Madaniyatshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari
Yuklangan vaqt
2024-07-28
Yuklab olishlar soni
2
Sahifalar soni
21
Faytl hajmi
33,5 KB
Madaniyatshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari
Reja :
1.Madaniyatshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Madaniy
taraqqiyotning asosiy qonuniyatlari.
2. Madaniyatning funktsiyalari. Madaniy taraqqiyot va Manaviy meros.
3.Madaniyatning asosiy turlari – moddiy va ma’naviy madaniyat, ularning o‘zaro
bog‘liqligi.
4.Madaniy taraqqiyot va sivilizatsiya – tarixiy davrlar uyg‘unligi.
5.Hozirgi O’zbekistonda Madaniyatshunoslik fani oldidagi yang vazifalar.
Tayanch tushunchalar: madaniyat, moddiy va ma’naviy madaniyat,
madaniyat nazariyasi va tarixi, umuminsoniy va milliy-madaniy qadriyatlar,
madaniy meros, vorislik, milliy-madaniy o‘ziga xoslik, milliy-madaniy tiklanish.
1.1. Madaniyatshunoslik fanining maqsadi va vazifasi
Har bir fan asoslarini o‘rganish, uning predmeti va obyektini aniqlashdan
boshlanadi. Madaniyatshunoslik fani madaniy jarayonlarning nazariy asoslarini
qadimiy davrdan tortib hozirgi kunga qadar insoniyat tomonidan ijtimoiy-tarixiy
amaliyot davomida yaratilgan va yaratilayotgan moddiy va ma’naviy obyektlar,
madaniy jarayonlar va ularning natijalarini, madaniy meros yodgorliklarini
o‘rganadi. Madaniyatshunoslik fanining predmetini inson faoliyati, insoniyat
tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar, sivilizatsiyalarning kelib
chiqishi va rivojlanishi, madaniyatlararo muloqot kabi dolzarb masalalar tashkil
etadi. Madaniyatshunoslik fani insoniyatga xos madaniy jarayonlarni, uning
mazmun-mohiyati va ahamiyatini tahlil qiladi va ilmiy xulosalar chiqaradi, madaniy
taraqqiyotning umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi.
Yer yuzida 7 milliarddan ortiq odam yashaydi. Qari-yu yosh, erkagu-ayol, har
biri o‘z davlatining fuqarosi, o‘zining mashg‘uloti va turmush tarziga ega. Ayni
paytda har bir odam o‘z xalqining vakilidir. Demak, har bir xalq o‘zining
madaniyatiga, turmush tarzi, tili, urf-odatiga ega va ular umumiy muloqot davomida
boshqalarni ham ular bilan tanishtiradi.
Butun insoniyat turli xalqlardan iboratdir. Ba’zilari – «xitoyliklarga» o‘xshab
milliardlarni tashkil etadi, ayrimlari esa «taraka» xalqiga (Keniya) o‘xshab yuzlab
kishini tashkil etadi. Olimlarimiz yer yuzida qancha odam yashayotganini
hisoblashgan bo‘lsada, lekin hozirgacha qancha xalq, elat, urug‘lar yashayotgani
aniqlanmagan. Ular har хil tillarda so‘zlashadilar va har biri o‘zining boy tarixi va
madaniyatiga ega. Aniqlanishicha, bu xalq va elatlar bir yarim mingdan ortiqroq.
Har bir xalqning tarixi va madaniyati umuminsoniy madaniyat bilan chanbarchas
bog‘liq.
Madaniyatshunoslik - bu tarixiy fan, boshqa fanlar – tarix, sotsiologiya,
etnografiya kabi kishilik jamiyatining aniq bir sohasi bo‘lmish madaniyatning
rivojlanishi to‘g‘risida bahs yuritadi. Madaniyatshunoslik fanining tadqiqot obyekti
dunyo xalqlarining ko‘p asrlik madaniy hayoti, uning o‘ziga xos jihatlari, Sharq va
G‘arb madaniyatining taraqqiyot bosqichlari, o‘ziga xos xususiyatlari va
mushtarakligini, milliy va mintaqaviy madaniyatning jahon madaniyati ravnaqiga
ta’sirini, madaniyatlararo muloqot muammolari va ularning insoniyat hayotidagi
rolini o‘rganishdan iborat.
Inson qay darajada madaniyatni yaratsa, shu darajada madaniyat ham insonni
shakllantiradi. Har bir xalq o‘zining takrorlanmas madaniyatiga ega, bu
madaniyatlar ayni paytda jahon madaniyatining tarkibiy qismlari hamdir, ular tarixiy
taraqqiyot jarayonida bir-birini to‘ldirib keladi.
Madaniyatshunoslik fani bir nechta asosiy qismlarga bo‘linadi: madaniyat
nazariyasi; jahon madaniyati tarixi; O‘zbekiston xalqlari madaniyati tarixi;
san’atshunoslik, haykaltaroshlik. Qayd etilganlar orasidan biz jahon madaniyati
tarixi bilan O‘zbekiston xalqlari madaniyati tarixi qismlarini o‘rganamiz.
Madaniyatshunoslik fanining asosiy maqsadi eng qadimgi davrdan hozirgi
kunga qadar yaratilgan nihoyatda boy madaniy merosni o‘rganish, millatlararo
do‘stlik, insonparvarlik va madaniylikni shakllantirishdan iborat. Har bir inson o‘z
ota-onasini, o‘z ona tuprog‘i, o‘z millati va xalqi, o‘z tarixi va madaniyatini qanday
sevsa, «begonalarning» tarixi va madaniyatiga ham hurmat bilan qarab, unga mehr-
muhabbat tuyg‘usi bilan yondoshishi hamda «o‘zgalar» o‘tmish madaniyatining
qadriga yetishi, ongli ravishda insoniyat madaniy merosini saqlashga intilishi lozim.
Insonda ijodkorlikni rivojlantirish madaniy ijodkorlikning bir turi sifatida ham
xizmat qilish kerak. Chunki har bir kishi madaniyat yodgorliklari va namoyondalari
bilan faqatgina tanishib qolmasdan, balki ularni tushunishlari, ularga baho berishlari
lozim.
Har bir fan singari Madaniyatshunoslik ham o‘zining keng ko‘lamli o‘rganish
manbalariga ega. Birinchidan, saqlanib qolgan tarixiy obidalar, yodgorliklar va
ularning arxeologlar tomonidan izohlab berilishi. Arxeologiyada – madaniy qatlam
degan tushuncha bor. Bu inson faoliyatining izlari (qadimiy inshootlar, qurilish va
xo‘jalik faoliyati qoldiqlari va h.k) saqlangan yer qatlami. Arxeologik qazilmalar
g‘oyat qimmatli bilim manbalaridir.
Ikkinchidan, u yoki bu tarixiy voqea va hodisalar to‘g‘risidagi xalq o‘rtasida
saqlanib kelayotgan og‘zaki manbalar, xalq og‘zaki ijodi.
Uchinchidan, dunyoning turli mamlakatlarda muzey va kutubxonalarda saqlanib
kelayotgan nodir qo‘lyozma asarlar, shoirlar, tarixchilar, yozuvchilar, olim-u-
ulamolarning qoldirgan asarlari.
