MATN TARKIBIY QISMINI BOG’LOVCHI VOSITALAR
Reja:
1.Matn tarkibiy qismini bog’lovchi vositalar.
2.Kesimlilik shakllari yordamida bog’lanish.
3.Olmoshlar yordamida bog’lanish.
4.Takroriy bo’laklar yordamida bog’lanish.
Tayanch tushunchalar: mazmuniy yaqinlik, kontakt aloqa, distant aloqa,
zanjirli aloqa, parallel aloqa, intonatsiya, bog’lovchilar, bog’lovchi vazifasidagi
so’zlar, gap bo’laklari tartibi, olmoshlar, ayrim so’zlarning takrorlanishi, umumiy
ikkinchi darajali bo’laklar, kesimlarning zamon munosabati.
Matn kamida ikkita gapdan tuzilgan murakkab sintaktik butunlik. Gaplar
o‘zaro turli sintaktik aloqa vositalari yordamida birikadi. Ularga takroriy bo‘laklar,
olmoshlar, xiazmatik konstruksiyalar, zamon va makon ifodalovchi birliklar,
kesimlarning zamon shakllari, modal so‘zlar kabi turli leksik-grammatik birliklar
kiradi. Tilshunos olim A.Mamajonov matn komponentlari o‘rtasida mustahkam
sintaktik aloqa majudligini ta’kidlaydi va bu aloqaning o‘ziga xosligini «Tekst
lingvistikasi» deb nomlangan risolasida quyidagicha izohlaydi: «Bizningcha,
sintaktik aloqaning bu turi qo‘shma gap komponentlari orasidagi grammatik
aloqaga o‘xshab ketadi, faqat murakkabroq ko‘rinishda yuzaga chiqadi. Ma’lumki,
qo‘shma gap komponentlari orasida biriktirish, qiyoslash, zidlash, sabab-natija,
shart-payt, aniqlash, izohlash kabi mazmuniy munosabatlar ifodalanadi. Bu
munosabatlar qo‘shma gapning uch turi: bog‘lovchisiz, bog‘langan va ergash gapli
qo‘shma gaplarda komponentlarni o‘zaro biriktiruvchi sintaktik aloqa vositalari:
intonatsiya, bog‘lovchilar, bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlar, gap bo‘laklari tartibi,
olmoshlar, ayrim so‘zlarning takrorlanishi, umumiy ikkinchi darajali bo‘laklar,
kesimlarning zamon munosabati kabilar orqali reallashadi. Ko‘rinadiki, qo‘shma
gaplarda sintaktik aloqa predikatsiyalar orasida o‘rnatiladi. Tekstda esa sintaktik
aloqa bir butun gaplar, superfrazali sintaktik butunliklar, abzatslar, qismlar,
bo‘limlar, boblar o‘rtasida yuzaga chiqib uning mazmuniy va struktural birligini
ta’minlaydi».Demak, matn tarkibidagi gaplar faqat struktural jihatdan emas, balki
mazmunan ham bir-birini taqazo qilishi kerak ekan. Matn butunligida mazmuniy
yaqinlik qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, mazmun izchilligi ham shunchalik muhim.
Masalan: 1.Hovli yog‘ tushsa yalagudek top-toza bo‘ldi. 2.Ahmad bugun ham
darsga kelmadimi? 3.Har qanday chuqurlikdan ham yuksaklikka ko‘tarilish
mumkin. 4.O‘qituvchining vazifasi o‘quvchilarga orzu ulashishdan, orzu qilishni
o‘rgatishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Yuqorida to‘rtta gap ketma-ket keltirildi. Lekin ularda mazmuniy yaqinlik
yo‘q. Quyidagi gaplar yig‘inida esa mazmuniy yaqinlik ko‘zga tashlanadi, lekin
mazmun izchilligi yo‘q: 1. Qalamkashning So‘zi bir yo‘la o‘n ming, yuz ming
kitobxonga etib boradi. 2. Demak, uning So‘z mas’uliyati ham boshqalarnikidan
ming hissa ortiqroqdir. 3.Maktab o‘qituvchisining So‘zi o‘ttiz bolaga etib boradi.
4.Notiqning So‘zi ming tinglovchiga etib boradi. 5.Dorilfunun domlasining So‘zi
yuz talabaga etib boradi.
Yuqoridagi gaplardan matnning so‘z va uning mas’uliyati haqida ekanligini
payqash qiyin emas. Bu gaplar yig‘inida mazmun yaqinligi bor, lekin izchil emas.
Gaplarning ketma-ketligi buzilganligi tufayli mazmun izchilligiga ham putur etgan.
