LEKSIKOLOGIYA. O‘ZBEK TILI LUG‘AT TARKIBINING MA’NO JIHATIDAN TAVSIFI
Yuklangan vaqt
2024-10-01
Yuklab olishlar soni
3
Sahifalar soni
14
Faytl hajmi
28,8 KB
LEKSIKOLOGIYA. O‘ZBEK TILI LUG‘AT TARKIBINING MA’NO
JIHATIDAN TAVSIFI
REJA:
1. Leksikologiya, uning obyekti, vazifalari.
2. So‘z va leksema munosabati.
3. Leksemaning ifoda va mazmun tomoni.
4. Lug`aviy ma’no va uning tarkibiy qismlari.
5. Leksemalarda bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik.
6. Lug`aviy ma’noning turlari.
7. Lug`aviy ma’no taraqqiyoti yo`llari.
Oldingi bo‘limlarda ta’kidlanganidek, tilda mavjud bo‘lgan so‘zlar yig‘indisi
lug‘at tarkibi yoki leksika deb yuritiladi. Lug‘at tarkibni o‘rganadigan bo‘lim esa
leksikologiya (yun. lexikos – lug‘atga oid, logos – ta’limot) deb ataladi.
Lug‘at tarkibiga mansub bo‘lmish birlik so‘z tilshunoslik fanining asosiy
birligi bo‘lib, u tilning boshqa bo‘limlarida, jumladan, morfologiya, so‘z yasalish va
uslubiyat bo‘limlarida ham o‘rganiladi.
Morfologiyada so‘zning qaysi leksik-grammatik guruhga mansubligi
o‘rganilsa, so‘z yasalishi bo‘limida u yasalgan yoki yasalmagan birlik sifatida
tekshiriladi. Uslubiyat bo‘limida esa so‘z qo‘llanish ma’qulligi yoki ma’qul emasligi
jihatidan tekshiriladi.
Leksikologiya bo‘limida so‘zning ifodalagan ma’nosi, lug‘at tizimida tutgan
o‘rni, kelib chiqishi, qo‘llanish darajasi o‘rganiladi. Bu bo‘limda so‘z lug‘aviy birlik
sifatida o‘rganiladi. So‘z muayyan tilning lug‘at tarkibiga mansub bo‘lganligi uchun
leksikologiya mazkur tilning lug‘at tarkibini tizim sifatida tekshiradi.
Yuqorida aytilgan fikrlarni inson so‘zi misolida isbotlashga harakat qilamiz:
Morfologik nuqtai nazardan bu so‘z quyidagi xususiyatlarga ega: 1) ot
turkumiga tegishli; 2) turdosh ot, aniq ot, yakka ot; 3) bosh kelishikda; 4) birlikda.
So‘z yasalish nuqtai nazaridan bu so‘z quyidagi xususiyatlarga ega: 1) tub
so‘z; 2) sifat yasalishi uchun asos bo‘la oladi: insoniy, insonparvar;
Uslubiyat nuqtai nazaridan bu so‘z quyidagi xususiyatlarga ega: 1) kitobiy
uslubda qo‘llanadi; 2) hissiy-ta’siriy bo‘yoqqa ega.
Leksikologiya nuqtai nazaridan bu so‘z quyidagi xususiyatlarga ega: 1)
lug‘aviy manoga ega; ongli mavjudot; 2) bu so‘z odam, kishi, bashar so‘zlariga
ma’nodosh hisoblanadi; 3) o‘zbek tiliga arab tilidan kirib kelgan; 4) nisbatan faol
so‘z hisoblanadi;
Demak, tilnshunosliking har bir bo‘limida so‘zning turli qirralari tadqiq qilinar
ekan.
Ilmiy adabiyotlarda leksikologiya bir qancha turlarga bo‘linadi.
O‘rganish obyektining hajmiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1. Umumiy leksikologiya dunyodagi barcha tillarning lug‘at trkibini
tekshiradi.
2. Xususiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini o‘rganadi va
lug‘at tarkibini qay holatda o‘rganishiga qarab ikki turga bo‘linadi:
1) tavsifiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini statik (turg‘un)
holatda, ya’ni uning tarixiy taraqqiyoti bilan bog‘lanmagan holatda o‘rganadi. Bu
yana sinxronik (yun. sin – “birga”, chronos – “vaqt” degani) leksikologiya deb ham
ataladi.
2) tarixiy leksikologiya ma’lum bir tilning lug‘at tarkibini dinamik
(harakatli) holatda, ya’ni uning tarixiy taraqqiyoti bilan bog‘langan holatda
o‘rganadi. Bu esa diaxronik (yun. dia– “orqali”, chronos – “vaqt” degani)
leksikologiya deb ham ataladi1.
Leksikologiya quyidagi vazifalarni bajaradi:
1. Tilning lug‘at tarkibini ma’no jihatidan tavsiflaydi.
2. Lug‘at tarkibidagi so‘zlarni kelib chiqishi jihatidan tavsiflaydi.
3. Tilning lug‘at tarkibini ijtimoiy guruhlar qo‘llashi jihatidan tavsiflaydi.
1 H.A.Jamolxonov. Hozirgi o`zbek adabiy tili. 2-qism. –T., 2004, 3-4-betlar.
4. Tilning lug‘at tarkibini faolligi yoki nofaolligi jihatidan tavsiflaydi.
5. Tilning lug‘at tarkibini hissiy-ta’siriy bo‘yoqdorligi jihatidan tavsiflaydi.
6. Tilning lug‘at tarkibidagi ajralmas birikmalar – frazeologik birikmalarni
ma’no va tarkib jihatdan tavsiflaydi.
Quyida ana shu vazifalarni batafsil ko‘rib chiqamiz.
So‘z va leksema munosabati
Tilshunoslikda so‘zning markaziy birlik ekanligi haqida yuqorida aytib o‘tgan
edik. Bunda muayyan tilning lug‘at tarkibiga kiruvchi barcha so`zlar nazarda
tutiladi. Lug‘at tarkibidagi so‘zlarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin:
1. Atash xususiyatiga ega bo‘lgan so‘zlar. Bular, shaxs (odam, bola), narsa
(kitob, daftar), belgi (yaxshi, go‘zal), miqdor (olti, yettinchi), holat (tez, oson), payt
(hozir, bugun), harakat (yurmoq, yozmoq), ishora (bu, shu) kabi tushunchalarga nom
bo‘lib keladi.
2. Atash xususiyatiga ega bo‘lmagan so‘zlar. Bular so‘zlarni bir-biriga
bog‘laydigan (va, uchun), so‘zlarga qo‘shimcha ma’no kiritadigan (faqat, xuddi),
tovush va harakatlarga taqlid bildiradigan (gurs, jimir-jimir), inson his-tuyg‘ularini
aks ettiradigan (oh, voy), aytilgan fikrga munosabat bildiradigan (shekilli,
menimcha) kabi so‘zlardir.
Ma’no jihatidan birinchi guruhga mansub so‘zlar lug‘aviy birlik hisoblanadi
va leksikologiya bo‘limida o‘rganiladi, ikkinchi guruh so‘zlar esa grammatik
so‘zlar hisoblanadi va ular faqat grammatika bo‘limida o‘rganiladi.
Ilmiiy adabiyotlarda atash xususiyatiga ega bo`lgan so`zlar leksema termini
bilan atalmoqda. “O`zbek tili system leksikologiyasi asoslari” nomli o`quv
qo`llanmada leksemaga quyidagicha ta’rif beriladi: “Jamiyat a’zolari uchun
tayyor, umumiy, majburiy bo`lgan, shakl va mazmunning barqaror
birikuvidan
tashkil
topgan,
voqelikdagi
narsa,
belgi,
xususiyat
va
munosabatlarni shakllantiruvchi, nutq va lug`atda grammatik morfemalarni
o`ziga biriktira oladigan morfema turi leksemadir”.2
2 Ne’matov H. Rasulov R. “O`zbek tili system leksikologiyasi asoslari”. T., “O`qituvchi”, 1995, 37-bet
Leksema va so`zning o`zaro munosabati fonema bilan tovush o`rtasidagi
munosabatga o`xshaydi, ya’ni leksema til birligi hisoblansa, so`z nutq birligidir.
