L.V.Betxoven (1770-1827)
Ko’riladigan masalalar
1. Betxoven ijodining jahon musiqa madaniyati tarixidagi ahamiyatini.
2. Betxovenning Bonn davri;Vena davri kechgan ijodiy yo’li.
3. Betxovenning etuk ijod davri .
4. Betxoven ijodining so’nggi davri .
5. Betxovenning fortepiano va simfonik ijodi
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar : Epigraf, kantsler, koalitsiya,
ertsgertseg,
reaktsion,tenor, nazariya, klavesin, tafakkur, qahramonlik, simfoniya, opera
professional, sonata, oratoriya, divertisment, vokal, rechitativ, element,
funktsiya, serenada, graf, kontsert, fortepiano uslubiyoti, shakl.
1-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Jahon musiqa madaniyati
tarixida Betxoven ijodining ahamiyati xaqida so’zlab tushuntirib berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. Jahon musiqa madaniyati tarixida Betxoven ijodining ahamiyati xaqida
bayon qiladi.
1-asosiy masalaning bayoni:
1. Betxoven ijodining jahon musiqa madaniyati tarixidagi ahamiyati. Evropa
madaniyati tarixida 1789-yildagi frantsuz burjua inqilob yangi davr boshlanganini
bildirar edi. U millionlab insonlarga qaratilgan yangi davr musiqa madaniyatini
boshlab bergan marra vazifasini o’tadi. M.A. Balakirevga yozgan xatida V.V. Stasov
shunday degan: «Motsart alohida shaxslar uchungina javob bergan edi... Betxoven esa
faqat tarix va butun insoniyat xaqida o’ylaydi». «U — xalq ommasining Shekspiridir».
«Musiqa insonlarning qalbidan olov olishi kerak», degan edi bastakorning o’zi.
Bu Prometeycha shior Betxovenning san’at oldiga qo’ygan vazifalarining naqadar
ulug’vor ekanligini tasavvur qilishga imkon beradi.
Kompozitor ijodining asosiy mavzusi tarix xaqidagi, xalqlar taqdiri xaqidagi
o’ylar bo’lib, ular eng muhim muammolar, kurash va zafar pafosi bilan yo’g’rilgan.
Uning qaxramoni, jasur bo’lishi bilan birga, nafaqat qaxramonlik ko’rsata oladigan
kurashchi, balki nozik, boy tafakkurga ega mutafakkir hamdir. Betxoven musiqasida
xayot o’zining turfa xilligi bilan namoyon bo’ladi. Bular jo’shqin hissiyotlar va tarki
dunyo darajasida orzularga cho’mish, dramatik ta’sirchanlik va lirik iqrorlik, tabiat
manzaralari va kundalik hayot sahnalaridir. Betxoven xaqida, odatda, bir tomondan
musiqadagi klassik davrni yakunlovchi, boshqa tomondan esa «romantika asriga»
tomon yo’l ochib bergan kompozitor sifatida so’zlanadi.
Nazorat topshiriqlari:
1.1.1. Betxoven ijodining jahon musiqa madaniyati tarixidagi ahamiyatiga izoh
bering.
1.1.2. Betxoven xaqida V.V. Stasov qanday fikrlar bildirgan?
1.2.3. Kompozitor ijodining asosiy mavzusi xaqida bayon qiling?
2-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Betxovenning Bonn va Vena
davrida kechgan ijodiy yo’lini tushuntiradi.
Identiv o’quv maqsadlari:
2.1. Betxovenning Bonn davrida kechgan ijodiy yo’lini tushuntirib beradi.
2.2. Betxovenning Vena davrida kechgan ijodiy yo’li xaqida ma’lumot beradi.
2-asosiy masalaning bayoni:
Bonn davri. Buyuk nemis kompozitori Lyudvig van Betxoven Bonn shaxrida
1770-yil dekabr oyida dunyoga keldi. Betxovenning onasi saroy oshpazining qizi
bo’lgan. Otasi Iogann van Betxoven — saroy xonandasi (tenori) bo’lib, ashula,
musiqa nazariyasi va klavesindan dars berardi.
Bonn XVIII asrning ikkinchi yarmida Pireneydagi unchalik katta bo’lmagan
shaxarcha bo’lib, Kyoln knyazining qarorgoxi edi. Germaniyadagi har qanday
knyazlik singari bu knyazlikda xam din ustuvor edi. Biroq odamlarning, ayniqsa, ko’p
sonli saroy va shahar zodagonlari baxtiga cherkov har xil ko’ngilochar tadbirlar
xamda shodiyonalarga to’sqinlik qilavermasdi.
Lyudvig xarakter qirralarini bobosi Lui Betxovendan meros qilib olgan. Mag’rurlik,
mustaqil xulq-atvor, matonat va mexnatsevarlik bobosiga qanchalik xos bo’lsa,
mashxur nabiraga xam shunchalik munosib edi. Lui Betxovengacha barcha oila
a’zolari oddiy kosiblar va dexqonlar bo’lishgan.
To’rt yoshga kirganidayoq, boladagi qobiliyatni sezmaslik mumkin emas edi. Otasi
bu xodisaga birdaniga yangi daromad manbayi sifatida qaraydi. Lyudvigning o’sishi,
qobiliyatli o’qituvchi bilan mashqlar qilishi zarur edi, otada eea majbur qilish va
kaltaklashdangina iborat yagona usul mavjud bo’lgan, xolos. Bir o’qituvchining
o’rniga boshqasi kelar, afsuski, ularning orasida xaqiqiy musiqachilar juda oz uchrar,
shu bois, ulardan birortasi xam o’ta iste’dodi bolaga jiddiy ta’sir ko’rsata olmas edi.
Ioganning maqsadi esa Lyudvigni tezroq kontsertlarga tayyorlash bo’lgan. Zero,
kontsertlar qancha tez boshlansa, Ioganning cho’ntaklariga pullar shu qadar tez oqib
kelar edi. Birinchi kontsert Kyolnda bo’lib o’tdi. Unda sakkiz yoshli bola reklama
maqsadida olti yoshli deb e’lon qilinadi. Biroq chiqishlar kutilgan daromadni bermadi,
balki shuning uchundir uning bolaligidagi kontsertlari xaqida boshqa hech qanday
ma’lumot mavjud emas.
1782-yilda Betxoven 12 ga kiradi. Bu yoshda u klavesin, skripka, organni
bemalol chalar, nota varaqlarini osonlik bilan o’qirdi. Xuddi shu yili yosh
Betxovenning bundan keyingi hayoti va faoliyatini belgilab bergan muxim voqealar
ro’y beradi.
Xristian Gotloba Nefe Bonndagi saroy kapellasining yangi direktori etib
tayinlanadi. U Lyudvigning tom ma’nodagi maslaxatgo’yi va ustozi sifatida
Betxovendagi musiqiy ta’limni tartibga soldi. Nefe o’z shogirdining qalbida I.S. Bax,
Gendel, Gaydn va Motsartlar musiqasiga muxabbat uyg’otdi. F.E. Baxning klavir
musiqasi asosida Betxoven zamonaviy fortepiano uslubining nozik sirlarini o’rganadi.
