi
haqida axborot berib turadi. Bu kabi nurlanishlarni butunlay yo‘q qilishning iloji
yo‘q, chunki allaqachon uyali aloqa turmushimizning bir qismiga aylanib bo‘lgan,
lekin undagi nurlanishlarni kamaytirishning iloji bor. Bunda uyali telefonning turiga,
antennasining joylashuviga, uzatish quvvatiga, korpusining materialiga, uyali
telefonni ishlatish tartibiga e’tibor berish kerak.
Uyali telefondan foydalanish tartibiga kelsak, uni so‘zlashuv vaqtidagi
“kutish” xolatida quloqda emas, balki qo‘lda ushlab turish tavsiya qilinadi. Zarur
bo‘lmasa tunda, keraksiz paytlarda o‘chirib qo‘yish tavsiya qilinadi. Uni iloji
boricha qo‘lda va yon haltada olib yurish lozim. Uyali telefonni yosh bolalardan
uzoqda tutish kerak.
Elektromagnit nurlanish insonning markaziy asab tizimi, immuniteti,
endokrin tizimi, jinsiy tizimiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazar ekan. Demak, bu
kabi elektromagnit nurlanish hosil qiladigan vositalardan foydalanishni tartibga
keltirib olsak ham o‘zimizni ham naslimizni sog‘ligini asragan bo‘lamiz.