Boshqacha aytganda, so`z leksemaning nutqda voqelashgan shaklidir. Masalan:
Bolalar keldi gapini olaylik. Bu gapda bola- (kichik yoshdagi odam) va kel-
(harakat)3 birliklari leksema hisoblansa, bolalar va keldi qismlari so`z hisoblanadi.
Leksemaning ifoda va mazmun tomoni
Falsafa fanida shakl va mazmun birligi haqida so`z yuritiladi. Bu narsa
tilshunoslik faniga ham taalluqli bo`lib, u leksemaning tashqi (shakliy) va ichki
(mazmuniy) tomonlarida o`z aksini topadi.
Leksemaning ifoda (tashqi) tomoni deganda quyidagilar nazarda tutiladi:
1. Leksema tarkibidagi tovushlar: maktab- leksemasi m, a, k, t, a, b
tovushlaridan iborat.
2. Leksema tarkibidagi harflar: maktab- leksemasi m, a, k, t, a, b harflaridan
iborat.
3. Leksema tarkibidagi bo`g`inlar: maktab- leksemasi mak-tab kabi ikki
bo`g`indan iborat.
4. Leksema tarkibidagi ma’lum bir unli tovushga tushadigan urg`u: maktáb.
Xulosa shuki, leksemaning inson sezgi a’zolari yordamida sezish mumkin
bo`lgan tomonlari uning ifoda (moddiy) tomoni deb yuritiladi. Ilmiy adabiyotlarda
bu nomema deb ham yuritiladi.4
Leksemaning mazmun (ichki) tomoni deganda quyidagilar nazarda tutiladi:
1. Leksema ifodalagan lug`aviy ma’no, ya’ni leksemaning borliqdagi shaxs
(odam), narsa (kitob), belgi (yomon), rang (yashil), hajm (katta), miqdor (olti),
harakat (yugur) kabi tushunchalarni nomlashi.
2. Leksema orqali ifodalangan uslubiy belgi: ona (uslubiy betaraf), volida
(uslubiy xoslangan).
3Yozuvda leksemalardan keyin chiziqcha qo`yishni prof. Sh. Rahmatullayev taklif qilgan: Sh. Rahmatullayev.
Hozirgi adabiy o`zbek tili. T., 2006, 22-bet.
4Ne’matov H. Rasulov R. “O`zbek tili system leksikologiyasi asoslari”. T., “O`qituvchi”, 1995, 55-bet
3. Leksema orqali ifodalangan hissiy-ta’siriy bo`yoq: chehra (ijobiy bo`yoq),
bashara (salbiy bo`yoq).
Ba’zi ilmiy adabiyotlarda lug`aviy ma’no denonotativ ma’no5, uslubiy belgi
va hissiy-ta’siriy bo`yoqlar esa birgalikda konnotativ ma’no6 ham deyiladi.
Lug`aviy ma’no va uning tarkibiy qismlari
Leksemaning lug`aviy ma’nosi quyidagicha shakllanadi: inson o`z sezgi
a’zolari orqali borliqdagi narsa, hodisa, belgi, harakat va boshqalar haqida tushuncha
hosil qiladi. Bu tushuncha inson ongida muhrlanib qoladi. Xuddi shu tushunchaga
atab qo`yilgan nom ham inson ongida saqlanib qoladi va natijada nom va tushuncha
o`rtasida mustahkam aloqa yuzaga keladi.
Semasiologiya fanida leksemaning lug`aviy ma’nosi semema atamasi bilan
ham beriladi. Semema ham o`z navbatida qismlarga bo`linadi. Bu qismlar semalar
deb ataladi. Har bir sema tushunchaning turli belgilarini aks ettiradi. Masalan,
quyosh leksemasining lug`aviy ma’nosini, ya’ni sememasini quyidagi semalar
tashkil etadi: 1) yulduz; 2) issiqlik tarqatuvchi osmon jismi; 3) yorug`lik tarqatuvchi
osmon jismi; 4) bir qancha sayyoralarni o`ziga birlashtirgan tizim markazi; 5) Yer
sayyorasidagi hayot manbasi; Bu ro`yxatni o`z bilimimizga tayangan holda yana
davom ettirish mumkin.