Endi mazkur gaplarni qayta terib chiqamiz:
Maktab o‘qituvchisining So‘zi o‘ttiz bolaga etib boradi.
Dorilfunun domlasining So‘zi yuz talabaga etib boradi.
Notiqning So‘zi ming tinglovchiga etib boradi.
Qalamkashning So‘zi bir yo‘la o‘n ming, yuz ming kitobxonga etib boradi.
Demak, uning So‘z mas’uliyati ham boshqalarnikidan ming hissa ortiqroqdir.(O‘.
Hoshimov)
Muallif aytmoqchi bo‘lgan fikr, aslida, oxirgi gapda keltirilgan. Agar
yozuvchi faqatgina oxirgi gapni keltirib qo‘ya qolganida o‘sha fikrning
ta’sirchanligi bo‘lmasligi mumkin edi. Adib maqsadini qiyoslash usulidan
foydalanib to‘la va aniq etkazishga erishgan: o‘qituvchi va bunga parallel ravishda
o‘ttiz bola, domla - yuz talaba, notiq - ming tinglovchi, qalamkash - o‘n ming,
yuz ming kitobxon. Bu matndagi qiyos pog‘onama-pog‘ona «kengayib boruvchi»
leksik-semantik birliklar fonida yanada aniq ifodasini topgan:
1. Muassasalar: maktab→dorilfunun→ijtimoiy-ijodiy maktab, ya’ni
hayot;
2. Kasb egalari: o‘qituvchi→domla→notiq→qalamkash;
3.Miqdor: o‘ttiz→yuz→ming→o‘n ming, yuz ming. Ohang ham shunga
muvofiq ko‘tarilib boradi.
Matn komponentlari o‘zaro kontakt va distant aloqaga kirishadi. Oradan
uch-to‘rt kun vaqt o‘tdi. Bolaga telefonimni bergan edim. Qo‘ng‘iroq qilmadi. Bir
kuni yana uyushmaga kelsam, xuddi o‘sha kitob do‘koni oldida turibdi
(Sh.Xolmirzayev).1 Bu matnda birinchi va ikkinchi, ikkinchi va uchinchi, uchinchi
va to‘rtinchi gaplar orasidagi aloqani «kontakt aloqa», birinchi va uchinchi,
birinchi va to‘rtinchi gaplar orasidagi aloqani «distant aloqa» deymiz.
d=(a+b)+(b+c)+(c+d)
k=(a+c)+(a+d)
Bunday aloqani quyidagi leksik-grammatik vositalar yuzaga chiqaradi:
1. Kesimlik shakllari yordamida birikish. Fe’l-kesimlarning bir xil
zamonda shakllanganligi matn butunligini ta’minlaydigan vositalardan hisoblanadi.
Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o‘z asarlarida 21 ming 197 ta betakror
so‘z ishlatgan. SHekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher
1 Шукур Xолмирзаев. Сайланма. Ҳикоялар. 2-жилд. -Тошкент: Шарқ, 2005.
Navoiy esa 1 million 378 ming 660 ta so‘z, shu jumladan 26 mingta betakror so‘z
ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy,
mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan (O‘.
Hoshimov).
2. Olmoshlar yordamida birikish. Bunda matnning birinchi komponenti
tarkibidagi ot, sifat, son turkumidagi so‘zning keyingi komponentlarda olmosh
so‘zlar bilan almashtirilishi tushuniladi.
Muhammad Rahimxonning Tozabog‘dagi sayrgoh bog‘i. Uning bir
chekkasidan ikkinchi chekkasigacha aylanib chiqish amri mahol, kishi charchab
qoladi. Katta hovlining orqasida qirg‘oqlariga marmar o‘rnatilgan xon hovuz.
Undagi zog‘ora baliq, cho‘rtan baliq, laqqa baliqlar goh suv yuziga chiqib
tashlangan nonlarni er, goh biltanglab o‘ynab sho‘ng‘ib ketardi. Hovuzning to‘rt
tomonida yo‘g‘on – yo‘g‘on qayrag‘ochlar, tanalari qulochga sig‘maydi.
Xorazmda hovuz desa, darhol ko‘z oldingga katta – katta gujumlar – qayrag‘ochlar
keladi. Bu daraxtlar go‘yo azamat dubni eslatadi. Hovuz labiga husn berib
turganlar ham o‘shalar. Ularning kichkina – kichkina barglari orasidan quyosh
nurlari mo‘ralaydi. Ammo ular quyosh haroratini o‘zida singdirib, pastga tanga –
tangaday oq shu’lalarini tushirardi. Ular kishiga orom beradi. (J.Sharipov).
