MAQOM TURKUMLARI
Reja:
1.XVII-XIX asrlarda san’at turi maqomning paydo bo’lishi.
2. Shashmaqom.
3. XIX asr cholg’uchilik ijrochilik san’ati tarixi.
4. XIX asrlarda xon saroylaridagi musiqiy hayot.
5. O’zbekiston maqomlarining turkumlari. Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari.
6. Buxoro maqomlari.
7. Xorazm maqomlari.
1.XVII-XIX asrlarda xalq va professional san’at turi maqomning
paydo bo’lishi.
XVII-XIX asrlarda cholg’ular batafsil ta’riflangan yirik asarlar
yaratilmadi. Bu ko’proq feodal tarqoqlikning kuchayishi bilan bog’liq. Ulkan
davlat ayrim-ayrim xonliklarga bo’linib ketadi. (Buxoro, Xiva, Qo’qon
xonliklari). Bu esa musiqa san’ati taraqqiyotida aks etmay qolmadi. O’zbek
musiqa madaniyati mahalliy xususiyatlar kasb eta boshladi.O’ziga xos musiqa
cholg’ulari shakllandi. Musiqa turlaridan maqomlar bundan bo’yon har bir
xonlikda o’ziga xos yo’nalishda takomillashdi. Maqom ijrochilari zarurat
yuzasidan o’zgarishlar kiritishdi. Shunga qaramay, musiqaning umumiy
xususiyatlarini saqlab qolishdi. Har bir ijrochi maqom ijrosiga ijodiy yondashib,
musiqa ijrosiga o’ziga xos takrorlanmas jihatlarini kiritdi. Og’zaki tarzda
cholg’ularni saqlab qolish an’anasi maqomning asosiy xususiyatlaridan biri
bo’lib, busiz uning yashab qolish va so’nggi taraqqiyotini tasavvur etish qiyin.
Har bir xonlikda o’ziga xos bir yo’nalishda xalq musiqasining yangi turlari
yaratildi: Bayramona kuylar, xalq tomosha san’ati kuylari( dorbozlik,
qo’g’irchoqbozlik), yangi turdagi raqs kuylaridir. Bu kuylar o’zining quvnoqligi,
sho’xligi bilan bir-biridan farq qilib turgan va keng xalq ommasini o’ziga jalb
etgan.
XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida o’zbek musiqa madaniyatida xalq
va professional musiqa san’atining quyidagi ko’plab yangi turlari takomillasha
boshlaydi: katta ashula, katta o’yin, Shodiyona, Navro’z, Mavrig’iy,
Shashmaqom, Chormaqom( unga Dugoh, Husayniy, Chorgoh, Bayot, Gulyori—
Shahnoz kirgan). Joylarda mavjud musiqa cholg’ulari va ijrochilarga bog’liq
holda turlicha cholg’u ansambllari tuzilgan. Ko’p hollarda xalq cholg’ulari
ansambli tarkibiga g’ijjak, tanbur, dutor, chang, nay, qo’shnay, doira kabi musiqa
cholg’ulari kiritilgan.
2. Shashmaqom. Musiqachilikda olti turkum asarlardan iborat
Shashmaqom ayniqsa mashhur bo’lgan. U O’rta osiyo xalqlari syuita (turkum)
shaklidagi professional musiqasining uzoq taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan.
I.Rajabov yozadi: “Shashmaqom olti turli lad sistemalaridan iborat, ularning har
biri o’z navbatida mushkulot (cholg’u) va nasr (ashula) bo’limlaridan iborat
bo’lgan quyidagi maqomlarga(qismlarga) bo’linadi; “Rost”, “Buzruk”, “Navo”,
“Dugoh”, “Segoh”, “Iroq”.
Har bir maqom 20 tadan 40 tagacha katta-kichik qismlarni o’z ichiga
oladi. Hammasi bo’lib turkumda 250 ga yaqin mushkulot va nasr qismlari bor.
Bir maqomning ijrosi bir necha soat davom etadi”.
Maqomlar asosan saroy a’yonlari huzurida muayyan vaqtda yoki muayyan
sharoitda ijro etilgan. Hatto mohir qo’shiqchilarning o’ziga xos musobaqasi
(ayniqsa avjlarni ijro etishda, shuningdek yangi qismlarni to’qishda) tashkil
etilgani ma’lum.