To‘rtinchidan, me’morchilik, san’at, haykaltaroshlik va musavvirlik
(rassomchilik) yodgorliklari.
Tarix fani singari madaniyat tarixi ham muayyan bosqichlar asosida
o‘rganiladi, ya’ni ibtidoiy jamoa madaniyati, qadimgi (antik) madaniyat, o‘rta asrlar
madaniyati, Uyg‘onish davri madaniyati, mutloq monarxiya davri madaniyati va
«ma’rifatchilar» asri madaniyati, XIX-XX asrlar madaniyati. Har bir davr uchun
«madaniyat» tushunchasining o‘ziga xos mazmuni mavjud va madaniy
rivojlanishdagi o‘zgarishlar xosdir.
Madaniyatshunoslik fanini o‘rganishning zaruriyati shundaki, jamiyat
taraqqiyotiga kishilarining faqatgina siyosiy, iqtisodiy, texnikaviy va huquqiy
sohalarda amalga oshirayotgan yaratuvchilik faoliyati bilan erishib bo‘lmaydi, inson
ayni paytda jamiyat ma’naviy-madaniy hayotini ham yuksaltirishga erishmog‘i
zarur bo‘ladi. «Ma’naviyat yo‘q joyda, – deb ta’kidlaydi Prezident Islom Karimov,
– hech qachon baxt-saodat bo‘lmaydi».
Xulosa qilib aytganda, madaniyatshunoslik fanining predmeti, uning tadqiqot
obyekti insoniyatning asrlar davomidagi madaniy faoliyatini, jahon xalqlarining
madaniy taraqqiyot yutuqlarini, ularning rang-barangligi va ma’no-mazmunini,
madaniyatlararo muloqot masalalarini qamrab oladi.
1.2. Madaniyatshunoslik fanining ilmiy-nazariy va metodologik asoslari.
“Madaniyat” tushunchasi va uning mohiyati
Madaniyatshunoslik fani tadqiqot olib borishda bir qator metodologik
tamoyillarga tayanadi. Dialektik metod madaniyatshunoslikning muhim metodi
bo‘lib, insoniyatning madaniy hayotini, ming yillar davomida insonlar yaratgan
moddiy va ma’naviy yutuqlarni yaxlit, umumiy va o‘zaro bog‘liq holda o‘rganishga
imkon beradi. Dialektik metod biron-bir mamlakat yoki mintaqada kechgan
madaniy jarayonni, jumladan, O‘zbekiston xalqining asrlar davomida shakllangan
madaniyatini jahon xalqlari madaniyati rivoji bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganish,
tadqiq qilishga ko‘maklashadi va madaniy taraqqiyotga xos umumiy qonuniyatlarini
ochishga imkon beradi.
Madaniyatshunoslik fani o‘z tadqiqotlarida tarixiylik metodiga asoslanadi.
Tarixiylik metodi madaniyatga davriy nuqtai nazaridan o‘zgarib, yangilanib,
15
rivojlanib, boyib boruvchi jarayon sifatida qaraydi. Tarixiylik metodi har bir xalq
madaniyatini, har bir davr madaniyatini o‘z davri nuqtai nazaridan baholashni,
hozirgi madaniy hayotni va erishilgan yutuqlarni o‘tgan zamon madaniyatiga
taqqoslab tasavvur qilish, tasvirlashni talab qiladi.
Madaniyatshunoslik fani obyektni o‘rganishda ilmiy bilishning tizimli
(sistemali) yondashuv metodiga tayanadi. Tizimli yondashuv bo‘laklarni butun
orqali, butunni uning bo‘laklari orqali tahlil etish, o‘rganishni taqozo etadi. Bu
metod madaniyat tarkibiga kiruvchi til, din, huquq, axloq-odob, ta’lim-tarbiya,
adabiyot, san’at va hokazo bo‘laklar orqali butun jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risida
umumlashtirilgan xulosalar chiqarishga, jamiyat taraqqiyoti orqali esa madaniyat
tarkibiga kiruvchi bo‘laklarni tahlil qilishga imkon beradi.
Madaniyat barcha mamlakatlarda bir tekisda rivojlanuvchi jarayon emas.
Turli xalqlarning turmush tarzi, mentaliteti, madaniy ongi, tili, tafakkuri bir-biridan
farq qilishi tabiiy. Shu sababdan tadqiqotchi ularni bir-biriga qarama-qarshi
qo‘ymasdan tahlil qilishi, ma’no-mazmunining mag‘ziga tushunib yetishga
intilmog‘i lozim. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlar ta’sirida madaniyat
taraqqiyotida inqirozli yoki sakrash holatlari ham yuz berib turadi. Bunday holatlarni
tahlil qilishda iqtisodiy, sotsiologik, statistik va bilishning boshqa ilmiy
metodlaridan ham foydalaniladi.
Madaniyatshunoslik fani o‘z predmetini o‘rganishda tadqiqotchidan o‘z
idroki, ichki sezgilari bilan his qilish orqali haqiqatni anig’lashni ham talab qiladi.
Bu tamoyil turli xil madaniyat sohalariga chuqurroq kirishga, dalil-u ashyolar
yordamida isbotlarsiz bevosita ichki sezgilar, mushohada orqali haqiqatni bilish
imkonini beradi. Shuningdek, madaniyatshunoslikda madaniyatning moddiy va
ma’naviy unsurlarini talqin qilish, turli davrlarga xos yozuv matnlarini sharhlash,
izohlab berish, tushuntirish (germenevtika) usulidan ham foydalaniladi.
Xullas, Madaniyatshunoslik boshqa fanlar singari ilmiylik, xolislik,
haqqoniylik talablariga javob beruvchi bilishning aniq metodlariga tayangan holda
tadqiqot yuritadi.
Madaniyatshunoslik fanining «Madaniyat» tushunchasi juda keng tushuncha. Bu
tushunchani har xil fanda olimlar turli ma’noda ishlatishadi: arxeologlar ashel, shell,
mustye madaniyati haqida, mikrobiologlar – bakteriyalar madaniyati haqida, qishloq
xo‘jalik xodimlari – paxtachilik, sholichilik madaniyati haqida gapiradilar.
Amerikalik madaniyatshunoslar hozirgi vaqtda «madaniyatning» 500 dan ortiq
tushunchasini qayd etishadi. Tabiiyki, bu sharoitda har bir tushuncha bilan
tanishishni imkoniyati yo‘q.
Madaniyatshunoslik fanining vazifasi faqat shundan iborat emas. Zamonaviy
madaniyatshunoslikda «madaniyat» tushunchasi to‘rtta yirik ma’noni aks ettiradi: 1)
shaxsiy madaniyat, yoki alohida odam madaniyati (odamning yurish-turishi,
kiyinishi; muomalasi – «madaniylik»); 2) guruh madaniyati – milliy, tabaqaviy,
professional, oilaviy; 3) ma’lum bir jamiyatning ma’lum bir davrida
mujassamlangan madaniyati; 4) insoniyat madaniyati.
