Lipidlarni o’rganish uslublari
Lipidlar, ularning klassifikasiyasi va fiziologik roli. Lipidlar – suvda
erimaydigan, lekin organik birikmalarda (spirt, xloroform va boshq.)
eruvchi,biotffektorlik xususiyatiga ega moddalardir. Lipidlarga neytral yog’lar,
yog’simon moddalar, (lipoidlar) va ayrim vitaminlar (A, D, E, K) ham kiradi.
Lipidlar plastik (qo’rilish) ahamiyatga ega bo’lib, barcha hujayralar va jinsiy
gormonlar tarkibiga kiradi.
Yog’lar. Yog’larning asosiy manbai bo’lib ichaklardan so’riluvchi ozuqalar
tarkibidagi yog’lar hisoblanadi. Bundan tashqari, yog’lar va lipoidlar
organizmga ko’plab uglevodlar iste’mol qilinganida aynan uglevodlardan va
kam miqdorda oqsillardan ham sintezlanadi. Organizmdagi yog’larning umumiy
miqdori tana og’irligining 10-20 % ni semizlik paytida esa undan ham ko’proq
qismini tashkil etadi. Yog’lar va lipoidlar so’rilganidan keyin, barcha organlar va
to’qimalargacha olib boriladi.
Turli hayvonlarning yog’lari hamda bitta hayvonning turli organlaridagi
yog’lar tarkibi jihatidan bir-biridan farq qiladi.
Yog’larning tarkibi oziqlanishga bog’liq. Uzoq muddat bir turdagi yog’
bilan oziqlanilgandan keyin odam tanasida yig’ilgan yog’ ham tarkibi va
xususiyatlari jihatidan aynan o’sha yog’ga ancha yaqin bo’ladi. Plastik material
shaklida foydalanilgan yog’lar va lipoidlar juda chidamli bo’ladi. Hayvonlarni
yog’li va uglevodli oziqalar bilan oziqlantirilganida yog’lar va lipoidlar zahira
yog’lar sifatida teriosti kletchatkasida, yog’ saqlovchi va ichki organlarni o’rab
turuvchi bo’sh biriktiruvchi to’qimalarda jamlanadi. Bu yog’lar yog’ depolarida
saqlanayotgan zahira, oziqlanish materiali bo’lib hisoblanadi va ular hayvon
sovuqda qolganida va ochlik paytida organizm tomonidan energiya manbai
shaklidagi bioquvvat materiali sifatida foydalaniladi.
Uzoq muddatli jismoniy mehnat qilinganida sarflanadigan energiyaning 80
% yog’larning yoki ularning parchalanish mahsulotlarining oksidlanishi
natijasida ajralib chiqadi. Yog’ depolaridagi zahira yog’lar to’qimalarda lipaza
ishtirokida gliserin va yog’ kislotalarigacha parchalanadi va keyinchalik
karbonat angidrid va suvgacha oksidlanadi, bu paytda katta miqdorda energiya
ajralib chiqadi. Nihoyat, yog’ depolaridagi yog’larning bir qismi qonga tushadi,
fermentlar ta’sirida gliserin va yog’ kislotalarigacha parchalanib qon bilan
jigarga yetkaziladi va u yerda glikogenga aylanadi. Demak, yog’lar bilan
uglevodlar almashinuvi orasida uzviy bog’liqlik mavjud. O’simlik va sigir
moylari, baliq yog’i organizm tomonidan 97-98 % ga o’zlashtiriladi, mol va
qo’y yog’lari 90 % ga o’zlashtiriladi. O’simlik dunyosi yog’larida to’yinmagan
yog’ kislotalari saqlanganligi sababli, ulardan jigarda lipidlar hosil bo’ladi.
Jismoniy ish bajarganda kunlik ratsion tarkibidagi yog’lardan 70-75 %
hayvonlar yog’i va 25-30 % o’simlik yog’lari bo’lishi zarur. Bir kecha-
kunduzlik ratsion tarkibidagi yog’lar umumiy ovqatning 17 % ni, energiya
bo’yicha 30 % ni tashkil qilishi kerak, ya’ni voyaga yetgan odamlar uchun yog’
o’rtacha 100 g.ni jismoniy ish bajarganda esa 115-165 g.ni tashkil qilishi kerak.
Me’yoridan ortiq yog’ iste’mol qilish ovqat hazmi jarayonlarini tormozlaydi
hamda ish qobiliyatini 2-3 martagacha pasaytiradi. Iste’mol qilinayotgan
ovqatlar tarkibida yog’ning miqdori katta bo’lganida, qon tarkibidagi yog’ning
miqdori 1 % gacha ko’tariladi va undan ham yuqori ko’tarilishi mumkin
(lipemiya) ovqatlar tarkibida yog’ning me’yoridan ortiq bo’lishi zararli, ayniqsa
yoshi o’tgan paytda juda xavfli chunki u hayotni qisqartiradi. Organizmga
ovqatlar tarkibida ikki xildagi lipoidlar; fosfatidlar va sterinlar tushadi.
Fosfatidlar – yuqori molekulali spirtlar va yog’ kislotalari bo’lib tarkibida fosfor
kislotasini va azotli birikmalarni saqlaydi. Bularga neyronlarda saqlanuvchi va
ulardan oqsillar jamlanishini ta’minlovchi xolin hosil bo’ladigan – xolin-fosfatid
yoki litsetin kiradi.