Semalar ma’no xususiyatlariga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi:
1. Atash semalari narsa, belgi, harakat, miqdor kabi tushunchalarni nomlaydigan
semalardir. Masalan, ruchka, qalam, bo`r, flomaster kabi leksemalar uchun “yozish
va chizish quroli “ semasi atash semasi bo`lib hisoblanadi.
2. Ifoda semalari atashdan tashqari tushunchaga munosabatni ifodalaydigan
semalardir. Masalan, lab- leksemasidagi “betaraflik” semasi, dudoq leksemasidagi
“kitobiylik” semasi ifoda semalariga misol bo`la oladi.
5 H.A.Jamolxonov. Hozirgi o`zbek adabiy tili. 2-qism. –T., 2004, 10-bet.
6 О.С.Ахманова. Словарь лингвистических терминов. М., 1969, стр. 203
3. Vazifa semalari leksemalarning gapda qanday vazifa bajarishini, ya’ni qanday
leksemalar bilan birika olishini belgilaydigan semalardir. Masalan, Bola kitob o`qidi
gapidagi leksemalarni tahlil qilib ko`ramiz. Bola- leksemasi sememasida shu gap
ichida “harakatni bajaruvchi” semasi bor, shuning uchun bu leksema ega bo`lib
kelgan. Kitob- leksemasida “harakat o`tgan narsa” degan sema mavjud, shuning
uchun u to`ldiruvchi bo`lib kelgan. O`qi- leksemasida esa “bajarilgan harakat” degan
sema bor, shuning uchun u kesim vazifasida kelgan.
Leksemalarda bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik
Til birligi sifatida tan olingan leksemalarda ham bir ma’nolilik va ko`p
ma’nolilik mavjuddir. Boshqacha aytganda, bitta leksema bir sememaga, boshqa
leksema esa bir necha sememaga ega bo`lishi mumkin.
Til va nutq birliklarini barcha sathlarda farqlay borish lozim. Shunday ekan,
bir ma’nolilik va ko`p ma’nolilik hodisalarini ta’riflashda ham shunday yo`l tutish
kerak bo`ladi.
Tilshunos olimlar bu o`rinda lisoniy ma’no va nutqiy ma’nolarni farqlaydilar.7
Lisoniy ma’no deganda til birliklariga xos bo`lgan ma’no nazarda tutiladi. Nutqiy
ma’no esa leksemaning nutqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda ifodalaydigan
ma’nosidir. Masalan, Poyida yig'laydi kumush qor yum-yum (Oybek) gapidagi
kumush leksemasi til biligi sifatida “oq-ko`kish rangli yaltiroq, asl metall”8
ma’nosini bildirsa, atoqli adibimiz Oybek bu leksemani “oq rangli” ma’nosida
qo`llagan.
Shuni ta’kidlash lozimki, nutqiy ma’no leksemaning ko`chma ma’nosi emas,
chunki bu ma’no hali til vakillarining barchasi tomonidan tan olinmagan,
umumlashmagan ma’nodir.
Shunday ekan, biz bu o`rinda leksemadagi lisoniy ma’noning bitta yoki
bittadan ortiq ekanligi haqida so`z yuritamiz.
7 Sh. Rahmatullayev. Hozirgi adabiy o`zbek tili. T., 2006, 53-bet.
8 O`zbek tilining izohli lug`ati. “O`zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. –T., 2006, 427-bet.
Agar leksema bittagina ma’noga ega bo`lsa, bunday leksemalarga bir ma’noli
leksemalar deyiladi. Bu hodisa tilshunoslikda monosemiya (yun. mono – bir, sema
- belgi) deb ham yuritiladi. Masalan, ko`l leksemasining yagona sememasi quyidagi
semalarni qamrab oladi: 1) suvga to`lgan havza; 2) atrofi berk suv havzasi; 3)
chuqurlikdan iborat tabiiy suv havzasi; Shu leksemaning gap tarkibidagi hosilasi
bo`lgan ko`l so`zida ham shu ma’nolar mavjud: Ko`l juda katta edi.