Demak, madaniyat tushunchasi keng ma’noda jamiyatning, inson ijodiy kuch
va qobiliyatlarining, tarixan muayyan taraqqiyot darajasini, kishilarning biror
shakldagi hayoti va faoliyatida, hamda ular tomonidan yaratilgan moddiy va
ma’naviy boyliklarning yig‘indisini aks ettiradi.
Agar moddiy madaniyat ishlab chiqarish jarayonining tashkil etilishi, uning
texnika jihatdan qurollanganlik darajasi, moddiy boylik yaratuvchilarning
ixtisoslashish darajasi bilan belgilansa (kishilar faoliyatining ashyoviy natijalari –
mashinalar, binolar, inshootlar va boshqalar); ma’naviy madaniyat insoniyat
tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklar yig‘indisini o‘z ichiga oladi (bilim, fan,
o‘quv ko‘nikma, axloqiy va estetik kamolot, dunyoqarash, din, kishilarning
muomala usullari va shakllari). Ammo ma’naviy madaniyat tushunchasini bunday
ifodalash bilan uning keng imkoniyatlari doirasini chegaralab qo‘yamiz. Shuning
uchun ham, ma’naviy madaniyat deganda faqat ma’naviy boyliklarning o‘zinigina
emas, balki uning inson va jamiyat rivojida tutgan o‘rnini va rolini ham nazarda
tutamiz.
Moddiy madaniyat bilan ma’naviy madaniyat uzviy bog‘liq bo‘lib, ularning
rivojlanishi asosida moddiy ishlab chiqarish taraqqiyoti yotadi.
«Madaniyat» tushunchasi muayyan tarixiy davr (antik, o‘rta asrlar
madaniyati), konkret jamiyat, elat va millatni hamda inson faoliyati yoki hayotining
o‘ziga xos sohalarini (turmush madaniyati, nutq madaniyati, mehnat madaniyati);
tor ma’noda – kishilar ma’naviy hayoti sohasini tavsiflash uchun qo‘llaniladi.
Masalan, dastlab “madaniyat” deyilganda insonni tabiatga ko‘rsatadigan maqsadga
muvofiq ta’siri, shuningdek insonga ta’lim-tarbiya berish tushunilgan (lot. «kultura»
– yerni ishlash, parvarishlash; rus tilidagi «kultura» so‘zi ham shundan olingan).
Qadimgi
ellinlar
«paydey»,
ya’ni
«tarbiyalanganlik»lari
bilan
o‘zlarini
«madaniyatsiz» varvarlardan yuqori qo‘yganlar. Qadimgi Rimning so‘nggi
davrlarida «Madaniyat» tushunchasi ijtimoiy hayotning shahar turmush tarzini
ifodalovchi mazmun bilan ham boyigan va o‘rta asrlarga kelib keng tarqalgan. Bu
tushuncha keyinchalik kelib chiqqan sivilizatsiya (ijtimoy taraqqiyot, moddiy va
ma’naviy madaniyat darajasi bosqichi) tushunchasiga yaqin turadi.
O‘rta asr madaniyatining buyuk namoyondalari Abu Nasr Forobiy, Abu Ali
Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va boshqalar shahar turmush tarzini jamiyatning
yetuklik shakli sifatida talqin qilganlar. Masalan, Forobiyning ta’kidlashicha,
«madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday bo‘ladiki, bu
mamlakatda har bir odam kasb-hunarda ozod, hamma bab-baravardir, kishilar
o‘rtasida farq bo‘lmaydi, har kim o‘zi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan
shug‘ullanadi. Odamlar haqiqiy ma’noda ozod yashaydilar». Masalan, 18 asr
fransuz ma’rifatparvarlari (Volter, P.Tyurgo, J. A. Koidorse) tarixiy-madaniy
jarayonning mazmunini insoniyat «tafakkuri»ning taraqqiyotidan iborat deb
bilganlar.
Xulosa qilib aytganda, har bir ijtimoiy-iqtisodiy davr o‘z madaniyat tipiga
ega. Iqtisodiy-ijtimoiy davrlarning almashinish bilan madaniyat tipi ham o‘zgaradi,
lekin bu hol madaniyat taraqqiyoti uzilib qolganligini, yoki eski madaniyat yo‘q
bo‘lib madaniy meros va an’analardan voz kechilganligini anglatmaydi.
Madaniyatning hamma tomonlari va sohalari o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Madaniyatning rivojlanishi har bir mamlakatda mavjud tuzumga, milliy
xususiyatlarga va davlat tomonidan olib boriladigan madaniy sohadagi siyosatga
ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Siyosat va jamiyatning siyosiy hayotida bo‘ladigan
o‘zgarishlar madaniyatning rivojlanishiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi
mumkin.
Masalan, oktabr to‘ntarishidan so‘ng kompartiya mafkurasining davlat
siyosati darajasiga ko‘tarilishi sobiq Ittifoqning barcha respublikalarida bo‘lgani
kabi O‘zbekistonda ham madaniy taraqqiyotga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatib keldi.
O‘zbek xalqi o‘zining boy madaniy merosining ajoyib durdonalaridan bahramand
bo‘la olmadilar. Albatta, o‘tgan davr ichida ham madaniyatlarning o‘zaro ta’sir
ko‘rsatish va boyish jarayonlari davom etdi. Ammo bu jarayon milliy madaniyatlarni
bir qolipda rivojlantirishdan iborat bo‘lgan yaroqsiz siyosat orqali amalga oshirildi.
Bu siyosat natijasida milliy madaniyatlarning rivojlanishida bir tomonlama yo‘l
tutildi va milliy madaniyatlarni faqat rus madaniyati ta’sirida rivojlantirishga harakat
qilindi. Bu siyosat milliy madaniyatdagi o‘ziga xoslikka putur yetkazdi.
Davlat siyosati madaniyatning rivojlanishida katta rol o‘ynaydi, chunki u
davlat tomonidan ishlab chiqiladigan ma’lum dasturlar, ko‘rsatiladigan turli
shakllardagi yordamlar natijasida rivojlanib boradi. Ammo davlatning madaniyat
sohasida amalga oshiradigan siyosati mafkuraviy manfaatlarni amalga oshirishga
qaratilmasligi kerak.
Madaniyat ham o‘z navbatida davlat faoliyatining rivojlanib borishiga yordam
beradi. Masalan, kishilar siyosiy ongining o‘sib borishida madaniyatning o‘rni
nihoyatda kattadir.
Maorif, o‘rta va oliy ta’lim, adabiyot, fan, san’at, mafkura ma’naviy
madaniyatning asosiy sohalari bo‘lib, bu sohalarda amalga oshiriladigan har qanday
o‘zgarishda siyosatning ahamiyati benihoya kattadir.
Ma’naviy madaniyatning muhim sohalaridan biri bu maorifdir. Maorifning
rivojlanishi aholini savodxonlik darajasini ko‘rsatadi va kishilarning dunyoqarashini
shakllantirishda katta rol o‘ynaydi.