Nefening yordami bilan shu yili Betxovenning birinchi asarlari nashr etiladi. Ular
Dressler marshlari mavzusidagi variatsiyalar va uchta fortepiano sonatasi edi. Kapella
direktorining gazetadagi bir xabari xam shu voqeaga bag’ishlangan edi. Unda,
jumladan, shunday yozilgan: «Bu yosh daxo o’z artistlik sayoxati uchun qo’llab-
quvvatlashga munosibdir. Agar u bundan keyin xam xozir boshlaganidek ruxda
davom etsa, undan ikkinchi Volfgang Amadey Motsart chiqadi». Yosh bastakorga
katta umid bildirilgan, endi uni oqlashgina qolgan edi, xolos.
Nefe faqat musiqiy qobiliyatlarni rivojlantirish bilan cheklanib qolish mumkin
emasligini juda yaxshi bilardi. Betxoven, umumiy ma’lumotni olmasdan turib
qadimgi tillarni, adabiyotni, falsafani qoniqish bilan o’rgana boshladi. Uning g’arazli
o’y-xayollar bilan band bo’lgan otasini o’g’lining umumiy ma’lumotsiz
qolayotganligi mutlaqo qiziqtirmas edi. Shiller va Gyote Betxovenning jonu dili edi,
u Shekspir ijodining muxlisi edi.
Lyudvig 13 yoshidan boshlab, ishlashga majbur bo’lgan. Amalda oilani boqish
uning zimmasiga tushgan edi. U kapellada organchining yordamchisi vazifasida,
teatrda ishlaydi, bu erda qo’shiqchilar bilan partiyalarni yodlaydi, repetitsiyalarda
ularga qo’shilib turadi. Bunday mashaqqatli va ko’p qirrali ishlar jarayonida Betxoven
shaxarning musiqiy dunyosida sezilarli san’atkorga aylana boradi. Yosh musiqachi
buyuk san’atkorlarning e’tiborini tortish va, ayniqsa, Motsartning mashg’ulotlarida
ishtirok etishni orzu qilardi.
Barcha qiyinchiliklarni engib, 17 yoshida Lyudvig Venaga keladi. Uning
maqsadi Motsart bilan uchrashish edi. Maestro o’zining «Don Juan» operasi ustidagi
ishlariga butkul ko’milganligidan yosh musiqachining chiqishlarini parishonxollik
bilan eshitadi va u xaqda oddiygina maqtovini aytadi, xolos.
«Menga badiha uchun mavzu bering» — o’sha paytda pianinochilar orasida
berilgan mavzu asosida badixago’ylik keng urf bo’lgan edi. Motsart polifonik bayonli
ikki misrani topshiriq qilib beradi. Lyudvigning baxtiga u o’zini yo’qotmaydi, bugina
emas, mashxur bastakorni yanada ilhomlantirib, topshiriqni a’lo darajada bajaradi.
«Unga e’tibor bering, u xammani o’zi xaqida gapirishga majbur qilyapti», degan ekan
Motsart yosh Betxoven xaqida. Buni o’sha paytdagi suxbat ishtirokchilaridan biri o’z
xotiralarida yozib qoldirgan. Bunday fikrni barcha zamonlarning eng buyuk
sozandalaridan biri aytgan ekan, demak, bu buyuk kelajakdan bashoratdir. Biroq,
xuddi shu davrda Lyudvig xayotida yana bir keskin burilish yuz beradi. Onasi qattiq
kasal bo’lib qolganligi uchun u ona shaxri — Bonnga qaytishga majbur bo’ladi.
«Bemor onam bilan yana bir marta ko’rishish ishtiyoqi shu darajada kuchli ediki, bu
barcha to’sqinliklarni bartaraf qilishim va katta qiyinchiliklarni engishimga imkon
beradi, — deb yozgan edi Betxoven. — U men uchun aziz, meni sevadigan ona,
mening eng qadrdon do’stim edi». 1787-yilda onasi vafot etgach, oilaning barcha
tashvishlari Lyudvigning zimmasida qoladi, zero, bu paytda otasi mutlaqo ishsiz
qolgan edi, ko’p o’tmay u xam vafot etadi.
Yosh Betxoven qo’shimcha ish topishga, darslar miqdorini ko’paytirishga
majbur bo’lar, ularning ustiga xo’jalikning baland-pastiga qarashga, oilaning kundalik
xolidan xabardor bo’lishga, ular bilan muntazam shug’ullanishga to’g’ri kelardi.
Bunday og’ir yuk Lyudvigning sog’lig’iga ta’sir ko’rsatadi, u chechak bilan og’riydi.
Kasallik uning yuzida o’z izlarini qoldiradi. Bu uning hayotidagi eng og’ir damlarning
bir umrlik xotirasi bo’lib qoladi. Bonndagi hayot uning joniga tegadi, chunki yosh
bastakor o’z niyatlarini bu erda to’laqonli amalga oshira olmasdi, shahar unga torlik
qilib qoladi. Bu erdagi yagona tasalli Elena fon Breyninglar xonadoniga borib turish
edi. Xammadan ko’ra, u bu erda oilaviy xotirjamlikka etishar edi, bunga u bolalik
davridan buyon mux-toj edi. Mana shu oqil odamlar oilasi unga juda yaqin
hisoblanardi. Deyarli butun umri davomida u oilaning katta o’g’li Stefan bilan
do’stlashdi, qizi Lorxen esa uning o’smirlikdagi ilk romantik muxabbati bo’ldi.
Breyninglar oilasi Betxovenni, uning musiqiy qiziqishlarini muntazam tarzda qo’llab-
quvvatlab turishdi, aynan shu oila a’zolari bo’lajak buyuk kompozitor shaxsiyatining
to’laqonli rivoji uchun kuchli ta’sir ko’rsatdi. Ko’p jixatdan ular tufayli Lyudvig
1789-yilda Bonn universitetining falsafa fakultetiga erkin tinglovchi sifatida qabul
qilindi. Ammo bu erda bo’lishi uzoqqa cho’zilmadi.
Musiqachi sifatida Betxoven allaqachon mohir san’atkor bo’lib etishgan bo’lib,
u Evropaning eng yirik pianinochilari bilan bir qatorda edi. Biroq kompozitor sifatida
unga o’z iste’dodini takomillashtirish, Bonnda ololmagan narsalari: yangi g’oyalar,
tuyg’ular, taassurotlar zarur edi. Yosh musiqachi o’zining baxt yulduzlari porlagan
onlariga etib keldi. Bu mutlaqo tasodifiy tarzda ro’y berdi. 1792-yilda Londondan
Venaga qaytayotganida u Bonnda qisqa muddatga Yozef Gaydnnikida to’xtaydi.
Musiqiy kapellachilar tomonidan shu munosabat bilan uyushtirilgan tantanalardan
birida Betxovenni mashhur kompozitorga tanishtirishadi. Yosh yigitchaning asarlari
Gaydnda katta taassurot qoldiradi. 11 Betxovenga har tomonlama yordam berishga
va’da berib, Venaga borishni tavsiya etadi. Evropaning musiqiy poytaxtidagi nufuzli
kishilarga yozilgan tavsiya xatlarini olgan Betxoven ona shahrini tark etadi, aslida bu
umrbod tashlab ketish edi.
