LINGVISTIK TADQIQOT METODLARI
RЕJA:
1. Tilni o‘rganish metodlari va metodologiyasi
2. Tavsifiy metod
3. Qiyosiy-tarixiy metod
4. Chog‘ishtirish va tipologik metod
5. Struktur metod va uning yo‘nalishlari.
Funksional lingvistika;
Distributiv tahlil metodi lingvistika yo‘nalishi va uning metodlari;
Bevosita ishtirokchilar metodi;
Transformatsion tahlil metodi.
6. Matematik-statistik metodlar
Statistik tahlil metodi;
Avtomatik tahlil metodi.
Tayanch so’z va iboralar: metod, metodika, metodologiya, tasviriy metod,
qiyosiy-tarixiy metod, chog‘ishtirish metodi, tipologik metod, struktur metod,
distributiv tahlil, transformatsion tahlil, bevosita ishtirok etuvchilarga ajratish,
statistik tahlil, avtomatik tahlil metodlari.
1. Tilni o‘rganish metodlari va metodologiyasi
Metod grekcha methodos so‘zidan olingan bo‘lib, “tadqiqot”, “o‘rganish”
degan ma’noni anglatadi. U obyektiv borliqdagi predmet, hodisalarni, ya’ni
tadqiqot manbayini ilmiy tahlil qilish, o‘rganish orqali uning mohiyatini, tabiati,
tarkibiy qismlarini, muayyan o‘ziga xos xususiyatlarini topish, ochish, ular haqida
ilmiy xulosalar, umumlashmalar chiqarish usuli bo‘lib, muayyan fanga xizmat
qiladi va uning taraqqiyotini ta’minlaydi. Har bir fanning o‘z tadqiqot usullari
mavjud. Masalan, tabiiy fanlar, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, tilshunoslik fanlarining
metodlari bir-biridan katta farq qiladi. Tabiiy fanlar, tibbiyotda eksperiment,
qishloq xo‘jaligida amaliy tajriba ustuvorlik qilsa, tilshunoslikda tahlildan
foydalaniladi.
Bir fan doirasida ham turlicha metodlar va ularni qo‘llash usullari mavjud.
Jumladan, tilshunoslik fani ham o‘zining qator ilmiy-tadqiqot metodlariga ega
bo‘lib, bu tilning ham ijtimoiy-tarixiy, ham ijtimoiy-psixik, ijtimoiy-fiziologik,
ham ijtimoiy-individual hodisa ekanligidan kelib chiqadi. Shunga ko‘ra , lisoniy
tadqiqot metodlari turli-tumandir.
Jumladan, ona tilini tahlil qilish metodlari bilan chet tillarini tahlil qilish
metodlari, tilning sotsiologik jihatlarni o‘rganish usullari bilan nutq tovushlarini
tahlil qilish usullari bir-biridan katta farq qiladi. Har bir fanga oid tadqiqot
usullarini qo‘llashning muayyan yo‘l-yo‘riqlari mavjud bo‘lib, ular shu fanning ish
yuritish metodikasini tashkil etadi.
Demak, metod – bu bilish usuli bo‘lsa, metodika – bilish usulida
qo‘llanadigan yo‘l-yo‘riqdir. Ya’ni: tadqiqot obyektini tekshirish usuli, individual
ish olib borish metodlari, faktlarni yig‘ish, tahlil qilishni umumlashtirish
2
jarayonidir. Shundan kelib chiqib, tilshunoslikda ona tili metodikasi, chet tili
metodikasi, til sathlari, til va nutq, til va tafakkur masalalariga, kommunikativ
tilshunoslik yoki tilga kompetensiyaviy( egallangan bilimlarni amalda qo’llay olish
layoqati) yondashuv metodlarini qo‘llashga o‘rgatuvchi metodikalar mavjud. Ayni
vaqtda ushbu metodlar bir-biridan farq qilsa-da, ularning barchasi bir maqsadga,
ya’ni mazkur lisoniy hodisalarning “sir”larini ochish va shu asosda ilmiy-nazariy
va ilmiy-metodik xulosalar, falsafiy-mantiqiy umumlashmalar chiqarishga
qaratilgan bo‘ladi.
