JAMIYAT VA INSON FALSAFASI
Mavzu rejasi :
1.
Jamiyat tushunchasining mohiyati va rivojlanish bosqichlari. Tarixning
mazmuni, yo‘nalishlari va konsepsiyalari. Ijtimoiy hayot sferalari: iqtisodiy,
ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy kichik tizimlar. Jamiyatning siyosiy hayotida
davlatning o‘rni va roli.
2.
Sivilizatsiya tushunchasi va uning tiplari. Texnogen sivilizatsiyaning ustuvor
yo‘nalishlari. Madaniyat va sivilizatsiya mutanosibligi.
3.
Inson borlig‘ining o‘ziga xos xususiyatlari. Jamiyat rivojida til, ong va
tafakkur imkoniyatlari. Ongning tabiati, strukturasi va funksiyalari. Onglilik va
ongsizlik dialektikasi.
4.
Falsafiy antropologiya va elitologiyaning uyg‘unligi. Hayotning ma’nosi va
unda insonning vazifasi. Hayotni tark etish bosqichlari. Suitsid, parasuitsid,
evtanaziya va uning shakllari, esxatalogiyaning mohiyati.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va atamalar:
Ijtimoiy falsafa, jamiyat, iqtisodiy kichik tizim, ijtimoiy ishlab chiqarish,
moddiy ishlab chiqarish, ma’naviy ishlab chiqarish, ishlab chiqarish kuchlari,
ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulk va mulkchilik, ma’naviy soha, ijtimoiy ong,
ijtimoiy psixologiya, mafkura, ijtimoiy soha, ijtimoiy jamoa va guruhlar, etnik
guruh, tabaqa, sinf, ijtimoiy institutlar, siyosiy tizim, davlat, partiyalar, siyosat va
siyosiy ong, fuqarolik jamiyati, siyosiy erkinlik, demokratiya, fuqarolik
uyushmalari, sivilizatsiya, sivilizatsiya tiplari, madaniyat, tarix, tarix falsafasi,
tarixni bilishga monistik va plyuralistik, chiziqli va siklik (davriy), formatsion va
sivilizatsion yondashuvlar, tarixiy taraqqiyot, zaruriyat va erkinlik, shaxsning roli,
qadriyat, aksiologiya, qadriyatlar turlari, inson borlig‘i, falsafiy antropologiya, ong
va bilish, ongning tabiati, ongning strukturasi va funksiyalari, individual ong,
ijtimoiy ong, ong va til, irratsionalizm, ongsizlik, hayotning mazmuni, hayotni tark
etish, suitsid, parasuitsid, evtanaziya, esxatalogiya, insonning vazifasi.
1-savol bayoni: Olamning moddiy birligi tamoyiliga ko‘ra jamiyat borliqning,
ob’ektiv reallikning ko‘rinishlaridan biri, uning kichik tizimidir. Jamiyat hayoti va
rivojlanishining eng umumiy qonunlari to‘g‘risidagi falsafiy fan sohasi ijtimoiy
falsafadir.
Jamiyat – kishilar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal
qiladigan juda ko‘plab munosabatlar yig‘indisi; tabiatning bir qismi; ijtimoiy borliq.
Kishilik jamiyatini o‘rganadigan fan sohalari ko‘p. Jamiyatning iqtisodiy hayoti
iqtisodiyot nazariyasi, unda kechadigan tarixiy jarayonlar tarix, jamiyatni
boshqarish sohasi «Davlat va huquq nazariyasi»ning tadqiqot ob’ekti bo‘lib
hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa boshqa fanlardan farqli o‘laroq jamiyatni o‘z-o‘zini
tashkillovchi va boshqaruvchi yaxlit bir tizim sifatida o‘rganadi va bu tizimga xos
bo‘lgan qonunlarni ochishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Falsafa fanida jamiyatni anglashning asosiy tamoyillari quyidagilar:
- Jamiyat moddiy olamning, xususan tabiatning o‘ziga xos bir qismi, tabiat va uning
qonunlari ijtimoiy hayotning mavjudligini ta’min etadi, ya’ni tabiat – jamiyat
hayotining zarur sharti, deb o‘rganiladi;
- Jamiyat – bir butun, yaxlit ijtimoiy organizm, yaxlit tizim sifatida tahlil qilinadi;
- Jamiyat – uni tashkil etuvchi kishilar faoliyatining majmuidir, jamiyat hayotining
barcha tomonlari va ularning rivojlanishi kishilar o‘rtasidagi munosabatlar bilan
taqozolangandir. Shunga ko‘ra ijtimoiy hayotning mohiyatini kishilar amaliy
faoliyatining tahlili asosida bilish mumkin.
Jamiyat to‘g‘risidagi sotsiologik fikr tarixida unga turlicha ta’riflar berilgan.
Bu tushunchani quyidagicha ta’riflash mumkin: Jamiyat – murakkab bir butun
ijtimoiy organizm (tizim) bo‘lib, kishilar faoliyati jarayonida ular o‘rtasida amal
qiladigan axloqiy, diniy, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, mafkuraviy va hokazo
munosabatlarning, tarixan tarkib topgan oila, din, davlat, axloq, siyosat, huquq va
shu kabi ijtimoiy institutlarning majmuidir.(Qarang: Falsafa: qomusiy lug‘at.- T.:
Sharq, 2004, 124-bet).
Hozirgi zamon antropologiya va etnografiya fanlari nuqtai-nazaridan odam
bundan taxminan 5 million yillar muqaddam shu Yer deb atalgan Quyosh sistemasi
tarkibidagi sayyora – Ona tabiat harakati natijasida tirik mavjudotlar ichida bir tur
sifatida vujudga kelgan. Odam miya tuzilishining hayvonlarnikidan sifat jihatidan
farq qilishi va ongli mehnat tufayli asta-sekin fiziologik va intellektual (aqliy)
jihatdan takomillashib borib, bundan qariiyb 50-40 ming yillar burun Kromanon
tipidagi odam jamiyat bo‘lib yashashga o‘tgan. Odamzotning jamiyat bo‘lib
yashashi uchun ma’naviy madaniyat kerak edi. Ana shu ehtiyojlar sababli ilgarigi
odam tiplari (avstralopitek, pitekantrop, sinantrop, neandertal)dagi instinktlar
o‘rnini ahloq normalari egallab bordi. Natijada dunyoning turli mintaqalarida
vujudga kelgan odamlar jamoasida ruxsat va ta’qiq tizimi shakllandi. Ibtidoiy
jamiyat odamlari mifologik dunyoqarash asosida shakllangan. Dastlab ular sehrli
kuchlar borligiga ishonganlar, ulardan najot tilab yashash tarziga o‘tganlar. Diniy
dunyoqarashning shakllanishi tufayli ruxsat va ta’qiqlar o‘rniga savob va gunoh
haqidagi tushunchalar tarkib topdi; odamzotning keyingi uch ming yillik ma’naviy
madaniyati ana shu qarashlar doirasida takomillashib bordi. Davlatning demokratik
shakllari yuzaga kelgach, jamiyat ma’naviyati qonun ustivorligi ruhida shakllanib
bordi.
Jamiyat to‘g‘risidagi qarashlar tarixi: Jamiyat g‘oyat murakkab va
ko‘pqirrali hodisa bo‘lib, muttasil ravishda o‘zgarish va rivojlanish xususiyatiga
egadir. Juda qadim zamonlardanoq insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari jamiyat
mohiyatini bilishga va insonning jamiyatdagi o‘rni va rolini belgilashga harakat
qilganlar. Turli tarixiy davrlarda mifologik, diniy, ilmiy va falsafiy qarashlar
jamiyatning kelib chiqishi va rivojlanishi to‘g‘risida muayyan bilim, tasavvurlar
hosil qilishga imkon bergan. Davlat va jamiyat, ijtimoiy munosabatlar haqidagi
dastlabki tasavvurlar qadimgi Bobil, Misr, Hindiston, Markaziy Osiyoda vujudga
kela boshlagan. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto»da, qadimgi hind
eposlari bo‘lmish «Mahabhorat», «Ramayana», «Kalila va Dimna»da jamiyat,
inson, ijtimoiy muammolar o‘z ifodasini topgan.
Insoniyat ma’naviyati yuksalib borgani sayin jamiyat to‘g‘risidagi qarashlar
ham tobora takomillashib borgan, jamiyat to‘g‘risidagi o‘ta sodda diniy-mifologik
qarashlarga nisbatan ancha murakkab va ishonchli ilmiy-falsafiy qarashlar vujudga
kelgan.
Jamiyat muammosi qadimgi yunon faylasuflari qarashlarida markaziy o‘rin
tutadi. Platon va Aristotel ta’limotida jamiyat, davlat masalalari muhim o‘rin tutadi.
Platon jamiyatga tizim sifatida yondoshib, uning tarkibi, davlat boshqaruvi haqida
qimmatli fikrlar bildirgan. Aristotel jamiyatni o‘rganuvchi fanlar orasida siyosatga
alohida o‘rin bergan. Uning fikricha, jamiyat siyosiy mavjudotlardan tashkil topgan.
Jamiyat to‘g‘risidagi izchil ilmiy-falsafiy qarashlarning rivojlanishiga
Markaziy Osiyo mutafakkirlari, qomusiy bilim egalari: Farobiy, Abu Rayhon
Beruniy, Ibn Sino singari ulug‘ mutafakkirlar salmoqli hissa qo‘shganlar. Ularning
ilg‘or qarashlari ko‘p asrlar davomida ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirish,
komil inson shaxsini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi va hozirgacha
o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Abu Nasr Forobiy asarlarida jamiyat muammosi falsafiy tahlil qilingan. U
Platon va Aristotel asarlariga tayanib, jamiyatning kelib chiqishi asosida tabiiy
ehtiyojlarni qondirish yotadi, degan nazariyani ilgari surgan. Tabiiy ehtiyoj
kishilarni birlashishga, jamoaga uyushuviga, o‘zaro yordamga olib kelgan. O‘zaro
yordam tufayli ehtiyojlar qondirilgan. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatni
keltirib chiqargan. Insoniyat jamiyati turli xalqlardan tashkil topgan bo‘lib, ular
o‘zaro bir-birlaridan tillari, urf-odatlari, malakalari, xususiyatlari bilan farqlanadilar.