Ma’naviy madaniyat rivojlanishining yana bir ko‘rsatkichi fandir. Jamiyat
faqat ilmiy tafakkur yutuqlariga asoslangandagina rivojlanishi mumkin. Fan, bir
tomondan, tabiat va jamiyat taraqqiyotining qonuniyatlarini ochib, insoniyatning
rivojlanishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, insonning o‘zi ana shu
qonuniyatlarni o‘rganish va uni amalda qo‘llash jarayonida ma’naviy kamolga
erisha boradi. Fan va texnika yutuqlari ishlab chiqarishga jalb qilinibgina qolmay,
balki ana shu ishlab chiqarishning o‘zi ilmiy bilimlarni mukammal egallab olish
orqali amalga oshiriladi.
Fanning roli faqat ilmiy kashfiyotlarni yaratish va ularning imkoniyatlarini
inson manfaatiga xizmat qildirishga qaratilmasdan, jamiyatning ma’naviy qiyofasini
o‘zgartirish orqali samarali natijalarga erishishni ham ko‘zda tutadi (ilmiy jihatdan
asoslangan yo‘lni ishlab chiqish).
Fanlar ichida ijtimoiy fanlar alohida o‘rni tutadi. Hozir jahonda barcha
taraqqiy etgan mamlakatlarda ijtimoiy fanlarni o‘qitishga katta e’tibor berilmoqda
va ular olib borilayotgan siyosatda muhim o‘rinni egallamoqda. Bu mamlakatlarda
ijtimoiy fanlar qaysidir sinf yoki siyosiy partiya manfaatlarigagina xizmat qilmaydi,
balki ularda ijtimoiy fanlarni o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy siyosiy
ongni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, vatanparvarlik
axloqini mustahkamlashdan iboratdir.
Ma’naviy madaniyatning muhim belgilaridan yana biri adabiyot bo‘lib, u
inson ruhiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi ma’naviy boylikdir. Adabiyotning kishilar
o‘rtasidagi ommaviyligi hamda ta’sirchanligi bilan jamiyat ma’naviyatiga
qo‘shadigan hissasi beqiyosdir. U insoniyat tarixida yaratilgan barcha ma’naviy
boyliklarni keyingi avlodlarga yetkazishda, jamiyatda sodir bo‘ladigan jarayonlarni
o‘zida ifoda etishda katta ahamiyatga egadir. Adabiyot har bir davrning
ma’naviyatini ifoda etish bilan birga, kishilarni hayotga tayyorlashda ularning
siyosiy ongini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’naviy madaniyatning tarkibiy qimslaridan biri – bu san’atdir. Teatr,
musiqa, rassomlik, xalq hunarmandchiligi va boshqalar san’atning turli ko‘rinishlari
hisoblanadi. Ular bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, mamlakatda siyosiy,
ma’naviy va ijtimoiy jarayonlarning rivojlanishida katta ahamiyatga ega.
Ma’naviy madaniyatning sohalaridan yana biri din hisoblanadi. Din – ijtimoiy
ongning o‘ziga hos shakllaridan biri, xudo yoki xudolarning «muqaddas» kuchining,
ya’ni biror turdagi g‘ayritabiiy kuchning mavjudligiga ishonishga asoslangan
dunyoqarash va hissiyot, shuningdek, muayyan xulq va xatti-harakatlar majmui
(sig‘inish).
Ma’naviy madaniyatning muhim belgilaridan yana biri – bu mafkuradir. U
muayyan manfaatlarni himoya qiluvchi siyosiy, huquqiy, falsafiy, diniy va badiiy
qarashlar tizimini ifoda etadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda jamiyatni
rivojlantirish g‘oyalari atrofiga birlashtirish va ularni g‘oyaviy qurollantirishdan
iborat.
Mafkura barcha ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarda, shu tuzumdagi turli sinflar va
partiyalarning manfaati uchun xizmat qilib kelgan. U jamiyatda ijtimoiy fanlar,
adabiyot, san’at, huquq va boshqa fanlar orqali targ‘ib qilib kelingan.
Xullas, madaniyatning barcha belgilari davlat siyosatida muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, hozirgi kunda davlat boshqaruvini modernizatsiyalash zaruriyati
madaniyatning siyosiy va ijtimoiy taraqqiyot uchun muhimligini yaqqol
ko‘rsatmoqda.
1.3. Madaniy taraqqiyotning asosiy qonuniyatlari
Milliy madaniyatni rivojlantirish uchun o‘tmishdagi madaniy merosdan keng
foydalanish ham madaniy siyosatining asosiy yo‘nalishidir. Ammo davlatning
madaniyat sohasidagi siyosatida madaniyatning o‘z milliy doirasi atrofida
chegaralanib qolmasligi uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rish va bu ishni
izchillik bilan amalga oshirish muhim o‘rin egallashi darkor. Buning uchun jahon
madaniyatining ilg‘or tomonlaridan milliy madaniyatlarning o‘zaro boyishiga
imkoniyatlar yaratishi kerak.
Madaniyat, birinchi navbatda, milliy va umuminsoniy manfaatlarga xizmat
qilishi zarur. Madaniyat sohasidagi siyosatning g‘oyasi davlat, partiya yoki ayrim
guruhlar tomonidan belgilab berilmasdan, balki xalqning umumiy maqsadlarini
ifoda etuvchi g‘oyalaridan kelib chiqishi zarur.
Madaniyat inson hayotida muhim vazifalarni bajaradi. Ular orasida
quyidagilarni alohida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin:
- madaniyat ijtimoiy vazifalarni, ya’ni insonni, odamni shaxs qilib
shakllantirish va tarbiyalash vazifasini bajaradi. Madaniyat har bir shaxsda insoniyat
yaratgan bilimlarni, ma’naviy qadriyatlarni, tartib-qoidalarni o‘zlashtirib olish,
jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida faoliyat yuritish qobiliyatini shakllantirish
vazifasini bajaradi. Aynan madaniyat orqali har bir shaxs jamiyatda uzoq yillar
davomida to‘plangan tajribalarni, an’analar va urf-odatlarni, turmush tarzini
o‘zlashtiradi, imkon qadar boyitadi va nihoyat ular keyingi avlodlarga yetkaziladi;
- madaniyat axborotlarni o‘zlashtirish, bilish, tushunish vazifasini bajaradi.
Madaniyat inson uchun dunyoni bilish, dunyo to‘g‘risida turli ma’lumotlar,
axborotlar olish, ularni avloddan-avlodga o‘tib borishini ta’minlaydi;
- madaniyat tartibga soluvchi vazifani ham bajaradi, ya’ni kishilar o‘rtasidagi
o‘zaro munosabatlarni belgilangan tartib-qoidalar, axloqiy-huquqiy normalar
asosida tartibga solishga xizmat qiladi;
- madaniyat kishilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashuv bilan bog‘liq bo‘lgan,
aloqa vazifasini bajaradi. Bu borada til asosiy vosita rolini o‘ynaydi. Madaniyatning
bir qator sohalari – fan, san’at, texnika va boshqalarning o‘ziga xos tili bo‘lib, ularni
bilmasdan turib madaniyatni to‘laligicha bilib bo‘lmaydi;
- madaniyat aksiologik vazifani ham bajaradi, ya’ni kishilar tomonidan
moddiy, ma’naviy, estetik, axloqiy qadriyatlarni egallashga, yomondan yaxshini,
be’mani, xunuk narsalardan go‘zallikni ajrata bilishga ko‘maklashadi;
- madaniyat ijodkorlikni rivojlantirish vazifasini ham bajaradi. Insonni
mavjud madaniyatga tanqidiy-ijodiy qarash, isloh qilish, takomillashtirish, yangi
bilimlar, qoidalar, qadriyatlar, tartib-qoidalar yaratishga undaydi;
- madaniyat kishilardagi jismoniy va ruhiy-ma’naviy toliqishni haydashga
xizmat qiladi, bunda hordiq chiqarish, tiklanish, kayfiyatini ko‘tarish yo‘lidagi
tadbirlar, o‘yinlar orqali tashkil etuvchi vazifani ham bajaradi.