Kompozitorning 22 yoshida «Bonn davri» deyilgan bosqich mana shu tarzda
yakunlanadi. 1792-yildayoq u 50 ta asarning muallifi edi. Agar uni xuddi shu yoshida
yuzlab asarlar yaratgan buyuk Motsart bilan solishtiradigan bo’lsak, uning kompozitor
sifatidagi rivoji unchalik katta bo’lmaganligini tasavvur tish mumkin. Ammo bu
ko’proq ulkan bo’ronlar oldidagi sukunatga o’xshardi. Darxaqiqat, ko’p o’tmay u
o’sha davr musiqa olamiga dovulday kirib boradi.
Birinchi Vena davri (1792—1802). Betxoven yana bir marta musiqaning
bunday sehrli shahriga kelib qoladi. Har tomondan Avstriya va nemis, venger va
slavyan ohanglari taralib turadi. Saroy sahnalarida esa «buyuk va taqlid qilib
bo’lmaydigan italyancha opera hukmronlik qilardi». Iste’dodli yosh musiqachilar
Venaga homiy va ximoyachilarini izlab intilib kelishardi. Betxoven mana shunday
hamiyatli va qobiliyatli insonlardan biri edi. Tez orada yosh Lyudvig Venaning mohir
musiqachilaridan biri bo’lib qoladi. Uning ijrosi xammani lol qoldirardi. Maqtovli
mulohazalar har tomondan oqib kelardi, uni kelajagi porloq musiqachi sifatida tan
olishardi. Betxoven jur’at bilan aristokratik estetika tomonidan qo’yilgan ta’qiqlarni
buzib tashladi va san’atkorning shaxsiy tuyg’u va kechinmalarini ifodalashdagi to’liq
erkinligini qonunlashtirdi. Betxoven tomonidan asos qilib olingan ijrodagi demokratik
uslub XIX asrning ko’p sonli mahoratli musiqachilari — Paganini, List va boshqalar
tomonidan davom ettirildi va rivojlantirildi.
Betxovenning Venadagi birinchi ustozi Gaydn edi. U yosh musiqachidagi
iste’dodni munosib ravishda baholagan birinchi shaxsdir. Bu xaqda u shunday yozadi:
«Bilimdonlar xam, bilmaydiganlar ham ushbu p’esalardan bir narsani so’zsiz e’tirof
etishlari lozimki, vaqti kelib Betxoven Evropaning eng buyuk bastakorlaridan birining
o’rnini egallaydi, men esa o’zimni uning ustozi ekanligimdan iftixor qilaman».
Lyudvig ijodiga bu qadar yuqori baxo berishiga qaramasdan, Gaydn o’z o’quvchisi
bilan to’liq til topisha olmaydi. Bunga ajablanmasa xam bo’ladi, ular mutlaqo boshqa-
boshqa insonlar, o’zgacha uslubli musiqachilar edilar. XVIII asr kompozitori bilan
yangi avlod vakili dunyoqarashlari orasidagi farq o’z ishini qildi.
Betxoven bir yarim yilcha muddatda nazariyotchi olim, kompozitsiya bo’yicha
darslik muallifi, shunga qaramay o’rtamiyona bastakor bo’lgan Albrekstberger
rahbarligida kontrapunktni o’rganadi. Biroq bu erda xam musiqani turlicha tushunish,
o’ziga xos dunyoqarash, boshqa tafakkur tarzi bu ikki shaxs orasida o’tib bo’lmas
devorni tiklab qo’ygan edi. «U xech narsani o’rganolmadi va xech narsani
o’rganolmaydi xam!» deb zorlangan edi Albrekstberger o’z o’quvchisi xaqida.
Betxovenning mashxur italiyalik Saleridan olgan saboqlari xam katta ahamiyatga ega
bo’lgan. Biz uni Motsartni «zaharlagan» shaxs sifatida bilamiz, vaholanki, bu tarix bir
ertak, o’sha suronli va hayratomuz yillarning afsonasi, xolos. Mashhur opera bastakori
o’zining nomuntazam bo’ladigan mashg’ulotlarida Betxovenga «vokal maktublar»
deyiladigan yangi narsani ochadi. Garchi yosh bastakor italyan san’atkorlaridan bu
sohada ancha uzoq bo’lsa-da, Saleri Betxovenning o’z vokal uslubini topishiga
yordam berdi.
Venada kechirilgan dastlabki bir necha yillar Lyudvig uchun xaqiqatan xam
umrining eng yaxshi onlari bo’ldi. U kibor tinglovchilar oldida muvaffaqiyatli
chiqishlar qildi, professional san’atkorlar, qolaversa, o’zi uchun nihoyatda muxim
bo’lgan homiylar e’tiboriga tushdi. Tez orada Lyudvig van Betxoven butun Evropada
kompozitor sifatida tanila boshladi.
Bu davrda Betxoven o’zining uslubiga sayqal bera boshlaydi va yangilik yaratishga
intiladigan yorqin ijodkor sifatida shakllanadi. Uslub — asardagi barcha unsurlarning
birligi va uyg’unligi bo’lib, u faqat asarning o’zini emas, balki muallif shaxsiyatini
xam aks ettiradi. Betxovenda bularning barchasi keragicha mujassamlashgan edi.
1795-yildan 1802-yilgacha Betxoven o’n to’qqizta fortepiano uchun sonatalari, uchta
fortepiano va orkestr uchun kontsert, ikkita simfoniya, oltita torli kvartet or. 18,
fortepiano va torli trio,shuningdek, ko’plab boshqa asarlarini yaratadi. Ushbu
asarlarning barchasini Uchinchi «Qaxramonnoma» simfoniyasi bezab turadi. U
Betxoven etukligining inkor qilib bo’lmaydigan dalilidir.
Musiqachi va inson fojiasi. O’z san’atini tasdiqlash uchun keskin kurash
yillarida Betxoven daxshatli baxtsizlikka uchraydi — uning eshitish qobiliyati
yo’qoladi. Karlikning birinchi belgilari uning 28 yoshida sezila boshlaydi. Bu qadar
achinarli holatga tushganiga qaramasdan, Betxoven sog’lom aqlini saqlab qola biladi.
Ammo kulfat yolg’iz kelmaydi. Bu voqealik xam o’sha 1801-yilda yuz beradi.
Og’ir tabiatli, odamovi bastakor sevib qoladi. U shu qadar qattiq, chin dildan sevadiki,
o’z xayotini sevgilisi uchun o’ylab xam o’tirmasdan berishga tayyor turadi. Buyuk
ijodkorning qalbini rom etgan go’zal kim edi? U o’n olti yoshli aristokrat qiz —
yoqimli, baxorday go’zal, farishta yuzli, maftunkor tabassumli Juletta Gvichchardi
edi. Qiz xam bunday otashin muxabbatga javob berganday ko’rinardi. Lyudvig
qaytadan o’zida kuch seza boshlaydi, sog’ayishga umid paydo bo’ladi, uning nazarida
baxt juda yaqin edi. Ammo taqdir unga shafqatsiz munosabatda bo’ladi. Uning ko’z
oldidagi sarob tarqala boshlaydi. Betxoven yana bir sinovdan o’tadi. Julettalar
xonadoni "uchun musiqachi ikkinchi darajali odam, bor-yo’g’i artist, xizmat qiluvchi
shaxs edi, xolos. Qizning o’zi xam engil fikr yuritib, tez orada graf Gallenbergga
turmushga chiqadi.
