LUGʻAT USTIDA ISHLASH (Maktabda lugʻat ustida ishlashning asosiy yoʻnalishlari, Soʻz ma’nosini tushuntirish metodikasi, Ma’nodosh, zid ma’noli, koʻp ma’noli soʻzlar ustida ishlash)
Yuklangan vaqt
2024-05-17
Yuklab olishlar soni
4
Sahifalar soni
10
Faytl hajmi
26,4 KB
Ilmiybaza.uz
LUGʻAT USTIDA ISHLASH
Reja:
1. Maktabda lugʻat ustida ishlashning asosiy yoʻnalishlari.
2. Soʻz ma’nosini tushuntirish metodikasi.
3. Ma’nodosh, zid ma’noli, koʻp ma’noli soʻzlar ustida ishlash.
Ilmiybaza.uz
Tayanch so‘z va iboralar: lug‘at, lug‘at ustida ishlash, so‘z, so‘z ma’nosi,
ma’nodosh so‘zlar ustida ishlash, zid ma’noli so‘zlar ustida ishlash, ko‘p ma’noli
so‘zlar ustida ishlash, nutq texnikasi.
1. Maktabda lugʻat ustida ishlashning asosiy yoʻnalishlari
. Maktabda nutq o‘stirishning muhim vazifalaridan biri lug‘at ustida ishlashni
yaxshilash, tartibga solish, uning asosiy yo‘nalishlarini ajratish va asoslash,
o‘quvchilarning lug‘atini boyitish jarayonini boshqarish hisoblanadi.
. Maktabda lug‘at ustida ishlash metodikasi to‘rt asosiy yo‘nalishni ko‘zda
tutadi:
1. O‘quvchilar lug‘atini boyitish, ya`ni yangi so‘zlarni, shuningdek, bolalar
lug‘atida bo‘lgan ayrim so‘zlarning yangi ma`nolarini o‘zlashtirish. Ona tilining
lug‘at boyligini bilib olish uchun o‘quvchi o‘z lug‘atiga har kuni 8-10 ta yangi
so‘zni, shu jumladan, ona tili darslarida 4-6 so‘zni qo‘shishi, ya`ni shu so‘zlar
ma`nosini o‘zlashtirishi lozim.
2. O‘quvchilar lug‘atiga aniqlik kiritish. Bu o‘z ichiga quyidagilarni oladi: 1)
o‘quvchi puxta o‘zlashtirmagan so‘zlarning ma`nosini to‘liq o‘zlashtirish, ya`ni shu
so‘zlarni matnga kiritish, ma`nosi yaqin so‘zlarga qiyoslash, antonym tanlash
yo‘llari bilan ularning ma`nosiga aniqlik kiritish; 2) so‘zning kinoyali ma`nosini,
ko‘p ma`noli so‘zlarni o‘zlashtirish; 3) so‘zlarning sinonimlarini, sinonim
so‘zlarning ma`no qirralirini o‘zlashtirish; 4) ayrim frazeologik birliklarning
ma`nosini o‘zlashtirish.
3. Lug‘atni faollashtirish, ya`ni o‘quvchilar ma`nosini tushunadigan, ammo
o‘z nutq faoliyatida ishlatmaydigan nofaol lug‘atidagi so‘zlarni faol lug‘atiga
o‘tkazish. Buning uchun shu so‘zlar ishtirokida so‘z birikmasi va gaplar tuziladi,
ular o‘qiganlarini qayta hikoyalash, suhbat, bayon va inshoda ishlatiladi.
4. Adabiy tilda ishlatilmaydigan so‘zlarni o‘quvchilar faol lug‘atidan nofaol
lug‘atiga o‘tkazish. Bunday so‘zlarga bolalarning nutq muhiti ta`sirida o‘zlashib
qolgan adabiy til me`yorlariga kirmaydigan, ayrim adabiy asar va so‘zlashuv tilida
Ilmiybaza.uz
qo‘llanadigan soda so‘z va iboralar, sheva va ijtimoiy guurhga oid so‘zlar kiradi.