Madaniyatni xalqlarning tili, dini, an’analari, qadriyatlari, iqtisodiyoti
yaqinligini inobatga olib milliy, mintaqaviy, davriy jihatdan bir necha turlarga
bo‘lish keng tarqalgan. Milliy madaniyatda til asosiy vosita sifatida olinsa,
mintaqaviy madaniyatda diniy, axloqiy, badiiy, moddiy, geografik yaqinlik,
umumiylik nazarda tutiladi. Madaniyatni irqiy omilni nazarda tutgan holda bo‘lish
holatlari ham uchraydi.
XX asrning ikkinchi yarmida ayrim mutaxassislar jamiyat va madaniyat
sohasida yuz bergan o‘zgarishlarni tushuntirish uchun «kontrkultura», «subkultura»
tushunchalarini qo‘llay boshladilar. «Kontrkultura» deganda bir guruh yoshlarning
g‘arb mamlakatlaridagi rasmiy qadriyatlarga qarshi g‘oyaviy-siyosiy, badiiy
qarashlari, ideallari tushuniladi. Yoshlarning bunday chiqishlari so‘l radikalchilik,
anarxistik, ekstremistik ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. «Subkultura» deganda
jamiyatdagi turli tabaqalar, guruhlarga xos madaniy jihatlar hisobga olinadi. Yoshlar
orasida modaga berilgan xotin-qizlar, ayrim musiqaga («pop», «rok») berilgan yoki
alohida jargon bilan gaplashishni xush ko‘radigan subkulturalar haqida ham fikrlar
mavjud. Jamiyatni umumiy madaniyat asosida birlashtirishga intiluvchi «ommaviy
madaniyat» mavjudligi haqida fikr bildiruvchilar ham bor.
Shahar madaniyati, qishloq madaniyati, kasb madaniyati, ular o‘rtasidagi
farqlar haqida ham gapiriladi. Bularning hammasi madaniyatning murakkab tarkibiy
tizimdan iborat ekanligini ko‘rsatadi.
Madaniyatshunoslik fanida shaxs kamoloti muhim masaladir. Shaxsning
barkamol inson bo‘lib yetishishida tarixiy, ijtimoiy-madaniy muhitning ta’siri katta.
Inson ma’lum ijtimoiy-madaniy muhitda dunyoga keladi. Mavjud ijtimoiy-madaniy
muhit ta’sirida inson individdan ijtimoiy shaxsga aylanadi. Shaxsning
ijtimoiylashuvi madaniy-ijtimoiy muhit yaratgan va rioya qilinadigan qadriyatlarni,
urf-odatlarni, axloq-odobni, moddiy va ma’naviy boyliklarni, g‘oyaviy andozalarni
o‘zlashtirish, qabul qilish orqali sodir bo‘ladi, inson shaxs sifatida shakllanadi.
Madaniyat kishining nafaqat ijtimoiylashuvini, shuningdek, jamiyat bilan
integratsiyalashuvini
ham
ta’minlaydi.
Madaniyat
insonga
barkamollikka
erishishga, ijodiy kuchlarini namoyon etishga ko‘maklashadi. Shaxsning madaniy
darajasini baholashda uning aqli, tafakkuri, ongi, axloqi, xulq-atvori ham muhim
o‘rin tutadi. Madaniyat insonning yashirin, betakror individual xususiyatlari,
qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘stirish va rivojlantirishga yordam beradi.
Har qanday jamiyatda ham madaniyatning taraqqiyoti asosan moddiy hayot,
iqtisodiy yuksalish darajasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, uning rivojiga, xarakteriga,
darajasiga va mazmuniga boshqa qator ijtimoiy omillar ham shubhasiz, ta’sir
ko‘rsatadi.
Ma’naviy madaniyat taraqqiyotida iqtisodiy bazis belgilovchi rol o‘ynaydi.
Madaniyat so‘zsiz o‘zi shakllangan va taraqqiy topgan tuzumni va davrni aks
ettiradi. Mazkur tuzum madaniyat taraqqiyotida o‘z ijtimoiy xarakterining muhrini
qoldiradi. Shuning uchun ham, har bir xalqning madaniyati umumiy ijtimoiy
qonuniyatlar asosida rivojlanishi bilan birga, ayni vaqtda, mazkur xalqning
xususiyatlarini, ruhiyatini, xarakteri, urf-odatlari, milliy an’analari va boshqa shu
kabilarni ham o‘zida aks ettiradi. U o‘z xalqining iqtisodiy va siyosiy tuzumini,
turmush tarzini aks ettirish orqali jahon madaniyati xazinasiga o‘zining munosib
hissasini qo‘shadi. Bu turli xalqlarning tarixiy taqdiri, ularning iqtisodiy va ijtimoiy-
siyosiy munosabatlarining rivoji va xarakteri darajasiga, jo‘g‘rofiy hamda boshqa
ichki va tashqi sharoitlarning xususiyatiga bog‘liqdir.
Madaniyat taraqqiyotining muhim umumsotsiologik qonuniyatlaridan biri
uning to‘xtovsiz boyib borishi hisobiga ilgarilab boruvchi, progressiv xarakteridir.
Madaniyat tarixi insoniyat taraqqiyotining, uning kuch va qobiliyatlari
rivojlanishining, tabiat kuchlarini tobora ko‘proq o‘ziga bo‘ysundirishining, amaliy
va ma’naviy tajribasining boyib borishi va takomillashuvining yorqin dalilidir.
Madaniyat taraqqiyotidagi har bir qadam umuman butun insoniyat
taraqqiyoti, jahon tarixiy taraqqiyotining bevosita ifodasidir.
Madaniyatning qo‘lga kiritilgan yutuqlari insoniyat jamiyati taraqqiyotining
har bir yangi bosqichida o‘zlashtiriladi, qayta ishlanadi, boyitiladi va yanada
taraqqiy ettiriladi. Har bir yangi avlod o‘zining faoliyatida ilgarigi avlodlar
tomonidan to‘plangan tafakkur materiallaridan, madaniy boyliklardan foydalanadi,
avvalgi ijtimoiy taraqqiyot natijalarini meros qilib oladi va shu bilan birga ularni
davom ettirib, tarixiy taraqqiyotga o‘zining hissasini qo‘shadi, umuminsoniy
madaniyat taraqqiyotida olg‘a tomon qadam tashlaydi. Bu qonuniy aloqa tufayli
butun taraqqiyotda pastdan yuqoriga, oddiydan murakkabga va doimo olg‘a qarab
boradigan harakatning yagona jarayoni maydonga chiqadi.