Demak, har bir fanning umumiy metodologiyasi ham mavjud bo‘lib,
metodologiya yunoncha methodos “tadqiqot usuli” va logos “ta’limot” so‘zlaridan
olingan hamda fanning tadqiqot usullari haqidagi ta’limotdir. Metodologiya bilish
faoliyati yo‘llari haqidagi ta’limot sifatida har qanday fan nazariyasi va
amaliyotida katta ahamiyatga ega. U tadqiqot manbayini qanday tushunish, uni
o‘rganishga qanday yondashish, qaysi usullarni qo‘llash, tadqiqot obyekti
yuzasidan umumiy nazariy, amaliy, mantiqiy yoki tavsifiy bilimlar hosil qilish
haqidagi ta’limot bo‘lib, umumilmiy va xususiy fanlar metodlari o‘rtasidagi uzviy
munosabatni ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, bilish usullari ham umumiy
va xususiy bo‘ladi.
Umuman bilish usuli falsafiy tizimga xos bilish tamoyillarini ifodalab,
tabiat, jamiyat, tafakkurning umumiy qonuniyatlari haqidagi ta’limot sanaladi.
Umumiy metodologiya falsafiy bilish metodining muayyan fan doirasida aniq
qo‘llanishi, xususiy metodologiya esa u yoki bu fan tarmog‘iga xos tadqiqot
metodlari haqidagi ta’limotdir. Umummetodologik tamoyillar turli fanlar bergan
ma’lumotlarni umumlashtirish asosida vujudga keladi. Aytib o‘tilganidek, har bir
fanning o‘z maxsus tadqiqot usullari va ularga asoslangan umumilmiy
metodologiyasi ham mavjud (ijtimoiy fanlarning tahlilga asoslangan umumilmiy
metodologiyasi, tabiiy fanlarning tajribaga asoslangan umumilmiy metodologiyasi
kabi). Lekin ularning barchasi asosida kuzatish, idrok qilish, o‘rganish, tushunish,
anglash kabi bilish usullari yotadi.
3
Har bir tadqiqot ishi, albatta, dunyoni bilishga qaratiladi, biroq u fan
tarmog‘i xususiyatidan kelib chiqadigan umumilmiy metodologiyaga asoslanadi.
Shu bois har bir tadqiqotchi, avvalo, o‘z tadqiqot ishining umumilmiy
metodologiyasini va undan kelib chiqadigan tadqiqot metodlari belgilab olishi
kerak bo‘ladi. Buni quyidagi iyerarxik bosqichlarda ko‘rsatish mumkin:
tadqiqot maqsadi – farazi – kutiladigan yangilik;
tadqiqot predmeti va obyektini tanlash;
tadqiqot metodologiyasi va metodlarini tanlash.
Har bir metod esa o‘z ichida kuzatish, dalillarni to‘plash, ularni o‘rganish,
qiyoslash, chog‘ishtirish, fikrlarni umumlashtirish, anketa so‘rovnoma va tajriba-
sinov o‘tkazish, natijalarni statistik tahlil qilish, xulosalash kabi usullarni qamrab
oladi.
Demak, tadqiqot ishi tadqiqot maqsadini aniqlash va fan yo‘nalishiga mos
umumilmiy metodologiyani tanlashdan boshlanadi. Jumladan, tilshunoslik
sohasida ham tadqiqot ishining nazariy (filologik) yoki amaliy (metodik)
yo‘nalishda olib borilishi maqsadi tadqiqot ishining keyingi barcha bosqichlarini
belgilab beradi. Tadqiqot metodlarni tanlashda ham yana bir muhim jihatga e’tibor
qaratish zarur. Ma’lumki, til ijtimoiy-tarixiy hodisa, shundan kelib chiqib, tadqiqot
ishi diaxron yoki sinxron planda o‘rganilishi mumkin. Ularning har biri esa o‘z
tadqiqot metodlariga ega. Tilshunoslikning diaxron tadqiqot metodlari vaqt, zamon
belgisi, ya’ni qo‘llanishiga ko‘ra uzoq o‘tmish bilan bog‘lanishi bilan tavsiflanadi.
Ularga tasviriy, qiyosiy-tarixiy, chog‘ishtirish, tarixiy-qiyosiy, tipologik metodlari
kiradi.