Ushbu matn tarkibidagi komponentlar zanjirli aloqa usulida munosabatga
kirishgan. Dastlabki komponentda bog‘ va uning kimga qarashli ekanligi haqidagi
axborot keltiriladi. Keyin o‘sha bog‘ning kattaligi va hovuz haqidagi informatsiya.
Hovuz ichi va atrofi tasviri. Daraxtlar va ular bilan bog‘liq tafsilotlar. Mazkur
tasvirdan butun-bo‘lak munosabati anglashiladi. Zanjirli aloqani quyidagi so‘z va
shakllar ta’minlaydi: bog‘ → uning, hovuz → undagi, gujumlar-qayrag‘ochlar →
bu, o‘shalar, ularning, ular, ular. Ko‘rinadiki, olmoshlar o‘zidan oldin kelgan
gaplardagi ot turkumiga mansub so‘zlarning o‘rniga qo‘llangan va matn
komponentlari o‘rtasidagi aloqadorlikni mustahkamlashtirgan. Hamda ayni so‘z
takrori bilan yuzaga chiqadigan uslubiy g‘alizlik oldi olingan.
3. Takrorlar yordamida birikish. Birinchi gapda qo‘llangan ayrim
affikslar, so‘z, so‘z birikmasi yoki gaplarning keyingi komponentlar tarkibida
takroran qo‘llanishi orqali matn shakllantirilishi mumkin. Takror usulidan
aytilayotgan fikrni alohida ta’kidlash, tasdiqlash, kengroq, batafsilroq ifodalash
maqsadida foydalaniladi. Nutqning ta’sirchanligi ortadi. «Leksik takrorlar,
olmoshlar va sinonimlar yordamida hosil qilinadigan aloqa zanjirli aloqa, bir xil
grammatik formalar bilan boshlanuvchi yoki tugallanuvchi komponentlar
yig‘indisidan tashkil topadigan aloqa parallel aloqa deyiladi».
-Janoblar, siz bu erga turli mamlakatlardan kelgansiz. Siz turli millat, turli
xalqlarning vakillarisiz. Bu erda hech mamlakat, hech bir xalqning vakili
bo‘lmagan yolg‘iz men. Men hamma xalqlarning, hamma mamlakatlarning
vakiliman. Men she’riyatman. Men butun olamga teng nur sochuvchi oftobman.
Men hamma o‘lkalarga teng yog‘uvchi yomg‘irman. Men dunyoning hamma erida
teng gullaguvchi daraxtman (R.Hamzatov).
Turmush tashvishlari,
Turmush tashvishlari,
Biz sendan balandroq tura olsaydik,
Biz sendek balandroq yura olsaydik,
Balki o‘ng‘ayardi dunyo ishlari,
Turmush tashvishlari,
Turmush tashvishlari. (A.Oripov)
Takrorning bir necha ko‘rinishlari bor, ular ham matn tashakkulida uslubiy
vazifa bajaradi: Alliteratsiya, assonans, anafora, epifora kabilar. Alliteratsiya deb
undosh tovushlarning uslubiy maqsadlarda takrorlanishiga aytiladi. Assonans esa
unli tovushlarning takrorlanishidir. Anafora deganda so‘z yoki so‘z
birikmalarining she’riy misralar boshida takrorlanishi tushuniladi. Epiforada esa
misralar oxiridagi so‘z yoki qo‘shimchalarning takrorlanishi nazarda tutiladi.
Bularning bari matnning kompozitsion butunligi uchun xizmat qiladi.
Takrorlar qo‘llanish o‘rniga ko‘ra gorizontal va vertikal takrorlarga
bo‘linadi. Bunday takrorlar ayniqsa, she’riy matnlarda o‘ziga xos ohangdorlikni
yuzaga keltiradi. Takrorlanuvchi birlikning qaysi turkumga mansubligiga ko‘ra ot
takrori, sifat takrori, olmosh takrori, fe’l takrori kabilarga bo‘linadi. Sintaktik
tabiatiga ko‘ra so‘z birikmasi takrori va jumla takrori ham farqlanadi. Mazkur
birliklarning joylashish tartibiga ko‘ra ham tasnif qilish mumkin: simmetrik
takror va asimmetrik takror. Shuningdek, o‘rtadagi masofasiga ko‘ra ham
guruhlashtirish mumkin: yaqin o‘rinli takror, uzoq o‘rinli takror. Badiiy
asarlarda ma’lum bir fikrning turli shakllarda takrorlanishiga qarab mazmuniy
takror turini ham kuzatishimiz mumkin.
1-topshiriq.Ushbu matndagi ayol va erkak nutqlarini farqlang.
Menga yoqar, bemormassiz men bois,
Menga yoqar, bemormasman siz bois.