Jahon madaniyati har bir xalq madaniyatining eng yetuk, eng yuksak
namunalaridan tashkil topadi, u har bir milliy madaniyatdan umuminsoniy
tomonlarni o‘ziga mantiqan birlashtiradi. Shuning uchun Gomer, Aristotel,
Shekspir, Ibn Sino, Gyugo, Bayron, Gegel, Tolstoy, Sa’diy, Navoiy, Tagor
asarlaridan ularni voyaga yetkazgan millat va xalqgina emas, butun insoniyat,
dunyodagi barcha xalqlar bahramand bo‘lib kelmoqdalar.
Shunday qilib, madaniy taraqqiyotning to‘xtovsiz boyib borishi, progressiv
xarakteri (pastdan yuqoriga, oddiydan murakkabga, madaniy vorislik (meros), har
bir xalqning o‘z madaniyatiga egaligi va jahon madaniyatiga o‘z hissasini qo‘shib
umuminsoniy madaniyatni boyitishi, har bir davrning o‘z madaniyatiga egaligi va
madaniyatni avvalgi davrlar madaniyatidan kelib chiqishi, boyishi, yuksalib borishi
qonuniy jarayon hisoblanadi.
1.4. Madaniy va ma’naviy meros. Mustaqillik sharoitida o‘zbek milliy
madaniyatini rivojlantirishning nazariy asoslari
Jamiyat, madaniyat rivojida ma’naviy-madaniy meros katta ahamiyatga ega.
Madaniy-ma’naviy
meros
qadim
zamonlardan
beri
ajdodlarimiz,
ota-
bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan madaniy-ma’naviy boyliklar – siyosiy,
iqtisodiy, falsafiy, huquqiy va diniy qarashlar, axloq-odob meyorlari, ilm-fan
yutuqlari, tarixiy, badiiy va san’at asarlari va boshqa milliy qadriyatlar majmuidir.
Bunday boyliklar, qadriyatlar bir yilda, bir asrda hosil qilinadigan hodisa emas, ular
jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida uning ehtiyoji tufayli yuzaga keladi.
Ular jamiyat siyosiy tuzumi jihatidan o‘zgarishi bilan yo‘qolib ketmaydi, keyingi
avlodlar uchun meros bo‘lib qoladi. Madaniy-ma’naviy meros insonni yuksalishga
da’vat etadigan, ichki olamini boyitadigan, irodasini, e’tiqodini mustahkamlaydigan
qudratli kuchdir. Har bir avlod o‘zidan oldingi avloddan ma’naviy-madaniy
qadriyatlarni, moddiy va ma’naviy sohada erishilgan yutuqlarni meros qilib oladi va
yanada rivojlantiradi. Shu tariqa avlodlar almashinuvi barobarida jamiyat
yangilanib, rivojlanib boradi, inson uchun zarur bo‘lgan jismoniy va ma’naviy-
madaniy makon o’zgarib, takomillashib boradi. Bu jarayon jamiyat va madaniyat
taraqqiyotiga xos betinim amal qiluvchi qonuniyatdir.
O‘zbekistonda mustaqillikni yanada mustahkamlash, jahon hamjamiyatida
o‘zining munosib o‘rnini egallash yo‘lida siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy,
ma’naviy-ma’rifiy sohalarda, kishilar tafakkurida tub o‘zgarishlarni amalga
oshirish, milliy g‘oya, milliy mafkurani shakllantirish jarayoni kechmoqda. Bu
jarayon uchinchi ming yillik boshida amalga oshmoqda. Shu munosabat bilan
Prezident I. Karimovning quyidagi so‘zlari o‘ta ibratlidir: “Biz kelgusi asrga o‘zimiz
bilan nimani olib o‘tishimiz mumkin? Va nimalardan voz kechishimiz darkor?
Yangi ming yillikda qanday muammolarning yechimi bizning diqqat e’tiborimiz
markazida turmog‘i lozim?” Prezidentimiz ilgari surayotgan bu mulohazalar
madaniy va ma’naviy merosimiz muammolarini hal qilishda asosiy dasturiy amal
bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim.
Madaniy meros – bu o‘tmishdan qolgan qadriyatlar, g‘oyalar, tajriba va
bilimlar bo‘lib, ular keyingi avlod tomonidan o‘zlashtiriladi, ishlab chiqarish
munosabatlariga mos ravishda rivojlantiriladi va o‘z navbatida keyingi avlodga yana
meros bo‘lib o‘tadi. Bu madaniyatning harakatdagi asosiy qonunlaridan biri
hisoblanadi. Bu jarayon insoniyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini bir butun holda
birlashtirib turadi. Ma’naviy meros kishilarning saviyasini behad kengaytiradi, ular
hayotini aqliy va hissiy jihatdan boyitadi, bilimning bitmas-tuganmas manbai bo‘lib
xizmat qiladi.
O‘tmish bilan batamom uzilish mumkin emas. Insoniyat tarixida mutlaqo
yangi madaniyat yaratishga urinishlar bo‘lgan, biroq bunday urinishlar xunuk
natijalarga olib kelgan. Bunga o’tgan asrda sovet davlatida «proletar madaniyatini»
yaratishga urinishni yoki «madaniy inqilob»ni misol tariqasida keltirish mumkin. Bu
«inqiloblar» jarayonida yangi madaniyat yaratilmadi, aksincha milliy madaniyatlar
yo‘q qilindi: qadimiy qo‘lyozmalar, kitoblar, suratlar yoqildi; me’moriy
yodgorliklar buzildi, eng achinarlisi, madaniy qadriyat egalari mahv qilindi.
Oqibatda o‘tmish bilan bog‘liq uzviylik buzilib jamiyat ma’nan orqaga ketdi.
Madaniyatning meyoriy rivojlanishi uni asrab kelgusi avlodlarga meros qilib
qoldirishni bildiradi. Biroq, bu jarayon oddiy va bir xilda kechmaydi. Ma’naviy
qadriyatlarning mundarijasi, ularni qayta ko‘rib chiqish va qayta baholash, ularning
o‘zaro bog‘liqlik usullari, munosabat tiplari, bilimlarni asrash va uzatish, hayot
meyorlari, voqelikni estetik idrok qilish xususiyati o‘zgarmasdan qolmaydi, ular
uzluksiz harakatda bo‘ladi. Meros serqirra va ko‘p qiyofalidir. Har bir yangi
avlodning vorislik mexanizmi ajdodlarining tajribasidan madaniyatning turli
sohalarida farqlanadi: san’atdagi o‘lcham fandagidan boshqacha, tabiiy fanlar
gumanitar fanlardan farqli. Vorislik (meros) har qanday sohada insonning haqiqiy
o‘zlashtirishida namoyon bo‘ladi va ayni paytda mahalliy yoki dunyo miqiyosidagi
jarayonlar shaklida ham ifodalanishi mumkin. Insoniyatning ma’naviy yutuqlarini
meros qilib qoldirishda vorislik keng miqyosli (umumiy) shaklda, jarayonlar
muffasal yo‘nalishda amalga oshadi. Masalan, yer yuzidagi barcha xalqlarning
zamonaviy bilim sohalariga zamin bo‘lgan qadimgi Misr me’morchiligi, Bobil
astronomiyasi, hind matematikasi, antik falsafa, rim huquqi madaniy taraqqiyotga
ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Agar madaniyat va ma’naviyat sohalari tarkibida til, udumlar, an’analar va
boshqalar bo‘lsa, ma’lum xalqning madaniyat tarixi doirasida meros qoldirish
jarayoni yaxshiroq kechadi. Boshqa sohalarda esa texnika, fan, san’at kabi
sohalardagi bir xalqqa tegishli meros boshqa xalqlarga ham tegishli mulkka
aylanadi.