XIX asr oxiri va XX asr boshida mashhur xonanda va sozandalar Domla
Halim Ibodov, Usta Shodi Azizov, Levi Boboxonov, Hoji Abdulaziz Rasulov,
Sodirxon Bobosharipov, Boboqul Fayzullaev, Shonazar Sohibov, Fazliddin
Shahobovlar Shashmaqomga yangi hayot baxsh etishdi.
O’zbek xalq cholg’ularining ijrochilik imkoniyatlari ham kengaydi va
takomillashdi. Turli xil xalq cholg’u ansambllarining tashkil etilishi, yakkanavoz
cholg’uchilikning rivojlanishi, musiqa ustalaridan cholg’ularni yanada
mukammallashtirishni talab etdi. Biroz vaqtdan so’ng, xalq musiqasi
ansambllarida qashqar rubobi va chang singari cholg’ularning ovozi yangitdan
yangradi.
XIX asrda ijrochilik amaliyotida nay, qo’shnay, surnay, karnay, bo’lamon,
chang, qashqar, rubob, tanbur, dutor, do’mbra, g’ijjak, sato, doira, qayroq, safoyil
kabi cholg’ular mustahkam o’rin oldi.
3. XIX asr cholg’uchilik ijrochilik san’ati tarixi. Cholg’uchilik
ijrochilik san’ati tarixida ham XIX asr bir qator musiqa ustalarini etishtirib
chiqargan davr bo’ldi. Bular: To’ychi Hofiz, Shorahim Shoumarov, Shobarot
tanburchi, Abdusoat dutorchi, Usta Usmon Zufarov (Toshkent), Rustambek
(Andijon), Ro’zimatxon changchi (Namangan), Abduqodir naychi, Usta Masaid
doirachi va changchi Usta Olim Komilov, Yusufjon Qiziq (Marg’ilon) va
boshqalardir. Bu san’atkorlar o’zbek xalq musiqasi xazinasi boyliklarini saqlab
qolishda, yosh iste’dodlarni tarbiyalashda, qadimiy cholg’ularning tuzilishini
takomillashtirish va yangilarni yaratishda katta rol o’ynashdi. Yangi musiqa
cholg’ulari asta-sekin turmushga kirib kelib, o’tgan yuz yillik oxirida
ansambllardan mustahkam o’rin oldi. Musiqa cholg’uchilar tomonidan qo’shiq
va raqslarga jo’r holda ham keng foydalanildi, ohanglarning ta’sirchanligi
metroritmik bezak qochirimlar bilan to’ldirildi.
4. XIX asrlarda xon saroylaridagi musiqiy hayot. Sharqning ko’pgina
xalqlari kabi, o’zbeklar o’tmish avlodining musiqa san’atida professionalizm
eramizning birinchi asrlaridayoq vujudga keldi va asrlar davomida takomillasha
borib, ijrochilik madaniyatida ham vokal va cholg’u musiqa janrlarida ham
yuksak badiiy natijalarga erishdi. Ammo, professional musiqachilar bizning
asrimizgacha amalda nota yozuvini qo’llashmadi. O’zbek professional
musiqasining barcha murakkab namunalari og’zaki an’anada keng tarqalib keldi.
Shuning uchun ham, biz uni og’zaki an’anadagi professional musiqa deb ataymiz.
O’zbek professional ijrochilik madaniyati rivojlanganligi sababli hofiz va
sozandalar oldiga qadim vaqtlardanoq alohida talablar qo’yilgan. Havaskor
sozanda va xonandalar mashhur ustozlardan uzoq yillar ta’lim olganlaridan
keyingina, professional ijrochi bo’lib etishganlar. Ta’lim jarayoni quyidagicha
bo’lardi: o’z qobiliyati bilan ustoz e’tiborini qozongan o’smir unga shogirdlikka
tushib, jud ko’p miqdordagi musiqa asarlarini ( imkoni boricha batafsil) yod
olgan holda, bir necha ( odatta etti-o’n) yil davomida ijrochilik san’atini o’rganar
edi. So’ngra u ustoz oldida imtihondan o’tgach, u bilan teng xuquqli professional
ijrochi deb hisoblanar edi. Bu professional ijrochilardan ayrimlari ( masalan
surnaychi, karnaychi, na nog’orachilar, dorbozlar, qo’g’irchoqbozlar, raqqosalar
bilan birgalikda) maxsus uyushmalarga birlashar edilar.Bunday uyushmalarga
ko’proq tajribali ustozlar rahbarlik qilar edi. Har bir uyushmaning maxsus
qoidalari, risolalari bo’lib, unga uyushmaning a’zolari itoat qilar edi.