Ko`pincha lmiy atamalar, atoqli otlar, yangilik bo`yog`i o`chmagan
leksemalar bir manoli hisoblanadi.
Agar leksema birdan ortiq ma’noga ega bo`lsa, bunday leksema ko`p ma’noli
leksema deb ataladi. Bu hodisa tilshunoslikda polisemiya (yun. poli – ko`p, sema -
belgi) deb ham yuritiladi.
Masalan, izohli lug`atda og`ir so`zining jami 17 ta ma’nosi keltirilgan9.
Shulardan ba’zilarini quyida keltiramiz:
1) vazni katta bo`lgan, tosh bosadigan, vaznli, vazmin (og`ir yuk);
2) o`zini tuta biladigan, sipo, vazmin, bosiq (og`ir, vazmin yigit);
3) muayyan me’yori buzilgan, talabga javob bermaydigan (og`ir havo);
4) yomon oqibatlarga olib borishi mumkin bo`lgan, jiddiy, xavfli (og`ir dard)
va h.
Lug`aviy ma’noning turlari
Ilmiy adabiyotlarda ko`p ma’noli leksemalar ifodalaydigan lug`aviy ma’nolar
til taraqqiyotining qaysi davrida mavjudligiga qarab dastlab ikkita katta guruhga
bo`linadi:10
I. Avvalgi lug`aviy ma’nolar til taraqqiyotining oldingi davrlariga tegishli
bo`lgan ma’nolardir. Bu ma’nolar ham eskirish darajasiga qarab ikki turga bo`linadi:
1. Eski lug`aviy ma’no leksemaning hozirgi paytda arxaiklashgan
ma’nosidir: qimron leksemasi aslida “qaynatilgan sut bilan suvning aralashmasi”
9 O`zbek tilining izohli lug`ati. “O`zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti.3-jild, –T., 2007, 187-
189-betlar.
10 Sh. Rahmatullayev. Hozirgi adabiy o`zbek tili. T., 2006, 63-bet. H.A.Jamolxonov. Hozirgi o`zbek adabiy tili.
2-qism. –T., 2004, 26-bet. M.Mirtojiyev. O`zbek tilida polisemiya. T., 1975, 112-bet.
degan ma’noni bildirgan. Bu ma’no shu leksemaning eski lug`aviy ma’nosidir.
Uning hozirgi ma’nosi “tuya sutidan tayyorlanadigan qimiz” degan ma’nodir11.
2. Etimologik lug`aviy ma’no leksemaning til tarixiga asoslanib, tuzilishidan
kelib chiqib aniqlanadigan ma’nodir: chaqa (mayda pul) leksemasi “chaq” fe’lining
“parchala”, “bo`lak-bo`lak qil” ma’nosidan –a qo`shimchasini qo`shish bilan
yasalgan12.
II. Hozirgi lug`aviy ma’nolar til taraqqiyotining hozirgi davriga mansub
ma’nolardir. Bu ma’nolar bir ma’nodan boshqa ma’noning o`sib chiqishi nuqtai
nazaridan ikki turga bo`linadi:
1. Bosh ma’no ko`p ma’noli leksemalarning o`zaro bog`langan barcha
ma’nolarini birlashtiruvchi ma’nodir. Bu ma’no odamning esiga keladigan birlamchi
ma’nodir. Izohli lug`atda uzmoq leksemasining quyidagi ma’nolari berilgan: a)
“kuch bilan tortib, yulqib butundan ajratmoq, butunni qismga bo`lmoq” (ipni
uzmoq); b) palak, novda yoki tupidan ajratib olmoq (uzum uzmoq); d) kesib qirqib
joyidan bo`lak qilmoq (boshini uzmoq); e) turgan, yopishgan joyidan ajratmoq
(boshini yostiqdan uzmoq); f) davom qildirmaslik, to`xtatmoq (suhbatni uzmoq); g)
qarzni to`lamoq (yegan oshlarini uzmoq); h) qattiq tishlamoq yoki chaqmoq (Itning
ishi uzmoq…); i) qattiq ta’sir qilib, azob bermoq (gap bilan uzmoq); 1-ma’no (ipni
uzmoq) mazkur leksemaning bosh ma’nosidir, chunki qolgan barcha ma’nolar shu
ma’no bilan bog`langandir.