Keyingi avlodlarga meros qoldirish uchun madaniyatda belgilangan usul va
mexanizm mavjud. Ulardan ba’zilari qadimdan amal qiladi, bu – namoyish qilish,
og‘zaki uzatish, folklor, san’at, boshqa usullar keyinroq paydo bo‘ldi, bu – kino
tasviri, ohangrabo yozuvi, kompyuter xotirasi. Barcha jamiyatlarda ham haqiqatdan
ma’naviy merosni o‘zlashtirish imkoniyatlari bir xilda emas. Ular ijtimoiy-iqtisodiy,
siyosiy, g‘oyaviy omillar bilan belgilanadi. Bu omillar merosning hajmi, tanlash
xususiyati, intensivligiga bog‘liq. Bizga ma’lumki sovet jamiyatida kommunistik
g‘oya hukmronligi davrida xalqlar, xususan O‘zbekistonda ham o‘zining haqiqiy
tarixiy, milliy va ma’naviy merosidan mahrum etilgan edi. Umuman olganda,
madaniy merosdan mutlaqo mahrum bo‘lgan yoki foydalanmagan jamiyat yoki
xalqlar tarixda bo‘lishi mumkin emas.
Ajdodlar yaratgan ja’miki boylikka yangi avlod merosxo‘r bo‘ladi, tarixiy
ahamiyatini yo‘qotgan madaniyat o‘rnida yana madaniyatlar vujudga keladi,
avvalgilaridan ko‘p narsalar o‘zlashtiriladi. Bu ma’naviy merosning uzviyligini
anglatadi. O‘tmish tajribasi bugun va kelajak uchun har doim asqotiqishi mumkin,
shuningdek, bugun unutilgan narsalar butunlay yo‘qolib ketmaydi. Masalan,
V. Shekspir yuz yilcha unutilib, keyingi avlodlar uchun jahon adabiyoti va
drammaturgiyasining klassigi sifatida tanildi.
O‘tmishdan kelajakka o‘tish jarayonida meros o‘zgaradi. O‘tish davrida
madaniy merosning xususiyati o‘zgarishi mumkin. Ya’ni, milliy g‘oya mavjud
nuqtai nazar va bilimlar talabiga mos keluvchi yangi talqindagi mazmun kasb etadi.
Mana shunday ko‘rinishda u kelajakka meros bo‘lib o‘tadi. Bizning kunimizgacha
Suqrot va Demokrit asarlarining asl nusxasi saqlanib qolmagan, biroq keyingi
avlodlar ularning g‘oyasini o‘zi uchun yangitdan kashf qilgan va ularning falsafasini
talqin qiluvchi minglab kitoblar yaratilgan.
O‘tmishdan qolgan madaniy boyliklar butunlay o‘zlashtirilmaydi, balki yangi
davr talabiga, ruhiga javob beruvchi, mohiyatan zarur bo’lganlargina olinadi.
Hozirda eskirgan va kerakmas deb hisoblanganlari kelajakda balki yangi mohiyat va
muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Allaqaysi davrda qolib ketgan kiyinish usuli
kutilmaganda odatga aylanishi mumkin. Yangi hayot qadim donishmandligidan
g‘oya oladi.
Har bir xalq o‘zining mustaqil, betakror, behad noyob madaniyatiga ega.
Xalqlar hayotining mintaqaviy, tarixiy o‘ziga xosligi har bir xalq madaniyatining
rivojlanishi uchun sharoit yaratib beradi, u yoki bu etnos hayotining saqlanib qolishi
va barhayotligiga imkon tug‘diradi. Inson, madaniyatlarga merosxo‘r sifatida milliy
mulkini o‘zlashtiradi. Namunaviy hulq qadriyatlarini asrashda va kelajakka
qoldirishda, jamiyatda odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, aniq
barqarorlik bo‘lishi zarur. Madaniyatning mavjudligi va rivojlanish an’anasida,
madaniyatlarni asrash usulida ham bu barqarorlik bor. An’ana madaniyatda yangi
odatlar bilan uyg‘unlashib ketadi.
Yuqorida
ta’kidlanganidek,
milliy
ma’naviy
meros
muammosi
mamlakatimizda jamiyat uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chorizm
mustamlakachiligi davrida Turkiston xalqlarining madaniyatiga «qoloq» madaniyat
deb, past nazar bilan qaralgan. Keyin sovetlar davrida O‘zbekiston xalqining
madaniy merosiga bir yoqlama munosabat hukmronlik qildi. Tarixiy haqiqatga,
adabiyot va san’at asarlariga «sinfiy kurash», «xalqchillik» kabi nazariyalar orqali
baho berildi. Faqat kommunistik g‘oyaga mos keluvchi narsalarga yutuq sifatida
qaraldi, qolgan barchasiga xato deb yoki mutlaqo kishilar xotirasidan o‘chirib
tashlashga urinildi. I. Karimov «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka
tahdid, barqarorolik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida ta’kidlanganidek,
“Uzoq davom etgan qattiq mafkuraning tazyiqiga qaramay, O‘zbekiston xalqi
avloddan-avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga
xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi”. Mustaqilligimizning dastlabki
kunlaridanoq, ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan
g‘oyat ulkan bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga
ko‘tarilganligi mamlakatimiz hayotida muhim voqea hisoblanadi.
Jamiyatimiz jadal va tub o‘zgarishlar holatini boshdan kechirmoqda. Bunday
davrda har bir kishiga mustahkam tayanch zarur. Faqat milliy g‘oya shunday
tayanch bo‘lishi mumkin. Faqat milliy g‘oya islohotlar yo‘lidan muvaffaqiyatli
borish uchun millatni birlashtirishi va jipslashtirishi mumkin. Mamlakat Prezidenti
Islom Karimov O‘zbekistonning kelajagi to‘g‘risida mulohaza yuritar ekan, bunda
birinchi darajali vazifa qilib milliy g‘oyani shakllantirish vazifasini qo‘ydi. Uning
asosida xalqning haqiqiy tarixini, milliy an’analarni tiklash, madaniy va ma’naviy
merosni o‘rganish g‘oyasi yotadi. Xuddi shu g‘oya – XXI asrda O‘zbekistonning
ozod fuqarolarining ma’naviyati shakllanishida katta ahamiyat kasb etib, ularning
o‘z Vatanini gullab-yashnashi uchun fidoyi bo‘lishi, o‘z xalqining buyuk
o‘tmishidan faxrlanuvchi millat farzandlari bo‘lib shakllanishi uchun xizmat qiladi.