Eng mashhur musiqachilar hatto XIX asrlarda ham xon a’yonlariga xizmat
qilish uchun amir saroyiga (yoki boshqa yirik mansabdorlar dargohiga ) jalb
etilardi. Ular hukmron shaxslarning ijozatisiz xalq oldiga chiqib, o’z san’atlarini
namoyish qilishdan mahrum edilar. Bunday vaziyat ijro etiladigan ashula va
maqomlarning tematikasi talqiniga ta’sir etmay qolmas edi albatta. An’anaviy
matnlar hukmron shaxslarning didiga to’g’ri keladigan maqtov she’rlar bilan tez-
tez almashtirilib turilardi. Biroq saroy hofizlari va sozandalarining ko’pchiligi
og’zaki an’anadagi professional musiqa va umuman milliy meros an’analari bilan
o’z aloqasini uzolmasdi. Ilk tarbiyani yirik xalq-professional ustozlardan olgan
bu hofiz va sozandalar shahar musiqachilarining eng mohir vakil bo’lganliklari
tufayli saroyga jalb etilganliklaridan ham, tom ma’noda milliy musiqaning etuk
namoyandalari sifatida, og’zaki an’anadagi professional musiqa va umuman
merosimizning qudratli ta’siri ostida qolaverardilar.
Og’zaki an’anadagi o’zbek professional musiqasi o’z janr va shakllarining
rang-barangligi bilan xarakterlanadi. U yakka hamda jo’rovoz ijrochiga
mo’ljallangan, nisbatan murakkab tuzumli kuy va ashulalar, turkumli vokal
hamda cholg’u p’esalar va nihoyat qo’g’irchoqbozlik, dorbozlik va boshqa tur
tomosha san’atlari bilan bog’langan maxsus cholg’u p’esalarni qamrab oladi.
Og’zaki an’anadagi o’zbek professional musiqasida Sharqning boshqa xalqlari,
jumladan, ozarbayjon, eron va arablarda bo’lgani kabi vokal-cholg’u p’esalar
turkumi maqomlar katta o’rin egallaydi.
5. O’zbekiston maqomlarining turkumlari. Farg’ona Toshkent maqom
yo’llari. O’zbekistonda maqomlar o’z mahalliy belgilariga ko’ra ikki turkumga,
Buxoro va Xorazm maqomlariga bo’linadi. Bundan tashqari Buxoro
maqomlarining Farg’ona vodiysida tarqalgan ayrim qismlari o’zining mahalliy
belgilariga ega bo’lib, Farg’ona-Toshkent maqom yo’llarini tashkil etgan. (
Maqomlardan ayrim qismlarining mazkur Farg’ona-Toshkent variantlari 50-
yillargacha tadqiqotchilar tomonidan noto’g’ri ravishda, alohida uchinchi tsikl--
Chormaqomga ajratib kelingan edi). Maqomlarning mavzusi asosan keng
ma’nodagi lirika doirasi bilan chegaralanadi. Maqomlar vokal bo’limlarining
matnini odatda, Sharq she’riyatining mumtozlari—Hofiz, Bedil, Jomiy
keyinchalik esa, Navoiy, Ogahiy, Muqimiy va boshqalarining she’lari tashkil
qilgan. Shu bilan bir qatorda, ularda xalq she’riyati namunalaridan ham
foydalanilgan.
O’zbek va tojik xalqlarining teng darajadagi merosi hisoblangan Buxoro
maqomlari turkumi –Shashmaqom olti maqomdan : Buzruk, Rost, Navo, Dugoh,
Segoh, Iroqdan iborat. Ularning har biri keyingi vaqtlarda Mushkilot va Nasr deb
atalayotgan cholg’u hamda vokal bo’limlariga ega.
Har bir maqomning cholg’u bo’limi tugallangan qism yoki p’esalardan
iborat bo’lib, ular Tasnif, Tarje’, Gardun, Muxammas va Saqil deb nomlangan.