2.Tavsifiy metod
Bu metod jahon tilshunosligining eng qadimiy va dastlabki yetakchi metodi
hisoblanib, qadimgi arab, yunon, hind, xitoy, rim tillariga oid yaratilgan asarlar –
grammatikalar mazkur metod asosida yaratilgan. Tavsifiy metod sinxron analiz
metodi bo‘lib, obyektni (matnni) turgan holatida berilgan ma’lumotlar asosida
o‘rganadi. Tavsifiy metod tomonidan olingan ma’lumotlar barcha metodlar uchun
tayanch nuqta hisoblanadi. Struktur metod ushbu metod xulosalariga tayanib ish
4
ko‘radi, qiyosiy-tarixiy metod uchun ham qiyoslanayotgan obyekt haqidagi izohni
tavsifiy metod beradi. Shu bois tavsifiy metod turli davrlarda turli lingvistik
maktablar va yo‘nalishlarga xizmat qilgan. Hozir ham boshqa metodlar bilan ish
olib borayotgan mutaxassislar turli tillarga oid darslik, qo‘llanmalar, monografik
tadqiqotlarni shu metod asosida yaratmoqdalar. Tavsifiy metodda tadqiq qilish
jarayoni quyidagi 2 bosqichda olib boriladi:
I bosqich -
Komponent tahlil
bo‘lib, unda matn gaplarga, gaplar so‘zlarga,
so‘zlar morfemalarga, morfemalar esa fonemalarga ajratilib tahlil qilinadi.
Komponent tahlil metodi so‘z ma’nosini tarkibiy qismlarga – komponentlar
(semalar)ga ajratish, har bir semaning so‘z ma’nosi - semema tarkibidagi
ahamiyati, o‘rni, imkonini aniqlash, ishlatilish doirasini belgilash bilan
shug‘ullanadi. Komponent tahlil qilish metodi orqali so‘z ma’nosi mantiqan
zaruriy bo‘laklarga – komponentlarga ajratiladi, ajratilgan bo‘laklarning har biri
alohida o‘rganilib, ularning so‘z ma’nosi tarkibidagi “quvvati”, nutqda qanday
vazifa bajarishi o‘rganiladi. Sema va sememalarning o‘zaro bog‘liqligi butun va
bo‘lak nuqtaiy nazaridan baholanadi.
II bosqich -
Kontekstual tahlilda
komponent tahlil bosqichida olingan
ma’lumotlar muayyan guruhlarga umumlashtiriladi. Ushbu tahlillar til
birliklarining tildagi vazifasi, tuzilishi, qo‘llanishi kabilarni tavsiflashga, ilmiy
izohlashga, umumlashma xulosalar chiqarishga xizmat qiladi. Bunda ijtimoiy-
sotsiologik, talaffuz-akustik, fanlararo tahlil, distributiv tahlil usullaridan
foydalaniladi.
1. Ijtimoiy-sotsiologik usul so‘zlarni mavzu bo’yicha guruhlash, lingvistik-
jug‘rofiy o‘rni, mavqeyi, me’yoriy-uslubiy xususiyatlarni o‘rganadi.
2. Talaffuz-akustik usul orqali nutq tovushlarining talaffuz-eshitilish
xususiyatlari, fonetik hodisalar tahlili o‘rganiladi. Bunda, ayniqsa, eksperimental-
fonetik tahlil metodi muhim o‘rin tutadi.
Ushbu metodda nutq tovushlari, intonatsiya, pauza, ritm kabi fonetik
hodisalarni maxsus texnik vositalar, asboblar yordamida tadqiq qilinadi. Ushbu
metodda quyidagi usullardan foydalaniladi:
5
Somatik usul
– gapirish-so‘zlash jarayonida fiziologik jarayonlarning
jismoniy harakatlari ifodasini o‘rganadi. Artikulyatsiya a’zolarini suratga olish,
nutq apparatining rentgen tasvirini tushirish, nafas olish jarayonini o‘lchash – bu
metodning usullari hisoblanadi.
Pnevmatik usul – talaffuz jarayonidagi nutq a’zolari harakati, havo
oqimining og‘iz, burun va bo‘g‘iz bo‘shlig‘idagi harakati natijasida hosil bo‘luvchi
og‘iz, tovush va shovqinlarning o‘zgarishi aniqlanadi.
Elektroakustik usul
– nutq faoliyatidagi tovushlarni, ularga xos turlicha
xususiyatlarni (masalan, cho‘ziqlik, qisqalik, baland-pastlik, ohangdorlik, shovqin
kabilarni) elektr tebranishlari nuqtayi nazaridan tahlil qiladi, ular asosida
tavsiflaydi. Ushbu metod nutq tovushlarini nafaqat akustik, balki artikulyatsion
jihatdan ham aniq tavsiflash imkonini beradi.