Menga yoqar, ogʻir zaminning shari
Poyimizda oqib yotmas sarsari…
Yaxshiki, men sabab gʻamnok emassiz,
Yaxshiki, siz sabab emasman gʻamnok.
Xayriyat, hech qachon shu Yer kurrasi
Baxtdan gir aylanib uchmadi bebok…
Erkaklar nutqi xarakterlidir:
O'ziga xoslik, aniqlik.
Ish, siyosat, sport, ovchilik, innovatsiyalar mavzulari.
Rasmiylarga havola. Stiv Jobs aytganidek....
Ironiya. "Agar men sizning o'rningizda bo'lsam, g'alaba qozonmagan
bo'lardim ...".
Professional lug'at (biznes, texnologiya)
Tasdiqlovchi kirish so'zlarining ko'pligi "aniq", "shubhasiz", "albatta".
Nutqda fe'llarning ustunligi, ularning harakatdagi faolligini tavsiflaydi.
Foydalanish odobsiz so'zlar(har doim emas va hamma uchun emas, balki
hoz
Ayolning nutqlari xarakterlidir:
Hissiylik, ziddiyatsizlik.
Oila, inson munosabatlari, kundalik turmush, moda, tarbiya, adabiyot va
san'at sub'ektlari.
Tafsilotlar, tafsilotlar.
ga havola shaxsiy tajriba filmlar, seriallar, kitoblar. "Va 3-mavsumda Kerri
Bredshou..."
Nutq, ohang va iboralarga taqlid qilish mashhur ayollar. Masalan, Koko
Chanelning mashhur iborasi "Men haqimda nima deb o'ylayotganingiz menga qiziq
emas. Men sen haqingda umuman o'ylamayman".
Ko'p kirish so'zlari: "Mening fikrimcha", "Menga shunday tuyuladi",
"Balki".
"Obro'li" yoki "yuqori" so'zlarni eslatish: "rol", "estetik", "elita", "siluet".
Ko'pincha "juda yaxshi", "ijobiy", "ajoyib" qo'shimchalari shaklida
baholovchi gaplar.
Tilda ko'p sonli ta'riflar va qo'shimchalarning mavjudligi. ("ajoyib",
"bashoratsiz", "chidab bo'lmas" va boshqalar).
Umumlashtirish va mubolag'a ("Siz hamma bilan bir xilsiz!", "Hamma
erkaklar bir xil" va boshqalar)
2-topshiriq. Ushbu matnning tarkibiy qismini qaysi vositalar yordamida
bog‘langan?
Ijtimoiy tarmoqdagi sheʼriyat adabiyotimizning buguni va ertasiga katta umidlar
bogʻlash uchun asos beradi. Nodira Afoqova, Gulnoz Moʻminova, Shahodatbonu
Imomnazarova, Talant Bek, Shavkat Joʻrabek, Adhamjon Maqsudov, Muslimbek
Musallam, Bobur Elmurodov, Nafisa Omon, Elbek Erkin, Alibek Anvariy,
Dilmurod Doʻstbekov, Mahfuza Imomova, Baxtiniso Mahmudova… Bu roʻyxatni
uzoq davom ettirish mumkin. Ular gʻoyaviy majburiyatlar ostida ezilmagan,
shakliy qoliplarga solinmagan, erkin, sof, ohorli va samimiy sheʼrlar yozishyaptiki,
oʻqiganlarning koʻzi chaqnaydi, yodida, koʻnglida qoladi. Baʼzida ular orasida bir
satr, bir tashbeh talash boʻlib qoladi, lekin bu odat emas, istisno.
3-topshiriq. Ushbu misradagi ichi bo‘sh so‘zlar qaysi gap bo‘lagi
vazifasida kelgan?
Hamma tajribalar mot boʻlayotir,
Yuragim boshimdan kattaroqmi-ya?
Yaqinlar birma-bir yot boʻlayotir,
Yigʻlasam, kulsam ham siz kerak, Aya!
Nazorat uchun savol va topshiriqlar
1.Matn komponentlari o‘rtasidagi sintaktik aloqa haqida ma’lumot bering.
2.Mazmuniy yaqinlik va mazmun izchilligi tushunchalarini izohlang.
3.Kontakt va distant aloqa deganda nimani tushunasiz?
4.Matn qismlari qanday vositalar yordamida bog‘lanadi?
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Yo‘ldoshev.M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari.-T.:
2007.
2.Yo‘ldoshev.M. Badiiy matnning lisoniy tahlili. -T.: “Fan”,2010.
3. Qurbonova.M. Matn tilshunosligi. T.: 2012.
4. Internet materiallari.