Maktabgacha yoshdagi bolalarning sensor tarbiyasi
Reja:
1.Sensor tarbiya mazmuni
2.Sensor tarbiya vazifalari.
3.Dastur asosida bolalarni sezish qobiliyatlarini rivojlantirish.
Tayanch tushuncha:
Sezgi – bu atrof olamdagi moddiy dunyoni, narsa va hodisalarning inson ongida
aks etishi.
Ta’limni insonparvarlashuvi va inson qobiliyatlarining ochilishi uni ta’limga
nisbatan bo’lgan turli-tuman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va umumbashariy
qadriyatlar ustivorligini ta’minlanishi, inson jamiyat va atrof-muhit o’zaro
munosabatlarining uyg’unlashuvi Prezident I.A.Karimov «Erkin fuqaro ongli
yashaydigan, mustaqil fikrga ega bo’lgan shaxs ma’naviyatini shakllantirish
bizning bosh milliy g’oyamiz bo’lishi zarur» deb ta’kidlaydilar.
Bu tasavvurlarning xususiyati, ularning aniq ravonligi, to’laligi voqelikni aks
ettirishni ta’minlovchi sensor jarayonlarning rivojlanish darajasiga ya’ni, sezgi va
idrokning rivojlanganligiga bog’liqdir. Xissiy bilish maktabgacha yoshidagi
bolalikda alohida ahamiyatga ega. Fikrlash va nutq etakchi o’rin tutadigan
mantiqiy bilish xissiy tajribadan kelib chiqadi. Sensor rivojlanish har qanday
amaliy faoliyatni muvaffaqiyatli egallashning sharti hisoblanadi.
Tevarak atrofdagi borliqni bilish sezgi va idrokka asoslanadi. Tasavvurning
asosini bevosita sezish orqali idrok qilish tashkil etadi. Bunday tasavvurning
aniqligi, to’laligi sensor jarayonlarning rivojlanish darajasi bilan belgilanadi.
Sensor tarbiya sezgi va idrokni biror maqsadga qaratilgan holda rivojlantirishdir.
“Sensor” so’zi lotincha “sensus” – “tuyg’u”, “sezgi”, “idrok”, “sezish
qobiliyati” ma’nolarini anglatadi. Borliqni bilish sezgi, idrok qilishdan
boshlanadi.
Inson ko’rish, sezish va hakozolar yordamida tevarak – atrofdagi narsa va
hodisalar to’g’risida bilimga ega bo’ladi, faqat shular asosidagina unda xotira,
tafakkur, xayol jarayonlari hosil bo’ladi.
Bog’cha va kichik maktab yoshidagi bolalar aqliy bilimining 10,9 qismini
sezish orqali idrok etilgan ta’surotlar tashkil etadi. Sezgi va idrok qanchalik boy
bo’lsa, insonnining tevarak-atrofdagi olam haqidagi tasavvurlari shunchalik keng
bo’ladi. Bolalarning sensor madaniyati, unda sezgi va idrokning rivojlanish
darajasi bilish faoliyatining muvaffaqiyati uchun muhim shart-sharoit hisoblanadi.
Sensor tarbiya pedagogika fanida bolalarning aqliy, estetik, jismoniy va
mehnat tarbiyasining asosi hisoblanadi.
Maktabgacha yosh davri sensor jarayonlarni rivojlantirish davridir. Shuning
uchun bu davrda sensor tarbiya muhim o’rinni egallaydi. Sensor tarbiya hissiy
bilish qobiliyatlarini shakllantirishga, sezgi, idrokni takomillashtirishga qaratilgan
pedagogik ta’sir sistemasidir.
Mariya Montesori texnologiyasi aynan shu fikrni olg’a suruvchi usullar
majmui bo’lib, ma’nan etuk, mustaqil fikrlovchi, intiluvchan shaxsni tarbiyalashda
muhim o’rin tutadi. Shifokor-pedagog Mariya Montesori yaratgan maktabgacha
tarbiya metodikasi maktab yoshidagi bolalarni tarbiyalash borasidagi barcha
tizimlar orasida alohida ajralib turadi. Agar ota-onalar o’z farzandlariga rahmdillik,
mehr-muruvvat tuyg’ularini uyg’ota olmas ekanlar, u holda bolalar nafaqat begona
odamlarga balki o’z ota-onasiga ham xissiz bo’lib qoladilar. Montesori metodikasi
bo’yicha maktabgacha yoshdagi bolalarni sensor tarbiyalashda quyidagi maqsadlar
nazarda tutilishi kerak:
1. Barcha tashqi xissiyotlarni shakllantirish.
2. Tashqi hissiyotlarni tarbiyalash orqali xali to’liq shakllanmagan barcha
ruhiy jarayonlarni rivojlantirish kerak. Chunki diqqat, intellekt va iroda to’liq
rivojlanmagan bo’ladi.
3. Odatiy bir yoqlama madaniy tasavvurdan xalos bo’lish.
4. Nutq apparatlari orqali tilni rivojlantirish, so’z boyliklarini oshirish.
5. Bolalarning ruhiy va jismoniy imkoniyatlariga muvofiq tarzda, o’z-o’ziga
xizmat qilishda ehtiyoj va talablarni rivojlantirish.
Yuqorida ko’rsatilgan pedagogik maqsadlarga erishish uchun Montesori
yaxshi sharoitda bolani tarbiyalash usullarini tavsiya etadi. Uning materiallari
ayniqsa aqliy faoliyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sensor tarbiyaning vazifasi va mazmuni. Sensor tarbiyaning maqsadi
maktabgacha tarbiya yoshdagi bolalarning sensor qobiliyatlarini o’stirishdan iborat.