3. Distributiv tahlil usulida til va nutq birliklari (fonema, morfema,
leksema, so‘z va so‘z birikmalari)ning joylashish o‘rni, oldinma-ketin kelishi,
o‘zaro bog‘lanishi va semantik-stilistik munosabatga kirishuvi o‘rganiladi. Bunday
tahlil tilshunoslikda deskriptiv yo‘nalish deb atalib, uning asosini distributsiya yoki
distributiv metod tashkil etadi.
Unda tillarni o‘rganish 2 bosqichda amalga oshiriladi:1) lingvistik birliklar
aniqlanadi; 2) ushbu birliklarning bir-biriga nisbatan distributsiyasi, joylashuvi
belgilanadi. Distributsiya lisoniy birliklarning nutqda qo‘llanish, joylashish o‘rni,
boshqa unsurlar bilan birika olish qobiliyati, ya’ni potensialdagi qurshovi bo‘lib,
uning morfologik, leksik-semantik, sintaktik turlari bor.
Morfologik distributsiya
– bu bir so‘z turkumini boshqa so‘z turkumlari
bilan munosobatga kira olishidir (sifat va ot, ravish va fe’l, artikllar va ot va
hakozo). Bunda morfemalar aniqlanib, ularning aloqalari talqin qilinadi,
izohlanadi.
Leksik-semantik distributsiya
– til elementlarining ma’no jihatidan o‘zaro
aloqa qilish qobiliyatidir.
Sintaktik distributsiya
– gap bo‘lakarining bir-biriga nisbatan joylashuvi va
munosabatidir.
6
Tilda birliklarni qismlarga, ma’noli qismlarga ajratish segmentatsiya deyiladi.
4. Valentlik tahlil usulida so‘zning nutq faoliyatidagi semantik-sintaktik,
funksional faolligini o‘rganish, uning ma’noga bog‘liq imkoniyatlarini yoritish
masalalari o‘rganiladi. Bunda so‘zning o‘z ma’nosi asosida boshqa so‘zlar bilan
semantik munosabatga kirishuvi, ularni o‘ziga biriktirish xususiyatlari o‘rganiladi,
so‘zlar orasidagi semantik munosabat bevosita sintaktik munosabatni yuzaga
keltirishi, ya’ni semantik sintagmalar, sintaktik konstruksiyalarni hosil qilishi
aniqlanadi. Ushbu metod har bir so‘zda valentlik imkoni mavjud bo‘lishi va u
sintaktik aloqada yuzaga chiqishi, valentlikning nutqda – so‘zlar orasidagi turlicha
bog‘lanishlarda, ya’ni xususiyliklarda namoyon bo‘lishi tahlil qilinadi.
3.Qiyosiy-tarixiy metod
XIX asrning 1-choragida yuzaga kelgan mazkur metod lingvistik metodlar
ichida eng faoli hisoblanib, unda o‘zaro qarindoshlik munosabatidagi tillarning
birliklari (tovush, qo‘shimcha va so‘zlar) tarixiy jihatdan qiyoslanadi, ular
orasidagi o‘xshashliklar aniqlanib, ularning dastlabki tarixiy shakllarini tiklashga
harakat qilinadi. Bu vazifalar quyidagi usullar vositasida amalga oshiriladi:
qiyoslash uchun material to‘plash;
qiyoslanadigan birliklarni belgilash;
birliklar tarkibidagi o‘zgarishlar xronologiyasini aniqlash;
so‘z va morfemalarning qadimgi shakli va ma’nolarini tiklash.
tillarni qiyosiy o‘rganish va ularning bir-biriga qarindosh va qarindosh
emasligini aniqlash;
qarindosh deb tanilgan tillarni bir-biri bilan qiyoslab, ularning bobo tilini
tiklash.
Ushbu metod XIX asrning boshlarida paydo bo‘lgan deyilishiga qaramay, bu
yo‘nalish bilan olimlar oldinroq shug‘ullanishga kirishganlar. Unda qiyoslash
uchun dalillar faqat qarindosh tillardan - genetik tenglikka ega bo‘lgan
tillardangina olinadi. Masalan: ruscha svetok, polyakcha kwiatok “gul”; forscha
now, ruscha nov(ыy), nemischa neu, inglizcha new “yangi”; grekcha pater, patras,
7
lotincha pater, sanskritcha pitar, nemischa vater, forscha padar, ruscha papa,
hindcha “bobo”,”ota” demakdir.