Forobiy jamiyatlarni fozil va johillarga ajratadi. Fozil shahar yuksak axloqli va
ma’rifatli kishilar tomonidan boshqarilib, bu davlat shahar aholisining o‘zaro
ko‘maklashuviga, bir-biriga yordam berishga asoslanadi. Odamlarga nisbatan ularni
birlashtirib turuvchi ibtido – insoniylikdir. Shu tufayli odamlar odamzod turkumiga
oid bo‘lgani uchun ham o‘zaro tinchlikda yashamoqlari lozim.1
Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino birinchi bo‘lib jamiyat qanday paydo
bo‘lgan, degan savolga ilmiy asosda javob berishga harakat qilganlar. Insoniyat
jamiyatining paydo bo‘lish sabablarini odamlarda aql va tafakkurning rivojlanishi,
kishilarning birdamlikka bo‘lgan tabiiy ehtiyoji bilan bog‘laganlar. Ibn Sino
jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni normal-tabiiy holat ekanligini ta’kidlagan.
Mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega
ekanligini asoslashga harakat qilgan.
Abu Ali Ibn Sino «Ishorat va tanbihot» asarida inson o‘z shaxsiy talablari
jihatidan boshqalardan ajralgan holda yashay olmaydi, chunki u insoniyatning
boshqa vakillari bilan munosabatda bo‘libgina, o‘z ehtiyojlarini qondirishi
mumkin»2 deb hisoblaydi. U insonlarning jamiyatdagi o‘rniga ko‘ra 3 guruhga
bo‘ladi:
a) davlat idoralarida xizmat qiluvchi va jamiyatni boshqarish ishi bilan
shug‘ullanuvchilar;
b) xom-ashyo va zaruriy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar;
v) davlatni qo‘riqlash, uni turli tashqi xujumlardan saqlashni ta’minlaydigan
xarbiylar.
Abu Rayhon Beruniy birinchilardan bo‘lib sivilizatsiyalarning paydo bo‘lishida
tabiiy-geografiy muhitning tutgan o‘rnini asoslashga uringan. U jamiyatni idora
qilish va boshqarishning mohiyati aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qilish,
birovlarning tinchligi yo‘lida o‘z tinchligini yo‘qotishidan iborat, deb bilgan.3
Alisher Navoiy o‘z asarlarida «ideal jamiyat» qiyofasini chizgan.
Markaziy
Osiyo
mutafakkirlarining
jamiyat
to‘g‘risidagi
qarashlari
keyinchalik yevropalik olimlar tomonidan yanada rivojlantirildi. XIX asr o‘rtalariga
kelib jamiyatni ilmiy asosda tadqiq etish, uning rivojlanish istiqbollarini oldindan
1 Қаранг.: Ўзбекистонда ижтимоий-фалсафий фикрлар тарихидан лавҳалар. – Т., «Ўзбекистон», 1995 йил, 49-
бет.
2 Ўша ерда 68 – бет.
3 Жаҳон фалсафаси тарихидан мавҳулар. I қисм. – Т., Ўзбекистон Файласуфлари Миллий жамияти нашриёти,
2004 йил, 122-бет.
ko‘rish, yetilgan ijtimoiy muammolarni ilmiy asosda hal etish hayotiy zaruriyatga
aylandi. Bu davrda tabiiyotshunoslik fanlari sohasida erishilgan ulkan kashfiyotlar
olimlarni jamiyat to‘g‘risida ham ilmiy nazariya yaratishga rag‘batlantirdi.
Tabiiyotshunoslik fanlarining ilmiy bilish metodlarini jamiyatni bilishga tatbiq etish
yaxshi natijalar berishi mumkin, degan xulosaga olib keldi: jamiyat to‘g‘risidagi
ilmiy nazariya - sotsiologiya fani vujudga keldi. Ijtimoiy falsafa sotsiologiya va
boshqa ijtimoiy fanlarning xulosalariga tayanib, jamiyat to‘g‘risida yaxlit ta’limot
va dunyoqarash yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Yevropa ijtimoiy-falsafiy
tafakkuri jamiyat to‘g‘risida yaxlit ta’limot yaratguniga qadar g‘oyat mashaqqatli
g‘oyaviy kurash yo‘lini bosib o‘tdi. Yevropa ijtimoiy falsafasi ilm-fan xulosalariga
tayanib, jamiyatning paydo bo‘lishi va rivojlanish xususiyatlari to‘g‘risida izchil
ta’limot yaratishga qaratilgan edi. Jamiyat to‘g‘risidagi falsafiy fanga asos solgan
fransuz faylasufi O. Kont (1758-1820) esa jamiyatning paydo bo‘lishi va
rivojlanishini insoniyatning ma’naviy taraqqiyoti ma’suli sifatida talqin etdi.
XIX asrning o‘rtalarida jamiyat, uning mohiyati, taraqqiyot istiqbollarini
o‘rganish hayotiy zarurat darajasiga ko‘tarildi va aynan shu zaruriyat falsafa fanidan
ijtimoiy falsafaning ajralib chiqishiga va maxsus falsafiy fan sifatida shakllanishiga
sabab bo‘ldi.
G‘arbiy Yevropaning G.Spenser (1820-1907), Dyurkgeym (1858-1917,
M.Veber (1864-1920) singari olimlari, shuningdek K.Marks (1818-1883), F.Engels
(1820-1895)lar jamiyat hayotini murakkab ijtimoiy tizim sifatida tadqiq etdilar.
Ingliz faylasufi G.Spenser jamiyatni tabiatning ajralmas bir qismi, umumiy
evolyusion jarayon sifatida tushuntirdi; jamiyat va tabiatni bir-biri bilan qiyoslash
orqali ular o‘rtasidagi o‘xshashlik va tafovutlarni ko‘rsatdi. Jamiyat mohiyatini
bilishda ijtimoiy darvinizm, psixologizm (freydizm, instinktivizm, xalqlar
psixologiyasi), marksizm singari falsafiy ta’limotlar muayyan rol o‘ynadi. Bunday
ijtimoiy falsafiy qarashlar hozirgi paytda tanazulga uchrab o‘z ahamiyatini yuqotgan
bo‘lsada, jamiyat mohiyatini ilmiy asosda bilish yo‘lidagi urinishlar edi deyishimiz
mumkin. Hozirgi zamon ijtimoiy falsafasi ana shu ta’limotlarning biryoqlama, xato
va ijtimoiy amaliyotga zid va u tasdiqlamagan tomonlarini yanada takomillashtirish
asosida qaror topdi.
Jamiyat to‘g‘risidagi har bir falsafiy ta’limotda konkret tarixiy davrning ruhi,
ma’naviy salohiyati o‘z ifodasini topadi. Gegel iborasi bilan aytganda, jamiyat
falsafa orqali o‘zligini anglaydi.
Jamiyatlar ochiq jamiyat, yopiq jamiyat, axborotlashgan jamiyat, fuqarolik
jamiyati kabi shakl va ko‘rinishlarga ega.
Ochiq va yopiq jamiyat tushunchalarini ijtimoiy falsafaga ingliz olimi Karl
Popper (1902-1994) kiritgan. U yopiq jamiyatni totalitar siyosiy tuzumning mahsuli
sifatida ta’riflaydi. Ochiq jamiyatda fuqarolar shaxs hisoblanadi. Bunday jamiyatda
muayyan qarorlarni qabul qilishda fuqarolar qatnashadilar. Karl Popper ochiq
jamiyatni bozor iqtisodi (bozor erkinligi) bilan bog‘laydi1.
Axborotlashgan jamiyat tushunchasi amerikalik faylasuf, sotsiolog Olvin
Toffler (1928 yilda tug‘ilgan) tomonidan muomalaga kiritilgan, u postindustrial
jamiyatni axborotlashgan jamiyat, deb ataydi. Axborotlashgan jamiyat deganda
informatsiya, ijodiyot va intellektual texnologiyaning ahamiyati ortib borgan
jamiyat nazarda tutiladi. Bu jamiyat kompyuterlar, lazer texnikasi, biotexnologiya,
gen injeneriyasi, informatika, elektronika, televideokommunikatsiya rivoji bilan
bog‘liq ravishda mavjud bo‘la oladi. Bu jamiyatda asosiy e’tibor mashinalarni
o‘zgartirishga emas, balki kishilar ongi va madaniyatini o‘zgartirishga qaratiladi.
Ijtimoiy falsafa fani doirasida ideal jamiyatga nisbatan «fuqarolik jamiyati»
tushunchasi qo‘llanadi. Garchi fuqarolik jamiyati tushunchasi iste’molga nisbatan
keyin kiritilgan hisoblansa-da, aslida u haqidagi falsafiy fikrlar qadimiy davrlardan
shakllangan. Aristotel «Siyosat» asarida fuqarolik jamiyati muammosiga diqqatini
qaratgan va uni «polis» sifatida ifodalagan. Abu Nasr Forobiy «Fozil odamlar
shahri» asarida fuqarolik jamiyatiga xos xususiyat – boshqaruvning jamoatchilik
asoslari haqidagi g‘oyalarni ilgari surgan.
Jamiyat mohiyatini falsafiy idrok etish, uning kelib chiqishi, tarkibi, insonning
jamiyatdagi o‘rni va roli kabi masalalar ijtimoiy falsafaning predmetidir. Ijtimoiy
1 Фалсафа. Қомусий луғат.-Т., «Шарқ» , 2004 йил, 331-332-бетлар
falsafada jamiyat yaxlit va umumtarixiy rivojlanishda bo‘lgan jarayon sifatida
mohiyatan o‘rganiladi. Inson borlig‘i va ijtimoiy jarayonlar umumiy aloqadorlikda
tahlil etiladi. Barcha yondashuvlar va muammolarning diqqat markazida inson bilan
jamiyat hamda jamiyat bilan shaxs o‘rtasidagi murakkab va ko‘p qirrali
munosabatlar yotadi. Zero, falsafiy mushohadadan maqsad oxir-oqibat inson,
jamiyat, borliqning mohiyatini, o‘zlikni anglashdir. Murakkab tizimga ega bo‘lgan
ijtimoiy fanlarning xususiy yo‘nalishlari yoki maxsus tarmoqlaridan (tarix,
sotsiologiya, psixologiya, antropologiya, etnografiya, iqtisodiy nazariya va h.lardan)
farqli o‘laroq ijtimoiy falsafa ijtimoiy hayotni yaxlit va bir butun hodisa, tizim
sifatida o‘rganadi.