Bosh ma’no o`z navbatida leksema ma’no tuzilmasida tutgan o`rniga qarab
ikki turga ajratiladi: a) to`ng`ich bosh ma’no leksema ma’no tuzilmasida birinchi
o`rinda turgan ma’nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 1-ma’nosi shunga mos
keladi; b) nisbiy bosh ma’no boshqa hosila ma’noning o`sib chiqishi uchun asos
bo`lgan hosila ma’nodir. Yuqoridagi uzmoq- leksemasaining 7-ma’nosi shunga
mos keladi, chunki mazkur ma’no 8-ma’noning o`sib chiqishi uchun manba
hisoblanadi;
Bosh ma’no unga turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan
ataladi:
11 Sh.Rahmatullayev. O`zbek tilining qisqa etimologik lug`ati. T., 1999, 99-bet.
12 Sh.Rahmatullayev. O`zbek tilining qisqa etimologik lug`ati. T., 1999, 20-bet.
1) to`g`ri ma’no voqelikdagi narsa, belgi, miqdor, harakat tushunchalarini
to`g`ridan-to`g`ri ifodalaydigan bosh ma’nodir.
2)
nominativ
ma’no
voqelikdagi
narsa,
belgi,
miqdor,
harakat
tushunchalariga nom bo`lib kelgan bosh ma’no.
3) erkin ma’no - bu yuzaga chiqishi muayyan matn, qurshov bilan
cheklanmagan bosh ma’no.
2. Hosila ma’no bosh ma’nodan hosil bo`lgan, undan o`sib chiqqan ma’nodir.
Yuqorida berilgan uzmoq leksemasining 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-ma’nolari 1-ma’noga
nisbatan hosila ma’nolar hisoblanadi, 8-ma’no esa 7-ma’noga nisbatan hosila ma’no
bo`lib hisoblanadi.
Hosila ma’no ham turlicha yondashuvlar asosida quyidagi nomlar bilan
ataladi:
1) ko`chma ma’no to`g`ri ma’noga zid qo`yiladigan hosila ma’no bo`lib,
narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakat tushunchalariga ko`chgan hosila ma’nodir.
Masalan, ko`chaning boshi birikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma’nosi odam
boshi birikmasi tarkibidagi bosh leksemasining ma’nosidan o`xshashlik asosida
ko`chgan ma’nodir.
2) figural (lot. majoz degani) ma’no nominativ ma’noga zid qo`yiladigan
hosila ma’no bo`lib, borliqdagi narsa, shaxs, belgi, miqdor, harakatlarni majoziy
tarzda ifodalagan hosila ma’nodir. Figural ma’noda obrazlilik kuchli bo`ladi.
Masalan, bahor leksemaning umr bahori birikmasi tarkibida ifodalagan “umrning
yashnagan davri” degan ma’nosi majoziy ma’nodir, chunki bu ma’no “hayotning
kamolga yetgan, yashnagan davri” degan mavhum tushunchani “yil fasllaridan biri”
degan aniq tushunchaga bog`lagan holda ifodalayapti. Figural ma’no ko`pincha
mavhum tushunchalarni ifodalaydi.
3) bog`li ma’no erkin ma’noga zid qo`yiladigan hosila ma’no bo`lib, uning
voqelashuvi uchun muayyan matn, qurshov zarur boladi. Ayrim leksemalarning
turg`un (frazeologik) iboralar tarkibidagina ifodalaydigan hosila ma’nolari bog`li
mano hisoblanadi. Masalan, bel leksemasining bel olishmoq, bel bog`lamoq, beliga
tepmoq, belini ko`tarmoq, belini sindirmoq, beli uzilmoq, belini bukmoq kabi
iboralar tarkibidagina ifodalaydigan hosila ma’nolari bog`li ma’noga misol bo`la
oladi.