Ular lad-intonatsion, metr-ritmik va shakl-tuzilish xususiyatlari bilan bir-biridan
farq qiladi. Maqom cholg’u bo’limining har bir qismida xona va bozgo’y muhim
xususiyatga ega. Birinchi xona odatda butun kuy asosini tashkil etadi. Navbatdagi
xonalar uning rivojidan iboratdir. Bozgo’y--refren (naqorat) ma’lum ohang
tuzilmasining vaqt-vaqti bilan takrorlanishidir. Bozgo’y har bir xonadan (ba’zan
bir necha xonalardan) keyin keladi.
Cholg’u bo’liining har bir p’esasi o’zining xarakterli doira usuli (yoki boshqa
urma asboblarda ijro etiladigan ritmik tuzilmalari) hamda ma’lum metr-ritmik
asosga ega. Bu holat vokal bo’limi uchun ham xarakterlidir.
6. Buxoro maqomlari. Buxoro maqomlarining vokal bo’limlari ikki guruhni
tashkil etuvchi bir necha sho’’balardan( keng ko’lamli tugal p’esa maqomlarning
asosiy tarkibiy qismi) iborat. Birinchi guruhni tashkil etuvchi sho’’balar—
Saraxbor, Talqin va Nasr (so’nggisi har maqomda 2-3 tadan mavjud)dir. Har bir
sho’’ba quyidagicha tuzilishga ega: muqaddima bo’limi--daromad ( shakl tuzumi
jihatidan tugallangan) miyonxat--odatda daromadning kvarta yoki kvintaga
yuqori tomon transpozitsiya etilgan (ko’tarilgan) hamda rivojlantirilgan varianti;
miyonxatdan so’ng (yana boshlovchi tovushga qaytilgandan keyin) dunasr
(daromadning yuqori tomon oktavaga transpozitsiya qilingan hamda
rivojlantirilgan varianti) keladi, keyin yuqori registrdagi avj namudlari keladi;
avjdan so’ng, odatda, boshlang’ich tuzilmalardan biri--daromad yoki ko’proq
miyonxatning qisqartirilgan reprizasi takrorlanishi bilan sho’’ba yakunlanadi.
Birinchi guruhda har bir sho’’badan so’ng nisbatan kichikroq hajmli va
kuplet shaklidagi bir necha Tarona keladi. Ular oraliq vazifasini o’taydi va
Suporish (ya’ni bog’lovchi tuzilma) vositasida navbatdagi sho’’baga olib o’tadi.
Sho’’baning birinchi guruhi (undan oldingi Nasrlarning biridan hosil
qilingan)hamda xotima rolini bajaruvchi Suporish bilan tugallanadi.
Sho’’balarning ikkinchi guruhi faqat Buxoro maqomlarida mavjud bo’lib,
avvalo unda Tarona bo’lmaganligi uchun hamda o’zining tuzilishiga ko’ra
birinchi guruhdan farq qiladi. Unda har bir asosiy sho’’ba undan hosil bo’lgan va
xuddi shu asosiy sho’’baning metr-ritmi o’zgargan (boshqa usulda berilgan)
variantlardan iborat. Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufor qismlariga ega
bo’lib, ularning har biri o’ziga xos metr-ritmik tuzilmadagi usullar bilan
xarakterlanadi.
Maqomlarning ashula yo’llari cholg’u asbolar jo’rligida ijro etilib, unda
tanbur va doira asosiy cholg’u asboblari hisoblanadi. Tanburning sozlanishi esa
ijro etiladigan maqomning lad asosiga binoan o’zgartiriladi. Masalan, Buzruk,
Dugoh, Segoh va Iroq maqomlari ijro etilganda tanburning o’rta (ikinchi) tori
chetdagi torlar (birinchi va uchichisi)ga nisbatan kvarta pastga, Rost maqomida
esa kvinta pastga sozlanadi. Navo maqomi tanbur sozining sekunda nisbatini
talab qiladi.
Har bir maqom o’z asosiy tonalligini o’zgartirib turish xususiyatiga ega
bo’lib, bu jihatdan ma’lum tonal planni ham tashkil etadi. Lad-tonallik
o’zgarishlar
hamda
modulyatsiyalar
(og’ishmalar)
vokal
va
cholg’u
bo’limlaridagi qismlarning tematik rivojlanish va shakllanish xususiyatlari bilan
bog’liq. Bu borada ashula bo’limidagi namudlar ham muhim rol o’ynaydi.