Ijtimoiy falsafa jamiyat tuzilishi va tarixiy rivojlanishidagi umumiylikni
ochishi, ijtimoiy hayot sohalarining o‘rnini ko‘rsatib berishi, inson borlig‘i va uning
ijtimoiy mohiyatini yoritishi, insoniyat tarixining mohiyatini tushuntirib berishi
bilan boshqa xususiy ijtimoiy fanlar uchun o‘ziga xos metodologik asos vazifasini
bajaradi. Bu uslubiy vazifani bajarish ijtimoiy fanlarning fundamental yo‘nalishlari
orqali amalga oshadi. O‘z navbatida, ijtimoiy falsafaning o‘zi ham bu fundamental
ijtimoiy fanlar tadqiqotlariga tayanadi, ularning natijalarini umumlashtirish bilan
o‘zini uslubiyot sifatida takomillashtirib boradi.
Jamiyatni falsafiy tahlil qilishda falsafa, xususan, ijtimoiy falsafa bir qancha
xususiy tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida tarix falsafasi, falsafiy
antropologiya (inson falsafasi) kabi yo‘nalishlar muhim o‘ringa ega.
Tarixiy jarayon mazmuni va uning yo‘nalishi muammosi tarix falsafasining
muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Uning mohiyati kishilik jamiyati
o‘zgaradimi, agar o‘zgarsa, bu o‘zgarish qaysi yo‘nalishda yuz beradi va mazkur
o‘zgarishlarni qanday davriylashtirish mumkin, degan savollarga javob topishdan
iborat.
XIX asrning 40-yillarida jamiyat va uning rivojlanish tarixiga materialistik
qarash shakllangan bo‘lib, uning asoschilari K. Marks va F. Engels uni tarixiy
materializm, deb nomlashgan. Bunda tarixning rivojlanishiga tabiiy-tarixiy, qonuniy
jarayon sifatida qaralib, uning asosini ob’ektiv sharoitlar, jamiyat moddiy hayoti
ehtiyojlari tashkil etadi, ular asosiy sinflarning manfaatlarida o‘z aksini topadi va
antogonistik jamiyatda sinfiy kurash orqali namoyon bo‘ladi. Gegel va Marks tarix
falsafasining umumiy xususiyati shundaki, ular tarixga inson ongi va irodasidan
tamomila mustaqil mavjud, faqat olg‘a qarab rivojlanuvchi qonuniy jarayon sifatida
qaraganlar.
XX asrning ikkinchi yarmidan tarix falsafasining an’anaviy muammolari
muayyan ijtimoiy fanlar tasarrufiga o‘ta boshladi. Shu munosabat bilan pozitivizm
tarix falsafasining intihosi va uning sotsiologiya bilan almashganini e’lon qildi. Ayni
shu davrda Shpengler, Toynbi, P. Sorokin va boshqalarning ijodlarida tarix rivojiga
davriy yondoshuvning yangi variantlari ham paydo bo‘la boshladi.
Tarix falsafasining rivojlanishi jarayonida tarixiy bilishga bir qator
metodologik yondoshuvlar vujudga keldi. Ularning ichida monistik va plyuralistik;
chiziqli va davriy; formatsion va sivilizatsion konsepsiyalar kabi dixotomik
qarashlarni keltirish mumkin. Monistik yondoshuv doirasiga marksistik ta’limot va
postindustrial jamiyat nazariyalarini kiritish mumkin. Marksistik ta’limot ijtimoiy
rivojlanishning ustivor omili, deb ishlab chiqarish usulini tan oladi va shu tamoyil
asosida insoniyat tarixi rivojini muqarrar, birining o‘rnini boshqasi egallaydigan
besh asosiy formatsiyalar (ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik, feodalizm, kapitalizm
va kommunizm)ga ajratadi. Ikkinchi ta’limot – postindustrial jamiyat konsepsiyasi
texnikani insoniyat tarixining asosiy omili, deb hisoblaydi va jamiyat tarixini
birining o‘rnini keyingisi egallaydigan 3 ta bosqichga bo‘ladi. Bular: an’anaviy
(sanoatlashgungacha),
sanoatlashgan
va
postsanoatlashgan
(informatsion)
jamiyatlar.
Plyuralistik yondoshuv insoniyat tarixining birligini inkor etib, o‘zaro bog‘liq
bo‘lmagan yoki kam bog‘liq bo‘lgan ko‘plab o‘zaro teng qadrli tarixiy tuzilmalar –
sivilizatsiyalarning mavjudligini
tan oladi,
shu
asosda
insoniyat
tarixi
rivojlanishining yagona taraqqiyot jarayoni ekanligini inkor etadi.
Chiziqli (yoki progressistik - taraqqiyotparvarlik) yondoshuv namoyondalari
tarixiy taraqqiyot g‘oyasini jahon tarixiy rivoji dinamikasining asosini tashkil
etuvchi umumiy qonun sifatida qabul qiladilar. Bunda muayyan mezonlarga binoan
insonning barcha tabiiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqadigan hamda barcha ehtiyojlari
qondirilishi mumkin bo‘lgan mukammal jamiyatga yetishishning bosqichlari va
davrlari belgilanadi. Bunday maqsadlar sifatida sotsialistik, kommunistik va boshqa
utopiyalar ko‘rsatiladi.
Chiziqli rivojlanish konsepsiyasiga muqobil bo‘lgan davriy (siklik) paradigma
namoyondalari insoniyat tarixining yagona tarixiy yoki abadiy maqsadga qarab
rivojlanishni inkor etadilar. Ularning fikricha, tarix aylanma shaklda harakat qilib,
oxir oqibat o‘zining boshlang‘ich holatiga qaytadi. Ushbu nazariyalar qatoriga
madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuv ham kiradi. Unga binoan, insoniyat
tarixi – har biri o‘ziga xos shakllanish, rivojlanish va inqiroz bosqichlariga ega
bo‘lgan, o‘zaro kam aloqador yoki umuman bog‘liq bo‘lmagan lokal
sivilizatsiyalardan tashkil topadi.
Hozirgi davrga kelib, formatsion va sivilizatsion yondoshuvlar dixotomiyasi
doirasidagi bahs-munozara keskin tus olmoqda. Ayniqsa, postsotsialistik makonda
bir necha o‘n yilliklar davomida hukmron bo‘lib kelgan formatsion, marksistik
yondoshuvning qiyinchiliklar bilan bartaraf etilishi yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Formatsion nazariya K.Marks nomi, u ishlab chiqqan jamiyat haqidagi
ta’limot bilan bog‘liq. Umuman olganda, Marks o‘z davridagi global tasavvurlarga,
xususan, Gegelning umumiy qonuniyatlar hamda yagona yo‘nalishga ega bo‘lgan
jahon tarixi haqidagi g‘oyalarga ergashgan edi. Bu tasavvurlar tarixga materialistik
yondoshuv asosida qayta ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra insoniyat tarixi tabiiy,
o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan, ya’ni kishilar ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda
sodir bo‘ladigan formatsiyalarning almashinish jarayonidan iborat. Formatsiya
deganda qandaydir empirik jamiyat (ingliz, fransuz yoki boshqa) geopolistik
hamjamiyat (Sharq, G‘arb) emas, balki jamiyat ijtimoiy tuzilmasining negizini
tashkil etuvchi umumiyat tushuniladi. Ya’ni, formatsiya – jamiyatning muayyan
tarixiy tipidir. Har bir formatsiyaning asosini o‘ziga xos ishlab chiqarish usuli tashkil
etib, uning strukturasida ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish qurollari,
ularning rivojlanish darajasi va xarakteri muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ijtimoiy
hayotning boshqa sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish munosabatlari
siyosiy, huquqiy ustqurmaga, shuningdek, ijtimoiy ongning boshqa shakllariga
nisbatan asos, bazis rolini o‘ynaydi.
Formatsion ta’limotga ko‘ra, jamiyat quyi shakldan yuqori shakllarga, ibtidoiy
jamoa tuzumidan quldorlik jamiyati orqali feodalizmga, undan kapitalizmga hamda
eng oliy maqsad, insoniyatning «oltin» asri kommunizmga qarab harakat qiladi. Bir
formatsiyadan ikkinchisiga o‘tish yangi ishlab chiqarish kuchlari va eskirib qolgan
ishlab chiqarish munosabatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda ixtiloflar natijasida
yuzaga keladigan ijtimoiy inqilob orqali sodir bo‘ladi.
XIX asrning oxiri – XX asr o‘rtalariga kelib, formatsion ta’limot nafaqat
ijtimoiy nazariya bo‘libgina qolmay, balki kuchli e’tiqodga tayangan mafkuraviy
ta’limot darajasiga ko‘tarildi. Sotsialistik tizim inqirozga yuz tutgandan so‘ng
formatsion ta’limot tanqidi ayniqsa postsotsialistik makonda yanada kengroq va
keskinroq tus oldi. Hozirgi zamon tarixini, kapitalizm rivoji istiqbollarini anglashda,
formatsion ta’limot xulosalarining haqiqatga mos kelmasligi, «real sotsializm»
mamlakatlarida amalga oshirilgan keng qamrovli sotsialistik tajribaning
muvaffaqiyatsiz intihosi makrsistcha tarixiy konsepsiyaning tanqidida hal etuvchi
argument bo‘ldi.