Adabiy til me`yorlari degan tushunchani o‘zlashtirgach, o‘quvchilar yuqorida
izohlangan so‘zlar o‘rniga adabiy tildagi so‘zlardan foydalana boshlaydilar. Adabiy
tilga oid malakalari mustahkamlangan sayin shevaga, jarayonga oid so‘zlar,
so‘zlashuv tilida ishlatiladigan soda so‘z va iboralar o‘quvchilarning faol lug‘atidan
chiqib keta boshlaydi.
O‘quvchilar lug‘ati quyidagi manbalar asosida boyitiladi va takomillashtiriladi:
Atrof-muhitni: tabiatni, kishilarning hayoti va mehnat faoliyati, bolalarning
o‘yini va o‘qish faoliyatini, kattalar bilan munosabatni kuzatish. Tabiat qo‘yniga,
turli joylarga, muassasalarga ekskursiya vaqtida bolalar narsan va hodisalarni
kuzatish bialn ko‘pgina yangi nom va iborlarni o‘rganadilar. Bu ekskursiyalar
yuzasidan o‘tkazilgan suhbat vaqtida ularning bilimi chuqurlashtiriladi, ayrim
so‘zalr ma`nosiga aniqlik kiritiladi.
O‘quvchilar lug‘atini va nutqini boyitishda eng ishonarli manba badiiy asarlar
hisoblanadi. O‘qishi darsalrida o‘quvchilar Oybek, H.Olimjon, M.Shayxzoda,
G‘.Gulom, H.Hakimzoda, Zulfiya, Z.Diyor, T.Adashboyev, A.Obidjon kabi so‘z
ustalarining asarlarini o‘qiydilar. O‘zbek tilini yuksak badiiy obrazlar yordamida
o‘zlashtiradilar. O‘qish darslarida bolalar lug‘ati ma`lum mavzularga oid so‘zlar
hisobiga ham boyiydi. Ular lug‘atiga axloqiy tushunchalarni ifodalovchi yoqimtoy,
shirinso‘z, mehribon, haqqoniy, botir, mard, jasur, mehnatsebar kabi ko‘pgina
so‘zlar qo‘shiladi. Matn ustida ishlash jarayonida ko‘p ma`noli so‘zlar, sinonimlar,
ko‘chma ma`noli so‘zlarni, ba`zi frazeologik birikmalarni bilib oladilar.
Bolalar mustaqil o‘qishga o‘rganganlaridan keyin ular lug‘atiga kitob, gazeta,
jurnal materiallari katta ta`sir qiladi. Shuning uchun ham sinfdan tashqari mustaqil
o‘qish va unga rahbarlik qilish o‘quvchilar lug‘atini boyitishning, nutqini
o‘stirishning eng muhim manbalaridan hisoblanadi.
Maxsus mashqlar yordamida grammatika va imloni o‘rganish darslari
ko‘pgina so‘z va atamalarni o‘zlashtirishga yordam beradi, o‘quvchilar predmeti,
belgi, harakat, sanoq, tartib ifodalaydigan – so‘z turkumlarini o‘rganish jarayonida
guruhlanadi, so‘z tarkibi, so‘z yasalishi, so‘zlarning o‘zgarishini o‘rganish bilan esa
Ilmiybaza.uz
lug‘atga aniqlik kiritiladi; ular o‘rgangan so‘zlaridan o‘z nutqlarida foydalana
boshlaydilar, natijada lug‘atlari faolashadi. O‘quvchilar lug‘ati maxsus lug‘aviy-
mantiqiy mashqlar yordamida ham boyiydi, tartibga tushadi.
Bulardan tashqari, kinofilam va tele ko‘rsatuv matnlari, o‘qituvchi va boshqa
maktab hamda maktabdan tashqari muassasalar xodimlarining nutqlari ham
o‘quvchilar lug‘atini boyitish va takomillashtirish manbalari hisoblanadi.
Lug‘atni boyitishda turli lug‘atlar juda foydali qollanmadir. Boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari uchun “Imlo lug‘ati” mavjud. O‘qituvchi ma`lumot uchun ham,
metarial tanlash uchun ham turli lug‘atlardan muvaffaqqiyatli foydalanadi.