Karlik muqarrar bo’lib, o’ttiz ikki yoshli Betxoven shaxsiy xayotidagi
muvaffaqiyatsizlik bois boshi berk ko’chaga kirib qoladi. Nima qilish kerak? Bundan
keyin qanday yashamog’i lozim, umuman, yashash kerakmi-yo’qmi? Yoki joniga
qasd qilsamikan? Bu chora yordam berarmikan?
Geyligenshtadt — Venadan unchalik uzoq bo’lmagan hilvat va osoyishta bir joy
edi. Dunay qirg’oqlaridagi go’zal tabiat manzaralari bastakorning sog’ayib ketishi
uchun imkon berishi log’im edi. Bu shaxarcha Betxoven tarjimayi holida tarixiy
ahamiyatga ega. Baxtga qarshi, u ko’proq iztirobli voqealar bilan aloqadordir. Bu erda
u eshitish imkoniyatiga ega bo’lishdek so’nggi umidlarini erga ko’madi, chunki
shifokorlar tavsiya etgan davolash usullari hech qanday natija bermaydi. Buning
ustiga juda yaqin va xamma narsadan qutqaruvchi bo’lib ko’rinayotgan olim xaqidagi
o’ylar uni tark etmasdi.
Lyudvig o’zining mashhur Geyligenshtad vasiyatnomasini yozadi. U ukalari Karl
va Iogannlarga atalgandi. U Betxovenning vafotidan keyingina o’qilishi kerak edi.
Betxoven vasiyatnomada ancha erta yolg’izlikda, jamiyatdan ajralgan holda
yashashga majbur bo’lgani, qaysi bir jamiyatga yaqinlashmasin o’zining holati —
karligidan xabar topib qolinishidek dahshatli qo’rquvga ro’para kelmaslik uchun
quvg’inda yashashga majburligi xaqida yozadi.
Shu yillarda uning boshidan o’tgan iztirob va kechinmalar bilan bog’liq bo’lgan
tuyg’ular uning asarlarida o’z aksini topgan. Faol harakat, intilish, osudalikni
qo’msash, o’zini chetga olish singari qarama-qarshi voqealar Betxoven uchun
murakkab bo’lgan mana shu davrda yozilgan asarlarida uyg’un bir tarzda namoyon
bo’ladi. Ular: Uchinchi fortepiano c-moll kontserti, or. 37 (1800); motam marshi bilan
As-dur sonatasi or. 26 xamda «Sonata-fantaziyalar» (Juletta Gvichchardiga
bag’ishlangan «Oymoma sonatasi») (1802); emotsional-shiddatkor d-moll sonatasi,
or. 31 (1802); skripka va fortepiano uchun «Kreytserov» sonatasi (1803) va boshqa
bir qator asarlardir. Endilikda, buyuk bastakorning butun umrini baholab va tahlil qilib
ayta olamizki, Betxovenga o’z xayotini va sog’lom aqlini asrash, saqlab qolish mana
shu musiqa tufayligina mumkin bo’lgan, xolos. Hayot u uchun xamma vaqt kurashdan
iborat bo’lgan. Bu kurash o’z g’a-labalari va mag’lubiyatlari bilan davom etar,
boshqacha bo’lishini u tasavvur xam eta olmasdi.
Nazorat topshiriqlari:
2.1.1.Betxovenning Bonn shahridaga bolalik chog’lari xaqida ma’lumot bering.
2.1.2. Betxovenning ustozi Nefe xaqida bayon qiling.
2.1.3. Betxovenning Motsart bilan uchrashuvi xaqida bayon qiling.
2.2.1. Betxovenning Gaydn bilan uchrashuvlariga ta’rif bering.
2.2.2. Betxovenning Venada qo’lga kiritgan yutuqlariga izoh bering.
2.2.3. Betxovenning “ Oymoma sonatasi” kimga bag’ishlangan.
3-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Betxovenning etuk ijod davri
xaqida tushuntiradi.
Identiv o’quv maqsadlari:
3.1. Betxovenning etuk ijod davrida yaratgan musiqiy asarlari xaqida izoh beradi.
3.2. Betxovenning Venadagi moliyaviy muammolari xaqida bayon qiladi. .
3-asosiy masalaning bayoni:
Etuk ijod davri (1803—1812). Lyudvigning ong-u shuurini son-sanoqsiz
g’oya va loyihalar band qilib olgan edi. Ular shu darajada ko’p ediki, bir paytning
o’zida bir necha asarlar ustida ishlashga to’g’ri kelardi. Uchinchi simfoniya
(«Qaxramonnoma) yaratilar ekan, xuddi shu davrda, Beshinchi simfoniyaning xamda
«Appasionata»ning qoralamasi xam paydo bo’lgan edi. «Qaxramonnoma»
simfoniyasi va «Avrora» sonatasi oxiriga yaqinlashib qolganda Betxoven «Fidelio»
operasi ustidagi ishlarni ham allaqachon boshlab yuborgan edi. Bu operadan keyin
yana Beshinchi simfoniya ustidagi ishlar jonlanadi. Ammo bu xam uzoqqa
cho’zilmaydi, chunki endi To’rtinchi simfoniya boshlanib ketadi. 1806— 1808-yillar
oralig’ida To’rtinchi, Beshinchi va Oltinchi («Pastoral») simfoniyalar, «Koriolan»
uvertyurasi, fortepiano, xor va orkestr uchun fantaziya yaratiladi. Navbatdagi har bir
asar oldingisiga mutlaqo o’xshamaydi.
«Qaxramonnoma» simfoniyasi tufayli kompozitorning shu davrdagi hayoti xam
shu nom bilan ataladi. Simfoniyaning bosh sahifasida kompozitorning «Buonaparte»,
sal pastroqda esa «Luidji Van Betxoven» degan yozuvlari xam bor edi. 1804-yilning
bahorida Napoleon dunyo tuzilishida o’zgarishlar bo’lishini kutayotgan, eski aqidalar
yukidan qutilish istagi bilan yonayotgan ko’plab insonlar uchun e’tiqod manbayi edi.
Bonapart respublikachilar idealining timsoli, «Qaxramonnoma» simfoniyasiga
munosib edi. Napoleon o’g’lini imperator deb e’lon qilganidan keyin yolg’on
tasavvurlar tarqab ketdi. «Bu xam oddiy odam! Endi u barcha insoniy xuquqlarni
oyog’i ostida ezg’ilab tashlaydi, faqat o’z xudbinligi va manfaatparastligiga rioya
etadi, u o’zini boshqalardan ustun qo’yadi xamda zolim hukmdor bo’ladi!» muallif
bosh saxifani yirtib tashlaydi. «Eroika» («Qaxramonnoma») simfoniyaning yangi
nomidir.
Aynan Uchinchi simfoniya simfonik musiqa oldida cheksiz kengliklarni ochib
yubordi, shu asardan simfonizm tarixidagi yangi davr boshlanadi.
Uchinchi simfoniyadan keyin «Fidelio» operasi dunyoga keladi. U Betxoven yaratgan
yakkayu yagona operadir. Uni muallifning o’zi ham juda yaxshi ko’rardi. U frantsuz
dramaturgi Buyining «Leonora yoki er-xotin sadoqati» asari asosida yaratilgan.