Formatsion yondoshuvdan farq qilib, sivilizatsion yondoshuv yagona, yaxlit
tizimga tushirilgan ta’limot sifatida shakllangan emas. «Sivilizatsiya» tushuchasi
(lot. civilize – fuqarolarga, davlatga xos) ilk bor XVIII asrda yevropalik
ma’rifatparvarlarning asarlarida qo‘llana boshladi. U jiddiy evolyusiyaga yuz tutib,
hozirgi paytgacha bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi1. Dastlabki davrlarda u tabiat
olami tuzilishidan farqli ravishda umuman insoniyatni, uning ijtimoiy tuzilishini
anglatgan va birlik shaklda ishlatilgan. Keyinchalik u yovvoyilik va johillikdan keyin
keluvchi ijtimoiy rivojlanish bosqichini bildirgan. Co‘ngra u qadriyaviy xususiyat
kasb etib, madaniyat tushunchasiga, ayniqsa, individual va ijtimoiy xulq-atvor
normativlariga singib ketgan ma’naviy madaniyat, ya’ni kishilar, xalqlarning
mentalligi ma’nosiga yaqinlashib qoldi. Amerikalik olimlar A.Kreber va K.Klakxan
1952 yilda «madaniyat» terminining 164 ta ta’rifini e’lon qildilar va ko‘p hollarda
1 Қаранг: История Востока. М., 1999. Т.1, 17-19-бетлар.
uni «sivilizatsiya» termini bilan bir qatorda qo‘llanilganligini qayd etdilar2.
«Sivilizatsiya» va «madaniyat» tushunchalari ko‘pincha sinonimlar sifatida ishlatib
kelindi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan sivilizatsiya tushunchasini butun bir xalqlar va
mamlakatlarning rivojlangan holatiga, «oliy darajadagi madaniy tuzilmalar»ga
tatbiqan, ko‘plik shaklida qo‘llanila boshlandi. 1861 yilda Zalsburgda insoniyat
sivilizatsion rivojining rang-barangli nazariyasini, tarixga madaniy-tarixiy yoki
sivilizatsion yondoshuvni shakllantira boshlagan madaniy-tarixiy maktab paydo
bo‘ldi. N.Ya. Danilevskiy (1822-1865), O.Shpengler (1880-1936), A.Toynbi (1889-
1975), P.A.Sorokin (1889-1968) va boshqalar ushbu maktabning mashhur
namoyondalari edi. Ularning har biri «sivilizatsiya» terminiga o‘z talqinlarini
berganlar: Danilevskiy – «madaniy-tarixiy tiplar», Shpengler – «Etuk
madaniyatlar», Toynbi – «Lokal sivilizatsiyalar», Sorokin – «Madaniy
supersistemalar» g‘oyalarini ilgari surishgan. Ularning ichida eng ommaviylashgani
«lokal sivilizatsiyalar» termini bo‘ldi.
Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning madaniy-tarixiy konsepsiyasi nuqtai
nazaridan, - sotsiomadaniy asosga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi mamlakat va
xalqlarning yirik hamda uzoq davom etadigan mustaqil umumiyati bo‘lib, ularning
o‘ziga xosligi tabiiy, oxir-oqibat hayotning ob’ektiv sharoitlari, shuningdek, ishlab
chiqarish usuliga bog‘liq bo‘ladi. Bu umumiyatlar vujudga kelish, shakllanish,
inqiroz va barham topish bosqichlarini bosib o‘tdilar.
XX asrning oxirlariga kelib, ayrim analitiklar tomonidan dunyoning ikki yarim
sharli tuzilishi va tarixning megasiklik (megadavriy) xarakteri konsepsiyasi ilgari
surila boshladi3. Bu ta’limotning zaminida insoniyat tarixini avval boshdanoq Sharq
va G‘arbga bo‘lingan sotsiomadaniy tizimlar tarzida talqin etish g‘oyasi yotadi.
Mashhur nemis faylasufi K.Yaspers (1883-1969) yozishicha: «Dastlabki qutblanish
(Sharq va G‘arb) turli ko‘rinishlarda asrlar davomida hayotiyligini saqlab kelgan…
Yunonlar va forslar, Rim imperiyasining G‘arbiy va Sharqiyga bo‘linishi, g‘arbiy va
2 A.Z.Kreber, Kluckhonc. Culture: A Critical Review of Concept and Deinitions. N.-Y. 1952. p.291.
3 Қаранг: Философия истории. 29-32, 47-49-б.
sharqiy xristianlik, g‘arb dunyosi va islom, Yevropa va Osiyo – bular birining
o‘rnini boshqasi ketma-ket egallagan ushbu qarama-qarshilikning timsollaridir…»4.
Bu nuqtai nazarning tarafdorlari ta’kidlashicha, uzoq o‘tmishdayoq Sharq va
G‘arb o‘rtasida muayyan mehnat taqsimoti vujudga kelgan. Ulardan birinchisi –
ma’naviy tashabbuslar bilan chiqqan bo‘lsa (buyuk jahon dinlarining aynan Sharqda
paydo bo‘lganligi ham bejiz emas), ikkinchisi – innovatsion g‘oyalarni ilgari surgan.
Insoniyatni Sharq va G‘arbga ajratishni ular inson miyasini chap va o‘ng
yarimsharlariga bo‘linishi bilan qiyoslaydilar.
Tarix falsafasida tarixiy taraqqiyot g‘oyasi ham muhim o‘rin egallaydi.
Taraqqiyot rivojlanish jarayonining quyidan yuksakka, noraso holatdan barkamol
holatga o‘tish bilan tavsiflanuvchi yo‘nalishini anglatadi. Taraqqiyot tushunchasi
jamiyatga tatbiqan (bu holda ijtimoiy taraqqiyotni nazarda tutiladi) va uning ayrim
elementlariga, jamiyatning tuzilishi yoki boshqa parametrlariga tatbiqan (bu holda
fan-texnika taraqqiyotini, ma’naviy sohadagi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof
muhitni muhofaza qilish sohasidagi taraqqiyot nazarda tutiladi) so‘z yuritish
mumkin.
Taraqqiyot mezonlarini aniqlash ijtimoiy taraqqiyot nazariyasining bahsli
masalasi hisoblanadi. XVII asr mutafakkirlari inson aqlini taraqqiyot mezoni deb
hisoblaganlar. Keyinchalik ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish
munosabatlarining rivojlanish darajasi shunday mezon sifatida e’tirof etilgan.
Hozirgi vaqtda taraqqiyotning asosiy mezonlari sifatida ko‘pincha ijtimoiy-siyosiy,
mafkuraviy, gumanistik va boshqa mezonlar qayd etiladi. Bu mezonlar yordamida u
yoki bu ijtimoiy tizimlar, siyosiy rejimlar, ijtimoiy harakatlarning progressivlik
darajasini aniqlash mumkin.
Jamiyat hayoti tuzilmasining 4ta asosiy sohalari, ya’ni jamiyatning muhim
kichik tizimlari: iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy kichik tizimlardir.
Iqtisodiy kichik tizim. Moddiy ishlab chiqarish. Iqtisodiy kichik tizim ishlab
chiqarish faoliyati va kishilarning bu jarayondagi munosabatlari shakllarining
majmuidir. Shu bois iqtisodiyot sohasi moddiy ne’matlarni ishlab chiqarish,
4 К.Ясперс. Смысл и назначение истории. М., 1991. 115-116-б.
taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilishni o‘z ichiga oladi. Har bir jamiyat o‘z
mavjudligi va rivojlanishi uchun zarur tabiiy boyliklarga ega. Ammo ijtimoiy boylik
inson mehnati bilan yaratiladi.
Keng ia’noda, “iqtisodiy soha” deganda barcha ijtimoiy ishlab chiqarish
jarayoni tushuniladi: ishlab chiqarish usuli, ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab
chiqarish munosabatlari birligi, iqtisodiyotning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro
ta’sirlari majmuidir. Iqtisodiy tizim moddiy va ma’naviy ishlab chiqarishni hamda
moddiy va ma’naviy xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.
Ma’naviy
kichik
tizim.
Odamlarning
ma’naviy
faoliyati
jamiyat
mavjudligining zaruriy shartidir. Odamlar ongli mavjudotlar bo‘lib, ular o‘z
tafakkuri bilan ijtimoiylikning barcha ko‘rinishlarini anglab yetadi. Bu jarayonda
olimlar, rassomlar, jurnalistlar, turli partiyalar va harakatlarning mafkurachilari va
shu kabilarning ixtisoslashgan kasbiy ma’naviy faoliyati muhim rol o‘ynaydi.
Ularning nisbatan mustaqil kasbiy faoliyati ijtimoiy hayotning turli jabhalariga
xizmat ko‘rsatadi.
Jamiyat ma’naviy kichik tizimining vujudga kelishi rang-barang ijtimoiy va
shaxsiy ma’naviy ehtiyojlar bilan belgilanadi. Ularning eng muhimlari – ma’rifiy,
axloqiy, estetik, diniy ehtiyojlardir. Ularni qondirish axborot va kommunikatsiya
turli vositalarining mavjudligini nazarda tutadi. Axborot va kommunikatsiya ham
shaxs va jamiyatning muhim ma’naviy ehtiyojlaridan biri hisoblanadi. Ma’naviy
muloqotga bo‘lgan ehtiyoj ma’naviy ehtiyojlar orasida alohida o‘rin egallaydi.
Jamiyatda ma’naviy ishlab chiqarishning alohida tarmoqlari va institutlari asta-sekin
vujudga keladi. Ular turli ma’naviy ehtiyojlarni qondirishni nazarda tutadi. Masalan,
Fan, ya’ni ilmiy institutlar va olimlarning turli-tuman birlashmalari tabiat, jamiyat
va insonni o‘rganish bilan shug‘ullanadi va shu tariqa odamlar faoliyatini ilmiy
jihatdan ta’minlaydi. Axborot va kommunikatsiya, ta’lim-tarbiya sohasi, adabiyot
va san’at kabilar.