Lug‘at istida ishlash uchun maxsus dars ajratilmaydi. U barcha predmetlarni
o‘rganishda, asosan, ona tili darsalrida darslik materiallariin o‘rgatish bilan bog‘liq
holda olib boriladi. Ona tili darslarida lug‘at ustida ishlash o‘quvchilar nutqini
o‘stirishga, savodxonligini shakllantirishga, so‘z boyligini boyitishga, nutq
madaniyatini yuksaltirishga qaratilganligi sababli bu ish maktablarda 1-sinfdan
boshlanadi va butun o‘quv jarayonida davom etadi.
2. Soʻz ma`nosini tushuntirish metodikasi
So‘zlarning ma`nosini tushuntirish o‘quvchilar lug‘atini boyitadi, nutqini
o‘stiradi. Boshlang‘ich sinflarda
o‘qitiladigan fanlarning atamalari ham
tushuntirilishi lozim bo‘lgan so‘zlar qatoriga kiritiladi. Atamalarning ma`nosini
tushuntirish mazkur so‘z anglatgan tushunchani yaxshi fahmlab olishga yordam
beradi. Masalan, predmet atamasining ma`nosinn tushuntirish bilan o‘quvchilar
predmet keng ma`noda qo‘llanishini, tabiatdagi barcha narsa, hodisa, tushunchalar
predmet deyilishini bilib oladilar. Bu ot, sifat, son, fe`l kabi atamalarni tez fahmlab
olishda ularga yordam beradi.
So‘zning ma`nosini tushuntirish juda kam vaqt olishi va darsning asosiy
mavzusidan o‘quvchilar diqqatini chalg‘itmasligi kerak. Buning uchun o‘qituvchi
har bir darsga tayyorlanish jarayonida ma`nosi tushuntirilishi lozim bo‘lgan
so‘zlarni, uni tushuntirishning eng qulay usullarini va darsning qaysi o‘rnida
tushuntirishni belgilab oladi.
Ilmiybaza.uz
O‘qish kitoblaridagi matnlarda birinchi marta uchragan, bolalar ma`nosini
bilmaydigan ayrim so‘zlar matnni o‘qishdan oldin tushuntiriladi. Matnni o‘qish
jarayonida so‘z ma`nosini tushuntirishga chek qo‘yish kerak. Agar biror so‘zni
matnni o‘qish vaqtida tushuntirish zaruriyati tug‘ilsa, matn mazmunidan o‘quvchilar
diqqatini chalg‘itmagan holda shu so‘z ma`nosi qisqacha tushuntiriladi. Ko‘chma
ma`noda ishlatilgan obrazli so‘zlar va badiiy nutq oborotlari matn o‘qilgandan keyin
tushuntiriladi, chunki ularning ma`nosi matn mazmunidan, kontekstdan yaxshi
tushuniladi. Ayniqsa, masallar o‘qilganda, undagi allegorik, ko‘chma ma`noda
ishlatilgan so‘zlarni asarni o‘qishdan oldin yoki o‘qish jarayonida tushuntirib
bo‘lmaydi.
Metodikada so‘zlarni tushuntirishning quyidagi usullaridan foydalaniladi:
1. So‘zni kontekst asosida tushuntirish. Bunda o‘quvchilar tushunmaydigan so‘z
ularga tushunarli so‘zlar qo‘llangan gap (yoki matn) yordamida tushuntiriladi.
2. So‘z ma`nosini lug‘atdan va o‘qish kitoblarida matn ostida berilgan
izohdanfoydalanib tushuntirish. Bunda o‘quvchilarni izohdan mustaqil foydalanib,
so‘z ma`nosini mustaqil tushunib olishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega.
3. So‘z ma`nosini shu so‘zning ma`nodoshi yordamida tushuntirish.Masalan, sabo -
shabada, mudofaa - himoya, sozanda - musiqachi, diyor - vatan, inshoot - bino, samo
- osmon kabi. So‘zni sinonim tanlash bilan tushuntirganda, shu so‘zning stilistik
(uslubiy) ahamiyatini ham ko‘rsatish zarur.
4. Tanish bo‘lmagan so‘z bilan ifodalangan tushunchani tanishbo‘lgan so‘z bilan
ifodalangan tushunchaga (uning antonimiga)taqqoslash orqali tushuntirish.
Masalan, ishchan tushunchasini dangasa tushunchasiga, rostgo‘y so‘zini yolg‘onchi
so‘ziga taqqoslab tushuntirish mumkin.