1809—1812-yillarda yaratilgan asarlar. Beshinchi fortepiano kontsertini yaratish
bilan Betxovenning ushbu janr ustidagi ishlari oxiriga etadi. Fortepiano kontsertlari
guruhi orasida eng mahobatli va ulug’vori o’laroq, u o’z lirik obrazlarining nozikligi
va yuksak badiiyatiga ko’ra hayratlidir. Tuyg’ular lirikasi or. 81 a, Es-dur kabi
dasturiy sonatalarni xam bezab turadi. Betxoven uning uch qismiga «Xayrlashuv»,
«Hijron», «Qaytish» deb, nom bergan. Ettinchi va Sakkizinchi simfoniyalarning
yaratilishi (1812) bastakor ijodining markaziy davriga yakun yasaydi.
Bu yillar Gyote she’riyatiga kuchli berilish belgilari ostida o’tdi. Betxoven
Gyote she’rlarining musiqaga oson tushishini qayd etgan. Shunga qaramay «Egmont»
Betxovenning e’tiborini, xammadan avval, o’z mazmuniga ko’ra jalb etgan va u
bastakorning o’z tafakkur tarziga yaqin edi. Gyote «Egmont»idagi qahramonona
obrazlar, fojiaviy pafos, ommaviy sahnalar Betxoven musiqasida tom ma’noda
inqilobiy mazmun kasb etgan.
Betxoven Venada etarlicha mashhur bo’lishiga qaramasdan, vaqt-vaqti bilan
moliyaviy jihatdan ayrim muammolarga duch kelib turardi. Bastakor tomonidan
yaratilgan ulkan ijodiy boylik uning shaxsiy hayotidagi parokandalik, nobarqaror
moddiy ta’minot bilan ziddiyatga kelib qolardi. O’zgarishlar kompozitorning bevosita
shaxsiy hayotiga xam daxl qiladi. 1799-yilda Lyudvig ikki yoqimtoy opa-singillar —
Tereza va Jozefina Brunsviklarga dars bera boshlaydi. Yaqin-yaqinlargacha u aynan
Terezaga ko’ngil qo’ygan deb hisoblanardi, biroq, yigirmanchi asrda Betxovenning
bir xati topildi. Bu xat o’sha davrga tegishli bo’lib, Jozefinaga atalgan.
Ayni paytda, Betxoven qirollik-imperatorlik saroy teatrlarining direktsiyasiga
xat yozib, o’z kompozitorlik xizmatini taklif etadi, ular esa bu xatga javob berishni
ham munosib ko’rishmaydi. Bunday muvaffaqiyatsizliklarning zalvori ostida, sharoit
tazyiqi bilan Lyudvig Venani tark etishga qaror qiladi. Xuddi shu erda homiylar
nimalarni yo’qotayotganlarini anglab qolishadi. Kin grafi ertsgertsog Rudolf va
knyaz Lobkovits 1809-yilda bastakorga har yili nafaqa to’lash majburiyatini oladi,
buning evaziga esa kompozitordan Avstriyani tark etmaslikni so’raydi. Majburiyatini
faqat ertsgertsog Rudolfgina bajargan bu mashhur shubhali nafaqa xaqida keyinroq
aytishlaricha, u Betxovenga yordam berish o’rniga ko’proq ko’ngilsizliklarni
keltirgan. Uning butun hayotida ehtiyoj va yolg’izlik hamrohlik qilgan. Betxovenning
hayotini kuchayib borayotgan karlik yanada murakkablashtiradi. U kontsert safarlari
borasidagi rejalaridan, Italiya bo’ylab sayohat fikridan voz kechishga majbur bo’ladi.
Betxoven tirikchiligining asosiy manbayi mualliflik qalam xaqi bo’lib qolaveradi.
Nazorat topshiriqlari:
3.1.1. Betxovenning etuk ijod davrida yaratgan asarlari xaqida izoh bering.
3.1.2. Betxovenning “ Qahramonona” simfoniyasiga ta’rif bering.
3.1.3. Betxovenning “ Fidelio” operasi xaqida ma’lumot bering.
3.2.1. Betxovenning “ Egmont” uvertyurasida qanday mazmun kasb etgan?
3.2.2. Betxovenning Venadaga moliyaviy muammolari xaqida ma’lumot bering.
3.2.3. Betxovenning ertsgertsog Rudolf va knyaz Lobkovits bilan aloqalari xaqida
izoh bering.
4-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Betxoven hayoti va ijodining
so’nggi yillari xaqida tushuntirib beradi.
Identiv o’quv maqsadlari:
4.1. Betxoven hayotiningso’nggi yillari xaqida izoh beradi.
4.2. Betxoven hayotining so’nggi yillarida yaratgan musiqiy asarlariga tasnif beradi.
4-asosiy masalaning bayoni:
Tanazzul yillari. Hayoti va ijodining so’nggi yillari. Frantsuz armiyasining
engilishi xamda Napoleon imperiyasining qulashidan so’ng Evropada og’ir siyosiy
holat
boshlanadi.
Reaktsion
davlatlar
koalitsiyasi
Venadagi
kongressga
to’planishadi. Eng ashaddiy mamlakatlar Avstriya kantsleri Metternix atrofiga
birlashadi. Bu birlashma «Muqaddas ittifoq» nomini oladi. Uning bosh maqsadi
erksevarlik, inqilobchilikning xar qanday ko’rinishlariga qarshi shafqatsiz
kurashishdan iborat edi. Rasmiy tantanalarga aristokratik ommaning bayramona
ko’rinishlari uyg’un kelardi. Hashamatli bal va maskaradlar tashkil etiladi.
Adog’i yo’q ko’ngilocharliklarga ko’milgan holda saroy devorlari ichida
Evropaning xaritasi boshqatdan bichilmoqda edi. Betxoven obro’sining shiddatli
ommalashishi uchun yana bir holat yuzaga kelgan edi. Bu ayni paytda to’laligicha
musiqa ravnaqi uchun xam muhim omil bo’ladi — metronom kashf etiladi. Mashhur
mexanik-kashfiyotchi Melselning nomi metronom tufayli tarixda abadiyatga
muhrlandi. «Vittoriya qoshidagi urush» — eng ommaviy harbiy mavzudagi asar xuddi
shu Melselning taklifi bilan o’zi yasagan asbob uchun yaratiladi. Asar juda ta’sirli
bo’lib, uni simfonik orkestr ijro etadi, u ikkita harbiy orkestr bilan kuchaytirilgan,
xilma-xil moslamalar — qurollar va to’p otishlarini ifoda etardi. Omma orasidagi
ulkan muvaffaqiyat Bctxovenni shon-sharafning eng oliy cho’qqisiga olib chiqdi.
Imperator teatri Betxovenning «Fidelio» operasini yaxshi eslaydi, biroq karlik
muallifning dirijyorlik qilishiga xalaqit beradi. Kapelmeyster Umlauf uning orqasida
turib ehtiyotkorlik bilan xatolarini tuzatib turadi. Betxovenga bo’lgan qiziqish tobora
kuchayib boradi. Uni xar xil qabullarga taklif etishadi. Eshitish qobiliyati amalda
deyarli tugab bo’lgan edi. Shunga ko’ra, Lyudvig maxsus «So’zlashuv
daftarchasi»dan foydalanadi. Unda savol va javoblar yozilgan edi. Bizgacha shu
xildagi 400 ga yaqin daftarlar etib kelgan. Ulardagi yozuvlar hayratlanarlidir.