Ijtimoiy ong ma’naviy kichik tizimning bosh bo‘g‘ini hisoblanadi. U bilimlar,
g‘oyalar, qarashlar, fikrlar, dunyoqarashga doir mo‘ljallar, qadriyatlar va
hokazolarning butun rang-barangligida namoyon bo‘ladi. Ong ijtimoiy hayotda
ijtimoiy ong va individual ong ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy ong -
jamiyatning ob’ektiv ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarini, moddiy hayot sharoitlarini
o‘zida aks ettiruvchi va uning ta’sirida shakllanadigan, jamiyatning umumiy
ma’naviy hayot darajasini ifodalovchi his, tuyg‘u, odatlar va axloq, g‘oyalar va
qarashlarning majmuidan iborat. Ijtimoiy ongning tuzilishi quyidagi ikki darajalarni
o‘z ichiga oladi: kundalik ong va nazariy ong; ijtimoiy psixologiya (ruhiyat) va
mafkura.
Ijtimoiy ong shakl va mazmun jihatidan rang-barangdir. Ijtimoiy ongning
ilmiy, diniy, axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, falsafiy shakllari farqlanadi. Ular o‘zi
aks ettiruvchi hodisalar mazmuni, moddiylashuv shakli va ijtimoiy funksiyalariga
ko‘ra farq qiladi. Ijtimoiy ong shakllari ko‘p darajali tuzilmalar bo‘lib, o‘ziga xos
ko‘rinishga ega bo‘lgan oddiy va nazariy darajalarni, ijtimoiy psixologiya va
mafkurani o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy kichik tizim. Ijtimoiy ishlab chiqarishda mehnat taqsimoti va
ixtisoslashish muqarrar tarzda ijtimoiy tabaqalanishga turtki beradi, o‘ziga xos
vazifalarnigina bajaradigan, jamiyatda ma’lum mavqega ega bo‘lgan va o‘z
manfaatlarini ilgari suradigan nisbatan mustaqil ijtimoiy birliklar va guruhlar
vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuni ta’kidlash lozimki, ijtimoiy tabaqalanish va
odamlar o‘rtasidagi tengsizlik jamiyatning tabiiy holatidir.
Ijtimoiy tengsizlik vujudga kelishi va jamiyatning rivojlanishida mulk instituti
alohida rol o‘ynagan. Mazkur institut vujudga kelishi bilan odamlarning mulkiy
tengsizlik bilan bog‘liq tabaqalanishi kuchaygan. Alohida kasbiy faoliyat sifatida
aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishilar paydo bo‘lgan. Mazkur jarayonlar
mehnat taqsimotini faollashtirgan. Ayrim guruhlarning alohida ajralib chiqishiga,
boshqalarining turli hamjamiyatlarga birlashishiga turtki bergan. Har qanday
jamiyatning ijtimoiy tuzilishi mazkur jamiyat tarixining ma’lum davridagi
muayyan-tarixiy ijtimoiy birliklar va guruhlarning o‘zaro munosabatlari, hamda
mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus institutlar va muassasalar majmui
bilan tavsiflanadi.
Ijtimoiy birliklar va guruhlar ijtimoiy tuzilmaning muhim elementi
hisoblanadi. Ular kishilarning umumiy ijtimoiy belgilari mavjudligi bilan ajralib
turadigan birlashmalaridir. Ijtimoiy birliklar va guruhlar turli asoslarga ko‘ra
tasniflanadi. Jumladan, katta va kichik ijtimoiy guruhlar farqlanadi. Kichik guruh
a’zolarining yaqinligi, aloqalarning mustahkamligi, munosabatlarning norasmiyligi,
bevosita shaxsiy aloqalar o‘rnatilgani, umumiy qadriyatlar va xulq-atvor qoidalari
amal qilishi bilan tavsiflanadi. Kichik guruhga korxona, muassasaning mehnat
jamoasi, oila misol bo‘lishi mumkin. Jamoa – umumiy faoliyat, manfaatlar va xulq-
atvor qoidalarining birligi belgisiga ko‘ra uyushgan kichik ijtimoiy guruh (masalan,
mehnat, o‘quv, harbiy, sport kollektivlari). Oila – jamiyatning nikohga yoki qon-
qarindoshlikka asoslanadigan muhim instituti. Oilaviy munosabatlar nasl qoldirish
uchun zarur shart-sharoitlar yaratadigan va bolalarni tarbiyalash, ularga jamiyatning
madaniy an’analarini singdirishga qulay zamin hozirlaydigan shaxslararo o‘zaro
aloqalarning norasmiyligi bilan ajralib turadi. Oilaviy munosabatlar qarindoshlik
aloqalari bilangina cheklanmaydi: ular oila a’zolarining bir-biri oldida o‘zaro
ma’naviy javobgarligi, birgalikdagi mehnat va turish-turmush hamda ular bilan
bog‘liq bo‘lgan va huquq bilan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlar bilan
mustahkamlanadi.
Katta ijtimoiy guruhlar – tarixiy rivojlanish jarayonida vujudga keladigan
sinfiy, etnik, hududiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa guruhlardir. Ular shaxs va jamiyat
hayotida juda muhim rol o‘ynaydi.
Siyosiy kichik tizim. Rivojlangan ijtimoiy tizimga ega bo‘lgan jamiyatda
ijtimoiy, etnik va diniy tabaqalanishning kuchayishi muqarrardir. Mavjud
mavqeidagi tub o‘zgarishlardan kelib chiqadigan qarama-qarshi manfaatlarni
ko‘zlovchi ijtimoiy birliklar va guruhlar mavjudligi ularning o‘rtasida siyosiy
munosabatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bu manfaatlarni muvofiqlashtirish
zaruriyati jamiyat siyosiy tizimining tuzilishi va funksiyalarini belgilaydi.
Siyosiy tizim jamiyatda siyosiy munosabatlarni tartibga soluvchi davlat va
siyosiy tashkilotlar, institutlar va muassasalar majmuidir. Siyosiy tizim murakkab
tuzilishga ega. Jamiyatda fuqarolarga nisbatan qonuniylashtirilgan majburlov
choralarini qo‘llash yo‘li bilan o‘zining siyosiy munosabatlarni tartibga solish
borasidagi funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat siyosiy tizimning bosh elementi
hisoblanadi. Davlat jamiyatning muhim ijtimoiy-siyosiy instituti bo‘lib, muayyan
hududda unga oliy hokimiyat vakolatlari beriladi. Bu vakolatlardan davlat odamlar,
ularning guruhlari va birlashmalari xulq-atvorini boshqarish uchun foydalanadi.
Davlatning asosiy belgilari:
1. Jamiyatdan ajratilgan xalq hokimiyati. Hokimiyat – bir sub’ekt (hokimiyat
boshlig‘i)ning o‘z hukmi ostidagi fuqarolarga buyruqlar berish, ularning bajarilishi
ustidan nazorat olib borish va ularni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan
sanksiyalar qo‘llash imkoniyati;
2. Suverenitet, ya’ni o‘z mamlakati hududida oliy hokimiyatga to‘liq egalik
qilish va tashqi siyosatda mustaqillik;
3. Hokimiyat chiqargan qonunlar va uning vakolatlari amal qilinadigan hudud;
4. Butun aholi uchun majburiy sanalgan qonunlar va normalar qabul qilish
mutlaq huquqi;
5. Davlat xizmati xodimlari, qurolli kuchlar, majburlov organlari va
hokazolarni ta’minlash uchun aholidan soliqlar undirish huquqi.
Davlatning boshqaruv shakli (ya’ni hokimiyatni tashkil etish usuli) va davlat
qurilishi shakllari mavjud. Boshqaruv shakllariga ko‘ra monarxiya va respublika
farqlanadi. Monarxiya quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi: birinchidan – hokimiyat
bir shaxsga qarashli bo‘ladi; ikkinchidan – davlat boshlig‘iga hokimiyat meros
bo‘lib o‘tadi. Davlat boshlig‘ining vakolatlari hech qanday konstitutsiyaviy
normalar bilan cheklanmaydigan mutlaq monarxiyalar va monarx vakolatlari
konstitutsiya bilan cheklanadigan konstitutsiyaviy monarxiyalar farqlanadi.
Respublikaning asosiy xususiyati shundan iboratki, unda hokimiyat manbai xalq
hisoblanadi, zero davlatning oliy organlarini xalq saylaydi. Parlament, prezidentlik
respublikalari va aralash respublikalar farqlanadi.
Parlament respublikasi hukumatni parlament ko‘pchiligi tamoyiliga ko‘ra
shakllantirishni nazarda tutadi: qaysi partiya parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilsa,
shu partiya parlamentga hisobdor bo‘lgan o‘z hukumatini shakllantiradi.
Prezidentlik respublikasi davlat boshlig‘i va hukumat boshlig‘i vazifalarini
prezident bajarishi bilan tavsiflanadi.
Aralash respublika (yarim prezidentlik respublikasi)da kuchli prezidentlik
hokimiyati hukumat faoliyati ustidan parlamentning samarali nazorati bilan
uyg‘unlikda amal qiladi.
Davlat qurilishi shakliga ko‘ra unitar, federativ va konfederativ davlatlar
farqlanadi. Ma’muriy birliklari o‘z davlatchiligiga ega bo‘lmagan yagona, siyosiy
jihatdan bir jinsli davlat unitar davlat hisoblanadi. Federatsiya – siyosiy sub’ektlar
(shtatlar, yerlar, federatsiya sub’ektlari va sh.k.), o‘z konstitutsiyalari, qonunchilik,
ijro va sud organlariga ega davlatlar uyushmasi. Ularning mustaqilligi markaz bilan
federatsiya tarkibiga kiruvchi sub’ektlar o‘rtasida vakolatlarning taqsimlanishi bilan
belgilangan chegaralarga muvofiq cheklanadi. Davlatlararo birlashmaning alohida
shakli konfederatsiya bo‘lib, u mustaqil davlatlar muayyan o‘zaro maqsadlarga
erishish uchun tuzgan doimiy uyushmadir.