Ko‘chma ma`noda ishlatilgan so‘z va so‘z birikmalari, tasviriy vositalar, maqollar
ham taqqoslash usulidan foydalanib tushuntiriladi.
5. So‘zni o‘ziga yaqin tushuncha bilan, ya`ni boshqacha ifoda etishbilan
tushuntirish. Bunda tushuntiriladigan so‘zning izohi qisqa va aniq bo‘lishi kerak.
Masalan, o‘zboshimchalik − o‘z xohishicha ish tutish, ishni o‘zi xohlaganicha
bajarish; mutaxassis – biror hunar egasi; shunqor − uzoq uchadigan ko‘zi o‘tkir
Ilmiybaza.uz
qush; mesh – mol terisidan tikilgan idish; guldon − gul solib qo‘yiladigan idish va
boshq.
Ba`zi so‘zlar ularning vazifasini izohlash orqali tushuntiriladi. Masalan, kombayn −
bir vaqtning o‘zida donni o‘radigan, yanchadigan, tozalaydigan qishloq xo‘jalik
mashinasi; ekskavator - bir vaqtning o‘zida yerni qazib tuproqni yuk mashinasiga
ortadigan mashina; aerodrom - samolyotlar turadigan, uchib ketadigan yoki kelib
qo‘nadigan joy va hok.
6. So‘zni predmetning asosiy belgisini izohlash orqali tushuntirish. Masalan,
yantoq−suvsiz joyda o‘sadigan ninasimon tikanli o‘simlik; akula−okeanlarda
yashaydigan juda katta yirtqich baliq va boshq.
7. Axloqiy, mavhum tushunchalarni ifoda etuvchi so‘zlarning ma`nosini misollar
yordamida tushuntirish.Buning uchun o‘quvchilar o‘rgangan badiiy asardan axloqiy
fazilatga ega bo‘lgan asar qahramonining qilgan ishlari tahlil qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, so‘z ma`nosini tushuntirish ustida ishlash o‘quvchilar
lug‘atini boyitadi, nutqini ravonlashtiradi.
3. Ma`nodosh, zid ma`noli, koʻp ma`noli soʻzlar ustida ishlash
Ma`nodosh soʻzlar (sinonimlar) talaffuzi, yozilishi har xil boʻlgan bir umumiy
tushuncha(ma`no) ifodalaydigan soʻzlardir. Sinonimlar bir-biridan qoʻshimcha
ma`no qirrasi, emotsional boʻyogʻi, qoʻllanilishi jihatidan oʻzaro farqlanadi. Katta,
ulugʻ, buyuk, zoʻr, azim, ulkan, bahaybat, haybatli, yirik, gigant sinonimik qatorini
tashkil qilgan soʻzlardan katta soʻzi keng tushunchani anglatib, aniq tushunchaga
nisbatan ham, mavhum tushunchaga nisbatan ham ishlatilaveradi. Ulugʻ, buyuk,
zoʻr, azim, ulkan soʻzlari hajmi ancha katta boʻlgan narsalarga, bahaybat, haybatli
soʻzlari esa oʻlchovi juda katta boʻlgan narsalarga nisbatan ishlatiladi. Yirik kam
ishlatiladi. Gigant kitobiy uslubga xos boʻlib, asosan joy, qurilishga nisbatan
qoʻllanadi.
Sinonimlar tilni leksik tomondan boyitadi, shuning uchun bunday soʻzlar bilan
ishlash juda muhim. Kishi lugʻatida sinonimlar qancha koʻp boʻlsa, uning til
ifodaliligi shuncha ortadi.
Ilmiybaza.uz
Oʻzbek tili - sinonimlarga boy til. “Oʻzbek tili sinonimlarining izohli lugʻati”da
katta soʻzining 11 ta, marta soʻzining 13 ta sinonimi berilgan.
Boshlangʻich sinflarda sinonim haqida nazariy ma`lumot berilmaydi, ammo
sinonimlar haqidagi tushuncha amaliy mashq yordamida shakllantiriladi. Sinonimlar
bilan ishlash elementar tarzda 1-sinfdan boshlanadi: oʻquvchilar berilgan soʻzning
ma`nodoshini topishga, boshqacha qilib qanday aytish mumkinligini tushuntirishga,
2-3-sinflarda esa berilgan soʻzning 2-3 ma`nodoshini topib aytishga oʻrgatiladi.