4.Chog‘ishtirish va tipologik metod
Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash
chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu
metodda lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli
jihatlari tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik
jihatlariga, taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet
tillarini o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar
uchun ham xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar,
tillar uchun umumiy grammatikalar, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish texnikasi
va nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar
natijalaridir. Bu metod bir tilda oddiy tasvirlash metodidan foydalanilganda yuzaga
chiqmagan xususiyatlarni ochib berishga yordam beradi.
Bu esa tillarning tarkibini chuqurroq o‘rganish va bilishga imkoniyat
yaratadi. Ikkinchi tomondan, chog‘ishtirish metodi lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratish
kabi sof amaliy maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu metodni qo‘llash usullari
quyidagilardir:
so‘z va qo‘shimchalarni farqlash, qo‘shimchalarning birikishini tavsiflash;
shevalar va tillar orasidagi tovush almashinuvi va mos kelishlikni aniqlash;
adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ularga o‘rgatish metodikasini
shakllantirish;
bir tilda ifodalangan ma’no yoki vazifa boshqa tilda qanday usul va vosita
bilan berilishini aniqlash;
bir tilli (izohli) va ko‘p tilli tarjima lug‘atlari tuzish.
Hozirgi kunda chet tillarni o‘rganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti
bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, mazkur metod usullarini
qo‘llash vositasida amalga oshirilmoqda, shu bois bugungi kunda uning nazariy va
amaliy ahamiyati yanada ortdi.
8
Tipologik metod esa o‘zaro genetik bog‘liq va genetik bog‘liq bo‘lmagan til
oilalariga tegishli tillarni qiyoslash asosida o‘rganadi. Shu xususiyati bilan ushbu
metod faqat bir til oilasiga kiruvchi tillarni tadqiq qiluvchi qiyosiy-tarixiy
metoddan farq qiladi. Ushbu metodning mohiyati shundan iboratki, bunda tillar
genetik jihatdan qaysi oilaga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar tuzilishidagi
o‘xshash va farqli jihatlariga ko‘ra qiyoslanadi, tillarning struktur-qurilish
xususiyatlari aniqlanadi, muayyan xulosalar chiqariladi. Tillarni tipologik
o‘rganishning quyidagi yondashuvlari mavjud:
klassifikatsion-tasnifiy,
xarakterologik, belgili va ichki sistem yondashuvlar.
Klassifikatsion yondashuv tillarga tasnifiy yondashuv morfologik tasnif
sifatida asos va qo‘shimchalar o‘zaro zid holda qiyoslab o‘rganiladi.
Xarakterologik yondashuv orqali qiyoslanayotgan har bir tilning
tuzilishiga, ya’ni o‘ziga xos muhim, xarakterli xususiyatlari, jihatlari
aniqlanadi hamda shu orqali tilga baho beriladi.
Belgili yondashuv tillarga muayyan belgi-xususiyatlar (masalan, fonetik,
morfologik kabi) jihatidan yondashuv bo‘lib, bunda til sathlari tipologiyasi
(fonetik tipologiya, leksik tipologiya kabilar) yaratiladi.
Ichki sistem yondashuvda muayyan tildagi muayyan hodisalar (fonetik,
leksik va b.) orasidagi o‘zaro munosabatlar, aloqalar o‘rganiladi va tadqiq
qilinadi.
5.Struktural tahlil metodlari
Strukturalizm (ingl. structural so‘zidan olingan) bo‘lib, tilni o‘zaro
bog‘langan va nisbatlangan til birliklaridan iborat butun bir tahlil metodi
hisoblanadi. Ushbu metod til va nutq birliklari, ushbu birliklarning o‘xshash va
noo‘xshash jihatlari, joylashish tartibi va boshqa nisbiy aloqalarni aniqlash bilan
shug‘ullanadi. Struktual tilshunoslik uchun tilning ichki qurilishi, til tarkibini
tashkil etuvchi tarkibiy qismlar orasidagi munosabatlar, oppozitsiyalar, ya’ni
tilning struktural tomonlari tilning asosiy aspekti hisoblanadi. XX asrning 30-
yillarida Amerika tilshunosligida yuzaga kelgan struktural yo‘nalish juda ko‘p
9