Hozirgi davlatlarning aksariyati o‘z faoliyatini konstitutsiyaga muvofiq amalga
oshiradi. Konstitutsiya – siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tuzum asoslarini, fuqarolarning
huquqlari va burchlarini, asosiy davlat organlarini tarkib toptirish mexanizmi va
ularning
faoliyat
tamoyillarini,
saylov
tizimi
asoslari
va
hokazolarni
mustahkamlovchi davlatning asosiy qonuni. Konstitutsiya boshqaruv va davlat
qurilishi shaklini belgilaydi.
Siyosiy tizim mamlakatning siyosiy hayotida ishtirok etuvchi turli-tuman
partiyalar, harakatlar, tashkilotlar, institutlar, diniy muassasalar va ta’sir guruhlari
majmuini ham o‘z ichiga oladi. Siyosiy tashkilotlar davlat tuzilmalarining
shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi, o‘z faoliyati dasturlarini belgilaydi, ijtimoiy birliklar
va guruhlarning manfaatlarini tegishli shiorlar, ijtimoiy loyihalarda ifoda etadi va
ularni amalga oshirishda qonuniy vositalar bilan ishtirok etadi. Ularning faoliyati
o‘z guruhlarining o‘zgalarning manfaatlariga zid bo‘lgan yoki ularni kamsitadigan
manfaatlarini ro‘yobga chiqarish zaruriyati bilan belgilanadi. Shu sababli partiyalar
va harakatlar hokimiyat obro‘siga tayanadi. Hokimiyatning aralashuvi ziddiyatlarni
tartibga solish, manfaatlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.
Jamiyatning yuqorida sanab o‘tilgan kichik tizimlari o‘ziga xos vazifalarni
bajaradi va bir-biri bilan aloqa qiladi. Hozirgi zamon falsafasida yetakchilik
qiladigan qarashga muvofiq jamiyatning yaxlit tavsifi sivilizatsiya va madaniyat
tushunchalarida beriladi.
2 – savol bayoni: Sivilizatsiya. Sivilizatsiya (lot. civilis – fuqarolik, davlatga
doir) atamasi har xil ma’noda ishlatiladi. Birinchidan – insoniyat rivojlanishida
varvarlikdan keyin boshlangan va sinflar, davlat vujudga kelishi, urbanizatsiya va
yozuv paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadigan tarixiy bosqich. Mazkur talqinda
«sivilizatsiya» atamasi «jamiyat» tushunchasi bilan qisman mos keladi va jamiyat
hayotini tashkil etishning ijtimoiy shaklini tabiiy vujudga kelgan urug‘doshlik
shakllariga qarama-qarshi qo‘yishga xizmat qiladi. Hozirgi adabiyotlarda
«sivilizatsiya» atamasi o‘zining varvarlikka qarama-qarshi sifatidagi dastlabki
ma’nosini saqlab qolmoqda.
Ikkinchidan
–
barcha
madaniyatlar
yaxlitligining
tavsifi,
ularning
umuminsoniy birligi sifatida («jahon sivilizatsiyasi», «ma’rifatli hayot tarzi» va
sh.k.) namoyon bo‘ladi.
Uchinchidan – «moddiy madaniyat» atamasining sinonimi sifatida: qulay
narsa, texnika yaratadigan qulaylik (turar joy, ro‘zg‘or texnikasi, transport va aloqa,
xizmatlar ko‘rsatish va sh.k.)ni ifodalaydi.
To‘rtinchidan – tarixiy jarayon birligining tavsifi sifatida xarakterlanadi. Bu
tushuncha ijtimoiy boylik rivojlanishi munosabati bilan tarixning muayyan
bosqichlariga qiyosiy baho berish mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Ayni holda
jamiyatning rivojlanishi «ma’rifatlilik», «sivilizatsiya rivojlanishining quyi
bosqichi»,
«sivilizatsiyaning
umumiy
darajasi»,
«sivilizatsiyaning
oraliq
bosqichlari» tushunchalari bilan tavsiflanadi. Ammo sivilizatsiyaning mazkur
talqini o‘ziga to‘q emas, chunki uning rivojlanish darajasi yoki bosqichini aniqlash
imkonini beradigan mezon yo‘q.
Jamiyatning sivilizatsion asoslari sivilizatsiyalar tipologiyasida ayniqsa bo‘rtib
namoyon bo‘ladi. Bunda sivilizatsiyalarning yevropacha va noevropacha tiplarini
farqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu farqlar shu darajada kattaki, yevropacha
sivilizatsiya qadriyatlari uzoq vaqt oliy qadriyatlar sifatida tavsiflangan. Xo‘sh,
yevropacha va noevropacha sivilizatsiyalar o‘rtasidagi farq nimada?
Sivilizatsiyalarning tiplari. Noevropacha sivilizatsiyalar ancha katta guruhni
tashkil etadi (A.Toynbi tasnifiga ko‘ra, bunday sivilizatsiyalar 21 ta). Bu
sivilizatsiyalarning aksariyati betakror tarzda o‘ziga xos va ayni vaqtda umumiy
tipologik jihatlarga ega. Bular yevropacha sivilizatsiyadan ancha oldin vujudga
kelgan an’anaviy sivilizatsiyalardir. An’anaviy jamiyat juda sust rivojlanadi va
mavjud hayot tarzini asrlar va hatto ming yilliklar osha saqlashga qodir.
Noevropacha
sivilizatsiyalarning
xo‘jalik
faoliyati
qishloq
xo‘jaligi,
hunarmandchilik ishlab chiqarishi va texnologiyasining hukmronligiga asoslanadi.
An’anaviy sivilizatsiyaning ma’naviy sohasida diniy-mifologik tasavvurlar
hukm suradi, ilmiy bilimlarning dastlabki shakllari asosan mavjud faoliyat turlari
uchun retseptura vazifasini bajaradi. Noevropacha sivilizatsiyalar evolyusiyasi
siklliligi va o‘ziga xos institutlar va normalarga ega bo‘lgan davlat vaqti-vaqti bilan
dam kuchayib, dam zaiflashib turishi bilan tavsiflanadi. Bunday jamiyat halokati
sivilizatsiya tipini o‘zgartirmaydi, u ijtimoiy vorisiylik mexanizmlari yordamida
avloddan-avlodga o‘tadi.
Yevropacha sivilizatsiya ijtimoiy va madaniy rivojlanishning alohida tipi
bo‘lib,
u
Yevropada
taxminan
XV-XVII
asrlarda
shakllangan.
Uning
o‘tmishdoshlari antik dunyo madaniyatlari va Yevropa xristiancha an’anasidir.
Uyg‘onish davrida bu ikki an’ana sintezi texnogen sivilizatsiyaning teran o‘ziga
xosligini va uning texnika va texnologiya jadal sur’atlarda rivojlanishini, odamlar
o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalar tubdan o‘zgarishini ta’minlagan madaniyatini
shakllantirdi. Uning zamirida huquqiy davlatning vujudga kelishi, shaxs o‘z
tashabbuskorligi, faolligi va mustaqilligi bilan oliy qadriyat sifatida ijtimoiy hayot
markazidan o‘rin olishi yotadi. Odamlar o‘rtasida muloqotning faollashuvi va
samarali kommunikatsiya vositalari paydo bo‘lishi texnogen sivilizatsiyaning o‘ziga
xos xususiyatlaridan biridir. Madaniyatda ilmiy oqilonalik alohida o‘ziga to‘q
qadriyat sifatida hukm suradi. Inson tabiatni faol va oqilona tarzda o‘zgartirishiga
imkoniyat yaratgan qonunlarning kashf etilishi fanning ustunligini tasdiqlaydi. Unda
yangilik va unumdorlik, biluvchi sub’ektning bilimi, erkinligi va mustaqilligini
tinimsiz oshirish talablari shakllanadi.
Sivilizatsiyaning «evropacha» va «noevropacha» tiplari tushunchalari
umumiy, muhim, jins bildiruvchi belgilarni qamrab oladi. Mazkur tiplar doirasida
mavjud turga oid farqlar pirovard natijada jahon tarixida yevropacha
sivilizatsiyaning betakrorligini e’tirof etish bilan bog‘liq. Ayrim mutaxassislar
fikriga ko‘ra, u an’anaviy jamiyat madaniyatining mutatsiyasi natijasida vujudga
kelgan va insoniyat tarixida uning o‘xshashi mavjud emas.
Shunga qaramay sivilizatsiyalar tipologiyasi yevropacha va noevropacha
rivojlanish xususiyatlari bilan cheklanmaydi, chunki insoniyat tarixida ozmi-ko‘pmi
o‘xshash bo‘lgan ko‘p sonli sivilizatsiyalar mavjud. Jumladan, madaniy-tarixiy
birlik belgisiga ko‘ra G‘arbiy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlarini,
shuningdek yevropacha sivilizatsiyaga mansub bo‘lgan, lekin o‘z madaniyatining
xususiyatiga ko‘ra farq qiladigan AQSh va Kanadani farqlash mumkin.
Vujudga kelish va halok bo‘lish davriga ko‘ra hozirgi zamon sivilizatsiyalari
va o‘lik sivilizatsiyalar (masalan, meksika, xaldeylar yoki qadimgi somiylar
sivilizatsiyasi) farqlanadi.
Sivilizatsiyalar tipologiyasida madaniy-diniy birlik belgisi ayniqsa muhim
ahamiyat kasb etadi. A.Toynbi, S.Xantington va boshqa olimlar taklif qilgan
sivilizatsiyalar tasnifida diniy omil muhim rol o‘ynaydi. A.Toynbi tasnifiga ko‘ra
hozirgi vaqtda G‘arb-xristian, pravoslav-xristian, islom, hind, Uzoq Sharq
sivilizatsiyalari mavjud.
O.Toffler, D.Bell, K.Pekka ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasini
tasniflash uchun asos qilib olib, quyidagi sivilizatsiyalarni farqlaydilar:
- ilk sivilizatsiya (arxaik, an’anaviy yoki ibtidoiy jamoa);
- qishloq xo‘jalik-hunarmandchilik sivilizatsiyasi;
- industrial (sanoatlashgan) sivilizatsiya;
- hozirgi postindustrial yoki informatsion sivilizatsiya.
Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning, jamiyatning sifatiy o‘ziga xosligini, u
yoki bu mamlakat doirasida amal qiladigan ishlab chiqarish kuchlari, inson faoliyati,
madaniyati
tomonidan
belgilanadigan
umumiy
ijtimoiy
qonuniyatlarning
spesifikasini ifodalaydi. Bularning barchasi sivilizatsiyaning yaxlit bir butunligini
ta’minlaydi, bu sifatiy xususiyatlar yo‘qolishi sivilizatsiyaning halokatini anglatadi.
Demak, sivilizatsiya tushunchasi muayyan xalq, mamlakat, jamiyatga yoki
uning rivojlanishining sifatiy jihatdan farqlanuvchi ayrim bochqichlariga nisbatan
qo‘llanilgandagina aniq ilmiy va metodologik mazmunga ega bo‘ladi. Madaniyat
esa sivilizatsiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Agar ishlab chiqarish
sivilizatsiyaning moddiy asosini tashkil etsa, madaniyat ijtimoiy hayotning barcha
sohalarini qamrab olib sivilizatsiyaning qiyofasini, o‘ziga xos shakllanishini,
mavjud bo‘lishi va rivojlanishini belgilab beradi. Shu bois, sivilizatsiya
madaniyatning konkret namoyon bo‘lishini, uning real mavjud hayotini aks ettiradi.
«Madaniyat» atamasi arabcha «madina» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib,
«shahar» degan ma’noni anglatadi. Arablar kishilar hayotini ikki turga ajratib, birini
badaviy yoki sahroyi turmush, ikkinchisini madaniy turmush deb ataganlar. Tugab
borayotgan Rim imperiyasida, keyinchalik esa O‘rta asrlarda ham madaniyat
tushunchasi shahardagi turmush tarzi va sivilizatsiya ne’matlari bilan bog‘langan.
Markaziy Osiyoda madaniyat axloq ko‘rinishida shakllangan. Shu bois eng qadimgi
davrlardan hozirgi kungacha ham yurtimizda ma’naviy madaniyat, go‘zallikka
intilish, san’atni qadrlash kabilar ustuvorlik qiladi. Uyg‘onish davrida madaniyat
shaxsiy barkamollik belgisi sifatida qaralgan. Shu davrda madaniyatni ma’naviy
faoliyatning turli sohalari: vujudga kelayotgan fan, axloq, san’at, falsafa, din bilan
bog‘lash odati paydo bo‘lgan. Madaniyat xulq-atvor andozalari majmui sifatida,
ma’naviy faoliyat antik an’anasining davomi sifatida e’tirof etilgan. Ushbu ma’noda
madaniyat tushunchasi ijtimoiy-ilmiy muomaladan o‘rin olgan XVIII asrgacha amal
qilgan.
Ma’rifat davri faylasuflari madaniyatga inson faoliyatining alohida mustaqil va
o‘ziga xos jabhasi sifatida qaraydilar. Ularning talqinida jamiyat va shaxs hayotining
barcha sohalarida aql, oqilonalik tamoyillarining qaror topishi madaniyatning eng
muhim jihatidir. Aqlning vazifasi insoniyat oldiga umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan
maqsadlarni qo‘yish va ijtimoiy o‘zgarishlarni o‘ziga bo‘ysundirishdan iborat.
Ma’rifat davrida madaniyat deb hisoblash mumkin bo‘lgan narsalarni saralash
mezonlari yaratildi. Madaniy faoliyat intellektual, ijodiy, samarali, novatorlik ruhi
bilan sug‘orilgan bo‘lishi, ya’ni nafaqat yaratishi, balki inson imkoniyatlari sohasini
tinimsiz kengaytirishi lozim edi. Ammo madaniyatning asl mohiyati, uning o‘ziga
xosligi inson aqlining mutlaq erkinligi sifatidagi ma’naviy faoliyat doirasi bilangina
cheklanardi.
Madaniyatning hozirgi talqini mazkur tavsiflarni o‘z ichiga oladi. Madaniyat
tushunchasining mazmuni moddiy va ma’naviy qadriyatlar, ularni yaratish, ajdodlar
tajribasini o‘zlashtirib, undan yangi qadriyatlar yaratish uchun foydalanishga qodir
bo‘lgan insonni shakllantirish usullari tizimidan iborat.
Madaniyatning ichki tuzilishi. Har qanday madaniyatning ichki tuzilishi uning
amal qilish xususiyatlari bilan belgilanadi. Madaniyatning borlig‘i insoniyat
tajribasini o‘zida mujssamlashtirgan alohida madaniy predmetlilikni yaratuvchi
sub’ektning o‘ziga xos faoliyati bilan ta’minlanadi. Shundan kelib chiqib
madaniyatning quyidagi muhim elementlarini farqlash mumkin:
- madaniyat sub’ekti;
- inson faoliyati;
- madaniy predmetlilik;
- madaniyatning asosiy funksiyasi – ajdodlar ma’naviy tajribasini saqlash,
avloddan-avlodga o‘tkazish va o‘zlashtirishni amalga oshirish bilan bog‘liq odamlar
o‘rtasidagi aloqalar.
Madaniy predmetlilik keng tushuncha bo‘lib, u jamiyatdagi bilimlar,
ko‘nikmalar, me’yorlar va qadriyatlarni gavdalantiruvchi barcha narsalarni qamrab
oladi. U moddiy madaniyat elementlari - moddiy ishlab chiqarish vositalari,
mahsullari va infratuzilmasini, ro‘zg‘or buyumlari va shu kabilarni o‘z ichiga oladi.
Madaniy predmetlilik til va nutqda, axloqiy xulq-atvor va san’at asarlarida, huquqiy
va siyosiy xulq-atvorda, ilmiy asarlar va diniy rasm-rusumlarda mujassamlashgan
ma’naviy madaniyatni ham qamrab oladi. Moddiy va ma’naviy madaniyat bir-biri
bilan uzviy bog‘liq.
Madaniyat funksiyalari. Ijtimoiy hodisa sifatida madaniyat ko‘p sonli
funksiyalarni bajaradi va jamiyat rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Madaniyatning
asosiy funksiyalariga:
- ma’rifiy, ya’ni bilish (evristik) funksiyasi;
- axborot (informativ) funksiyasi;
- kommunikativ (aloqa, munosabat, muloqot o‘rnatish) funksiyasi;
- tartibga solish (regulyativ) funksiyasi;
- baholash (aksiologik) funksiyasi kabilar kiradi.
Madaniyat inson faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oladi, jamiyatning
iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy kichik tizimlarini birlashtiradi. Ammo
madaniy jarayon chegarasi sivilizatsiya, uning me’yorlari bilan belgilanadi.
Madaniyat sivilizatsiyada chuqur ildiz otgan bo‘lib, u bilan bir jon va bir tan
hisoblanadi. Madaniyat va sivilizatsiyaning o‘zaro aloqasi shu darajada kuchliki,
aksariyat faylasuflar va olimlar bu tushunchalarni ayniy deb hisoblaydilar.
Demak, madaniyat – insonning faoliyati jarayoni va uning oqibatida
yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar bo‘lib, shaxsni shakllantirish va
kamolotida muhim omil bo‘lgan ijtimoiy hodisadir.
Qadriyatlar nazariyasi falsafiy bilimlarning ilmiy tizimi sifatida XIX asrning
ikkinchi yarmida Vilgelm Vindelband, Rudolf Lotse, German Kogen, Genrix Rikkert
kabi nemis faylasuflarining asarlarida shakllana boshladi. XX asrning boshida
fransuz faylasufi P.Lapi qadriyatlar nazariyasini ifodalash uchun «aksiologiya»
(yunon. axios - qadriyat, logos – fan, ta’limot) atamasini muomalaga kiritdi.
Keyinchalik
aksiologiya
muammolari
fenomenologiya,
germenevtika,
ekzistensializm va boshqa falsafiy yo‘nalishlarning vakillari tomonidan tadqiq etildi.
Aksiologiya – falsafaning qadriyatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi
alohida bo‘limi (yunon. axios - qadriyatlar, logos – bilim: qadriyatlar haqidagi fan).
Qadriyatlar ulkan falsafiy ahamiyatga ega. Qadriyatlar tushunchasi insonning
dunyoga bo‘lgan munosabatining alohida jihatini namoyon etadi. Ular inson
faoliyati, jamiyat va madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlarini yanada teranroq
anglab yetish imkonini beradi. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin
egallaydi, chunki insonning hayot tarzini, uning hayvonot dunyosidan ajralish
darajasini aynan qadriyatlar tavsiflaydi.
Hozirgi zamon falsafiy va sotsiologik adabiyotlarida ham qadriyatlarning
tabiati va mohiyatini tushunishga nisbatan yagona yondashuv mavjud emas. Ayrim
tadqiqotchilar qadriyatga insonning ma’lum bir ehtiyojini qondirishga yoki unga
muayyan foyda keltirishga qodir bo‘lgan predmet sifatida; ayrimlar – ideal, me’yor
sifatida; yana bir guruh olimlar – biron-bir narsaning inson yoki ijtimoiy guruh
uchun ahamiyati sifatida yondashadilar. Zikr etilgan yondashuvlarning har biri
mavjud bo‘lish huquqiga ega, chunki ularning barchasi qadriyatlarning muayyan
jihatini aks ettiradi; ularga bir-birini istisno etuvchi yondashuvlar sifatida emas,
balki bir-birini to‘ldiruvchi yondashuvlar sifatida qarash kerak. Mazkur
yondashuvlar sintezi hozirgi zamon qadriyatlar umumiy nazariyasini tashkil etadi.
Qadriyat – bu borliq rang-barang elementlarining ob’ektiv ahamiyati bo‘lib,
ularning mazmuni jamiyat sub’ektlarining ehtiyojlari va manfaatlari bilan
belgilanadi.