O‘zbek xalqining madaniy merosi ming yillar davomida yaratilgan. Unda turli
davrlarda O‘zbekiston hududida yashagan xalq e’tiqod qilgan zardo‘shtiylik,
buddizm, islom va boshqa dinlar yaratgan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar
mujassamlashgan. Unda butun dunyoga mashhur imom al-Buxoriy, at-Termiziy,
Naqshbandiy, Yassaviy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, A. Navoiy kabi
ko‘plab buyuk mutafakkirlarimizning ma’naviy merosi bor, bu merosda Amir
Temur va Zahiriddin Muhammad Boburlarning davlatchilik va siyosiy qurilish
tajribalari, buyuk me’morchilik yodgorliklari, tasviriy san’at, musiqa, amaliy san’at
asarlari, xalq urf-odatlari va an’analari, milliy sport turlari uyg‘unlashgan.
Mustaqillik yillarida xalqimizga uning ma’naviy va madaniy boyliklarini
qaytarish borasida ko‘plab ishlar qilindi. Dastlabki, eng muhim qadam «O‘zbek tili
to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi bo‘ldi. Bu bilan o‘zbek tilining
xalqimizning bebaho madaniy va milliy boyligi sifatidagi maqomi tiklandi. Buxoro,
Xiva, Samarqand, Termiz, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent va boshqa shaharlardagi
me’morchilik yodgorliklarini ta’mirlash borasida faol ishlar olib borildi,
yodgorliklar qayta tiklanib, bu shaharlarning 2500-2750 yillik tantanalari o‘tkazildi
hamda ularning qadimiy shaharlar sifatidagi maqomi tiklandi. Ijtimoiy-iqtisodiy
muammolarga qaramasdan milliy madaniyatni asrovchi yangi muzeylar barpo etildi:
Temuriylar davri tarixi muzeyi, Olimpiya shon-sharafi muzeyi va O‘zbekiston
xalqlari tarixi muzeyi yangi mazmunda boyitildi. Maqomchilar muzeyi va boshqalar
dunyoga mashhur bo‘ldi.
Xalqimizga haqqoniy tarixi va xotirasi qaytarilmoqda. Milliy va jahon
madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan vatandoshlarimizning xizmatlari haqida
yubiley tantanalari o‘tkazildi. O‘tgan yillarda A. Navoiy, Z. M. Bobur, A. Qodiriy,
K. Behzod, A. Farg‘oniy kabi mutafakkirlarimizning yubileylari nishonlandi.
Alohida tantanalar bilan xalqaro miqiyosda Ulug‘bek, Amir Temur, Imom Buxoriy,
Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlarimizning tavalludlari, “Avesto”ning 2700 yilligi
va «Alpomish» eposining 1000 yilligi keng nishonlandi. Ayniqsa, begunoh qatag‘on
qurbonlarining xotirasi tiklanishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular orasida ko‘plab
madaniyat arboblarining nomlari bor: jadidchilik harakatining yo‘lboshchilari, shoir
va yozuvchilar – Munavvarqori Abdurashidxonov, A. Fitrat, Cho‘lpon, Botu va
boshqalar.
Milliy an’analarni tiklash bo‘yicha ham ko‘plab ishlar qilindi. Xalqimizning
buyuk qadriyati Navro‘z bayrami, shuningdek Ramazon va Qurbon hayitlari kabi
diniy bayramlar rasman hayotga qaytdi. Xayr-muruvvat udumlarini davom ettirish
va yosh avlodni barkamol o‘stirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi «Sog‘lom
avlod uchun» jamg‘armasini tashkil qilib, shu nomda dastlabki ordenini ham ta’sis
etdi. Nogiron bolalar uchun «Mehribonlik» kabi saxovat festivali muntazam
o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekistonda xalqaro kino, teatr va «Sharq taronalari» kabi
musiqa festivallar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Xalq baxshichilik
san’atiga e’tibor kuchayib Respublika tanlovlari o‘tkazildi. Shuningdek, milliy
kurashimiz xalqaro maqomga ega bo‘lib, jahon chempionatlari o‘tkazilmoqda.
Yuqorida ta’kidlanganidek, madaniy qadriyatlardagi vorislik jarayoni nafaqat
milliy madaniyatlar rivojidagi vorislik bo‘lmay, balki bunda boshqa xalqlar
madaniyatidagi ilg‘or yutuqlaridan foydalanish ham bor. Markaziy Osiyo
mintaqasida yashovchi xalqlarning madaniyati qadim zamonlarda ham G‘arb va
Sharq mamlakatlari bilan yaqin madaniy aloqalar asosida rivojlangan. Madaniy
hamkorlikning keng ko‘lami, etnik va diniy mazmundagi cheklanmaganlik
Vatanimiz madaniyatining asosiy xususiyatidir. Hozirgi davrda ham milliy
madaniyatni tiklashga asosiy e’tiborni qaratgan holda O‘zbekiston xalqi jahon
madaniyati va sivilizatsiyasining zamonaviy yutuqlarini egallashga harakat qilib,
jahon madaniyati rivojiga hissa qo‘shmoqda. Bu borada jadal amaliy ishlar
qilinmoqda: xalqaro tanlovlar va festivallar o‘tkazilmoqda, chet mamlakatlar
madaniyat kunlari va san’at asarlari ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda, hind
madaniyat markazi, fransuz madaniyat uyi singari doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi
madaniyat markazlari ochildi. O‘z o‘rnida aytish lozimki, O‘zbekiston
madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlarini nazariy asoslash va uning jahon
madaniyatidagi o‘rnini munosib baholash ishtiyoqi ham kuchli.
O‘zbekiston o‘zining boy madaniy an’analari va jahon madaniyati
jarayonlaridagi faol ishtiroki tufayli uning xalqaro miqyosdagi mavqei tobora
oshmoqda. Buning yaqqol misoli 1997-yilda YUNESKO Ijroiya kengashi a’zoligiga
O‘zbekistonning saylanishi va 1998-yil 6-noyabrda Toshkentda YUNESKO Ijroiya
kengashining 155-sessiyasini o‘tkazilishidir. Unda O‘zbekistonning taklifi bilan
«Jahon madaniyati va YUNESKOning a’zo davlatlaridagi faoliyati» degan hujjat
qabul qilindi. Jahon madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan milliy madaniy
merosni asrash va o‘rganish rejasi bo‘yicha O‘zbekiston YUNESKO bilan o‘zaro
munosabatlarini yanada kengaytirishi va respublikada zamonaviy ta’lim tizimini
takomillashtirishi mo‘ljallangan.
Nazorat va muhokama uchun savollar:
1.
Madaniyatshunoslik fani nimani o‘rganadi?
2.
«Madaniyat» atamasining mazmuni nima va bu atama fandan
qachon paydo bo‘lgan?
3.
Madaniyat deganda qanday ma’noni tushunasiz?
4.
Inson va jamiyat hayotida madaniyat qanday o‘rin tutadi?