1813-yildan 1818-yilgacha Betxoven juda kam va sekin ijod qiladi, biroq
depressiya holatida yaratilgan asarlari xam juda go’zaldir. Fortepiano uchun yozilgan
or. 90, e-moll sonatasi, violonchel uchun ikkita sonatasi, xalq qo’shiqlarining
ishlanmalari nashr etiladi. Ularning soni ko’p bo’lmasa-da, shu davrdagi ifoda
tarzining, uslubning o’zgarishini sezish mumkin. Bizning davrimizda u Betxovenning
«so’nggi uslubi» nomini olgan. «Olisdagi mahbubaga» turkumidagi qo’shiqlarni
alohida ta’kidlash joiz. Ular mutlaqo takrorlanmas bo’lib, bu asarlardan yangilik
shabadalari ufurib turadi. Ayni shu asarlar Shubert va Shumanlarning romantik vokal
turkumlariga kuchli ta’sir ko’rsatgan edi. 1816-yildan 1822-yilgacha boigan davr
orasida oxirgi beshta fortepiano sonatalari yaratiladi, ularning kompozitsiyasi juda
murakkabdir. O’rni kelganda aytish joizki, so’nggi kvartetlarning (1824—1826)
kompozitsiyasi ham shunday murakkablikka ega edi. U sonatalarning klassik
shakllaridan biroz chekinadi, bularning barchasi uning falsafiy-ma’rifiy kayfiyati
bilan bog’lanib ketadi.
So’nggi davrdagi barcha asarlardan To’qqizinchi simfoniya ustun turadi. U jaxon
musiqa asarlari orasida eng mahobatli asar sifatida tan olingan.
To’qqizinchi simfoniya inqiroz yillaridayoq o’ylab qo’yilgan edi, ammo bu
g’oyani amalga oshirish 1822-yildagina nasib etdi. U Tantanavor messa (Missa
solemnis) bilan bir paytda yaratilgan. 1823-yilda Betxoven messani yaratadi, bir
yildan keyin esa simfoniya dunyoga keladi. Muallif o’zining o’lmas asaridagi final
qismiga xor va yakkaxon xonandalarni kiritadi. Ularga Shillerning «Shodlik uchun»
qasidasidagi quyidagi so’zlari kiritilgan edi:
«Odamlar bir-birlari bilan aka-ukadirlar!
Millionlar, bag’ringizga bosing bir-biringizni!
Bir shodlikdan quvoning birga!»
Bunday ulkan g’oyalar uchun musiqada ham xuddi shunday ulug’vor ifodalar
topilgan edi. To’qqizinchi simfoniya mashhur «Qaxramonona», beshinchi «Pastoral»
va ettinchi simfoniyalar, «Fidelio» operasidagi mavzularni rivojlantiradi. Baribir, bu
simfoniya Betxovenning butun ijodi orasida eng ahamiyatlisi, xamma jihatlariga ko’ra
eng mukammalidir.
Tez orada ildam yuruvchi shuhrat o’tib bo’ldi. Lyudvigni xamma esdan
chiqardi, ko’plab o’rtoqlarining Venadan ketganiga ancha bo’lgan, ayrimlari vafot
etgan. Kompozitor yashagan uy ancha abgor ko’rinardi. Sovuq tortuvchi, namiqqan
tosh zinapoyalar uchichi qavatga, to’g’ri ustozning xonasiga boshlab boradi.
Betxoven ko’p kuchini o’z jiyaniga yordamlashish uchun sarflab, ukasining
vafotidan keyin qonmagan mehrning o’rnini to’ldirishga harakat qiladi. Bu erda xam
Lyudvig yana kurashishga majbur bo’ladi. Sud zallarida ko’p kuch va sog’lig’ini
yo’qotib, jiyani Karlga vasiylik qilish xuquqi uchun kurashadi. Kompozitorni
qoralovchisi bolaning onasi — ta’magir va noshukur ayol edi. Jiyanning o’zi ham
amakisi qilgan barcha yaxshiliklarning qadriga etmaydi, vaholanki, u Karl bilan
bog’liq bo’lgan ko’plab iztirobli voqealardan qutilish uchun sarflanadigan
mablag’larni zo’r qiyinchiliklar bilan topar edi.
Betxovenning yaqin do’stlarining favqulodda yordami bilan 1824-yil 7-mayda
To’qqizinchi simfoniya ijro etiladi. Bu voqea yana bir jihati bilan e’tiborliki, musiqa
ishqibozlari tomonidan ijro etilgan qo’shiqlar o’ziga xos shuhrat topadi. Vaholanki,
bu paytda, ayniqsa, ijodining so’nggi davrlarida asarlarida favqulodda chuqurlik va
ulug’vorlik bor edi. Orkestrga Umlauf dirijyorlik qiladi. Kom-pozitorning o’zi esa,
garchi bu davrda eshitish qobiliyatini butunlay yo’qotgan bo’lsa-da, rampa yonida
turar, har bir qismga shiddat bag’ishlab turardi. Omma kuchli hayajonda edi, xamma
yoqni gulduros qarsaklar sadosi egallaydi. Musiqachi va qo’shiqchilar simfoniya
muvaffaqiyatidan hayajonda qolishadi. Faqat bir kishigina hayajonli qiyqiriqlarga
nisbatan beparvo, oldingi holatida iurardi. U bularni eshita olmas edi, xolos. Uning
miyasida simfoniyaning ijrosi davom etardi. Unger nomli yosh qo’shiqchi
kompozitorning oldiga yugurib keladi, uning qo’lidan ushlab yuzini ommaga qaratadi.
Ana shundan keyingina u o’z asarining muvaffaqiyatiga ishonch hosil qiladi.
Shunga qaramay, moddiy natijalar juda arzimas bo’lib chiqadi. Imperator va
saroy ahli kontsertga kelishmagan edi. Qimmatbaho joylarni egallab o’tirgan a’yonlar
uning xaqini to’lash kerakligini eslab ham qo’ygani yo’q. Boshqa yig’imlar esa
harajatlarni zo’rg’a-g’o’rg’a qoplaydi. To’qqizinchi simfoniyaning ikkinchi ijrosi
yarim bo’sh zalda o’tadi. Bu o’sha paytdagi omma didini, aniqrog’i, didsizligini yana
bir marta tasdiqlab turardi.
O’limidan biroz oldin Betxoven o’z ukalaridan biri Ioganning yoniga boradi.
Lyudvig bu baxtsiz safarni Ioganni jiyani Karlga atalgan vasiyatiga ko’ndirish uchun
rejalashtirgan edi. Istagan natijasiga erisha olmagan Betxoven darg’azab holda uyga
qaytadi. Bu sayohat uning taqdirida hal qiluvchi bo’ldi. Qaytayotgan paytda Lyudvig
qattiq shamollab qoladi, shundan keyin u oyoqqa turolmaydi, uning madori butunlay
qurigan edi. Bir necha oy og’ir yotganidan keyin Lyudvig van Betxoven 1827-yilning
26-martida vafot etadi. Vena, garchi, uning kasalligiga beparvo qaragan bo’lsa-da,
vafoti xaqidagi xabar tarqalishi bilan ko’p ming kishilik muxlislar buyuk
kompozitorni qabrga kuzatib bordi.