Qadriyatlarning turlari. Shaxs va jamiyat ehtiyojlari va manfaatlarining rang-
barangligi qadriyatlarning murakkab tizimida o‘z aksini topadi. Bu qadriyatlar turli
asoslarga ko‘ra tasniflanadi. Mavjudlik shakliga ko‘ra moddiy va ideal (ma’naviy)
qadriyatlar farqlanadi. Ijtimoiy hayotning asosiy sohalariga muvofiq odatda
qadriyatlarning uch guruhi farqlanadi: moddiy-iqtisodiy qadriyatlar, ijtimoiy-
siyosiy qadriyatlar va ma’naviy qadriyatlar.
Moddiy qadriyatlar – bu qadriyat ahamiyatiga molik bo‘lgan tabiiy ob’ektlar
va predmetlar, ya’ni mehnat vositalari va bevosita iste’mol buyumlaridir. Tabiiy
qadriyatlar qatoriga tabiiy boyliklarda mujassamlashgan tabiiy ne’matlar kiradi.
Moddiy qadriyatlar jumlasiga inson mehnati natijasida yaratilgan moddiy dunyo
predmetlari, shuningdek o‘tmish madaniy merosi predmetlari kiradi.
Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar – bu ijtimoiy va siyosiy hodisalar, voqealar, siyosiy
aktlar va harakatlarning qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar
qatoriga, odatda, siyosiy va ijtimoiy harakatlarda mujassamlashgan ijtimoiy
imtiyozlar, shuningdek jamiyatning ravnaq topishi, xalqlar o‘rtasida tinchlik va
hamkorlikning
mustahkamlanishiga
ko‘maklashuvchi
tarixiy
voqealarning
progressiv ahamiyati kiradi.
Ma’naviy qadriyatlar – bu ijtimoiy ong hodisalarining tegishli shakllarda
namoyon bo‘lgan me’yoriy-nisbiy tomoni. Fan, axloq, san’at, falsafa, huquq
qadriyatlarini ma’naviy qadriyatlar deb hisoblash odat tusini olgan. Ma’naviy
qadriyatlar qatoriga baxt-saodat, yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik,
adolat va adolatsizlik, huquqiylik va nohuquqiylik, tarixning mazmuni va insonning
vazifasi va hokazolar haqidagi me’yoriy tasavvurlar ko‘rinishida ifodalangan
ijtimoiy ideallar, mo‘ljallar va baholar, me’yorlar va taqiqlar, harakat prinsiplari
kiradi. Moddiy qadriyatlar inson ehtiyojlari va manfaatlari ob’ektlari sifatida amal
qilsa, ma’naviy qadriyatlar ikki xil funksiyani bajaradi: ular qadriyatlarning mustaqil
sohasi va moddiy qadriyatlarni baholash asosi, mezonidir.
Qadriyatlarni tasniflashning ikkinchi asosi – sub’ektlarga ko‘ra individual
shaxsiy (sub’ektiv-shaxsiy), gruppaviy (milliy,sinfiy), umuminsoniy qadriyatlar
farqlanadi.
Individual yoki shaxsga doir qadriyat – bu narsa, hodisa, g‘oyaning muayyan
inson uchun qadriyat sifatidagi ahamiyati. Har qanday qadriyat o‘z mohiyatiga ko‘ra
individualdir, zero narsa, hodisa, g‘oyani faqat insongina baholashga qodir. Shaxsiy
qadriyatlar ta’lim va tarbiya, individ hayot tajribasini to‘plashi jarayonida
shakllanadi Shaxsiy qadriyatlar individning ehtiyojlari va manfaatlari ta’sirida
vujudga keladi. Ular kishilarning mayllari, didlari, odatlari, bilim darajasi va boshqa
individual xususiyatlari bilan belgilanadi.
Gruppaviy qadriyatlar to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, biz bu bilan mazkur
narsa, hodisani bir individ emas, balki ularning muayyan majmui ijobiy baholashiga
urg‘u beramiz. Gruppaviy qadriyatlar – bu narsalar, hodisalar, g‘oyalarning odamlar
muayyan birligi (sinf, millat, mehnat jamoasi va sh.k.) uchun qadriyat sifatidagi
ahamiyatidir. Gruppaviy qadriyatlar muayyan jamoaga kiruvchi individlarni yagona
manfaatlar, qadriyatlar va mo‘ljallar bilan birlashtirib, mazkur jamoaning hayot
faoliyatida ulkan ahamiyat kasb etadi.
Umuminsoniy qadriyatlar – bu narsalar, hodisalar, g‘oyalarning jahon
hamjamiyati uchun qadriyat sifatidagi ahamiyatidir. Umuminsoniy qadriyatlar
qatoriga, birinchidan, jahon hamjamiyati aholisining aksariyati amal qiladigan
ijtimoiy-siyosiy va axloqiy tamoyillar kiradi. Ikkinchidan, umuminsoniy qadriyatlar
jumlasiga umuminsoniy ideallar, umumxalq maqsadlari va ularga erishishning
asosiy vositalari (ijtimoiy adolat, insonning ha’ni va qadr-qimmati, fuqarolik burchi
va sh.k.) kiradi. Shuningdek, umuminsoniy qadriyatlar qatoriga tabiiy boyliklar
hamda o‘z mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra olamshumul xususiyat kasb etuvchi
qadriyatlar: tinchlikni saqlash, qurolsizlanish, xalqaro iqtisodiy tartib muammolari
ham kiradi. Umuminsoniy qadriyatlar – jamiyat va madaniyatning rivojlanishi
mahsuli.
Shaxsiy, gruppaviy va umuminsoniy qadriyatlar bir-biri bilan ijtimoiy nuqtai
nazardan uzviy bog‘liq. Falsafa uchun quyidagi savollar ayniqsa muhim ahamiyat
kasb etadi: shaxsiy va ijtimoiy qadriyatlarning o‘zaro nisbati qanday, qaysi
qadriyatlar ustunroq - ijtimoiy qadriyatlarmi yoki shaxsiy qadriyatlarmi, shaxsiy
qadriyatlar ijtimoiy qadriyatlar ta’sirida shakllanadimi yoki, aksincha, ijtimoiy
qadriyatlar individlarning ehtiyojlari va manfaatlari muvofiqlashtirilishi natijasida
vujudga keladimi?
Shunday qilib, qadriyatlar tushunchasi shaxsning ma’naviy dunyosi bilan uzviy
bog‘liq. Aql-idrok, oqilonalik, bilimlar insonning maqsadga muvofiq faoliyatini
belgilovchi ongning eng muhim elementlari hisoblansa, ular negizida shakllanuvchi
ma’naviyat o‘z hayot yo‘lini, o‘z faoliyatining maqsadlari va mazmuni hamda ularga
erishish vositalarini tanlash to‘g‘risidagi masalani u yoki bu tarzda yechayotgan
inson hayotining mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar qatoriga kiradi.
3 – savol bayoni: Inson ko‘plab fanlar o‘rganadigan predmetdir. Biologiya uni
Homo sapiens turi sifatida qaraydi. Pedagogika uchun u tarbiya ob’ekti, sotsiologiya
uchun - turli munosabatlar sub’ekti, kulturologiya uchun - madaniyatning ob’ekti va
sub’ekti, iqtisodiy nazariya uchun - asosiy ishlab chiqarish kuchi va hokazo.
Tabiiy fanlar orasida an’anaviy (biologiya, antropologiya, meditsina va
boshqalar) bilan bir qatorda nisbatan yangi fanlar (oliy nerv tizimi faoliyati
fiziologiyasi, somatologiya, seksologiya va hokazo) paydo bo‘ldi. Ijtimoiy bilim
sohasida ham «eski» fanlar (psixologiya, sotsiologiya, tilshunoslik, etika) qatorida
«yangi» fanlar (aksiologiya, germenevtika) kabilar faoliyat ko‘rsatishadi.
XX asrda ilmiy bilimning shiddatli rivoji, parallel tarzda boruvchi fanlarning
faol differensiatsiyasi va integratsiyasi tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar chegarasida
bir qator yangi fanlarning: bioetika va tibbiyot etikasi, sotsiobiologiya,
psixofiziologiya va boshqalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu hol falsafaning
inson muammolarini ko‘rib chiqishdagi metodologik roli haqidagi masalani yanada
dolzarb etib qo‘yadi.
Biz yuqorida aytib o‘tganimizdek, inson ko‘p fanlar tomonidan predmet
sifatida qaraladi, shu sababli bizning oldimizda muhim bir vazifa – inson
muammosining aynan falsafiy aspektlarini ochib berish turadi.
Inson muammosining falsafaga oid masalalari deb quyidagilarni hisoblash
mumkin: a) inson mohiyati; b) insonda ijtimoiylik va biologik (tabiiylik)ning nisbati;
v) shaxsning erkinligi; g) insonning mavjud bo‘lishi (borlig‘i) va mohiyatining
dialektikasi; d) inson hayotining maqsad va ma’nosi.
Aslida falsafa inson muammosini o‘rganar ekan, u eng avvalo, insonni
borliqning o‘ziga xos bir shakli sifatida olib, uni eng murakkab borliq sifatida, uning
o‘ziga xos eng muhim tomonlari, xususiyatlarini, uni borliqning boshqa shakllari va
ko‘rinishlari bilan o‘zaro bog‘lanishlarini, aloqadorlik tomonlarini hamda ulardan
tub farqlarini qarab chiqishi lozim. Shu sababli faylasuflar qadimdan boshlab
insonning o‘ziga xos muhim, boshqa barcha tirik mavjudotlardan farq qildiruvchi
xususiyati deb, uning aqlini tushunganlar. Shu tufayli ular insonni dastlab o‘z
asarlarida «aqlli mavjudot», «aqlli hayvon» deb ta’riflaganlar. Keyinchalik
jamiyatning taraqqiyoti asosida ular insonni «siyosiy hayvon», «ijodkor hayvon»,
«tarixning ijodkori», «gapiradigan, tilga va nutqqa ega hayvon», “dunyoga diniy
munosabatda bo‘luvchi mavjudot», deb izohlay boshlagan. Ma’lum davrlardan