Boshlangʻich sinflarda ma`nodosh soʻzlarga oid quyidagicha mashqlar
ishlatiladi:
1. Berilgan ma`nodosh soʻzlarni guruhlash. Bunda bir soʻz turkumiga oid
ikki sinonimik qatordagi soʻzlar ichiga bir-ikkita boshqa soʻz kiritib beriladi.
Oʻquvchilar sinonimlarni ikki guruhga ajratib aytadilar. Buning uchun soʻzlar
quyidagi kabi berilishi mumkin: vatan, maqsad, diyor, niyat, mamlakat, murod, yurt.
2. Berilgan soʻzga ma`nodosh tanlash. Oʻqituvchi otni oʻtganda osmon,
sifatni oʻtganda mazali, fe`lni oʻtganda koʻnikmoq soʻzlarini aytadi. Oʻquvchilar bu
soʻzlarga ma`nodosh soʻzlarni tanlaydilar: osmon - koʻk, samo, falak; mazali -
lazzatli, laziz, totli; koʻnikmoq - oʻrganmoq, odatlanmoq, odat qilmoq.
3. Tushirib qoldirilgan ma`nodosh soʻzlarni oʻz oʻrniga qoʻyib, matnni
koʻchirish. Bunda yozilishi kerak boʻlgan ma`nodosh soʻzlar roʻyxati tekshirish
uchun beriladi. Oʻquvchilar ma`nodosh soʻzlarni oʻrniga qoʻyib, ularning
qoʻllanilishidagi farqni tushuntiradilar.
4. Ma`nodosh soʻzlardan mosini qoʻyib gaplarni koʻchirish. Buning uchun
sinonim soʻzlar qatori qavs ichida beriladi, oʻquvchi gapning mazmuniga mosini
tanlab gapni koʻchiradi: Daryo suvini (bahor, koʻklam) toshirar, odam qadrini
(mehnat, ish) oshirar. Oltin (oʻt, olov, alanga)da, odam (ish, mehnat)da bilinadi.
Birlashgan (yov, dushman)ni qaytarar.
5. Sinonim soʻzlar qatoridan foydalanib didaktik material tuzish va u bilan
mashq ishlash. Buning uchun toʻrtta sinonimik qatordagi soʻzlar tanlanadi va 16
katakka aralash joylashtiriladi. Oʻqituvchi shu katakchalardagi bir soʻzni aytadi.
Masalan, chiroyli. Oʻquvchilar shu soʻzga yaqin ma`noli soʻz (sinonim)ni
Ilmiybaza.uz
katakchalardan topib aytadilar: goʻzal, dilbar, sohibjamol, husndor. Ma`nodosh
soʻzlar qatori bilan soʻz birikmasi tuzadilar: chiroyli shahar, goʻzal manzara,
sohibjamol malika va h.k.
Qarama-qarshi, zid ma`no bildiradigan soʻzlar zid ma`noli soʻzlar (antonimlar)
deyiladi. Antonimlar belgi bildiradigan soʻzlarda koʻp uchraydi. Antonimik
munosabat soʻz bilan frazeologik birlik (ibora) orasida ham boʻladi (yalqov -
yuragida oʻti bor kabi).
Boshlangʻich sinf oʻquvchilari antonimlar bilan amaliy tanishtiriladi.
Antonimlar ustida ishlash matndan antonimni topishdan boshlanadi, keyin maxsus
mashqlar ishlatiladi:
1. Berilgan soʻzlarga zid ma`noli soʻzlarni tanlash. Otni oʻtganda: azob - ...
, doʻstlik - ..., oq - ..., yoshlik - . .., sifatni oʻtganda: dangasa - ... , anqov - ... , rostgoʻy
- ... , dono - ... , kasal - ... , fe`lni oʻtganda: kasallandi - ... , yondi - ... , boshladi - ...
kabi beriladi. Oʻquvchilar berilgan otga rohat, dushmanlik, qora, qarilik; sifatga
mehnatkash, hushyor, yolgʻonchi, nodon, sogʻ; fe`lga sogʻaydi, oʻchdi, tugatdi
antonimlarini tanlab, jufti bilan yozadilar.