Nazorat topshiriqlari:
4.1.1. Betxoven hayotining so’nggi yillari xaqida ma’lumot beradi.
4.1.2.Betxovenning “ Vittoriya qoshidagi urush” asari xaqida ma’lumot bering.
4.1.3. Betxovenning “ To’qqizinchi simfoniyasi”ga izoh bering.
4.2.1. Betxovenning so’nggi yillardagi ayanchli sog’ligi xaqida ma’lumot bering.
4.2.2. Betxovenning jiyani Karl bilan bo’lgan aloqalariga tasnif bering.
4.2.3. Betxovenning vafotiga tegishli bo’lgan ma’lumotlarga izoh bering.
5-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Betxovening fortepiano va
simfonik ijodi xaqida tushuntirib beradi.
Identiv o’quv maqsadlari:
5.1. Betxovenning fortepiano ijodi xaqida izoh beradi.
5.2. Betxovenning simfonik ijodi xaqida tushuntirib beradi.
5-asosiy masalaning bayoni:
Betxovenning fortepiano ijodi. Fortepiano sonatasi Betxoven uchun o’y va
hissiyotlari, uning badiiy intilishlari va izlanishlarini bevosita ifodalashda eng qo’l
kelgan shakllardan biri edi.
Fortepiano sonatalarini kompozitorning «ijodiy laboratoriyasi», deb xam
atashgan, unda bo’lajak katta asarlarning obrazlari tug’ilgan. Betxovenning fortepiano
sonatalari o’ziga xos va dadilligi bilan namoyon bo’lgan holda ulardan hech qaysi
biriga tajribaviy tugallanmaganlik xarakteri xos emas. Betxovenning har bir sonatasi
— aniq shakl va yorqin mavzuga ega, tugallangan yuksak badiiy asardir. Betxoven
uchun xos bo’lgan mavzular, ularni bayon etish va rivojlantirish uslubi, sonata
shaklini dramatik tarzda talqin etish, yangi tembr xususiyatlari ilk marotaba fortepiano
sonatalarida namoyon bo’ldi.
Uchinchi («Qaxramonnoma») simfoniyaning yaratilish vaqtida. Betxoven
yigirmata fortepiano sonatalarining muallifi edi, ularning aksariyati Betxoven
uslubining yorqin namunalaridir: Patetik sonata, sonata op. 26, As-dur motam marshi
bilan,
«Oydin
sonata»si
op.
27
№ 2, «Pastoral sonata» op. 28, D-dur, rechitativ bilan sonata op. 31 d-moll.
1822-yilda Betxoven o’zining 32-sonatasini yozdi, undan keyin To’qqizinchi
simfoniyasi, «Tantanali messa» yaratildiki, ularda so’nggi fortepiano asarlarida kashf
etilgan obrazlar o’z rivojini davom ettirdi.
Ijodining turli davrlarida yaratilgan fortepiano sonatalaridagi katta o’zgarishlar
Betxoven musiqiy tafakkuridagi yangi yutuqlarga mos kelardi. Sonata turkumining
talqini, yozish uslubi, musiqiy obrazlar xarakteridagi o’zgarishlar mana shundandir.
Ilk sonatalarda sonata turkumining uch va to’rt qismli tuzilmalari o’rtasida
beqarorlik kuzatiladi. 50-opuslardan boshlab, turkumni yanada ixchamlashtirish, ikki
qismli sonatalar yaratishga intilish sezilib turadi.
Keyingi sonatalarda polifonik shakllar va rivojlantirishning polifonik usullari
paydo bo’ladi.
Jahon fortepiano musiqasi tarixida Betxovenning 1-sonatasidan oxirgi
sonatasigacha bo’lgan yo’l butun bir davrni tashkil qiladi. Klavesin ijrochiligi san’ati
bilan bog’liq bo’lgan sodda klassik fortepiano uslubidan boshlagan Betxoven o’zining
so’nggi sonatalarini zamonaviy royal uchun yozdi, bu cholg’u sadolanish diapazonini
oxirigacha kengaytirdi.
O’zining original fortepiano uslubini yaratib, Betxoven o’sha paytgacha
ma’lum bo’lmagan chetki registrlarning ifodaviy xu-susiyatlarini ochib berdiki, bu
bilan u keng havoyi makon taassurotini yaratdi. U kuyni quyi registrlarga o’tkazib,
quyi, o’rta va yuqori registrlarning ohangdorlik (kuy) ahamiyatini muvozanatga
keltirdi. Pedalning turli-tuman tarzda ishlatilishi fortepiano sadolanishidagi dinamik
va turfa rangligini orttirdi. Turli xil xususiyatlarga boy faktura, qudratli akkordlar,
tembrli cholg’u uslublari, ko’p sonli passajlar ulkan ma’noli axhmiyatga ega.
Bularning barchasi — yangi fortepiano uslubining tarkibiy qismlari bo’lib, u XIX asr
buyuk pianinochilari ijodida rivojlantirildi.
Betxovening simfonik ijodi. Betxovenning simfonik musiqasi jaxon
madaniyatining eng buyuk yutuqlari sirasiga kiradi va atoqli adabiyot xamda san’at
asarlari qatoridan o’rin olgan. Betxovenning to’qqizta simfoniyasi yaxlit mahobatli
turkumni tashkii etadi, unda kompozitorning asosiy badiiy intilishlari va dunyoqarashi
mujassamlangan.
Betxoven simfonizm rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berdi, bu
Beshinchi va To’qqizinchi simfoniyalarda yaqqol ko’zga tashlangan syujet
dramaturgiyasi bo’lgan simfonizmdir.
Vena klassiklari ijodida yuzaga kelgan sonata-simfonik turkumi bashariyatga
qaratilgan Betxoven simfonizmi paydo bo’lishi uchun yaxshi zamin vazifasini o’tadi.
Gaydndan Betxoven janr-raqsona obrazlarni, simfonik yozuvdagi lo’ndalikni, ohang
rivojlovi tamoyillarini meros qilib oldi. Betxoven simfonizmi shakllanishida
Motsartning so’nggi simfoniyalari ham ko’p jihatdan o’z ta’sirini o’tkazdi. Motsart
simfoniyalari turkum tarkibining yaxlitligi, ohanglar yagonaligi va turli-tuman
rivojlantirish uslublari bilan ajralib turadi. Simfoniyani dramatiklashtirish jarayoniga
operaning ta’siri juda katta bo’ldi.