Xolin sirka kislotasi bilan birikib asetilxolinni, ya’ni asab tizimidagi
qo’zg’alishlarni o’tkazuvchi asosiy mediatorni hosil qiladi. Fosfatidlar, neytral
yog’lar, xolesterin va boshqa lipidlar hujayralarning membranalari va
organoidlarida mavjud bo’lib ularning tanlab o’tkazuvchanlik xususiyatini
ta’minlaydi. Organizmda ayniqsa yog’larning so’rilishi va sintezida ishtirok
etuvchi gliserofosfatidlar ko’p bo’ladi. Fosfotidlar odatda jigarda va ichaklar
devorlarida sintezlanadi, ularning yetishmasligi esa jigarni yog’ bosishini va
arteriosklerozni keltirib chiqaradi. Fosfatidlar rafinirlanmagan o’simlik
moylarida (kungaboqar) sariq yog’, tuxumlarda ko’p bo’ladi. Fosfatidlarning bir
kecha-kunduzlik normasi 10 g.ni tashkil etadi.
Sterinlar – spirtlardir, ular yog’ kislotalari bilan birikib murakkab efirlarni
hosil qiladi. Ularga bosh miyada va buyrak usti bezlarida juda katta miqdorda
saqlanuvchi xolesterin kiradi. Odamda uning vazniga nisbatan 0,2 % ga yaqin
xolesterin bo’ladi. Xolesterin organizmda yog’lar va uglevodlarni
oksidlanishidan hosil bo’ladi va uning asosiy sintezlanuvchi joyi jigardir (80 %
gacha). U asosan hayvonot dunyosi oziqalarida ko’p bo’lsa, o’simlik dunyosi
oziqalarida yo’q. Xolesterindan organizmda o’t kislotalari, jinsiy gormonlar va
buyrak usti bezining po’stloq qismining gormonlari hosil bo’ladi. Aralash ovqat
iste’mol qilinganida bir kecha-kunduzlik xolesterinning normasi 1,5 g.gacha
bo’ladi. Vitamin D. ham sterinlar qatoriga kiradi.
Almashtirib bo’lmaydigan yog’ kislotalari
Yog’larda stearin, palmitin va moy kislotalari kabi to’yingan –
almashtiriladigan yog’ kislotalaridan tashqari, oliyen, linolat, linolen, araxidin
kabi to’yinmagan almashtirib bo’lmaydigan yog’ kislotalari ham saqlanadi.
O’simliklar moyida (kungaboqar va konopilyada) linolat va linolen yetarlicha
saqlansa, araxidin juda kam; tovuq va g’oz yog’ida esa yetarlicha bo’ladi.
To’yinmagan yog’ kislotalari jigarda lipoidlarga aylanadi. Bular orasidagi
fiziologik qimmatli araxidin kislota organizmda linolat va linolen kislotalardan
hosil bo’ladi. To’yinmagan yog’ kislotalari karotinlar ta’sirini – vitamin A va B
hamda C ni faollashtiradi. Ovqatlar tarkibidagi to’yinmagan yog’ kislotalarining
bir kecha-kunduzlik kaloriyligi 1 % dan tushib ketsa, qon tomirlarining tonusi
pasayadi, ularning o’tkazuvchanligi ortadi, qonda xolesterin miqdori ko’payadi,
arterioskleroz rivojlanadi, yurakda tromblar ko’zga tashlanadi va miokard
infarkti yuz beradi, teri jarohatlanadi, jinsiy funksiyalar buziladi va urg’ochi
hayvonlarda bo’g’oz bo’lishi yo’qoladi.
Ozuqalar linolat va linolen kislotalari vitamin B6 bilan organizmga
tushganida, unda to’yinmagan yog’ kislotalarining hosil bo’lishi ortadi.
Jigarning yog’ bosishi. Ovqatlar tarkibidagi yog’ miqdori ko’p bo’lganida
va jigarda uning sintezlanishi ortganda, yog’ning oksidlanishi kamayganda va
jigardan yog’ni evakuasiyasi buzilganida jigarni yog’ bosadi.
Oziq-ovqatlar tarkibida uglevodlar va vitamin B1 ning miqdori
ko’payganida, oqsillar kamayganida ayniqsa
tireonin
aminokislotasi
kamayganida, ichki sekresiya bezlari faoliyati buzilganida, ayrim
zaharlanishlarda va organizmning to’lig’icha kasalliklari va ayniqsa jigarda
kuzatilganida jigarni yog’ bosadi.
Jigarni yog’ bosishini ogohlantiruvchi moddalar lipotron moddalar deb
ataladi va ularga vitaminlar va lipionin kiradi. Juda faol linotrop xususityaga
xolin ega, chunki uning ishtirokida jigardan yog’, depolariga yog’ kislotalarining
harakatlanishini ta’min etuvchi fosfatidlarning sintezlanishi yuz beradi.
Fosfotidlarning o’zi esa jigarda yog’ kislotalarining oksidlanishini faollashtiradi.
Oziq-ovqatlarda xolin yetishmaganida lesitin va boshqa fermentlarning jigarda
sintezlanishi buziladi, natijada unda yog’ kislotalarining va neytral yog’larning
miqdori ortadi.
Ma’lumki, jigarda yog’larning oksidlanishi fermentlar ishtirokida kechadi.
Yog’larning oksidlanish jarayonida keton tanachalari hosil bo’ladi,
tanachalarning miqdori esa bu jarayonning jadalligiga bog’liq bo’ladi. Bu
tanachalarga oksimoy, asetosirka kislotalari va aseton kiradi. Uglevodlar
almashinuvi buzilganida, masalan qandli diabetda siydik tarkibidagi aseton
miqdori keskin ortadi, ya’ni jigarda glikogenni yetarlicha bo’lmasligi unda yog’
kislotalarining va aminokislotalarning to’lig’icha oksidlanmasligiga olib keladi.
Siydik tarkibida aseton miqdorining jiddiy darajada ortishi asetonuriya deyiladi.