2. Zid ma`noli soʻzlarni qatnashtirib gap tuzish. Bunda oʻqituvchi zid
ma`nolisini tanlab gap tuzish uchun soʻz beradi, oʻquvchilar berilgan soʻzga qarama-
qarshi ma`noli soʻzni tanlaydilar va ularni qatnashtirib gaplar tuzadilar.
3. Berilgan gapga qarama-qarshi ma`noli soʻzni topib qoʻyish. Oʻqituvchi
“Toʻgʻri odam ... soʻzdan or qilur. Yosh kelsa ishga, ... kelsa oshga. Yaxshi gap -
moy, ... gap - loy. Gapni oz soʻzla, ishni ... koʻzla” kabi gaplar beradi, oʻquvchilar
gap mazmuniga mos antonim topib, gapni oʻqiydilar (yoki yozadilar).
Oʻquvchilar lugʻatinn ma`nodosh va zid ma`noli soʻzlar bilan boyitish oʻz
fikrini aniq, ravon va ifodali bayon etishga yordam beradi.
Savol va topshiriqlar
1. Maktabda lugʻat ustida ishlashning asosiy yoʻnalishlarini ayting.
2. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga so‘z ma’nolari qanday tushuntiriladi?
3. Ona tili va o‘qish savodxonligi darsliklari va mashq daftarlaridagi
ma’nodosh, zid ma’noli, ko‘p ma’noli so‘zlarga oid topshiriqlarni tahlil qiling.
Ilmiybaza.uz
Asosiy adabiyotlar:
1. Qosimova K., Matchonov S., Gʻulomova X., Yoʻldosheva Sh., Sariyev Sh.
Ona tili oʻqitish metodikasi. -T.: “Noshir”, 2009. -163 b.
2. Gʻulomova X., Yoʻldosheva Sh., Mamatova G., Boqiyeva H., Masharipova
U., Sattorova X. Husnixat va uni oʻqitish metodikasi. –T.: TDPU, 2013. -70 b.
Qoʻshimcha adabiyotlar:
1. Mirziyoyev Sh. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini
birgalikda barpo etamiz. -Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2016. -56 b.
2. Ona tilidan Milliy oʻquv dasturi. –T.: “Respublika ta`lim markazi”, 2021.
3. Adizova N.B., Jumayev R.X., Qoʻldoshev R.A., Ismatov S.R. Ona tili
oʻqitish metodikasi. -Buxoro: “Durdona”, 2021. - 292 b.
4. Adizova N.B., Adizova N.B. Ona tili oʻqitish metodikasi. -Buxoro:
“Durdona”, 2021. -120 b.
5. Jumayev R.X. Ona tili oʻqitish metodikasi. -Buxoro: “Durdona”, 2021. - 120
b.
6. Azimova I.A. va boshq.. Ona tili va oʻqish savodxonligi (2-sinf oʻqituvchilari
uchun metodik qoʻllanma). – T.: “Respublika ta`lim markazi”, 2021. – 128 b.
7. Azimova I.A. va boshq. Ona tili va oʻqish savodxonligi 1-sinf oʻqituvchilari
uchun metodik qoʻllanma. –T.: “Respublika ta`lim markazi”, 2021. - 128 b.
8. Azimova I.A. va boshq. Ona tili va oʻqish savodxonligi 1-2-qism: 1-sinf
uchun darslik. – T.: “Respublika ta`lim markazi”, 2021. – 104 b.
9. Ikromova R. va boshq. Ona tili (4-sinf uchun darslik). –T.: “Oʻqituvchi”,
2020. -160 b.
10. Mavlonova K. va boshq. Ona tili va oʻqish savodxonligi. 1-2-qism: 3-sinfi
uchun darslik. – Toshkent: “Respublika ta`lim markazi”, 2022. – 144 b.
11. Mavlonova K. va boshq. Ona tili va oʻqish savodxonligi. 1-2-qism: 2-sinf
uchun darslik. – T.: “Respublika ta`lim markazi”, 2021. – 120 b.
Ilmiybaza.uz
12. Ҳамроев А.Р., Пўлотова Ю.А. Она тили ўқитиш методикаси. (Ўқув
қўлланма.) – Тошкент . 2021. “Durdona”. –B. 350.