Gaydn va Motsart an’analarini davom etirib, Betxoven o’z simfonik asarlarida
betakror g’oya va obrazlar doirasi mavjud bo’lgan ulug’vor musiqiy tragediya va
dramalar yaratdi. Qirqdan ziyod simfoniyalar yozgan Motsart va yuzdan ortiq
simfoniyalar muallifi Gaydndan farqli ravishda, Betxoven butun hayoti davomida
xammasi bo’lib, to’qqizta simfoniya yaratdi, bu simfoniyalarida u keng insoniyat
ommasiga murojaat qildi. O’z simfoniyalari chegarasini kengaytirgan holda Betxoven
mahobatli shakllar yaratdiki, ular uning o’tmishdoshlari simfoniyalarining hajmidan
sezilarli darajada kattaroqdir. Chunonchi, uning so’nggi, To’qqizinchi sim-foniyasi
hajmini Vena klassiklarining ilgari yozilgan hech qaysi simfonik asarlari bilan
taqqoslab bo’lmaydi.
Betxoven Birinchi simfoniyadan to To’qqizinchi simfoniyagacha katta yo’lni
bosib o’tdi. Kompozitorning Birinchi simfoniyasi ko’p jihatdan Gaydn simfonizmi
an’analarini janr-maishiy obrazlari va kamer, tiniq sadolanishi bilan davom ettiradi.
Ikkinchi simfoniya Betxovenning eski dunyo san’ati bilan aloqasi uzilganligini
bildiradi va u qahramonona janr yo’nalishida muhim qadam bo’ldi. San’atkorning
1801-yilda
Vegelerga
yozgan
xatidagi:
«Men
kuchlarim
qanday
o’sib
borayotganligini sezyapman... Men taqdirning xiqildog’idan tutmoqchiman... minglab
hayotda yashash qanday ajoyib» so’zlari ushbu simfoniya epigrafiga mos keladi.
XIX asr simfonik musiqasida Uchinchi — «Qaxramonnoma» simfoniyasi yangi
davrni boshlab berdi. Bu ulkan asar bo’lib, o’zining qaxramonona-epik mavzusi bilan
kishini lol qoldiradi. Asarning asosiy g’oyasini aks ettiruvchi «Fuqarolik dramasi»
turkumi to’rt qismi davomida yagona xarakat bilan rivojlanadi. Birinchi qism
davomida Betxoven keskin va ulkan kurash manzarasini yaratadi. Ikkinchi qism —
falsafiy-fojiaviy lirikaning juda yorqin misolidir. Betxoven uni «Dafn marshi» deb
atadi. Uchinchi qism — dramaning dastlabki ikki qismidagi hissiyotli keskinlikdan
shodon finalga o’tishdir. 4-qism drama tantanasi, g’olibona shodlanish sifatida qabul
qilinadi.
1806-yilda yozilgan To’rtinchi B-dur simfoniyasida baxtli va beg’am qalb
holati ifodalangan. U o’zining engilligi va shoirona obrazlarning yangiligi, fojiaviy
ohanglarning umuman yo’qligi bilan ajralib turadi.
Kurash va insonning ma’shum taqdir bilan ayovsiz to’qnashuvi Betxoven
tomonidan Beshinchi simfoniyada ko’rsatib berilgan. Bu erda inson taqdir bilan
yakkakurash natijasida g’alaba qozonadi. Beshinchi simfoniyaning dramaturgik
nizosi shunday rivojlanadi: «Zulmatdan ziyo sari, kurash orqali — g’alaba sari».
Oltinchi, «Pastoral» simfoniya Beshinchi simfoniyaning tamoman aksidir, u
tabiat va qishloq hayoti bilan bevosita muloqot natijasida paydo bo’luvchi his-
tuyg’ularni ifodalaydi. To’rt qismning hammasi dasturli sarlavhalarga ega: birinchi
qism — «Qishloqqa kelgan vaqtda tetik hissiyotning uyg’onishi»; ikkinchi qism —
«Jilg’a yonidagi sahna»; uchinchi qism — «Qishloq aholisining quvnoq guruhi»;
to’rtinchi qism — «Momaqaldiroq. Bo’ron». Bu simfoniya dasturli simfoniya
yo’nalishida ishlagan romantik kompozitorlar (Berlioz, Mendelson, Shuman) ijodiga
katta ta’sir o’tkazdi.
Betxovenning Ettinchi simfoniyasi (A-dur) kompozitorning xalq san’ati
obrazlari va maishiy raqsni poetiklashtirishga qaratilganligi bilan ajralib turadi.
Sakkizinchi simfoniyaning (F-dur) ifodaviyligi kelajakka qa-ratilgan, skertsoli
yo’nalishda yangi uslub bilan talqin etilgan o’tgan davr klassitsizmi uslubiy
jihatlarining bir-biri bilan chatishib ketishida ko’rinadi. Unda kompozitor, bosib
o’tilgan yo’lga nazar tashlab, o’tmish saroblari ustidan kulgandek bo’ladi.
To’qqizinchi simfoniya Betxovenning eng mahobatli, ulkan asari hisoblanadi,
xor kiritilgan bu ulug’vor simfoniya atoqli kompozitor ijodini munosib yakunlaydi.
Ushbu simfoniyada Betxoven ijodining asosiy — «zulmatdan ziyo sari» g’oyasi talqin
etilgan bo’lib, u dramaturgiyadagi katta o’zgarishlarga olib keldi. Betxoven simfoniya
finaliga Shillerning «Shodlik sari» qasidasi matni bilan xor kiritdi va bu bilan klassik
simfoniya sof cholg’u vositalari doirasidan chiqishini ta’minlagan jahon musiqasidagi
birinchi namunani berdi. Kompozitor simfonik turkumning odat tusiga kirgan
tarkibini xam o’zgartirdi, zulmatdan yorug’likka va shodlikka bo’lgan harakatning
to’xtovsiz obrazli rivojlanish g’oyasiga sodiq qolgan xolda skertso va final o’rtasiga
og’ir qismni joylashtirdi.
Bu simfoniyada kompozitorning xalqchil, musiqa tilining tu-shunarliligi va
shaklning yaxlitligi kabi qahramonona uslublarining eng ilg’or xususiyatlari namoyon
bo’ldi. Xor ishtirokidagi ulkan finalni yaratib, Betxoven simfoniya janrini
demokratlashtirdi va qahramonlik mavzusini talqin etish yo’lida ilgarilab borishni
davom ettirdi.
To’qqizinchi simfoniyaning kelasi davr musiqa san’atiga ta’siri juda katta
bo’ldi. Bu simfoniya jaxon musiqa madaniyati tarixidan insoniyatning insonparvarlik,
ozodlik g’oyalarini ifodalovchi ulug’ asar sifatida o’rin oldi.
Nazorat topshiriqlari:
5.1.1. Betxovenning fortepiano ijodiga ta’rif bering.
5.1.2. Betxoven o’zining 32-sonatasini nechanchi yilda yozgan?
5.1.3. Betxovenning original fortepiano uslubiga ta’rif bering.
5.2.1. Betxovenning simfonik ijodiga ta’rif bering.
5.2.2. Betxoven hammasi bo’lib nechta simfoniya yaratgan?
5.2.3. Betxoven to’qqizta simfoniyalarining mazmun va musiqiy shaklini ifodalab
bering?
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. ” Chet el musiqa tarixi”dan ma’ruzalar matni. G; 2010 yil.
2. I.Proxorova “Muzo’kalnaya literatura zarubejno’x stran” M; «Muzo’ka»1977.
3. A.X.Trigulova « Xorijiy musiqa adabiyoti» T. “ Ilm Ziyo” 2209 yil.