Sensor tarbiya qobiliyatlarni rivojlantirish uchun bolalar buyumning faqat
nimaga ishlatilishini, nomigagina bilishi etarli bo’lib qolmay, balki ular buyumlarni
chuqurroq idrok etishi, ularni ushlash, ular bilan muomilada bo’lganda xilma-xil
sezgilar ishtirok etishi ham juda muhimdir, deb biladi. Tarbiyachi sensor
tarbiyaning ana shu tomonlariga alohida e’tibor berishi, bolalrga tegishli
topshiriqlar berishi: buyumlarni bir joydan ikkinchi joyga olib qo’yishda ularning
og’irligini his qilish, buyumni qo’lga olib, uning sirtini sezishi va sifatini - issiq
yoki sovuqligini ana shunga o’xshashlarini aniqlashi kerak.
Bolalarning yoshi ulg’ayib, hayot tajribalari ortishi, sharoitlarning o’zgarishi
bilan idrok etish jarayoni va unga qo’yidigan talab ham murakkablashadi.
Navbatchilar likobchalarning katta-kichikligi, chuqur yoki yuzaligini, piyola va
chinni idishlarning og’irligini, sirtining silliqligini, ushlaganda sovuqroqligini,
plastmassa buyumlarning engilligini his qiladilar. Stollarni u yoq bu yoqqa siljitish,
stullarni joy-joyiga qo’yish boshqa harakat sezgilarini uyg’otadi, fazoviy
munosabatlarni, kontur chiziqlar va xakozolarni idrok qilishni talab etadi.
Shunga asoslanib, sensor tarbiyaning quyidagi vazifalari belgilanadi:
Bolalarda perseptiv harakatlarni shakllantirish.
Buyumlarning xususiyati, sifati, munosabti to’g’risidagi umumlashgan
tasavvurlar sensor etalonlar sistemasini shaklllantirish. Sensor etalonlar
ijtimoiy-tarixiy tajriba jarayonida hosil qilingan namunalardir. Asosiy ranglar,
geometrik shakllar, notalarda, ifodalangan musiqali tovushlarning turli balandligi
ana shunday etalaonlar jumlasiga kiradi. Agar bola etalonlar va ularning og’zaki
ifodalanishi bilan tanish bo’lsa, uning tevarak-atrofni bilishi oson bo’ladi, u o’zi
uchragan buyumlarni ma’lum bir etalon bilan taqqoslaydi hamda buyumning rangi,
shakli, katta-kichikligi, detallarining fazoviy joylashishini aytib beradi.
Perseptiv harakatlardan, etalonlar sistemasidan amaliy faoliyatda va bilish
jarayonida mustaqil foydalanish malakasini shakllantirish.
Sensor tarbiyaninng mazmuni o’z ichiga tevarak-atrofdagi hamma sensor
belgilarni qamrab oladi. Bular bolalarning hamma faoliyatlari orqali amalga
oshiriladi va har xil sensor asosga egadir.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bola ranglarni farq qilish va ularning nomini
aytishga o’rgatiladi, ularda rang tuslari haqida, bo’yoqlarni aralashtirish natijasida
yangi rang yoki tuslar paydo bo’lishi to’g’risida tasavvur hosil bo’ladi, shuningdek
ular (nutqning tovush tomonlarini, so’zning tovush tuzilishini tahlil qilish
qobiliyatini) va musiqa tinglash o’quvini rivojlantirish ham sensor tarbiya
mazmuniga kiradi. Sensor tarbiya, shuningdek, taktik sezgilarni, buyumlarning
sifatini paypaslab, ko’rib farqlash va ularni to’g’ri aytish (silliq, mayin, dag’al,
yumshoq, og’ir, engil, sovuq, issiq va boshqalar) ko’nikmalarni rivojlantirish ham
sensor tarbiya vazifalaridan biridir.
Bolalar sekin-asta vaqtni tushuna boshlaydilar hamda vaqt tushunchasini
o’zlashtirdalar, vaqtning ketma-ketligi va davomliligini angaydilar. Dastlab
bolaning “kecha”, “bugun”, “ertaga” tushunchalarinitng nisbiyligini, vaqtning
davomliligini (bir daqiqa, besh daqiqa, bir soat) tushunib olishi qiyin bo’ladi.
Bunga tajribaning to’planib borishi va biror maqsadga qaratilgan ta’lim natijasida
erishiladi.
Yuqorida aytilganlarga xulosa qilib, sensor tarbiya bolalarning hamma
faoliyatlarida amalga oshiriladi deb aytish mumkin.
Sensor tarbiya usuli. Sezgi va idrok biror maqsadga qaratilgan mazmunli
faoliyat jarayonida muvaffaqiyatli rivojlanadi. Samarali faoliyat (rasm chizish, loy
va plastilindan buyumlar, applikatsiyalar yasash) sezgi va idrokning rivojlanishi
uchun qulay sharoit yaratibgina qolmay, balki buyumning shaklini, rangini, joyini
bilib olishga ham ehtiyoj paydo qiladi. Biror narsaning rasmini chizishdan oldin
bolani buyumlarning rangiga qarab taqqoslashga o’rgatiladi, suratlarni ko’zdan
kechirishda esa qanday qilib rang yordamida tasvirning badiiy ifodaliliga
erishilishini ko’rish qobiliyati rivojlanadi.