Namudlar---ma’lum maqom sho’’balaridan birining muayyan kuy tuzumi va
intonatsiya(ohang)
xususiyatlarining
boshqa
sho’’balarda
namoyon
etilganligidir. Namudlarning aksariyati muayyan sho’’baning boshlang’ich kuy
tuzilmalarini ichiga oladi yoki uning ohanglari asosida vujudga kelib, boshqa
sho’’baning yuqori registrida avj sifatida qo’llaniladi. Bunda namudlar yangi
sho’’baning xususiyatlariga ayniqsa uning metr-ritm asosiga moslashadi.
Maqomat sistemasida usullar---ular jo’r bo’ladigan kuy xususiyatlaridan kelib
chiqadigan ritmik tuzilmalar---muhim tarkib hisoblanadi.
Usullar, odatda, urma asbob (doira, nog’ora va boshqa)larda ijro etiladi.
Muayyan sistemaga bo’ysungan holda ular maqomlardagi tsiklning yaxlitlikka
erishuviga ko’maklashadilar hamda rivojlanish dinamikasini oshiradilar.
Maqomat sistemasi kuyning o’zgarishini ijrosini talab etishiga qarmay, ijro
jarayonida ularga har holda ayrim o’zgarishlar kiritiladi.Jumladan, namudlar
ijrochi tomonidan qisqartirilishi yoki tushib qoldirilishi, yoxud aksincha,
yangilari qo’shilishi mumkin; xuddi shu yo’sinda yangi kuy tuzilmalari
qo’shilgan yoki mavjudlari tushib qoldirilgan, intonatsion hamda ritmik
o’zgarishlar, shuningdek, turli xil sur’atlar, har xil ijrochilik talqinlari kuzatiladi.
Shu bilan birga, maqomlar o’ziga ma’lum doira yoki voha musiqasining
xususiyatlarini ham singdirgan. Masalan, yuqorida aytilganidek Xorazmga hos
musiqali an’analar mahalliy maqom tsiklida ham o’z yorqin ifodasini topgan.
7. Xorazm maqomlari. Birinchi qarashda Xorazm maqomlari Buxoro
Shashmaqomidan farq qilmaydi. Xorazm maqomlari ham Buxoro maqomlari
kabi tsiklli ( majmuaviy) bo’lib, asosan olti maqom:Rost, Buzruk, Navo, Dugoh,
Segoh va Iroqdan tashkil topgan. Bu erda Buxoro maqomiga taqqoslaganda
ma’lum maqomlarning o’rni almashtirilganini ko’rish mumkin. Ayrim
tadqiqotchilar yaqin vaqtlargacha Xorazmda mustaqil ettinchi maqom--Panjgoh
ham mavjud deb hisoblashardi. Bu fikr tasdiqlanmadi. Faqatgina cholg’u
bo’limidan iborat Panjgoh aslida Rost maqomi ayrim qismlarining varianti ekan.
Xorazm maqomlari kuy jihatdan Buxoro maqomlariga yaqin va hatto, ular
bilan birday tuyilsada o’z original qismlariga ham ega. Tuzilishlarida ham o’zaro
farq bor. Masalan, Tarona qismi Xorazm maqomlarida ko’pincha birinchi
sho’’ba ---- Tani maqom ( Buxoro maqomining Saraxboriga mos keladigan)dan
keyingina qo’llaniladi. Boshqa sho’’balardan keyin kamdan-kam ishlatiladi.
Sho’’balarning o’zida bir muncha boshqacha tartib hamda Buxoro maqomlariga
nisbatan ularning miqdori chegaralanganini ko’rish mumkin. Bundan tashqari,
Buxoro tsiklidan joy olgan ikkinchi guruh sho’’balari Xorazm maqomlarida
umuman yo’q. Ayni vaqtda ularda Buxoro maqomlarida bo’lmagan yangi
qismlar (Naqsh, Faryod va boshqalar) mavjud. Xorazm maqomlari
O’zbekistondagi boshqa mahalliy nohiyalarda sezilarli darajada farq qiladigan
Xorazm dostonlari kabi o’zining yorqin mahalliy bo’yoqlari va rangdorligi bilan
ajralib turadi.
Nazorat savollari:
1.XVII-XIX asrlarda san’at turi maqomning paydo bo’lishi.
2. Shashmaqom.
3. XIX asr cholg’uchilik ijrochilik san’ati tarixi.
4. XIX asrlarda xon saroylaridagi musiqiy hayot.
5. O’zbekiston maqomlarining turkumlari. Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari.
6. Buxoro maqomlari.
7. Xorazm maqomlari.